Jump to content

Yorqin oy/Uchinchi parda

From Wikisource
334894Yorqin oy1920Abdulhamid Choʻlpon

UCHINCHI PARDA

Bu parda o’n majlisdan iboratdir

ARALASHADIRLAR

(kirish tartibi bilan)

Yorqin-burungiday

Nishobsoy begi-xunuk, qo’pol, to’ng, mag’rur.

Kal-Nishobsoy bog’ining odami. Burungiday hirsli bir odam-50 larda.

Ikkinchi parda bilan uchinchi parda orasida bir hafta.

Nishobsoy begining boqchasi. To’rida qalin, guldor, baland eski devor yiroqdan ko’rinadir. Daraxtlarning orasida kichkinagina bir supacha. Ustida gilam, ko’rpa-to’shak, po’stak va boshqalar.

Kunduz. Supachani quyoshning tig’laridan qari, qalin daraxtlarning shoxlari va barglari saqlaydirlar. Ko’lanka, vaqt kechga yaqin.

Hech kim yo’q. Jimlik. Bir ozdan so’ng Yorqin kelib chiqadir.

BIRINCHI MAJLIS

Yorqin yolg’iz

Yorqin (xafa, parishon, ezilgan bir holda chiqib keladir-da, uyoq-buyoqni yaxshilab qarab olgandan so’ng darmonsizgina supachaga o’ltirib, og’ir gapiradir). Po’lat deganda har narsadan kechaturgan bo’lib qolibman. Po’lat uchun har bir halokatga yugurib boraturgan holga kelibman. Bir Kal, bir iflos Kal keldi-da, to’rt og’iz so’z bilan avrab, olib chiqib ketdi. «Po’latning yoniga olib boraman» deb aldab, mana bu qonxo’rning qo’liga keltirib berdi. Men o’zim emas, hatto otam ham muning sovchilarini qaytarib yuborgan edi. Xonzodaga, shunday chiroylik yosh yigitga tekkali unamasdan bukun mana… kimning qo’liga kelib tushdim? «Po’latning yoniga boraman» degan xomxayol bilan xolamga nimalar dedim-a? «Nishobsoy begiga tegaman, borib ayting: joyni qalin solsin, ertaga kechasi o’zim boraman!» dedim-bu gaplarim xolam bechoraning yuraklarini qopqora qon qilgandir. «Joyni qalin solsin» deb xolamga achchig’ qilgan edim, «Xonzodangizdan o’sha Nishobsoy begi ming martaba yaxshiroq» degan edim… Endi, uning panjasiga kelib tushganimdan keyin mundan ko’ra Xonzoda yaxshi edi deb qoldim… (Jim.) Yo’q, Yo’q! Xonzoda ham qursin, bek ham! Po’lat, Po’lat… Yalangoyoq, o’g’riboshi Po’lat kerak! (Jim.) Po’lat deyman, Po’lat uchun yonaman. Ammo, kimning panjasida turganimni o’ylasam qo’rqib ketaman! Rangini ko’rgunday bo’lsam yuzimda qon asari qolmaydir, yuzim oppoq paxtaday bo’ladir. U jallod bo’lsa sira parvo qilmasdan, menga, xuddi o’z xotiniday muomala qiladir. Tortinmaydir, to’ppa-to’g’ri ustimga bosib kelaberadir, «Oyimposhsha» deydir, kuladir… Kulmay o’lsun, kulganda ham alvastilarday yovvoyi kuladir… (Jim.) Kelganimga mana bukun uch kun bo’ladir; shu uch kunning orasida har yo’l bilan meni unatishga harakat qilib ko’rdi; ko’z yoshi bilan, jinnilik bilan, unamay keldim. Endi bu berahim, albatta, kuchlash yo’liga kiradir. Kuchlasa, har nima qilsa qo’lidan keladir. Men, u bilan olisholmayman, yengilaman… Yolg’iz men, kuchsiz men… (Xayolat bilan.) Agar… agar bitta qilich bilan qalqon bo’lsa, men bu yerdan qutilar edim! Yigirma, o’ttiz, yuz kishi kelsa ham so’z bermas edim! Yo’q… yo’q… bir pichoq, bir temirtak ham yo’q… (Jim.) SHu kecha muqarrar qilib qo’ygan o’ylarim yaxshi, o’shanga qarab ish qilmoq lozim. Kalning o’zginasini yo’lga sololsam ham marra meniki. (O’ylanib ketadir.) Yiroqdan odam tovushlari; birdan uyg’onganday bo’lib. (Kelarlar! Turib qarab.) Kimlar u? Ha… biri bekning o’zi, biri… ha… Kal o’lgur ekan. Bek hozir meni chaqirib, yana gapga solsa kerak. Agar ish o’ngidan kelib qolsa, bir boshini yer edim-a, bu qonxo’rning! (Jim.) Eng avval kalning boshini aylantirish kerak bo’ladir. (CHiqib yo’qolar. Tashqaridan tovush: «Xizmatni katta qilding, katta xizmat qilding, Kal! Bergan non-tuzimni halol qilding!» SHu so’zlarni aytib Nishobsoy begi kiradir, yonida Kal. Tevarak-atrofga qaramasdan to’g’ri kelib supachaga o’ltiradirlar).

IKKINCHI MAJLIS

Bek, Kal

Bek. Kal, katta ish qilding, juda katta ish qilding. Xonzodalarga loyiq bo’lgan bir qizni keltirib berding.

Kal. Qush uyasidan uchdi, sizning qafasingizga kelib tushdi; yozga aylandi qishingiz, lekin… qafasdagi qushni salomat saqlashlik endi sizning ishingiz! Begim!

Bek (kulib). Ha, albatta.

Kal. Nishobsoy begi degan kishi juda katta. Aqlda, ishda, farosatda xonimizning qoshida sizning obro’yingiz juda baland, lekin, O’lmas botirniki-gapning rosti-siznikidan ham nechand… ha, agar bir kishi chiqib, sizning obro’yingizga iliqib… bir og’iz bir narsa, deb qo’ysa bormi?.. Siz va bizga keng dunyo ham tormi… ehtiyot bo’lish kerak, o’zingiz ham juda ziyraksiz, begim!

Bek. Bu sirni sen-mendan boshqa yana kim biladir?

Kal. Sizdan-mendan boshqa, olaqashqalar yana bor, hammasi sizga qadrdon, bizga yor… biri-haligi terak dovon, ya’ni… novcha polvon, yana biri kampir bola, ya’ni… ichkaridagi oqsoch xola…

Bek. Yaxshi. Ularning ishini o’zim tugataman!

Kal. Aylanay begim, xayr xachir kiyigim, qanaqasiga tugatasiz? Bizga ham jindak bayon etasiz.

Bek. Qanaqasiga bo’lar edi? (Ishorat bilan bosh kesdirishni ko’rsatib.) Mana munaqasiga!..

Kal (orqasiga tisarilib ketib). Bek!

Bek. Og’zingni ochma! Bas! (So’zni burib). Qani, gapirib ber endi. Qanday olib kelding? Kechagi gaping chala qolib edi.

Kal (duduqlanib). Ke… Ke… kecha nima deb edim. (Jim.) Ha, boqchada ko’rishganlarimni aytib bergan edimmi?

Bek. Yuraging qursin… Kal, muncha qo’rqasan? Ranging o’chib ketdi-ya, uyat emasmi kap-katta odam? Xayr, gapingni boshla! Kecha uzuk bergan joyga kelib eding.

Kal (o’zini to’xtatib olib). Ha, Po’latning uzugini berdim. Darrov ishona qoldi. Ertasi kuni kechasi orqa tomondagi darichadan chiqdi, ot tayyorlab turib edim, minib kelaberdi. Birmuncha yo’l yurib tong yorisha boshlagach, «Kal o’lg’ur, aldading shekilli!» dedi. Men yana aldab-suldab olib keldim-da, yarim yo’lga kelgandan keyin bir qishloqda-birovnikiga kirib qittak suv ichib chiqdim. O’sha joydan bir bahona topdim: «Po’lat nariga jilibdir, kelsalar orqamdan borsinlar deb tayinlabdir» dedim. SHu bilan aldab-suldab buyoqqa olib keldim… mana shu xolos!

Bek. Uzukni ko’rgan hamon ishonib kelaberdi degin!

Kal. Ko’rdiyu ishona qoldi.

Bek. Uzukning xizmati katta bo’libdir-da?

Kal. Qo’lga tushirish ham oson bo’lgan emas, begim.

Bek. Unisini bilaman. (Jim.) Po’lat o’g’rining ishqi ham deyman, qizning toza jigar-bag’ridan urgan ekan-da, a?

Kal. SHuni aytaman, begim.

Bek. O’lmas botirday odamning qizi shunday yengil, beandisha bo’ladir deb kim o’ylay oladir?

Kal. E… begim, qiz beandisha emas; qizda gap ko’p. U ishlarning hammasi o’sha ishq o’lgurning kuchliligidan… O’zingiz aytganday, jigaridan urgan bo’lsa nima deysiz? (Bir oz o’ylab.) Begim, bu buyum juda bebaho. Nodir buyum… SHunday bo’lgandan keyin muni saqlash ham juda qiyin bo’ladir. O’lmas botir mardlar maydonida xonni deb o’g’rilar bilan solishib yotibdir. Agar qulog’iga chalinguday bo’lsami? Xudo saqlasun!

Bek (birdan sevinib ketib kibr bilan). E… Kal, sening hech narsadan xabaring yo’q. U buyumni saqlash uchun men shunday tadbirlar qilganmankim, bir o’zim bilaman-u, bir xudo biladir. Aytgancha Toshloqboy keldimi?

Kal (o’ylab). Kelib edi, shekilli.

Bek (achchig’lanib). «SHekilli»ni qo’shmay gapir. Kelganmi, yo’qmi?

Kal. Qaerga ketib edi o’zi?

Bekt Asta’furulloh! Sening u bilan ishing bo’lmasun: kelganmi, yo’qmi?

Kal (o’ylab). Ha, kelgan ekan, kelgan!

Bek. Aniq bilasanmi?

Kal. Aniq bilaman, endi esimga tushdi. Bukun tongga yaqin qorovul darvozani ochayotib «Toshloq, senmisan?» deb so’ragan edi.

Bek (xursand). Ha, bo’libdir, bo’lmasa, endi O’lmas botir qizi to’g’risida xotirjam bo’lsak bo’ladir. (Kal hayron.)

Kal. Endi boyagi (Qo’li bilan ko’rsatib), mana «munaqasi» bo’lmaydimi?

Bek (yovvoyi kulib). U o’z yo’lida bo’la beradir. Haligi ish «O’lmas botir sirdan ogoh bo’lmasun» deb qilingan tadbir; bu «munaqasi» sirdonlar sirni fosh qilib qo’ymasun deb qiling’usi tadbir… Hammasi o’z yo’lida, sen bu ishga aralashma! Sen katta xizmat qilding, halol xizmat qilding, barakalla senga!

Kal. Xizmatni-ku halol qildim-a… Lekin, haromi endi chiqaturganga o’xshab qoldi-da! (O’zicha.) Bormay o’layin, shu ishni qilmay o’layin!

Bek. Yana nimalar deb g’udranasan, Kal?

Kal. Ikki kishining qoni behuda to’kiladir-da…

Bek (jerkib). Jim! Jim! Bo’lmasa sening bilan mening qonim to’kilsinmi? Ha, ehtiyot bo’l Kal, bu sirni sen ham bilasan, sening ham qoning to’kilib qolmasin!

Kal (zo’rg’a, yasama botirlik bilan). Mayli… mening qonim to’kilsa sadqai sariga… Boshqalarniki to’kilmasa yaxshi bo’lur edi.

Bek. Menga aql o’rgatma, Kal! Men o’z ishimni bilib qilaman. Kal, sen menga qiz to’g’risida gapir! Muni nima qilaman endi? Gapga sira unamaydir-ku? Ming xil yo’l bilan aylantirib ko’rdim, yig’laydir, ko’piradir, toshadir xolos! Nima qilay, endi kuch bilan yanchayinmi? Uch kungacha xo’p yalindim, yolvordim, qo’rqitib ham ko’rdim, aldab ham ko’rdim, bo’lmadi. Endi sabrim tugadi, nikohga rozi bo’lmasa, benikoh ham qo’l uzataman!..

Kal. Begim, men sizning bir itingizman; eng kamtarin, eng pastarin bir itingizman… «Ma!» desangiz kelaman, «ket!» desangiz ketaman. Lekin, har nima bo’lsa ham yoshim sizdan ulug’roq, dunyoni sizdan ko’ra ko’proq ko’rganman… Mening nasihatimni ham tinglang: qizga zo’rlik qilmay turaturing, yaxshi gap bilan ham unutamiz. Siz hozir chaqirib olib yumshoqlik bilan bir aytib ko’ring, ko’nmasa men ham gapiraman. Ha, shunday qiling, begim! Kichkina odamning qizi emas, O’lmas botir, axir, ma’lum. SHirinlik bilan, rozi-rizolik bilan bo’lsa, keyincha O’lmas botir ham inday olmay qoladir. Qiz o’zi o’z roziligi bilan sizning qo’yningizga kirgandan keyin bir ota emas, ming ota ham jim qola beradir. O’lmas botirday odam ham o’shanday vaqtda damini chiqara olmay qoladir. Men bukun emas, ertani o’ylayman, begim!

Bek (o’ychan). Rost aytasan, kal! Gaplaring ma’qul, mayli yana bir oz bardosh qilaylik. Lekin qiz sira unamasmi ekan deyman?

Kal. Sizga unamay kimga unasin? Darrov uch kunning ichida unab qo’ysa yaxshi bo’ladirmi? Bir hafta, yarim hafta… bir oy, yarim oy…

Bek. Po’lat o’g’riga nima uchun bir kechadayoq unab qo’ydi?

Kal (kulib). E… begim, boya o’zingiz aytganday «jigar-bag’ridan ursa» nima qilsin?

Bek. Oh! Jigar-bag’ri qursin! Bor, bor, tez topib kel! Yana bir nasihat qilib ko’ray!

Kal. Ha, barakalla, shunday bo’lsun begim. Men hozir topib kelaman! (CHiqadir.)

UCHINCHI MAJLIS

Bek yolg’iz

Bek (jim, o’ylanadir). Sir bilganlardan ikkitasining boshi ketar emish-da, bittasiniki qolar emish. Kal o’zi, yaxshi kishi. Yaxshi, halol xizmatkor. Bergan non-tuzni hech harom qilmaydir. Yo’q, Kal o’z qilgan ishini o’zi buzmas! (Jim.) Qani, qiz endi nima der ekan? Bu safar ham o’zim yaxshilab aytib ko’raman. Yumshasa, yumshadi, yumshamasa Kalning o’zini ishga solaman. U bilan ham bo’lmasa… Innaykin ayab o’tirmayman. «Qizning nozi qachongacha?» derlar… Keyin noz qilolmay qolalar. (Jim.) Otasi katta odam, obro’lik odam, undan hayiqish kerak edi. Lekin, men xiylani shunday joyiga qo’ydimki, O’lmas botir qizini ikki qo’llab emas, to’rt qo’llab menga tutadir! Qiz ham mening to’g’rimda otasiga yaxshi gapdan boshqa hech narsa ayta olmaydir, aytsa ham otasi ishonmaydir. Bu tarafdan ham xiylani o’rnatqanman. (Bir oz jim.) Ming yoqdan aylantirib kelganda ham qiz meniki! (Eslab.) Toshloqboy berib kelibdir. Ertaga endi ikkinchi xatni yozib yuborsam ham bo’ladir. To bu xat borguncha Po’lat o’g’rining ishi ham tugab qolar. Innaykin, xudo xohlasa, to’y… (Tashqaridan Kalning tovushi: «Oyimposhsha, siz mening xudo bergan qizimsiz, ko’ksimda kulgan yulduzimsiz, qo’limga qo’ngan qunduzimsiz, yayrab yurgan qo’zimsiz, uchib o’ynagan qo’ng’izimsiz, qarab turgan ko’zimsiz, qizarib turgan yuzimsiz, to’kilib turgan so’zimsiz, mana bu bek o’g’liga sovg’a qilib olib kelgan yuzimsiz…» shu so’zlar bilan Yorqinni oldiga solib Kal kiradir.)

TO’RTINCHI MAJLIS

Bek, Kal, Yorqin

Bek (Kalning gaplari nash’a qilib o’ltiribdir; Yorqinga joy ko’rsatib).

Yorqin (o’ychan ko’rinadir). O’ltira bersinlar, begim, men mana shunday turaman. (Bir chekada yerga qarab adabli turadir.)

Bek. O’ltursangiz bo’lar edi, Xonposhsha. Men siz bilan bukun xushchaqchaq qilib so’zlashmoqchi edim.

Yorqin (bir oz dadil). Begim, xushchaqchaq qilib janoblari so’zlashadirlarmi. (Kalni ko’rsatib.) Yo bu kishimi?

Kal (qizga xo’mrayib qarab, o’zicha). Ha, qiz o’lgur, ishni buzding. Meni shu suhbatdan mahrum qilding! (Pitillab qoladir.)

Bek (zavqlanib). Ha-ha-ha-ha-ha-ha!… Xo’p, xo’p Oyimposhsha, xo’p. (Kalga ishora qiladir, Kal xohlamasdan-g’udranib chiqib ketar.)

BESHINCHI MAJLIS

Bek, Yorqin

Bek (xursand). Ana Oyimposhsha, Kalni ham haydadim, aytganingiz bo’ldi.

Yorqin (dadil). Kalingiz shunday narsaki, uni chaqirish ham qiyin. Haydash ham… (O’zi borib qarab kelar.) Durust ketayotibdir, sizning buyrug’ingizga yaxshi itoat qilar ekan.

Bek. Mening buyrug’imga bo’yin egmayturgan hech kim yo’q, hamma bo’yin egadir. Faqat, bir siznigina gapimizga unata olmadik.

Yorqin. Nima amrlari bor edi?

Bek (yana joy ko’rsatib). O’ltursangiz-chi, Xonposhsha!

Yorqin. Qulliq begim, o’ltirabersinlar, O’lmas botir bizga ozroqqina adab ham o’rgatib edi. (Bir oz jim.) Menga yana bir martaba aytib bersalar: bizga nima amrlari bor edi?

Bek. Men sizni halol yo’ldosh qilaman, degan edim.

Yorqin (birdan rangi o’chib, dadillashib). Begim, orada bir mone’ bor.

Bek. Oyimposhsha, qanday mon’edir u? Har qanday mone’ bo’lsa ham men uni oradan olib tashlayman.

Yorqin. Mone’ deganim bir andishadir. (Jim.) Begim, menda katta bir andisha, birovlarning andishasi bor.

Bek. Kim ekan u «birovlar» deganingiz? (Kulib.) Tog’ kiyigi emasmikan?

Yorqin. Bog’da bo’lgan bir odam, albatta, tog’ni o’ylaydir demakchilarmi?

Bek (o’zicha). Gapni qarang, gapni… (Yorqinga.) Sizdagi andisha tog’ kiyigining andishasi bo’lsa kerak, albatta?

Yorqin. Ovchining ro’baro’sida turgan kiyik o’zidan boshqani o’ylay oladirmi, begim?

Bek. Sizday kiyikni har qanday ovchidan saqlab qololsam, nima deysiz?

Yorqin (nozik). Agar beg’araz bo’lsa, qulluq deyman.

Bek (o’zicha). Dod! «Agar beg’araz bo’lsa» emish… (Yorqinga.) Xonzodalarga «qulluq» qilib egilmagan bo’y, bizday bir bechoraga egilsa… SHuni astoydil deya olamizmi?

Yorqin. Ixtiyor o’zlarida… Kiyikni ovchining o’qidan saqlaguchi agar xonzoda bo’laturgan esa, kiyik ko’ksini ovchining o’qiga «jon» deb tutib beradir…

Bek (zavqlangan, o’zicha). Aylanay o’sha kiyikdan. (Yorqinga) Unday bo’lsa, agar siz ularning andishasini qilaturgan bo’lsangiz, ularni hozir chiqarib haydayman!

Yorqin. Yo’q begim, ularga qilcha ham ozor bermasinlar. Men sizning haramingizga kirsam, ularga kundosh bo’lib emas, cho’ri bo’lib kiraman… U to’g’rida sira… sira o’ylamasinlar. Agar men ularning yonlarida bo’lsam, o’zlari ham meni o’z bolalariday ko’rarlar edi.

Bek (og’ir nafas olib). Oyimposhsha, siz meni juda zo’r bir xursandlikka yetkizay-etkizay deysiz-u… shu andisha oraga kirib qolayotibdir-da! Men sizning boyagi gaplaringizni eshitgandan keyin, gapning rostini aytsam, Oyimposhsha, mast bo’lib qoldim. Keling, o’sha andishani o’rtadan olib tashlaylik, ayting: u qanday andisha? Kimning andishasi?

Yorqin (yaqinlashib, yashirin tovush bilan). Sirning andishasi, begim!

Bek (bir qadar hayajonli). Sirning? Qanday sir?

Yorqin. Mening bu yerda ekanimni birov bilmasligi kerak emasmi? SHu o’zi katta bir sir emasmi? Ana o’sha sirning saqlash andishasi meni qiynab turadir.

Bek. Andisha qilmang, poshsham, sir aslo ochilmaydir!

Yorqin (cho’chib). Qanday ochilmaydi, deydilar? Uni bilar kishilar bor-ku, begim?

Bek (cho’chib). Bilgan kishilar? Kimlar ekan ular?

Yorqin. Xola, haligi novcha polvonlari. So’ngra Kal…

Bek (kulib). E… o’shalarni aytasizmi? Ularning ishi juda oson: og’izlariga bir siqim tuproq tashlab qo’ysak bo’ladir. Sira andisha qilmang, Xonposhsha, bir siqim tuproq bilan ish bitadir.

Yorqin. Begim, menga mazmun bilan gapirib yotibdilar. «Xotin kishi o’limdan qo’rqar» deb shunday gapiradilarmi? Men o’limdan sira qo’rqmayman, mening otam qassobdan battar edi. Xayr, xola bilan Polvonning boshlarini kesdirar ekanlar, Kal-chi?

Bek. Kal ham o’shlarning bittasi-da!

Yorqin. Yo’q, begim, Kalni o’shalarning bittasi deb bo’lmaydir. Kal juda qimmatbaho, topilmayturgan bosh. SHu uchun o’shaning andishasini qilaman.

Bek. Katta qimmatbaho bo’lsa ham, sizcha emas.

Yorqin. Meni sizga keltirib bergan o’sha!!!

Bek. Keltirib bergandan keyin ikki o’rtada «chaqir tikanak» bo’lib turgan ham o’sha… SHunday bo’lgandan keyin uni ham yig’ishtirib qo’ya qolamiz! Xayr, ayting Poshshaxon, Kaldan xavf bormi?

Yorqin. Katta xavf Kaldan!

Bek. Qanday?

Yorqin. Qanday-shundayi yo’q. Kal qiziq odam, qiziqchilik bilan og’zidan har gap chiqaberadir. Bu ish juda nozik, sal sharpasi chiqdimi, tamom!

Bek (qat’iy). Bo’lmasa, uni ham tugatamiz! (Jim.) Rost aytasiz. Oyimposhsha, Kaldan har damda bir xavf bor. Uni bu kundan qoldirmay tugatmoq kerak.

Yorqin. Sabr qilsinlar, begim. Kalning o’lmasdan burun qilaturgan ozgina xizmati bor: u xizmatni boshqa kishi bajara olmaydir. Uni menga uch-to’rt kunga bersalar, mening ishim tugagandan keyin, albatta, bir yog’lik qilish kerak. Qancha qimmatbaho odam bo’lsa ham… (uyalgan bo’lib.) Siz-bizdan qimmat emas!

Bek. SHunday deng-e, Oyimposhshae, boshim osmonga yetdi. (Jim.) Haligi buyurmoqchi bo’lgan ishingiz qanday ish ekan, bilsak bo’ladirmi?

Yorqin. Ishimni janoblariga aytsam yana ham yaxshi bo’ladir! Men o’z uyimizdan bir kechaning ichida yo’q bo’lib qoldim. Bu xabar qanday bo’lsa ham shu uch-to’rt kunning orasida otamning qulog’iga yetadir. Otam tajang odam, urushni tashlab qaytib keladir. «Mening yo’g’imda uyimni buzib ketar ekanlar-da, shunga qarshi hech narsa qila olmagan xonga xizmat qildimmi?» deb butun saroyni buzib yuboradir. SHu uchun otamga bir xat yozib yuboraman; «uyda, men sog’-salomatman» deb yozsam, uning ko’ngli tinch bo’ladir. Bu…

Bek (g’urur bilan kulib Yorqinning so’zini bo’ladir). E… Xotirjam bo’ling, Oyimposhsha. Bu to’g’rida otangiz tomondan aslo xavf yo’q. Men tegishlik tadbirlarni qilganman.

Yorqin. (so’zini bo’lib). Ya’ni O’lmas botirdan qo’rqmasliklarini aytmakchilarmi?

Bek. Yo’q-e… O’lmas botirdan qo’rqmasak ham unga tig’ tortarmi edik? Men boshqacha tadbir ko’rganman; ya’ni, otangiz sizning voqeangiz to’g’risida hech narsa eshitmaydir, eshitsa ham ishonmaydir. U to’g’rida xotirjam bo’ling! Men, hamma ishni to’g’rilaganman. (Bir oz jim. Yorqin o’yga botadir.) Oyimposhsha, shunday bo’lgandan keyin Kalning andishalik vujudini hozir o’rtadan olib tashlaylik. Undan keyin, qani mening iltimosimga nima der ekansiz?

Yorqin (shoshilib). Begim, Kalga yana ham qo’l tegizib bo’lmaydir. Uning yana ham menga kerakligi bor. Uyga, xolamga xat yozib uni tinchlantirib qo’yay. U bechora, mushtipar kampir, ham mening qayg’imda, ham otamning bilib qolishi xavfida o’lib bo’ladir. Otam tomondan meni xotirjam qildilar. Endi men ham xolani xotirjam qilib qo’yay.

Bek (og’irroq). Xayr, mayli, Kalning bir necha kunlik ixtiyori sizda. Ishingiz bitkach, menga ayting, shu yomon andishani tezroq o’rtadan ko’taraylik! (O’rnidan turib Yorqinga yaqinlashadir.)

Yorqin (orqasiga tisarilib). Qulluq begim.

Bek. Andisha oradan ko’tarilgandan keyin nima bo’ladir?

Yorqin (uyatchan). Nima bo’lsun, begim?

Bek. Men sizni halol yo’ldosh qila olamanmi?

Yorqin (uyatchan). Loyiq ko’rsalar…

Bek (zavq bilan kulib). Ha-hah… Uyog’ini so’ramang! Bo’ldi! (Yaqinlashmoqchi bo’ladir. Yorqin orqaga tisariladir.)

Yorqin. Begim, sabr qilsinlar! Men, janoblarining amrlaridan chiqmayman. Siz hurmatli, ulug’ kishisiz, sabringiz ham ulug’ bo’lishi kerak.

Bek. Oh, sabr, sabr! (CHiqadir.)

OLTINCHI MAJLIS

Yorqin yolg’iz

Yorqin (orqasidan boribroq). Kal yo’liqsa, aytib yuborsalar! (Uzoq jim.) Hoy ahmoq, hoy! Ishondi, darhol ishondi. Endi sen mening qo’limga tushasan! Tuzoq yaxshi qurildi: Kalni ham o’z tarafimga ag’darib olishim endi oson gap! Uni oraga qo’ysam, novcha polvonni ham yo’ldan uradir. Biz uchovimiz birgalashsak, qo’limga bir qilich bilan bir qalqon tegsa, ish tamom! (Bir oz jim.) Bu yerdan qutilgandan keyin uyga qaytish yo’q. Mumkin emas, to’g’ri tog’ kiyigining yoniga! Sening yoningga, e, Po’lat! Bilsang, bilsang edi ko’kragimda yongan olovlarni!.. (Jim o’ychan.) Ammo bir sir mendan berkilib qoldi. Otamning bilmasligi, bilsa ham ishonmasligi uchun bu jallod qanday xiylalarni qildi ekan? O’zi juda maqtanib gapirdi. (Jim, o’ylanadir.) Tag’in boshqa birovga to’nkagan bo’lmasun? Bu odam-har bir yomonlikka tayyor odam. (Bir oz jim.) Yo’q… yo’q! Sir mendan berkilib qoldi. U sirni bilmaguncha hech narsa deb bo’lmaydir. Balki, meni xotirjam qilish uchun aytgandir. Men uydan yo’q bo’lsamu otam bu xabarni eshitib ishonmasa… Yo’q, yo’q, bu mumkin emas! Hozir men hech narsa qilolmayman. Bir ish qilib sirni bilish kerak, undan keyin o’shanga qarab ish qilmoq mumkin, boshqa iloj yo’q… Haligi muommolani qilib tursam, sirni ham bilib olarman.. Lekin, dunyoda eng yomon ko’rgan odamiga kulib, o’zini sotib gapirish… Voey, bu qanday yomon, og’ir narsa!.. (Tashqaridan Kalning tovushi: «Po’lat botir tog’da yotur, ajali yetmay o’lib ketur, guli ochilmay so’lib ketur, yori bu yoqda qolib ketur!» Bu so’zlarni aytib kula-kula kiradir.)

ETTINCHI MAJLIS

Yorqin, Kal

Yorqin. Nimalar deb yotibsan, Kal? (Kal kuladir.) Yana bir ayt, qani, Kal!

Kal. Kulayotibman, kula-kula o’lib yotibman, Poshsham!

Yorqin. Kul, kul! Kulib qol, kulib olganing g’animat!

Kal (yana kulib). Xo’sh, yana nima balo bo’libdir? Yana qanday qazo ustimizga yurish qilibdir? Yana safar-mafarga, xavfu xatarga, tilla kamarga, baland jarga, yomon ishlarga, ko’r-karga, yo yana birorta sizga o’xshagan qullarga yuboraturgan bo’lib qolibdilarmi?

Yorqin. Safar. Safar ham gapmi? Bir yo’lki, borsa-kelmas!

Kal. Yo’l bo’lsa «borsa-kelmas», Oyposhsha. (Ko’kragiga urib.) Xon pochchangiz unday yo’llarni ko’zga ilmas, pisand qilmas, mushkal bilmas, bormay qo’ymas! Hov!.. Yana birorta sizga o’xshagan hilva-olifta, otaning qizi, yerning yuldazi chiqib qolgan bo’lsa… Kal tog’angiz, (ko’ksiga urib) hunarmand og’angiz… boraberadir, olaberadir, chopaberadir, topaberadir!.. Hov, hov!..

Yorqin (bemalol). Hali olib kelib berganingga xun to’lasang ham! Yaxshiki… (Sekin, qulog’iga yaqinlashib.) O’lib qutilasan! Bo’lmasa, xun to’lolmay qiynalar eding… Yaxshiki, xunga-xun! Qonga-qon!..

Kal (jiddiylanib). Nima deysiz? Nima, nima?

Yorqin (uyoq-buyoqni qarab kelib). Ajaling yaqinlashgan, Kal! Mana bu kal boshing kesiladir, Kal!

Kal. Endi kulishni to’xtatdim, endi chinakam gaplashaylik. Sizning gaplaringizda qiziq mazmunlar bor…

Yorqin (joy ko’rsatib, o’zi ham o’ltiradir). Mazmun yo’q, to’ppa-to’g’ri gap…

Kal. Boyagi jinniliklar uchun kechiring. Oyimposhsha! Mening turgan-bitganim shu. Qanday qilay? Men shunday odamman… Menga haligi mazmunlarni ochiqroq aytib bera olmaysizmi? Qiziqchiliklarni, mana butun tashladim. Mana ko’ring, siz bilan chinakam gaplashmakchi bo’laman.

Yorqin. Mazmun degan narsa yo’q. To’ppa-to’g’ri gap, ochiq haqiqat. Mayli, men senga yana ham ochig’roq qilib aytib berayin. Meni shu holga tushirgan sen bo’lsang ham, men senga bir yaxshilik qilay. «Baliq bilmasa, xoliq bilur» derlar; sen bilmasang, xudo bilar. Menga bari bir, qanday qilsam ham o’lim! Men endi o’limga ko’zimni (qo’li bilan ochib ko’rsatib.) mana shunday qilib qarayman!

Kal (yumshoq). Oyimposhsha, siz menga agar shu holda turib yaxshilik qilaturgan bo’lsangiz, men ham sizga qo’limdan kelgan yaxshilikni qilaman. Sizni bu holga men solgan bo’lsam, sizni bu holdan yana o’zim qutqarib olaman!

Yorqin. Qo’y, qutqarib olishing ham kerak emas. Yolg’iz, men oxir choqda sen bilan ochiq gaplashmoqchi bo’laman. (Turib qarab kelib.) Bek meni kuch bilan bo’lsa ham xotin qilmoqchi, innaykin, shu sirni bilaturganlardan uch kishini yo’q qilmoqchi, ya’ni boshlarini kesdirmakchi!

Kal (cho’chib). Bo’ldi, bo’ldi! Hammasini bildim, bildim! Boya ikki kishi edi, uchinchisi ham qo’shilgan bo’lsa… u, albatta, men bo’laman! Oh, hayf unga qilgan xizmatlarim!

Yorqin. Sendan boshqa ham ikki bechora bor-ku, ularning kim ekanliklarini bilasanmi?

Kal. Bo’ldi, bo’ldi, bilaman! Haligi kampir xola bilan novcha polvon! Ular to’g’risida boya o’zimga gapirib edi. Mening to’g’rimda nima dedi? Aytib bering, poshsham, nima dedi?

Yorqin. Sir bilaturganlardan sening ham boshing ketar emish. Buni menga bekning o’zi aytdi. Endi gap bunday, Kal, men bekdan qancha jirkansam ham nikohiga rozi bo’ldim. Qani, sen nima qilasan?

Kal. Nima qilar edim? Sizning ikkovingizni topishtirib qo’ydim, endi o’zim qurbon bo’laman, shu!

Yorqin (yana qarab kelib). Kel, nimaga birgina bekning o’zi to’rt bechoraning boshini yeydir-da, uning boshini hech kim yemaydir.

Kal. Kim yesin? SHayton yesinmi?

Yorqin. Agar bir kishi, ozroq yordam qilsa, uning boshini men yer edim! Sen ham qutilar eding, polvon bilan xola ham…

Kal. Bechora yurt ham deng! Muning zulmidan dod degan yurtni aytsangiz-chi! Koshki edi… Lekin, men taqir miyamga sig’dira olmayman.

Yorqin. Senda aql bo’lsa bo’ladir-da. Agar bir pichoq, bir kichkina temirtak bo’lsa, men uning ishini, albatta, saranjom qilar edim. Agar bitta qilich bilan qalqon bo’lsa shu dargohdan butkul qutilib chiqib ketar edim…

Kal (o’ylab turib, birdan). Oyimposhsha! Agar shuncha qilgan xizmatlarim uchun menga beraturgani shu bo’lsa, shunday kishini hech ayash kerak emas! (Bir oz jim.) Bu qonxo’rni birov bir narsa qila oladir deb sira aqlim yetolmas edi. Lekin, siz qila olasiz, bunga aqlim yetadir. Bir xotin kishi bunday ishlarni ming erkakdan yaxshi bajara oladir, ayniqsa, hozir bekning sizga juda iliqib turgan vaqti… (Qarab kelib.) Pichoq bilan qilich-qalqonni men topib beraman, bo’ldi!

Yorqin (sevinib). Agar topib bersang, uni darrov yo’q qilib, o’zimiz tog’larga chiqib ketamiz!

Kal. Tog’larga? Po’latning yonigami? Sizning xayolingiz hali ham o’shanda ekan-da?

Yorqin (uyalib, o’ng’aysizlanib). Po’latning yoniga emas, o’sha urush bo’layotgan joyga! Men senga aytaman: qutulaylik shu yerdan, boraylik urush joyiga, qaraylik: kim zo’r kelsa o’shaning tomoniga o’tamiz-da ketamiz! Yenggan taraf keyin sizga katta amallar beradir, men shu maqsadga yetsam bo’ldi. Undan keyin dunyoning menga keragi yo’q! Men bu dunyoda ko’nglim xohlagan erni topa olmadim. Bundan keyin ham topilishiga aqlim yetmaydir. SHu uchun butun achchig’imni qilich bilan qalqondan olaman! Siz menga ergashing: sizni baxtli qilaman! O’zimni halol qilib bo’lsa ham sizni baxtli qilaman!

Kal. Xayr, hali mana shu ishni tugataylik, qolganini keyin maslahat qilarmiz…

Yorqin. Sen, ehtimol, mening so’zlarimga ishonmay turgandirsan. Bo’lmasa, bekning o’zidan mazmun qilib yana bir so’rab ko’r, qani nima der ekan, aqling bo’lsa fahmlab olasan.

Kal. Sir bilganlarni o’ldirish to’g’risida boya o’zimga ham aytgan edi. Lekin, o’z to’g’rimda… (Eslab.) Ha, menga ham jindek ishorat qilib edi.

Yorqin. Yana bir mazmun bilan so’rab ko’r, darrov sezdiradir. U mag’rur, o’ziga ishongan odam; darrov mazmun bilan sezdirib, qo’yadir. Faqat, fahmlab olish uchun miya kerak.

Kal. Uni qo’ying, buni qo’ying, poshsham, mana shu og’ir kunlarga sizni solib qo’ygan men bo’lsam, sizni qutqarib olaturgan ham o’zim bo’lay! Dunyoga kelib men ham bir yaxshi ish qilay.

Yorqin. Sen yordam qilsang, bo’ldi. Qutqarish bo’lsa seni, Polvonni, xolani-hammangizni men qutiltiraman! (Turib qarab.) Lekin, Kal, tezrak qimirlash kerak. Qancha kechiksa shuncha zarar, bilasanmi? (Qora ko’rib. Ana birov kelayotibdir!

Kal. Kim? Kim u?

Yorqin (yaqinlashib, sekin). Jallod! (Kalning yelkasiga qo’lini qo’yib.) Ish boshlandi, tugatish kerak! Yana boshqa gaplar bor, ularni keyin gaplasharmiz! Sergak bo’l, o’limga hukm qilingan kishisan! (Yugurib chiqib ketadir. Kal boshqa tomondan chiqadir. Bir ozdan so’ng mag’rur kulish bilan kulib Bek kiradir, orqasidan Kal.)

SAKKIZINCHI MAJLIS

Bek, Kal

Bek (kelib o’ltiradir). Ha-ha-ha! Men O’lmas Botirning kuyovi bo’ldim! Marra meniki!

Kal. Xo’sh begim, unadimi? Rozi bo’ldimi? (Bekning yoniga o’ltiradir.)

Bek. Rozi bo’lish ham gapmi? Juda olijanob qiz ekanku! SHu qadar odoblik, hiylagarki…

Kal. O’zi o’z og’zi bilan «roziman» dedimi?

Bek. Ha-ha-ha! Uni aytasan-a? «Agar loyiq ko’rsangiz» deydir…

Kal. Ha, barakalla, begim, shunday deng! Boya aytgan edim-ku, sizga unamasa kimga unaydir, axir? Xonzodaga tekkani unamagani, sizga o’xshagan bilagi quvvatlikka tegmak uchun edi, begim. Qolgan-qutganini men ham xo’p qulog’iga quyib, tayyorlab qo’ydim. Menga shahar bersangiz arzirdir, begim.

Bek. E… shahar deysan-a… Dunyo degin, dunyo! Butun boshliq bir dunyo berish kerak senga! Senga beraturgan dunyo yer yuzidan topilmasmi ekan, deyman.

Kal. E… beriroq bo’lsa ham bo’ladir, begim. Ilohim umr-davlatingiz ziyoda bo’lsin! Boyagi gapni tegishib aytdim, siz salomat bo’lsangiz, o’sha bizga katta mukofot!

Bek. Yo’q, Kal, senga albatta bir mukofot berish kerak. (Kulib.) Senga, xizmatingga yarasha g’alati bir mukofot beraman. Seni qanot qoqdirib osmonga uchirtiramen! (Kuladir.) Seni katta bir elga xon qilib yuboraman. Hali, ana u Xonposhshaning senga ozgina ishi bor ekan, o’shani qilib bergil, undan keyin mukofot naqd! (Eslab.) Ha, aytgancha-ya… (birdan). Bor, novcha polvon bilan xolaning mukofotini bersinlar! Bor, ayt! Boya o’zingga aytib edim-ku! Bo’ronboyning qulog’iga qo’ysang bo’ladir, o’zi ham biladir. Bor tez!

Kal (cho’chib o’zicha). Ana mazmun… Qizning gapi rost ekan. (Bekka.) Menga ham shunaqa mukofot bo’laturgan bo’lsa, begim…

Bek. (kulib). Bor, tez! Senga undan ham g’alati, undan ham qiziq, juda katta mukofot beraman! Bor! Tez bor!.. (Kal chiqadir.) Bor! Tez bor! Mukofot vaqtida berilsun! (Buyoqdan otilib Yorqin chiqadir.)

TO’QQIZINCHI MAJLIS

Bek, Yorqin

Yorqin (shoshilib chiqib). Begim, borsinlar, Kalni to’xtatsinlar! Mukofot berishning vaqti yana jindak bor. Hammasini bir bermak kerak! Bo’lmasa Kalni cho’chitib qo’yasiz, Kal cho’chigandan keyin sir saqlalmay qoladir!

Bek. Bo’lmasa ilgari uning ishini tugataylik!

Yorqin. Yo’q… unda mening buyuraturgan ishim qolib ketadir. Boya o’zlariga aytib edim-ku!

Bek. Aytgancha-ya… (Jim.) Nima qilamiz bo’lmasa?

Yorqin. Borsinlar, mukofotni to’xtatsinlar. Vaqtida o’zim aytaman. Hozir o’zim borib Kalni to’xtatar, janoblarini ovora qilmas edim-u, lekin, mening bu ishdan xabardor bo’lib ko’rinishim yaxshi emas.

Bek. Jonim bilan, Xonposhsha! Nima desangiz men rozi. (Yaqin kelib.) Lekin, Xonposhsha, toqat qolmadi. Qachon shu andishalardan qutilib, (Kulib.) bir otamlashamiz? (Qarshisiga borib oladir.)

Yorqin (erga qarab, qizarib turib). Kal mening ishimni bajarib kelsun, undan keyin Kal bilan birga bir bazm qilib, Kalni toza ishga solamiz, hamma hunarlarini bir-bir ko’rsatganidan keyin uni «borsa-kelmas» safarga uzatib… undan keyin…

Bek (entikib). Undan keyin? Undan keyin-chi?

Yorqin. Kamina qulingiz janoblarning ixtiyorlarida…

Bek (oh tortib). Dod! Kalni shu kechayoq ishingizga jo’nating, bo’lmasa. Ertaga kechkacha yetib kelsun!

Yorqin. Qulluq! (Ta’zim qilib egiladir, Bek «mast» bo’lib chiqadir.)

Parda