Jump to content

Yorqin oy/To’rtinchi parda

From Wikisource
334895Yorqin oy1920Abdulhamid Choʻlpon

TO’RTINCHI PARDA

Bu parda yigirma ikki majlisdan iboratdir

ARALASHADIRLAR

(kirish tartibi bilan)

Nishobsoy begi-burungiday.

Novcha polvon-novcha, yo’g’on, haybatlik, faqat chiroylik odam. 40 larda.

Kal-burungiday.

Xola-pakana, bujur, qotma, og’ir bir kampir, 55 larda.

Bo’ronboy-pakana, pishiq, g’ayratli bir yigit, 30-35 larda.

Yorqin-burungiday.

Nishobsoy begining haram uylaridan biri, oq bo’r bilan bo’rlangan, keng, hashamli bir uy: «kelin tushdi»ga muvofiq yaxshilab ziynatlangan. To’rida kichkinagina supacha, u ham yaxshi bezalgan: uning ikki yonida ikkita o’yma mehrob, ikkala mehrobga bittadan qadim zamonning yog’och va hashamlik sandiqlaridan o’rnatilgan, ustlariga turli-tuman toza ko’rpalar yoyilgan, ko’rpalarning ustiga yaxshi, toza choyshablar yopilgan.

Uyda hech kim yo’q, bir ozdan so’ng mag’rur, shod, lekin bir oz andisha alomati bo’lgan holda Bek kiradir. Yaxshi yasangan, lekin belida na kamar va na qilich bor.

BIRINCHI MAJLIS

Bek yolg’iz

Bek (uyning ziynatini va joylarini yaxshilab qaragandan so’ng). Joyida, joyida, kelin kelaturgan uyga o’xshaydir. Lekin, shunday uyga kelaturgan kelin to’y-tomosha, voda-vang bilan kelsa bo’lar edi. Attang… Attang… Men bilan kelindan boshqa uch kishi biladir, xolos. (Supachaga o’ltiradir). Xayr, mol yaxshi narsa, uning qo’lga kelgani o’zi katta bir to’y-tomosha, qiynab-qiynab bo’lsa ham oxirda «gah!» deganda qo’lga qo’ngani yana undan katta to’y-tomosha! (Eshikdan novcha Polvon kiradir).

IKKINCHI MAJLIS

Bek. Novcha polvon

Polvon. Assalomu alaykum!

Bek. Ha, Polvon, kel!

Polvon (ko’zlari uyda). Joyida, joyida. Uy boplanibdir.

Bek. (mag’rur qarashlar bilan polvonga qaraydir.) Bukun Kalni ham qatorimga o’tquzdim, kel, sen ham o’ltirib qol? (Yonidan joy ko’rsatadir.)

Polvon. Qulluq begim! (Bir chekaga o’ltiradir).

Bek. Qalay, uy boplanibdirmi?

Polvon. Juda joyida, begim. Kal boya maqtanib turib edi. «O’g’limning uyini juda g’alati qilib yasatdim, kirib ko’rib chiq» deb, sizning yo’g’ingizda kirgali qo’rqdim… Kal o’lgurda hunar ko’p, Kal juda usta kal.

Bek (piching qilib). «O’lgur» dema, «bor bo’lgur» degin, birovning o’limini tilash yaxshi emas.

Polvon. E begim, yaxshi ko’rganimizdan aytamiz-da, bo’lmasa Kal hammamizning otamiz emasmi?

Bek. Ha, shunday degin (Jim.) Lekin, Kalga yana boshqa bir ish topshirib edim. Yaxshi bajardimi ekan? Sen ham uyoq-buyoqqa sarasop solib yuribsanmi?

Polvon. Qaysi to’g’rini aytasiz, begim?

Bek. Sening, aytkancha, bu ishdan xabaring yo’q. U sirni senu, xolayu kal-uchalang bilasan, xolos. Men sizga ishonaman. SHu uchun bu ishni ham aytib qo’ya qolay.

Polvon. Ha, albatta, bizning jonimiz o’zimizniki emas, sizniki, begim. Sizdan umidimiz ham shu-da.

Bek. Qiz o’zi rozi bo’ldi, birmuncha narsani shart qildi, men ham unadim, qilib berdim; boshqa yana shartlari bor, ularni ham qilib beraman. Qiz, juda xursandchlik bilan unab turibdir. Hozirgina imom-domla kelib, nikohni o’qidi (eslab) ha, aytgancha, imom-domlaning ishini nima qildilar ekan? Sen bilasanmi?

Polvon. Yo’q, men u ishni bilmas ekanman. Hali hozirgina Kal otalab yurgan edi.

Bek. Ha, durust, Kal to’g’rilagandir bo’lmasa. U ham uchala sirdoshning bittasi-ku… (Darrov so’zni burib.) Hali nima deb turib edim?

Polvon. Qiz xursandlik bilan unab turibdi, degan edingiz.

Bek. Ha, ha… qiz qafasga tushdi, qo’lga ham vaqti chog’lik bilan qo’ndi. Lekin, shu qizga uncha ham ishonib yeta olmayman. Bu o’zi o’sha o’zimiz bilgan O’lmas botirning qizi emasmi? Munda gap ko’p. Uning dostonini ko’p eshitganman. O’z rizoligi bilan o’ynab-kulib qo’shilib olguncha juda ehtiyot bo’lish kerak. Qo’shilib olgandan keyin, albatta, tinchib qolamiz.

Polvon. Nikoh bo’lsa bo’libdir, bu kecha o’z rizoligi bilan qo’yningizga kirar ekan, yana tag’in nimasidan qo’rqasiz?

Bek. SHunday bo’lsa ham ehtiyotini qildim-da. Xotin kishining ko’nglini xudodan boshqa hech kim bilmaydir. Og’zida kulib gapirgani bilan dilida, xudo biladir, qanday shaytonlar bordir? SHuni o’ylab qo’limdan kelgancha ehtiyot qildim. Uyining ziynatini Kalga topshirganim ham shu sababdan edi. «Birorta xanjar-manjar, pichoq-michoq shu uydan chiqib qolmasun; temirtak chiqib qolsa ham sen javobgarsan!» dedim. (Polvon dandon soplik pichog’ini orqaroqqa surib qo’yadir.) Kal, albatta, u yog’ini to’g’rilagandir.

Polvon. Ha, Kal deganingiz qo’yadirmi?

Bek. Qizning yasan-tusanini bo’lsa xolaga topshirdim. (Polvon seskanib ketadir.) Unga ham «yonidan bitta temirtak chiqsa, boshingiz bilan siz javobgarsiz!» dedim. (Polvon yana seskanadir.) U qo’rqoq xotin, albatta, o’z ishini bilib qiladir.

Polvon (zo’rg’a). Xola deganingiz kim, begim.

Bek. E… Xolani bilmaysanmi? Non yopaturgan pakana, bujur kampir bor-ku?

Polvon (seskanib, qaltiraganroq). Bilaman… Bilaman… Ha, qo’rqitmasangiz ham sizning og’zingizdan chiqqan gapga jonini bermaydirmi, begim!

Bek. O’shandoq bo’lsa ham qo’rqitib qo’ygan yaxshi. Xotin kishini siz bilmaysiz, men bilaman. (Bir oz jim.) Yaqinda xudo xohlasa, senga yaxshi bir xotin olib beraman. Durust, obro’lik bir odamga o’g’il qilib qo’yaman. Senga ham mana shunaqa uy yasatib beraman. (Sekin.) Innaykeyin, hali hech kimga aytmagil, Bo’ronboyni yo’q qilib seni Bo’ronboyning o’rniga-qo’rboshi qilmoqchi bo’laman. SHuni bilib qo’y. Lekin-og’zingdan chiqa ko’rmasin. Ha!..

Polvon. Qulluq begim. Men duoi jonlarini qilib yura beray, Bo’ronboy o’zi yaxshi yigit.

Bek. Bo’ronboy aytganingdek yaxshi yigit edi. Ammo,keyingi vaqtlarda ancha buzildi. Yigitlar yaxshi ko’rgani uchun kibr paydo qilib qolibdi. Ba’zi bir behuda ishlarni qilib, bo’lmag’ur gaplarni gapiribdir. Men unday odamni bir nafasda ko’chaga emas, narigi dunyoga haydab yuboraman… (Jim.) bor, qo’lingga qilich-qalqoningni olib ertalabgacha shu eshikni poyla. Senga ishonaman-a, Bo’ronboyning o’rniga sen qolasan! Esingdan chiqarma! Men chaqirganimda kirasan, hech kimni yaqin yo’latmaysan, Kaldan boshqa hech kimni yoni-veringga yaqinlashtirmaysan. Kaldan boshqa kim lozim bo’lsa, o’zim chaqiraman, o’shanda tegmaysan. Bo’lmasa chop! Kim bo’lsa ham ayama, chop! Ichkaridan xotin-motinlardan chiqib qolsa ham ayama! Ertaga erta bilan rutbangni ulug’ qilaman. Bir kechalik poyloqchisan-a, bilib qo’y! O’zimga mahram qilib olaman, juda chiroylik-16 yashar, qirchillama qizni olib beraman: maza qilib yotasan!

Polvon (o’rnidan turib ta’zim qiladir). Qulluq begim, qulluq! Jonim o’zimniki emas, sizniki, agar bir jonim ekan, ming jonim bo’lsa ham sizniki. (Eshikdan Kal kiradi.)

UCHINCHI MAJLIS

Bek, Polvon, Kal

Bek. Ha, mana, Kal ham keldi. Kel, kel, ota, kel.

Kal (yaqin kelib). Imom-domlani jo’natdim, salomat jo’natib begimizga arz etdik.

Bek. Ha, barakalla, bor bo’l, Kal! Ishqilib xursand qildingmi? Xafa bo’lmay jo’nadilarmi?

Kal (kulib). Xursand bo’lishga ko’ngillari to’lmadi, xafa bo’lishga vaqtlari bo’lmadi. (Novcha polvon hayron.)

Bek. Xo’p, mayli, Kal, balli, haligi ishni nima qilding?

Kal. «Haligi ish» qaysi ish? Qiyin bo’ldi tushunish…

Bek. Darrov esingdan chiqib qoldimi? Xo’p odamga ish buyurgan ekanman!

Kal (o’ylanib ketadir, birdan uyning ziynatiga ko’zi tushib). Ha, uyni yasash to’g’risi, bir temirtak to’g’risimi?

Bek (kulib). O… to’qimay o’lgur Kal-e… To’g’ri gapira bersang kalchilik bo’lmay qoladir-a?. Ha, o’sha uyning to’g’risi.

Kal. Aytgancha-ya, begim, o’zimning qadimgi begim: uyingiz qalay bo’libdir? Ma’qul bo’ldimi? Ko’nglingiz to’ldimi?

Bek. Uyning yasalishi joyida, juda joyida. U taraf nima bo’ldi deyman, haligi nozik tarafi?

Kal. Bitta temirtak, yo cho’pu xalak, yo siniq tutak chiqib qolsa, men javobgar, begim!

Bek. Barakalla, barakalla, xola nima qildi ekan. Bor, aytib chiqchi!

Kal. Xolaning ham guli ochilgandir, hidi sochilgandir, turkiy qilib aytsak, kelinoyimni tayyor qilgandir. (CHiqadir.)

TO’RTINCHI MAJLIS

Bek, Polvon

Bek. Polvon, Kalning yengilligini qara, gaplari og’zidan quyilib tushayotibdir. Ichidagi gaplar toshiga qaynab, barq urib chiqayotibdir. SHu sir saqlay oladirmi? Sen urush ko’rgansan, pishkansan, og’ir sen, hovliqmaysan, sening og’zingdan gap chiqmaydir. Lekin, Kaldan qo’rqaman, o’zim ko’p tayinladim. Sen ham sirdoshlardansen. Tayinlab qo’y: og’zidan bir gap chiqqunday bo’lsa, boshi ketadir-a!

Polvon. Albatta, albatta, men ham aytaman. Kal, sizning to’g’ringizda unday qilmaydir, begim.

Bek. Qilmaydir deb bo’lmaydir. Uning og’zi bo’sh, har narsani qiziqchilikka olib gapira beradir. Bor endi, chiq, ishingga puxta bo’l! (Kulib). Bir kechalik qo’riqchisan, yaxshi qo’ri. Bergan non-namagimni halol qil! (polvon qulluq qilib chiqmoqchi bo’ladir). Ha, aytgancha: Bo’ronboyni menga chaqirib yubor, ehtiyot bo’l, u sirdan ogoh emas! Og’zingdan bir og’ir gap qochmasin, ha! (Polvon «xo’p» deb chiqadir.)

BESHINCHI MAJLIS

Bek yolg’iz

Bek (yolg’iz, o’zicha). Ishlar hammasi joyida, erta bilangacha hamma ish bartaraf bo’ladir. Qizning o’z rizoligi bilan qo’shilib olsam, undan keyin O’lmas botirning ham nafasi ichida qoladir. Tuzoq yaxshi qurildi. O’tgan safar yuborgan xatim tekkandir, ertaga ikkinchi xatni xudo yuboraman. Uchinchi xatni xohlasa kelinchakning o’zi yozar. (Eslab.) Hali, xatni qaerga qo’ydim? (Qo’yinlarini qaraydir.) Ha, mana ekan. (Olib ko’rib kula-kula yana qo’yniga soladir.) Qiz o’zi unayturganga o’xshaydir. May ichkali unab bersa, u yog’i oson… O’zim ichsam, o’zim quyib bersam, yo’q deya olmaydir, albatta. (Ichkariga salom berib Xola kiradir.)


OLTINCHI MAJLIS

Bek, Xola

Bek. Ha, xola, keling, qalay hamma ishlar joyidami?

Xola. Xudoga shukur, bolam, hamma ish joyida.

Bek. Qiz tayyormi?

Xola. Qaylig’ingiz tayyor, bolam.

Bek. Haligi aytganlarimni qilib yon-berini qaradingizmi?

Xola. Aylanay bolam, yangi ust-boshlarini o’zim kiygizdim? Bu yerga olib kirayotib yana qarayman.

Bek. Ha, barakalla, boring endi, nasihat qilib, qulog’iga quyib o’ltiring. Kerak vaqtida Kal xabar beradir. Sizdan minnatdorman, ertaga erta bilan in’om-ehsonni katta olasiz. Lekin, og’zingizga ehtiyot bo’ling! (Kampir xola ichkari eshikdan chiqadir.)

ETTINCHI MAJLIS

Bek yolg’iz

Bek (yolg’iz, o’zicha). Bo’ldi, bu ish ham bo’ldi. Bu kampirning ham bir kechalik umri qoldi. E… o’zi ham yoshini yashagan, oshini oshagan, endi o’labersa ham bo’ladir… (bir oz jim.) Xayr, endi ishning eng kattasi qoldi. Uni ham to’g’rilasak, innaykin, ishimiz yolg’iz qizga qarab qoladir. Qizga unamaslik uchun endi bahona ham qolgani yo’q. (Bir oz jim.) Yo’q, yo’q… O’lmas botirning shu qizi meniki bo’lmasa aslo mumkin emas! (Bir oz jim.) Sirdonlarning ishini tugataylik, qizning ko’ngli joyiga tushsin. Bo’ronboy shu choqqacha kelmadingiz-ku? (Bo’ronboy kiradir-da, yiroqda qo’l qovushtirib turadi, ko’zi uyning ziynatida.) Kel, Bo’ronboy! Salom berishni ham bilmaysan.

Bo’ronboy (yana ko’zi uyda). Burungi mehmonxona emasmi shu, begim? Juda boshqacha qilib yuboribsiz-ku!

Bek. Ha, o’sha mehmonxonaning o’zi. Hali hozircha kichkina xotinimni shu yerga ko’chirib chiqmoqchi bo’laman.

Bo’ronboy. Hali hozircha deb yotibsiz, yangi imorat solgunchami?

Bek. Yo’q… seni uylantirguncha!

Bo’ronboy (uyalib). Qulluq begim, umru davlatingiz ziyoda bo’lsun!

Bek. Beriroq kel, gapni ochib aytay. (Yaqinlashadir.) O’tir, mana bu yerga. (Sekin o’tiradir.) Hech kimga aytma, damingni chiqarma: senga g’alati, qirchillama qiz topib qo’ydim!

Bo’ronboy (uyalib). Qullug’ begim… Men hali yoshman…

Bek. E… yosh emish? Biz 16 da uylanganmiz; yosh emish… Qo’chqor pansotni bilasanmi?

Bo’ronboy. Qaysi Qo’chqor pansot?

Bek. U Ko’tarmadagi qo’rboshimiz bor-ku? CHiroylik. Bahaybat kishi?

Bo’ronboy. E… u… birda qiyg’ir ovi qilib berganmi?

Bek. Ha… xuddi o’zi. Ana o’shaning bitta juda qirchillama 16 yashar qizi bor ekan. O’shani senga olib beray deb qo’ydim. Mana bu uyni sizga bo’shatib beraman. Xudo xohlasa?

Bo’ronboy. Qulluq begim, qulluq, hali ham juda ko’p non-tuzingizni yedik, o’shalarni halollasak ham katta gap…

Bek. Senga bergan non-tuzim-ku halol bo’ldi-ya. Lekin yigitlardan bir-ikkitasi bergan non-tuzimni harom qilishib qo’yishdi. Ne’matga nonko’rlik qilishdi…

Bo’ronboy. Xudo saqlasin, begim! Unday yigitlar bo’lsa betlarini ko’rmaylik, ilohim!

Bek. Seni chaqirtirganimning sababi ham shu edi, men senga bo’lgan gapni ilgari aytib berayin: boshlab Kal, innaykin (sekin) mana bu eshikning oldida turgan novcha Polvon, ichkarida non yopaturgan bu «oqsoch» kampir bor, u… til birlashtiribdilar-da, katta bir ish boshlabdirlar.

Bo’ronboy (tang qolib). Xudoya tavba! SHu o’zimizning Kal bilan mana shu novcha Polvon-a?

Bek. Bularning boshlagan ishlari nima ekan, degin: sening yigitlaringdan birmunchasini yo’ldan urib o’shalar bilan birga bir kun bu yerdan qochmoq. Ko’p yaroq-aslaha, iloji bo’lsa, pul-mol olib ketib, to’ppa-to’g’ri Po’lat o’g’riga qo’shilmoq ekan!

Bo’ronboy. Po’lat o’g’riga?

Bek. Ha, Po’lat o’g’riga… Po’lat o’g’ri bo’lsa hozir joni bo’g’ziga yetib qoldi. Erta-indin hamma narsasidan, hatto jonidan ham judo bo’ladir!

Bo’ronboy. Ular shu ahvolni bilmas ekanlar-da?

Bek. Bilsalar ham xom xayolga boradilar, xom xayolga… Go’yo bular Po’lat o’g’riga borib qo’shilsalar, u zo’r kelar emish-da, keyin bularga katta amal tegar emish…

Bo’ronboy. O’g’ridan amal olib nima bo’lar edi? SHu ham gapmi, begim.

Bek. SHuni aytaman-da, Bo’ronboy. Bu ham hali qaymog’i, iloji bo’lsa, meni ham o’ldirmakchi emishlar…

Bo’ronboy (seskanib). Yo pirim-e!..

Bek. Ichkarida kampir Xola, tashqarida Kal bilan Polvon qulay fursatni poylab yotgan emishlar… (Jim.) Yaxshiki, men bu ishlarning hammasini burunroq bilib qoldim.

Bo’ronboy. Sizning to’g’ringizda yomon niyat qilgan bo’lsalar o’shalarning o’zlarini yo’q qilish kerak edi!

Bek (birdan, lekin sekin). Ha, balli, Bo’ronboy! Seni shu uchun chaqirib edim. O’zing bil, yigitlaringdan bittasi bilsin, Toshloqmi, Ergashmi-qaysi bittasi bo’lsa ham eslirog’i, boshqa hech kim bilmasin. Innaykin: erta bilangacha haligi uchalasini joylaymiz! Ertaga qolmasin! (Jim.) Lekin, bu kecha ataylab men o’zim yolg’iz shu uyda yotaman, teshikning yoniga ataylab novcha Povonni poyloqchi qilib qo’yaman, Kalni ataylab bu kecha ishga solaman. Qani, ko’rayin-chi, nima bo’lar ekan. Mening to’g’rimda sira qo’rqmanglar, men ehtiyot qilaman, innaykin: bulardaqalarning mingtasiga ham so’z bermayman!

Bo’ronboy (turar). Endi men chiqib taraddud qilay bo’lmasa!

Bek. Taraddudning keragi yo’q. CHiqib, bemalol yotaber. Azon vaqtida Kalni yotgan joyidan, Polvonni shu yerdan, xolani oshxonadan topasan, avval Kalni yig’ishtir, keyin muni, undan keyin «bek chaqirdi» deb xolani uyg’otib chiqasan-da, uni chakalakzorda to’g’rilaysan! Bor, chiq endi! (Bo’ronboy yuradir.) SHoshma, menga qara! (Keladir, sekin.) O’liklardan, qondan asar qolmasun, durustmi?

Bo’ronboy. Xo’p, albatta uyog’ini to’g’rilaymiz!

Bek. Barakalla, puxta bo’l! SHu to’y, hamma ziynat, sep-asbob innaykin 16 yashar qirchillama qiz seniki… maza qilasan. (Bo’ronboy o’ylanib chiqib ketadir.)

SAKKIZINCHI MAJLIS

Bek yolg’iz

Bek. Ertalabgacha Bo’ronboy ham bu ishni bajaradir. Erta-indin Bo’ronboy bilan sherigining ishini (asta) o’zim bajaraman. Undan keyin sirdoshlardan bitta ham qolmaydir. Qizning o’zi bo’lsa ungacha o’zimniki bo’lib qoladir. (Tashqari yoqdan Kal kiradir.)

TO’QQIZINCHI MAJLIS

Bek, Kal

Kal (kirib ta’zim bilan). Hamma yotdi, uxladi, bek qalaylar? Yor-yor, ichkarida qayliqlari bo’ldi tayyor… Yor-yor.

Bek. Hamma yotdimi? Uxladimi?

Kal. Ha, qachonlar edi-ya. Yolg’iz Bo’ronboygina ivirsib yuribdir.

Bek. U ham uxlagali ketdi. Xotirjam bo’l!

Kal. Siz bilan chinakam gaplashay, begim. Bo’ronboyni siz o’zingiz chaqirtirib edingizmi?

Bek. Bo’lmasam-chi!

Kal. Oradagi sirni Bo’ronboy ham bila bersa, boshqa ham eshita bersa, jazoni Polvon bilan xola tortsa-yu, men tortsam, yaxshimi?

Bek. E… laqillamay o’l, Kal! Men Bo’ronboyga sir aytib o’ltiramanmi! Miyang bormi sening?

Kal. Nimaga bo’lmasa bevaqt, mana shu nozik kechada, nozik joylarga kirib yuradir?

Bek. Mening boshqa ishim bor edi, chaqirtirdim. Sening nima ishing bor. Yo sen mening ustimga katta bo’lib kelganmisan? Boshingni olib qo’yaymi, hozir?

Kal (tezgina). Ishqilib sirdan ogoh qilganingiz yo’qmi?

Bek (er tepinib). Bir martaba aytdim-ku, bas-da!

Kal (tez keta boshlab). Xo’p, bo’libdir! Bo’lmasa, men kelinni olib ketdim!

Bek. SHoshma? (Kal orqasiga qaytadir.) Bor, kelinni chaqirib chiq. Xolaga aytsang o’zi ichkari eshikdan olib chiqadir. Ichkarida xotinlardan ehtiyot bo’l. Innaykin, (asta) maylarni olib kirib qo’y! O’zing eshikning oldida tur. Men chapak chalsam kirasan. Durustmi?

Kal. Jonim bilan!

Bek. Lekin eshikning yonida turganingda Polvon bilan bir og’iz ham gaplashmaysan. Agar sharpangni eshitsam, boshingni olaman! Avval mana bu joylarni tuzat! Men eshikka chiqib kelaman. (Bek chiqa boshlaydir, Kal joylarni tuzatgali boradir.)

Kal (birdan burilib). SHoshmang, begim! (Bek to’xtaydir.) Siz bilan yana astoydil gaplashay. Siz o’zingiz ko’p eslik odamsiz, ba’zida esingizni yeb qo’yasizmi deyman.

Bek (achchig’lanib). Yana nima demakchisan, Kal?

Kal. Bu kun ohingiz xudoga yetkan, boshingizga toji davlat bitkan. Ayshingiz Jamshidnikidan o’tgan. E… unda ham necha tosh nariga ketgan kechayu, siz, siz menga azob qilasiz! Men nima gapirsam siz kulib, irjayib javob bering. Nima bu, po’pisa?

Bek (kulib). Gapiraturgan gaping shumidi?

Kal. Yo’q, gap boshqa: mana bu uyda bir temirtak qo’yma dedingiz. Men sizdan qo’rqib yog’och qoziqlarni ham sug’urib tashladim. (Tevarakka qarab.) Boringki, cho’p jinsidan hech narsa qolmadi, ishqilib uchlik nima narsa bo’lsa, hammasini yo’q qildim.

Bek. Juda yaxshi qilibsan, barakalla, Kal, ish bunday bo’libdir.

Kal. Gapim tugagani yo’q, shoshmang.

Bek. Yana bormi hali?

Kal. Qaymog’i endi keladir.

Bek. Bo’l, tezroq!

Kal. Uyingiz hozir sipohning uyiga o’xshaydirmi, yo’qmi? (O’zi qarab.) Yo’q, yo’q… aslo o’xshamaydir, bu uy: qiz bolalar «kelin-kelin» qilib qo’g’irchoq o’ynashaturgan uyga o’xshaydir, unda ham bitta-yarimta chalabuzar yo temirtak bo’ladir. Xayr, uy mayli, o’zingizni qarang! Sizday sipoh odam hammavaqt tilla qilichini savlat qilib taqib yurmaydirmi? Kepatangizni qarang! Toshloq mahallaning so’fisiga o’xshaysiz!..

Bek. SHunday kechada qilich taqib yursam yaxshimi? SHunday nozik odamning oldida-ya?

Kal. E… Bu kevata bilan yursangiz, erta-indin u dalla qiz yelkangizga minib oladir. Bu-umr savdosi, begim. Siz uning oldida qilich taqsam yaxshi bo’lmas deysizmi? Bekor-gap. Bu qizning yonida qilich yo’q odam odam emas, kimning qizi, axir, bilasiz-ku? Qilich o’yinida otasini shoshirgan narsa bu!.. E… bek, bek… Necha juft xotiningiz bor-ku, hali ham xotin kishining nima ekanligini bilmaysiz: xotin kishi kuchli erkakni yaxshi ko’radir. Qishloq qizlari uloqchi yigitlarni tanlab tegadirlar… «Yuragida yoli bor yigit» degan gap qaerdan chiqqan? Xotinlardan!.. (Bir oz jim.) E… Bek… Bek… qiz, ming qilsa ham endi sizniki, sipohlikni qo’ldan bermang. Sadafsoplik tilla qilichni yarqillatib taqib oling. «Bazm vaqtida belimda turmasun» desangiz, ro’baro’ingizga savlat qilib ilib qo’ying! Iloji bo’lsa (sekinroq) qayliq to’raga buyuring, ta’zim bilan olib ilib qo’ysun! Nima bu bo’shanglik? Endi beklikni qo’ldan berib qo’yadichi, shu odam!

Bek (muloyim kulib). Gaping rost, Kal, xo’sh, qilichimni taqib kirayin, bo’lmasa.

Kal. Ha, barakalla, otangga rahmat sipohbachcha! (Bek chiqadir.)

O’NINCHI MAJLIS

Kal yolg’iz

Kal (sevinib, o’ynab). Qoyil qildim, shayladim! Bu ho’kiz shu gaplarga hovliqib qilich taqib kirsa bormi? Xudo berdi deng! Ish qizda. Qiz, otasining qizi, Po’lat o’g’rining haligidaqasi bo’lsa… eplab ketadir! (o’ylab.) Xo’sh… Endi men mana bu joylarni tuzatayin. (Tuzata boshlaydir.) Undan keyin chiqib kelinoyimni chaqirib kelayin. (Esiga tushib.) Innaykin, «bazmi jamshid»ni qizitmoq uchun may olib kirayin… (O’ylab.) Innaykinchi? Innaykin… Innaykin… Kuyov pochchaning buyruqlari bilan qo’yday bo’g’ozlatayin! Himmatingga balli, kuyov pochcha, himmatingga! Qilgan xizmatimizga xo’p g’alati mukofot bermakchisan, bilib yuribmiz. Dunyoda o’zingdan boshqa eslik odam yo’q deysan-a? Bo’ronboyni bizga qayrab solmoqchi bo’lasan, bilamiz! Bilib ishimizni qilamiz! (Tez chiqadir.)

O’N BIRINCHI MAJLIS

Hech kim yo’q (odamsiz sahna).

Uy ancha vaqt bo’sh qoladir. Ichkari eshikni sekingina ochib Xola kiradir. Uyoq-buqqa qarab hech kimni ko’rmagandan so’ng indamasdan chiqib ketadir. Bir ozdan so’ng tashqari eshikdan Polvon boshini tiqib qaraydir. Hech kim yo’q-ku, men, kelinoyim bormikanlar deb edim, deydir, bir oz uq-buyoqqa qarab turgach, boshini olib eshikni yopadir. Bir ozdan so’ng eshikdan Kal kiradir; qo’lida feruza gulli, chiroylik tilla chavgincha bilan bitta katta va bitta kichkinagina qimmatbaho xitoy piyolasi.

O’N IKKINCHI MAJLIS

Kal yolg’iz

Kal (savgincha bilan piyolalarni so’rining bir chekkasiga qo’ygach, choyshabning orqasidan-tokchadan katta bir la’l, ya’ni mis toboq oladir-da, so’rining qirg’og’iga –o’rta yerga joylashadir, so’ngra haligi narsalarini o’sha la’lning ichiga olib qo’yadir). Mana buning oti-«mayi nob»… Uzumning suvi… shu suvni ichkandan keyin, bizning marhamatli begimiz, beva bechoralarning ko’z yoshlarini to’kadirlar… Bizday beva-bechoralar begimiz uchun ko’z yoshlarimiznigina emas, qonlarimizni ham to’ka beramiz. Bizdaylardan mingtasini joni-bekning bir og’iz amri-ya! Lekin, O’lmas botirday odamning nozli qizi ham yosh to’kib qoldi-ku! Ha, dunyo-shunaqa: birovning ko’z yoshini birov qoldirmaydir. O’lmas botir ham bir kun yig’lab qolar, xudo biladir, hozir ham yig’lab yotibdirmi?.. Bek kelguncha mana bu uzumning ko’z yoshidan jindak ichib olayin! (Quyib ichadir.) Bu kecha «bazmi jamshid» kechasi: sal shirakayf bo’lmasam bo’lmaydir. (Ichkari eshikdan xola chiqadir-oldida Yorqin. Yorqin yasangan.)

O’N UCHINCHI MAJLIS

Kal, Yorqin, Xola

Kal (o’ynab-o’ynab). Keling-e, kelinposhsha-e… ko’zlarimiz to’rt, quloqlarimiz o’n to’rt, intizorimiz bir yuz to’rt, sabru toqatimiz mo’lt-mo’lt bo’ldi… (Xolaga yaqinlashib). Oqargan sochlaringizga qurbon bo’layin, ammajon! Xolajon! Kelinni xo’b yasantirib, oro berib, xonlarning qiziday qilib olib kiribsizmi? (Xola kuladir. Yorqin juda xafa.) Kelinni qoldirib o’zingiz sekin-sekin ichkariga qarab yo’rg’alasangiz ham bo’ladir. (Yo’rg’alab ko’rsatadir.) Hozir kuv to’ra, bizning jo’ra keladirlar!

Xola (Yorqinga nima qilay, deganday qilib qaraydir, Yorqin indamagach). Xayr, yaxshi qol bo’lmasa, bolam! Kuyoving bilan shirin-shirin o’ynashib, kulishib tong otdirg’il! (Qizning peshonasidan o’pib chiqadir.)

O’N TO’RTINCHI MAJLIS

Kal, Yorqin

Yorqin (juda ezilgan, umidsiz). Kal, beri kel. (Kal boradir.) Qani u?

Kal. Tashqariga chiqdi.

Yorqin. Bir-ikkita gapim bor edi, aytib olay deb edim, kirib qolarmi ekan?

Kal. Yo’q, gapirabering. Tashqarida Polvon bor, u kirib kelayotganida yo’taladir. Gapirabering.

Yorqin. Polvonga aytib qo’yganmisan?

Kal. O’zi biladir.

Yorqin. CHiq, aytib kel, bo’lmasa ko’nglim ishonmaydir. (Kal eshikdan boshini chiqarib aytadir.)

Kal. Gapiring, endi, qo’rqmang!

Yorqin. Hali ham ko’nglim tinchlana olmay yotibdi. Xayr, mayli, sekinroq gapiraman. (Og’ir, qaltirab gapiradir.) Ish yomon. Xola hech narsamni qo’ymadi, pichoqchamni ham olib qo’ydi.

Kal (kulib). Men ham uyda hech narsa qoldirmadim, hamma narsani olib qo’ydim.

Yorqin. Bu nima gap? Men endi bo’g’ib o’ldiramanmi? Qanday qilaman. Uni bo’g’ishga kuchim yetmaydir…

Kal (kulib). Noz bilan o’ldiring, noz bilan…

Yorqin (tajang, lekin og’ir). Kal, sen meni aldab yurganga o’xshaysan. Agar shu yo’l bilan jon saqlamoqchi bo’lsang, aldanasan. U vaqt men seni bir damda yo’q qildirishga yarayman. Lekin, men senga yaxshilik qilayin deb edim.

Kal (kulib). Men ham sizga yaxshilik qilmoqchi bo’laman. (Jiddiy.) Xotirjam bo’ling, men sizni aldamayman, va’damiz-va’da. Siz faqat, uyoq-buyoqqa ko’z solib, hushyor bo’lib tursangiz bo’ldi. Innaykin, siz unga «Kal bu kecha tugaydir, oxirgi marta bir o’yin qilib bersin!» deng. SHu-bas.

Yorqin. Bu nimaga? Foydasi bormi?

Kal. Oyimposhsha, Kal tog’angiz foydasi yo’q gapni gapirmaydir. (Jag’idan silaydir.) Men o’zim tashqarida-xuddi mana shu eshikning oldida bo’laman. Lozim bo’lsa chapak chalasiz. (Kulib.) Xotiringiz jam, ko’nglingiz beg’am, vazifangiz kam, ayshingiz «taralash» bo’lsin!..

Yorqin. Qiziqchiligingni qo’yatur, qilich-qalqon-chi?

Kal (sekin). Qilichni u o’zi olib kiradir. Qalqon keyin kerak bo’laturgan narsa, hozir qalqonsiz ham ish qilaberasiz. (Polvonning yo’talgan tovushi.) Ana, endi kelayotibdir!

Yorqin (sekingina). Yigitlar tayyormi?

Kal. E… u keyin bo’laturgan narsa. (Eshikdan Bek kiradir.)

O’N BESHINCHI MAJLIS

Kal, Yorqin, Bek

Kal (Bekni sevinch bilan qarshi olib). Kelinchak tayyor. O’g’rilik mol bo’lsa ham, lekin, juda joyida kelin, kuyov pochcha, keling. Qizginamiz muntazir sizga… (Bek yaqinlashadir, Yorqin bir chekaga chekinib turib, Bekka ta’zim bilan salom beradir.)

Bek. E qulluq, e, Oyimposhsha, qulluq! (Belidan qilichini yecha boshlaydir.)

Yorqin (darrov borib). Menga bersalar… (Olib supachaning bir chekkasiga qo’yadir.)

Bek. Yo’q, e, Oyimposhsha. U yerga qo’ymang: bu-sipohning qilichi; basavlat qilib qoziqqa ilib qo’yaylik! (Borib qilichni oladir. Yorqin besaranjon. Bek qoziq izlab uyni aylanadir.) Obbo kal o’lgur-e, hunarini ko’rsataman, deb uyda bitta ham qoziq qo’ymabsan-da! CHiroylik bo’lsun deganingdir-da endi. (Baland bir qoziq ko’rib uzalib turib sopidan osadir.) Qalay Oyimposhsha, chiroylik bo’ldimi?

Yorqin (zo’rg’a). Juda chiroylik bo’ldi… (Yorqin bilan Kal bir-birlariga hayron bo’lishib qarashadirlar.)

Bek. SHu kecha hamma narsa chiroylik bo’lsun-da! Qani, o’lturing!

Yorqin (Kalni ko’rsatib ishorat qiladir.) Xo’sh, o’ltiramiz…

Bek (Kalga). Bor, chiq, chaqirganimda kirarsan. (kal ta’zim qilib chiqadir.)

O’N OLTINCHI MAJLIS

Bek, Yorqin

Bek. Qani endi, Oyimposhsha, o’lturing. (Yorqin sekingina, adab bilan yoniga o’ltirar.) Qanday davlatga ega bo’lganimni o’zim ham bilmayman. O’ngimmi bu, tushimmi?

Yorqin. O’nglari, xudo xohlasa…

Bek. Xursandmisiz, oyim?

Yorqin (uyalib). Ming marta…

Bek. Ha-ha-ha! SHu choqqacha nimaga muncha tarang qildingiz?

Yorqin. Ilgariroq yetganlarida shoshilish bo’lar edi-yu, ehtimol, oz muddat uchun bo’lar edi. Endi sabr bilan, qanot bilan bo’ldi, endi umrlik bo’ldi…

Bek. Siz umrlik turishni xohlaysizmi?

Yorqin. Men otamning qiziman, shoxdan-shoxga qo’nib o’rganganim yo’q edi…

Bek. Ha-ha-ha! Ma’qul, ma’qul! Po’lat o’g’richi, u-shox emasmi?

Yorqin (qiynalib). U… oti bor, o’zi yo’q ekan… Uning otini eshitkanman, lekin, elining og’zini to’sib bo’lmas ekan, yukini ham mening bo’ynimga yukladilar… (Yig’laganday bo’ladir.)

Bek. (qo’lini Yorqinning yelkasiga qo’yib). Qo’ying, yig’lamang. Tegishib aytaman. Keling, yig’ini qo’ying, kulaylik, o’ynaylik. (Yorqinga kichik, o’ziga katta piyolaga may qo’yadir.) Keling, mana, yig’ingizni tarqatish uchun guldan yasalgan dori beraman.

Yorqin (oladir). Tikan suhbatida gul bo’lmasa bo’lmaydir, begim… (Ichadir.)

Bek. May o’tkir bo’libdirmi?

Yorqin. Mening uchun juda o’tkir.

Bek. Men uchun o’tkir emas-ku? (Yana quyadir.)

Yorqin (uyalib). O’tkirga o’tkir ta’sir qilarmidi?

Bek. Ha-ha-ha-ha! Ma’qul, ma’qul… Qani ichaylik!

Yorqin. Menga shu bittasi bas edi.

Bek. E, bu nima gap? Sizni «O’lmas botirning qizi» deb kim aytadir? Ichabering!

Yorqin. O’lmas botirning o’g’li emas, qizi deb hamma aytadir.

Bek. Ha-ha-ha! Ma’qul… Mayli shu bir piyolani iching!

Yorqin (oladir). Men bu kun janoblarining hamma buyruqlariga xo’p deyman, lekin buyruqlarni tanlash ishini ham o’zlariga havola qilaman. O’ylaymanki, buyruqlar o’zlariga munosib, shanlariga yarashar buyruqlar bo’lur deb… (Bek ichadir, Yorqin Bekning ko’zini g’alat qilib turib mayni to’kib tashlaydir.)

Bek. Bu gapingiz ham ma’qul… Buyruqni ham orqa-oldimizga qarabroq buyuraturganga o’xshab qoldik. Mayli, mayli! Xo’p!

Yorqin. Yo’q, begim, buyura bersinlar.

Bek (o’zi quyib ichib). Ishqilib buyruqlarni qaytarmaysizmi?

Yorqin. Yo’q, aslo.

Bek. Ko’p bo’lsa ham-a?

Yorqin. Qancha bo’lsa ham, qanday bo’lsa ham… Lekin mening buyruq emas, kichkina bir iltimosim bor, agar qabul bo’lsa…

Bek (o’zi quyib ichib). Ha, balli-e, ayting, jon bilan. Ko’z bilan…

Yorqin. Jonlari bilan ko’zlariga arzimaydir. Faqat bir og’iz so’z bilangina…

Bek (yana o’zi ichadir, boshi qizigan). Ayta bering, ayta bering!

Yorqin. Kalni oxirgi kunida bir o’yinga solsak deb edim… Bazm qizisa…

Bek (mast). Kalni? Kalnimi? Xo’p! Nima qilsa deysiz?

Yorqin. O’yinga solsak.

Bek. O’yinga solsak.

Bek O’yinga? Xo’p! Kalnimi? Xo’p! (CHapak chaladir.) Kalni o’yinga solsa! Xo’p! Dunyoni o’yinga solsak ham mayli! (Tikilib Yorqinga qarab turib birdan bo’yniga qo’lini tashlaydir.) Mana o’yin… O’yin… Yusuf-Zulayho o’yini… (Yorqinni o’pmak istaydir, Yorqin yuziga qo’lining oldi tomonini qo’yadir, Bek o’padir. Eshikdan Kal kiradir.)

O’N YeTTINCHI MAJLIS

Bek, Yorqin, Kal

Kal (kirib, o’zicha, birdan). Obbo, xudo urdi! (Kuladir.)

Yorqin (birdan qizarib). Ana, Kal kirdi!

Bek. A? Kal? Qani, Kal?

Kal. Mana men, begim! (O’zicha.) Arshi a’loga yetib qolibdir-ku, bu qari kuyov…

Bek. Bukun, bilasanmi, oxirgi kun!.. (Kelib.) A… Oxirgi kun deganimki… a… qizingning oxirgi qizlik kuni!.. SHu bukun bir o’ynab berasan, Kal!..

Kal. Xo’p, begim, xo’p. Oxirgi kun bo’laturgan bo’lsa, mana men ham o’ynayman, siz ham birgalashib o’ynaysiz!

Bek. Men? Men ham o’ynaymanmi?

Kal. Albatta, shu qizning to’yida siz o’ynamasangiz bo’ladirmi?

Bek. Xo’p, xo’p! Boshla o’yiningni!

Kal. O’yinning avvalida biz ham jindak tomoqni ho’llab, bek bo’lib olaylik!

Bek. (baqirib). Nima bilan Kal?

Kal (Bekka o’xshatib baqirib). Gul bilan…

Bek (kulib). Kal… Kal… Gul bilan… Gul bilan bek bo’ladirmi? (Quyib berib.) Xayr, bo’lsun! (Kal ichadir.) Qani, boshla endi! (Kal, turli hayvonlarning taqlidini qilib, oxirida ayiq bo’lib o’ynaydir.)

Bek. Ha-ha-ha! Balli, Kal, balli!

Kal (o’yinni tugatgach ta’zim qilib). Qani, turing endi kuyovpochcha, bir eshikka chiqib kelaylik!

Bek. Nimaga?

Kal. Siz ham o’ynamoqchi edingiz-ku!

Bek. Eshikka chiqmay… shu yerda.. shu yerda o’ynasak bo’lmaydimi.

Kal. Darrov chiqib kelamiz. SHunday eshikning tagiga… Men sizni yasantirib qo’yaman, qizim kulaturgan bo’lingda! (Bek «xo’p» deb o’rnidan turadir, Yorqin ham turib qo’l qovushtiradir. Kal Bekni yetaklab olib chiqib ketadir.)

O’N SAKKIZINCHI MAJLIS

Yorqin yolg’iz

Yorqin. Bu nimaga ishorat? (Bir-ikki qadam bosib.) Kal o’lgur nima uchun Bekni olib chiqib ketdi? (O’ylaydir, ko’zi birdan qilichga tushib.) Ha… yaxshi, Kal o’lgur nayrangni boplabdir. (Qilichga yaqinlashadir.) Tuzoq yaxshi qurilgan. «Men Bekni olib chiqib ketdim. Qaytib kirguncha yarog’li bo’l!» degani ekan. (CHo’ziladir, bo’yi yetmaydir; irg’ishlaydir, sapchiydir, yana yetmaydir.) Oh, bo’lmadi! Bo’lmadi! Ish buzildi… (O’ylab.) To’xta! (Yon-berisiga qaraydir.) Qo’yib chiqqunday narsa yo’qmi? (Devordagi choyshablarni ko’tarib qaraydir.) Yo’q! (May chavginchasini yerga qo’yib-bir oyog’i bilan ustiga chiqadir. Bo’yi yetmaydir, qo’li qaltirab yana tushadir.) Bo’lmadi, bo’lmadi! Eshikdan biror narsa topib kirayin, (CHavginchani joyiga qo’yib ichkari eshikka boradir, eshik berk, ochilmaydir.) Eshikni ham berkitib qo’yibdirlar… (Bo’shashib.) Ish qo’ldan ketdi, Bek Kalning xiylasini tushunib qolgan bo’lsa kerakki, qilichini juda baland joyga ilibdir. Hoy Kal o’lgur, ahmoq Kal, meni nobud qildi! Ilgarirak Kal o’lgurni yo’q qilib boshqa bir aqli borrog’i bilan gaplashsam bo’lar ekan. Kelib-kelib shu miyasi yo’q Kalga ishonamanmi? (O’ylab turib birdan supachaga chiqar, supachadan takchaga o’tar, undan yana bir takchaga o’tib qilichga cho’zilar. Yetay-etay deganda Polvonning yo’talgani.) Oh! (Irg’ib yerga tushar.) Nobud bo’ldim!.. Rasvo bo’ldim! Tugadim!.. Endi qutilish yo’q! (Eshikdan Bekni yetaklab Kal kiradi, Yorqin Bekni ko’rgach, ixtiyorsiz kulib yuboradir.)

O’N TO’QQIZINCHI MAJLIS

Yorqin, Bek, Kal

Kal (Bekni Yorqinga ko’rsatib). Mana bu kishi, sholipoyaning qorovuli bo’ladir. Hozir sholipoyada o’yinga tushganini ko’rasiz. (Bek tentiraklanib yuradir.) Boshlasinmi?

Yorqin (zo’rg’a kuchanib). Mayli, xohlasalar boshlasinlar.

Bek (Yorqinga yaqinlashib). O’ynasam… siz… siz o’ynasam… xursand bo’lasizmi?

Yorqin (og’ir). Albatta, bukun xursandlik kuni-da, begim…

Bek. Siz nima bilan… ishqilib nima bilan… xursand bo’lsangiz. (Raqs boshlamoqchi bo’ladir.)

Kal. SHoshmang begim, qayliqto’ra nay chalib bersinlar-da!

Yorqin. Men nay chalishni bilmayman.

Kal (qo’ynidan kichkinagina bir nay olib berib). Bu kecha noz sig’maydir, Oyimposhsha! Bek o’ynaganda siz chalib berasiz. Siz o’ynaganingizda Bek! Ha, boshlang! (Yorqin xohlamaganday olib o’yin kuyini boshlaydir. Kal katta mistoboqni olib childirma qiladir.)

Kal. Ha, barakalla, o’ynang shovvoz, o’ynang!.. (Mistoboqni chalib dam uyog’iga, dam buyog’iga o’tadir, aylanib yurib qizning yonida to’xtab sekingina.) Qilichni oldingizmi?

Yorqin (sekin). Meni nobud qilding, Kal… Bo’yim yetmadi.

Kal. Bo’yim yetmadi? Yomon bo’libdir-ku! (O’ylab.) Xayr, xafa bo’lmang, yo’li topilib qolar. (Bekka.) CHaqqon, chaqqon o’ynang shovvoz! Ha, mana men hozir havodor topib kelaman! Munday o’yinchini xon ham ko’rgan emas! (Mistoboqni chala-chala chiqadir. Bir ozdan so’ng yana mistoboqni chalib kiradir. Yana o’yin qiziydir. Bek, yaxshi o’ynaydir; mast bo’lsa ham berilib o’ynagani uchun yaxshi chiqadir. Bekning o’yinida qilich chopish, bosh olish, ot chopish, otni birdan to’xtatish, qalqon ushlash harakatlari bor. Kal bir ozdan so’ng Bekni to’xtatadir.) To’xtang, begim, ust-boshingizni tuzatib qo’yay, jindak buzilib qolibdir. Orqangizni o’guring! (Bek orqasini o’giradir.) Qizim, kuyovning qamarlari qalay? Yaxshimi? CHiroylikmi? Kelishibdirmi? (Bekning kamariga orqa tomondan otashkurak, qalamdon, supurgi va boshqa turli-tuman narsalar ilingan. Kal, o’shalarni tuzatmakchi bo’lib turib qo’ynidan pichoq oladir. Yorqinga ko’rsatib turib Bekning orqa tomonidan kamariga osib qo’yadir.) Mana, mana bu zarkokillarni, tumorchalarni ko’rdingmi, qizim? (Pichoqni Yorqinga yana bir ko’rsatib.) maza, qizim, maza? Munday kuyovni ikkala olamdan ham topa olmaysan!

Yorqin (xursand). Begim juda qiziq bo’libdirlar. (Kuladir.)

Kal. SHuning yetti pushti o’zi qiziq o’tkan.

Bek. Ha-ha-ha!

Kal. Kulmang, begim. Hali o’yinning uchdan birini ham o’ynaganingiz yo’q. Ha, boshlang shovvoz. (Yorqin juda sho’x chaladir, Bek ortiqcha mast, yana berilib o’ynaydir.)

Yorqin (chalishdan to’xtab, yengil). Kal, bas endi, begimni charchatmaylik.

Kal (Bekka). Bas endi shovvoz, bo’ldi. Keling, o’lturing. (Olib kelib o’lturg’izadir.) Endi men chiqib ketay, qizim sizga o’ynab bersin. (Sekin chiqadir.)


YIGIRMANCHI MAJLIS

Bek, Yorqin

Bek (ko’zlari qizargan, hirslangan). Poshshoxon, endi siz ham o’ynab berasizmi?

Yorqin (noz aralash). O’yin bilmayman. Bilganimni loyiq ko’rsalar jonim bilan… (Ta’zim qilib turadi.)

Bek. Qurbon bo’layin, o’ynang! (Orqasidagi osilgan narsalarni tortib uza boshlaydir. Yorqin ko’rib qo’rqib ketadir.)

Yorqin (tez borib, g’alati qarash bilan qarab). Men o’zim olib qo’yay! (Pichoqdan boshqasini olib yerga tashlaydir, pichoqning o’zi bilan bog’langan ipini kesadirda, pichoqni belning kamariga-orqa tomondan qistirib qo’yadir.) Bo’ldi, begim. Kal o’lgur kamarlariga ancha narsani ilib ko’zidan ekan…

Bek. Dunyoning hammasini ilib qo’ysa ham mayli, shu kecha… o’ynang, qo’ygan!

Yorqin (noz bilan nayni berib). CHalib bersinlar bo’lmasa… (Bek nayni olayotib Yorqinning qo’lidan tutib oladir. Ikkalasi bir oz jim qoladirlar. Bekning hirslangan ko’zlari qizda, qiz kulib-qizarib yerga qaraydir.) O’yindan keyin, begim. CHalsinlar!

Bek. Qaysi mashqni chalay, ko’zidan?

Yorqin. Hohlaganlarini…

Bek (qo’lini yana ham o’ziga tortib.) Ayting, ko’zidan!

Yorqin. Bo’lmasa «Dilxiroj»ni chalsinlar! (Bek Yorqinnnig qo’lini bo’shatib yuborib «Dilxiroj»ni sekin-sekin boshlaydir. Yorqin sekin-sekin yerga qarab uyni aylanadir. SHavq kuchayib-tezlangandan so’ng Yorqin o’yinga boshlaydir.) Yorqin uzoq, chiroylik, hirs qo’zg’atuvchi qilib o’ynaydi, tez-tez Bekning qarshisiga yo’rg’alab borib muqom qiladir. Bek juda qizib ketadir. Bek birdan nayni irg’itib tashlab Yorqinga qarab yuguradir. U, o’zini o’nglaguncha mahkam quchoqlab olib supachaga yotqizadir, Yorqin pastda, Bek ustida; Yorqin Bekni quchoqlagan bo’lib, turib belidan pchiqni oladi-da, to’shakchaning tagiga joylaydir.

Yorqin (qaltirab, zo’rg’a.) Begim, tursinlar, qiynalib ketdim…

Bek (ovozi titroq, yuragi o’ynoq). Bo’lmaydir, ko’zidan… Toqat qolmadi… Endi hech bir bahonaga unamayman… Meniki bo’lasizmi, yo’qmi? (Yorqin jim.) Bo’lasizmi, yo’qmi?

Yorqin (zo’rg’a). SHamning bittasini o’chirib, bittasini tokchaga olib qo’ysinlar!

Bek. Innaykin-chi?

Yorqin (zo’rg’a qaltirab). Innaykin… bilganlari!.. (Bek turib shamning bittasini o’chiradir, bittasini tokchaga-bir burchakka olib qo’yadir; supacha qorong’ulikda qoladir. Bu orada Yorqin pichoqni olib yengiga joylaydir. Bek yana -qichqirib kela boshlagach, o’rnidan irg’ib turib qochadir. Bek quvlaydir. Uzoq quvlashadirlar. Bek qutirgan tuyaday bo’kirib, quchog’ini ochib, hirs bilan quvlaydir. Yorqin, bir burchakka borib qisiladir. Bek, berigi burchakdan quchog’ini keng ochib, yugurib borayotganida Yorqin ham quchoq ochib yugurib keladir-da, pichoqni qattiq zarb bilan Bekning ko’kragiga qadaydir… Bek bir-ikki martaba yovvoyi tovush chiqarganidan keyin «gurs» etib yiqiladir. Yorqin pichoqni sug’urib tashlaydir, ranggi o’chgan, oppoq oqargan. Bir oz qo’rqib qarab turgandan keyin o’likning qo’ynida bir qog’oz ko’rib qoladir-da, darrov engashib oladir). Bu qanday qog’oz. (Boshini o’qib ko’rib.) Otamga! (Yugurib borib ikkala shamni ham yoqadir. Hansirab turib o’qiydir.) Bu nima? Bu qanday gap? Sira tushunmay qoldim? (O’ylab ketadir.) Mana buning qilgan hiylalaridan biri bo’lmasin? Otamni aldash, meni osongina xotin qilib olish uchun qurilgan tuzog’i bo’lmasin? (O’ylab). Ha… o’zi ham kecha maqtanib turib edi… SHu xil hiylalar Po’latning boshiga yetarmi ekan? (O’ylab turib birdan o’rnidan turib ketadir.) Agar boshiga yetkan bo’lsa-chi!.. Yo’q! Yo’q!.. Muning oldini… Gap yana Kalda. Kal chinakam odam bo’lsa bu ishni eplaydir. (O’ylab, birdan sevinib ketib.) Po’latni ilintirish uchun qurilgan tuzoq bilan yovlarini ilintirsak-chi? (O’zi kuladir. Birdan qarsak chaladir.) Kal, kal!.. (Eshikdan Kal kiradir.) Polvonni ham chaqir!.. (Kal Polvonni chaqiradir.)

YIGIRMA BIRINCHI MAJLIS

Yorqin, Kal, Polvon

Kal (kirib). Bu nimasi, Oyimposhsha! (Orqasiga tisariladir.)

Polvon (kirib). Ha, ish saranjom bo’libdir-ku! (Sira qo’rqmasdan o’likni tomosha qiladir.) SHunday azamat kishi-ya… (Yorqin o’ylanadir.) Kal, menga qara, haligi mendan olgan pichoq qani?

Kal (garang). Qaysi?

Polvon. E… haligina dandonsoplik pichog’imni olmadingmi?

Yorqin (uyg’onganday bo’lib). Qanday pichoq? Dandonsoplik dedingmi? Bekning boshini yegan pichoqdir? Men irg’itib yuborgan edim, qara!..

Polvon (qarab topib oladir). Qip-qizil qon bo’lib yotadir. (Olib arta boshlaydir.)

Yorqin. Kal! (Kal jim). Hoy, imonsiz, qo’rqoq Kal, menga qara! Bo’ronboylar nima bo’lgan?

Kal (zo’rg’a). Bo’ronboylar tayyor…

Yorqin. Sirdan ogohmi?

Kal. Ogoh…

Yorqin. Bo’lmasa, boshqalarini qo’yib turib eng kattasini-Bo’ronboyni chaqirib kel, bor1 (Kal indamasdan, sekin chiqadir.)

YIGIRMA IKKINCHI MAJLIS

Yorqin, Polvon

Yorqin (sekin yurib qilichning yoniga boradir. Ko’zi qilichga tushgach to’xtaydir). Polvon, beri kel! To’nkak bo’lib yot! Pastroq! (Ustiga chiqadir.) Sal ko’taril! Tag’in ham ozroq! Ha, bo’ldi! (Qilichni olib irg’ib tushadir.) Qulluq, senga Polvon! Xizmatlaringni aslo esimdan chiqarmayman. (Polvon Yorqinga yaqinlashadir. Ko’zlari hirslanib-yonib ketadir. Yorqin sezib qolib g’alati bir kulish bila kuladir, so’zni burib.) Po’lat botirni taniysanmi?

Polvon. Taniyman.

Yorqin (qilichni ko’rsatib). Mana shunday toza qilichlar mana bu Bekka o’xshagan noinsof zolimlarga emas, o’sha Po’lat botirga o’xshagan insofli, haq yo’lida tortishib yotgan azamatlarga kelishadir. Bu zolimlarga sening haligi pichog’ing ham uvol, hayf!… Lekin sening u pichog’ing tabarruk pichoq!.. U noinsof bir bekni o’ldirdi-yu, lekin meni, Kalni, seni, hammadan kerakligi bechora. Xolani o’limdan qutqazdi!

Polvon (birdan ranggi o’chib). Xolani? Qaysi xolani?

Yorqin. U… ichkarida oshxonada yotib turaturgan bir mushtipar kampir bor-ku? (Polvon jim, qattig’ oqargan, pichog’i qo’lidan tushadir. Yorqin unga qaraydir.) Yo… Yo… Bechora kampirni ham saranjom qildinglarmi? Nimaga ranging o’chdi? Polvon!..

Polvon (zo’rg’a). U kampir… mening onam!!

Yorqin (larzaga kelib). Sening onang!! (Ikkalasi ham jim.)

Parda tushadir