Yorqin oy/Beshinchi parda
BESHINCHI PARDA
Bu parda o’n uch majlisdan iboratdir
ARALASHADILAR
(kirish tartibi bilan)
CHol-dilkash, nuroniy chehrali bir chol, 60 larda.
Qorovul yigit-qo’shindagi yosh yigitlardan biri, 30 larda.
1 va 2 yigitlar-bular sham shunday.
Po’lat-bir oz o’zgargan, urush qiyofatida.
1 va 2 chopar yigitlar-yuqoridagilar kabi.
O’lmas botir –juda oz o’zgargan, faqat iztirob asari bor.
Kal-o’sha Kal, bu joyda juda jiddiy.
Po’latning qarorgohi Tog’ yonbag’riga tikilgan chodir, keng, uy kubi. Ziynat yo’q. Yolg’iz devorlariga qilichlar, qalqonlar ilingan. To’rida toshdan bir kishilik supacha. Ustiga bitta po’stak yopilgan. Uning yonlariga to’ngaklardan supachalar qilingan, ularning ustlarida gilamlar.
CHol yolg’iz, bir chekada o’ltirib xayol suradir. Bir ozdan so’ng o’zicha so’zlamakka boshlaydir.
BIRINCHI MAJLIS
CHol yolg’iz
CHol (o’zicha). Bu ishlarning oxiri nima bilan saranjom toparkan? Bu bog’bondan chiqqan botirimiz hech bir kuchga bo’yin egmak istamaydi. Bilmayman, uning ko’nglida xonga qarshi tog’-tog’ adovat bormi? (Jim.) Insof qilinmaydir; eng aqlli, donishmand odamlar ham insofini qo’lidan berganlar. O’lmas botirday donishmand, ziyrak odam bormi? U ham bo’lmas xonning etagiga yopishib olib, bukun, butun el-yurt dod deb turgan xonni qutqazmoq uchun tortishib yotadir. Tavba, zamonamizning donishmandlari zolimlarning duogo’yi bo’ldilar. Afsus, afsus! (Jim.) Lekin, xonlik bizning bog’bondan chiqqan Botirimizdan boshqaga kelishmaydir. Boshda 13-14 kishi bilan ish boshlab, mana 3 oyning haddida necha ming kishilik xon qo’shini bilan savashaturgan bir kuchga ega bo’ldi. Hamma qiliqlaridan ko’rinadirkim, munda mahzi adolatdan boshqa narsa yo’q. SHunday odamning qo’li yuqori bo’lmasdan, agar bir qonxo’r, zolimning qo’li yuqori bo’lsa… falak tugil har kimdan qaytib ketaman! (Jim.) Bu kunlar ishni uzil-kesil qilaturgan kunlar. Hozir Po’lat botir bilan O’lmas botir o’zlari maydonga tushkanlar. Bu kun yo erta bu kurash bartaraf bo’ladir. (Jim.) SHu choqqacha maydondan birorta odam kelmadi, bilmadik, nima xol bo’ldi ekan? Kech ham yaqinlashib keladir, bu kun ham bartaraf bo’lmay, ertaga qolarmikan? Qani, yigitlar so’ray-chi, nimalar eshitdi ekan. (CHaqiradir.) Hoy yigitlar! Yigit! («Hov!» degan tovush eshitiladir.) Buyoqqa kir! (Eshikdan Qorovul yigit kiradi.)
IKKINCHI MAJLIS
CHol. Qorovul yigit
Qorovul. Ha, ota zerikib qoldingizmi?
CHol. O’g’lim, maydondan hech bir xabar yo’qmi?
Qorovul. Yo’q, ota, hali-hozir hech bir xabar yo’q. Hech kim kelmay yotibdir. Ba’zida qattiq-qattiq qiyqirgan tovushlar sal-pal eshitilib qoladir. Yov yigitlari balandga tirmashib qoldi, shekilli. (O’ltiradir.)
CHol. Unday bo’lsa bukun bartaraf bo’lib ketarmikan, o’g’lim?
Qorovul. Na bilay. Kech yaqinlashib qoldi, bukun ham qolaturganga o’xshaydir. Lekin ota, yov yigitlari o’ngurga yetib qolgan emishlar. O’ngurga chiqib olsalar, ishimiz yomon emasmi?
CHol. Yo’q, bolam, o’ngurga chiqish juda qiyin. Agar bu yoqdan biz urib berib tursak, yovni o’ngurga yaqin yo’latmaymiz! (Bir oz jim.) Oh, bizning Po’lat botir yengib ketsaydi, o’g’lim, shu mamlakat ko’z yoshi to’kishdan bir oz to’xtar edi.
Qorovul. Hamma yurt Po’lat botirning tarafida-ku, shunday bo’lsa ham O’lmas botirning oshig’i olchi kelayotibdir, deydilar. Bilmadik, haq ham shunday xor bo’larmi ekan?
CHol. Haq-ku, hech vaqtda xor bo’lmaydi-ya, bir kun yana yuzaga chiqadi-ya. Lekin, bolam, Po’lat botirning uzugi yo’qolganidan beri ko’nglim qora, o’sha yo’qolishdan folibad qilaman.
Qorovul. Ha, aytgancha-ya: o’sha uzukni kim oldi ekan?
CHol. Mendan ilgari botirimizning yonida xizmat qilib yurgan masxaraboz bir Kal bor edi-ku? O’sha olib ketgan. Undan boshqa odam eplab ololmaydir.
Qorovul. Rosti ham, uzuk bilan birga o’sha Kalning o’zi ham yo’qolib ketdi-a?
CHol. Ha, barakalla, bolam, Kalda gap ko’p edi. (Jim.) Mana men o’sha uzukning yo’qolishini folibad qilaman, o’g’lim. U uzukda gap ko’p edi, tabarruk uzuk edi, bilasanmi o’g’lim, u uzukni bizning Po’lat botirimizga kim bergan?
Qorovul. Yo’q, ota, bilmayman.
CHol (sekin jilmayib). U uzukni Po’lat botirga O’lmas botirning qizi bergan…
Qorovul. Ha, ha, o’sha qiz bizning botirni yaxshi ko’rar ekan, deb men ham eshitgan edim.
CHol. Ha, barakalla. Po’lat botirimiz ilgari o’sha O’lmas botirning bog’boni edi-da. Xonning zulmiga chidayolmay, innaykin o’sha O’lmas botirning yomonliklariga toqat qilolmay, allaqanday bir dardi qo’zg’alib, mana bukun tog’larga chiqib o’ltiribdir. CHiroylik, ozoda, so’lim bog’larni tashlab, mana, bu sart toshli tog’larda yarim och, yarim to’q yuribdir.
Qorovul. Rost ota, rost. Bor bo’lsun, bizning botirimiz, lekin!
CHol. Bu kun «O’lmas botir qo’shin boshlab urushgali chiqar emish», degan ovoza bo’lib qoldi unda biz pastda-soyning bo’yida edik. O’sha ovoza botirimizning qulog’iga ham chalingan ekan, ilgari menga o’sha ovozani aytib berdi, innaykin kulib turib «O’lmas botirning eng tabarruk uzugi mening qo’limda; agar zolimlarning tarafini olib menga qarshi tig’ ko’tarsa, boshini ham uzukka qo’shib qo’ya qolaman», dedi. Ana shuni o’ylab turib uzukning yo’qolganidan folibad qilaman. (Tashqarida sharpa, qorovul yugurib chiqadir.) Kim keldi ekan? Maydondan xabar keldi, shekilli. (CHol ham chiqadir. Tashqaridan gaplashgan tovushlar eshitiladir. Bir yo’g’on tovush: «E… ish bo’lmay qoldi. Po’lat botir uch joydan yarador bo’lib yig’ildi, hozir olib kelayotibdirlar» deydir. So’zlasha-so’zlasha CHol bilan yana ikkita yigit kiradilar.)
UCHINCHI MAJLIS
CHol. 1 va II ichi yigitlar
CHol. Po’lat botir yarador bo’lib qatordan chiqqan esa, endi nima bo’ladir, bolam?
I yigit. O’zi yarador bo’lib yiqildi-yu, lekin, darrov Yo’lchibekni chaqirib olib o’rniga qo’ydi: «Mahkam bo’lasan, bo’shashmaysan, bugun chidab bersang, ertaga yov bo’shashadir» dedi.
CHol. Bilmadim. Bolam, foydasi bo’larmikan?
II yigit. Yo’lchibek ham Po’lat botirdan qolishmaydir-ku, lekin, yigitlarning mazasi qolmadi. Ayniqsa, o’ngurdagi yigitlar juda yomon charchadilar.
CHol. Bu gapni gapirma, bolam, agar bu gaping rost bo’lsa yurtning yana sho’ri quridi. (Tashqarida sharpa g’ovur-g’uvur, «yo’l ber! Qoch! Sekin-sekin!» tovushlar.)
I yigit. Botirni olib keldilar, shekilli. (Yugurib chiqadir, orqasidan II yigit chiqadir, chol qolib Po’latning joylarini tuzatadir. Po’lat, ikki yigit, ularning bo’yinlariga qo’lini tashlagan. Kiradir. Sekingina joyiga o’tqazib, bir necha bolishga yonboshlatib qo’yadirlar. Uning yaralari bog’langan, o’zi garang-karaxtdir. CHodir yigitlar bilan to’ladir.)
TO’RTINCHI MAJLIS
CHol, Po’lat, yigitlar
Po’lat (bir ozdan so’ng boshini ko’tarib sekingina ko’zini ochadir). Muncha kishi bu yerda nima qilib turibsizlar? Bir menga, jindek yaraga shuncha odammi? Boringlar, boringlar, maydonga kiringlar! Yovni yengmasdan kelsanglar, men sizdan rozi bo’lmayman? (Hamma bir-bir chiqadir.)
BESHINCHI MAJLIS
Po’lat, CHol
(CHol ham devordan bir qilich olib chiqa boshlaydir.)
Po’lat. Ha, ota, siz qaerga ketayotibsiz?
CHol. Bolam, urush maydoniga. (Kulib.) Yovni, xudo xohlasa, mana men yengib kelaman!
Po’lat. Himmatingizga balli, ota, lekin, mening yonimda qolganingiz yaxshi, siz bilan gaplashaturgan gaplarim bor. (CHol indamasdan qilich-qalqonni joyiga qo’yadir.) O’lturing!
CHol (yaqin kelib)! O’g’lim, yarangni o’zim dori-darmon qilib, yaxshilab qayta boshdan bog’lab qo’yaymi?
Po’lat. Yo’q ota, o’lturing. Yara degan narsa hech gap emas, tezdan tuzalib ketadir. Birdan uch yerimga qilich tegmaganda, qatordan chiqmas edim. (CHol yaqiniga o’ltiradir.)
CHol. Bir qilich o’ng qo’lingga tegibdir, bolam. (Bir oz jim.) CHap qo’ling bilan qilich chopa olmaysanmi?
Po’lat. Yo’q ota, bizning ponsotlarimiz orasida ham chap qo’l bilan qilich chopaturganlari yo’q. Yigitlarimiz orasida ham ikkitagina bor.
CHol. O’lmas botir chap qo’lida chopa olar ekanmikan?
Po’lat. O’lmas botir demang, O’lmas deng: O’lmas ham demang, qonxo’r deng, qonxo’r! (Bir oz jim.) U chap qo’lida ham chopadir… Hatto… uning qizi ham chap qo’lida chopar edi… (Yuzida uzoq bir xayol seziladir.)
CHol. Aytkan-cha, o’sha qiz qaerda ekan hozir?
Po’lat (uzoq jim, so’ngra). Ota, bir sir bor edi, sizga aytmasam bo’lmaydir, bir haftadan beri berkitib keldim, endi berkitishga imkon qolmadi.
CHol. O’g’lim, mendan hech qanday siringni berkitma. Men sening uchun kerak bo’lsa, jonimni berishga tayyorman.
Po’lat. Qulluq, ota, qulluq. (Og’ir dam olib.) O’sha qiz bilan mening o’rtamdagi gaplarni eshitganmisiz?
CHol. Ha, bir oz eshitkanman, bilaman.
Po’lat. O’sha qizning otidan bir xat oldim.
CHol. Xat? Qiziq, qanday xat?
Po’lat. Xatda: «Mening boshimga yomon kunlar tushdi, xudo xohlasa, tez fursatda qutilib sening yoningga boraman. Iloji bo’lsa, yigitlaring qatorida bir yigit bo’lib urushga kiraman» debdir.
CHol. O’g’lim, yomon odamlar yana tag’in birorta sho’rni sening boshingga ag’darish uchun qilmaydilarmi ekan? Ehtiyot bo’l, o’g’lim.
Po’lat. Bilmadim, ota, bilmadim, men bu yerda, otasi ham bu yerda bo’lgandan keyin u qiz qanday qilib mening yonimga kela olar ekan?
CHol. Uzuging yo’qolganidan, o’g’lim, men folibad qilib qoldim. Ishqilib, ehtiyot bo’l.
Po’lat. Ota, xotin kishi aralashgan ishda folibadlar ko’p vaqt to’g’ri keladir. Lekin, men xotin kishidan ko’lankaga o’xshab hammavaqt qochib yuraman-ku?
CHol. Xotin kishi qochganni battar quvalaydir, bolam. Sen ko’lankaga o’xshab qochsang, u oftobga o’xshab quvlaydir. Ishqilib, seni tangri asrasin, bolam.
Po’lat (og’ir). Ota, folibadingiz to’g’ri. Yov yigitlari o’ngurga yetib qoldilar. Bizning o’ngurdagi yigitlarimiz juda yomon charchagan. Endi, biz yutqizamiz, shekilli… (Jim.) Yarash so’rab O’lmasga elchi yuborsakmi deyman? Hozir yarashsak, hech bo’lmaganda, yigitlarimizning jonlarini saqlab qolish sharti bilan yarashib olar edik. Ular o’ngurga chiqsalar biz tamom bo’lamiz! (Uzoq jim. Tashqarida sharpa, g’ovur-g’ovur, bir ozdan so’ng hansirab-hovliqib, bir yigit kiradir.)
OLTINCHI MAJLIS
Po’lat, CHol, bir chopar yigit
I chopar (hansirab so’zlaydir, qorovul yigit chodirning eshigi yoniga kelib tinglab turadir). Botirim, yov yigitlari o’ngurga chiqishib qolishdi. Yo’lchibek berigi tarafdagi yigitlardan birmunchasini o’ngurga ko’chirdi, hozir o’ngurda juda yomon qattiq chopish bo’layotirdir, Yo’lchibekning o’zi ham o’ngurda.
Po’lat (uzoq o’ylagach). Katta-katta toshlarni ag’darib soy bo’yi yo’lini butkul berkitib tashlanglar va u yerdagi yigitlarning hammasini o’ngurga jildiringlar. Bir ish qilib yovni o’ngurdan haydab tushirish kerak. Bir nechta kishi balandga chiqib o’ngurga tosh yumalatsin, o’zimizning yigitlar qo’shilib nobud bo’lsa ham mayli… Ishqilib yovni o’ngurdan pastga haydash kerak. SHunday qilsak yovning ancha shashti qaytadir. Ungacha biz buyoqdan to’g’rilaymiz… Boshqa iloji yo’q! Bor! Tez borib Yo’lchibekka ayt! (/ijinib.) Agar qo’lim yarador bo’lmasa o’zim borar edim! (CHopar chiqadir.)
ETTINCHI MAJLIS
Po’lat, CHol
Po’lat (og’ir). Bo’lmaydir, otajon, bo’lmaydir. Har nima qilganimizda ham bo’lmaydir. O’ngurni saqlash yov pastda vaqtida mumkin edi, endi yov yigitlari o’ngurga chiqib solishayotgan bo’lsa, uni saqlab bo’lmaydir. (O’ylab ketib). Yana yuztagina yangi charchamagan yigitim bo’lsaydi, yovni o’ngurdan surib tushirib, yo’llarga tosh yumalatdirib yuborar edim. SHunday qilsak yov charchaguncha o’zimiz ham turish bera olar edik. Yovning charchashiga ham ko’p qolmagan edi…
CHol. Noumid bo’lma, bolam. Haligi aytganlaringni qilsalar ish yana jonlanib ketar.
Po’lat (og’ir). Yo’q, ota, ish qo’ldan ketgan. Kechgacha qatorimizning o’zi ham buzilg’usidir. Yigitlarimiz bitta-yarimta qocha boshladilar. Ular ham ishning xunuk borishini sezib qoldilar, shekilli. Yo’lchibekka o’xshagan eslik, botir, o’lsa ham maydonda mard ketaturgan yigitlarimiz kam. O’lmas tomonda bo’lsa unday yigitlar bitta ham yo’q… Hammasi O’lmasning haybatidan qo’rqib urushadir. Bo’lmasa, u qonxo’r o’sha yigitlarning bittasiga bo’lsun kulib muomala qilgan deysizmi? Yo’q, yo’q, hammavaqt g’azabu qahr… Bizda, xudoga shukur, birmuncha mard yigitlar bor. SHunday bo’lsa ham biz yutqizamiz… (Og’ir dam olib.) Biz charchadik. Endi yigitlarimiz chiday olmaydirlar. Haligi qochishlari ham zerikkanlaridan. Men ishning xunukligini yarador bo’lmasdan burun bilgan edim. Yo’lchibekni ish boshiga qo’yib, yigitlarni qiziqtirganimning sababi, shu yarash taklif qilingan vaqtda dushmanni ba’zi bir shartlarga ko’ndirmak uchun edi. (Qat’iy.) Endi, ba’zi bir shartlarni qo’yib turib yarashmakdan boshqa chora yo’q!
CHol (og’ir dam olib.) Bolam, bu qanday gap? Men o’zimga folibad qilib yurgan bo’lsam-da, yengishdan sira umid uzmagan edim… Axir, biz haq edik.
Po’lat (og’ir, zaharli jilmayib). SHunday ekan-a, ota, haq ham joyi kelganda, shunaqa yengilib berar ekan… (Qat’iy.) Hozir ikki tarafli bo’lish mumkin emas, ishni qizig’ida bir taraf qilish kerak.
CHol. Yana o’zing bilasan, bolam. Men sendan ajralmayman. (Bir oz jim.) Xo’sh, endi nima qilmoqchi bo’lasan? (Po’lat jim, Po’latga qaraydir!)
CHol. Endi nima qilmoqchi bo’lasan, dedim.
Po’lat (o’yda). Endimi? Men ham shuni o’ylab turibman. (Uzoq jim. So’ngra birdan.) Ota, men bir ish qilib maydonga borayin, uyoq-buqqa ot chopib yigitlarni qiziqtirib turayin. Siz yigitlardan ikkitasini olib elchilikka boring!
CHol. Voy, bolam-e.. kelib-kelib yovning yoniga omon tilashga boramanmi?..
Po’lat (qat’iy). Boshqa iloji yo’q. Hozir borsangiz yengilgan bo’lib bormaysiz, albatta, ba’zi bir shartlarni qo’yamiz. Qabul qilib yarashsa-yarashdi, bo’lmasa bitta qolgunimizcha urushib, mardlarcha o’lamiz-da! SHartlarimizga unasa, yigitlarimizning jonlarini salomat saqlab qolar edik, hammadan ham ularning ota-ona, qavm-qarindoshlarini, bizning o’z boshimiz mayli, keta bersin… shartlarimizni, inniykin, boshqa gapira turgan gaplarni yo’lda aytib beraman. Mening otim shu yerdami?
CHol. SHu yerda bo’lsa kerak. Xabar olaymi? (CHiqadir, tez qaytib kirib.) SHu yerda ekan.
Po’lat. Turaylik bo’lmasam. (O’rnidan turadir, chol yo’lamakchi bo’ladir.0 Qo’ying, ota, o’zim baquvvatman. (CHiqa boshlaydirlar, tashqarida yigitning tovushi: «Oq bayroq! Kim u, g’or tomondan oq bayroq ko’tarib kelayotganlar?» Bular joylarida to’xtab qoladirlar. Yigit so’zlaydir: «u… buyoqdan bir yigit chopib kelayotibdir. Hoyov! Hoy!…» Bular bir-birlariga qaraydirlar.)
Po’lat. Ota, nima gap? «Oq bo’yroq» deydirmi? Nima balo. Biznikilar o’zlaricha oq bayroq ko’tarib yuborgan bo’lsalar-a?
CHol. Yo’q, bolam, biznikilar sening buyrug’ingdan chiqmaydirlar. (Tashqarida yigitning tovushi: «Urush ham to’xtaydimi, deyman? SHovqin-suron eshitilmay qoldi. Hoy yigit, Tez kel! CHop!!)
Po’lat. Yigit kim ekan? Bir balo bo’lganga o’xshaydir…
CHol. Bolam, yigit kelguncha o’ltirib tur. Bo’lmasa toliqib qolasan. Yigit kelsin, ahvolni bilaylik, shunga qarab ish qilarsan. (Sekin borib joylariga o’ltiradirlar.)
Po’lat. Ko’nglim allaqanday og’ir voqealarni seza boshladi. (Birdan.) Yo’q, ota, biz qo’limizdan kelganni qildik. Agar yenga olmasak ham bizni hech kim ayblay olmaydir. Hali ham uch-to’rt oydan beri savashamiz! Hech bo’lmaganda nomimiz qoladir-ku! Bizdan keyingilar jabru zulmga qarshi mana shunday bosh ko’tarib chiqishning mumkinligini bizdan o’rganib qolsalar, shu ham biz uchun katta gap! (Tashqarida yigitning tovushi.) «Kimsan, hoy yigit? CHop! Tez bo’l!» Yigit ham tezroq kela qolmadi… (Jim. Tashqarida ot yurgan tovushlar, oyoq tovushlari: boyagi yigitning tovushi «CHoparmisan? Bor, kir! Orqangdagi oq bayroq ko’targan otliqlar kim? Nimaga javaob bermaysan? Hoy!!! II chopar hansirab, hovliqib kiradi. Orqasidan dumma-dum qorovul yigit. U, eshik oldida to’xtab tinglaydir.)
SAKKIZINCHI MAJLIS
Po’lat, CHol, II chopar
II chopar (hansirab). Botir!
Po’lat (og’ir). Hovliqma! Nima gap!
II chopar (bo’g’iqroq hansirab). Yov yigitlari bilan o’ngurda juda qattiq urush bo’layotgan edi, yov tomon birdan har yerda oq bayroq ko’tarib yubordi, ular, har joyda barobar urushdan to’xtadilar. Biz ham to’xtadik. Hozir har kim turgan joyida turib qoldi.
Po’lat. Siz oq bayroq ko’tarmadingizmi?
II chopar. Yo’q. Biz ko’targanimiz yo’q. Yo’lchibek aytdiki, «Yov urushdan to’xtasa, biz ham to’xtab dam olaylik. Lekin, bayroqni Botirdan beruxsat ko’tarmaylik!» dedi.
Po’lat. Barakalla, juda yaxshi qilibdir. Tez borib ayt: hali bayroq ko’tarmay tursinlar. Kerak bo’lsa, o’zim buyuraman. (CHolga.) Yo’lchibekning ancha esi bor. Lekin qo’li yuqori bo’lib turgan vaqtida.. (birdan II choparga) Nimaga qarab turibsan? Bor, tez!
II chopar (sekin). Boshqa gap-molingiz yo’qmi ekan deb edim… (CHiqa boshlaydir.)
Po’lat. To’xta, menga qara! Sening orqangdan kelayotgan oq bayroqlilar kimlar?
II chopar. Men ko’rmadim.
Po’lat. Ko’rmadim? (CHaqiradi.) Yigit! (Eshik oldida tinglab turgan qorovul yigit kiradir.) Boya nima deb turgan eding, oq bayroq ko’targanlar dedingmi?
Qorovul. Ha, boya oq bayroq ko’targan otliqlar yiroqda ko’ringan edilar, endi hozir ular ham yaqinlashib qoldilar.
Po’lat (II choparga). O’shalarni sen ko’rmadingmi?
II chopar. Yo’q, men ko’rmadim.
Qorovul. Botirim, bu bilmasa bilmayturgandir. Ular mana bu o’ng tomondan-g’orning tagidagi yo’l bilan kelishib yotadirlar. Bu bo’lsa mana buyoqdan, o’zimizning katta yo’ldan keldi.
Po’lat (o’yda). Ha… shunday degin. (Bir oz jim. Birdan.) Bor, ishingga bor! (II choparga.) Tez bo’l, sen boyagi gaplarni Yo’lchibekka yetkaz! (Ikkalasi chiqadirlar.)
TO’QQIZINCHI MAJLIS
Po’lat, CHol
Po’lat (o’yda). Ota, hali men nima deb turib edim? Gapim chala qoldi. (CHol jim, bir oz o’ylagach.) Ha… men demakchi edimki, qo’li yuqori kelib turgan vaqtida yovning birdan bu xilda oq bayroq ko’tarishi nimaga alomat bo’lar ekan?
CHol. Bir hiyla-nayrang bo’lmasin deyman, bolam.
Po’lat (kulimsirab). Qo’li yuqori kelgan tomon hech vaqtda hiyla qilmaydir, balki, kuchiga ishonadir. Hozir, hiylani biz qilsak bo’lar edi. Undan keyin: O’lmas degan narsa aslo munday joyda xiyla ishlataturgan odam emas, u o’z kuchiga juda ortiqcha ishongan kishidir.
CHol. Bo’lmasa bu ish nimaga ishorat bo’ldi?
Po’lat. Men ham shunga hayronman. Har nima bo’lsa ham bizga ancha foydasi bor: nimaga desangiz, bizning yigitlarimiz bir oz dam oladirlar. (O’ylab ketadir, so’ngra sekin.) Yo-biz tomonda, yo-ular tomonda bir gap bo’ldi, shekilli.
CHol. Biz tomonda bo’lsa, biz bilmas edikmi?
Po’lat. Biz tomonda o’zimiz bilmayturgan narsalar bo’lsa ham mumkin. Lekin, biz bilmagan narsani, ehtimol, yovimiz bilaturgandir. (Bir oz jim.) Nima bo’lsa hamki, agar shu ish bo’lmasa, oq bayroqni yo biz ko’tarar edik, yo yer bilan yakson bo’lar edik. Hozir harna yengilmagan bo’lib to’xtadik. (jim. Uzoq jimlikdan so’ng tashqarida yigitning tovushi.) Hoy otliqlar, kimsan? SHoshma! O’rningdan qimirlama! O’zim boraman! (Yiroqdan gaplashgan tovushlar eshitiladir. So’ngra ot yurgan tovushlar, oyoq tovushlari, gap, bir ozdan so’ng qorovul yigit shoshilib kiradir.)
O’NINCHI MAJLIS
Po’lat, CHol, qorovul
Qorovul (kirib). Siz bilan ko’rishmakchi bo’lib O’lmas botir kelibdir.
Po’lat (hayron). O’lmas botir? O’zimi? Bilib aytasanmi?
Qorovul. Orqasida bitta yigiti ham bor. U yigit oq bayroq ko’tarib keldi. Bizning yigitlardan ikkitasi boshlab kelibdir.
Po’lat (o’ylab). O’lmas o’zining kuchini bir ko’rsatib olib, innaykin yarashmakchi bo’ldimi ekan? Haligi qattiq turish bilan bu oq bayroq ko’tarish o’rtasida bir aloqa bor. Lekin elchi yubormasdan o’zi kelgani nima? (Bir oz jim.) Xayr, bor, «Marhamat qiling!» degil. Ota, joylarni tuzatibroq qo’ying! (Yigit chiqar, chol joylarni o’nglaydir.) O’zingiz ham shu yerda-bir chekada o’lturing. (CHol bir chekada o’ltiradir. Eshikdan O’lmas botir yolg’iz kirib keladir. Po’lat bir-ikki qadam bosib borib ko’rishadir-da, o’z joyiga uni o’tqazib o’zi yaqiniga o’ltiradir. Jim.)
O’N BIRINCHI MAJLIS
Po’lat, CHol, O’lmas botir
Po’lat. Xush kelibdilar.
Botir (og’ir). Xushvaqt bo’l! (Yana jim.)
Po’lat. Nima xizmatlari bo’lsa?
Botir (og’ir). Urush to’xtadi: qo’lim yuqori bo’lsa ham oq bayroqni men avval ko’tardim. SHuning sababi to’g’risida sen bilan gaplashmakchi bo’laman.
Po’lat. Marhamat qilsinlar, jon qulog’i sizda!
Botir. Men, mahramimni ham olib kelib edim, uni tashqarida qoldirdim. Sen bilan yolg’iz gaplashmakchi edim.
Po’lat. Bu kishi mening juda yaqin mahramim, balki otam o’rnidagi kishi. Agar bemalol bo’lsa, sizning mahramingizni ham chaqirsak.
Botir. Po’lat, hozir sen bilan bizga dunyoda hech bir mahram, do’st, ota-ona demasdan, yolg’iz gaplashaturgan vaqt kelib qoldi.
Po’lat (darhol). Ota, siz chiqib turing! (CHol chiqa boshlaydir. Orqasidan.) tashqaridagilarni ham chodirdan narigaroq olib borib turing! (CHol chiqadir. Botirga.) Endi ikkiovimizdan boshqa hech kim yo’q. Marhamat qilg’aylar.
O’N IKKINCHI MAJLIS
Po’lat, O’lmas botir
Botir. Men sening mardligingni bilganim uchun sen bilan maydonda uchrashganimga juda xursand edim. SHu uchun urushda bir martaba ham hiyla ishlatmadim, hammavaqt senga hurmat bilan urush qildim.
Po’lat. Siz yurtga-elga qarshi xon tomonidan bir hovuch zolimlar tomonidan urushib yotganingiz uchun sizga juda qattiq g’azabim bor. Innaykin: o’sha xonning nohaqligini o’zingiz bila turib, bizning haqligimizga tushunib turib bizga qarshi tig’ ko’tarasiz, bu yana badtar g’azabni keltiradir. SHunday bo’lsa ham, sizday ulug’ Botir bilan mardlar maydonida sinashib qolishganim uchun men ham ko’p xursand edim.
Botir. Lekin mard degan hammavaqt mard bo’lishi kerak. Innaykin: har narsada mard bo’lishi kerak. Sen, menga kuching yetmasligini bilganingdan keyin mardlarcha o’lib ketmasdan, yo-tuzukroq bir shart qo’yib yarashmasdan, nomardlik yo’liga kirding.
Po’lat. Nomardlik yo’liga kirdim? Xo’sh, qanday qilib?
Botir (juda jiddiy). Po’lat, bilib turib bilmaslikka solishing bu yana katta nomardlik. SHu nomardlik bilan yutmoqchi bo’lsang, xato qilasan: men yana urush boshlayman, lekin, bu safar seni juda yomon qilaman. SHundan keyin sen bilan nomardlarcha urushaman. U holda senga, yigitlaringga, ularning qavm-qarindosh, bola-chaqalariga, qishloq ellariga zarra marhamat yo’q! Bildingmi? SHuncha behuda qon to’kilib, qancha xonadonlarning yer bilan yakson bo’lishiga sening birgina nomardliging sabab bo’ladir.
Po’lat (hayron). Nima demakchisiz, Botir?
Botir (bir oz yumsharib). Agarda shu nomardligingni hali hech kim bilmagan vaqtda bir ish qilib yuvib yuborsang, mening behaddu poyon g’azablarimni bossang… O’zingga, yigitlaringga-hammangga omon berib, mardlarcha bir yarash qilaman. Bo’lmasa dunyo qonga botadir, qonga! Bildingmi? (Yumshoq.) Lekin, Po’lat, men seni yaxshi bilaman: senga nomardlik qo’l kelmaydir, yarashmaydir.
Po’lat. Men hech bir nomardlik qilmadim. Qilmayman ham. Siz, qaysi bir ishimni nomardlik deysiz? Ayting, axir!
Botir (ko’ziga qarab olib). Yorqin qaerda?
Po’lat. Qizingiz Yorqinmi?
Botir. Ha, o’sha baxtiqaro qizim Yorqin.
Po’lat. Men qaydan bilayin uni?
Botir. U ishing bir nomardlik edi, mana bu tonishing ikkinchi nomardlik bo’ldi. Po’lat, chinakam shuncha nomardmisan?
Po’lat. Nomard degan so’zni eshitganimdan ko’ra o’lganim ming daraja ortiq. Mening ham g’azabim qaynay boshladi. Ayting, Botir, men nima nomardlik qilibman?
Botir. Rost ayt, mardlarcha gapir. Yorqinni nima qilding?
Po’lat. Hech narsa qilmadim va qilmoqchi ham emasman!
Botir. Agar qilgan ishingni guvoh bilan yuzingga chaplasam nima qilasan?
Po’lat. Guvoh yo’qki, chaplasangiz?
Botir (yonidan bir xat olib Po’latga irg’itadir). Mana guvoh, nomard bachcha, mana guvoh?
Po’lat (xatni tezgina olib). Men xat o’qishni bilmayman, ruxsat bering, mirzamni chaqiray. Yo-o’zingiz o’qib berasizmi?
Botir. Bu sirni sen-mendan boshqa hech kim bilmasligi kerak. Ishonsang men o’qib beraman. SHuni bilgilkim, bu to’g’rida na senga va na menga qilcha hiyla ham to’g’ri kelmaydir: bu ish-mening baxtiqora qizimning nomusi to’g’risidagi ish-a? bilib qo’y!
Po’lat. Men sizga ishonaman. O’qing, tezroq shu tuhmatdan qutqaring!
Botir (o’qiydir). G’alaba va muzaffariyat qo’shinining sardori ulug’ botirimiz O’lmas botirga salomdan so’ng andog’ ma’lum bo’lsunkim, g’ismat xaramida parvarish topgan qizingiz Oyimposhshani o’zlarining jang maydonida bo’lganlarida fursat topib badkirdor dushmanlari va yalangoyoq-besarupolar sardori Po’lat o’g’ri odam yuborib, bir kechada o’g’irlatib ketibdir. Albatta janoblarini jang maydonida azmlaridan qaytarmoq va o’zining shaytoni nafsiga fido qilmoq uchun bo’lsa kerak. Bu sirdan yolg’iz men ogoh bo’ldim va yolg’iz janoblariga ma’lum qildim. Kamina qullari ham ismatpanoh hamshirani badnafs dushmanning qo’lidan qutqazib olishga har yo’l bilan kushish qilg’umdir. Tangri madad bersa yaqin fursatda hamshiraning qutqarilganini sevinchilasam kerak, deb Nishobsoy bosqoqligining begi kamina qullari». (Xatni yana Po’latga otib urib.) Bu nima, bu?
Po’lat (yonidan bir xat olib O’lmas Botirga qarab irg’itadir.) Nima bu? (O’lmas botir tez ochib ichida o’qiy boshlaydir.) Ovozingizni chiqarib o’qing, men ham eshitay. Ikkalamiz barobar guvoh bo’laylik!
Botir (o’qiydir). «Po’lat! Boshimga yomon qiyin va og’ir kunlar tushdi. O’zimni qutqarish chorasiga kirdim. Yaqinda yoqamni shu halokatdan qutqara olarman, deb umid qilaman. Agar sihat va salomat qutilsam, uyga qaytmayman, to’ppa-to’g’ri sening yoningga borib, bir yigit qatorida urushga kirmakchi bo’laman. Dunyoda hech bir xotin kishi qilmagan ishni men qilay! Dunyoda hech bir erkak qilmagan ishni sen qilib turasan, dunyoda hech bir zolim qilmagan zulmni mening otam qilib turadir. Bo’sh kelma, haqsan! Haq yo’lda sening, mening nomusim ketsa… mayli!
Diydoringga mushtoq: Yorqin.
Po’lat. Bu nima, bu?
Botir (hayron). CHinakam, bu nima?
Po’lat. Mening xat-savodim yo’q. Xatni o’zingiz o’qidingiz, nima gap bu? Qanday gap?
Botir. Yorqinni o’g’irlagan sen emasmisan?
Po’lat. Men qiz o’g’risi emasman va bo’lmayman ham! Men, toju taxt o’g’rilari bilan mardlarcha olishib turgan bir yigitman! Sizning qizingizni o’ylashdan ham qo’rqaman…
Botir. O’ylashdan ham qo’rqasan? Nimaga?
Po’lat. Jang maydonida yolg’iz jangni o’ylash mumkin. Xayol yolg’iz jangda bo’lishi kerak. Xayolni boshqa narsalarga bo’lingan kishilar, jang maydonida yutqizadirlar.
Botir (o’zicha). Xayoli bo’lingan kishilar jang maydonida yutqizadirlar… To’g’ri, rost! (Po’latga.) Po’lat, men qizimni qayda bo’lsa ham topishga tegishman. Sen o’g’irlatdirmasang kim o’g’irlatdiradir uni? Uning sendan boshqa ilingani yo’q…
Po’lat. Botir, u-menga elingan bo’lsa, elingandir, munga men aybli emasman, qizingizning o’zi aybli… Men unga elinganim yo’q… Ayniqsa, hozirgi vaqtda men sizni mardlarcha yengishdan boshqa narsaga elina olayman!
Botir (og’ir). SHu uchun sen baxtlisan, Po’lat! Jang maydonida ko’ngli tinch bo’lganlar yengadirlar. Mening ko’nglim vayron bo’ldi… (Jim.) Jang maydoni senga o’xshagan-xotini, qizi, bola-chaqasi, ishqilib, boshqa ilinchagi bo’lmaganlarning maydoni! Mening ham hech kimim yo’q… Faqat birgina qizim borki, u –men uchun har narsa (qattiq) qizimning nomusi o’rtaga tushsa mamlakati, yurti, xoni, xonbachchasi… har narsasidan kechib yuboraman! (bir oz jim.) Mening qizim-qiz emas, farzand emas, boshimga bitgan balo! Xatini eshitdingmi?» Dunyoda hech bir xotin kishi qilmagan ishni qilar emish…» «bu yo’lda nomusidan ham kechib yuborar» emish… (SHovqin solib.) Oh, bolam, bolam! U nomus o’ziniki emas, otasiniki ekanin bilmaydir!.. Men kimman, mening nomusim qanday nomus… Muni hech bir o’ylamaydir! Men-mamlakatning nomusi, o’rdaning nomusi, xon va xonbachchaning nomusi, deb jang maydonida qilichga ko’ksimni berib yotsam-u, mening nomusim poymol bo’lib ketabersa… Yo’q, yo’q, men munga aslo chiday olmayman!.. (Jim.)
Po’lat. Xayr, endi nima qilmoqchi bo’lasiz?
Botir. Po’lat, sening yoningda-senday bir yomon dushmanimning oldida shu kunga qolganim uchun g’azabimdan yorilgunday bo’laman! Lekin, lekin… (asta) mening ko’nglimdagi farzand muhabbati senda yo’q, sen bilmaysan! Sen ham o’z farzandingni menday sevsang, menday ko’ngil qo’ysang-hozir, shu onda nimalar qilmas eding! Nimalar!! Dunyoni buzar, jahonni taka-taka qilib yuborar eding.
Po’lat. Qizingizni xonzoda o’g’irlatgan bo’lsa nima deysiz?
Botir (bosinqi). Xonzoda o’g’irlatmaydir, xonzodaga o’g’irlattirish lozim emas, o’zim bermakchi bo’lganman. (Noumid.) Sening ishingni tugatib borgandan keyin to’y bo’lmoqchi edi…
Po’lat. Qizingiz unarmidi?
Botir. Nega unamasin? Men uni senga o’xshagan yalangoyoqqa berib yotibmanmi?
Po’lat. Bo’lmasa… bo’lmasa qizingizning ko’nglini bilmas ekansiz… Qizingizni aslo tanimas ekansiz… qizingizni bilmasdan-tanimasdan sevar ekansiz… U-sevgi emas!
Botir. Qizimni tanimasam-tanimasman, uning ko’nglini bilmasam bilmasman… Lekin uni sevaman, u uchun har narsadan kechaman!
Po’lat (bemalol). Qo’limdan kelsa men ham izlashib berar edim… Lekin, yo’limga o’zingiz g’ov bo’lib turasiz.
Botir. Qo’y, sening istashing, Nishobsoy begining istashi menga lozim emas! Men o’zim istab topaman va kimning qo’lida ko’rsam, unga qo’l uzatgan kishini topsam… kim bo’lsa bo’lsin, etlarini bir burdadan qilaman. Xotin, bola-chaqasi, avlod-ajdodi, qavm-qarindoshi… hech bittasini eson qo’ymayman! O’z qo’lim bilan tilka-tilka qilaman!
Po’lat. Qizingiz o’zi yaxshi ko’rsa-chi?
Botir (baqirib). Kimni?
Po’lat. O’sha qo’l uzatgan odamni!
Botir. Unday bo’lsa qizim o’zi qochib borar edi, uni kechasi kelib o’g’irlatdirmaslar edi.
Po’lat. Rost, bu gapingiz to’g’ri. O’sha o’g’irlatdirgan odam sizdan ulug’roq, sizdan kuchliroq, sizdan o’tkurroq bo’lsayu kuchingiz yetmasachi?
Botir. Bu mamlakatda mendan kuchli odam yo’q! (Irg’ib o’rnidan turadir.) Men ketdim!
Po’lat (turib). Xo’sh, qaerga?
Botir. Qizim, baxti qora bolam qaerda bo’lsa, o’sh yerga!
Po’lat. Siz bu yerga saroyni, xonni, toju taxtni saqlagali kelgansiz. Bu yo’lda qancha begunoh bechoralarning qonini to’kdingiz! Endi ishingizni chala qoldirib ketasizmi? Bu mardlikmi, Botir? Boyagi gaplaringiz mengagina xos gaplarmidi?
Botir (og’ir, ko’nglidan so’zlaydir). Mardlik- nomus bilan bo’ladir, mening nomusim poymol bo’ldi… Men, mundan keyin mard botir emas, nomard bir jallod bo’laman! Bildingmi?
Po’lat. Toju taxtni saqlash…
Botir (baqirib). Mening nomusimni saqlay olmagan toju taxtnimi? A? (Ikkalasi ham jim bo’ladirlar. Botir bo’ynini bukib sekingina chiqa boshlaydir. Po’lat ham indamasdan orqasidan yuradir. Bir-ikki qadam bosganlaridan so’ng tashqarida sharpa; to’xtaydirlar. Qorovulning tovushi: «Hozir Botirning yoniga kirgali bo’lmaydir, u yerda O’lmas botir bor!» Kalning tovushi: «Po’lat botirga ishim yo’q, o’sha O’lmas botirga ishim bor. Kirmasam bo’lmaydir!» Boshqa bir yigitning tovushi: «Yo’lchibek tayinlab yubordi, O’lmas botirga zarur ishi bor ekan, qo’yib yubor, kirsin!» Yana qorovulning tovushi: «Bo’lmaydir, dedim, bo’lmaydir!»)
Po’lat (tashqariga ovoz qiladir). Qo’yib yubor, kirsin, mayli kirsin! (tashqaridan qorovulning tovushi: «Ha, endi kiraber, Botir o’zi chaqirdi!» eshikdan shoshilib Kal kiradir.)
O’N UCHINCHI MAJLIS
Po’lat, O’lmas botir, Kal
Kal (kirib salom beradir). O’lmas botir deganingiz kim?
Botir. Men! Nima ishing bor?
Kal (qo’ynidan xat olib berib). Tezlik bila javobini bering! Ertaga qolsa ham kech bo’ladir!
Botir (hayajon bilan ichida o’qiydir). Yorqin! Yorqin qizim! Baxti qora qizim!.. Kimlarning qo’liga tushibsan. (Po’latga.) Boyagi xat qani? Yorqindan kelgan xat?
Po’lat. O’zingizda edi, boya o’zingizga berib edim.
Botir (xayol bilan yonlarini qarab, xatni topadir. So’ngra ikkalasini solishtirib ko’rib). O’zi! Xuddi o’zi!.. (Kalga birdan.) Qani yur, boshla! (CHiqa boshlaydir.)
Po’lat. Botir! (Jim.) Botir, nima gap?
Botir (Po’latga qarab samimiy). Po’lat, kechir meni! Sening bilan olishib bo’ldim! Hozir Nishobsoyga jo’nayman, qizni o’zi o’g’irlatib senga to’nkagan bekni bola-chaqa, avlodu ajdodi bilan tilka-tilka qilaman! Nomussiz saroy, hamiyatsiz saroy, toju taxt lozim bo’lsa, o’zi saqlab olsin. (Tez chiqadir.)
Po’lat (garang, shoshgan. Kalning orqasidan baqiradi). Kal! Hoy Kal! Kal deyman! (Qattiq baqiradi.) Ushlang o’sha Kalni!.. (tashqarida to’polon. Po’lat eshik yog’ochiga suyanib qoladir.)
Parda tushadi