Yorqin oy/Ikkinchi parda

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Yorqin oy  (1920) 
by Abdulhamid Choʻlpon

IKKINCHI PARDA

Bu parda sakkiz majlisdan iboratdir

ARALASHARLAR

(kirish tartibi bilan)

Momo xotin-birinchi pardadagi kabi, o’zgarmagan.

Yorqin-birinchi pardadagidan ancha o’zgargan, urinib qolgan.

Kal-kuldurguchi, qiziq bir kishi. 50-55 larda. (Birinchi parda bilan ikkinchi parda orasida. 2-3 oy o’tadir.)

XXX Kenggina supacha, uning yuqori-orqa tomonida hovuz. Hovuzning tegrasida qari-qari qir yog’ochlari, ular orasida 3-4 tun majnuntol, shoxlari suvga tegadir. Hovuzning narigi yog’i anorzor, uning orqasida yana qator-qator uzum so’rtaklari, fasl-yozning boshlari, vaqt-xufton paytlari, oyning xira yorug’i bilan anorzor va uzum so’rtaklari bir butun-g’ujum narsa bo’lib ko’rinadir. Supacha gilamlar bilan yasatilgan, zamonaning chiroqlaridan bir nechtasi, yorug’idan ko’ra ko’proq tutun burqsitib yonib turdilar.

Supachaning berigi chekkasida qalin po’staklar ustida parqularga suyanib, yonboshlab Yorqin yotadir. Uning oyoq tomonida-supacha qirg’og’ida Momo xotin o’ltiradir. Yorqin jim o’ylanadir, Momo tovushini chiqarmasdan kitob o’qiydir.

BIRINCHI MAJLIS

Yorqin. Momo xotin

Yorqin. Xolajon, nima kitob o’qib yotibsiz?

Momo (kitobdan bosh ko’tarib). Bir qissa kitobi.

Yorqin (og’ir, esi boshqa narsada). Qanday qissa?

Momo. Bir botirning qilgan ishlari.

Yorqin. Qanday ishlar qilgan ekan?

Momo. Bir yomon hokimning xonga chaqishi bilan o’n yetti kishi begunoh zindonga tashlangan ekan-da, u botir qancha qiyinchiliklar bilan o’sha bechoralarni zindondan qutqarib olgan ekan. Innaykin…

Yorqin (so’zini bo’lib). Innaykeyini ham bormi? Yaxshi qilibdir, begunoh bechoralarni qutqarib olibdir, barakalla, azamat ekan. SHu bilan murod-maqsadiga yetmabdimi?

Momo. O’sha bilan murod-maqsadiga yetsa-ku, juda soz bo’lar edi-yu, bo’lmadi-da. Haligi hokimning odamlari bo’lmagan tuhmatlar bilan botirning o’zini ham zindonga solishib qo’yishdilar-da. Hali uyog’ini o’qiganim yo’q, hali zindonda yuribmiz…

Yorqin. Rost aytasiz, xola, biz ham hali zindonda yuribmiz. Mana shu kitobingiz, xolajon, fol bo’lsun: o’sha botir zindondan eson-omon qutilib ketsa, biz ham mana shu zindondan qutilib ketamiz! Durustmi?

Momo. Jinni bo’ldingmi, qizim? O’z uyi, o’z joyi, o’z hovlisi, o’z bog’ida malikalarday turgan qiz zindonda bo’lar emishmi? Zindonni, ilohim dushmanlarimizga ham ko’rsatmasun!

Yorqin. Bu zindon men uchun narigi zindondan yomonroq bo’lsa, nima deysiz?

Momo. Qo’y qizim, undaqa maza-bemaza gaplarni gapirma!

Yorqin. Yaxshi… Bo’lmasa mazalik gaplardan gaplashaylik: hali «Botir» deganingizda esimga tushdi, bizning botirimizdan nima xabarlar bor, xolajon? (Sekin o’rnidan turib o’ltiradir.)

Momo (bilmaslikka solib). Sizning botiringiz kim ekan?

Yorqin. Bilib turib bilmaslikka solasiz.

Momo (yana yolg’ondan ishontirib). Bilsam darrov aytar edim, qizim, bilmayman-da.

Yorqin (arazlaganday). Bilmasangiz men ham aytmayman…

Momo. Xayr… (Kitob o’qiy boshlaydir.)

Yorqin. Xolajon, aytgancha: otamning qaerga ketganini menga hech aytmaysiz-a?

Momo (kitobini yopib yerga qo’yadir). Qizim, «otang O’rdada-xonimizning yonlarida» deb necha marta aytdimku!

Yorqin. Yolg’on aytasiz! Nimaga bir haftadan beri uyga kelmaydir, bo’lmasa?

Momo. Ishi bordir. Axir xonning eng birinchi katta botiri, yaqin mahrami, otaligi, albatta, bir ishi bordirkim, kelmaydir.

Yorqin. Hech ishonmayman! Siz, xolajon, meni aldaysiz. O’zingiz «o’z qizimday ko’raman, falon, puston…» deysizu, mendan har narsani bekitasiz. O’z otamning qaerga ketganini ham aytmaganingizdan keyin, nimaga meni «o’z qizimday» deysiz?

Momo. O’z qizimday ko’rganimdan keyin «o’z qizimday» deyman-da.

Yorqin. Unday bo’lsa otamning qaerga ketganini ham to’ppa-to’g’ri aytib beraqolsangiz bo’lmaydimi?

Momo (bir oz hayron bo’lib turgach). Qizim, otangning qaerga ketganini men bilaman-ku, lekin, «men qaytib kelgunimcha mening qaerga ketganimni Yorqin paqir bilmasin» deb tayinlab ketib edi… Men turib, xayr menku aytmayman, boshqa xizmatkorlarning birortasidan eshitib qolsa, yo ko’cha-ko’ydan eshitsa nima qilamiz, dedim. Keyin otang menga «xizmatkorlarimga o’zim tayinlayman. Ko’cha-ko’y to’g’risida bo’lsa, men kelguncha Yorqinni hech qaerga chiqarmaysiz, hovliga ham ko’chadan xoh xotin, xoh erkak-hech kim kirgizilmaydir» deydi. Men innaykeyin «mana bu qiz o’lgur Qumridan qo’rqaman» deb edim. «Bu gapingiz rost» deb Qumrini-o’zing bilasan –o’sha kuniyoq jo’natib yubordi.

Yorqin. Ho’h-ho’! Ish katta ekang-da, bo’lmasa… «Biz zindondamiz» desam, tag’in, mendan xafa bo’lasiz. Zindonda o’ltirgan kishi, hech bo’lmaganda, o’zining zindonda ekanini bilib turadir… Xayr, munisi mayli, xolajon, siz menga bir narsani aytib bering: otam nimaga bunday qildi ekan? Men bilsam nima bo’lar ekan, a?

Momo. Unisini men bilmadim, qizim.

Yorqin. Xayr, siz endi otam tayinladi deb, otamdan qo’rqib menga aytmaysizmi?

Momo. Men otangdan emas, undan kattarog’idan ham qo’rqmayman. Men yosh xotin emasman, men yoshimni yashagan, oshimni oshagan xotinman, men nimadan qo’rqay?

Yorqin. Qo’rqmasangiz nimaga aytmaysiz?

Momo. Otangni gapiga rioya qilaman, qizim, uning hurmatini qilaman.

Yorqin (tez). Uni hurmat qilaman, deb menga zulm qilasizmi?

Momo. Qanday zulm?

Yorqin. Otam, o’z otam bo’lib turib ketgan yerini mendan berkitadir, bu menga zulm qilgani emasmi?

Momo. Xayr.

Yorqin. Otamning zulm qilganiga unab, ko’nib turganingizdan keyin, siz ham o’sha zulmga qo’shilasizmi, yo’qmi? Qo’shilasiz! Siz ham zulm qilasiz! (Jim.) Yana tag’in, men seni o’z qizimday ko’raman, falon deysiz… (Arazlab boshini quyi soladir.)

Momo. Qizim, jon qizim, o’zingni xafa qilma! Aytsam ayta qolayin. Lekin, aytganimdan keyin «xafa ham bo’lmayman, g’azab ham qilmayman» deb ilgari so’z berasan.

Yorqin (kulimsirab). Xayr, so’z berdim.

Momo. Bo’lmasa aytay: otang xon qo’shinining oldiga tushib urushga ketdi.

Yorqin (hayron). Urushga? (Bir oz jim.) Qanday urushga? Kim bilan urushishga?

Momo. Unisini so’rama, qizim.

Yorqin. Unisini aytmasangiz, bari bir, menga hech narsa aytmagan bo’lasiz-da!

Momo. Nimaga qizim: Otangning qaerga-nima uchun ketganin aytdim-ku?

Yorqin. Uni siz aytmasangiz hams bilar edim.

Momo. Qanday bilar eding, oyim qizim?

Yorqin. Otam-o’sha otam, xon-o’sha xon bo’lgandan keyin, albatta, odam o’ldirgali ketadir-da! Qo’ying, aytmay qo’yaqoling, xolajon. (Bir oz jim.) Qanday otaning qizi bo’libman, tangrim. Hunari-go’rkovnikidan yomon!

Momo (qizning og’zini to’sib). Hoy qizim, nimalar deyapsan? O’z otang to’g’risida-ya? Uyat emasmi? Voy sho’rim qursun-e…

Yorqin. Qo’ying xolajon, bir hovuch, bir to’da «kattalar» deb har qadam, joyni go’r kavlab yurish yaxshimi? Po’latning o’sha kechasi aytgan gaplari hali ham qulog’imdan ketmaydir. O’sha topda o’likday qotib, dam chiqarolmay qolgan otam… Yana beva-bechorani qon-qora qaqshatqali ketibdir! Voy, voy… (Ko’zdarini qo’li bilan to’sib.) Po’latning qo’lidagi suyaklar-e!.. Kechalari tushlarimda ham o’shalarni ko’rib chiqaram… Po’lat bir ish qildi, bir gaplarni aytdiki, odam bo’lsa chidab turolmaydir. Axir, otamning o’zi ham o’likday qotib qolgan deyman-a? Po’lat o’t bo’lib yonib ketibdir, hadeb gapiradir, gapiradir, xolos…

Momo. O’sha gapirgan gaplari, hovliqishi, betoqatligi mana bukun boshiga balo bo’ldi.

Yorqin (besaranjom). Nima balo bo’libdir? Qanday baloni aytasiz?

Momo. Qum, cho’llardagi eng yomon, o’z fuqaro o’g’rilariga bosh bo’lib olib, yurtni besaranjom qilib yotgani yaxshimi?

Yorqin. Qandini yesun! O’g’rilarga o’g’ri bo’lib bas kelmasa, qanday bas kelib bo’ladir? Tangri bersa, yurt hammasi o’shanga ergashib ketib, mana bu o’rdadagi o’g’rixonani to’zitsalar nima deysiz? Yomon bo’ladirmi?

Momo. Jonim qizim, (kulib) sen «yaxshi bo’ladir» degan ish sira yomon bo’lmaydir. Lekin ish, o’sha sen xohlaganday bo’lmaydi-da…

Yorqin (qiziqib). Nimaga bo’lmaydi deysiz? Qaerdan bildingiz?

Momo. Rost aytasan, qizim: mundan bir-ikki hafta burun hamma yurt, barcha qishloq Po’latning yo’liga kirib qolgan edi. Xonimiz, axir, uch marta qo’shni yubordi, hammasi ham tumtaraqay bo’lib, to’zib ketdi.

Yorqin. Ming marta qo’shin yuborsa ham yana tumtaraqay to’zib kelsa nima deysiz?

Momo. Yo’q qizim, bu safar xudo xohlasa xonning qo’shini ularni tumtaraqay to’zdirib keladir. Munga, ishonib tur, qizim. Innaykin: senga har qancha og’ir bo’lsa ham «xonning qo’shini zo’r kelsun» deb xudodan tilab tur.

Yorqin. Nimaga? Nimaga axir? Nohaq haqqa zo’r kelsun deb tilaymi?

Momo. Yo’q qizim, endi gapni ochib ayta qolayin: otang Po’latga zo’r kelsun, deb tilagil!

Yorqin (birdan o’zgarib, tang qolib). Aytdim! Aytdim! (Jim.) Otam yana… yana o’sha go’rkovligiga boribdir-da! (Jim, birdan.) Xolajon, qo’rqib ketayotibman! (Mahkam Momoni quchoqlar, jim qolurlar. Bir ozdan so’ng.)

Momo. Qizim, kecha otangdan sevinchli bir xabar kelgan edi.

Yorqin (yana qiziqib). Nima gap ekan?

Momo. Senga og’ir bo’lsa ham, qizim, ota hurmati bolanikidan ortiqrog’ bo’lgani uchun sevinchli deb aytdim.

Yorqin (shoshgan). Ota hurmati deb meni o’ldiraturganga o’xshaysiz? Mayli endi, xabarni ayting.

Momo. Hech gap yo’q, tegishib aytdim…

Yorqin (birdan baqirib). Xola!!!

Momo. Ha, nima gap, qizim? Muncha bebardoshlik? Unchalik vahimaga arziyturgan gap emas.

Yorqin. Nima gap axir?

Momo. Otang salomat ekan, senga duo debdir, «Xolasi debdir, peshonasidan, debdir, mening uchun bir o’pib qo’ysun» debdir…

Yorqin (yana baqirib). Xola!!!

Momo. Ha, qizim, bu nimasi? Menga qara, ranging o’chib ketdi-ya. Nima bo’ldi? (Silab siypaydir.)

Yorqin (bir oz jim, so’ngra sekin). Bu bilan bo’lmaydir… Bu aldash bilan meni battar qiynaysiz… Otam tomondan nima xabar bo’lsa to’g’risini aytib berasiz… Po’lat to’g’risida ham nima gap bo’lsa, hech bir berkitmasdan aytib berasiz. Men munday aldashlarni sira ko’tarolmayman… Qayta, o’sha haqiqatni bilsam, og’ir va qiyin bo’lsa ham o’sha durust… Meni aldamang, rost gapni aytib bering… (Yana baqirib.) Endi aldashlarga bardoshim qolmadi!

Momo. Aylanay qizim, men ham qanday qilay: ikki o’tning o’rtasida qoldim! Bir tomonda-otang, bir tomonda-sen… Otang 35-40 yildan beri menga tuz beradir, o’shani halollash kerakmi, yo’qmi?

Yorqin. O’sha tuzning o’zi haromdan kelgan bo’lsa… Yana ham halollashmi? SHuncha yil qilgan xizmatingiz-chi? U-halollash emasmi?

Momo. E… qizim, otang bergan non-tuzning oldida mening xizmatlarim xizmatmi?

Yorqin. Endi halol-haromni surishtirib ketib, xabarni aytmaysizmi?

Momo. Aytdim-ku, bolam?

Yorqin (yana baqirib). Xola! Aytmasangiz bo’lmaydir, bo’lmaydir, bo’lmaydir!

Momo. Uh-h… Bolam, bolam! Qaerdan ham men senga shu xabar o’lgurni gapirib qo’ydim… Endi aytmasam bo’lmaydi, shekilli. Rostini ayt deysan, rostini aytsam, xabar juda qayg’uli xabar…

Yorqin. Har qanday qayg’uli bo’lsa ham aldashday emasdir, ayta bering.

Momo (bir oz jim.) Otang borganidan beri Po’latning ishi tanglikka tushib qolibdir…

Yorqin (achitib). Ajab bo’libdir! Juda yaxshi! Innaykin?

Momo. Innaykin: hozir qishloqilar unga ko’maklashgali kelmay qo’yibdirlar…

Yorqin. Innaykin?

Momo. Innaykin: o’zining yigitlari ham bo’shashib qolgan emish… Innaykin: yaqin o’rtada yarash bo’lsa-yu, Po’lat boshqa mamlakatga o’tib ketsa kerak emish…

Yorqin. SHumi sevinchli xabar deganingiz?

Momo. SHu qizim, shu.

Yorqin (o’ylanib ketar). CHinakam sevinchli xabarlar… Po’latning yengilgani rost bo’lsa… Boshqa mamlakatga o’tib ketadirmi, qoladirmi, o’ladirmi-bari bir! Nohaqlikka zo’r kela olmaganidan keyin, albatta, o’lgani yaxshiroq…

Momo (Yorqinga tikilgan, og’ir). O’lgani yaxshiroq… (Jim bo’ladirlar. Momo yana kitob o’qishga boshlar. Yorqin sekingina yonboshlab bir nuqtaga tikiladir. Bir ozdan so’ng og’ir xayol bilan boshini ko’tarib qilichga tikilib qoladir. Birmuncha vaqtdan keyin uyqudan uyg’onganday bo’lib).

Yorqin. Xolajon, xiyla vaqtdan beri qilich o’yini o’ynab ko’rganim yo’q, hozir juda qilich o’ynagim kelgan edi. O’ynashaturgan odam yo’q: Po’lat ham ketdi, otam ham.

Momo (kitobdan ko’zini ololmay). Qanday qilaylik, jon qizim, man qilich o’yinini bilmasam?

Yorqin (yalinganday). Qorol bola-chi?

Momo. Qaysi qorol bola?

Yorqin. Oti nima edi? (Eslab.) Ha, Yo’lchibek-chi, Yo’lchibek.

Momo. Aygancha, u yigit qilichbozlikni biladir-a? (Ko’zi kitobda).

Yorqin. Po’latcha, otamcha bilmasa ham… Menimcha biladir.

Momo (kitobini yopib kulimsirab). Sencha bilsa, otangdan ham, Po’latdan ham yaxshi bilar ekan-da?

Yorqin (kulimsirab, yasama ta’zim bilan). O’sha yigitni chaqirishlikning iloji bormikan?

Momo. Kimni? Yo’lchibeknimi? Endi sendan berkitaturgan gap qolmadi, chaqirsam bo’lar. (O’rnidan tura boshlab.) Qilich o’ynaging keldimi?

Yorqin. Juda!

Momo. Xayr, bo’lmasa men borib bir xabar olay-chi, qani… (keta boshlaydir.)

Yorqin. Agar bo’lsa bir yo’la qilichini ham olib kela bersun. Qilichi bo’lmasa otamning qilichlaridan bittasini o’zingiz ola chiqing. (Momo chiqadir. Orqasidan.) SHoshmang, xola! Aytgancha, otam qaysi qilichini taqib ketdi?

Momo. Otang sadaf soplikni taqib ketdi. Qalqonni bo’lsa o’sha yoqdan olib kelgan edi.

Yorqin. Feruzako’z soplik qilichi shu yerdami?

Momo. SHu yerda bo’lsa kerak.

Yorqin. Bo’lmasa o’shani olib chiqing, qalqonlar bo’lsa hammasi shu yerda ekan, qaysi bittasini bo’lsa ham ola bering.

Momo (chiqa boshlab). Aytgancha, qorolni bu yerga chaqirsam, darvozaga kimni qo’yaman?

Yorqin. Bu nima deganingiz? O’lmas Botirning xizmatkorlari bitta xolosmi? Tashqari to’la odam-ku!

Momo. Xizmatkor mingtayu, poyloqchi-bitta: otang tashqarini Yo’lchibekdan boshqaga ishonmaydir, bolam…

Yorqin. Poyloqchi bo’lmasa ham turaberadi. Ozgina vaqtga jin uradimi? Bora bering? (Xola chiqadir.) O’sha tikilgan balo, o’sha kelaturgan qazo menga kela qolsun; men o’zim gaplashaman!

IKKINCHI MAJLIS

Yorqin yolg’iz

Yorqin (o’zicha). Bu dargohda O’lmas botir yo’qkim, uni o’ldirmak qasdida kelsalar. Innaykin: O’lmas Botir bu yurtda xudodan boshqa hech kimdan qo’rqmaydir. Agar O’lmas Botirning davlati va boyligiga qiziqqanlar bo’lsa, kelsinlar, olsinlar, men bu yerda bo’lsam hech kim egri qarayolmas! (Qilichni qo’liga olib.) Agar sen bo’lmasang edi, agar men sening tilingni bilmasam edim… Bu xotin boshim bilan qanday xorliklarni ko’rmas edim? Istagan kishilariga berarlar, tilagan ishlarini qilurlar, meni qo’g’irchoqday o’ynatar edilar. Ammo, bu bor… bu bilan birga bo’lsam agar, xotinlikdan kelgan bo’shangligimni hech qayda va hech narsa oldida sezdirmayman. (Momo kiradir.)

UCHINCHI MAJLIS

Yorqin, Momo

Momo (kirib). Ish katta.

Yorqin. Xo’sh, nima bo’libdir?

Momo. Xizmatkorlarimizning bukun aziz bir mehmonlari bor ekan.

Yorqin. Mehmon? Kim ekan u?

Momo (kulib). Bir kal…

Yorqin. Kal? Unday bo’lsa qiziq odamdir?

Momo. SHunday bo’lgani uchun aziz mehmon dedim-da.

Yorqin. Xayr, nima qilib o’ltiribdirlar?

Momo. Kal boboy «ha» deb qovuz chalib, qiziq baytlarni o’qib yotibdir.

Yorqin. Kulgi, xashchaqchaqlik ekan-da?

Momo. Juda.

Yorqin. Xola, beriroq keling! (Momo keladir. Erkalab.) Juda siqilib, qayg’uga ko’milib o’ltirgan edim. O’sha kal mehmonni shu yerga chaqirsak, bir oz qovuz chalib, sayrab bersa… Nima deysiz?

Momo. Qizim, men sening ko’nglingni xursand qilish uchun har nimaga ham ko’naberaman-u… endi…

Yorqin (ko’ziga qarab). Endi-mendisi yo’q! Menga aytib bering. Momojon: o’zi yosh yigitmi? Qari kishimi?

Momo. Yosh yigit qaerda! Boya aytdim-ku: 60 larga yaqinlashib qolgan bir boboy, o’zi ko’rimsiz, xunuk, badbashara bir odam.

Yorqin. Bo’libdir, bo’libdir! Boring! CHaqirib keling!

Momo. (Yorqinning sochlaridan silab). Qizim, qorol bolalardan birortasi mabodo otang kelganda aytib-netib qo’ysa?

Yorqin. Aytsa ayta bersin: otam meni Po’lat bilan yolg’iz bir yerda ko’rganda ham o’ldirib qo’ymadi-ku?

Momo. O’ldirmasa ham undan berisini qildi. Innaykin: o’zi ham qanday kunlarga tushmadi, bolam?

Yorqin. Xayr, endi chaqirib bermaysizmi?

Momo. CHaqirib beramanu, qizim, endi…

Yorqin (teskari burilib). Qo’ying, qo’ying chaqirmang, sira keragi yo’q. Meni qizim ham demang… Sizning qizingiz ham yo’q. Bo’ldi, bas!

Momo. Bo’ldi, Yorqin… qizim…

Yorqin. Bo’ldi, bas! Kerak emas!

Momo (o’rnidan turib). Qo’y, qizim, xafa bo’lma. Men hozir chaqirib kelaman. (Keta boshlaydilar).

Yorqin (bir oz burilib). Qo’ying, qo’ying xola. Kerak emas! (Momo kula-kula ketadir.)

TO’RTINCHI MAJLIS

Yorqin yolg’iz

Yorqin (o’zicha). Juda qo’rqoq xotin-da! Otam eshitsa nima bo’lar edi? Yeb qo’yarmidi? Qorol bolalar emish… Yo’lchibekmi bittasi? Uning ishi o’z qo’limda!.. (Yiroqlarga jim tikilib qarab qoladir. So’ngra og’ir.) Tog’lar… Boshlari ko’kka tegaturgan qorli tog’lar! Ularning salqin, ko’m-ko’k, yonbag’irlarida Po’latning chodirlari tikilgandir. Po’lat, Po’lat… Baland tog’larda, qirrali toshlar ustida kiyikday sakrab, sapchib yurgandirsan. Bilmadimki, hozir nimalar o’ylaysan? Yovlarni, urushlarni, qo’shin va botirlarni o’ylanaturgandirsan… Nayzalar, qilichlar, o’ldirgan va o’ldirilganlarni o’ylayturgandirsan… Lekin, meni, o’zingning qilich yo’ldoshingni, yoshlikdan sen bilan qilich o’ynashib o’sgan qadrdon yo’ldoshingiz o’ylamayturgandirsan! Men, faqat mengina ko’nglimda sendan boshqaning yodini uyg’otolmayman! Men ham sen qadar usta qilich chopar bo’lib turib… qaerlarda qolib ketdim, a? Qo’li bog’liq qul kabi devorlar orasida… (Momo kiradi.)

BESHINCHI MAJLIS

Yorqin, Momo, Kal

Momo (kirib, Yorqinning xayolga berilib o’ltirganiga bir oz qurulib qaragandan so’ng). Qizim, nima xayollar bilan o’ltiribsan? Mehmoning keldi!

Yorqin. Qani? (Kal kiradir.)

Momo. Ana. (Kular).

Kal (juda kulgili qiyofada, ikki qo’lini ko’ksiga qo’yib, egilib salom beradir). Omonmisiz, poshshoxon?

Yorqin. Xudoga shukur, ota. O’zingiz qalaysiz?

Kal (qiziq qiyofat bilan yaqinlasha turib). Otday!

Yorqin (kulib). Otdaymi, itdaymi?

Momo (Yorqinga sekin). Hoy, qizim, hoy!

Kal. Bo’lmasa, soyayi davlatingizda itday!

Yorqin. Qachon kelib edingiz?

Kal. Almisoqda!..

Yorqin. SHunchadan beri biz bilmagan ekanmiz-da?

Kal. Bilishni xohlasangiz bilar edingizu, lekin, bilishni xohlamadingiz, shekilli.

Yorqin. Kishi har narsani bila bersa… Innaykin hamma dunyoda luqmoni hakim bo’lib ketmaydimi? (Momoga.) Xola, otamning kelganlariga 1-2 hafta bo’lgan ekanda? Nima uchun menga xabar qilmaydirlar?

Momo. Yo’q, kechagina kelgan ekanlar.

Yorqin. Bo’lmasa «almisoq»ning nima dahli bor?

Momo. U… kalchilik-da, qizim… (Kalga.) shunday emasmi?

Kal. Rost aytasiz, yanga. Lekin, «kalchilik» deganingiz bir oz o’zingizga kamchilik! «Gulchilik» desangiz edi, albatta bo’lar edi sevinchlik! (Kuladirlar.)

Momo. Ha, boring, gulchilik, gulchilik… Mening qizim tushunmagan-da, yosh emasmi…

Kal. Ha, hali juda yosh emaslarmi? «Yosh» degan bebosh bo’ladir. Ayniqsa, yosh qizlar ko’proq bebosh bo’ladirlar. SHu uchun yosh yigitlar hammavaqt «bag’ri tosh»lardan dod derlar-da… (O’zicha.) Hali mening bilan gap boshlaganda suvday shovlab, o’tday lovullab, chumchuqday chirillab, shamolday pirillab ketgan edilar-a… Yosh emish, yosh… yosh emas-«bebosh» (sekin) eri yo’q, o’ynash… (eshitdirib.) Ammaxon, qizingiz yosh bo’lgani bilan dallaning keliniga o’xshab keladirlar. Dallani bilasizmi? O’… Bog’doddagi Qo’ziboy yamoqchining o’rtancha qizi bor-ku… ana o’shaning ammasiga xola, xolasiga egachi, egachisiga bola bo’ladir… Bildingizmi? Ana mana bu o’zi yosh, so’zi tosh, ko’zi bebosh, qoraqosh, esi chosh, vosh-vosh qizingiz aslda bog’dodlik ekan, shu uchun boya men gap boshlagan vaqtda «o’lpon»dan tushib «luqmon»dan chiqdi-da! Barakalla, necha xirmon esi bor bu bolaning, faqat yig’ib olaturgan dehqon kerak, dehqon!..

Yorqin (uyalib). Kal bo’lmay o’lsun! Xola, aytsangizchi, bir qovuz chalib, o’qib bersin.

Momo. Hoy, siz mening qizimga bir qovuz chalib, g’azal o’qib bering!

Kal. Xo’p, tasaddug’ing bo’lay, xo’p!

Yorqin (kalga). Qovuzingiz qani?

Kal (darrov orqamachasiga burilib). Biz qovuzimizni orqamizga osib olamiz-da, oyimposhsha, Po’lat o’g’ri bo’lsa, la’nat tavqini bo’yniga osib olibdir…

Yorqin (birdan rangi o’zgarib). Po’latni siz ham bilasizmi?

Kal. U o’g’rini bilmagan kim bor? Kattadan tortib kichikkacha. Itdan tortib mushukkacha hamma biladir uni!

Yorqin (xayol surib turib). SHunchami?

Momo (kalga). Gapni ko’p cho’zmasdan chalaqoling!

Kal (qovuzni olib sozlaydir). Nima chalib, nima o’qib bersam ekan?

Momo (Yorqinga yaqinlashib). Qizim, nimaga nafasing o’chib ketdi? Ayt, nima chalib bersin?

Yorqin. Menga hech narsa kerak emas, bo’ldi!

Kal. Xola, nima balo bo’ldi? Oyimposhshaning ko’ngillarida g’am shamoli yurib qolibdirmi? Bo’lmasa, biz ham do’konni yig’ishtiraylik. Bu yerda bozor olmayturganga o’xshaydir. Xayr, mayli, bu bozor bo’lmasa narigi bozor-da! «CHor bozorchi»ga bunisi bo’lmasa, u boshqasi… (Javob kutganday qarab turadir).

Momo. Ko’p gapirmasdan birorta yangi g’azaldan o’qiy bering!

Kal! CHalaberamiz, o’qiy beramiz, lekin… (Sekin.) Oyimposhsha shaytonlab qolmasinlar, deyman…

Momo. Gapni cho’zmasdan boshlang, tezroq!

Kal. Xo’p, amma, sadag’ang ketay, quling bo’lay! (Boshini qashib, o’ylanib.) Yangi g’azal dedingiz… Endi bitta yangi g’azalim bor, kecha erta bilan pishib, band bergan o’zi… O’shani o’qiyman, bo’lmasa. (Boshlar.)

(CHolg’i)

Bek bo’lishga, xon bo’lishga, shoh bo’lishga intilasiz, Po’latjon o’g’ri! Aslingiz kim? Naslingiz kim? Kim bo’lasiz? Gapiring to’g’ri!..

(CHolg’i)

Bakabumburbang… bakabumburbang…

Bang… bang…

Yorqin (zarda bilan). To’xta, kal! Bas, bo’ldi! (Momo hayron.)

Kal (qovuzni qattiq «g’iyt» etdirib, o’sha «g’iyt» tovushiga «xo’p» so’zini to’g’rilab to’xtaydir). Xayr, mana to’xtadik! Po’lat o’g’rining ta’rifini eshitkali qo’rqdingiz, shekilli. Lekin, Oyposhsha, ikki og’izgina eshitsangiz bo’lar edi. Muni aytgan odam juda rost aytkan. Po’lat o’g’rini siz tanimaysiz… Men taniyman, juda yaxshi taniyman; bir yarim oydan beri birga edim… (Momo yana o’tirib kitob o’g’igali boshlaydir.)

Yorqin (ishonmayroq). Po’lat bilanmi?

Kal. Ha, xuddi o’zi bilan.

Yorqin. Bo’lmasa o’sha bema’ni g’azallaringni qo’yib turib, uning qilgan ishlaridan gapirib bersang bo’lmaydirmi?

Kal. Juda yaxshi, poshsham! Uni, menimcha, bilaturgan hech kim yo’q! Gapni mendan so’rang! (Boshini qashib o’ylanib.) Lekin… poshshaxon, u gaplarning orasida qancha baland-pasti, birmuncha udir-budiri, ha, anchagina yaxshi-yomoni o’tadir… Endi o’shalarni qanday qilamiz!

Momo (kitobdan boshini ko’tarib). Kal o’lgur, hech bir durust gaping yo’q ekan-da; hammasi tikanli, hammasi achchig’-zahar gaplar ekan-da? Qo’ya qol bo’lmasa!

Yorqin (qattiq). Yo’q, yo’q! Xolajon, siz aralashmang!

Kal. Xolajoningiz aralashmayturgan bo’lsalar, bu yerdan shamday qotib turishlaridan nima foyda bor? Bu yerdan chiqib tursinlar-da, u… nariga borganlaridan keyin, aralashmaslik o’shanda bo’ladir… Ha, innaykin, gapni ham juda tasbeh qilib chizib, o’sal topib ezib yuborsak bo’ladir… Unda o’zimiz ham, xonposhsha, ming poshsha… Andisha xarxashalarini olib tashlaymiz-u… tez pishar bo’lib olib… o’tday qizib, buloqday sizib, gap-so’z ko’chalarini yalangoyoq kezib beramiz!

Yorqin. Po’lat to’g’risidami, axir?

Kal. Ha-da, shohim!

Yorqin (Momoga erkalanib). Xolajon… Xolajon… siz jindakkina… (Momo indamasdan o’rnidan turib keta boshlaydir.)

Kal (o’zicha). «Jindakkina chiqib turing! Ha, jindakkina…» Boshlandi-ku, boshlandi-ku erkalik, boshlandi-ku lo’lilik! Xulq ham deyman o’zi, shu qizga xatm bo’lgan ekan-da! (Momo chiqib ketadir. Kal unga taqlid qiladir). Ana xolangiz ham mayda bosib, yo’rg’alab ketdilar… Ketishini qarang, yurishini ko’ring, bedana uyatli, qarg’a sharmanda, hakka armonda. (Taqlid qiladir.) Marhamat, Oyimposhsha, biz tayyor.

OLTINCHI MAJLIS

Yorqin. Kal

Yorqin. Qani, gapir endi, Po’lat to’g’risida nima bilasan?

Kal (yaqin kelib, har xil kulkili harakatlar bilan boshlab). Po’lat to’g’risida emas, Po’lat bilan O’lmas botirning qizi Yorqinoy to’g’risida birmuncha narsa bilaman!

Yorqin (seskanib). Nima? Nima deysan? (O’zicha.) Xudoyim, men qanday bir baloga yo’liqib qoldim? (Kalga.) Yorqinoy to’g’risida?

Kal. Ha, Yorqinoy to’g’risida.

Yorqin. Yorqinoy degan kim ekan?

Kal (piqillab kulib). Hho… Hhhe… Yorqinoy, axir… Yorqinoy… (Birdan.) Hozir men sizga uning kimligini aytsam o’zi eshitib qoladir-da!

Yorqin. O’zi yo’q odam qaerdan eshitsun?

Kal. Ha, rost-a, bu yerda, darhaqiqat, men bilan Yorqinoydan boshqa hech kim yo’q-a…

Yorqin (jiddiy). Voy o’lgur Kal, sen ko’p narsadan xabardor ko’rinasan. Yorqin deganing men ekanman, shundaymi?

Kal. Xuddi o’zlari!

Yorqin. Xo’sh, gapning o’ziga kel: Po’lat bilan mening to’g’rimda nimalar bilasan?

Kal. Nimalar deysizmi? (Boshlab.) U… anorzorning yonida bir kun kechasi bo’lib o’tgan ishlarni… Qumri degan qizning chaqib qo’yishini… otalarining qilich ko’tarib chiqishlarini… oraga odam suyaklari bilan eski arizalarning kelib tushishini… Po’latning o’sha yerdan qochib ketishini… O’sha yerda sizning emas, Yorqinoy degan qizning ko’ngli ketib yiqilib qolishini-hammasini, hammasini bilaman.

Yorqin (o’zicha). Tangrim, nimalar eshitaman? (Kalga.) Bu gaplarni qaerdan eshitding?»

Kal. Tog’dan-toshdan…

Yorqin (bo’g’ilib). Tog’dan-toshdan gap eshitilarmidi, Kal o’lgur?

Kal, Ha, unday bo’lsa, «kimdan eshitding» deng! Men ularni Po’latbekdan eshitdim.

Yorqin. Po’latbekdan?.. Qachon?

Kal. Boya aytdim-ku: bir yarim oydan beri birgamiz, bir yarim oydan beri eshitib kelaman.

Yorqin. Hozir o’zi qaerda?

Kal. SHu yerda, poshsham!

Yorqin. Gapingga sira tushunib bo’lmaydir. Hali tog’-toshda deding, endi shu yerda deysan…

Kal. Ha, rost aytaman: ilgari tog’-toshda edi, hozir shu yerda.

Yorqin. Yana anglamayman! SHu yeri-qay yer?

Kal. Anglamasangiz, anglamaysiz ekan-da! (Qo’li bilan ko’rsatib.) U… ana shu yerda.

Yorqin. Oh, xudoyim, sira-sira tushunmayman! Ipini muncha chuvaltirasan, Kal?

Kal. Poshshaxon, bo’yiga yetgan qiz bo’lsangiz ham, ip eshishni bilmaysiz ekan-da? Xayr, mayli, xafa bo’lmang, hozir tushuntirib beraman: Po’lat sizning dargohingizdan chiqib ketgandan keyin qum cho’llaridagi o’g’rilarga borib qo’shildi, shundan keyin bir qur «Po’lat o’g’ri» deb nom chiqardi (Sekingina.) o’g’ri deganda ham endi o’g’riki, o’g’rilarning adabini beraturgan o’g’ri… Hozirda bo’lsa sizning otangiz ko’p qo’shin bilan borib, o’rab qoldi. Endi ahvol yomon… Hozir otangizning qo’liga taslim bo’lmoqchi. SHunga endi o’zi bilan otangizning o’rtasiga sizni vosita qilib qo’ymoqchi…

Yorqin. Tushuntirmay o’l. Yana tushunmadim. Meni qanday qilib vosita qilar ekan?

Kal. Ipning u chigali juda yomon, uni men ham esha olmayman… Uni, o’z og’zidan eshitasiz. Men bo’lsam… (Sekin.) sizni olib ketkali keldim. U sizni (Ko’rsatib.) ana u yoqda, bir o’rtog’ining bog’ida kutib turadir.

Yorqin. SHunday degil, Kal. Endi tushundim. Demak, seni qovuzchi qilib, hiyla bilan yuborgan Po’lat ekan-da?

Kal. Ha, barakalla, topdingiz; aqlingizdan aylanay, poshsham!

Yorqin. Po’latdan birorta nishon yo alomat bo’lmasa, men har bir kelginchi-ketginchining so’ziga ishona berarmidim?

Kal. Poshsham, adashasiz: men kelginchi-ketginchi emasman. Men, sizni olib ketgali kelgan katta bir elchiman. Sizni olmasdan ketmayman. Po’latbekning non-tuzini yeganman, halol qilmasam, tinchlana olmayman, sizni ishontiraturgan bir alomat, bir nishon bo’lmasa men ovora bo’lib kelmas edim. Nishon bor, poshsham!

Yorqin. Qanday nishon u?

Kal. Tilla uzuk! (Teskari burilib qo’lidan oladir). Mana, xuddi o’ziniki! (Yorqin olib ko’radir.) O’xshaydirmi? U… Qoshining o’rtasidagi kichkina chiziqni ko’ring… Qoshning bir chekkasidagi mayda xatni ko’rdingizmi? (Sekin.) Xudo biladir, Yorqin poshshaning o’zlari bergan uzukmi, deyman?

Yorqin (sevingan, ko’zlari kula-kula xayolga berilgandir). Gapirma, kal!

Kal. Yo’q… siz bergansiz deganim yo’q… Yorqin poshsha bergandir deyman…

Yorqin (xayol bilan). Jim! (Iljayib o’ylanadir.)

Kal (sekin). Nima bo’ldi, poshsham? Uzuk siz aytgan nishonga to’g’ri keladirmi, yo’qmi? Nima dedingiz?

Yorqin (o’yda, bir ozdan so’ng birdan). Xayr, xuddi o’zi… bo’ldi! Qanday qilib boramiz?


Kal (sekin). Bo’ldi dedingiz-a? Unadingiz-a? O-o… barakalla, dadil ekansiz!

Yorqin. Tez bo’l, ayt: endi qanday qilib boramiz?

Kal (sekin). Siz shu hovlidan ana u… orqa tomon ko’chaga o’ta olsangiz bo’ldi, men bu tomondan borib otni hozirlab turaman. Lekin erkak kiyimida chiqing.

Yorqin. U nimasi tag’in? Men erkak kiyimi kiyib o’ltiramanmi?

Kal. Erkak kiyimi kiyish ham qiyin ish ekanmi? Boshingizga bir qalpoq ilib, ustingizga bir chakman tashladingiz, bo’ldi-da?

Yorqin. Xayr… ehtiyot ham zarur, qilich-qalqon-chi?

Kal. Ularning keragi yo’q. Mening o’zimda bor, o’sha bas. Po’latbek juda sakson tosh yo’lda emas. Mana shu yerdagina, bir pasda borib qolamiz. Innaykeyin: Po’latbekning hozirgi ahvoli bitta-yarimta qilich bilan tuzalaturgan emas… (Yorqin o’ylab ketadir.) Menga ruxsat berasizmi, ketsam? (Jim.) Xayr bo’lmasa, oyimposhsha, men ketdim. (Ketaboshlaydir.)

Yorqin (o’ziga kelib). Hoy bebosh kal, qaerga? Yorqin (o’ziga kelib). Hoy bebosh kal, qaerga?

Kal. Ruxsat so’rasam indamadingiz, xayolingiz, nima balo, tog’-toshlarga uchib ketkanmidi? Bekni o’ylagan bo’lsangiz, arziydir, bemalol o’ylaybering, men ketdim, (CHiqadir.)

Yorqin (orqasidan). Hoy esi pas, Kal, qaysi vaqtda uchrashamiz? Aytmading-ku!

Kal (qaytib). Ha, aytgancha-ya: ertaga mana shu vaqtlarda. Esni qarang-a, oyimposhsha-ya… SHo’r daryodan ham o’tib ketib qolibdir-a…

Yorqin (orqasidan). Po’latga borib ayt, ertaga albatta ko’rishasiz, de.

Kal (yana qaytib, shoshilish va past ovoz bilan). Ertaga albatta, ko’rishasiz, oyimposhsha! Ertaga, albatta, ko’rishasiz, ertaga, albatta, qovushasiz, ertaga, albatta, murodingizga yetib, maqsadning naq beliga tepasiz! (Yugurib chiqadir. Yorqin orqasidan kesak otib qoladir.)

ETTINCHI MAJLIS

Yorqin yolg’iz

Yorqin (og’ir o’yda). Ko’z oldimda hozir ikki narsa barobar ko’rinib turadir: biri benihoya chuqurlik, jar, yana biri gullar-chechaklar to’lib toshgan bir boqcha… (Jim supaga kelib o’ltiradir.) Menda hozir aql degan narsa yo’q! Aql, es, andisha… Mundaqa narsalardan hech bittasi qolmadi! Mening qoshimda birgina Po’lat bor, uning qilich yalang’ochlab, qalqon tutib turgan gavdasi bor. Po’lat! Po’lat! Zolim Po’lat! Jallod Po’lat! (Sekingina bosib Momo kiradir. Yorqinning so’zlab turganini eshitib indamasdan, bildirmasdan tinglaydir.)

SAKKIZINCHI MAJLIS

Yorqin, Momo

Yorqin (Momoning borligini bilmasdan o’zicha so’zxlanadir). Marhamatsiz Po’lat, shafqatsiz, bag’ritosh Po’lat! Sening uchun men har bir ma’quldan yuz o’girib, har bir noma’qulga «xo’p» deyman… ko’rdingmi, bildingmi, bir Kal… bir iflos Kal…

Momo. Qizim Kal nima bo’ldi?

Yorqin(cho’chib). Oh xola, sizmisiz? (SHoshib.) Kalmi? Kal…(Birdan.) siz qayerda edingiz?

Momo. Men ichkarida edim.

Yorqin. Ichkarida deysizmi? Ichkarida nima qildingiz?

Momo (og’ir, ezilgan, qiynalish bilan). Nima qilar edim, «Kal bilan bemalol dardlashib olsin qizim» deb o’sha yerlarda yo’qolib turdim… Qani qizim, nimalarni dardlashding?

Yorqin (o’zini o’nglab olib). E… Kal o’lsun, Po’lat to’g’risida birorta yangi gap aytarmikan desam… og’ziga kelgan behudalarni jovradiyu… Innaykeyin quvlab yubordim.

Momo (og’ir dam olib). Oh, qizim, mening bittagina qizginam; sen kimsan, nimasan, o’zing bilasanmi? O’ylaysanmi?

Yorqin (qo’ramas). Men, yurtning eng katta botiri, eng obro’li sardorining qizi… Yorqinposhsha bo’laman! Ha, nima bo’libdir.

Momo. Bugina emas: xonimizning bo’lg’usi kelini, xonzodamiz Tovxonbekning kelgusidagi yo’ldoshi!

Yorqin (qah-qah otib). Ha-ha-ha-ha! Xonzodaning xotini emish!.. Tushingizni suvga ayting! Men, unaqa shahzodalardan mingtasini qator qilib chizib qo’yganda ot-qorovulliqqa ham olmayman! Xola, xonzodangiz osmondagi yorug’ yulduzga tega olur, qo’lidan kelar, lekin, menga aslo, sira tega olmas.

Momo. Qizim, sen hali nima xayollarda yuribsan?

Yorqin. Xola, siz hali nima xayollarda yuribsiz?

Momo. Menda xayol-mayol yo’q. Sen Xonzodamizniki bo’lasan, boshqa gap yo’q!

Yorqin. Qanday? Qanday? Axir?

Momo. Qanday-mandayi yo’q. Sen otangning qizisan, otang shaxzodaga va’da bergan, urushdan keldimi, tangri tilasa, to’y.

Yorqin. Ha-ha-ha-ha!

Momo. Kulma, qizim, ko’p kulma, bir kun yig’lab qolmagil! Bilasanmi, otang seni Xonzodaga bermak uchun ko’p yerdan sovchilarni qaytarib yubordi. Bilasanmi, ana u Nishobsoyning begi bor-ku? Bu mamlakatda otangdan keyin eng katta odam o’sha. Uning gapini qipchoq xon ham qaytarmaydir. Undan hamma mamlakat qo’rqadir, hatto xonimiz ham qo’rqadir… «Hayt!» desa bormi, mamlakat to’z-to’polon-da!

Yorqin. Xo’sh?

Momo. Ha… seni Xonzodaga beraman deb, otang undan kelgan sovchilarni ham qaytarib yubordi.

Yorqin. Qaytarmasin edi, bersin edi, Xonzodangizdan ko’ra o’sha yaxshi edi…

Momo. Hoy, hay qizim… Hali sendan kelgan gap shumi? Gavhar bilan toshni ajratkunday ham aqling qolmadimi? Xonzoda nimayu Nishobsoy begi nima? Orada yer bilan ko’k qadar farq bor. Xonzoda yosh, innaykeyin, yer yuzida bitta-yu bitta chiroylik yigit, Nishobsoy begi bo’lsa 40-50 ga borib qolgan, otang tenglik huquq, nechta xotini bor odam… Xunuklikda u ham dunyoda bitta, hay qizim, hay…

Yorqin. Xola, nima desangiz deng, menga xonzodadan ko’ra o’sha bek yaxshi, ming-ming martaba yaxshi. Xonzodaga beraturgan bo’lsangiz, Nishobsoy begiga «jon» deb, yalinib-yolvorib yurib tegaman!

Momo. Muncha yaxshi ko’rsang, bor, o’sha Nishobsoy begiga tegib olaqol! (Burilib keta boshlaydir.)

Yorqin. Tegaman, tegaman, rost, tegaman! Sovchi yuboring! (o’rnidan turib.) Hoy xola, qaerga ketayotibsiz? Sovchilikkami?

Momo (burilmasdan). Ha, sovchilikka! Nishobsoy begining yoniga sovchilikka!

Yorqin (qattiq kulib). Ha-ha-ha! Mendan salom ayting! Sepini yaxshi qilsun, to’yini katta bersun, joyini qalin solsun! Ertaga kechasi-mana shu vaqtda haligi Kalni «vakilota» qilib –birga keladir, deng! Ha-ha-ha!.. (Xola ketadir, bu supaning qirg’og’ida qarab qoladir.)

Parda tushadir