Jump to content

Yorqin oy/Birinchi parda

From Wikisource
334892Yorqin oy1920Abdulhamid Choʻlpon

BIRINCHI PARDA

Bu parda o’n majlisdan iboratdir

A R A L A SH A R L A R

Kirish tartibi bilan

Po’lat-bog’bon yigit, 30-35 larda.

Qumri-xizmatchi qiz, 17-18 larda.

Momo xotin-oqsoch, 50 larda.

Yorqin-sarkardaning qizi, 20 larda.

O’lmas Botir-sarkarda, 50-55 larda

O’lmas Botirning qo’rg’on boqchasida o’rik daraxtlarining tagi. To’rda-o’rikzordan so’ng olmazor, uning orqasida uzun-uzun so’rtak (ishkom)lar. Ko’klam boshlari: hamma daraxtlarning yaproqlari ko’m-ko’k, toza, gullar chaman-chaman bo’lib ochilg’onlar. Vaqt yarim kechaga yaqinlashgan, daraxtlarning orasidan oydinlik tushadir, yiroqlar sutdek oydin. Og’ir va sirli bir jimlik.

Bir gilamcha, bir sher terisi-po’stak bilan ikkita yastiq ko’tarib Po’lat chiqar, sodda-xizmatkorlarcha kiyingan. Belida yolg’iz bog’bon pichog’i ochilgan.

BIRINCHI MAJLIS

Po’lat yolg’iz

Po’lat (uyoq-buyoqqa jalanglab qarab olgandan keyin hayron bo’lib ko’targan narsalarini sekingina yerga qo’yar). SHu, shu! Qantak o’rikning tagi degani shudir. «Tagida bir tup beli singon qari o’rik bor» degan edi. (qarab) ha, shu, ammo, men bilmadimkim, yarim kechada bu taraq-turuq nima uchun va kim uchun bo’lsa? Yo birorta nozik mehmon kelarmi ekan? (O’ylab.)Yo’q, yo’q, har qandoq nozik mehmon bo’lsa ham hovuzning bo’yiga joy qildirar edi. Yo Botirning o’zi chiqarmi ekan? Uning uxlagali yotganiga qancha bo’ldi-yu, Innaykin, Botir yarim kechalarda mundoq to’polang qilib yurmaydi-da, (Qarab.) Ha, ana Qumri kelayotibdir. O’shandan so’rayman, bu kichikkina, jikkak, qaqajon qiz o’lgur, hamma narsani biladi. (Po’lat kelgan tomondan Qumri kelib chiqadir.)

IKKINCHI MAJLIS

Po’lat, Qumri

Qumri. Po’latxon, shu choqqacha joyni tayyor qilmadingizmi?

Po’lat. Joyni hozir tayyor qilaman, mana narsalarni olib keldim. (Gilam, po’staklarni yozaboshlab yana to’xtar). Menga qara! «Xon»i nimaga kerak? To’ppa-to’g’ri Po’lat yo bog’bon deyabersang bo’lmaydirmi?

Qumri. SHuni ham ko’p ko’rdingizmi? Biz kambag’al, xizmatkor qizmiz-da, a?

Po’lat. Nima demoqchisan?

Qumri (yuzi birdan qayg’ilanib, so’lar; yerga qarab, sekingina). Nima demaqchi bo’lg’onimni o’zingiz bilasizku, tag’in nimaga so’raysiz? Kuygan yuragimni yana battaroq kuydirmoqchi bo’lasizmi?

Po’lat (kulib). Ha, sizning yuragingiz nimaga kuyar ekan? Ha, birortaga oshiq, bo’ldingizmi?

Qumri. Bas, Po’lat, bas! Men endi chidayolmayman!

Po’lat (yana qattiqroq kulib). Ha, nimaga chidolmaysiz? Issiqqami, sovuqqami?

Qumri. Po’lat, bas endi, bas! (Qiziqibroq.) Siz har narsani masxaraga olasiz, siz mening har bir gapimdan, so’zimdan kulasiz. Men bo’lsam, shu dargohda yolg’iz siz bor uchungina, sizni debgina yuribman. (Ko’zidan tomgan yoshlarni artadir.)

Po’lat (quromaslik bilan, jiddiy). Qumri! Sen nimaga meni deb yurasan? Senga boshda aytib bermadimmiki, «Sen mendan umidingni uz, yosh qizsan, o’zingni qiynama!» deb? SHunda ham anglamadingmi?

Qumri (xayol bilan). Anglamadim… Angladim… Yo’q, yo’q, anglamadim…

Po’lat. Senga ishning bo’lgan-turganini anglatmak uchun «seni sevmayman, seva olmayman. Mening ko’nglimda boshqa narsaning sevgisi bor» deb aytib berish kerakmi? O’zing tag’in dam angladim, dam anglamadim deysan.

Qumri. (alamli). Meni sevmaganingizni xo’p yaxshi bilar edim. Ammo bu sevmasligingizni o’z og’zingizdan, o’z tilingiz bilan aytdirib eshitmakchi edim.

Po’lat (bo’shashibroq). Men seni seva olmasam-da, ko’z yoshlaringni ko’rib rahmim keladir, Nimaga desang, u yoshlarni hozir men o’zim sendan ham ko’proq va achchig’roq to’kib turibman.

Qumri. Bilaman, bilaman, kimni sevganingizni ham bilaman, kim uchun ko’z yoshi to’kkaningizni ham bilaman. Siz sevgan go’zalning siz uchun ko’z yoshi to’kib turganini ham bilaman? Sizni sevib, siz uchun yonganini ham bilaman. (Po’lat besaranjon.) Siz sevgan go’zalning o’zingizga teng bo’lmaganini, shu uchun unga yeta olmasligingizni, menga o’xshagan noumid bo’lganingizni ham bilaman. Mana shuni o’ylab o’zimni uncha-muncha yupatib yuraman. O’z-o’zimga: «Mening sevganimni mendan tortib olmoqchi bo’lgan berahm, o’zi ham menga o’xshab sevganiga qovusholmaydirku» deb ko’nglimni tinchlataman. Ko’nglimdagi g’azab oloviga suv sepaman… Ammo, ammo u yomon olov bir kun kelib kuydirmasa edi, deb qo’rqaman.

Po’lat (og’ir). Qiz qiz, esingni yo’qotma! (Injiqlanib.) Menga o’xshab jinni bo’lma, esingdan ajrama! Men, bir emas, ikki-uch dardning o’rtasida qolib, esu hushimdan ajrashga yaqinlashdim. Sen unday bo’lma! Mening sevgim to’g’risida og’zingdan bir og’iz so’z chiqib, hech bir yerda, hech bir jonivorning qulog’iga kirmasin. Agar kirguday bo’lsa, bir ozroq eshitilguday bo’lsa bormi, (g’ijinib) «g’irt!» bo’g’amanu… o’ldiraman. Bilasanmi?

Qumri (sira qo’rqmasdan). Hoy, siz-kishiga bilinishdan, oshiq nomi chiqarishdan, sharmanda bo’lishdan shuncha qo’rqasizmi? SHunaqami hali? E… Sadqayi oshiqlik ketsun sizdan… Sevgan kishida bir narsadan qo’rqish bo’lar emishmi? Oshiq-sharmanda degani emasmi? Oshiq-ma’shuq ertaklarini ham eshitgan emasmisiz?

Po’lat. Yo’q, men o’z sharmandaligimni sira o’ylamayman, lekin, uning sharmanda bo’lishidan juda yomon qo’rqaman. Unga tariqday bir gap tegsa xafa bo’laman.

Qumri. Bas, bo’ldi, bilaman.

Po’lat (yana og’ir). Bilsang bo’ldi, bor, ishingga bor. Men joyni solib tayyorlay (joy sola boshlaydir).

Qumri (ezilgan, hayajonli). Bilmayman, bilmaymankim, buning oxiri qanday bo’lib tugar ekan? (Sekingina, o’ychan chiqib ketar.)

Po’lat (joyni solib bo’lgan, darhol Qumrining orqasidan). Qumri, Qumri!

Qumri (qaytib kelar). Ha, yana nima gap?

Po’lat. Bu yerga yarim kechada kim chiqib o’ltirar ekan? Botirmi?

Qumri. Botirning allaqachon uxlaganini o’zingiz bilasiz-ku, hozir hovuz bo’yidan bu yerga Yorqin poshsha keladilar.

Po’lat (Birdan o’zgarib). Yorqin poshsha… (Jim. Bir ozdan so’ng injiq tez va shiddatli.) Bor, ket, ko’zimga ko’rinma! (Qiz indamay ketar.)


UCHINCHI MAJLIS

Po’lat yolg’iz

Po’lat. (o’zicha). Yorqin poshsha. Yorqin poshsha… Yorqin poshshadan shu kunlarda bir umr ajralmoq kerak! Bu-mening uchun ko’p og’ir bo’lsa-da, men ko’nglimni boshqa yoqlarga bura olaman. Mening boshimda yana boshqa dardlar ham bor; u dardlar meni mana bu yaxshi ko’rish dardlaridan qutqazib ketadi-ya… Ammo, ammo Yorqin. poshshaga ko’p qiyin bo’ladir. (Tez qadam bosib Qumri kelar.)

TO’RTINCHI MAJLIS

Po’lat, Qumri

Qumri (kirib kelib). Po’lat! Aytkancha oyim poshsha «Po’lat akangga ayt, menga, mening chiqishimga gul terib qo’ysin!» deb edilar. Hali aytaman deb esimdan chiqib qolibdir.

Po’lat (injiqlanib). Bor, bor, ket, borib ayt, «Joy tayyor» degin! (O’zicha.) Yorqin poshshaning sharmandabozligi hozirdanoq boshlanib qolibdir.

Qumri. Gul-chi? (Po’lat eshitmaydir. Yana qattiqroq.) «Gul-chi?» deyman.

Po’lat. Bor, ket, xo’p dedi, degin.

Qumri. Gulni terib qo’yasizmi?

Po’lat (injiq). Ha, bir quchoq qilib terib qo’yaman.

Qumri (tezgina Po’latning yoniga kelib ko’ksini tutadir). Po’lat, Po’lat, bir dona gulni o’z qo’ling bilan uzib olib, o’z qo’ling bilan ko’ksimga taqib qo’y, sendan umrlik yodgor bo’lsun!

Po’lat (yana injiq). Qiz, men senga dedimki, «seni seva olmayman».

Qumri (yalinib). Hech bo’lmasa mening sevgimga yodgor bo’lsin deb qil! Mening noumid va baxti qora sevgimga atab bitta sassiq ko’kat bo’lsa ham taqib qo’y! (Ko’ziga tikilib.) Bitta sassiq ko’kat-a?!

Po’lat (sekingina, xuddi suratdek yurib borib bir gul uzadir va sekingina taqib qo’yadir). Bor endi, yo’qol, ko’zimdan nariga bor! (Qumri bir gulga va bir Po’latga qarab keta boshlaydir.) To’xta, Qumri! (Qiz to’xtaydir.) Oyim poshsha nima uchun bemahal, yarim kechada hammani besaranjon qilib yuradir?

Qumri (Po’latga butkul yaqinlashib, da’vogar kabi). Nimaga mendan so’raysan? Nimaga? Nimaga javobini o’z ko’nglingdan so’ramaysan?

Po’lat. Qiz, qizishma! Mening ko’nglim hozir hech narsaga javob bera olmaydir.

Qumri. Sen, Po’lat, nima uchun muncha xom xayolsan? Meni bilmaydi, sezmaydi deb o’ylaysanmi? Oyim poshsha sening dardingda yongani uchundirki, na kunduz tinadir, na kecha! SHuni sen o’zing ham juda yaxshi bilasan.

Po’lat (yasama). Yo’q, yo’q… U meni sevmaydir.

Qumri (ermak qilib). Ha, chinakam, u seni sira sevmaydir.

Po’lat (og’ir). Sevsa-da, sevsa-da… U-osmonda, men-erda. U meni o’ylaydir, men-tog’u toshlarni…

Qumri (bir oz ochilib). Mana bu gaping to’g’ri! U-sendan juda yiroqda, mening umidim ham asli shunda… (Ko’zi kelayotganlarga tushib.) Kelarlar! (Po’lat shoshqin, injiq va pitillagan.) Ana, ko’rdingmi? Qo’lida qilich bilan qalqon! Hech qaerda u qiz shu ikki narsadan ajralmaydir, ayniqsa, so’ng vaqtlarda qilichini yalang’ochlab boshiga qo’yib yotaturgan bo’lib qoldi. Ilgari mixga osib qo’yguchi edi.

Po’lat (shoshilish). Bor, bor, tezroq ket. Bor, qarshi ol. Seni munda men bilan gaplashib turganingni sezsa, jini qo’zib ketadir.

Qumri (qo’rqmas). Qo’zisa qo’ziy bersin! Qo’rqamanmi? Seni u qanday sevsa men ham shunday sevaman. Sevganimning yonida ko’rsalar aybmi?

Po’lat (sekin ovoz bilan g’azab qilib). Jim! Og’zingni yum!

Qumri (ginali, qaltirab turib). Mening sevganimni qo’limdan tortib… (Po’lat garang, shoshgan, yonida Momo xotin bilan birga Yorqin kiradi. Go’zal tekis, kiborlarcha, faqat sodda kiyinmishdir, bir qo’lida qilich, birida qalqon.)

BESHINCHI MAJLIS

Po’lat, Qumri, Yorqin, Momo xotin

Yorqin (tez kirib, kulib turib Qumriga). Nimalar deding? «Sevganimni qo’limdan tortib» dedingmi? Nima demoqchi bo’lasan? Qani, aytib ber-chi!

Po’lat (tezgina). Poshsham, bir ertak aytib turib edi…

Qumri (dadil). Yo’q, yolg’on! Ertak aytganim yo’q! (Po’lat besaranjom.) Men demakchi bo’lamankim, «mening sevganimni qo’limdan tortib olmoqchi bo’lganlarni yerga qarataman, sharmanda qilaman!»

Yorqin (kulimsirab turib bemalol). Sevganing kim sening? (Sekin o’ltiradir.)

Qumri (qaltirab). Uni o’z qalbingizdan so’rang!

Yorqin (rangi o’chib, g’azabli). Jim! Jim deyman! Yana tag’in shundaqa narsalarni gapira boshlasang boshingni kesaman!

Qumri (dadil). Kesing, kesing, kesa qoling! So’ngra Po’lat butkul sizniki bo’lsin!

Yorqin. Nima, nima? (Qilichini olib o’rnidan turmoqchi bo’lar.)

Po’lat (to’xtatib). Qizishmang, poshsham! Siz agar chinakam kesmak va shu bilan totlanmoq istasangiz mening boshimni kesing-da, siz ham tinchsiz. Qumri ham. (Qumriga). Yo’qol, ko’zimga ko’rinma, tentak qiz! Bo’lmagan narsalarga aralashib yurguncha ishingni qilsang-chi!

Qumri (ketaturib). Ketaman, ketaman! Siz qoling shu yerda, maqsadingizga yeting! (Yorqin o’rnidan turmoqchi bo’ladir, Momo uning yo’lini to’sadir, Qumri tez-tez chiqib ketadir.)

OLTINCHI MAJLIS

Po’lat, Yorqin, Momo xotin

Yorqin. Bari bir, men bu qizni tirik qoldirmayman!

Po’lat (sekingina boqcha tomonga keta boshlab). Ko’p qizishmang, poshsham.

Yorqin (sekingina po’stakka yonboshlab). Qaerga?

Po’lat. Siz uchun gul tergali.

Yorqin (amirona). Bor (Po’lat ketar.)

ETTINCHI MAJLIS

Yorqin, Momo xotin

Yorqin (Momoga). Xola, siz ham bora beringiz endi.

Momo. O’zingni shunday vaqtda yolg’iz qoldirib-a?

Yorqin. Nima bo’lar edi? Bo’ri yeb ketarmidi? (Qilichini ko’rsatib.) Buni bilasiz-ku!

Momo. Bolam, Seni bo’ri yemaydir-ku, endi…

Yorqin. Endisi nima, tag’in?

Momo. Endi, bolam… Yosh, yetilgan qizsan, otang el-xalq orasida juda obro’ylik odam, gap-so’z bo’lmasin deyman-da.

Yorqin. Mana shu to’rt devorning orasidan chiqmayturgan bo’lsam, yetilmay o’layin! Obro’ degan narsa odamni kishanga sola turgan bo’lsa, u ham o’lsun!

Momo. Voy bolam-e… Nafasingni sovuq qilmangil-e…

Yorqin. Menga ishonsangiz keting, ishonmasangiz poylab o’ltira bering. («Arazlab»-teskari qarab yonboshlaydir.)

Momo (kelib boshlaridan siypab). Xafa bo’lma qizim, ketay, ketay. Ishqilib o’zingga ehtiyot bo’lgil-da! (Yorqin jim. Momo keta boshlaydir.)

Yorqin (birdan burilib, o’ychan). Xola, xolajon, beri keling. (Momlo qaytib kelar.)

Momo. Nima deysan qizim?

Yorqin. O’ltiring, yonimga o’ltiring. (Momo o’ychan o’ltirar.) Xola, xolajon, onam o’lgandan keyin ona o’rniga siz qoldingiz. Meni onamdan ko’ra yaxshiroq erkalatib, silab-siypab o’stirdingiz. Mening sizdan boshqa tayangan hech kimim yo’q. Otam bo’lsa achchig’i yomon. Hech narsa ayta olmayman. Yo’q, yo’q… Otam meni juda yaxshi ko’radir. Men nima desam xo’p deydi…

Momo. Ha, barakalla qizim. O’zing ham bilasan ekanku?! Otang, seni o’gay ona qo’lida qoldirmaslik uchun onangdan keyin uylanmay o’tib ketdi. Bolam, otangday kishiga yolg’izlik sira yarashmas edi. Bolam, seni deb yosh umrini yolg’iz o’tkazdi.

Yorqin. Bilaman, xolajon, bilaman, otamning menga qilgan otalig’ini hammadan ortiq men bilaman. Men nima desam u «yo’q» demaydir. Tilaganimni qilib beradir. Lekin… (Jim.) bu dardni unga aytib bo’lmaydir. Bu dardga davo topsangiz, siz topasiz, meni bu keti yo’q qayg’idan qutqazsangiz, yana siz qutqazasiz, xolajon. Nima qilayin men, ayting-chi, nima qilay?

Momo (Yorqinning boshini siypab erkalatib). Qizim Yorqin, men sening yo’lingda jonimni ham berishga hozirman. Nima desang qilaman, qo’limdan nima kelsa shunga yopishib ko’raman. Lekin qizim, men senga aytdimki, sen yurtning xondan keyin eng ulug’ kishisining qizisan. Otang O’lmas botir xonning birinchi botiri. Uning degani degan, aytgani aytgan. Sen shunday odamning qizisan. Po’lat bo’lsa o’z gavdasidan boshqa hech narsasi yo’q bir bog’bon, bir yalangoyoq. Otang seni hech vaqt unga bermaydir. Agar otangning o’rnida boshqa bir kishi bo’lsa, u ham shunday qilar edi. Agar Po’latni sevganingni el-yurt bilib qolgunday bo’lsa, otang bir umr ko’chaga chiqolmaydir.

Yorqin. Xolajon, men sizga «Po’latni sevaman» deb aytganimga ikki-uch oy bo’ldi, shundan beri, siz, hammavaqt shu gaplarni aytasiz: «Sen katta odamning qizisan. Po’lat bir yalangoyoq…» Men bu xil gaplarni ko’p eshitdim, otamning kimligini va o’zimning nimaligimni xo’p yaxshi bilaman. Endi, menga u ertaklarning keragi yo’q. Hozir mening dardimga davo kerak, davo! Bilasizmi, davo?

Momo. Sening dardingga hech qanday davo ko’ra olmasam nima qilay? Men, o’sha sen aytgan kundan beri o’ylayapman, tushunaman, axtaraman, izlayman-hech bir yo’l ko’rinmaydir.

Yorqin. Xolajon, men «dardimga davo» deb sizga allaqachon aytgan bo’lsam-da, bu choqqacha o’sha dardga chidab, bardosh qilib ham keldim. Nimaga desangiz.

Po’lat hozirgacha shu yerda, ko’zimning oldida edi. Men uni ko’rar, shu bilan yupanar edim. Endi ish so’ng haddiga yetdi, endi jon bo’g’izga kelib taqaldi, endi chidashga aslo imkon qolmadi…

Momo (andishali). Nima bo’ldi, qizim, nima bo’ldi? Yo biror sovuq xabar bormi?

Yorqin. Oh, men qanday qilib tilga olib aytayin? Yo’q, yo’q, bu dardning davosi, chinakam, yo’qqa o’xshaydi.

Momo. Nima bo’ldi, qizim? Ayt axir, men bilayin. Ehtimolkim, biror yo’lini toparmiz. Aytmasang men qanday bir ish qila olaman?

Yorqin (og’ir). Po’lat ketadir…

Momo (tinch). Qaerga?

Yorqin (eshitmaydir, og’ir o’y ostida). Po’latdan bir umr ayrilamiz.

Momo. Qizim, men sendan so’rab turibmankim, qaerga ketadir?

Yorqin. Bilmadim.

Momo. Muni senga kim aytdi?

Yorqin. Po’latning o’zi.

Momo. Qachon ko’rding uni? Gaplashdingmi? Qaerda gaplashding? Nima dedi?

Yorqin. Men uni, xolajon, kecha kechasi ko’rdim. Hovuz bo’yida edim. Otam bilan ozroq gaplashib o’ltirdik-da, keyin otamni chaqirib olib keldilar. Men o’zim yolg’iz qoldim. O’shanda otamning bir xatimi, qog’ozimi esidan chiqib qolgan ekan, bir ozdan keyin o’sha qog’ozni istab Po’lat kelib qoldi. Ana dedikim: «Men ketaman, ehtimol, bir umr ko’rishmasmiz». Men birdan og’irlashib ketdim, ko’z oldilarim qorong’ilandi. Xuddi og’ir bir yuk bosganday bo’ldi. Bir oz vaqt hech narsa sezmadim. Keyin sekin-sekin o’zimga kela boshlab ko’zimni ochsam, Po’lat yo’q edi… U mening og’irlashganimni sezmasdan qaytib ketgan bo’lsa kerak, yo’qsa, meni o’sha holda yolg’iz qoldirib ketmas edi. (Jim.) SHu bilan mening umidim uzildi…

Momo. Yo’q qizim, hali uncha umidsiz bo’lmay turatur. Biror yo’l topilib qolar, deyman.

Yorqin (og’ir va noumid). Koshki…

Momo. Kechadan beri qayg’irib, allaqanday bo’lib yurishing shu uchunmidi?

Yorqin. Hovuzning bo’yida o’ltira olmasdan bu yerga keldim. Ko’nglim tinchlanarmikan, deyman, har qaerdan ko’nglimga tinchlik axtaraman. Ammo, har qayda ham shu g’am bosqini…

Momo. Men ham shoshib qoldim, bolam. Nima qilsak ekan? (Jim, o’yga botadilar.) Qizim, sen o’zingni uncha qayg’uga solmay tur. Men Po’latni ko’ray, gaplashay, nima uchun ketishligini, qaerga borishligini so’rab bilay. So’ngra «ketma» deb bir nasihat qilib ko’ray, ehtimol unata olurman. (Yorqin diqqat bilan tinglaydir.)

Yorqin. Yo’q, momojon, endi haqiqatni achchig’ bo’lsa ham, ko’z oldimga keltirmak kerak: Po’lat ketmasa ham, shu yerda tura bersa ham meni bu uyga bir umr bog’lab qo’ymaganlar-ku. Otam menga necha marta «qizim, kap-katta tuyaday bo’lib qolding. Sening ham qo’paydimi?» deb tegishdi.

Momo. Yo’q qizim, u to’g’rida sira qayg’urma. Agar Po’latni ko’rib yurish bilan ko’ngling tinchlanaturgan bo’lsa, o’zing qaerga, kimnikiga borsang, o’sha joyga uni ham oldirsang bo’ladir. Uning yo’li topilaberadir, u keyin bo’laturgan narsa. Faqat, buning uchun otang nima desa seni «xo’p» deb turishing kerak. Qizim, sen xotirjam bo’l, erta bilangacha men Po’lat bilan so’zlashib qo’yib ertaga erta bilan javobini aytaman. Endi tinch bo’l. Uyqung ham kelgandir, kir, yot, o’zingni ko’p urintirma!

Yorqin. Yo’q, xolajon, siz agar astoydil meni desangiz, menga rahmingiz kelsa, bir ish qiling.

Momo. Jonim qizim, nima qilay? Nima istaysan?

Yorqin (uyalib, tortinib). Po’latning o’zini hozir menga chaqirib bering. SHu yerda men o’zim gaplashay. Ehtimol, u qolgani unamas, ketar. Oxir choqda bir ko’rishib qolay…

Momo. Voy qizim, ko’rib-netib qolsalar nima bo’ladir?

Yorqin. Hozir uyg’oq kim bor, deysiz? Hamma uxlagan… Hozir tinch kishilar uchun uyquning eng shirin vaqti…

Momo. Qo’y qizim, men o’zim gaplashay.

Yorqin (yig’lamsirab). Agar… siz… meni o’lmasin, uch-to’rt kun… umr… ko’rsun desangiz… mening aytganimni qiling. Bo’lmasa men… (Yig’laydir) men… tugayman!

Momo (yalinib, erkalatib). Qizim, jonim qizim, bag’rim, jigarim qizim, yig’lama! Nimaga yig’laysan? Qo’y, mening ezilgan bag’rimni battar ezma, sening ko’zingdan tomgan har bir tomchi yosh, mening yaram uchun bir nishtar bo’ladir. Qo’y qizim, yig’lama. Xayr, mayli, men Po’latni chaqirib beraman. (Eslab.) Aytqancha, o’zi ham kelsa kerak, gul uzgali buyurgan emasmiding? O’shanga ketgandir.

Yorqin. O’shanga ketganligi-ketgan-a, gul uzib kelarmikan?

Momo. Albatta, qizim, u sening aytganingni qilmay qo’ymaydir.

Yorqin. Bo’lmasa xolajon… bo’lmasa…

Momo. Bo’lmasa-nima demoqchisan, qizim? Ayt. Aytaber.

Yorqin. Bo’lmasa… siz… siz… xolajon… siz…

Momo (kulib tezgina). Men ketaman, mayli, men ketaman. O’zim ham bildim, o’zim ham ketmakchi edim. (Sekingina o’rnidan turadir.) Qizim, gaplash, ko’rish, lekin, o’zingga ehtiyot bo’l, esingni yo’qotma, shaytonning ig’vosiga sira yo’l berma. Otangni qarigan chog’ida yerga qaratma. O’zingni ham dunyoga masxara qildirma!

Yorqin (dadillanib). Momojon, men u to’g’rida mana bu qilichdan ham tezman. Men, yolg’iz sevaman… Mening ko’zimda o’z akamday bir Po’lat bor. Mening bag’rimda nomusli bir sevinch bor. Tinch bo’ling, ko’nglingizni to’q tuting… Bu to’g’rida men qancha ehtiyotli, qancha qattiq bo’lsam, Po’lat o’zingiz bilasiz, mendan ham ortig’roq. (Momo bo’ynini egib sekin-sekin chiqib ketadir.)

SAKKIZINCHI MAJLIS

Yorqin yolg’iz

Yorqin (yuzini bolishga qoplab jim bo’ladir, bir ozdan so’ng boshini ko’tarib). Ko’nglim allanima balolarni sezganday bo’ladir. Onam bo’lsaydi… tizzasiga bosh qo’yib yig’lar edim. (Yana bir oz jim.) Yo’q, yo’q… Hozir shunday bir dardga yo’liqdimki, buning davosi hech kimda yo’q.

Ko’rmayin bosdim tikanni,

Tortadirmen dardini…

Yo’q, yo’q! Men bu tikanni ko’rib turib bosdim! Yo’q, yo’q! U-tikan emas, gul edi, gul!.. (Yana yuzini bolishga qoplab tinadir. Bir ozdan so’ng qo’lida bir to’plam gul bilan sekingina Po’lat keladir.)

TO’QQIZINCHI MAJLIS

Yorqin, Po’lat

Po’lat (bir oz tikilib turg’och hadiksirab uyoq-buyoqqa qaraydir). Bu yerda oyim poshshadan boshqa hech kim yo’q. Mening bu yerda turganimni ko’rsalar, menga ham, oyim poshshaga ham yaxshi bo’lmas, Oyim poshsha uxlab qolganga o’xshaydir, gulni boshiga qo’yayin-da, borib Momoga aytayin, kelib uyg’otib olib ketsun (keta boshlaydir).

Yorqin (sekingina boshini ko’tarib). Po’lat, men uyg’oq! Hozir mening uchun uyqusizlik kunlari kelganini bilmaysanmi?

Po’lat (bir oz qovshab olib). Unday bo’lsa ko’p yaxshi. Mana-gul, marhamat qiling (uzatadir). Mening so’ng sovg’am!

Yorqin. Gapirma! (Gulni irg’itadir.)

Po’lat (yiroqdan turib, qaltiragan tovush bilan). Poshsham, bu gaplar ham so’nggi gapimdir, shu uchun bir oz gapirib olmasam bo’lmaydir. Innaykiyin gapiraturgan gaplarim sizdan ko’ra o’zim uchun achchiqroq, shunday bo’lsa ham ko’p emas, bir-ikki og’iz. Hozir, mana shu joyda ham ko’p qolishga ko’nglim unamaydir, o’z otimning bulg’anishidan qo’rqmasam ham, siz uchun sira ravo ko’rmayman. Bilamankim, ikkovimizning bu yerda turganimizni ko’rsalar albatta, bir gap chiqaradirlar.

Yorqin. Sen Po’lat, agar ko’ngling to’g’ri bo’lsa, xotin kishi bilan to’g’ri muomala qilishni bilaturgan bir yigit bo’lsang, hech bir gap-so’zdan qo’rqmas eding. Yolg’iz, ko’ngling to’g’ri bo’lsa!

Po’lat. U to’g’rida meni mendan ko’ra siz o’zingiz yaxshiroq bilasiz.

Yorqin. Bo’lmasa, tinch bo’l. Mayli, ko’rabersinlar. (SHu choqda bir daraxtning orqasidan Qumrining yolg’iz boshigina ko’rinadir. U-xavfsirab, hovliqib va achchiqlanib bir oz bularga qarab turadir. So’ngra o’zicha pichillab «xap senimi?» degan ishoratni qiladir-da, darrov yo’qoladir. Bular sezmay qoladilar.) Men ham sen bilan ko’p so’zlashmak istayman, bilamankim, ikkovimizning sevgimiz ham umidsiz sevgidir. Ammo, men seni ko’z oldimda ko’rib yursam ham tinchib yurar edim. Kecha, sen menga «ketaman» deding, bu kun «so’ng sovg’am» deb gul berding, mana shular nima uchun edi, menga tushuntirib ber!

Po’lat. Tushuntirishning keragi yo’q, o’sha gaplarning o’zi bildirib turadir: men ketaman. SHu hafta ichida bu dargohdan butkul ketaman.

Yorqin. Qaerga?

Po’lat. Sizga ishonganim uchun buni aytish mumkin: tog’u toshlarga.

Yorqin. Nima uchun?

Po’lat. Unisini, lekin hozir aytolmayman. U-mening o’z ishim, siz bilmasangiz ham bo’ladir. Lekin, bir vaqt kelar, bilib ham qolarsiz.

Yorqin. Ehtimolkim, shu sevgi sabablidir?

Po’lat. Yo’q, aslo?

Yorqin. Men senga «qol» deb yalinmayman, bu-ortiqcha bo’lur. Sendan yolg’iz so’raymangina: qolabilasanmi? SHuning iloji bormi?

Po’lat. Sira yo’q!

Yorqin. Mening qo’limdan kelaturgan ishlar bilan iloji bo’lsa-chi?

Po’lat. Juda yaxshi bo’lar edi. Lekin, uning iloji hech kimning qo’lidan kelmaydir!

Yorqin. Bo’lmasa, men ham borsam bo’ladirmi?

Po’lat. Yo’q. Aslo!

Yorqin. Ketaturgan yo’ling uchun qilich kerakmi?

Po’lat. Qilichlar kerak?

Yorqin. Qilichni beray.

Po’lat. Qulluq. Qilichlar topaman!

Yorqin. Unday bo’lsa yo’lingda o’lim qo’rqinchi bor ekan-da?

Po’lat. O’lim emas, o’limlar qo’rqinchi bor.

Yorqin. O’lim qonlimidir?

Po’lat. Uni… Uni… (Bir oz jim, so’ngra birdan.) Uni, poshsham, el biladir! (SHu choqda orqadan Qumrining «Ana, ana» degan tovushi keladir, bular qo’rqib qaraydilar. Oldida Qumri bo’lgani holda qo’lida qilich bilan Botir kiradir. Ungacha Yorqin qo’liga qalqonini olib o’rnidan turgandir.)

O’NINCHI MAJLIS

Yorqin, Po’lat, Qumri, O’lmas botir

Botir (tashqaridan baqirib kelar). Hoy beorlar, benomuslar! (Tez kirib kelib bir to’xtab oladir-da, so’ng birdan Po’latga hamla qilib.) Benomus, ko’rnamak!

Yorqin (tezgina qalqon ushlab oraga kiradir). Ota, munda nomus masalasi yo’q! Bu yerda nomus oq, pok, begunoh!

Botir (Bir oz bo’shashib orqaga qaytadir, so’ngra tinch va past ovoz bilan Yorqinga). Sen, qizim, bu yerda yarim kechada bog’bon bilan yolg’iz qolibsan-u, nomus masalasi bo’lmaydirmi? Meni aldamoqchi bo’lasan, benomus qiz! (Qiziqibroq.) Agar men seni qilich o’yiniga o’rgatib o’zimdan usta qilmagan bo’lsam, hozir chopib o’ldirar edim! Yo’q, seni jallodning qo’liga topshirib «maydoni siyosat»da parchalantiraymi?!

Yorqin. Haq yo’lda o’ldirmak istasangiz, men, qalqonni yerga tashlab (tashlaydir.) bo’yimni tutib beraman! (Bo’ynini egib turadir.)

Botir. Otang nohaq yerga bir qatra qon to’kkan emas. Mundan keyin ham to’kmaydir! Ammo, (Po’latni ko’rsatib) mana bu ko’rnamakning qoni to’kilsa, aslo nohaqlik bo’lmaydir! (Po’lat hayajonli, lekin jim.) Ayt yaxshilik bilan, nima to’g’rida gaplashib turib edingiz?

Yorqin. Uni ayta olmayman, lekin, nomus masalasi emas.

Botir. Menga ayta olmaganingdan keyin qanday masala bo’lar edi, behayo? Aytib ber yaxshilik bilan: nima to’g’rida gaplashib turib edingiz?

Yorqin. Nomusdan boshqa bir…

Botir. Sen jim tur! Ana u benomusning o’zi gapirsin! Gapir, deyman, senga behayo!

Po’lat (oldinroq kelib, dadil, lekin bemalol). Men kimman?

Botir (ko’rmas). Kimligingni o’zing bilasanmi?

Po’lat. Siz bilmasangiz qaydan bilayin?

Botir. Tug’ilganingdan beri mening xizmatimni qilib kelib, mening non-namagimni yeb kelib hali ham o’zingni tanimadingmi?

Po’lat. Sizning umrlik xizmatkoringizman: bog’boningizman, deb tanisam, shu chinakam tanitganim bo’ladirmi?

Botir (birdan g’azablanib, baqirib). Benomus, bo’lmasa «qizimning o’ynashi» deb tanitaymi seni? (Yorqin besaranjom.)

Po’lat (mardona). Qiz bilan o’ynashish emas, to’g’ri o’yin-kulishning o’zi ham ko’ngilga sig’maydir. Botir, ayting, men kimman?

Botir. Sen non-namagiga tupurgan bir nonko’rsan! Yana nima kerak?

Po’lat (qaltirabroq). Botir, pardani ochish zamoni kelganga o’xshaydir: (ko’ziga qarab olib.) Mening otam kim?

Botir (bir kurshashib, rangi o’chib qoladir, so’ngra o’zini to’xtatib olib, bemalol). Otang bir qishloqi!

Po’lat. Qani o’sha qishloqi? Nimaga men sizning dargohingizda sizning non-tuzingizga qarab qolganman?

Botir. O’zini boqolmagan bir qishloqi seni biti bilan boqsinmi? O’zi boqolmagandan keyin menga berib ketgan-da! Otang, seni, «Botirning qizi bilan o’ynashsin, Botirni el-xalq oldida yerga qaratsun!» deb qoldirgan edimi? (Qizib.) Qani, ayt, benomus, gapir!

Po’lat. Botir, siz gapni boshqa yoqqa burmang, bari bir ish xunuk bo’ladir. O’sha otam qani? Nimaga menga ko’rsatmaysiz?

Botir. Otangni men qaydan bilay? Yegali ovqat topolmay ochidan o’lib ketgandir. Men senga kam otalik qildimmi? Nonko’r? (Yana qizib.) Men senga «qizimga o’ynash bo’l!» deb otalik qildimmi? A?

Po’lat (qaltirab, Botirning ko’ziga qarab olib), Uyalmaysizmi? Uyalmaysizmi? Asta’furullo… (Bir-ikki qadam orqasiga qaytadir.)

Botir. Men kimning ona qo’ynidagi qizi bilan o’ynashibmankim, uyalsam?

Po’lat (yugurib kelib). U… yong’oqning tagidagi handaq kimning go’ri? Ayting, kimning go’ri? (Botir cho’chib orqasiga jiladir, lekin, o’zi jim, Po’lat borgan sari unliqib.) Bir xandaqda necha kishining boshi bor? (Qo’ynidan bir ro’molchada mayda suyaklar olib tashlab.) Mana bu suyaklar kimniki? Nimaga bular yong’oq tagidagi xandaqda chirib ketkan? (Yonidan bir qog’oz olib.) mana bu ariza kimniki? (Baqirib.) Kimniki deyman? Ariza berganlar qani? (Erdan suyaklarni olib Yorqinning oldiga tashlaydir.) mana shular emasmi, ariza berganlar? Mening otam, akam, tog’am yana boshqa qancha qovmu qarindoshlarim shu bir hovuch suyakning ichida emasmi? Gapiring! Gapiring! Nimaga damingiz chiqmay ketdi? (Botirning qilichi qo’lidan tushib ketadir, rangi oppoq oqaradir, kasal odamday bo’shashib, holsiz turib qoladir.)

Yorqin. (qaltirab). Ota! Ota deyman! Bu nima gap? Bu nima? Bu qanday gap? (Botir jim.) Po’lat, sen aytib ber: bu nima gap? Men o’laman, men chiday olmayman. Bu qanday sir?

Po’lat (o’zini bosib olib, bo’shashibroq). Bu sirlarning tagini otangizdan so’rang. Ota-ona, qavmu qarindoshlarini bir umr ko’rmagan, ularning shirin gaplarini eshitmagan, o’zlarini ko’rish o’rniga, bir xalta chirigan suyaklariga ega bo’lgan kishi, o’sha suyaklarni chiritgan dargohda tura olmaydir. Amakingizga qizini bermagani uchun xonavayron bo’lgan bir qishloqi, o’sha qishloqini «haq» degani uchun yer bilan yakson qilingan qishloq… Yana mendak baxti qora o’g’lini shu dargohga bir umrlik qul qilib beribdir! Men, shu to’rt og’iz gapni sizga aytib qo’yib shu dargohdan butkul bosh olib ketmakchi edim. (Qumrini ko’rsatib.) Ana u tentak, jinni qizning gapi bilan otangiz bizni gunohkor qildi. «Nonko’r» dedi. «O’ynash» dedi, «benomus, behayo» dedi, har narsa dedi. Agar bu sirni ochib yubormasam mening boshim ham shu suyaklarning bittasi bo’lar edi. Oyposhsha menga «non-tuz» berdi deb otangizdan halollik so’ramayman. Nimaga desangiz, har bir tishlagan nonim-ota-onalarimning bir burda eti, har bir qatra tatigan tuzim-ularning ko’z yoshlari, balki, qonlari bo’lgan ekan. Bu dargohda gunohi yo’q, menga chinakam singil bo’lib, balki, onamday shafqatli qaragan siz edingiz. SHu uchun sizdan so’raymankim, o’sha shafqat va marhamatlaringizni halol qilsangiz! (Hamma jim.)

Botir (og’ir). Po’lat, senga nima deyishni bilmayman… Menga muncha qattiq da’volaring bor ekan. O’zimga xilvat qilib turib aytsang bo’lmasmidi?

Po’lat. Qizingiz bilan mendan gumoningiz bor ekan, shu tentak qizning gapi bilan bizga anvoyi haqoratlarni irg’itmasdan, qizingiz bilan xilvatda gaplashib, gap olsangiz bo’lmasmidi?

Botir. Bo’lar ish bo’ldi, endi bu sirni shu joyga ko’maylik… «ketaman, chiqaman» degan gaplaringni tashla! Sen shu yerdan chiqding-sir yoyiladir va men sharmanda bo’laman. Men bir sharmanda bo’lganimdan keyin sening bilan boshqacha gaplashib qolamiz!..

Po’lat. Butun bir qishloqni jindek bir narsa uchun yer bilan yakson qilgan kishi, «sir yoyilishi»dan qo’rqadirmi? SHuncha ko’mganlar yetmaganday, endi bu haqiqatni ham yerga ko’maylikmi? Siz bilan qandaqasiga gaplashsam, gaplashaberaman. Men uchun endi hech bir qo’rqish degan narsa qolmaydi! (Yorqinga.) Bu jallod otadan emas, siz shafqatli singildan halollik so’rayman? Halollang, singlim!.. (Yugurib chiqadir, orqasidan Yorqin ham «Po’lat, meni ham olib ket!» deb yuguradir, qolganlar toshday qotgan.)

Parda tushadir.