O'tkan kunlar/44

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
O'tkan kunlar  (1926)  by Abdulla Qodiriy
44. Oy etak bilan yopilmas

Choy tugalgan edi. Otabek fotiha o‘qub, o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi.
— Turma!
Yusufbek hoji tarafidan berilgan amirona buyrug‘ Otabekni qaytadan o‘lturib qolishga majbur etdi va otasig‘a «nima xizmatingiz bor?” degandek qilib qaradi. Yusufbek hoji bir so‘z demasdan sallasini olib tizzasiga qo‘ydi, bosh qashinishib yana sallasini kiydi. Dadasining salla olib bosh qashinishi keyinidan ko‘pincha o‘zini bir tergov ostida ko‘rar edi. Shuning uchun yana bir martaba dadasiga qarab qo‘ydi.
Chini bilan ham hojining tusidagi boyag‘i hasrat va qayg‘u alomatlari yo‘qolib, ularning joyini sharq otalig‘i vaziyati oldi.
— Marg‘ilonda nima ishlar qilding?
Kutilmagan bu savolga Otabek nima deb aytishini bilmay qoldi. Javob o‘rnig‘a xavfli tomong‘a qaradi.
— Sendan so‘rayapman, Otabek.
 — Sizga xabar berguvchi nima ishlar qilg‘animni ham aytkandir...
— Jo‘n odamlar qatorida odam o‘ldirib yurdim, degin? Otabekning yuzida kulimsirash bilindi.
— Jo‘n odamlar qatorida emas, — dedi, — majburlar qatorida, zo‘rlanganlar qatorida...
Hoji o‘g‘lining kinoyasiga tushunmadi:
— Odam o‘ldirish uchun seni kim zo‘rlab majbur qildi?
— Hali bilmaysizmi?
— Bilmayman, — dedi hoji, — aytishlariga qara-g‘anda seni hech kim majbur qilmag‘an.
— Meni zo‘rlag‘an va majbur qilg‘an edilar, dada, — dedi zaharxanda bilan. — Yo‘qsa, sizning o‘g‘lingiz bo‘lg‘an bir yigitning sha’niga albatta odam o‘ldirish uyat va nomusdir.
— Kim seni majbur qildi, axir?
— Siz, onam!
— Esing o‘zingdami, yigit?
— O‘zimda, — dedi o‘g‘ul, — siz o‘zingizning orzu-havasingiz yo‘lida meni majbur qildingiz va dushmanlarimga yo‘lni katta qilib ochib berdingiz, men bu jonivorliqni xohnoxoh ishlashka majbur qoldim.
— Shundog‘mi, — dedi hoji o‘z gunohi o‘kuliga tushkan holda, — undog‘ bo‘lsa, bizni kechir, o‘g‘lim.
— Sizni gunohkor qilishga va gunohingizni kechishka manim haqqim yo‘q, dada. Lekin gunohsiz bo‘laturib, ham yana muvahaza ostig‘a tushkanim uchun o‘zimni mudofaa qilishga majburman...
Hoji labini tishlab, boshini chayqadi.
— Xom sut emgan bandamiz, — dedi, — xayr, bu aybniku bizning bo‘ynimizg‘a qo‘yasan, darhaqiqat qo‘-yishga haqqing ham bordir... Ammo oralaringg‘a yomonlar oralag‘an ekan, shuncha muddatdan beri nega meni xabardor qilmading? Yoki bunda ham birav seni indamaslikka majbur qildimi?
— Hech kim majbur qilmadi, — dedi, — ammo meni shu vartaga tashlag‘an do‘stlarimdan... ko‘mak so‘rash ham ma’qul ko‘rinmadi...
Hoji boshini quyi soldi. O‘g‘lining keyingi so‘zi unga juda ta’sir qilg‘an edi... Nima qilsinki, Otabek to‘g‘ri gapni aytar edi...— Biz seni Toshkanddan o‘ylantirsak-da, — dedi nihoyat hoji, — katta xotiningdan ajratish fikrida emas edik. Agar sen shu xayol bilan bizdan si-ringni yashirib kelgan bo‘lsang, katta ahmoqliq qilibsan, bolam. Otabek dadasining bu keyingi so‘ziga qarshi hech narsa demadi, go‘yo hamma alamini yuqoridag‘i ikki jumla bilan chiqarib yuborgandek jimgina somi’lik darajasiga tushdi. Ammo natijani tezroq eshitib olish uchun uning yuragi qaynag‘an oshdek shopirilar edi.
Hoji davom etdi:
— Kishining boshig‘a bir ish tushkanda, darrov biravdan kengash va yordam so‘raydir. Hatto ota-onasidan ham sir saqlag‘an bir yigitni o‘z o‘g‘lum bo‘lib chiqg‘ani menga qiziq ko‘rinadir. Qayin otang menga bir xat yozibdir, o‘qub-o‘qub mazmuniga tushunolmay hayron bo‘laman. Oy sayin Marg‘ilon borib turar edi-ku, deb o‘ylayman. Xatni ikki-uch qayta o‘qib chiqg‘andan keyin, bilsam haqiqat shu emish... Mirzakarimning yozg‘anig‘a qarag‘anda bir muncha yanglishiq undan ham o‘tkan ko‘rinadir va lekin sening bolalig‘ing oldida uniki holvadir... Yaxshiki, bu aqlsizlig‘ing boshqalarning boshiga ko‘ringan... O‘zing ayt, agar menga shu kasa-lingni bir og‘iz bildirsang, men qayin otangg‘a xat yozmasmi edim, Hasanalini yuborib haqiqatni ochmasmidim va bu taqdirda odam o‘ldirib yurishlarga qanday hojat qolar edi? Otabekning boshig‘a bu gaplarning bir harfi bo‘lsin o‘rnashmas va o‘zi kutkan natijaga borib yetish uchun-gina qiynalar edi.
— Shunchalik ishlarni qilib, nega oxirda qayin otangg‘a yo‘liqmay kelding?
— Shunga majbur edim.
— Marg‘ilong‘a endi qachon borasan?
Otabek o‘ylanib qoldi. Chunki bu «qachon borish» masalasini yaxshilab yeshmak kerak edi va uni yeshmak ham qiyin edi, uzoq o‘ylang‘andan keyin:
— Ma’lum emas, — dedi.
Garchi bekning yuragi hozir bo‘lsa ham Marg‘ilong‘a qarab uchishka tayyor edi. Biroq uning yuragidan ham kuchlik bo‘lg‘an yana bir narsa bu «borish» masalasini chuvaltirib «ma’lum emas» bir holga qo‘yg‘an edi.
— Qayin otang kelin bolani olib shu hafta ichi yo‘lg‘a chiqmoqchi ekan, — dedi hoji, — tarixiga qarag‘anda xatning yozilg‘anig‘a o‘n kunlab bor, ehtimolki, erta-indin kelib qolsalar, to‘rdagi uyni bo‘shatdirib, polos yozish kerak edi...
Ul bu gapni eshitar ekan borliq, yo‘qliq — ish qilib allaqandog‘ qiziq bir holat kechirdi. Issig‘ bir narsa badaniga tegib ketgandek hurkinib qo‘ydi va «nihoyat, endimi?” degandek qilib entikdi. Ko‘z o‘ngidan birav-ning surati o‘tib sarxushlandi va til bilan onglatib bo‘lmasliq bir sog‘inish chidamsizligi ichida bu ivir-jivir holatdan gangib ko‘z ochdi. Ko‘z ochdi, biroq o‘ziga «nima deysan?” deb qarab turg‘uchi otasig‘a muvofiq javob berishni bilmadi. Yusufbek hoji esa o‘g‘lining bu sustlikka o‘xshab ko‘ringan holini yomong‘a yo‘ydi. Marg‘ilon degan shahardagi katta o‘zini kichik olib qizi ila kelayotgan Mirzakarim akaga o‘g‘lining xo‘rliq keltirishidan cho‘chidi. Shunga binoan Otabekni epaqag‘a olish uchun unga kulki tuyulgan bir qancha nasihatlarni chizdi:
— O‘g‘lim, — dedi, — siylag‘anni siylash kerak, endi senga qadrsizlang‘an bo‘lsalar, ammo bizning qoshimizda ularning qadr-qiymatlari yuqori, qutidor bo‘lsa ko‘z ochib ko‘rgan qudamiz, xotining bo‘lsa bosh kelinimiz. Agar sen meni otam deydirgan bo‘lsang, shularning ko‘nglini olmoqqa tirish. Qayin otangdan meni quvladi, deb ko‘ngling olinmasin, chunki u bechora ham bir shaytonning vasvasasi bilan bu xatoga tushkan. Har holda hurmatlarini bajo keltir, Marg‘ilon degan shahardan sening yuzingni, deb keladirlar.
Otasining bu so‘zlari go‘yo uning istiqboli uchun yaxshi ta’minotlar berar, go‘yo majburiyat ostida ota nasihatini quloqqa oladirg‘andek bo‘yin egib o‘lturar edi.
— Agar ularning kelish kunlarini aniq bilsak, — dedi hoji, — sen yo‘ldan qarshilab kirar eding.
Otabek javob bermadi.
— Har holda o‘ttasi kun mo‘ljal, sen chiqmasang ham Hasanali chiqsin yo‘lg‘a.
— Mayli chiqsin, — dedi Otabek.