O'tkan kunlar/43

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
O'tkan kunlar  (1926)  by Abdulla Qodiriy
43. Qipchoqqa qirg'in

Kechki soat to‘rtlarda Qoymas darbozasidan qaytib shaharga kirdilar-da, darbozadan o‘n adim narida boshi tanidan oling‘an uch kishining gavdasiga yo‘liqdilar. Otabek bu holga tushunmadi, chunki ahyonda osiladirg‘on gunohkor Eski namozgoh doriga elitilar edi. Shunga ko‘ra darbozabonni hujrasidan chaqirib so‘-radi:
— Bular qanday gunohkorlar ekan?
Darbozabon bekni tanib qo‘l qovishtirdi:
— Taqsir, qipchoqlar.
— Gunohlari nima ekan?
Darbozabon yotgan gavdalarga qarab oldi va bekning yaqinig‘a keldi:
— O‘zlari bilarlar-ku, taqsirimning... begimga aytkulugi yo‘q...
— Gunohlari nima, axir?
— Axir qipchoqlar-da, to‘ram.
Otabek diqqatlandi:
— Qipchoqlar ekanini bildim, ammo gunohlari nima deb sizdan so‘rayapman!
Darbozabon qo‘l qovishtirg‘ancha Otabekka ajablanib qaradi:
— Aniq xabarlari yo‘qmi taqsirimning? — deb yana so‘radi.
— Yo‘q!
— Voy-boyov taqsir, bu kun ertalabdan beri ko‘rin-gan qipchoqni so‘yib yurdilar-ku.
Gunohlari surishtirilmadi, taqsir, — dedi va o‘luklarning yonig‘a yurib kelib izoh berdi, — manovisini uyidan olib chiqib so‘ydilar, manovisi manim yonimda turg‘an darbozabon edi — rahmatlik. Manovisini tanimayman va lekin o‘zi qipchoq bo‘lsa kerak. Otabek dahshatlanib yonidag‘i Aliga qaradi, Ali esa yotqan jonsiz gavdalarga qarab labini tishlab turar edi.
— Kimlar o‘ldirdi? — deb Otabek dahshat ichida darbozabondan so‘radi.
— Bu yerga kelguchilar yigirma chog‘liq edilar, o‘zimizning Toshkand yigitlaridan ham bor, qo‘qonliqlar ham ko‘rinadilar. O‘zlari ham qipchoqni qidiraberib hamma yoqni tozayam g‘alvir qilib yubordilar-da, taq-sir... Qo‘qonga ketkan beklardanmi, xondanmi, ishqilib, shunaqa buyruq kepti-da, taqsir... Bizlar xizmatkor odam — nimani bilaylik, to‘ram!
Otabek masalaga tushungandek bo‘ldi va dahshat ichida Ali bilan yo‘lg‘a tushdi. O‘ttiz qadam bosmay tag‘in ikki o‘lukka uchradilar. O‘n adimda bir jonsiz gavda... Endi Ali so‘ramay chidamadi:
Endi Ali so‘ramay chidamadi:
— Nauzanbilloh, bu nima degan gap, bek aka?!
— So‘ramang!
— Yo‘g‘-a, — dedi Ali, — axir hammasi ham gunoh-kormikin?
— Gunohkor!.. — deb zaharxanda qildi bek, — Musulmonqulni bilarsiz, albatta?
— Nega bilmay, ikki oy ilgari qochig‘ini ham ko‘rdim...
— Bilsangiz, — dedi bek, — bularning hammasi o‘shaning gunohiga o‘ldirilg‘an o‘xshaydir!
 — Shu ham gapmi, xudoyo tavba!
Adim sayin bir o‘lukka uchrar edilar. Ali sanab kelar edi, guzarga yetkanda sanoq yetmishdan ortdi. Hali bu birgina to‘g‘ri ko‘chaning hisobi bo‘lib, keng Tosh-kandning o‘zga ko‘chalarini ham hisobga olg‘anda faji’ bir adad tashkil etishi ma’lum. Guzarning ichiga kirganda qator chizilg‘an qirq chog‘liq o‘luklarni ko‘rdilar...
Kun asrdan og‘ib shomga yaqin, shuning uchun guzardagi do‘konlardan ochug‘i uchto‘ rtta, jumladan, Hasanali ham yarim ochiq do‘konni oldida o‘lturar edi.
— Sog‘ keldingizmi, bek! Biz bu yerda yuz xil vasvasaga tushib tashvish tortdiq, — dedi Hasanali.
Otabek boshqa xayolda edi. Hasanalining so‘zini go‘yo eshitmagandek so‘radi:
— Bu kun dadam qayerda edi?
— Sizdan keyin o‘rdaga ketkan edilar. Bir soatdan keyin shoshqannamo qaytib keldilar-da, sizni so‘radilar, shundan so‘ng qayoqqa ketkanlarini bilolmadim.
— Qachondan boshlab qipchoqni so‘ydilar?
— Otangizni kelishi bilanoq, — dedi Hasanali va entikib foji’ani hikoya qildi. — Ey... bek, rahmsizlik bunaqa bo‘lar ekan... Xudda qiyomat bo‘ldi! Bechoralar nima gunoh qildilarkin? Uyida halol kasbini qilib o‘turg‘anlarg‘acha tutib so‘ydilar... Ey bechoralar, qanday gunohlari bor ekan?! Yigitlar tutib kelturib turadilar, jallod bosh kesib boradir. Bu nogahoniy qazodan eslari chiqib ketkan bechoralar yig‘lashadilar... Ayniqsa bir bo‘yoqchi... xudda xum yonidan tutib kelganlar — qo‘li bo‘yoq... Ey xudo, men nima gunoh qildim, deb yig‘laydir... Chidab bo‘lmadi, do‘konini yopib qochdim, ko‘plar ham qochdilar... tag‘in bir...
— Bas, — dedi Otabek. Hasanali hikoyadan to‘xtadi, chunki bekning yuragi ezilib oqish darajasiga yetib, Ali Ota bilan xayrlashmasdanoq qochqan edi...
Uyga borib kechki oshni ham yemadi va otasig‘a ham uchrashmadi, go‘yo shu yirtqichlar dunyosidan yashi-ring‘andek oq kundayoq to‘shagiga yotib, ko‘rpasiga burkanib oldi. Uning bu holiga uy ichi tushunganlari uchun, nima qildi, deb so‘ramadilar va yonig‘a ham kelmadilar...
Yusufbek hoji ertalab choyni Otabek bilan birga ichish uchun mehmonxonag‘a chiqdi. Otabek tersaygancha kelib choyg‘a o‘lturdi, otasiga salom bermadi. Chunki ul o‘z otasini qipchoq qirg‘inining bosh omilla-ridan deb qaror qo‘yg‘an edi. Choy yarimlay yozdi. Oradan churq etkan so‘z chiqmadi.
Nihoyat, o‘g‘lig‘a yengillik berish niyatida hoji tilga keldi:
— Xafa bo‘lma, o‘g‘lim.
— Sizlarga o‘xshab, — dedi istehzolanib, — quvo-naymi?
Hoji o‘g‘lining qandog‘ fikrda va nima uchun tersayganini bildi.
— Yanglishasan, o‘g‘lim.
— Rajabbeknikidagi majlisda, — dedi zaharxanda bilan, — bu yirtqichlarning rejachisi kim edi?
Hoji entikdi va:
— Rajabbeknikida bo‘lg‘an majlisni sen bilasanmi?..— deb so‘radi.
— Bilaman.
— Bilsang, — dedi hoji, — manim ustimga mundog‘ tuhmat orttirishdan uyal, bola!
— Rajabbeknikida bu kengash bo‘lmag‘anmidi?
— Bo‘lg‘an edi.
— Bo‘lg‘an bo‘lsa, tag‘in nega o‘zingizni quruqqa olasiz?
Yusufbek hoji boladan kulgandek qilib iljaydi.
— Ba’zi yengil muhokamalaring onangnikidan qo-lishmaydir, Otabek! — dedi. — Majlisdan xabaring bo‘l-g‘an bo‘lsa, kim qaysi fikrda qolg‘anini ham bilarsan?
— Yo‘q.
— Majlisda nimadan bahs qiling‘anini-chi?
— Majlisda nima muzokarasi bo‘lg‘anini ham bilmayman va lekin o‘sha majlis faqat qipchoqlarga qatli om uchun yig‘ilgan ekan, deb kecha ishondim. Majlisingiz a’zolarining sizdan boshqasi nega yigit to‘plab, Qo‘qong‘a ketdilar va ular Qo‘qong‘a yetmaslaridanoq nega bu vahshat boshlandi?
— Bu muhokamang to‘g‘ri. Ammo otangni ham shu jonivorlar orasig‘a qo‘shib o‘ltirishing qisqalig‘ingdir,— dedi. Ko‘ziga yosh oldi. — O‘zing o‘ylab ko‘r o‘g‘lim, o‘z qo‘limiz bilan o‘zimiznikini kesishimizdan mamlakat uchun qanday foyda bor? Basharti men bu vahshatka ishtirok qilg‘an bo‘lsam, qaysi aql va qanday manfaatni kuzatib qo‘shilishqan bo‘laman? Agarda manim yurt so‘ramoqqa va shu vosita bilan boylik orttirmoqqa orzum bo‘lsa, boshqalardan ham ko‘ra o‘z o‘g‘limg‘a — senga ma’lum bo‘lmasmidi? Nega har bir narsaga yetkan aqling shunga qolg‘anda oqsaydir. Nega yong‘an yurakimga yana sen ham zahar sochasan?!
Titralib va to‘lqinlanib aytilgan bu so‘zlar Otabekni o‘kintirdi, o‘lganning ustiga chiqib tepish qabilidan bo‘lg‘an o‘z hujumining haqsiz ekaniga tushundi. Yusufbek hoji bitta-bitta yotig‘i bilan majlis haqida bayon qilib, o‘zining qarshi tushkanini va ularga uqdira olmag‘andan keyin, majlisni tashlab chiqib ketkanini so‘zlab kelib dedi:
— Biror soatlar so‘ng orqamdan Niyoz qushbegi kelib mendan afu so‘radi va majlisning u fikrdan qaytqanini, o‘zlarining xatog‘a ketkanlarini aytdi. Men xursand bo‘lib, bu ishning zararini yana isbot qilib chiqdim. Niyoz men bilan xayrlashar chog‘ida: «Jon hoji aka, endi gap shu yerda qolsin, bitta-yarimta eshitgudek bo‘lsa, biz yerga qararliq bo‘lmayliq, o‘lturishning katta iltimosi sizdan shul”, dedi. Men bu iblisona aldovga uchib, bu to‘g‘rida na senga va na Normuhammad qushbegiga og‘iz ochmadim va ularning Qo‘qong‘a fotiha uchun qo‘zg‘alishlaridan hech bir shubhalanmadim... Eh, shaytonlar!
Hoji bir oz to‘xtab davom etdi:
— Kecha ertalab o‘rdaga borg‘an edim. Sahn yuzida uch-to‘rt yuz musallah yigitlarni biravini kutkan holda ko‘rdim va iltifotsiz qushbegi mahkamasiga kirdim. Kirsam, Qo‘qong‘a ketkan Qayum ponsad uch-to‘rtta yigiti bilan qushbegining qarshisida turibdir. Qushbegi qo‘lida bir qog‘oz ushlab, go‘yo es-hushidan ayrilgan kabi qotib o‘ltiribdir. Meni eshikdan ko‘rib, so‘zsiz-nesiz qo‘lidag‘i qog‘ozni menga cho‘zdi va boshini tebratib qo‘ydi. Men bir narsaga ham tushunmagan holda borib qog‘ozni oldim... O‘qudimo‘ qudimda, manim hushim boshimdan uchib, qushbegi holiga tushdim. Bu qog‘oz xonning yorlig‘i edi va bunda taxminan shunday gaplar bor edi:
«Biz Turkiston mamlakatining xoni o‘z qalamravimiz va saltanatimiz uchun qipchoq toifasini muzir deb bildik. Bu yanglig‘ hukmimizni o‘z qalamravimizda bo‘lg‘an barcha beklarimizga, hokim va qo‘rboshi va dahboshilari-mizga bildirib buyuramizkim, ushbu farmonimizni olg‘an on darhol o‘n besh yoshdan to yetmish yoshg‘acha bo‘lg‘an qipchoq er zotini qilichdan kechirgaylar va hech bir silai rahmni vosita qilmag‘aylar. Ushbu hukmimizni yeriga yetkuzishda sustlik qilg‘an mansabdor bizg‘a itoatdan bosh tortqan hisoblanib, eng qattig‘ jazoimizg‘a mahkum qili-nur. Bu hukmimizni ijro etkuchi Toshkand hokimi Nor-muhammad qushbegiga marhamati shohonamiz shuldurkim, garchi sizning qipchoq qavmig‘a mansubiyatingiz bo‘lsa ham, Musulmonqulni haydashda bizga unutilmasliq xayrixohliqlar va xizmatlar ko‘rsatdingiz, binoan alayhi siz bu jazodan ma’fudirsiz va sadoqatingizda boqiy qolib amrimizni ijro etishingizda shubha qilmaymiz!»
Qushbegiga qaradim, ul ham manim og‘zimg‘a qarab turar edi. «Buyruqni qachon oldingiz?» deb so‘radim. Ul javob o‘rniga Qayum ponsadga imladi.
«— Men olib keldim», — dedi Qayum ponsad.
«— Siz Qo‘qondan olib keldingizmi?» — deb so‘-radim. Chunki sen aytkandek besholti kunda Qo‘qong‘a borib-kelish sira aqlg‘a sig‘mas edi.
«— Biz beklar bilan Qo‘qon yo‘lida edik, — dedi Qayum, — yo‘l ustida xondan ushbu yorliq kelib qoldi. Niyoz qushbegi menga yigit qo‘shib bu hukmnomani ijro qilishda yordam bermak uchun jo‘natdi».
Bu so‘z menga hamma shaytanatni ochib berdi va o‘zimning iblislar tomonidan aldang‘animni bildim:
«— Ertadan boshlab hukmni ijro qilsaq qalay bo‘larkan?» — deb qushbegiga qaradim.
«— Men ham shuni o‘ylab turib edim...» — dedi qushbegi va Qayumga qaradi.
Qayumning ustodlari ishni keyinga siltashimizni ilgaridan ko‘rib qo‘yg‘an ekanlar:
«— Ertaga qo‘yib bo‘lmas!» — dedi Qayum.
«— Nega?», — dedim.
«— Negaki ertagacha qipchoqlar qochib bitadirlar».
Men Qayumning so‘ziga quloq solmadim-da, qushbegidan ertaning kengashini so‘rag‘an bo‘ldim. Bu holdan achchig‘lang‘an Qayum yonimg‘a kelib o‘lturdi.
«— Ovora bo‘lmangiz, hoji aka», — dedi.
Uning bu harakatidan achchig‘im qistadi:
«— Sizning bilan manim bu ishka aralashmoqqa haqqimiz yo‘q!» — dedim.
«— Sizniki bo‘lmasa to‘g‘ri, ammo meniki bor!» — dedi Qayum.
«— Buyruq kimning otig‘a?» — dedim.
«— Qushbegining!»
«— Bas, siz bilan men faqat u yordam so‘-rag‘andag‘ina ketman ko‘taramiz, boshqa daxlimiz yo‘q!» — dedim.
Qayum zaharxanda bilan yonini kavlab ikkinchi bir buyruq chiqardi va menga berib:
«O‘qungiz!” — dedi. O‘qudim.
«— Bas, birinchi buyruqni siz olg‘an ekansiz, nega yana qushbegidan fotiha kutib
o‘lturibsiz?!» — dedim o‘t ichida.
«—Har narsa bo‘lg‘anda ham ulug‘imiz, deb siylab turg‘an edim...» — dedi Qayum.
«— Egasini siylagan itiga suyak tashlar, qilmoqchi-siz-da, barakalla!» — dedim. «— Boringiz, ustodlaringizning vasiyatini bajaringiz!»
«— Xafa bo‘lmangiz, hoji aka!» — dedi Qayum va qo‘limdan qog‘ozni olib
qushbegidan so‘radi: «— Nima deysiz endi, bek?»
«— Manim kengashimga kirsangiz, ertadan boshlayliq!» — dedi qushbegi,
«— Sira iloj yo‘q, qushbegi! Chunki barcha shahar va kuylarga ham faqat shu — bu kunga, deb buyurg‘an ekan!»— dedi Qayum.
Qushbegi bilan men go‘yo tog‘ ostida bosiriq bo‘lg‘an edik. Boshimizg‘a hech bir gap kelmas edi. Qayum o‘rnidan turg‘an holda qushbegidan javob kutar edi. Qushbegi ko‘b fursat qotib o‘lturg‘andan keyin, Qayumga qo‘li bilan chiqishg‘a ishorat qilib: «— Bilganingizni qilaberingiz», — dedi. Qayum yonidag‘i yi-gitlari bilan mahkamadan chiqdi.
Uning chiqishi bilan qushbegiga dedim:
«— Endi nima qilamiz?»
«— Nima qilar edik?»
«— Axir qarab qolaberamizmi, vaqt tang! Qarshig‘a biz ham yigit chiqarayliq!»
«— Qo‘yaberingiz, hoji!»
«— Bechora gunohsizlar kesilabersinlarmi?!»
«— Kesilabersinlar!» — dedi qushbegi. Men iztirob ichida unga tushunolmay qolg‘an edim. Ul yig‘i ichida tilga keldi:
«— Mamlakatning tinchlig‘i qipchoqlarni kesish bilan hosil bo‘lsa, mayli, kessinlar! Yurtning obodlig‘i gunohsiz qipchoqning qizil qonig‘a qolg‘an bo‘lsa mayli, o‘ldirsinlar! Agarda najotimiz qipchoq tuxumini quritishda bo‘l-sa— meni ham ossinlar! Bu palidlarning marhamatiga men ham muhtoj emasman!»
Hozir inodning o‘rni emasligini harchand uqdir-moqchi bo‘ldim, ko‘nmadi. Noiloj, yolg‘iz o‘zim chiqib qo‘limdan kelgancha qipchoqlarni qochirishga harakat qildim, tevarakka kishilar yo‘lladim. Ammo to‘rt yuz jallodning qarshisig‘a chiqg‘an bir kishining uhdasi albatta bir kishicha edi. Muttahamlar ko‘b bechoraning yostig‘ini quritishg‘a muvaffaq bo‘ldilar, — dedi hoji.— Mana, Otabek, haqiqat shul, kishi tushunmasdan turib biravga tuhmat to‘qimaydir.
Otabek o‘zining o‘rinsiz gapidan uyalg‘annamo yerga qaradi va bir muncha vaqt fikrga ketib o‘lturg‘andan so‘ng so‘radi:
— Yirtqichlarning bu qirg‘indan qanday muddaolari hosil bo‘larkin?
— Maqsadlari juda ochiq, — dedi hoji, — bittasi mingboshi bo‘lmoqchi, ikkinchisi Normuhammad o‘rnig‘a minmakchi, uchinchisi yana bir shaharni o‘ziga qaram qilmoqchi.
Xon ersa Musulmonqulg‘a bo‘lg‘an adovatini qipchoqni qirib alamdan chiqmoqchi. Menga qolsa o‘rtada shundan boshqa hech gap yo‘q, o‘g‘lim. — dedi va bir oz to‘xtab davom etdi:
— Men ko‘b umrimni shu yurtning tinchlig‘i va fuqaroning osoyishi uchun sarf qilib, o‘zimga azobdan boshqa hech bir qanoat hosil qilolmadim.
Ittifoqni ne el ekanini bilmagan, yolg‘iz o‘z manfaati shaxsiyasi yo‘lida bir-birini yeb, ichkan man-sabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprog‘idan yo‘qolmay turib, bizning odam bo‘lishimizg‘a aqlim yetmay qoldi. Biz shu holda ketadirgan, birbirimizning tegimizga suv quyadirg‘an bo‘lsaq yaqindirki, o‘rus istibdodi o‘zining iflos oyog‘i bilan Turkistonimizni bulg‘atar va biz bo‘lsaq o‘z qo‘limiz bilan kelgusi naslimizning bo‘ynig‘a o‘rus bo‘yindirig‘ini kiydirgan bo‘larmiz. O‘z naslini o‘z qo‘li bilan kofir qo‘lig‘a tutqin qilib topshirquchi — biz ko‘r va aqlsiz otalarg‘a xudoning la’nati albatta tushar, o‘g‘lim! Bobolarning muqaddas gavdasi madfun Turkistonimizni to‘ng‘uzxona qilishig‘a hozirlang‘an biz itlar yaratguchining qahriga albatta yo‘liqarmiz! Temur Ko‘ragon kabi dohiylarning, Mirzo Bobur kabi fotihlarning, Forobiy, Ulug‘bek va Ali Sino kabi olimlarning o‘sib-ungan va nash’u namo qilg‘anlari bir o‘lkani halokat chuqurig‘a qarab sudrag‘uchi albatta tangrining qahrig‘a sazovordir, o‘g‘lim! Gunohsiz bechoralarni bo‘g‘izlab, bolalar yatimxonalarini vayron qilg‘uchi zolimlar — qurtlar va qushlar, yerdan o‘sib chiqg‘an gi-yohlar qarg‘ishig‘a nishonadir, o‘g‘lim!..