Jump to content

O'tkan kunlar/42

From Wikisource
O'tkan kunlar (1926)
by Abdulla Qodiriy
42. Qorong'i kunlar
334871O'tkan kunlar — 42. Qorong'i kunlar1926Abdulla Qodiriy

Otabek Marg‘ilondan qaytib kelgandan keyin o‘n kunlar o‘tkazib usta Alimdan bir xat olg‘an edi. Usta Alim xatida qutidorg‘a uchrashqanini hamma mayda-chuydalarigacha yozib kelib aytar edi: «Siz xiyonatni payqag‘uncha qayin otangizg‘a qandog‘ kina saqlab kelgan bo‘lsangiz, ul ham sizga o‘shandog‘ kinalik ekan. Meni va oilamni tahqir etdi deb, bu haqoratni umr bo‘yi unuta olmasligini tushunib, o‘t ichida yurar ekan. Mendan haqiqati holni onglab juda shoshib qoldi, hatto hushi boshidan uchdi. Ichkaridan aniq ma’lumot bera olmasam ham, ammo ularning ham qayin otangiz holig‘a tushkanlarini mulohaza qildim. Qayin otangiz sizning o‘tkan holingizning og‘irligini tasavvur qilolmag‘anidek, dushmanlaringizga bergan javobingizni taqdir etish uchun ham so‘z topolmas edi. Har holda orangizdag‘i kinaning dushmaningiz bilan birga supirilg‘aniga shubha yo‘q”.
Maktubning yana bir o‘rnida: «Sizning qayerda bo‘lg‘anlig‘ingizni so‘rag‘an edi, men bilganimni aytdim. Kelarmikin degan edi, bunga ham o‘zingizning o‘shal muhmal javobingizni berdim. Fikrimcha, qishda bo‘lmag‘anda ham, ko‘klamga chiqib o‘zlari Toshkand tusharlar, deb o‘ylayman”.
Xatning oxirida: «Sizdan bir kun so‘ng Homid o‘ldi. Haytovur bir og‘iz so‘zsiz to‘ng‘iz qo‘pibdi. Men o‘lar chog‘ida ham sizga bir tuhmat to‘qirmi, deb qo‘rqqan edim. Qutidorg‘a hech bir jarima ortmabdirlar. Maqtul-larning egalari hech kimni tutib ko‘rsatolmag‘anlari uchun mahkamalar ham ishni tekshirmay qo‘ydilar. O‘ylashimcha, hech kim bilmaganda ham, sirni o‘lgan Sodiqning onasi bilsa kerak edi. Ammo uning ham dami ichida, so‘rag‘anlarg‘a xudodan ko‘rdim, deb javob berar emish. Bul xotinning qo‘lidan har bir ish keladir deb o‘ylab, o‘tkan kun qayin otangizg‘a aytdim: begona xotinni uyingizga yo‘latmasinlar va chetdan kelgan taomni yemasinlar deb. Har holda yomondan xazar lozimdir”, deb yozar edi.
Bu xatdan keyin Marg‘ilondan tiq etkan xabar bo‘lmadi va oradan ikki oylab fursat o‘tib ketdi. Shuning uchun Otabekning kunlari quyosh botib chiqg‘an sayin bir onglashilmovchiliqg‘a, qorong‘uliqg‘a kira borib, har soat achchig‘ va yo chuchuklig‘i noma’lum bir hol kechirib boshladi. Ba’zi kezlarda ul umid quchog‘ida shoshib qolar edi va ikkinchi vaqtda yaramas — qora xayollar bilan entikar edi.
Umidlangan kezlarda:
— Oy tuynukdan tubanroqda, bu kun bo‘lmasa erta— chimmati qo‘lida, paranjisi ustida, sarig‘mi, qorami atlas ko‘ynagi egnida darbozadan kirib kelgandek va o‘pkalangandek...
Ikkinchi bir vaqtda kimningdir quyidagi gapini eshitar edi:
— Ul o‘zining dushmanlarini o‘ldirish uchungina Marg‘ilong‘a qatnab yurg‘an ekan, hisobini tugatdi-da, bedarak ketdi, qoldi. Tuzukroq joyi chiqsa berib qolayliq Kumushni... umri ham o‘tib boradir.
Ana shu qora xayol uni chindan yonib turg‘an bir o‘t ichiga tashlar va shu choq o‘zini muvoxazaga boshlar edi: «Men nega ikki yil sarson bo‘lib yurdim-da, bu sarsonlig‘ning natijasiga borib chiqg‘anda shunday ahmoq-liqqa tushdim?” der va Marg‘ilon yo‘lini ko‘zlar edi. Ammo endi unga Marg‘ilon borish o‘naqayi sira kelmas: «Men nega keldimda, endi nega boraman va nima deb boraman? Qizingizni Toshkand olib tusharsiz deb ketkan edim... Siz olib tusha bermaganigizdan keyin o‘zim qaytib keldim deyaymi?” Otabek mana shunday chuchmal azoblar ichida keyingi kunlarini kechira boshladi. Oy to‘lmasdan Marg‘ilon qatnab turg‘uchi o‘g‘lini endi uch oylab qo‘zg‘almay qolishi uchun O‘zbek oyim eskicha yana quvonib ketdi. «Keyingi qildirg‘an issig‘-sovug‘im kor qildi shekillik, birato‘lasig‘a Marg‘ilonni tiliga olmayoq qo‘ydi. Endi xotinig‘a isib, mehmonxo-nada yotishni ham barham bersa... har nuchukda duodan qolmayliq”, deb Zaynabni domlanikiga qistar edi.
Otabek keyingi vaqtlarda savdoga yurishni tark qilib qo‘yg‘ani uchun Hasanali ishsiz qolg‘an, uzun kun uyda bekor zerikkanlikdan hojiga aytib bir muncha dastmoya bilan guzardan baqqolliq do‘kon ochgan edi. Otabek ko‘pincha mehmonxonasidagi kutubxonadan uni-buni o‘qub o‘lturar, o‘qushdan zerikkan kezlarida Hasan-alining do‘koniga chiqar va guzardan ham zerikkandan keyin boshi og‘qan yoqlarg‘a, Salor bo‘ylarig‘acha ketar va gohi Chuqur qishloq tomonlarig‘a ham tushar edi. Ammo tushkani bilan burung‘icha ichmas, ikki-uch, ortib ketkanda to‘rt oyoq ila kifoyalanar, ko‘z o‘nglari oz-oz jimirlashkan, turlik xayollari bir muncha tarqalg‘an holda qaytar va lekin Hasanali ham uning bu kayfini juda siyrak seza olur edi. O‘tkan kun Chuqur qishloqqa tushkan edi. Asr vaqtlarida qaytib guzarga keldi-da, xayolat bilan Hasanali do‘koniga o‘lturdi. Otliq, yayov o‘tkinchilar to‘rt tomong‘a qatnab turardilar, uning bu kungi kayfi o‘tacharoq ketkan bo‘lsa kerak, ularni g‘ira-shira ko‘zga ilgandek qaraydir.
Hasanali bir-ikki uni kuzatkandan keyin so‘radi:
— Marg‘ilong‘a nega ketmay yuribsiz?
Bu savoldan uning kayfi tarqalg‘andek bo‘lib, ko‘zlari moshdek ochildi.
— Havsala yo‘q...
— Qayin otangiz ko‘nsa, ko‘chingizni olib kelsangiz ham ma’qul edi qatnab
yurg‘andan...
— Qaydam...
Ilgari shunday savol chog‘larida o‘zining yolg‘on javoblaridan juda xafalanar, Hasanaliga o‘tkan gaplarni birin-birin aytib bergusi va «manim uylanishimga sen sabab bo‘lg‘an eding, endi uni mendan ajratdilar”, deb undan o‘z dardiga davo istagusi kelar edi. Hozir o‘zidan xafalik, o‘ng‘aysizliq sezmagan bo‘lsa ham boshig‘a «o‘zim borolmasam-da, Hasanalini yuborishim va kezini topib o‘tkan gaplarni otag‘a hikoya qilishim kerak edi”, degan fikr keldi. Bora-bora bu fikr uning boshig‘a jiddiy o‘rinlashib oldi, shu to‘g‘rida chinlab o‘ylab ketib kayfi ham tarqalayozdi. Do‘konni yopib, Hasanali bilan birga ketdi — yo‘lda, mehmonxonada birga o‘lturib osh yedi, dasturxon ustida uning o‘ylag‘ani faqat shu bo‘lib qoldi. Biroq bu fikr qaror tusiga kirib keta olmadi, daqiqa sayin tarqalib borg‘an kayfidek turlik mone’larg‘a uchray boshladi: — Hali Marg‘ilonda ishlar qalayikin? Ular yana aynab qolmag‘anmikinlar? Marg‘ilondan bir narsa pay-qamay turib, kishini ovora qilishg‘a arzirmikin?..
Bu kun quyosh ochiq havoda kezishi uchun jim-jim tovlanib, yer yuziga kulib qaradi. Ikki kundan beri quyosh betini qoplab, turlik yerlarga jon suvi sepish ila charchag‘an bahor bulutlari burchak-burchakka tarqalib borar edilar. Uyalaridan chiqish bilanoq chumchuqlar chirqillashib, musichalar kukulashdilar. Anovi ar-ar te-rakka uya qo‘yishg‘a o‘ylag‘an bir juft karruklar ham vijir-vijir qilishib kengash ochdilar. Podachining tovshini eshitib, dalaga oshiqg‘an onasig‘a ergashib qashqa buzoq ham mag‘rab yubordi. Modasiga tegishkani uchun tomdagi kaptar ham bo‘qog‘ini chiqarib raqibining tevaragida yag‘rin bera boshladi... Qisqasi bu kun uyg‘onishdanoq butun koinotning yaxshi tush ko‘rib turg‘anlig‘i sezilar edi.
Bahorning bu kungi sihirlik kuni Otabekni ham qitiqladi. Choyini naridan-beri tugatib, Hasanali ketidan guzarga chiqdi. Ul guzarga chiqg‘anda Hasanalining qo‘shnisi bo‘lg‘an Ali erinibkina do‘kon taxtasini tushirmakda edi. Otabekni ko‘rish bilan do‘kon ochishni to‘xtatdi:
— Bu kun bo‘shmisiz, bek aka?
— Bo‘shman.
— Bo‘sh bo‘lsangiz, Ming o‘rukka — qimizga borar edik, — dedi Ali. — To‘la qozoq biyalarini yayloqqa solibdir.
— Do‘koningiz-chi?
Ali tushirgan taxtasini qaytadan joyig‘a qo‘yaberdi:
— Dunyoning ishi bitar emishmi, bek aka. Xo‘b desangiz, do‘konni yopaman.
Otabek yarqirab chiqib kelgan quyoshg‘a qaradi:
— Yoping bo‘lmasa, — dedi.
Otabek Hasanalining do‘koni vositasida Ali bilan yaqinda tanishqan edi. Ul ichi kirsiz, serkulki, ochiq-qina bir yigit bo‘lub, bek bilan go‘yo ko‘b yillardan beri bo‘lg‘an tanishlarcha muomala qilar edi.
Bekga bu tasodif juda qulay keldi. Chunki uydan chiqishdanoq uning qasdi bu kunni dalada o‘tkizmak edi. Et oldilar-da, yayovlashib Ming o‘rukka ketdilar. «Ming o‘ruk» mavzi’i otidan ham ma’lum, bunda ming chog‘liq o‘ruk daraxti o‘sqan uchun bo‘lib, Shiblining suvidan boshlab to Salor arig‘ig‘acha qator-qator o‘ruklar edi. Salorning narigi yog‘i biydek qir, endigina ko‘m-ko‘k o‘t gilami unib chiqg‘an edi. Ming o‘rukning etagi bo‘lg‘an Salor bo‘yicha uch-to‘rtta qozoq o‘tovlari tikilgan edilar. Ikkisi Salor bo‘yig‘a yetib, To‘la qozoqning kelinchagiga etni sho‘rva qilish uchun berdilar. Ali o‘tovdan kiygiz olib, Salor bo‘yiga yozdi. Kelinchak yostiq, ko‘rpacha tashlab berdi, Otabek hordiq chiqarib yaslandi.
Quyosh ozorsizg‘ina qizdirar edi. Yengilgina eskan shamol dimog‘qa turlik o‘lan islarini kelturib urar edi. Bir necha qaldirg‘och Salorning oqishi bo‘ylab uchar va uchkan ko‘yi «valfajri» o‘qur edilar. Poyonsiz qirning yuqori-quyi o‘rinlari yakrang ko‘kat va ko‘z ilg‘amaydirg‘an uzoqliqlari tumanlangansumon ko‘rinish berar edilar. Qushlar, qurtlar sayrashi tabiiy bir soz xizmatini o‘tab kishiga ifodasi qiyin bo‘lg‘an bir sezgi solar edilar. Otabek tabi’atning shu ko‘rkam va latif ko‘rinishiga maftun bo‘lib, bir oz yotqandan keyin «ul ham bo‘lsa edi”, deb o‘yladi va uzoq tin olib qo‘ydi.
Bu kunning ko‘rkamligidan olg‘an taassurotini Ali ichiga sig‘dirolmadi:
— Zap yaxshi kunmi! — dedi.
Otabek ham shu go‘zallikni o‘ziga tatitmay turg‘an dardidan shikoyatlandi:
— Shunday kunlarda kam-ko‘sting bo‘lmasa...
— Sizning ham kam-ko‘stingiz bormi? — deb Ali kulimsiradi.
— Yo‘q, deb o‘ylaysizmi?
— Hammada bo‘lg‘anda ham, sizda yo‘q deb bilaman.
— Masalan?
— Masalanmi, — dedi kulib Ali, — sizning bilan otangizning obro‘si qushbegida ham yo‘q, davlat to‘g‘ri-sida bo‘lsa, ochiqarlik yerda emassiz... Ikkita to‘tidek xotiningiz bek akam uchun sochini tarab o‘lturadir... tag‘in qanaqa kamu ko‘st?
Kishining baxtini yuzakigina ko‘rib hukm qilg‘uchi Ali unga qiziq ko‘rindi va kulib:
— To‘g‘ri aytdingiz! — dedi.
— Shukur qilish kerak, bek aka, — dedi Ali va o‘zi-ning baxtsizligidan, topqanini ro‘zg‘ordan ortdirolmay, shu kungacha uylanalmay kelishidan hasrat qilib ketdi. Otabek uning hasratini diqqat bilan eshitdi, hayotning zarbasi har kimning o‘z darajasiga qarab va lekin istisnosiz bo‘lg‘anlig‘ini tushundi.
— Dunyoning ishi shunaqa ekan, mulla Ali, — deb uni yupatib qo‘ydi. Ikkisi ham bir necha vaqt jim qoldilar.
— Marg‘ilonliq xotiningizdan bolangiz bordir?
— Yo‘q...
— Bo‘lsa ham turmadimi, uylanganingizga ancha yil bo‘lg‘an shekillik?
— Turmadi.
Ali Otabekning kami ko‘stini shu bolasizliqdan deb o‘ylag‘an edi:
— Bolasizliq uchun xafa bo‘lish kerak emas, hali yoshsiz, bek aka!
Otabek javob bermadi. Korsonda qimiz keldi. Bek bir-ikki zarangni ichkandan keyin, yamlanib ko‘kka qarab yotib oldi. Ali bor tovshini qo‘yib ashula qildi:
Ko‘zlarim yo‘l ustida, kelmadi yor,
Ushbu keng dunyo ko‘zimga bo‘ldi tor.
Qay qaroqchi oldi yorimning yo‘lin,
Mundagi baxtsiz yigit yo‘l uzra zor...
— Qo‘shilishmaysizmi, bek aka?
— O‘zingiz yaxshi aytasiz, to‘xtamang!
Ali borliq ovozi ila hamma hunarini ishlatib, g‘azal tugalguncha ashulani aytib bordi.
— Tuzikmi, bek aka?
— Yaxshi ashulachi ekansiz!
— Undog‘ bo‘lsa ustidan buni ichib yuboring, — dedi kulib, bir zarang qimiz uzatdi.
Bek qimizni bir simirishda bo‘shatdi-da, entikib uzoq qirg‘a qaradi, uzoq qarab turdi-da, yuqoridag‘i baytni o‘qub og‘iz ichidan ming‘illadi.
Ko‘zlarim yo‘l ustida, kelmadi yor,
Qay qaroqchi to‘sdi yorimning yo‘lin...
— Qo‘qong‘a ketkan sipohlardan darak eshitdingizmi, bek aka?
Otabekning xayoli bo‘linib, Aliga qaradi:
— Eshitmadim.
— Manim akam ham ketkan edi... Oy borib, omon kelishsunlar-da!
 — Akangiz yigitmidi?
— Yo‘q, mergan edi. Qo‘qon ketayotgan o‘rtoqlarig‘a qiziqib, borma deganga ko‘nmadi. Urush ehtimoli yo‘q-mi, shunchaki fotiha uchun ketishkandirlar-a?
— Kim bilsin, — dedi bek va bir oz o‘ylab qolg‘an-dan keyin, — bo‘lmas, — deb qo‘ydi.
Korsondagi qimiz tugab, sho‘rva ham ichildi. Dasturxonni yig‘quvchi kelinchakka o‘g‘ul tilab duo qilin-g‘andan keyin, qo‘lig‘a o‘ttuz chaqa surma puli berdilar va qirni aylanish, binafsha terish uchun turib ketdilar.