Kecha va kunduz/18

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Kecha va kunduz  (1936) 
by Abdulhamid Choʻlpon

– Akbarali, sen shunday bir ish qilibsanki, – de­di noyib to‘ra, – endi mundan nari men seni himoya qilolmasman.

Mingboshi nima deyishini bilmasdan yerga qarab jimgina o‘tirardi.

Noyib to‘ra davom etdi:

– Ikkala boy bir bo‘lib eng yaxshi advokatga ikki quloch ariza yozdirishib, to‘ppa-to‘g‘ri hokim to‘raga tutibdilar. Hokim to‘ra telefon berdi, mendan biroz koyidi. Endi bugun o‘sha arizani menga chiqarib, mendan ma’lumot so‘rabdi. Arizani ko‘rdim. Yomon narsalar bor unda… Se­ni endi hech kim himoya qilolmas deb qo‘rqaman…

Mingboshi beixtiyor boshini ko‘tarib noyib to‘raga qaradi, so‘ngra yana burungidan ko‘ra pastroq engashib, amirkon etigining bukilgan boldirlariga tikildi.

Noyib davom etdi:

– Hozir, sen kelmasdan bir oz burun, bir odamimni Qumariqqa yubordim. Uchastka pristavi ham o‘sha yerda. Machitda ikki boyga qarshi musht ko‘tarib chiqqanlarning hammasini qamoqqa oladi. Boshqa chora yo‘q. Imom domlaga bizning nomimizdan rahmat aytishga buyurdim. Juda yaxshi so‘z qilgan deydilar.

Mingboshi chidayolmadi:

– Taqsir to‘ra, men hayronman: haligi qamoqqa olinadiganlarda zarracha gunoh yo‘q-ku. Bu qanday bo‘ladi? Agar o‘zingiz o‘sha yerda bo‘lsangiz, u ikkala boyni otardingiz…

– Bilaman, – dedi noyib, – juda yaxshi bilaman. Unaqa mingta arizadan sening bir og‘iz so‘zingga ko‘proq e’tibor qilaman. Boylarning quturgani rost, surishtirib ko‘rdim. Ular o‘z qilmishlarining jazosini tortganlar…

Mingboshi dadillandi:

– Unday bo‘lsa, munday adolatlik podsho vaqtida ochiqdan ochiq nohaqlik qilishga qanday yo‘l qo‘yiladi?

Noyib kuldi:

– Soddasan, Akbarali. Podsholik hamma vaqt yurtning obro‘ylik odamlarini himoya qiladi. Obro‘y dav­lat bilan topiladi, muni bilasan. Undan keyin, qishloq odamlarining shunaqa o‘zboshimcha harakatlariga yo‘l qo‘yib bersak, oz vaqt ichida qishloqdan qo‘l yuvishimiz kerak bo‘ladi. Sen xomsan siyosatga…

– Men bir omi odamman, – dedi mingboshi, – siyosatingizni bilmayman. Qo‘limdan kelganicha podsholikka xizmat qilib keldim. Shuncha zamon qilgan xizmatimni nazarga olmasmikin?

– Men ham shuni o‘ylayman. Akbar, sen hozircha boraver. Men hokim to‘raning oldida seni oz bo‘lsa ham himoya qilib ko‘raman. Bo‘lmasa, sening o‘rningga boshqa odam qo‘yarmiz. Davlating katta, yeb yota berasan. O‘zing ham qarib qolding.

– Mayli, taqsir, – dedi mingboshi bir oz yengil tortib, – amaldan tushiringiz, mayli. Qarigan vaqtimda so‘roq berib yurishga nafsim ko‘nmaydi…

– Menga qolsa senga tegmas edim, Akbar. Ish hokim to‘rada. Hokim to‘rani yo‘lga solish qiyin bo‘ladi, unga bir narsa degani men qo‘rqaman… chunki ish juda xunuk. Xayr, boraver, iloji bo‘lsa, o‘sha ikkala ko‘ppak bilan o‘zing bitish. Balki, arizaning beoqibat qoldirilishini so‘rab ariza berarlar. Miryoqub bo‘lsaydi, senga oson bo‘lardi…

– Nimasini aytasiz, to‘ra, boshim qotib qoldi.

Shu bilan mingboshi ko‘ngli buzilib mahkamadan chiqdi. Mingboshilikdan bekor qilsalar, uncha qayg‘urmas edi: munga o‘z nafsini bir ish qilib ko‘ndira olardi. Lekin «Akbarali mingboshi amalidan bekor bo‘libdi» degan xunuk gapni haligi ikki boy bilan Abdisamat kaptarlarning qanotiga ilib, shamolning qo‘ltig‘iga qistirib, yomg‘irning tomchisiga joylab, bulutning qo‘yniga solib uchiradi; har bir uchgan qarg‘a shuni aytib qag‘illaydi, shu bilan ikki kun ichida u shumli xa­bar yer yuzini aylanib Makkatillogacha yetib boradi. U yerda mingboshining eski kushandasi Nasriddin baqiroq Ka’bayi sharifning baland tomiga chiqib arab tilida ayyuhannos tortadi… Undan ko‘ra o‘lgani yaxshi emasmi?..

Zunnun bilan birga noyib to‘raning uyi oldidagi pastgina skamyaga o‘tirdilar.

– Men ham eshitdim, ota, xunuk gap bo‘libdi, – dedi Zunnun.

– Yomon bo‘ldi bu ish, shu sababdan men sening yoningga keldim. Yaqinda Miryoqub akangdan xat kelib edi, «ba’zi bir nozik ishlarni Zunnun bilan gaplashinglar, u o‘zi noyib to‘raning bekasiga aytib to‘g‘rilaydi» degan ekan. Shunga kelib edim.

– Jonim bilan, ota! Miryoqub akam aytmasa ham qilib beraman. Bemalol buyura bering.

– Hamma gap hokim to‘rada, deydi. Hayronman. Be­ka bilan gaplashgin-chi, nima maslahat berar ekan.

– Siz eski shaharga tushib, kechgacha bir aylanib keling. Men beka bilan gaplashib qo‘yaman. Kech paytida javobini aytaman. Shunga qarab ish qilasiz.

Mingboshi o‘sha kunni zo‘rg‘a o‘tkazdi. Namozgar bo‘lmasdan turib Zunnunning oldida edi.

– Katta pul kerak emish, – dedi Zunnun birdaniga.

Mingboshi ham ustidan tog‘ tushganday yengil nafas oldi.

– Pul bilan bitadigan bo‘lsa, mayli. Pul topiladi.

Mingboshining yengil nafas olganini ko‘rib, Zunnun ham ochila tushdi, uning ko‘zlarida burungi andisha qolmagan edi.

– Bekamiz munday dedilar: hokim to‘raning xotini bilan o‘zim gaplashib ko‘raman, ish qaltis, bir nar­sa chiqadimi, yo‘qmi – oldindan aytolmayman. Har qalay, bir ming, bir yarim ming pul kerak, deydilar. O‘zimga bo‘lsa, Akbarali qadrdon odam, ish eplanadigan bo‘lsa, keyincha bir narsa qilar, deydi… Ammo, dey­di, ish juda nozik, bir narsa chiqarib bo‘larmikin, yo‘qmikin – hayronman, deydi. Pulni olib kela bersin, «Yotib qolguncha otib qolaylik» deydi. Ammo menga ishonib o‘zi harakatsiz yurmasin, deydi.

– Qulluq, Zunnun, qulluq senga. Bu ish tuzalmaydiganga o‘xshaydi. Xayr, mayli, erta-indin pulni eplab olib kelayin. Bir urinib ko‘raylik. Chiqsa – chiqar, chiqmasa, otasining go‘riga…

– Ichkariga kiraylik, ota. Bitta-yarimta choy qilay.

– Yo‘q, Zunnun, tomog‘imdan hech narsa o‘tmaydi.

Mingboshi Zunnun bilan xayrlashmasdanoq o‘rnidan turib ketdi. U yerdan chiqib oddiy bir mayxonaga kirdi. Bir shisha aroqni jindek kabob bilan ichib oldi. So‘ngra miyasi xamirday ko‘pib, ot ustida qiyshaya-qiyshaya orqasida ikki yigiti bilan qishloqqa jo‘nadi…

Uydagilar allaqachon yotgan edilar. Dovdiraganicha qoqilib-yiqilib Zebining uyiga kirib bordi. Miyasi hech narsa olmasidi, shunday bo‘lsa ham ertaga yo indinga bir ish qilib loaqal uch ming so‘m pul topishga jazm qildi. Muning uchun hech qanday tadbirdan chekinmayajak edi.

– Tur, hoy! – dedi Zebiga.

Zebi yotgan joyidan turib, fonarni balandlatdi.

– Dasturxonni yoz! Yegulik narsang bormi?

– Ha, kosada osh bor.

– Ber bu yoqqa.

Zebi erining mast ekanligini bilsa-da, uning ovozidagi bu g‘ayritabiiy qo‘rslik va qattiqlikka hayron bo‘ldi, boshini ko‘tarib unga tikildi, «o‘zimi, boshqami?» deganday…

– Nimaga menga qaraysan? Yo mastmisan, sintaloq? – dedi mingboshi.

Zebi indamasdan dasturxonni yoyib oshni qo‘ydi.

– Och muni! – Mingboshi yonidan bir shisha aroq olib uzatdi.

– Men ochishni bilmayman, – dedi Zebi, ko‘z yoshlari qovog‘iga kelib tizilgan edi.

– Mening xotinim bo‘lib aroq ochishni bilmaysanmi? – dedi mingboshi, xoxolab kuldi. – O‘rgan! Mana, qarab tur! – Shishaning tagiga yo‘g‘on shapalog‘i bilan ikki marta urdi, po‘kak sachrab chiqib shiftga tegdi, so‘ngra u yerdan sachrab tokchadagi katta jomga kelib tushdi: «jar-r-rang»… etdi jom.

– Xa-xa-a!.. – dedi mingboshi. – Jomlaringni jaranglatdim, sintaloq!

Bir-bir ketin ikki piyolani to‘latib ichdi, yengi bi­lan og‘zini artdi. So‘ngra bir piyolani choch qilib Ze­biga uzatdi:

– Ma, ich! Odam bo‘lasan!

– Voy, o‘laqolay! Aroq ichamanmi? Qo‘ying, gapirmang!

– Odam bo‘lasan, deyman! Ol! O-ol!!!

Zebi orqasiga chekilib yig‘lab yubordi.

– Qo‘y, mayli, ichmasang ichma, – dedi mingboshi. – O‘zim ichaman!

Bir shishani tamom qilib, yuvuqsiz qo‘li bilan oshga chang soldi. Oshning yarmi barmoqlari orasidan dasturxonga, ko‘rpa-to‘shakka, o‘zining liboslariga to‘kilardi. Zebi devorga suyanib, bu qo‘rqinch kuyovni tomosha qilardi…

Mingboshi og‘zida to‘la osh bilan: «Netayxon ay­lanay yodimga tushdi-e…» deb xirgoyi qildi. Oshli og‘iz bilan boshlangan xirgoyi tomoqqa tiqildi, mingboshi qoqab ketdi va og‘zidagi oshni kosaga purkab, yana oshga qo‘l uzatdi. Zebining ko‘ngli aynidi, shekilli, sekin­gina tisarila-tisarila dahlizga chiqdi. Dahlizda bir piyola sovuq suv ichdi. Yuragi kuygani bosilmadi, she­killi, yana quymoqchi bo‘ldi. Suv yo‘q edi. Bir qanoti ochiq eshikdan uyga qaradi. Mingboshi yana bitta shi­shani ochib piyolaga to‘ldirayotgan edi… Zebi tashqariga chiqib toza qor bilan qo‘lini yuvdi, toza qorni yuzlariga surkadi, jindak yedi. Ancha shamollab va yengillab kirgan vaqtida, mingboshi dasturxon yonida ag‘anab uchib qolgan edi. Uni qo‘zg‘atib o‘tirmasdan dasturxon­ni sekingina yig‘ishtirib oldi-da, bir chekkaga bir yostiqni tashladi, ustiga bir to‘shakchani yopindi, fonarni pastlatdi, shu bilan uyquga yotdi. Orada qancha uxlagandir, o‘zi ham bilmaydi, besaranjom bir qichqirish bilan uyg‘ondi:

– Suv! Suv! – deb qichqirardi mingboshi.

Zebi uyqusirab kelib, yana fonarni balandlatdi. Ungacha mingboshining qo‘rqinch ovozi yana ko‘tarila tushdi:

– Sintalaqdi qizi, suv deyman! Suv! Yuragim kuyib ketdi… Yonib ketdi!… Suv! Suv!!!

Zebi shoshib qoldi, tez borib choynakdagi tabarruk suvni qo‘liga oldi va – hech narsa o‘ylashga fursat yo‘q – darhol mingboshiga uzatdi…

Mingboshi choynakdagi suvni bir shimirishda tamom qildi. Zebi endi uning tinchib uyquga ketishini kutar­di. Yoniga yumshoq bolishlardan ikkitasini qo‘ydi, usti­ga kichkinagina bir to‘shakni yopdi. Mingboshi ham tinchib qolganday bo‘ldi.

Zebining kipriklari endi bir-biriga tekkanda, mingboshi birdaniga dahshatli bir un chiqardi. O‘rnidan turib kamarlarini, to‘nlarini apil-tapil yechishga boshladi. Zebi butun bu harakatlarni boyagi singari mastlik asarlari deb o‘yladi. Uning kamar va to‘nlarini bir-bir olib, qoziqqa ildi, ikkalasi uchun solingan joyni tuzatdi – erini sekingina olib borib yotqizmoqchi bo‘lardi…

Mingboshining ko‘zlari chanog‘idan chiqib keta bosh­ladi. U endi ko‘ylaklarini yirtib ko‘ksini, tomoqlarini tintalay boshladi… Bor kuchi bilan zo‘r berib na­fas olishga tirishardi. So‘ngra buzuq ovoz bilan zo‘rg‘a-zo‘rg‘a:

– Bo‘g‘ma, bo‘g‘ma meni… – deb qichqirdi.

Bir-ikkita qadam bosib devordagi javonga suyandi, bir nafas tinch qolgach, yana bo‘g‘ziga qo‘l uzatib etlarini cho‘zdi. Ko‘ksiga mushtladi. Undan keyin bir qo‘lini yuqori ko‘tarib boshiga qo‘ydi. Ko‘zida ikki-uch tomchi yirik-yirik yosh ko‘ringan edi. G‘alati, yuvosh, muloyim, beozor va ayanch nazar bilan Zebiga qaradi va ikkala qo‘lini qo‘yib yuborib, boshini bir tomonga shilq etib tashladi-da, o‘zi ham devorga suykana-suykana sekingi­na yerga o‘tirdi, bir nafas o‘tirgandan keyin bir tarafga qiyshayib, ohistagina yonchasiga yiqildi va shu bo‘yicha qimirlamay qoldi…

Nafasi ichiga tushgani holda devorga orqasini be­rib butun bu fojiani kuzatayotgan Zebi bo‘lgan ishni angladimi, yo‘qmi – har holda, qish kunida yugurganicha ko‘ylakchan tashqariga chiqdi va ixtiyorsiz faryod soldi.

Kundoshlari ham birin-birin uyg‘onib chiqdilar va mingboshining keng ichkarisida azonga yaqin to‘rt xotin­ning azani bildirgan yig‘i ovozi ko‘tarildi.

Ular orasida o‘q otib mo‘ljaliga tegizolmagan Poshshaxon ham boridi. Kim biladi, mingboshining o‘limiga yig‘laydimi u juvon, yo – Miryoqubning bevafoligiga, yo bo‘lmasa – hayf ketgan kuchalaga…