Kecha va kunduz/19

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Kecha va kunduz  (1936) 
by Abdulhamid Choʻlpon

Kundoshlik orqasida yuz bergan bu jinoyat zamonning nozikligi orqasida olovga tashlangan jizzadek bo‘ldi. Kichkinagina uyezd shahrining kichkina va tor miyali amaldorlari – hammasi askardan yetishgan «azamatlar» – kelishmagan bir tasodifning to‘rt chaqaga arzimagan bu qurbonini zamonning zo‘r qahramoni darajasiga ko‘tarib yubordilar. Shu bilan ular yangi fath etilgan o‘lkada va yangigina bo‘yinsungan «vahshiy» xalq orasida juda yaxshi va ziyrak siyosat yurgizib, o‘sha xalq orasidan shunday eslik va tadbirlik, toj-u taxtga nisbatan shunday sodiq va astoyil ma’mur yetishdirganliklarini o‘zlaridan yuqori amaldorlarga ko‘rsatmoq istardilar. Bularning shuncha yillar zo‘r berib zo‘rg‘a-zo‘rg‘a yetishtirgan ziyrak davlat odamlarini munaqa osongina (kuchala bilan!) o‘ldirib keta bersalar, o‘lkada tutilgan siyosatning va ham u siyosatni amalga oshiruvchilarning bir chaqalik obro‘si qoladimi? Ayniqsa, yerli xalq o‘rtasida? Siyosatning obro‘sizligi nima demak? Idora usulining obro‘sizligi emasmi? Hindistonga qo‘shni va darvoza bo‘lgan bir mustamlakadagi siyosatga to‘kis-tugal obro‘ ta’min etilgan bo‘lishi kerak. Yo‘qsa – natija yomon! Qo‘rqinch!!!

Mana shu vahima va tashvishlar bilan liq to‘lib Toshkentga tomon qanot qoqqan depeshalar (rasmiy telegrammalar) voqeaning uchinchi kunida Toshkentdan O‘lka harbiy sudining sayyor hay’atini uchirib keldi. So‘roqning o‘zi esa sudning yetib kelishidan ham tez o‘tdi. «Munday shoshilish sud urush maydonlarida bo‘lmasa, boshqa joyda bo‘lishiga aqlim yetmaydi!» deb piching qilib gapirdi tilmoch…

Bu odam eskidan beri sudlarda ishlab kelib, muttahamlikka guvohnoma olgan qadrdon tulkilardan emas, negadir, chetdan, xolis kishilar orasidan chaqirilgan edi. Uni shahar odamlari, ayniqsa, yerli xalq kam taniydi. Nihoyati pochtada ishlovchi (o‘zi yerli xalqdan yetishib qolgan!) pastroq bir ma’mur…

Ammo zakunchi… Zakunchi – boshqa odam! Bu odam, yo‘q, bu zot – Turkiston o‘lkasining qaysi bir olis joyi­da (Zakaspiyda emasmikan?) davlat xazinasining ko‘pgina pulini yeb qo‘ygan askariy bir to‘ra. Agar haqiqiy qonunlarga amal qilinganda, uni yo otish, yo umrlik surgun qilish kerak edi. Faqat, u o‘zi juda issiq mamlakatda yashasa ham, boshida qalin-qalin soyabonlari bor ekan. Ular o‘z kishilarini butunlay kuydirib tashlashga yo‘l qo‘ymaganlar. Ularning soyalarida bu zot aska­riy rutbalaridangina ajrab, kissasi ko‘p ham qoqlanmasdan, o‘lkaning u chekasidan bu chekasiga «surgun» bo‘lib (o‘z istagi bilan «surgun» bo‘lib!) kelgan va munda… xususiy zakunchilik kasbiga kirishgan. Davlatni aldab o‘rinlatgan kishi boshqalarni aldab o‘rinlatolmaydimi? Tajriba – zo‘r davlat o‘zi! Bu odamning cho‘pqatlari juda ko‘p! O‘z-o‘zini hurmatlay bilgan hech bir zakunchi tomonidan olinmayturgan hamma «gumonlik ishlar»ni shu kishi oladi va, ko‘pincha, yutib chiqadi. Xullas, mustamlaka o‘lkasining nodon yerlilari orasida uyezd miqyosiga yarasha ish ko‘radigan kichkinagina bir Plevako8.

Mahalliy tergovchining «tergov protokoli» bilan harbiy sud prokurorining ayblash qog‘ozi zakunchining qo‘liga topshirilgan vaqtda, u boshqa katta bir ishni olish to‘g‘risida o‘ziga o‘xshagan bir kishi bilan gaplashib o‘tirgan edi. Kim ekan u – «o‘ziga o‘xshagan» ki­shi? Shaharda bo‘lsin, uyezdda bo‘lsin, uni tanimagan odam yo‘q, o‘zi yerlilardan. Yerli xalq uni «Obrezqora» deb ataydi. O‘rta bo‘yli, qop-qora tanli, arvoq, qotma bir kishi… Bu zakunchi ruslardan chiqqan «ad­vokat» bo‘lsa, Obrezqora – yerli xalqlardan chiqqan «advokat»… Qaysi bir sud majlisida «yolg‘on guvoh»ga hojat ko‘rilsa – Obrezqora tayyor. Uning bu xislati ham hammaga otning qashqasiday ma’lum. Katta-katta qozilar, boylar, obro‘ylik odamlar shu Obrezqora bi­lan olishib… yer bilan yakson bo‘lishgan! Muni ham hamma biladi. Shu uchun undan hamma qo‘rqadi… «Bu Obrezqora bosma9 qilishdan ham toymaydi!» deb gapirishadi shahar odamlari.

Shunday aziz bir cho‘pqat «xizmat haqi» besh ming so‘mlarga yetib boradigan bir «ish» topib kelib, shu to‘g‘rida qaymoqlashib o‘tirganda, allaqanday harbiy sudning befoyda ishiga vaqt sarf qilish zakunchiga ancha og‘ir keldi. Kelgan qog‘ozlarga ustidangina bir ko‘z yugurtib oldi-da, bir chekkaga tashlab qo‘ydi. Ular o‘z mundarijalarida zikr etilgan shaxslar singari to so‘roq kunigacha – yo‘qlanmasdan va esga olinmasdan – tashlandiq holda qolib ketdilar. So‘roq kunigacha za­kunchi ularni xotirlab qo‘yishga ham fursat topolmadi. Kichkina shaharning kichkina Plevakosida ikkitagina qog‘ozni ko‘rib chiqishga fursat topilmaydimi? Vokzal qarshisidagi ko‘chada bir salqin takya bor, uni ertadan kechgacha shunda o‘tirib Obrezqora bilan qimor o‘ynaydi deydilar. Demak, fursati emas, hafsalasi bo‘lmagan. Arziydigan ish bo‘lsa, hafsala ham topilardiku-ya!..

So‘roq kuni erta bilan haligi ikki «yetimchani» to­pib oldi va nonushta chog‘ida allanechuk bir ixlossizlik bilan tezgina ko‘rib chiqdi. Bu ish shu qadar tez bajarildiki, nonushta dasturxoniga zakunchi kelib o‘tirmasdan burunroq quyilgan bir stakan choy ikkala qog‘oz o‘qib chiqilgandan keyin ham sovunib yetmagan edi, shu uchun uning sovunishini yana bir oz kutishga to‘g‘ri keldi. Ikkala qog‘ozning mazmuni ham zakunchiga xuddi go‘daklar falsafasidek tuyuldi. Qog‘ozlarni o‘qib turib hamda ularni o‘qib bo‘lganidan keyin advokatning cho‘ziq yuzlariga bir kulgi yoyildi, uning moshbirinch mo‘ylovlarini ikki tomonga kerib yuborgan bu kulishda, chinakam, otaning boladan kulganiga o‘xshagan bir narsa boridi…

Ammo protokolga sovuq qarashda faqat zakunchinigina ayblash mumkin. Yozuv mashinasi bo‘lmagan tergovchi mahkamasining mirzasi bechora protokolni juda zo‘r diqqat va hafsala bilan ko‘chirgan. Ori rost, yerli xalqning nomlarini yozishda u ham chalasavod bolalarning ishini qiladi, ya’ni «Akbarali» degan so‘zni bir joyda «Umarali», yana bir joyda «Amir o‘g‘li», yana bir joyda «Qambar vali» deb yuboradi… Zotan, buning ni­ma ahamiyati ham bor? Til kelmagan narsaga qalam qanday kelsin? «Akbar» bo‘ldi nima, «Qambar» bo‘ldi ni­ma – bari bir emasmi? Bir sartning nomi!

Insof qilish kerak: protokol nihoyatda chiroylik xat bilan yozilgan. Qog‘oz betida xuddi poyezdning izlariday tep-tekis ketadi. Hammadan ham «d» va «b» harflarini ko‘ring! Hayron qolasiz! Qayerda «b» uchrasa, quyrug‘i o‘ngga qayrilgan. Ikkovining ham quyrug‘i balandda, ikkovining ham quyrug‘i kulcha bo‘lgan ilonday buralib-buralib yotadi! Protokol emas, tomosha! Tomosha!..

Unda mana bu narsalar bor:

Bo‘lib o‘tgan voqea, o‘ldirilganning kimligi, uning Rusiya davlatiga sadoqat bilan qilgan ko‘p yillik xizmatlari, idora ishlarida ko‘rsatgan ziyrakligi va ustaligi batafsil bayon qilinadi; o‘ldiruvchi ayolning kimligi esa bir necha og‘iz so‘z bilan aytib o‘tiladi. Guvohlar (mingboshining uch xotini) bir og‘izdan o‘zlarining aralashmaganliklarini so‘zlab, «Zebinisaxondan boshqa hech kim qilmaydi» deydilar. Xolis tariqasida so‘ralgan qo‘ni-qo‘shnilar bunday dedilar: «Mingboshining boshqa xotinlari ko‘nib qolgan edilar; Zebinisaxon bo‘lsa anchagacha mingboshini xafa qilib, xotin bo‘lgisi kelmay, o‘zini kasallikka solib yurdi. So‘ng vaqtlarda mingboshi bilan umr qilishga ko‘ngandek bo‘lib edi; bir necha kun yaxshigina yashadilar. Bu keyingi yumshoq muomalalar, bizning fikrimizcha, ko‘z bo‘yash uchun qilingan bo‘lsa kerak. Endi bilsak, qiz o‘lgurning g‘arazi boshqa ekan». Mingboshining ikkinchi xotini Poshshaxon o‘sha voqeadan bir kun burun shamol oldirib qo‘yib, notob yotgan ekan: tergovni uning yotgan yerida o‘tkazishga majburiyat ko‘rilgan.

Aybdorning o‘ziga berilgan savollar va uning javoblari shunday zo‘r protokolda hammadan oz joy oladi. Shu qadar ozki, mirzaning qalam uchini siyohga botirib o‘tirishiga arzimaydi. Tergovchi bechora shunga ham umr sarf qilgan-da, sho‘rlik!

Bor-yo‘g‘i ikkita savol, ikkita javob. Savollar kalta-kalta, javob undan ham kalta:

– Mingboshiga suvni kim berdi?

– Men berdim.

– Demak, mingboshini o‘ldirgan – siz?

– Yo‘q…

«Ayblash qog‘ozi» esa protokoldan bir yutim, ya’ni shu qadar kalta! Unda protokoldagi ma’lumotning xulosasi: mingboshining ziyrakligi va tadbirliligiga oid kalta-kalta, lekin kuchlik va haybatlik iboralar. So‘ngra talab: «Falonchi falon modda bilan falon jazoga mustahiqdir». Xullas: qon hidi!..

Sud majlisiga yarim soat qolganda, zakunchi keldi. Sud bo‘ladigan binoning boqchasida tikka turib aybdor bilan gaplashdi. Bu gaplashuv ham kaltagina savol-javobdan iborat bo‘ldi. Bu daf’a savollarning adadi ikkidan beshga chiqdi:

– Mingboshiga suvni kim berdi?

– Men berdim.

– Suv choynakda ekan, choynak kimniki edi?

– Meniki edi.

– Ichida qanday suv borligini bilarmidingiz?

– Bilardim.

– Choynakdagi suv zaharlik ekan, demak, eringizga zaharni siz bergansiz?!

– Choynakda zahar borligini bilmadim. Erimni men o‘ldirganim yo‘q…

Zakunchi yelkasini qoqib yiroqlashdi.

Voqeaning yuz berganiga bir necha kungina bo‘ldi. Bu to‘g‘ridagi dovruq hali shaharga eshitilgani yo‘q. Bitta-yarimta shahar odamlari eshitgan bo‘lsalar ham, Zebining ota-onasi bu gaplardan bexabar bo‘lsalar ke­rak. Ular hali qizlariga mingboshi dodxodan avlod tilab eshonboboning tabarruk nafaslaridan yana tabarruk suv hozirlab qo‘yganlardir… Jumani o‘tkazib cholning o‘zi bir borib ham kelar… Umid kattadir! Basharti ular bilgan bo‘lsalar ham, zakunchi solish yoki biror joyga arz qilib bosh urishni na chol biladi va na kampir! Gapning kaltasi, ular «o‘rus mahkamalariga bo­rib bir narsa chiqarolmaydilar». Juda chidamay ketsa, Razzoq so‘fi to‘ppa-to‘g‘ri eshonboboning yonlariga boradi: o‘zini ko‘tarib urib yig‘laydi… Shu!

Zebi bo‘lsa o‘sha zaharlanish hodisasidan beri doim karaxt bir holda bo‘linardi: uning miyasi birdan falajga yo‘liqqan kabi edi. U butun bu so‘roq, tergov, konvoy, sud va zakunchilarga ajib bir loqaydlik bilan – xuddi jonsiz odamday qarar, nimalar deyishni, o‘zini nechik mudofaa qilishni, nima deb gap qaytarishni o‘ylamasidi. Uning miyasida, miyasining ham allaqaysi olis bir burchida xira va tumanli bir fikr bor, u fikr shuncha olisda va xiraki, uning nimaligini anglayolmaydi bechora… Miyasini tugumlab juda zo‘r bergan vaqtda u tumanli fikr mana bu kepataga kirganday bo‘ladi: «Men o‘ldirganim yo‘q… Bu aniq… Meni qo‘yib yuboradilar… Yana o‘sha yerga qaytamanmi?.. Nima keragi bor… Oyim-chi? Oyimning yoniga qaytaman… Erim o‘lib qoldi, deyman… Yig‘layman…»

Sud majlisi bo‘ladigan keng zalda shamollar uchib o‘ynardi. Qator-qator chizilgan vena kursilari haftalik uyqularidan hali ham uyg‘onmagan edilar. Eng oldingi qatorda hokim, noyib, garnizon boshlig‘i, poli­tsiya boshlig‘i, pop, uchinchi qatordagi eng chekka kursida oppoq va zo‘r sallali chol – jome’ machitining ingichka ovozli imomi o‘tirardi. Bir tomonda – zakunchi, bir tomonda – tilmoch, boshqa hech kim yo‘q.

Zebi ikki konvoyning yalang‘och qilichi o‘rtasida zalga kirib keldi: ustida qora barqut paranji, qora chimmat, oyog‘ida qora amirkon mahsi-kavush bilan sud qarshisiga kelib to‘xtadi. Bu omonsiz suddan va bu yaltiragan yalang‘och qilichlardan ko‘ra uning o‘sha qora qiyofasi qo‘rqinch edi: o‘rta asrlardagi Ispaniya inkvizi­tsiya mahkamalarining qora aboli va sirli kardinallariga o‘xshardi… Pop qaradi: boshini chayqadi; domla qaradi: «astag‘furullo» o‘qib soqolini silkitdi.

Sud raisi, nihoyat, tilmochga yuzlandi:

– Aytingiz, aybdor yuzini ochsin.

Tilmoch bu buyruqni Zebiga tushuntirib berdi.

– Voy, o‘laqolay! Shuncha nomahramning oldida yuzimni ochamanmi? Undan ko‘ra o‘lganim yaxshi emasmi?

Bu so‘z tarjima qilib berilgach, pastdagilarning hammasi deyarlik, sud hay’atidan bir necha kishi yengilgina kulib oldilar. Ulardan ikki kishi ayrildi: birinchisi – nihoyatda semiz va yo‘g‘on gavdali garnizon boshlig‘i, bu odam tovuqning qaqalashiga yaqin bir un bilan ovozi boricha va birdaniga qahqaha soldi. Hamma unga tomon evrildi. Sud raisi jing‘iroq chaldi. Garnizon boshlig‘i yonidan ro‘molchasini olib, yuz-ko‘zini arta boshladi… Ikkinchisi – imom-domla: bu kishi o‘zlarining ingichka – hushtak singari ovozlari bilan, ixtiyorsiz «masha-ollo!..» deb yubordilar. Hamma u kishiga tomon evrilgach, qip-qizarib va ham… qo‘rqib boshlarini quyi soldilar.

– Siz bu ayolga tushuntirib aytingiz: yuzini ochmasa bo‘lmaydi. Sudning qoidasi shu. Paranji ostida aybdordan boshqa kishining hozir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun biz uning yuzini ochdirishga majburmiz. Ay­tingiz, qarshilikdan foyda yo‘q!

Zebi xuddi o‘yinda sherigiga achchiq qilgan boladay teskari burilib oldi. U indamay turganligidan, sud raisi yana so‘z oldi.

– Yaxshilab tushuntiringiz, yuzini ochmasa, sud majlisini olib borolmayman.

– Olib bormasa mayliga… – dedi Zebi. – Bilganini qilsin!

Tilmoch o‘zi kulib, qip-qizarib turib tarjima qildi.

Sud raisi ovozini ko‘tara tushdi:

– Harbiy sud masxarami bu kishiga? Aytingiz, yaxshilik bilan ochsinlar. Bo‘lmasa, kuch bilan ochdiramiz!

– Voy, sho‘rim! Shuncha erkak o‘tirsa-ya! O‘lganim ming marta yaxshiroq!

So‘ngra ovozini pasaytiribroq tirkadi:

– Otamning piriday kap-katta sallalik domla o‘tiribdilar. Qanday yuzim bilan qarayman?..

Sud raisi endi bu safar muloyim gapirdi:

– Aytingiz, sud tomonga qarab, domlaga orqasini o‘girib tursin!

Zebi yana indamadi. Domla o‘tirgan joyidan bir oz ko‘tarila tushib:

– Hechqisi yo‘q, qizim! – dedi. – Men qaramayman!

– Mana bular-chi? – dedi Zebi. Sud hay’atini ko‘rsatdi.

Endi bu safar domla o‘rnidan turib tilmochga yuzlandi:

– Eshoni mirza! Menga ijozat berilsa, shu ayolga ikki og‘iz nasihat qilsam.

– Marhamat, taqsir!

Domla Zebining yoniga borib nasihatga boshladi. Zebi borgan sari susayib bo‘lsa-da, domlaning har bir so‘ziga javob qaytarardi. Oxirda domla o‘z dindoshlari o‘rtasida mashhur bo‘lgan bir e’tiqod masalasini ochdi:

– Kofir bilan itning farqi yo‘q. Itdan qochmaysizmi? Shunday bo‘lsa, kofirdan ham qochmasangiz bo‘ladi. Bu joiz!

Domla shunday joyda bu xil gaplarni gapirishdan juda qo‘rqardi. Shu uchun boshda boshqa so‘zlar bilan Zebiga ta’sir qilishga urindi. U urinishlardan tezroq bir natija chiqmagandan keyin majlis ahlini mahtal qilib qo‘ymaslik uchun bu masalani ochishga majbur bo‘ldi. Majbur! Shu uchun so‘nggi so‘zlarni juda past ovoz bilan aytgan edi.

Zebi unadi:

– Bo‘lmasa, siz o‘zingiz nariroqqa borib o‘tiring!

– Xo‘p, qizim, xo‘p, – dedi domla. To‘rt-besh qator orqaga borib o‘tirdi.

Hammaning ko‘zi domlada ekan, Zebi chimmatini yuzidan oldi va sudga tomon evrilgani holda bir qo‘lini yana yuziga parda qildi.

– Mana, qilaqol so‘rog‘ingni!

Hozir bo‘lganlar o‘rtasida «bu sodda musulmon qizini uyaltirmaslik uchun» ko‘zini boshqa tomonga burib o‘tirganlar bilan birga, ikki ko‘zini undan uzmagan va allanimalar deb o‘zicha so‘zlanib, lablarini tez-tez qimirlatganlar ham bor edi…

Aybdorning kimligi surishtirilgach, sud kotibi darhol o‘rnidan turib aybnomani o‘qidi. Undan keyin yana kalta savol-javoblar ketdi. Bu daf‘a ularning adadi orta tushdi:

– Aybnomani eshitdingizmi?

– Ha…

– Mingboshi suvni o‘zi so‘radimi?

– Ha, o‘zi so‘radi…

– Mastmidi?

– Ko‘p aroq ichib edi.

– Suvni kim berdi?

– Men berdim.

– Choynakdamidi?

– Ha…

– Mana bu choynakmi?

– Ha…

– Kimning choynagi bu?

– Meniki.

– Siznikimi?

– Ha, meniki.

– Ichida qanday suv borligini bilarmidingiz?

– Bilardim.

– Qanaqa suvidi?

– Irim suvidi.

– Kimga qilingan irim?

– Menga…

– Nima uchun irim qildirardingiz?

– Farzand bo‘lsin deb…

Pastda o‘tirganlarning domladan boshqalari, so‘ngra sud hay’atidan bir-ikki kishi, zakunchi va tilmoch yengilgina kulib qo‘ydilar.

– Nega u suvni mingboshiga berdingiz?

– Juda tashna bo‘lib so‘ragan edi, shundoqqina tokchadan olib uzatdim.

– Choynakda zahar borligini bilarmidingiz?

Zebi kuldi.

– Qiziq ekansan («o‘rusni sizlab bo‘lmaydi»), men qayerdan bilay?

– Demak, eringizni o‘zingiz o‘ldirdingiz?

Zebi qattiqroq va cho‘zibroq javob berdi:

– Yo‘-o‘-q!.. O‘libmanmi o‘z erimni o‘ldirib.

Uning bu so‘nggi javobida har qanday qiz bolaning o‘z o‘rtog‘iga o‘zini oqlab gapiradigan sodda gapidagi gunohsiz ohang boridi: «Voy, o‘laqoling! Men shunaqa dermidim?»

Zebi sud raisining bola emasligini qaydan bilsin? Shu yerda o‘tirgan shuncha erkakning oyday ravshan bir narsani anglayolmasliklarini qaydan bilsin? «O‘rus-u musulmon bo‘lib shuncha odam o‘tiribdi, axir. Mingboshini o‘ldirgan Zebi emasligini hammasi biladi. Bilib turib yana qaytovlab so‘ray bergani qiziq! Yo o‘smoqchilab so‘rarmikin?»

Sud raisi gapirmoqchi bo‘lib o‘rnidan turgan vaqtda Zebi: «Ana, so‘roq tamom bo‘ldi. Endi uyimni qanday qilib topib boraman?» – deb o‘yladi.

– O‘tiring, – dedi sud raisi Zebiga.

Sekingina va ehtiyot bilangina o‘tirdi. Sud raisi so‘z oldi:

– Voqea shu qadar ochiq, masala shu qadar ravshanki, meningcha, majlisni davom ettirishga ham hojat yo‘q. Aybdor o‘zi har bir savolga bergan javobi bilan jinoyatini iqror qildi. Shunday bo‘lgach, biz hukm chiqarish uchun ichkariga kira bersak, deyman.

Sud majlisida faqat aybdorga berilgan savollar, so‘ngra tergov protokoli bilan hukmnomaning eng kerak joylari tarjima qilinar, boshqa so‘zlar o‘ruscha ketardi. Shu uchun til bilmagan Zebi o‘tirgan joyi­da gapirgan to‘ralarning yuz harakatlarini tomosha qila boshladi.

Sud raisi prokurorga qaradi:

– Siz nima deysiz, zoti muhtaram?

Prokuror o‘rnidan turib, ikki qo‘lini stolga qo‘ydi-da, yarim engashib turib dedi:

– Men bu taklifga qarshi emasman. Albatta, me­ning bu masalada boshqa mulohazalarim bor. Men urush vaqtining nozik paytlarida bo‘lgan bu o‘ldirishga oddiy o‘ldirish kabi qarayolmayman. O‘ldirilgan odam Rusiya davlatiga va podshoga sadoqati bilan tanilgan odam edi. Uni «yosh sart» maxfiylari, ayniqsa, ularning dushmanimiz bo‘lgan Turkiya bilan fikran bog‘lanishgan unsurlari yomon ko‘rardilar. Men bu «sodda» va «gunohsiz» sart ayolning shunday unsurlar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lmaganidan amin emasman… Biz sart xalqiga allanechuk beparvolik bilan qarab o‘rganganmiz: «Qo‘yday yuvosh ular!» – deymiz. Albatta, ularning mamlakatlarini qon to‘kib olgan fotihlar sifatida bu qarashimiz bir nav to‘g‘ri ham bo‘la biladi. Faqat bizga endi bu noto‘g‘ri qarashni tashlash kerak! Turkiyadagi 1908-yil inqilobi, o‘zimizdagi shumli beshinchi yil to‘poloni, Erondagi so‘nggi mashrutiyat harakatlari sartlarning ko‘zini ochayotir… Zohirda rus madaniyatiga yopishib kelgan yevropa qiyofali jadidlar, aksari, kular yuzli yosh savdogarlardan iborat bo‘lgan «yosh sart» kadrlari imperiyaga qarshi tish qayrashda Turkiya ittihodchilaridan qolishmaylar… Durust, sart xalqining ko‘pchiligi muazzam davlatimizga, sevimli podshohimizga sodiq… Eslik, tajriba ko‘rgan katta savdogarlar, qishloqning obro‘yli boylari, ayniqsa, ulamo toifasi «yosh sart»larning nufuzini qirqish uchun zo‘r bermoqdalar, bularni bilaman. Lekin haddan tashqari ehtiyot bilan, sergaklik bilan ish olib bormasak, bir kun emas bir kun haligi ko‘pchilikning «yosh sartlar» bayrog‘i ostida bosh ko‘tarishi juda mumkin narsa. O‘zingiz bilasiz, dekabristlar xuruji chog‘ida davlat va davlatchilikka, podsho va Vatanga qarshi bo‘lgan unsurlar buyuk Pyotrning ulug‘ shahrida birgina maydonni zo‘rg‘a to‘lg‘azgan edilar; 1905-yilda o‘sha xilda bog‘ovot maydonlarining soni-sanog‘i bo‘lmadi. Holbuki, biz yaqindagina eshon to‘poloni bo‘lib o‘tgan joydan uncha olisda emasmiz… U vaqtda muhtaram muttafiqimiz Angliya biz bilan tegishgan bo‘lsa, endi dushmanimiz Germaniya va uning qo‘g‘irchog‘i bo‘lgan Turkiya biz bilan unaqa hazillashib o‘tirmaydi. Muni bilish ke­rak! Kechagina bo‘lib o‘tgan tog‘ voqealari, Qumariq hodisalari nazarimizdan qochmasin, taqsirlar!

Mana shu nuqtalardan qarab, men bu «soddadil», «yuvosh» va «gunohsiz» sart qiziga eng oliy jazo talab qilmoqchi bo‘laman. Modomiki, masala o‘zi bu qadar ravshan va aybdorning o‘zi o‘z og‘zi bilan iqror qilib turibdi, mayli, muzokara ochib o‘tirmasak ham bo‘ladi. Men o‘z fikrimni muhtaram sud hay’atiga arz qilib, masalaning bu tomoniga ham diqqat qilinmog‘ini so‘rayman.

Zakunchi sud raisining murojaatini kutmasdanoq o‘rnidan turgan edi:

– Men ham so‘z aytishdan voz kechaman! – dedi u, yana darhol joyiga o‘tirdi.

Sud hay’ati o‘rnidan turib ichkariga chekildi.

«Ana, – deb o‘yladi Zebi, – o‘zim aytgan. Hamma gap oyday ravshan… Endi uyimni topib ketalarmikinman?»

Chorak soat o‘tmasdan hukmnomani eshitdirdilar. Unda bu ishning asosan siyosiy bir rangdan xoli emasligi iqror qilinmoq bilan birga, bu so‘roqqa to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqasi bo‘lmaganligi, ishning u jihatini alohida tekshirib, lozim ko‘rilgani taqdirda qaytadan ish qo‘zg‘atmoq tegishli mahkamalarning vazifasi ekanligi, endi bu o‘ldirish hodisasi to‘g‘risiga kelganda, masalaning juda aniq anglashilganligi, aybdor­ning o‘zi tomonidan necha martalar iqror qilingani, shu uchun guvoh jalbiga va muzokaraga luzum ko‘rilmaganligi aytiladi.

Undan keyin: «Aybdorning qilgan gunohi og‘ir bo‘lib, hozirgi urush vaqtida va nozik sharoitlar ichida davlat odamiga qasd qilgani uchun falon, falon moddalar bo‘yicha oliy jazoga hukm qilish kerak bo‘lsa-da, bovujud O‘lka harbiy sudining sayyor hay’ati aybdorning madaniyatsiz yerli xalq ayoli ekanini, o‘zining yosh va turmushda tajribasizligini va ham hamma gunohlarini nomus bilan iqror qilib bo‘yniga olganini nazarda tutib, falon, falon moddalar bo‘yicha yetti yil surgunga hukm qildi. Bu hukm ustidan tegishli joylarga shikoyat qilish mumkin», – deyiladi.

Tilmoch hukmnomani to‘rt og‘izgina qilib eshitdirdi:

– Aybdor Zebinisa Razzoq so‘fi qizi, Harbiy sudning hukmi bilan yetti yil Sibir qilindingiz. Norozi bo‘lib ariza bersangiz mumkin.

Hukmnoma o‘qilib bitar-bitmas, zaldagilar chiqa boshlagan edilar. O‘qilib tamom bo‘lgach, sud raisining ishorati bilan qilich yalang‘ochlagan konvoylar yana boyagi taxlitda Zebini olib chiqib ketishdi. Shundan keyin sud hay’ati ham chiqib ketdi. Zalda faqat tilmoch, za­kunchi, undan keyin nima uchun o‘zining bu yerga chaqirilganini bilmagan imom domla qolgan edi. Tilmoch domla-imomning yoniga keldi:

– Taqsir! Siz jindak sabr qiling. Men hozir ke­laman, undan keyin gaplashamiz.

Domla yuragini qo‘liga olib, rangi o‘chgan, lablari bir oz qaltiragani holda… sud zalida qoldi. Zakunchi tilmochni olib tashqariga – Zebining yoniga chiqdi, Zebi chimmat ostida ho‘ngur-ho‘ngur yig‘lamoqda edi.

Zakunchi so‘radi:

– Nima deysiz? Ariza yozib beraymi?

Zebi xo‘rsingan ovoz bilan yig‘lab turib, uzuk-uzuk javob qildi:

– Kimga?

– Yuqoriga.

– Unda… nima bo‘ladi?

– Nima bo‘laridi, ehtimol, yana so‘roq bo‘ladi, ishni qaytadan ko‘radilar.

– Kim… ko‘radi? Shular… ko‘radimi?

– Boshqa sud ko‘radi.

– Bari bir… op-ochiq turgan narsani… bular tushunmaydi-yu, ular tushunarmidi?

– Ariza bermaymi?

– Qo‘yaqol!.. Men uchun… ovora bo‘lib o‘tirma…

Zakunchi kulumsirab tilmochga qaradi, u yelkasini qoqdi. Zakunchi boqcha darvozasidan chiqib ketmak uchun o‘sha tomonga qarab yurdi.

– Hay, shoshma, – dedi Zebi. – Shaharda… Shaharda… ota-onam… bor… ko‘rsatarmikin?

– Avaqtaga olib borgandan keyin ko‘rsatadi.

Zakunchi darvozaga qarab ketdi. Tilmoch u bilan xayrlashgach, yana domlaning yoniga kirdi.

– Eshoni mirza, – dedi domla-imom uni besaranjomlik bilan qarshi olib, – meni nimaga chaqirgan ekanlar?

Tilmoch kuldi:

– Sizni, taqsir, sud sadri chaqirtirgan edi. Basharti qasam berish lozim bo‘lib qolsa, musulmon shariatiga muvofiq qasam berish uchun.

– Qasam bermadilar-ku?

– Lozim bo‘lmadi, taqsir. Ayol o‘zi iqror…

Domla anglayolmadi, shekilli, mirzaning so‘nggi so‘zini savol shaklida qaytardi:

– O‘zi iqror?!

Tilmoch yana kuldi:

– Ha, o‘zi iqror… Eshitmadingizmi?

– O‘zi iqror emas, inkor qildi shekilli-ku?

– Damingizni chiqarmang, taqsir. Bu nozik masala…

– Ha, albatta, albatta…

– Endi, taqsir, sud raisining sizdan iltimosi bor: o‘zingiz eshitdingiz, bu ayol Razzoq so‘fi degan odamning qizi, o‘z eriga zahar bergan. Eri xizmati singgan mingboshilardan ekan. Prokuror otib o‘ldirilsin degan edi, sud qabul qilmasdan yetti yilga Sibirga kesdi. Ertaga jumadan keyin machitda ikki og‘iz gapirib qo‘ysangiz, dedilar.

– Nima to‘g‘rida, mirza?

– Ya’ni oqpodshoning sodiq odamlariga kim qo‘l ko‘tarsa, oqibati mana shunday bo‘ladi degan mazmunda…

– Xo‘p, eshoni mirza, xo‘p. Albatta, aytaman, albat­ta. Endi menga ruxsatmikin?

Domlaning bu savolida xuddi gunoh qilgan odam­ning ochiq bezovtaligi sezilardi: «Meni qamamasmikin?» deganday… Tilmoch muni payqadi, shekilli, quruq va sovuq javob berdi:

– Bora bering.

Domla maktabidan «ozod» bo‘lgan eski maktab bolalari singari o‘zini eshikka urdi va o‘sha onda ko‘zdan yo‘q bo‘ldi. Tilmoch kuldi: «Imon yo‘q taqsirimda», – de­di o‘z-o‘ziga. So‘ngra bitta-bitta qadam bosib eshikka tomon borarkan, aylanib orqasiga qaradi: keng zal bo‘m-bo‘sh, xuddi yetimchadek ko‘rinadi. Suddan so‘ng u yoq-bu yoqda tartibsiz qolib ketgan kursilar bozorchilarning karvonsaroyga bog‘lagan otlari singari bir-birlariga teskari evrilganlar… Ko‘k yopiqli uzun stol ustida sud a’zolaridan birining ko‘zoynak qutichasi qolib ketgan, zal o‘rtasidagi og‘zi ochiq pechdan o‘tinning charsillab yongani eshitiladi.

Tilmoch yana oldinga yurdi va boshini chaypay-chaypay:

– Bezobraziye, bezobraziye! 10 – deb so‘zlandi.