Kecha va kunduz/17

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Kecha va kunduz  (1936) 
by Abdulhamid Choʻlpon

Kechasi tashqariga bir qarich qor tushdi. Derazalarning oynaklari panjara gulchin singari g‘alati-g‘alati naqshlar bilan bezandilar. Jips yopilmayturgan eshiklarning ikki qanoti orasidan sovuq qorning zaharli izg‘irini kirib, uylarning tokchalarini aylanmoqqa, uning sovuq «huv-huvlari» shift oralaridan eshitilmoqqa boshladi. Qaldirg‘ochning tashlandiq uyasidan chigirtkaniki singari ingichka hushtak ovozi chiqardi: izg‘irin berkinib olib sho‘xlik qilayotganga o‘xshaydi!

Hakimjonning uyqusiragan ko‘zlarini uqalab turib kecha yarmida qilgan vahimasi mingboshining o‘ziga ta’sirsiz qolmagan edi. Kechasi ichilgan bir yarim shisha aroq uning miyasini tarozi toshiday og‘irlashtirib, bir nafasda ko‘zlarini yumdirgan bo‘lsa-da, tong yorishar-yorishmas yana bezovtalik bilan uyg‘onishiga sabab bo‘ldi. Ko‘zini ochgan vaqtida boshi xuddi pressga tushgan toypaxtadek, yorilgudek bo‘lib og‘rirdi. Zo‘rg‘a-zo‘rg‘a qayrilib yoniga qaradi: sevimli bulbuli, sochlarini to‘zdirib, shirin uyquda rohat qilmoqda edi! «Ni­ma qilsam? Uyg‘otsammi? Yo uyqusiga xalal bermasammi?» deb o‘yladi mingboshi. Faqat, boshida o‘tirgan alvasti yo‘g‘on boltasini qo‘liga olib endi o‘tin yorishga kirishganidan, chor-nochor qichqirishga majbur bo‘ldi:

– Tur, hay! Tur deyman! – Bu mingboshining o‘z sevimlisini birinchi marta senlashi. – Qotib qolibdi bachchag‘ardi qizi! – Zebini turtdi. – Tur deyman, tur!

Zebi ko‘zini ochib darhol eshik tomonga qaradi:

– Kim u chaqirgan?

– Menman, men. Tur o‘rningdan! – dedi mingboshi uning yelka tomonidan. – Tur, kechagi aroqdi olib ber!

– Sizga nima bo‘ldi?

– Keyin bilasan. Bo‘l, aroqdi ber tezroq.

Bir katta piyolaga choch qilib to‘ldirgandan keyin bir shimirishda ichib bo‘ldi.

– Ah, xudoga shukur! – dedi. – Yotib uxlay ber. Hali vaqt erta.

O‘zi og‘irlik bilan o‘rnidan turib tashqariga chiqdi. Tashqarida jon asari yo‘q. Hamma uyquda. Yangi yoqqan qor oyoq ostlarida g‘irchillama etik singari ovoz berib yotardi. Darvoza darichasi ochiq, demak, yigitlarning namozxoni O‘lmas ota namozga chiqqan. So‘riga borib o‘tirmoqchi bo‘ldi: so‘ridagi yig‘ishtirilmagan paloslar qalin qor ostida qolganlar. To‘shakcha ustidagi dumaloq bolish – tepasi qor, ikki yoni quruq – chala bo‘yalgan tuxum singari chuchmal va g‘alati ko‘rinardi. Ayvondagi gilamga chiqib o‘tirib boshini chayqab ko‘rdi. Og‘rig‘i tarqalgan, yengillashganday bo‘lgan, lekin miyaga o‘ylarni to‘playdigan holda emasdi. O‘ylar bulut ustiga mingashgan bulutday mujmal va rangsiz edilar. Gilamga uzanib boshini qo‘llari ustiga qo‘ydi: bemahal qishning sovuq tongida shamollab uyquga ketmoq istardi. Bo‘lmadi. Uyqu kelmadi. Ko‘zlarining ust pardasi yumilsa-da, ich pardasi yumilmoq istamas edi. Go‘yo bir bo‘lak go‘sht boshining oldiga – xuddi peshona tepasiga kelib olib, bilakdagi tomirday birushta lo‘mshib turardi. «Nima bo‘ldi menga?» deb o‘ylamoqchi bo‘ldi ming­boshi: shu uch so‘zni miyasiga to‘play olmadi. Uchala so‘z boshining uch burchiga tarqalib, har tomondan poyma-poy ovoz berdi: «Bo‘ldi… nima?.. menga…» O‘rnidan turib kattakon chorsisini ariq suviga botirdi, so‘ngra naridan beri siqib olib boshiga bosdi va shu bo‘yicha kasal odamday o‘ntab yotib uyquga ketdi.

Hakimjon kelib uyg‘otganda, soat 11 ga yaqinlashgan edi. O‘rnidan turmasdanoq yotgan joyida uchta-to‘rtta qalampir solingan achchiq sho‘rvadan yarim kosa ichdi. Usti­ga katta bir ko‘rpa tashladilar, yotib terladi. Shundan keyin miyasi joyiga kelganday bo‘lib, o‘rnidan turdi.

– Miryoqub akamdan xat bor, – dedi Hakimjon.

– Kim olib keldi?

– Boshqa qog‘ozlar bilan birga shahardan yuboribdilar.

– Nima debdi?

– O‘qib beraqolay.

Hakimjon o‘qiy boshladi. Boshida uzundan uzoq duo-yu salomlar – hammaga alohida-alohida, nomma-nom…

– O‘taber, – dedi mingboshi.

– Undan keyin yo‘ldagi sarguzashtlar…

– O‘taber…

– Undan keyin Qrimning tog‘lari, dengizlarining ta’rifi. Bir necha bet…

– O‘taber… Laqma bo‘lmay o‘lsin! Qachon kelishini aytmaydimi?

– Yo‘q, – dedi Hakimjon. Xatni endi Hakimjon o‘z ichida o‘qiy boshladi.

– Haligi manjalaqi to‘g‘risida hech gap yo‘qmi?

– Yo‘q. Bir joyda «juda xursandman, ayshim joyi­da» debdi.

– Uning ayshi joyida bo‘lmagan vaqti yo‘q… Mening uyim kuydi bu yerda! O‘taber!

– Mana munda bir gapi bor. «Agarda bironta no­zik ish chiqib qolsa va ham hokim to‘ra bilan xilvatda gaplashmakni taqozo qilinsa, hamma gapni Zunnunboy orqali noyib to‘raning og‘achalariga aytilsin. Inshoollo, har qanday mushkul ishlar ham xayriyat saranjom topqay».

– Shunisi kerak edi bizga. Yana qaytib o‘qi! Ha, balli, endi qayerga tushgani bormi, yo‘qmi?

– Ha, adresi bor.

– Bo‘lmasa, tezlik bilan telegramma jo‘nat. «Tez yetib kelmasang bo‘lmaydi» degin. Uqdingmi?

– Xo‘p, xo‘jayin. Menga qarang, dodxo. Xatning boshida g‘alati bir gap bor, siz qunt qilmay o‘tdingiz.

– Xo‘sh, xo‘sh? Qani?

– Mana muni eshiting: «Janobi hurmatlik otaxonimiz, qiblagohimiz, millatning otasi va taraqqiyparvar mulla Akbarali afandi mingboshi dodxo hazratlariga ko‘p-ko‘p salomdin so‘ngra andog‘ ma’lum va ravshan bo‘lgaykim… v.h.».

– Nima balo? Jinni bo‘ldimi? Yo‘q yerdagi bema’ni so‘zlar…

– Bilasizmi, xo‘jayin, bu so‘zlar hammasi jadid­lar aytadigan so‘zlar. Abdisamat mingboshiga Samarqanddan bir jadid muftining yozgan xatini ko‘rib edim. O‘shanda ham «millatning otasi, taraqqiyparvar» degan gaplar bor edi…

– Nima degani u?

Hakimjon shu bema’ni savolga javob bermaslikni ep ko‘rdi. Shu uchun kaltagina qilib:

– O‘zim ham bilmayman, – deb qo‘ya qoldi.

– Ishqilib, bizni Abdisamatga tenglashtiribdi, degin. Miryoqubdan kelgan oqibat shu bo‘libdi-da…

Shu topda mingboshining yuzida yosh bolalarning arazlashi singari bir narsa boridi. Hakimjon muni darrov payqadi. U avval bilinar-bilinmas qilib kuldi, keyin ovozida bir nav ermak asarini bosolmagani holda mingboshiga «nasihat» qilgan bo‘ldi:

– Yo‘q, xo‘jayin, unday demang, Miryoqub akamning sizdan boshqa hech kimi yo‘q. Sizga hech qachon ignadek bir yomonlikni ravo ko‘rmaydi.

– Men ravo ko‘ramanmi bo‘lmasa? – dedi mingboshi.

Shu topda uning ko‘nglidan «mening kimim bor un­dan boshqa» degan alamlik bir fikr o‘tdi. Mingboshi bu og‘ir suhbatni yopmoqchi edi, shu uchun darrov so‘zni boshqa tomonga burdi:

– Xo‘sh, bolalar kelishdimi?

– Yo‘q, xo‘jayin.

– Nima, nima? Shu vaqtgacha kelmaydimi? Qumariq qanchalik yo‘l ekan? Xuftonda odam jo‘natgan edik.

– Bilmadim, xo‘jayin.

Xuddi shu paytda yangi yigitlardan biri arvoq otni oq ko‘pikka tushirib choptirganicha yetib keldi. Darvozani ochguncha bo‘lmay otdan o‘zini tashlab, rangi o‘chgan va halloslagan holda mingboshining qarshisiga kelib to‘xtadi.

– Nima gap? Muncha hovliqding?

– Ish yomon, xo‘jayin. Ish yomon…

Yigit so‘zlay bilmasdi.

– O‘tir, damingni rostla! Bitta-bitta gapir!

Mingboshi o‘zi ham ikki qulog‘ini dingkaytirdi. Yigitga bir piyola choy berdilar, ichdi, nafasini rostladi. So‘ngra birin-birin so‘zlab berdi.

Mingboshining kechasi jo‘natgan ikki yigiti bu qishloqdan chiqmay turib, u qishloqda yana to‘polon boshlanadi. To‘polonni qamoqda yotgan Yodgorxo‘janing barzangiday ikki o‘g‘li bilan narigi – kaltaklangan Umaraliboyning bir o‘g‘li boshlaydilar: keyingi boyvachchaning qo‘lida kichkinagina oppoq «Smet-visson» to‘pponchasi bo‘ladi. Bular avval Yodgorxo‘jani qamoqdan qutqarib, keyin Umaraliboyni kaltaklaganlarning boshlig‘i hisoblanmish Mamaturdini otib o‘ldirmoqchi bo‘ladilar. Mamaturdining o‘zi Umaraliboyga yigirma yil qarol bo‘lgan kishi.

To‘xtasin boyvachcha qo‘lidagi oppoq to‘pponchani yaltiratib qorong‘ida guzar oldidan o‘tar ekan, ovozini bemalol qo‘yib yuborib:

– O‘z xo‘jayiniga, non-tuzini ichgan kishisiga qo‘l ko‘targan odam qanday odam bo‘ladi? – deb so‘zlanadi. – Unday odamni tirik qo‘yish yaramaydi. Uni tirik qo‘ysak, boshqalar ham shunga ergashadigan bo‘ladi.

Aka-uka boyvachchalar ham bu fikrni ma’qul topadilar va mardlarcha qadam qo‘yib, guzar oldidan machitga tomon o‘tadilar. Bu vaqtda guzarda oq alanga qilishib o‘tirgan bir-ikki yigit darrov borib, eshitgan gaplarini Mamaturdiga aytadi. Mamaturdi qora sinchalog‘i bilan o‘ng qulog‘ini bir kavlab olgach, juldur guppisini yelkasiga tashlab uyidan chiqadi, birozdan so‘ng ular ham besh-o‘n kishi bo‘lishib, ko‘prik ol­dida – baqqol do‘konining ayvonchasiga to‘planadilar. Bu vaqtda birinchi qor qo‘shinining ilg‘orlari yerga yetib kelib, bir-bir qator chizila boshlaydilar. Achchiq izg‘irin childirmasini qo‘liga olib gijdangni qizitadi…

– Men hech kimga tegmoqchi emasman, – deydi Ma­maturdi. – Machitda gap boshlagan kim bo‘ldi? O‘shalar! O‘zlari «xotintaloq» deb so‘kmasa, biz qo‘l ko‘tarmas edik.

– Ha, albatta, – deydi yigitlar.

– Biz endi ham qo‘l ko‘tarmaymiz. Qo‘l ko‘tarib kelsalar, alvatta, jon boricha tortishamiz.

Pakana To‘xtash ko‘pchilikning fikriga qo‘shilmaydi:

– Ular qo‘l ko‘targandan keyin qo‘l ko‘tarsak kech qolamiz, og‘aynilar, – deydi u. – Orqalaridan quvib borib birdaniga soldirmasak bo‘lmaydi! Ha!

Erali semizning juvozkash bolasi To‘xtashning fikrini quvvatlaydi:

– Bostirgandan bosgan yaxshi, alvatta!

– Yo‘q, senlar tushunmaysan, – deydi Mamatur­di. – «Og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham boyning o‘g‘li gapirsin» degan gap bor. Kim kuchlik? Puli bor kuchlik. Podsholik, amaldor, yarimposhsho – hammasi puli borning og‘ziga qaraydi.

– «Puli borning gapi o‘ng, puli yo‘qning gapi to‘ng»,– deydi yana bittasi.

– Hab-barakalla. Biz oldin qo‘l ko‘tarsak, bu nomard amaldorlaring butun qishloqni otuv qilishdan ham toymaydi. O‘zlari bir nima deb kelishsa, biz o‘shanga qarab muomala qilaylik.

– Ha, ha, to‘g‘ri, – deydi qishloq yigitlari.

Biroz o‘ylagandan keyin Mamaturdi boshini ko‘taradi:

– Menga qara, bolalar! Uning qasdi menda. Men o‘zim olishaman. Senlar aralashmasang ham bo‘ladi. Senlarda qasdi yo‘q.

Yigitlar hammasi bir og‘izdan:

– Yo‘q! – deb qichqiradi. – Biz senga qo‘l tegizdirmaymiz!

Bu orada uchala boyvachcha qamoqdagi «bechora»ni qutqarib olish uchun qancha zo‘r berib, hech narsa chiqara olmaydilar. Mingboshining sinoqta yigiti qattiq turadi, miltiq qo‘ndog‘ini o‘z ko‘ksiga qadab turib qichqiradi:

– Yaqin kelganingni otaman! Mingboshidan buyruq kelmaguncha hech kimni yaqin keltirmayman.

Uning yonidagi yigitda ham ov miltig‘i bo‘lganidan, boy bolalari qo‘rqadilar: to‘pponchani qo‘yniga solib turib qahramon boyvachcha achchiq-achchiq so‘kinadi, shu bilan ular uchovi tez-tez qadam qo‘yib machitdan chiqib ketadilar. Machitning chap biqinidagi tor ko‘cha bi­lan tolaga chiqib, undan suv bo‘ylab to‘ppa-to‘g‘ri Mamaturdining uyiga boradilar. U yerda Mamaturdi bo‘lmaganidan, «biror joyda berkinib yotgandir» deb, uyning har tomonini qidira boshlaydilar. Mamaturdining gangib qolgan xotini «ko‘chaga chiqib ketdi, guzardadir, falon» desa ham, quloq solmaydilar. Xotin bechora boyvachchaning qo‘lida oppoq to‘pponchani ko‘rgandan keyin qo‘rqib ko‘chaga chiqadi va ovozining boricha baqirib «dod» demoqqa boshlaydi.

Xotinining faryodini eshitgandan keyin Mamaturdi ishning nimaligini darrov payqab, yigitlar bilan birga o‘z uyiga qarab yuguradi. «Hay, hay! Hay, hay! Bu nima gap?» deb eshikdan kirgan hamon boyvachcha ayvon oldidan yugurib kelib unga qarata bir o‘q uzadi, o‘q Mamaturdining chap yelkasiga tegib uni yarador qiladi; u yoqdan pakana To‘xtash yetib borib kaltagina bir tayoq bilan boyvachaning qo‘liga uradi, to‘pponcha ikki-uch qadam nariga borib tushadi; narigi ikki boyvachcha bularga qarab tosh otishga kirishadilar. Shunday qilib, ikki orada yana urush boshlanib, natijada aka-uka boyvachchalarning biri o‘ladi, biri ozroq kaltak yegandan keyin qochib qutuladi; to‘pponchali boyvachcha esa to‘pponchasidan voz kechib, qorong‘ida bir joyga berkinadi. Qon ko‘p ketganligidan Mamaturdi ham yiqilib qoladi. Uning xotini erta qachon o‘zidan ketgan bo‘ladi.

Machitda esa hujraning darpardasini ag‘darib tashqariga chiqqan Yodgorxo‘ja ikki yigitga so‘z bermay chiqib ketmoqchi bo‘ladi: yigitlar qor bilan namlangan yerda u bilan ancha olishgandan keyin qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, yana hujraga kiritib qo‘yadilar. Shundan keyin ik­ki yigit yetib borib mingboshining buyrug‘ini eshitdiradi. Boy qo‘l-oyog‘i bo‘shalgandan keyin yigitlarni masxara qilib kuladi, juda bo‘lmag‘ur gaplar bilan haqorat qilib so‘kadi: «Hammangizni ottirib yubormasam nomimni boshqa qo‘yaman!» – deb qichqiradi. Yigitlar indamay tura beradilar. Faqat, yengilgina kulib qo‘yadilar. Yangi yigitlarning biri qattiqroq kulib yuborgandan keyin, boy turib unga yopishadi – urmoq qasdida bo‘lsa kerak. Shundan keyin, sinoqta yigitning man qilganiga qaramasdan, mingboshining yangi yigitlari uning o‘zini anchagina kaltaklab tashlaydilar.

Butun shu hangomalar bo‘lgan vaqtda qishloqning bir amin va ikki ellikboshisidan hech biri ko‘rinmaydi: ular mingboshi ketar-ketmas uylariga kirib yashiringan bo‘ladilar…

Mingboshi butunlay gangib qoldi. Nima qilishini bilmaydi. Kimdan maslahat so‘rashga hayron bo‘ladi. Shu tirrancha Hakimjondan maslahat so‘ray bersa, u nima xayollarga boradi? Holbuki, bu Qumariq voqeasi uni ikki o‘t orasiga tashlab qo‘ydi: bir tomonda – haqligi ochiq ko‘rinib turgan fuqaro, xalq; bir tomonda – puli ko‘p, obro‘yi katta boylar. Mingboshining o‘zi uchun, shu topda, fuqaro qo‘rqinch emas: mingboshi ni­ma desa, yo‘q demaydi fuqaro. Boylar bo‘lsa na fuqaroni bir chaqaga oladi (munisi-ku mayli-ya!), na mingboshini (mana munisiga chidab bo‘lmaydi!). Ochiqdan ochiq so‘kadi, haqorat qiladi, xalq oldida «seni u qildim, bu qildim!» deb baqiradi. Mingboshiga qolsa ikkala boyni Sibirga jo‘natardi. Lekin bu – bo‘ladigan ish emas. Fuqaro qancha haqli bo‘lsa ham, shahardagi kattalar puli borning tarafini oladi, unga ozor berdirmaydi. Endi mundan keyin boylar ham tek turmaydi: bor-yo‘g‘ini advokatga berib, kattakon arizalarni yozdiradi, katta noyibga, uyezd hokimiga, yarim podshogacha ariza yuboradi. Ishqilib, mingboshining boshini yemay qo‘ymaydi… Qani endi, Miryoqub bo‘lsa! Albatta, bir tadbirini qilardi. Qo‘ymasdi.

«Attang, – deydi mingboshi o‘z-o‘ziga. – Qishloq odamlari chakki qilibdi. Kechaning o‘zida ikkala boy­ni o‘ldirib yuborishsa yaxshi bo‘laridi. Ayb menga tushmasidi: chunki men u yerda yo‘q edim. Juda soz bo‘lardi. Attang, attang…»

Nima qilishini bilmasdan ichkariga kirib, tashqariga chiqib, hovliga o‘tib, ko‘chada aylanib – kech kirguncha xayol surib yurdi. Kech kirganidan keyin, Zebining yoniga kirib, kechki ovqat bilan birga bir shisha aroqni ichib oldi. So‘ngra to‘shakka yonboshlab, o‘zining xunuk va qo‘pol ovozi bilan turli-tuman, almoyi-aljoyi ashulla larni aytishga boshladi…

Uchala xotin dahliz eshigi oldida to‘xtashib ashulla ni eshitar va ag‘anab-ag‘anab kulardilar. Faqat, birgina Poshshaxonning ko‘zlarida Zebining to‘yidan burun bo‘lgani singari o‘tkir bir jiddiyat ko‘rinardi. Bu jiddiyat ichidagi og‘ir iztiroblarning ko‘zlarda aks etgan ko‘lagalari edi. Uning shu topdagi ko‘zlariga tikilib qaragan kishi qo‘rqib ketadi. Faqat, har biri o‘z kunini o‘zicha ko‘rayotgan kundoshlar u ko‘zlarning qo‘rqinch ifodalaridan bexabar… «U – yenggan, yutgan, oshig‘i olchi kelgan, deganini bo‘ldirgan kundosh emasmi? Nima g‘ami bo‘lsin?..» Kundoshlar shunday o‘ylaydi.

Lekin haqiqatda…

Haqiqatda esa mingboshi xotinlari orasida eng jonli va eng esligi bo‘lgan bu juvon Sultonxonga qarshi ochgan kurashining natijasidan norozi edi. Zebi kelmasdan burun qanday zo‘r berib o‘ylangan bo‘lsa, en­di undan ko‘proq xayol suradi. Uning xayoli daryolarday bu juvonni allaqaylarga oqizib olib ketadi. Ushlab bo‘lsa ekan xayollarning uchini!

«Nima bo‘ldi? Zebixonni keltirdik: qancha qiyinliklardan so‘ng uning qaysarligini sindirib, qo‘ziday yuvosh va muloyim qilib mingboshiga topshirdik. Ming­boshi endi undan xursand: Zebixonning ham xafa bo‘lgani ma’lum emas.

Nega xafa bo‘lsin? Mingboshi o‘zi qari bo‘lsa ham, quvvati joyida: u o‘zi bir xotinga qanoat qiladigan bo‘lsa, xotin kishi albatta qanoat qiladi. Undan ke­yin, «yosh xotin qari erkakni yashartadi» degan gaplar bor: qariganda uylanadigan erkaklar shu hikmatga amal qilar emish. Mingboshiga tegmagani bilan, Zebixonning baxti kularmidi? Ma’lum emas. Mingboshi qari bo‘lsa, uning o‘rniga mutloq yosh bir yigit kelishiga kim kafil bo‘lardi deysiz? Zebixonning otasi qizining noziga qaraydigan kishimi? Yo‘q, aslo yo‘q! Mingboshi bilan oralari tuzalgandan keyin muni Zebixon­ning o‘zi ham iqror qilmadimi? Bir kuni kundoshlariga nima dedi u? «O‘-v-v, – dedi, – qiz bolaning peshonasi qursin! O‘zi xohlab erga tega olarmidi? Meni otam shu qari odamga berdi deb koyiyman: munga bermasa, kim­ga berardi? O‘zim suygan yigitga berarmidi, qalay? Tantiligi tutib ketganda eshonboboga berib yuborardi… U mundan beshbattar!» Xo‘sh, mingboshining o‘zi, odamlar aytganday, juda xunuk va badbashara odammi? Albat­ta, ko‘p erkaklardan xunukroq… O‘lgudek qo‘pol… Ammo-lekin dunyoda undan xunuk, undan qo‘pol erkaklar ham bor-ku! Munga bermasalar, o‘shalardan biriga ham bermas edilar deb kim ayta oladi? Hech kim!»

Poshshaxonning o‘tkir o‘yi o‘rgimchak to‘riday har tomonga yoyilib miyasini g‘ovlatadi. Tinim yo‘q u o‘ylardan!

«Sultonxonning o‘rnini Zebixon egalladi. Mingbo­shi Zebixonning uyiga butunlay kapa tikib oldi. U uydan goh yosh kelinning quvnoq va bolalarcha kulishi, goh qari kuyovning xursand qiyqirishlari, goh bo‘lsa yangi qayliqning yo‘rg‘a zarbli dutori bilan shirin va shirali ovozi, goh bo‘lsa yangi keltirilgan gramofonda Netayxonning qichiq yallalari eshitiladi… Ana turmush! Ana kuyov-qayliq! Poshshaxon bilan Sultonxon qayliq bo‘libdimi? Zebixonga elchi qo‘yib yurilgan vaqtlarda mingboshi bir so‘z degan emasmidi: «Shuni qo‘lga keltirsam, bor-yo‘g‘imni tutaman. Bor-yo‘g‘im shuniki bo‘ladi. Bittagina bola tug‘ib bersa, merosxo‘rim o‘sha bo‘ladi. Boshqalarga hech narsa yo‘q!» Yaqinda ham Hakimjonga aytgan emish: «Men endi topdim baxtimni. Hamma yo‘g‘im shuniki. Boshqalarga besh-to‘rt tanob yerni tirikligimda o‘tkazib berib, qolgan davlatimni batamom shunga qoldiraman». Mingboshining katta davlatidan katta meros kutgani uchungina qora ko‘zli Miryoqub Poshshaxonni quchog‘iga olgan emasmidi? Orada va’­da berishlar bo‘lgan emasmidi? Miryoqubday qora va chiroyli ko‘zli, tani-joni sog‘, o‘zi bardam, bazmchi, aysh-u ishratni hamma vaqt shirin suhbat bilan boshlaydigan, ozoda va shirin so‘zli erkakni qaydan topib bo‘ladi? Mingboshining hamma davlati qolmaganda ham, ko‘proq qismi Poshshaxonga qolganda, Miryoqub yana quchog‘ini ochib kelardiku-ya. Bir o‘ris xotin bilan allaqayoqqa ketgan emish. Bu erkak xalqi shunaqa itmijoz bo‘ladi. Bittaga iliqsa, ergashib ketaveradi… Mayli, o‘ynab keladi. Mingboshining katta davlati tinch qo‘yadi deysizmi?»

Poshshaxonning kuchli o‘ylari shamolday uchadi, baland-pastni aylanadi. Qani endi, ularni tutib bo‘lsa!

«Miryoqubga va’da qilingan katta davlat yaqin o‘rtada Zebixonga tegadurganga o‘xshaydi. Mingboshi axir hamma xotinlaridan qari. So‘ng vaqtlarda aroqqa yomon berildi. Bu xilda icha bersa, birda bo‘lmasa birda yuragi kuyib o‘ladi. O‘limi ham yaqin endi uning! Yurt besaranjom… Mingboshiga emas, undan kattarog‘iga ham so‘z bermaydi. Qumariqdagi to‘polon mingboshining oshiga zahar qotib qo‘ydi, o‘tirar joyini topolmaydi. Mingboshi shu ketishda o‘lmaganda ham, yo bekor bo‘ladi, yo boshqa. Achchig‘i kelsa, «vayna»ga ketib qoladi… Bordi-yu, bir kun erta bilan mingboshi jon taslim qildi. Davlati nima bo‘ladi? Davlati qursin! Hammani yeb ado qiladiganga o‘xshaydi. Ilgari to‘rt kishi o‘rtasidaydi, endi besh kishi o‘rtasiga tushadi. Ilgari hech bo‘lmasa har kimga o‘z hissasi tushadi degan umid boridi, endi uch xotinga bir hovuchdan yer, qolgan hammasi Ze­bixonga. Dunyoda o‘z oyog‘iga o‘zi bolta chopadigan ahmoq ham bo‘ladimi?»

Oynaga qaraydi Poshshaxon: «Mana, mana, o‘sha ahmoq!» deydi, yig‘lashga hozirlangan xo‘rsiniq ovozi bi­lan qahqaha solib kuladi.

Poshshaxonning jahliga tekkan yana bir narsa – Sultonxonning beparvoligi! Shu beparvolik, shu o‘ynab-kulib yurishlar Poshshaxonni sil qiladi, sil!

«Nima bo‘ldi bu juvonga? Ertadan kechgacha kundoshlari bilan o‘ynashadi, gapiradi, ashulla qiladi, kuladi, kuldiradi, tegishadi, hazil qiladi, qitiqlaydi, qocha­di, quvlaydi, quvlashadi. Qor yoqqanidan beri qishloqning yarim xotin-qizlari bilan qor otishib chiqdi… Uchta bilan «qorxat» o‘ynab yutdi… Nima balo bo‘ldi bu juvonga! Kech kirsa, xuftondayoq o‘z uyiga chekilib, eshikni ichidan berkitib oladi: tong otguncha dov-daragi yo‘q bo‘lib singib ketadi… Eng ashaddiy dushmani Zebixon edi, eng yaqin o‘rtog‘i Zebixon bo‘lib qoldi. Ikkalasi sirdosh, mahram…»

Bir zamon Sultonxonning boshidan o‘tgan uyqusiz kechalar endi Poshshaxonning ko‘zini yumdirmaydi. Har kuni shomdan tortib azongacha yotgan joyida u yoq-bu yoqqa ag‘anab o‘y o‘ylaydi. Ko‘p o‘ylash natijasida Sultonxon o‘zining ma’lum qarorini berib, darhol ishga kirishgan edi, endi Poshshaxon ham o‘zining qo‘rqinch qarorini berdi va ishga boshladi: «Endi bir o‘q bilan ikki qushni ag‘darish kerak!»

Poshshaxonning qarori qanday qo‘rqinch bo‘lsa, uning bajarilishi shu qadar tez va oson bo‘ldi: baqqoldan yashirincha oldirilgan kuchala kichkinagina dekchada ertadan kechgacha qaynadi; ertalab uning suvi bir choynakka solinib, Zebining uyiga olib kirilishga mo‘ljallandi… Bu vaqtda mingboshining qolgan uchala xotini Dadaboy baqqolning katta qizinikiga ziyofatga chiqib ketgan edilar. Mingboshi esa shoshilish suratda shaharga chaqirilgan, yashirib bo‘lmaslik darajada besaranjomlik va talvasa ko‘rsatgan holda ertalab shaharga jo‘nab ketgan edi. Poshshaxonning uyida allaqanday bir qarindoshi o‘tirganligidan kundoshlari uni qistamadilar. Xadichaxon kelib uni tashqariga chaqirib olgan va «Mehmoningizni jo‘natgandan keyin chiqing. Kechgacha o‘ynashib o‘tiramiz» degan edi.

Shunday qilib, o‘zi yolg‘iz qolgan Poshshaxon bemalol Zebining uyiga kirdi… Tokchada bir kichkina choynakda «tabarruk» suv bor edi: u suvga Razzoq so‘fining iltimosi bilan eshonning o‘zi duo o‘qib dam solgan, uni ichgandan so‘ng tez fursatda Zebi homilador bo‘lib, bo­la tug‘ishi kerak edi. Choynakdagi «tabarruk» suvni ho‘l obrezga to‘kib tashlab, o‘rniga o‘z choynagidagi suvni to‘ldirdi. Tamom! «Zebi kechqurun chiqib suvdan ichadi-da, til tortmay o‘ladi. Undan keyin kundoshini o‘ldirgan albatta Sultonxon bo‘ladi. To‘rtinchi xotinning uchinchidan boshqa kundoshi bo‘ladimi? Muni yosh bola ham biladi…»

Uydan to‘ppa-to‘g‘ri baqqolning qizinikiga chiqdi. Anchagacha kundoshlari va o‘rtoqlari bilan gaplashib, o‘ynashib, kulishib o‘tirdi. O‘zi zahar berayotgan kundo­shini bir quchoqlab o‘pti… Zebining o‘pishlari issiq va astoydil bo‘lsa ham, Poshshaxon, negadir, halitdan uni o‘likning sovugan lablaridan olganday bo‘lar va nishab suvga tegib turgan maysa uchiday yengilgina qaltirardi. Qahqahalar bilan dunyoni boshiga ko‘targan vaqtlarida ham o‘z qo‘lining beixtiyor ko‘kragiga borib qolganini payqar, allaqanday sovuq bir tuman parchasining ko‘kragida ivirsib, u yer-bu yerga qadalib yurganini sezardi. Shu qadalgan narsani chiqarib yubormoq uchun o‘zini zo‘rlab bo‘lsa ham bir-ikki marta qattiq-qattiq yo‘taldi. Faqat, bu yo‘tal uning og‘zidan emas, allaqanday yetti yot begonalarning og‘zidan chiqdi, bu yo‘tal ovozidagi oriyat shu qadar ochiq ediki, yo‘taldan so‘ng Poshshaxon yana ko‘ksini g‘ijimlashga majbur bo‘ldi.

– Nima bo‘ldi, jonim, sizga? Shamollab-netib qoldingizmi? – deb so‘radi Zebi.

Zebining shu mehribon, shu sodda, shu bolalarcha ma’sum ko‘zlarida samimiyatdan boshqa hech qanday ma’no bo‘lmasa-da, Poshshaxon unda quyidagi so‘zlarni o‘qidi: «Bir meni o‘ldirganing bilan maqsadingga yetolarmiding? Bekor mening yosh jonimni juvonmarg qilganing qoladi».

Shundan keyin haligi tuman parchasi ko‘krak tegrasida ot qo‘yib chopqillay boshladi. Butun a’zoyi badanida yalmog‘iz kampirning muzdek sovuq qo‘llari o‘rmalaganday bo‘lardi. Yosh juvonning rangi o‘chdi.

Kundoshlari uning tegrasini oldilar:

– Nima bo‘ldi, Poshshaxon, sizga?

– Sovuq oldiribman, shekilli.

– Chiqib yoting, bo‘lmasa.

Ovqatga ham qaramasdan uyiga chiqib ketdi. Shu bo‘yicha ertasi kuni ham boshini ko‘tarolmadi…