Kecha va kunduz/16
Yigitlarni farmoyish bilan aminlarnikiga jo‘natgandan so‘ng mingboshi dodxo ichkariga kirdi. So‘ng vaqtlarda fe’li juda o‘nglanib qolganidan hamma xotinlariga bir-bir tegishib, gap tashlab o‘tdi. So‘ngra Zebining uyiga kirdi. Zebi tashqaridaydi. Onasi xotirjam bo‘lib shaharga qaytib ketgan edi. Xadichaxon hovliga chopdi va Zebini aytib keldi. «Uyga kiring, aylanay, eringiz kirib ketdilar». Zebi kuldi, Xadichaxon ham kuldi: bu kulishning ma’nosini faqat kundosh ahli o‘zi anglaydi… Mingboshi Zebi kirguncha dutorni olib chertib boqdi. Chiqmadi. «Shop-shalopga o‘rgangan qo‘l dutorga yararmidi?» dedi o‘z-o‘ziga, shu bilan o‘zini yupatgan bo‘ldi.
Zebi kirib mayda yo‘llardan bittasini oldi. Dutorning ovoziga endigina o‘z ovozini qo‘shaman deganda, tashqaridan mingboshini chaqirdilar. Bu Qumariq machitidagi to‘polon xususida kelgan birinchi xabar edi.
Yarim soat ham o‘tmasdan, mingboshi eski yigitlardan ikkisini, yangilardan to‘rttasini olib, Qumariqqa qarata ot qo‘ydi.
Machitdagi voqeani ot chopib kelib mingboshiga xabar bergan va uning yonida ot yo‘rtdirib borayotgan odam to‘pponcha voqeasidan so‘ng machitdan qochgan ikki elikboshining biri – Qosim laylak edi. Bo‘lgan voqeani oyoq ustida turib mingboshiga anglatdi va ahvolni juda vahimalik qilib ko‘rsatdi. Uning aytishicha, «mingboshi yetib borguncha qishloqning qariyb yarmi qirilib bitadi». Yo‘lga chiqqandan so‘ng mingboshining saman yo‘rg‘asiga yetolmasdan hansirab yo‘rtayotgan yo‘g‘on qora biyasini to‘xtovsiz qamchilab, mingboshiga «gap yedirishga» urindi. Boylarning ikkovidan ham Qosim laylak dilgir edi. Podsholikning pattalik soliqlari, ya’ni o‘lpon va tutun pullarini hammadan kech to‘laydigan, ammo qorovul puli va kapsan kabi pattasiz soliqlarni sira to‘lamasdan, ellikboshi va aminlarga o‘shqirib muomala qiladigan bu purzo‘rlar yolg‘iz Qosim laylakka emas, boshqa ellikboshi va aminlarga ham uncha yoqmasdilar. Yolg‘iz ellikboshi va aminlargagina emas, undan kattaroqlar ham «berganni» yoqtiradi-da!
Fursat juda qulay kelganligidan Qosim laylak imkon boricha foydalanib qolmoqchi bo‘ldi.
– Mingboshi dodxo, otlarga jindak dam bersak, oq ko‘pikka tushib ketdi jonivorlar! Sizga bir-ikki og‘iz zarur gapim bor edi.
Mingboshi saman yo‘rg‘aning boshini tortib orqasiga qayrildi, yigitlar yiroqda qolgan edilar, faqat ular ham otlarning boshlarini torta tushdilar.
– Uyalmasdan katta xolangday biyani minib yurganingni qara, laylak! – dedi mingboshi.
– Mening qashqa yo‘rg‘am uyda qoldi, taqsir. Machitdan chiqib uyga borolmadim: fursat bo‘lmadi. Guzarda bitta shu ot bor ekan, minib chopa berdim.
– Barakalla, laylak! Podsholikka shunaqa xizmat qilsang, martabang oshadi.
– Shunisiga ham shukur, taqsir.
– Qani, gapingni gapir.
– Shu Umaraliboy bilan Yodgorxo‘jani aytaman. Bugungi fasodga ham o‘shalar sabab bo‘ldi. Pattalik soliq chiqsa, hammadan keyin to‘laydi. Pattasiz soliqlarni hech bo‘yniga olmaydi. Borib so‘rasang, o‘shqirib beradi. Qo‘rqasan odam… Shu bugun ham domla-imomdan keyin biri qo‘yib, biri yurtni tergadi, namoz o‘qimaganlarni so‘kdi. O‘zlari o‘qisa ekan, koshki… Yurt juda yomon ko‘radi u ikkovini: qishloqning to‘rtdan bir hissa yeri o‘shalarniki, ikkala ariqning suvini ham o‘shalar ichadi, hech kimga bermaydi. Hamma ulardan qo‘rqadi. O‘zimiz ham uncha-muncha yaxshi gapirib turmasak, shahardan kattalar chiqqanda, ustimizdan arz qilishadi.
Qosim laylak bir-ikki yo‘taldi, orqasiga qarab oldi, so‘ngra yana so‘zida davom etdi:
– Shuncha xalq oldida sizday odamga til tegizishdi…
Mingboshi otining boshini yana torta tushib so‘radi:
– Nima, nima? Menga til tegizdi? Nimalar deydi xotintaloq?
Shundan keyin Qosim laylak ikkala boyning mingboshi to‘g‘risidagi fikrini biriga besh qo‘shib aytib berdi. Mingboshi qishloqqa kelgan kuni ko‘prik ustida Umaraliboyning domla-imomga aytgan so‘zlari ham mingboshiga to‘kis-tugal yetkizildi. Bu uzunquloq hech bir shohid yo‘q yerda aytilgan u so‘zlarni qaydan eshitgandir – bilmadim, mingboshiga eshittirgan vaqtda yarim hijosini ham g‘alat qilgani yo‘q. Shunday qilib, Akbarali mingboshi isyon chiqargan Qumariq qishlog‘iga tayyor fikrlar, hozir niyatlar bilan kirib bordi.
Bular qishloqqa borib kirganda, oftob keng tolalar ustidan o‘z uyiga tomon yo‘l solgan edi. Hali ancha balandda bo‘lsa ham, uning kamolidan zavoli yaqinroq ekani ko‘rinib turardi. Saman yo‘rg‘a guzarning o‘rtasida to‘xtadi. Yugurib kelib yuganini ushladilar. Mingboshi irg‘ib tushdi. Guzardagilar hammasi oyoqqa qalqdilar. Machitda odam ko‘rinmadi, faqat namozxonlarning hammasi guzar oldida to‘plangan edilar. Ular orasida haligi ikkala boy yo‘q, bular hammasi supaning pastida namoz o‘qigan va «xotintaloq» deb so‘kilgan dehqonlar, chorakorlar, qarollar edi.
Mingboshi o‘ng tomondagi ozodaroq samovarga chiqib, o‘zi uchun to‘shalgan to‘shakka o‘tirmasdan, gilamning bir chetiga o‘tirdi va chilim buyurdi. Chilimni juda uzoq tortib chekkandan keyin, sarg‘imtil tutunini og‘zidan sovurib turib, o‘tirganlarga xitob qildi:
– Nima noma’qulchilik qilib qo‘yding, bachchag‘arlar?
Hamma jim qoldi. U yer-bu yerdan bir-ikkita yo‘tal ovozi eshitildi.
– Qani, gapirib ber menga. Nima noma’qulchilik qilding?
Yana o‘sha og‘ir jimlik buzilmadi. So‘ngra mingboshi Qosim laylakka yuzlandi:
– Qani, Laylak, sen gapir, bo‘lmasa!
– Men, taqsir, podsholikning odami bo‘lsam. Nima deb gapiraman? Yurt o‘zi gapirsin. Haqiqat ma’lum bo‘ladi.
Hamma gapni yo‘lda gapirib bo‘lgan Qosim laylakning yurt oldida gapirib javobgar bo‘lishdan o‘zini olib qochayotganligi ma’lum edi.
– Bo‘lmasa gapiringlar. Nega jim turasanlar? Men haqiqatni bilay deb keldim.
Nihoyat, boyga qarab musht ko‘targanlardan biri o‘rnidan turdi. Ko‘zlarida g‘azab uchqunlari chaqnasa-da, harakatlari og‘ir va beparvo edi.
– «Xotintaloq» demasa, hech kim tegmas edi ularga. Hammamizni birdan xotintaloq deb yubordi, taqsir.
– O‘zi xotintaloq! – dedi mingboshi.
Mingboshidan bu xil javobni kutmagan olomonga jon kirdi. Har qaysi har tarafdan qichqirib gapira boshladi.
– Bittang gapir! Bittang! Hammang baravar shovqin qilasan, gap uqib bo‘ladimi?! Bitta-bitta kelib gapir.
Boshqa birisi turib keldi:
– Senlar namoz o‘qimaysan deydi, taqsir. Benamozsan deydi, taqsir. Nima, u podsholik qo‘ygan raismi yo imommi? Tergasa imom domla tergasin.
Yana biri turdi:
– O‘zi namoz o‘qiydimi deng, taqsir. Jumaga kelsa keladi, kelmasa yo‘q. Ikkala hayit namozini o‘qiydi, munisi rost lekin.
– Bittasi o‘lgudek xotinboz. Uning dastidan xotinlarimiz, opa-singillarimiz ko‘chadan o‘tolmaydi. O‘tgan xotinga gap tashlaydi. Uyat gaplarni gapiradi…
– Bittasi sudga pul beradi. Boshqalar birni birga bersa, bu birni beshga, o‘nga beradi. Qishloq odamining uyi kuyib ketdi, taqsir!
– Hamma yerlar asta-tekin o‘shalarga o‘tib ketayotibdi. Qo‘limizda yer qolmadi. Hammamiz chorakor bo‘lib qoldik. Ishlatib-ishlatib hech narsa bermaydi. Bir so‘m qarzimizni o‘n so‘m qilib ko‘rsatib, bizga ko‘nadigan haqni olib qola beradi.
– Bir daftari bor, o‘zi yozib, o‘zi o‘chiradi. Biz bilmasak, taqsir… «Muncha qarzing bor, munchasi tegdi, munchasi qoldi» deydi. Biz qaydan bilaylik?
– Bo‘ynimiz qarzdan chiqmaydi.
– Podsholik «vayna»ga chaqirar emish deb eshitdik. Tezroq chaqira qolsa, hammamiz ketardik. Jonimizdan to‘ydik, taqsir.
Orqasida o‘tirganlarga qaradi. Ular barchasi bir ovozdan tasdiq qildilar:
– Shunday taqsir. Jondan to‘yib ketdik.
– Hammamiz bola-chaqalik bo‘lsak… Nechtadan yosh jo‘jalarimiz bor… Biz o‘zimiz och-yalang‘och o‘ta beramiz, yosh bola uni bilmaydi: «non» deydi, «osh» deydi…
– Kecha-kunduz ishlab qorning to‘ymasa, bu qanday zamon bo‘ldi?
Mingboshi qichqirdi:
– Gapirib bo‘ldingmi hammang?
– Bizda ayb yo‘q, taqsir! – dedi birisi.
– Bizda ayb yo‘q! – deb qichqirdi olomon.
Shu vaqtda halloslab yugurganicha Umar amin kelib qoldi.
– Ha, Umar, qayerda qolding? – dedi mingboshi.
– Assalomu alaykum, taqsir! Xush kelibsiz. Men shu to‘polon bilan ovora bo‘lib yuribman. To‘polonda to‘pponchamni yo‘qotib edim, shuni topib oldim.
– Boylar qani?
– Biri behush bo‘lib uyida yotibdi. Bir qo‘li singanga o‘xshaydi. Boshi yorilibdi. Yana bittasi bir joyga bekingan bo‘lsa kerak. Daragi yo‘q…
– O‘sha ikkalasi qishloqda qoladigan bo‘lsa, biz qishloqni tashlab ketamiz! – dedi birov.
– Rost aytasan! – deb qichqirdi olomon.
Mingboshi nima qilishini va nima deyishini bilmasdi. Nihoyat, qarorini berdi:
– Olomon tarqalsin. Hamma uy-uyiga ketsin. Tirikchiligini qilsin. Aybdorlarni biz o‘zimiz topib, jazosini beramiz.
Uning so‘zlarini amin ham baland ovoz bilan takror qildi.
– Ishqilib, insof bilan tergalsin! Yurtda ayb yo‘q!
– Yurt og‘iz ochmay turib, Umaraliboy so‘z boshladi.
– Hammamizni haqorat qildi.
– Mingboshi tog‘aning o‘zini ham haqorat qildi, zang‘ar!
Amin borib shu so‘ng so‘zni aytgan odamga do‘q qildi:
– Jim tur, ablah! Unaqa gaplarni gapirma!
Yana o‘zaro g‘udrashib-g‘udrashib, to‘planganlar tarqalib ketdilar. Ular ketgach, mingboshi machitga borib voqea joylarini ko‘rdi, imom domlani topdirib kelib, voqea to‘g‘risida batafsil ma’lumot oldi. Imom qo‘rqqanidanmi yo boshqa bir xayol bilanmi, bo‘lgan voqeani aynan gapirib berdi. Ortiqcha yolg‘on qo‘shmadi, hech kimni qoralamadi, hech kimni yoqlamadi ham. Ma’lumot olingandan keyin, domlaga javob berildi. Endi ikki ellikboshi, bir amin va bir mingboshi maslahat uchun machit ayvoniga chiqib edilar, tashqaridan Yodgorxo‘ja kirib keldi. Mingboshi qaragali ulgurmay turib, boy shovqin soldi:
– Mingboshi yotadi to‘rtta xotinni olib! Bu yerda yalangoyoqlar, boshkesarlar, o‘g‘rilarning dastidan hech kimga kun yo‘q! Bu qanday zamon bo‘ldi?
Mingboshi supa qirg‘og‘ida to‘xtadi.
– Shovqin solmay gapiring, boy. Qulog‘imiz bor.
– Bizning bo‘lusimizda qulog‘i bor odamlar qolgani yo‘q o‘zi! Endi yer-suvimizni sotib, boshqa taraflarga ketmasak bo‘lmaydi.
– Nima bo‘ldi sizga, Yodgorxo‘ja? Nega yotig‘i bilan gapirmaysiz? – dedi amin.
– Sen gapirma, xotintaloq! Sendan kattarog‘idan ham qo‘rqmayman men!
– Nima, nima? – dedi mingboshi. – Sen quturibsan, Yodgor! Senga odam mamilasini qilib bo‘lmas ekan o‘zi. Yurt bilib qilganga o‘xshaydi…
– Voy-do-od!.. – deb qichqirdi Yodgorxo‘ja. – Voy-do-od Akbaralining dastidan! Aytmadimmi! Hamma o‘g‘ri, boshkesar, yalangoyoqlarning boshida Akbarali o‘zi turadi! Kechalari yigitlari bilan bosma qiladi. Yigitlari hammasi bosmachi! O‘g‘ri!..
– Olib bor bachchag‘arni! Qamab qo‘y! – deb baqirdi mingboshi, jahldan o‘z qo‘llarini chimchilardi.
Hech kim qimirlamadi.
– Qamatib ko‘r-chi, qani! Qamatib ko‘r-chi! Nima qilar ekanman! O‘g‘ri! Bosmachi!..
– Hoy bolalar, senga aytaman! – deb qichqirdi mingboshi.– Olib bor bu bosmachini, qamab qo‘y o‘sha hujraga!
Darvoza oldidagi yigitlardan uchtasi kelib boyga yopishdilar. Boy ularning uchalasiga ham so‘z bermasdan, og‘zidan to‘xtovsiz «kufur» sovurardi. Keyin boshqa yigitlar ham yopishib uni o‘rtaga oldilar: zo‘r bilan so‘fining hujrasiga olib kirib, ustidan qulf soldilar. Bu vaqtda machit darvozasi oldiga yana odamlar to‘plana boshlagan edi. Mingboshi o‘zining eski, sinoqta yigitlaridan birini eshik oldiga qo‘ydi, yangi yigitlardan ikkisini uning yordamiga berdi. So‘ngra sinoqta yigitning qulog‘iga egilib, bir oz ta’limot berganidan keyin guzarga chiqib otiga otlandi. Ot tizginini ushlab turgan aminga ikki og‘izgina so‘z dedi:
– Yurt ham tinchidi, boylar ham tinchidi. Mundan keyin ikkovi ham noma’qulchilik qilmaydi. Yurtga ham nasihat qil: o‘z boshiga ish tutmasin. Kerak bo‘lsa bizga arz qilsin. O‘zimiz adabini beramiz!
Shundan keyin otning boshini burib, yigitlari bilan birga o‘z qishlog‘iga qaytib ketdi.
Qorong‘i tushgan, yo‘lning ikki tomonida quruq g‘o‘zapoyasi qolgan, ba’zi joylarda g‘o‘zapoyasi ham yulinib yalang‘ochlangan yerlar endi birinchi qorning sovuq tamosini kutib yotardilar. Kelishda birushta chopib kelib oq ko‘pikka tushgan otlar bu qisqa to‘xtalishda jindak dam olgan bo‘lsalar-da, yana o‘sha xilda tez yurishga toblari yo‘q edi. Uncha-munchaga charchamaydngan saman yo‘rg‘a qamchining yeli bilan oyoqlarini bidratmoqqa boshlaganda, mingboshi o‘zi uning boshini tortib qo‘yardi. Yigitlarning otlari, baribir, qamchi zarbi bilan ham shoshilmoqchi emasdilar. Yigitlar mingboshiga malol kelmasligi uchun ohistagina g‘ingshib ashulla boshladilar. Nozik zamon, qorong‘i kecha, sovuq havo, keng tolada bu xirgoyi, negadir, mingboshiga yoqib ketdi.
– Ha, yigitlar, ovozingni ko‘tara tush!
Yigitlar bir yerga g‘ujum bo‘lib olib ashulla ni bir yo‘sinda cho‘zib yubordilar. Otlar ham ashulla ning zarbiga oyoq tashlab, ohista-ohista borardilar.
Bu chopib kelish va hademay yana otga otlanib uyga qaytishning bema’niligini mingboshi o‘zi ham anglagan edi.
«Butun bir qishloq qo‘zg‘olon ko‘tardi, – deb o‘yladi u. – Bir odamni chala o‘lik qilib tashladilar. Machitning panjaralari sindi. Yana birisi qochib qutulmasa, u ham o‘lardi yo mayib bo‘lardi. Yigit-yalang chinakam quturgan edi. Bu hazilakam gap emas. Qishloqning ikki ellikboshisi, bir amini hech narsa qilolmasdan, menga odam yubordilar. Apil-tapil kiyinib, otga otlanib, yetti-sakkiz yigitim bilan keldim. Kelishim chakana bo‘lmadi! Faqat, natija? Natija nima bo‘ldi? Nimaga erishdim? Nima qildim? Nimani bajardim? Yigit-yalangning arzini eshitdim (mingboshi, negadir, endi «yurt» degisi kelmaydi). Yodgorxo‘ja o‘shqirib kelib edi, qamatib qo‘ydim. Jindak hovuridan tushmasa bo‘lmaydi. O‘z qilmishiga pushaymon bo‘ladimi, yo‘qmi – uni bilmayman, ammo-lekin bugun-erta chiqib ketishiga qattiq ishonib turganini yaxshi bilaman. Qamoqdan chiqsa menga yomon osiladi. Iloji bo‘lsa, yarim podshogacha boradi. Qo‘ymaydi lekin! Bitta og‘zi katta boyga kuchim yetmagandan keyin, bu shop-shalopni nega taqdim, deng? O, puli tushkur-e! Amaldan ham kuchli ekan-a!.. Rost-da, Yodgorxo‘janing oqibati nima bo‘lishini men bilamanmi? Shunday katta mingboshi? Yo‘q, bilmayman! Uni shu holda ko‘p saqlab bo‘lmaydi, ertaga erta bilan yo konvoy bilan shaharga jo‘natiladi, yo chiqarib yuboriladi. Boshqa yo‘l yo‘q! Shu yo‘llarning qaysi biri ma’qul? Qaysi biri ep keladi? Qaysi birini qilsam, o‘zimga xayriyat bo‘ladi? Bilmayman! Hayronman… Shu topda Miryoqub juvonmarg bo‘lsaydi. Bir og‘iz gap bilan ma’qul maslahatni topib berardi, «Qo‘y ham butun, bo‘ri ham to‘q» bo‘lardi. Xotin dardiga qolmay o‘lsin, betavfiq! Bitta g‘ayridinni topib necha oylik yo‘lga ketibdi-ya!..»
Otlar o‘lchovli qadam tashlab va boshlarini jirka-jirka ilgari bosarkan, yigitlarning goh ko‘tarib, goh pasayadigan mungli ashulla lari ostida mingboshi dodxoning miyasi shu xil fikrlar bilan tashvishlanardi. Mingboshi o‘zining Miryoqubsiz hech narsaga yaramaganini umrida birinchi marta o‘z-o‘ziga iqror qildi. To‘g‘risi, qilishga majbur bo‘ldi. Mingboshi qancha o‘ylasa ham, ma’qul bir maslahat topa olmadi. Miyasi charchadi. Boshi yengilgina og‘riganday, ko‘zlari tinganday bo‘ldi. «Xayr, qo‘y, – dedi yana o‘ziga o‘zi. – Uyga boraylik-chi. Hech bo‘lmasa, Hakimjondan maslahat so‘rarman».
So‘ngra yigitlarga yuzlandi:
– Qani, yigitlar, sho‘xroq ashulla dan bo‘lsin! Janoza bosib ketdi hammayoqni.
Yigitlar kuldilar. Yo‘lda uchragan kichkina bir qishloqdan chiqqach, sho‘x ashulla boshlandi. Ungacha qish arafasining sovuq va serjahl shamoli qo‘zg‘aldi, uning ignalari yuz va quloqlarga achitib-achitib sanchilardi. Qor uchqunlari kelib goh-goh yuzlarni chimchilardi. Bir ozdan so‘ng saman yo‘rg‘aning oyoq bidratganini ko‘rib, yigitlar ham qamchiga zo‘r berdilar va el uyquga yotganda, o‘z qishloqlariga kirib bordilar. Hayal o‘tmay yigitlardan ikkitasi charchamagan otlardan ikkitasiga otlanib yana Qumariqqa jo‘nadilar: Yodgorxo‘jani bo‘shatib yuborishga farmon berilgan edi. Sultonxonni o‘z hujrasida qoldirib, negadir, halitdan qishlik po‘stinini ustiga tashlab va uyqusiragan singari dovdiranib hovliga chiqqan Hakimjon ikki yigitni u yoqqa jo‘natgach:
– Chakki ish qilib qo‘yibsiz, xo‘jayin! – dedi. – Bilmadim, bu ishning oqibati nima bo‘larkin?
– Nima bo‘lsa bo‘lar! – dedi mingboshi. – Olsa amalini oladi-da. Jonni olarmidi? Shuncha yil xizmat qilganman.
– Munday nozik vaqtda xizmatga qaramaydi, xo‘jayin.
Mingboshining jahli chiqdi:
– Uyqudan qolibsan, mirza! – dedi u. – Tur, joyingga kirib yot! Erta bilan gaplash men bilan. Yuvuqsiz!..
O‘zi ham tappa-tappa qadam bosib ichkariga tomon yurdi. Mingboshining bu uzun suhbatni munday qirt kesib ichkariga yo‘l solganiga ichdan xursand bo‘lgan mirza o‘z uyiga kirgan vaqtida, mingboshi dodxoning xotinlari yuragini changallab o‘tirardi.
– Qo‘rqmang, – dedi Hakimjon uni po‘stini orasiga olib, – siz o‘z uyingizda o‘tiribsiz…
Bu kecha Hakimjon qancha kam uxlagan bo‘lsa, mingboshi undan ham kam uxladi. Yarim kechada katta xotinini uyg‘otib, jindak go‘sht qovurtirdi. Bir shisha aroq bilan uni yegandan keyin yana bir shisha aroqni yarim qildi va shundan so‘ng och bo‘riday uvlab-uvlab uyquga ketdi.