Jump to content

Kecha va kunduz/13

From Wikisource
334700Kecha va kunduz1936Abdulhamid Choʻlpon

Sultonxon…

Zebining mingboshiga unashilganini eshitgandan ke­yin Sultonxon har narsadan umidini uzgan edi. O‘sha kunning o‘zidayoq masalani ko‘ndalang qilib qo‘ydi.

– Men chiqaman mingboshidan! – dedi onasiga. – Boshqa erga tegaman. Ustimga kundosh kelishiga tobim yo‘q.

– Bir oz bardosh qil, qizim.

– Bardoshi nimasi? Poshshaxon necha yildan beri bardosh qilib yosh umrini chiritdi. O‘sha badbashara kuyovining yuzini ham besh oygina to‘yib ko‘rgan emas!

– O‘shalar ham qanoat qilib o‘tiribdi-ku, qizim.

– Ular esini yegan bo‘lsa, men yeganim yo‘q! Me­ning esim bor. Umr degan bir keladi. Yoshlik ham bir keladi. Ular ham umrlarini, ham yoshliklarini o‘z qo‘llari bilan o‘tga tashlar ekanlar, men ham shu jinnilikni qilaymi? Men yoshman!

– Nima qilaylik bo‘lmasa?

– Otamga ayting. Chiqarib olsin.

– Otang xafa bo‘larmikin?

– Xafa bo‘lsa, chiqarib olmasa – mendan koyimasin. Shunday ishlarni qilayki, boshini ko‘tarib yurolmaydigan bo‘lsin!

– Hay, unday dema, qizim. Yaxshi niyat qil.

– Niyatim yaxshi. Sevmaydigan erdan chiqib sevadiganiga tegaman, deyman. Nimasi yomon? Ikkita opam bir yaxshi o‘z tengi bilan umr qilib o‘tiribdi-ku. Mening aybim nima? Ertagacha otamdan javob olib bering. Bo‘lmasa, hammangizni yerga qarataman!

Zarda qilib o‘rnidan turdi va kavshini naridan beri oyog‘iga ilib, onasi yonidan chiqa boshladi. Bu bir do‘q edi.

– Jinni bo‘lma, qizim, – deb qichqirdi onasi orqasidan. – Bugunoq gaplashaman otang bilan. Tepa soching tik bo‘lmay tursin!

– Ertaga javob kutaman! – degan ovoz keldi yiroqdan.

Ayb Sadriddin cho‘loqning o‘zida edi. Tevarak-atrofdan ko‘p sovchi chiqdi bu qizga. Hammasini qaytardi. Ba’zilariga qiz o‘zi ham roziydi, onasi ham yo‘q demasdi. «Yo‘q, – dedi Sadri cho‘loq, – ikki qizimni qishloqiga berdim, bittasini shaharlikka beraman. Juda loyiq-qobil joyini topib, badavlat, obro‘lik odamga beraman!» Qizning yoshi o‘n yettidan o‘tganda ona tashvishlandi: «Nimaga shaharlikka beraman deysiz? Qizning yoshi o‘n sakkizga ketdi. Bekor qaritib qo‘yasiz!» deb ko‘rdi. Bunga qarshi o‘jar cho‘loq: «Avval quda qilib, keyincha o‘zim ham shaharga ko‘chmoqchiman», – deb ja­vob berdi. Xullas, uning o‘jarligini yengolmadilar. Qiz chiroylik, oppoq, do‘ndiq va ta’rifi bo‘lganidan cho‘loqning bu katta umidi ancha davom etdi. Uning bu ahmoqlarcha o‘jarligini faqat mingboshining obro‘si sindira oldi. Mingboshiga rad javobi berib, uning qo‘l ostida tinch turolmasligini bildi va «xo‘p» dedi. Mingboshi ta’rifiga qiziqib uni olgandan so‘ng bir kun o‘tmasdan odamlarga «qari qiz ekan» deb gapirdi… Shunda Sultonxon ota-onasini qarg‘ab qancha yig‘lagan edi.

Hozir qiz 19 ga yetayozib qolgan. Chinakam, mingboshi yangi qayliqni olib, muni butunlay tashlab yubordi. Jabr, axir, yosh narsaga!

Xotinining ma’qul so‘zlarini qaytarolmagan Sadri cho‘loq o‘z o‘rtog‘i Abdulla Sarkorni mingboshiga vakil qilib yubordi. «Shuncha yil yaxshimi, yomonmi – xizmatlarini qildi. Endi yangi kanizaklari bor. Munisiga ruxsat bersalar. Yoshi o‘tmay turib bir joyga bersak».

Sadri cho‘loqning elchisiga ham mingboshi Poshshaxonning otasi tomonidan qo‘yilgan elchiga bergan javobni berdi. Muning ustiga yana ta’na ham qilib qo‘ydi: «Kim olardi endi u kampirni?» Sadri cho‘loq bu javobni eshitgandan keyin alamiga chidolmasdan bir oyog‘i bilan dikang-dikang qilsa ham, tishini tishiga qo‘yib chidashga majbur edi. Mingboshiga kuchi yetadimi? Shaharga ariza berishi mumkin: «Advokat yaxshi pul olib, yaxshi ariza yozib beradi. Foydasi bo‘ladimi? Hamma amaldorning tili bir emasmi? Shuncha ariza berganlar nima qiloldi? Bu zolimning jabriga xudo o‘zi xat tortmasa, bandasi… nevlay-da!»

Kampir yig‘lab yubordi. Yengi bilan ko‘z yoshini artarkan:

– Qizning avzoyi buzuq! – dedi. – Mingboshidan chiqarib olmasa, satanglar bilan do‘st tutishaman, deydi. Nima qildik endi?

– Nima qilarding? – dedi Sadri cho‘loq pastgina ovoz bilan. – Bardosh qilasan, chidaysan. Boshqa iloji yo‘q.

– Satanglarnikiga borib dutor-mutorga ilasharmikan? Yosh narsa…

– Yotig‘i bilan ayt: mayli endi, vaqtini choq qilib yursa yuratursin, ammo-lekin haddini bilsin, haddini…

Cho‘loq o‘rnidan turdi.

– Voy, o‘laqolay! – dedi kampir. – Sho‘rim bor ekan!

Otasi fotiha bermasa ham, yosh juvonga o‘z ko‘nglini bir ish qilib ovutmoqdan boshqa chora qolmagan edi. Bu to‘g‘rida unga maslahat ko‘rsatadigan mahram o‘rtoqlari bo‘lmaganidan hamda opalari biri unda, biri bunda sochilib, o‘z-o‘zlari bilan ovora bo‘lganlaridan, ovunish yo‘llarini qizning o‘zi axtarishga majbur. «Undan ke­yin, opalarga ishonib bo‘ladimi? Opa – ba’zida do‘st, ba’zida – dushman… Singil ham shunday!»

Ishni avval o‘zi tug‘ilgan uyda boshladi. Mingboshinikiga borishni bir yoqqa tashlab qo‘yib, har kun o‘rtoqlarini to‘plar, o‘yin-kulgi, dutor, ashulla bazmlari qilardi. Keyincha ular bilan birga u yoq-bu yoqqa yuradigan bo‘ldi. Bular hammasi jonga tekkanda, o‘tirib yig‘lar, so‘ngra mingboshinikiga qarab jo‘nardi. U yerda ko‘proq Umrinisabibinikiga, Enaxonlarnikiga o‘tar, qallob baqqolning egizak qizlari bilan tolalarga chiqib o‘ynardi.

Zebi kelin bo‘lib kelib birinchi marta shaytonlaganda, yana kurash olovi tutashdi. Umrinisabibining harakati bilan tutqaloq har kun tutadigan bo‘ldi. Bechora soddadil Sultonxon hovliqma Umrinisabibi­ning so‘zi bilan u tutqaloqlarga anchagacha umid ham bog‘lab yurdi. «Mingboshi, bir jahli kelsa, haydab soladi yashshamagurni!» deb o‘yladi. Rashk olovi bir oz pasayganda, orqa-oldini ham o‘ylab ko‘radi: «Xo‘p, u yash­shamagurni haydadi. Yaxshi! Mundan menga nima? Uni haydab menga qaytarmidi? Yana bittani oladi. Men yana yetim bo‘lib yura beraman. Mayli, o‘sha yashshamagur bi­lan bo‘la qolsin!» Bu insof ovozini boshqa bir ovoz chiqib bosadi: «Bu ishni qilgan Poshshaxon bilan Xadichaxon. Men u shaharlik qiz bilan olishmayman. Unga adovatim yo‘q. Men nomus kuchidan anovi ikkalasi bi­lan olishaman!» Mana shu ovoz uni ko‘p kuchlar sarf qilib, bir necha kun Zebini shaytonlatdirishga maj­bur qildi.

U ham bir necha kun, xolos…

Chunki bir-ikki kundan keyin o‘zi ham bu fikrdan qaytib qolgan edi. Ikkinchi tomondan, ikkala katta kundoshning Zebini yumshatish uchun juda qattiq harakat qilayotganlarini eshitdi. Endi Umrinisabibi bi­lan uning qizini oyoq bostirmay qo‘ydilar. Enaxonga ham katta kundoshlar sovuq muomala qilganlar. U endi kam chiqarmish. O‘zi yolg‘iz qolgan Zebi qachongacha chidash beroladi?

Shu bilan Sultonxon bu kurashda yengilganiga o‘z-o‘zicha iqror bo‘ldi. Endi nima qilish kerak? «Yana o‘z kayfimga qarayman!» dedi u o‘z-o‘ziga.

Qandoq qilib «o‘z kayfiga qarash» masalasi oson masala emasidi. Endi u masalani «qandoq qilib yosh umrimda orzu-havas ko‘rib qolaman?» degan shaklda qo‘yishga to‘g‘ri kelardi. Satanglarni uncha ham jini sevmas edi. Uning miyasida, boshda chuchmalroq bo‘lsa ham, satanglikdan ko‘ra yomonroq va mudhishroq qadamlarga tortuvchi xayollar qo‘zg‘aldi…

Uch kecha tuni bo‘yi uxlamasdan, butun xayoliga zo‘r berib, ag‘anay-ag‘anay o‘ylagandan so‘ng qat’iy qarorini berdi… va shu bilan tinchlanib uyquga ketdi. Ertasi kuni peshingacha dang qotib uxlaganini ko‘rgan kampir hayron bo‘ldi:

– Shunaqa ham uxlaydimi odam degan? Tur, ayla­nay, bolam.

Ko‘zini ochib biroz qarab turgach, onasini quchoqladi:

– Oyi, o‘ping peshonamdan! Menga insof kirib qoldi. Endi kundoshlarimning yoniga jo‘nayman. Ular bi­lan apoq-chapoq bo‘lib yashayman.

– Aylanay bolam, eslik bolam, kenja bolam! – deb erkalatdi kampir.

O‘sha kuni kechlatib mingboshinikiga jo‘nadi.

Hakimjonning Miryoqubga aytgan quyidagi so‘zlari to‘g‘ri edi:

«Endi birdaniga juda boshqacha bo‘lib kelibdi. Darvozadan kulib, quvnab kirib kelgan emish. Hamma hayron deydi».

Miryoqub ham bekor aytadi deb bo‘lmaydi:

«Xotin kishining ko‘nglini xudodan boshqa hech kim bilmaydi. Ishqilib, mundan qo‘rqqulik!» degan edi u.

Ikki katta kundosh dushmanlarining bu xilda o‘zgarishi sababini bilolmadilar. Xadichaxon:

– Esini topsa topgandir, – dedi.

Poshshaxon bu fikrga qo‘shilmadi:

– «Tashi yaltiroq, ichi qaltiroq» degan gap bor, – dedi u. – Muning bu kulishidan qo‘rqaman! Zebixon bi­lan muncha apoq-chapoq bo‘lishi bekor deysizmi?

Xadichaxon o‘z so‘zida qattiq turdi:

– Nima qilsin? Qo‘lidan nima keladi? Kuyovingizdan chiqib boshqa erga tegaman, deb edi, kuyovingiz ko‘nmadi. Otasi qizini har qancha yaxshi ko‘rsa ham, ming­boshi bilan o‘chakishuvdan qo‘rqadi. Mingboshi bo‘lsa qayrilib ham qaramaydi… Nima qilsin? Qayerga borsin? Nochor-noiloj o‘zini xursand qilib yuradi-da.

– Zebixon bilan apoq-chapoq bo‘lganiga nima deysiz? O‘zining ashaddiy dushmani?..

– U ham noilojlikdan, aylanay. Boshqa iloji yo‘q. Undan keyin, Zebixon yomon qizmi? Kim o‘rtoq bo‘lishni xohlamaydi? Xushchaqchaq, bazmbob, ochiq…

– Yo‘q, jonim, xom o‘ylaysiz. Juda xom o‘ylaysiz.

– Ko‘rarmiz. Bir kun ma’lum bo‘ladi.

– Ha, ko‘rarmiz.

Sultonxon bo‘lsa ko‘zini to‘rt qilib, tashqaridan bironta arizachi xotinning kirib kelishini kutardi. Mingboshiga ariza olib keladigan xotinlar, aksari, qatiq, qaymoq va qovun-tarvuz singari narsalarni ko‘tarib kelib, uch kundoshdan qaysi biri uchrasa, shunga yolvorardilar.

– Aylanay, oyimposhsha, shu arizani eringizga be­rib qo‘ying. Nohaqdan bola-bechoraga zulm qilayotirlar… Aylanay bolam, orzu-havaslaringizga yeting, bola-chaqa ko‘ring, tilagingizni bersin xudoyim!

Mingboshi dodxoning xotinlari munaqa yolvorishlarga juda balanddan turib qarardilar. Arizachi xotinlarning yaxshi tilaklari ularni ko‘pda qiziqtirmas edi.

– O‘ziga bering, xola! Biz aralashmaymiz…

– Aylanib ketay, sizdan nima ketadi? Bir og‘iz so‘z… Bizning qo‘limizdan olmaydi.

– O‘-o‘v… xola! Juda shallaqi narsa ekansiz. O‘zi olmasa, mirzasiga bering.

Bechora kampirlar yig‘lagunday bo‘lib, ichlarida qarg‘ay-qarg‘ay chiqib ketardilar.

Mingboshi shoshilish ravishda shaharga chaqirilgan edi. Sultonxon «arizachi kampirlarning ichkariga qatnashi endi avj oladi» deb kutardi. Hech kim yo‘q… kechgacha hech qayerga chiqmay – dam uyida, dam ayvonda, dam sahnda o‘tirib – ko‘p kutdi… Hech kim kirib kelmadi. «Nima balo bo‘ldi bu arizachilarga? – deb o‘ylardi u. – Kerak bo‘lmaganda quloq-miyangni yeydilar. Kerak bo‘lganda jimib ketadilar… Teskari dunyo!»

Nihoyat, asr bilan shom o‘rtasida bir kampir kirib keldi. Shu topda ikkala katta kundosh Zebining uyida ovqat ustida edilar.

– Aylanay bolam, – dedi kampir. – Mingboshi dodxoga arz bilan kelib edim…

– Obbo, yana bitta arizachi keldi. Shulardan to‘ydim bu dargohda! – degan ovoz eshitildi Zebining uyidan: Poshshaxonning ovoziydi.

– Qayerdan keldingiz? – dedi Sultonxon va ayvondan pastga tushdi.

– Qo‘ya bernng, – dedi uyoqdan Xadichaxon. – Kundoshingiz muomala qilayotir. U hali zerikmaganga o‘xshaydi.

– Toshloqdan keldim, aylanay. Shuncha joydan piyoda keldim. Qari narsaman.

– O‘zingiz kim bo‘lasiz?

– Men, aylanay, Qiyomiddin hojining onasi bo‘laman. Tanirmikansiz?

– Voy, aylanay xola, – dedi birdaniga Sultonxon. – Qiyomiddin hoji akamning onasimisiz? Voy, u kishi otamning eng yaqin o‘rtog‘i-ku!

Ikkala «qadrdon» quchoqlashib ko‘risha ketdilar. Sultonxon butun bu suhbatni kundoshlariga eshitdirmoq uchun mumkin qadar baland ovoz bilan olib borardi.

– Ana, topishib ham ketdi! – dedi Xadichaxon ichkaridan.

– «Pes pes bilan… qorong‘ida!» – dedi Poshshaxon.

– Hay, ana u xotinni… Nega unday deysiz? Nafasingiz qursin!

Bu Zebining ovozi edi.

– Xo‘p, xolajon, Qiyomiddnn hoji akamning ishlari bo‘lsa, albatta to‘g‘rilaymiz. Paranjingizni olib bir nafas o‘tiring, biror piyola choy ichib, dam olib ketarsiz.

– Yo‘q, aylanay, o‘tirsam kechga qolib ketarman. Shomdan keyin yolg‘iz ketishga qo‘rqaman.

– Odam qo‘shamiz, xolajon. O‘tiring, choyim tayyor.

– Voy, aylanaqolay, ishimning o‘ngidan kelganini qarang.

Choyga o‘tirdilar.

– Qani, arizangizni menga bering-chi.

Arizani olib u yoq-bu yog‘ini qaradi. So‘ngra o‘ng cho‘ntagiga solib qo‘ydi.

– Qiyomdan oling, xolajon. Arizangizni darhol to‘g‘rilatamiz.

– Xudo yarlaqasin, bolam.

Kampirga ikkinchi piyola choyni uzatib uyiga kirdi. O‘ng cho‘ntagidagi arizaning ichiga chap cho‘ntagidagi «ariza»ni ham olib qo‘shgach, yana kampirning yoniga chiqdi.

– Nonga qarang, xola. Qiyomdan oling!

– Endi men jo‘nayin, bolam. Arizani o‘zingiz kuyovingizga topshirib qo‘yarsiz.

– Odam qo‘shaymi?

– Yo‘q, aylanay, ovora bo‘lmang. Vaqt bor, o‘zim ham keta olarman.

Turdilar.

– Xolajon, tashqarida Hakimjon degan mirza bor. Bu arizani o‘sha kishiga berib o‘ting. «Mingboshi dodxoning xotinlari – Sultonxon ayangiz tayinladilar» deng. Undan keyin o‘zim ham chaqirib tayinlayman. Hamma ish o‘shanda. O‘sha o‘zi to‘g‘rilab yuboradi.

– Ilohim, orzu-havasingizga yeting, aylanay!

– Ehtiyot bo‘ling, xola. Boshqa birovning arizasini ham qo‘shib qo‘ydim. U ham zarur edi.

Kampir paranjisini yopindi.

– Xolajon, – dedi Sultonxon ovozini pasaytirib, – mirzaga jinday pul berish kerak edi.

Kampir yonini kavladi.

– Bor-yo‘g‘i uch tanga pulim bor ekan, bo‘larmikan?

– Shoshmang, xola, eplaymiz.

Uyga kirib bitta uch so‘mlik qog‘oz olib chiqib kampirga uzatdi.

– Yaxshi qoling, aylanay, bolam!

Hakimjon ovqatni endi yeb bo‘lib, so‘richada choy ichib o‘tirardi.

– Aylanay bolam, Hakimjon mirza sizmisiz?

– Ha, men.

– Mana bu arizani…

– Mingboshi o‘zlari yo‘q, xola, ertaga olib keling.

– Mingboshi dodxoning xotinlari Sultonxon ayan­giz tayinladilar. Mana, ikkita ariza, – dedi kampir va ustiga pulni qo‘yib uzatdi.

Birinchi galda pulni cho‘ntakka solgach, arizani ocha boshladi.

– Bo‘pti, xola. Siz bora bering. Juma kuni erta bilan javobini olasiz.

Kampir duo qila-qila chiqib ketdi. Hakimjon kampirning arizasini o‘z odati bo‘yicha naridan beri o‘qib chiqdi. «Ha, oson ish ekan» deb qo‘yib, cho‘ntagiga soldi. Ikkinchi arizani ochdi.

– Xudoyo to‘vba! Bu nima gap?

Chiroqqa yaqin olib bordi. Bir choy qog‘ozning orqasiga oddiy qarandash qalam bilan:

Fatonatlik ey yaxshilar sarvari,

Basharmusen yo maloik, yo pari?

Jafo qilsang, ko‘p oshiqning daftari,

Ne gunohim, menga tanho aylading, –

deb to‘rt xat bayt yozilgan. Tagiga juda savodsiz va xunuk xat bilan quyidagi so‘zlar ortdirilgan edi:

Dardingizda ezilib ado bo‘ldim,

Ko‘rishmak iloji bormikin?

Hakimjon bu xatni qayta-qayta o‘qidi. O‘zi juda yuvosh va beozor bo‘lgan bu bola umrida birinchi marta yuragining o‘ziga bo‘yinsunmaganini, nogahon uyg‘otilgan ko‘nglining g‘alati hislar bilan entikkanini, ko‘kragida og‘ir bir to‘qmoqning to‘xtovsiz bir ko‘tarilib, bir tushib turganini va o‘ziga yot bo‘lgan allaqanday tumanli xayollarning miyasida poyga qo‘ya boshlaganini sezdi.

«Ariza»ni beruvchi ham, oluvchi ham bu kecha uxlagani yo‘q.

Ertasi kuni ertalab ikki katta kundosh Zebi bilan birga hovlida – hovuz bo‘yida nonushtaga o‘tirdilar. Dasturxonda yangi uzilgan va shudring yegan salqin uzum boridi. Zebining so‘rovi bilan Xadichaxon yomon ko‘rgan kundoshini – Sultonxonni ham chaqirdi,

– Xo‘p, – dedi Sultonxon, – birgalashib nonushta qilaylik. Men Hakimjonni chaqirib kechagi Qiyomiddin hoji akamning arizalarini tayinlab qo‘yay… Juda uyatlik odamlar edi. Undan keyin xushchaqchaq kulishamiz.

Xadichaxonni hovuz bo‘yiga jo‘natib, o‘zi tashqari eshik oldiga keldi. Eshikdan boshini chiqarib u yoq-bu yoqqa qaradi. Hech kim yo‘q…

– Hakimjon, ho Hakimjon!

Mehmonxonadan Hakimjon chiqib keldi.

– Xo‘sh! Kim u chaqirgan?

– Menman, men. Sultonxon ayangiz. Bir-ikki og‘iz gapim boridi.

O‘zini panaga oldi. Hakimjon qip-qizarib, cho‘g‘day yonib, eshik yonida to‘xtadi. Ikki ko‘zi ko‘cha tomonda – darvozada…

Sultonxonning ovozida hech qanday qaltirash, qo‘rqish va tortinish asarlari yo‘q edi, xuddi qichqirganday chiqardi. Har bir so‘zi dona-dona va dadil-dadil aytilardi. «Xat yozgan boshqa bo‘lsa kerak, – deb o‘yladi Hakimjon. – Munaqa nozik gaplar munday dadillik bilan aytilmaydi».

– Mirshablar qani? – deb so‘radi Sultonxon ovozini pasaytirib, o‘zi panada turardi.

– Ikkitasi shaharda, bittasini guzarga chiqardim, ellikboshini topib kelish uchun…

– Yaxshi qilibsiz…

So‘ngra ovozini ko‘tara tushdi:

– Kecha bir kampir sizga ariza topshirgan bo‘lsa kerak. Men tayinlab edim.

– Ha, topshirdi.

– O‘sha ariza bergan odam otamning juda qalin o‘rtog‘i. Mingboshi dodxoning qo‘llari tegmasa, o‘zingiz bir narsa qilib to‘g‘rilab yuboring. Juda uyatlik odam edi. Qiyomiddin hoji degan, toshloqlik.

– Oson ish ekan. O‘zim to‘g‘rilab yuboraman.

– Shunday qiling, mirza.

Ovozini pasaytira tushdi:

– Mirshabingiz kelgani yo‘qmi?

– Hali tez kelmas. Ellikboshi shu topda guzarda bormi, yo‘qmi…

Eshikdan mo‘ralagan bo‘lib Hakimjonga jindakkina ko‘rinib qo‘ydi. Hakimjon battar qizardi va orqaga tisarildi.

– Muncha qo‘rqasiz? Yaqinroq keling… – dedi Sul­tonxon juda past ovoz bilan. – Sizni birov yeb qo‘yadimi?

– Yo‘g‘-e, – dedi Hakimjon zo‘rg‘a-zo‘rg‘a.

– Xatni o‘qidingizmi?

– Ha… o‘qidim…

– Achchig‘ingiz kelgani yo‘qmi?

– Nega, nega… xursand bo‘ldim…

– Xursand bo‘ldingizmi? Rostdan-a?

Shu onda hovuz bo‘yidan kundoshlarning baland qahqahalari eshitildi.

– Boshim osmonga yetdi.

– Nechaga kirdingiz? – dedi birdaniga Sultonxon. Yana ko‘rinish berdi. Bu kutilmagan savolga Hakimjon hayron bo‘ldi.

– Yigirma to‘rtga…

– Yigirma to‘rtga? Yosh ekansiz… Muncha qochasiz odamdan? Nimadan qo‘rqasiz? Beriroq kelsangiz-chi…

Hakimjon bir-ikki qadam oldinga bosib, ko‘zlarini yerdan ololmay to‘xtadi. Sultonxon boshini chiqara tushib Hakimjonga tikildi. Suzilgan va maylli ko‘zlari o‘tdek yonardi. Sekingina bir «uh» tortdi. «Qip-qizil cho‘g‘…» dedi o‘z-o‘ziga.

– Shunaqa uyalchanmisiz?

– Uyalganim yo‘q…

– Ha, yolg‘onchi! Nimaga, bo‘lmasa, qip-qizil cho‘qqa aylanib ketibsiz?

– Bilmasam…

– Xatga achchig‘ingiz kelgani yo‘qmi? – deb yana so‘radi Sultonxon.

– Yo‘q… nega? Juda xursand bo‘ldim…

– Kichkina hujrada kecha-kunduz bir o‘zingiz zerikmaysizmi?

Hakimjon angladi.

– Zeriksam qandoq qilay? Xudo ovunchoq berib qolar…

– Astoydil tilab tursangiz, ajab emas. Ha, boring endi, sizni qiynab qo‘ydim…

Hakimjon o‘rnidan jilolmay qoldi. Hovuz bo‘yidan yana qahqaha yuksaldi. Sultonxon qizarib turgan yosh yigitga oxirgi marta tashna nazarlarini tashlab, asta-asta yiroqlashdi…

Sultonxon yaqindagina mingboshining yosh va sevimli xotini bo‘lganligidan ichkaridagi uylarning eng katta, yasadoq va savlatlisi unga berilgan edi. Ichkarining etagida, bir yoni hovuz oldidagi maydonchaga yopishadigan bu sirkorlik uy ichkaridagi boshqa uylarning har biridan bir, bir yarim barobar zo‘r keladi. Poshshaxon bilan Xadichaxonni o‘rtagan alamlarning biri shu uy emasmikin? Ajab emas: eng yaxshi uy eng sevimli xotinniki bo‘ladi-da!

Zebining to‘yiga ikki-uch kun qolganda, Sultonxonning yo‘qligidan foydalanib, ikkala katta kundosh u katta uyni bo‘shatdilar: Sultonxonning uncha ko‘p bo‘lmagan ro‘zg‘or va kiyim-kechaklarini bevosita tashqariga yopishadigan kichkinagina, pastgina, taxta shiftli va oddiy ganchli bir uychaga ko‘chirib qo‘ydilar. «Ortiqcha haqorat bo‘lib ketmasin» degan mulohaza bilan Xadichaxon o‘zi Sultonxonning hamma bisotini kichkina uyga chiroylik qilib joylab ham qo‘ydi. Hatto katta uyda yetimdek ko‘rinadigan bir siqim ro‘zg‘or va kiyim-kechak kichkina uychani kemtiksiz to‘ldirdi; katta uyning bir chekasida na u yoqqa va na bu yoqqa qarashini bilmay sargardon bo‘lgan chiroyli qashqar gilami bu kichkina uyga juda choq keldi. Shunday qilib, bu majburiy ko‘chirish Sultonxonga chigilinggina va so‘lungina bir uycha baxsh etdi. U kichkina uychaning ichkari tomon yonboshida, Xadichaxonning daxlizi bilan bir qatorda, kichkina bir ganjinacha bo‘lib, unda qish ichi meva-cheva va qovun-tarvuz saqlanar, bir-ikkita semiz oshqovoqlar chirib tamom bo‘lguncha o‘sha qorong‘i ganjinada qolardilar. Ganjinaning o‘ng tomonida, bo‘rgarlik obrez yonida tashlangan bir o‘choq, necha yildan beri yotgan bir quchoq o‘tin, devolda sirkadan bo‘shalgan bir-ikkita qovoq… Ganjinaning butun borligi shundan iborat! Chap tomonda esa bir odamning yarim bo‘yi qadar keladigan tor va kichkina daricha. Bino bo‘lganidan beri ko‘p bo‘lsa ikki-uch marta ochilgan, ichkaridagilardan hech birining esida va xayolida ham qolmagan bu darichadan oshib o‘tsangiz, qator-qator uylarning ketidagi kattakon va tartibsiz o‘stirilgan boqchaga tushasiz. Darichaning chap tomonida – besh qadam narida – ichkari bokchasi bilan tashqari boqchasini bir-biridan ayirgan besh paxsali eski devol. Devolning uylarga yaqin bir yerida – bu ham o‘n qadamdan oshmaydi – ichkariga ochiladigan bir qanotli eski eshik, ichkaridan zanjirlanadi. Eshikdan u yoqqa o‘tsangiz, tashqarining cho‘ziq, ensiz boqchasi. Unga faqat mirzaxonadan bir deraza va bir eshik ochiladi. Deraza oldida Hakimjonning yozuv stoli. Mirza­xonadan bir eshik dahlizga ochiladi, bir eshikcha Hakimjonning kichkinagina hujrasiga olib kiradi. Ichkaridagi uylarning boshqa hech biridan boqcha tomonga na deraza bor va na eshik. Chunki boqcha – ko‘cha demak, ko‘chada nomahram bo‘ladi, nomahram nazaridan o‘z nomusli xotinini saqlash – har bir musulmonning vazifasi!

Qat’iy qarorini berib, miyada chala-chulpa ishlangan planlar bilan erinikiga qaytgan Sultonxon bu majburiy ko‘chirishdan xursand bo‘lgan va o‘z kundoshlarini ko‘ngildangina olqishlagan edi.

Hovuz bo‘yida kundoshlari bilan o‘ynab-kulib nonushta qilgandan keyin, ichkarining keng sahni o‘rtasida – shaftoli tagidagi so‘richada yig‘ishtirilmasdan turgan o‘rinlarini yig‘ishtirdi, asta-sekin uychasiga tashimoqqa boshladi.

– Hay, qishga bir talay bor, halitdan uyga ko‘chayotirsizmi? – dedi Xadichaxon sahndan o‘ta turib.

– Eri yo‘q, sovqotib qolgandir sho‘rlik, – deb kesatdi naridan Poshshaxon.

– Erdan umidni uzganman erta qachon! – dedi baland ovoz bilan Sultonxon. Keyin o‘ziga tomon kelayotgan Zebiga qarab izoh berdi: – Tunov kun mana bu kigizning tagidan kattakon bir chayon topib o‘ldirdim… Undan keyin xuddi yong‘oqday bitta buzoqboshini o‘ldirdim. Shundan beri kechalari uxlayolmay chiqaman. Tushimga kiradi, bosirqayman… Uy yaxshi, jonginam.

– Qirov ham tushib qoldi o‘zi. Yaxshi qilasiz, jonimni qoqay! – dedi Zebi. Shu «jonimni qoqay» so‘zi Sultonxonning qulog‘iga allaqanday shirin eshitilib ketdi. Zebining chin ko‘ngildan chiqarib aytgan bu so‘zi uning xitoy chinniday jaranglagan ovoziga burinib, dutorning g‘o‘ng‘-g‘ung‘i singari mayin va yumshoq un bergan edi. Sultonxon o‘z kundoshini mahkam quchoqlab o‘pdi.

U yoqda mingboshi shahardan yangi gaplar topib kelgan edi. Tashqaridan uning so‘zlangani eshitilgach, shom chog‘ida xotinlar eshik oldiga bordilar.

– Shunday nozik vaqtda Miryoqub noinsofning o‘ynagani ketganini aytmaysanmi? – Mingboshi Hakimjonga qarab so‘zlardi. – Bitta o‘rus xotin bilan Suvaysatopilga ketibdi… – Mingboshi xoxolab kuldi, ichka­rida Poshshaxon ko‘kragini g‘ijimlardi. – Bachchag‘ardi bolasi-yey! Juda tannoz narsani topibdi, deydi. Ikki oygacha o‘ynatarimish… To‘ralarimizning qovog‘idan qor yog‘adi… Yaqin borib bo‘lmaydi. Har bir mingboshiga o‘ntadan, har bir aminga ikkitadan, har bir ellikboshiga bittadan yarog‘li yigit beradigan bo‘lishibdi. Yarim sarfi – g‘aznadan, yarim sarfi yurtdan! Endi odam daraklash kerak. Mingboshilarga hokim to‘ra o‘zi va’z qildi. «Mahkam bo‘l hammang! Tog‘dagi gaplar bo‘la ko‘rmasin» dedi.

– Aytgancha, tog‘da nima gap bo‘pti?

– Tog‘da olomon xuruj qilipti. Bir mingboshini o‘ldiripti. Ikki amin zo‘rg‘a qochib qutulipti. Ellikboshilar qo‘rqqanidan olomonga qo‘shilib ketipdi… Mahkamalarga o‘t qo‘yishipdi. Bir-ikkita sudxo‘r boyni do‘pposlashibdi. Bizning Yodgor echkilar ham eshitib qo‘ysa bo‘lardi. Ortiqcha hovliqadi, qizitaloqlar!

– Xayr, tog‘dan gapiring, xo‘jayin!

– Bizning noyib to‘ra 150 ta sollot bilan chiqib, to‘polonni bosib keldi. Ikki qishloqni tep-tekis qiliptilar. Ba’zi qishloqlarda ba’zi birovlarnikiga sollotlar o‘t qo‘yibdi. Chopish ham bo‘pti… Uch-to‘rt yuz odam qirilganga o‘xshaydi. 137 kishini shaharga olib kelib qamaptilar. Yaqinda katta sud bo‘ladi, deydi. Noyib to‘raning gapiga qaraganda, sud juda shoshilish bo‘ladiganga o‘xshaydi. Bir nafasda hukm qilib ota beradi deydi-ku! Sollotlardan ham to‘rt-besh kishi o‘lipti. Yarador yigirmatacha bor, deydi. Aytishlaridan, o‘rus sollotlari qishloqlarda musulmon ayollariga ham daxl qilganga o‘xshaydi… Xunuk gaplar bor, ishqilib.

– Biz nima qilamiz, xo‘jayin?

– Nima qilardik. Yana yettita yigit qilamiz. Hushyor bo‘lamiz. – Mingboshi bir oz o‘ylandi. – E, bizning yurtlar tinch. Fuqarolarimiz hammasi yuvosh, qo‘yday. Men bo‘lsam ularning otaxoniman… Qattiq gapirmayman. Javr qilmayman… Nimaga to‘polon qilsin? Uxlay ber, bemalol! Mening soyayi davlatimda, xohlasang, boqqa chiqib yot! Ha!

O‘zidan xursand, kula-kula ichkariga qarab yurdi. Xotinlar chekildilar. Uch-to‘rt qadam bosib yana to‘xtadi:

– Aytgancha, Absamat yomon xijolat bo‘ldi lekin!

– Xo‘sh, xo‘sh? – dedi Hakimjon.

– Hamma mingboshilarning oldida hokim to‘ra undan koyib berdi. Uyiga allaqanday bir no‘g‘oy xotinni oldirib yangicha maktab ochgan ekan: erkak bolalarga ham yangicha maktab ochmoqchi bo‘lib Toshkentdan bir «forma» maktabdorni chaqirtirgan ekan. Shularni aytib koyidi. Bir nima balo dedi… Ha, yosh sartlarga ergashmang, dedi… Ular yosh turklardan o‘rgangan dedi. U nima de­gani bo‘lsaykin… Yosh sartlari nimasi? Yosh turklari nimasi? Nimani o‘rgatadi ular? Bilolmadim. Miryoqub bo‘lsaydi kovlab topardi, betavfiq! Xayr, yot endi! Rohat qil!

Bir ozdan so‘ng katta uydan Zebining bidratma dutori va shirin ashulla si eshitildi. Kundoshlar so‘rilarga chiqib yotdilar, Sultonxon, negadir, uyg‘oq: uyiga kirmasdan, sahnda – ayvon chekasida o‘tirardi. Nihoyat, hamma uxlab ketdi. Shundan keyin Zebining ashulla si tindi. Yana bir oz keyin dutor tovushi ham allanechuk birdaniga uzilib qoldi. Bu uzilishda allaqanday bir zarda qilish, birdaniga dutorni irg‘itib tashlash boridi… Shu bilan u katta uyga ham bir nafasda jimlik cho‘kdi.

Yerga tushgan uch-to‘rtta xazon yaproqlari kuz kechasining sovuq shabadasi bilan yer betida shitir-shitir surinardilar. Uzoq-yaqindagi itlarning hurishi va yaproqchalarning shitirashidan boshqa un qolmadi.

Shundan so‘ng Sultonxon sekingina uyiga kirdi.

Yuragi bir oz o‘ynagani uchun bir piyola sovuq suv ichdi. Derazaning bir qanotini ochiq qoldirib, eshigini ichidan berkitdi va qorong‘i uyda jimib yo‘q bo‘ldi…

Ko‘ziga uyqu kelmagan Hakimjon yarim kechaga yaqin mirzaxona derazasining ohistagina chertilganini eshitdi. Tashqarida o‘zidan boshqa hech kim yo‘q edi: mirshablar darvozaxonada va otxona tomida uxlardilar. Yuragi o‘ynasa ham, shu tobda o‘zidan boshqa kimsa yo‘qligini bilganligidan dadil bosib mirzaxonaga chiqdi va tovush chiqmasin deb, eshigini emas, past supali derazani ochdi.

Derazani yana berkitib, bu bemahal mehmonning orqasidan ohistagina o‘z hujrasiga qaytdi: uyatchan ko‘zlarini yerdan sira uzib ololmasidi. Faqat u – yosh va zoriqqan xotin chidayolmadi: o‘zicha otilgan po‘k sin­gari tomog‘idan ixtiyorsiz otilib chiqqan kuchli va ittik ovoz bilan:

– Berahm… – deb qichqirdi… Va o‘zini uning quchog‘iga tashladi.