Kecha va kunduz/14
Mingboshi shahardan tegishli dasturlarni olib qaytgach, boshqa hamma mingboshilar kabi, to‘xtovsiz ishga kirishdi. O‘z qo‘l ostidagi hamma amin va ellikboshilarni o‘z mahkamasiga chaqirib, bir kun ertadan kechgacha behuda intizor qilgandan keyin, nihoyat, ayvonda choy ichib o‘tirib «kengash majlisini» ochdi. Poyma-poy va bir-biriga qovushmagan gaplar bilan «zamona ahvoli»dan, tog‘ voqealaridan va uning natijalaridan daromad qilgach, maqsadga o‘tdi:
– Shunaqa, yaxshilar, – dedi u, – endi mening uch yigitimga yana yetti yigit qo‘shiladi. Aminlar ikkitadan, ellikboshilar bittadan yigit olishadi. Yigitlarning hammasiga sollot beshotari beriladi. Otadigan azamat topilarmikin?..
Hech kim javob bermadi. Hamma jim edi.
– Nega indamaysanlar? Og‘zingga paxta tiqdingmi hammang? Gapir, Matxoliq!
– Ishqilib… kattalarimiz bir ishni qilsa, bilib qiladi, – dedi Matxoliq amin.
– Ha, alvatta, bilib qiladi, – dedi bir ellikboshi.
– Biz nima derdik? Ma’qul maslahat, – dedi yana birov. So‘ngra yonidagilarga qarab so‘radi: – Shundaymasmi, yaxshilar?
– Ha, shunday, shunday! – deb shovqin soldi har kim har joydan.
– Senlar aytmasanglar ham maslahat ma’qul, – dedi mingboshi ovozini ko‘tara tushib. – Uni bilaman. Sollot beshotarini otadigan azamatlar topiladimi deb so‘rayman. Munga javob ber!
– Yurt emasmi, chiqib qolar, – dedi Matxoliq amin.
– Bilmasa o‘rganar, – dedi bir chekada turgan Hakimjon. – Ishni to‘xtatish kerak emas. Yigitlarni ola beraylik, bilmaganiga shahardan odam chaqirib o‘rgatdirarmiz.
– Ma’qul, – dedi mingboshi. Kuldi. – Hammangning aqling shu tirranchaning aqlicha bo‘lmadi-ya, hayf senlarga.
Amaldorlar jim qoldilar.
Mingboshi davom qildi:
– Bo‘lmasa, maslahat shuki, har amin o‘ziga kerakli ikki yigitni topib, indingacha menga bildiradi.
– Ro‘yxatini topshiradi, – dedi Hakimjon.
– Ha, ro‘yxatini topshiradi, – deya takror qildi mingboshi. – Mundan tashqari, har amin menga ham bittadan yigit topib beradi. Qolganini o‘zim shu qishloqdan olaman. Undan keyin aminlarning o‘zlari qishloqma-qishloq yurib yurtga eshitdiradi.
Mingboshi to‘xtadi, shamasini kam tushirishga harakat qilib choynakdan piyolaga choy quya boshladi. O‘tirganlar bir-birlariga qarashdilar: «Nimani eshitdiramiz?» degan shivirlashlar boshlandi. Mingboshi so‘zini tugatmagan edi. Hakimjon so‘radi:
– Nimani eshitdiradi bular?
– Ha, aytgancha, – dedi mingboshi, – esimdan chiqipti: yigit olishni eshitdiradi, undan keyin pul to‘g‘risini.
O‘tirganlar bir seskanib oldilar.
– Qanaqa pul, taqsir? – dedi Matxoliq amin.
Hammaning ko‘zi uning og‘ziga tikilgan edi, undan keyin hamma ko‘zlar birdaniga mingboshi tomonga burilib, uning og‘ziga osildilar. Ko‘plar og‘izlari bilan ham tinglardilar.
Mingboshi kuldi:
– Qanaqa pul bo‘laridi! Yigitlarning yarim oyligi g‘aznadan, yarmi yurtdan.
O‘tirganlarning og‘zidan xor bilan aytilganday yaxlit va besaranjom bir ovoz chiqdi: g‘u-v-v!.. Xuddi «do-d-d» deganday… Zo‘r hovlining keng sahniga go‘riston jimligi cho‘kkan edi. Hakimjon ohistagina bir «uh» tortib o‘rnidan turdi, ayvon ustuniga chig‘anog‘i bilan bir-ikki urgach, bitta-bitta bosib jamoatga yaqin keldi. Shu topda uning juda ehtiyot bilan – hech bir sharpa chiqarmay bosgan qadamlarining bo‘shang shitirashi ham o‘tirganlarga malol kelgan kabi edi.
Hamma ko‘zini yerga tikib, uzun yakandozning mang‘izi bilan o‘ynardi…
– Nimaga imoning o‘chdi birdaniga? – deb qichqirdi mingboshi haybatli ovoz bilan.
– Yarim puli qancha bo‘ladi, taqsir? – dedi yana Matxoliq. – O‘zingizga beriladigan yetti yigitning beshtasiga ham yurt to‘laydimi, dodxo?
– Ha, bo‘lmasa, men yonimdan to‘laymanmi? – dedi mingboshi dag‘allik bilan.
Yana jimlik cho‘kdi. Mingboshi davom etdi:
– Uch kun orasida yurtga eshitdirib, bo‘lgan gapni menga ma’lum qilasanlar.
– Xo‘p, taqsir! – dedi Matxoliq.
Boshqalar jim qoldilar. Mingboshi qichqirdi:
– Nega boshqalaring indamaysan? Qanjiqsan hammang! Senlardi amin qilib, qo‘lingga amal bergandan xafa bo‘ldim-ku!
– Bekor qilib qo‘ysangiz ham tuzuk edi, taqsir, – dedi bir amin. Hamma unga tomon evrildi.
– Seni bekor qilmasdan burun otxonaga qamab kaltaklataman… Shoshmay tur!
– Taqsir, taqsir, taqsir! – degan ovozlar yuksaldi har tomondan.
– Bo‘lar ish bo‘ldi, yaxshilar, – dedi Matxoliq jamoatga yuzlanib. – Yurtning katta-kattasini chaqiramiz-u «buyruq shu» deb eshitdiramiz. Bizning ishimiz shu. Yurt «yo‘q» desa, kattalarimiz biror maslahat ko‘rsatar.
– Yo‘q deb ko‘rsin, qani? – dedi mingboshi. – Oqpodshoning o‘z buyrug‘i bu! Yo‘q deb ko‘rsin!
– Shu choqqacha yo‘q demagan, endi ham yo‘q demas, – dedi Hakimjon.
– Rost aytasan, mirza, – dedi mingboshi. U bu so‘zning avvalgi hijosini qalin qilib aytardi. – Yo‘q deydigan topilmaydi.
– Rost aytasiz, taqsir, – dedi Matxoliq. – Yo‘q demasa kerak. Ammo-lekin podsholikning pastarin bir iti bo‘lganimdan ko‘rgan, bilganimni aytib qo‘ymasam bo‘lmaydi.
– Ayt, aytma degan odam bormi?
Hamma Matxoliqqa tikildi.
– Yurtning vajohati buzuq, taqsir. Gap ko‘tarmay qoldi. Asad oyida ro‘za tutgan bangiga o‘xshaydi, taqsir… Endi, yurt – ko‘pchilik, ehtiyot kerak, deymiz-da.
Hamma birdaniga tasdiqladi:
– Rost, taqsir, rost!
– Rost bo‘lsa rostdir, yolg‘on degan odam yo‘q. Ammo-lekin «kim katta: yurtmi, oqpodshomi?» deb so‘raganda nima deysanlar? Qani?
Hech kim og‘iz ochmadi. Yana Matxoliq gapirdi:
– Albatta, «oqpodsho» deymiz, taqsir!
– Unday bo‘lsa, gap tamom. Omin, ollohu akbar! Boraber hammang o‘z ishingga…
Ellikboshilar o‘rinlaridan turib u yoq-bu yoqqa yoyilgach, mingboshi Matxoliqni chaqirib oldi. Uning bir qulog‘ini qo‘li bilan cho‘zib keltirib dedi:
– Absamatni yiqitsam, seni mingboshi qilib qo‘yardim. Abjirsan, bachchag‘ar!
Matxoliq kuldi.
– Qulluq, taqsir, xizmatingizni qilsam bo‘ldi. Shunga xursandman.
Mingboshi uning boshini yana ham o‘ziga yaqinroq tortdi:
– Bu qish ichi na bitta qovunim bor, na bir dona tarvuzim. Uch-to‘rt aravagina eplagin, hissasini chiqarib beraman.
– Xo‘p, xo‘jayin, jonim bilan.
Matxoliq uzoqlasha boshlagan edi, yana chaqirdi:
– Aytgancha, esimdan chiqibdi. Bularingga ayt: yurtni namozga ko‘proq haydab turishsin. Buyruq shu!
Matxoliq hammani chaqirib olib baland ovoz bilan bu yangi buyruqni ham eshitdirdi. Shu bilan tarqalishdilar.
Kengash majlisini o‘tkazgandan keyin mingboshi darhol o‘ziga yigit to‘plashga kirishdi. Yetti kishi o‘rniga yigirma-o‘ttiz talabgor bir qishloqning o‘zidan chiqdi.
Hakimjon muni mingboshiga arz qilib turib dedi:
– Ishlar yaxshi, taqsir, yettita desak, o‘ttiztasi kelib o‘tiripti.
Hakimjonning birinchi jumlasida sezilarlik darajada ochiq bir piching bor edi. Lekin u pichingni mingboshi dodxo payqayolmadi.
– Bekorchi ko‘p qishloqda, bekorchi! – dedi mingboshi.
– Yo‘q, xo‘jayin. Men gaplashib ko‘rdim. Hammasi chorikor bolalar. «Jonimizdan to‘ydik, bola-chaqamiz och…» deydi.
Mingboshi birdaniga qo‘pol bir ovoz bilan kulib yubordi. Hakimjon bu nogaxon kulishning sababini bilolmay hayron edi. Keyin mingboshi o‘zi anglatdi:
– Jonidan to‘ygan bo‘lsa yaxshi! – dedi u. – Jonidan to‘yganlar yaxshi so‘qishadi. Oqpodsho «vayna»da5 qiynalib qolsa, qishloqning hammasini yig‘ib jo‘nataman! Ish yirik, mirza.
Yana o‘sha xunuk ovoz bilan kula-kula ichkariga kirib ketdi.
Hali qorong‘i tushib palovga dasturxon yozilgan yo‘q ediki, tashqariga bir mehmon kirib keldi. Hakimjon uni kular yuz bilan, sevinib qarshi oldi. Bir oz keyin ichkaridan chiqqan mingboshi ham unga nisbatan bir qadar mulozimat bilan muomala qildi. Lekin bu mulozimatning yasamaligi shu qadar ochiq ediki, mehmonning ko‘zlari Hakimjonning ko‘zlarini to‘g‘ri keltirib turib u to‘g‘rida bir himo qilib o‘tdi. Hakimjon ham ko‘z qarashi bilan mehmondan uzr so‘radi. Mehmon esa «muning o‘zi nima-yu, muomilasi nima bo‘lardi?» degan ma’noda kulib qo‘ydi, xolos.
Palov yeyilib bo‘lgach, ko‘k choyni ichib o‘tirib, ular uchovi suhbatga tushdilar. Mehmon Hasanov degan bir tatar yigiti bo‘lib, qishloq qarz shirkatlarining inspektori edi.
– Urushdan gapiring, abzi! Urush nima bo‘lyapti?
– Urushni siz bilasiz, mingboshi. Sizdan eshitaylik, – dedi Hasanov.
– Men urushni qaydan bilay? Gazit o‘qimasam?!
– Siz, axir, bir bo‘lusning kattasisiz.
– E, kattaligi qursin! Kerak bo‘lsa, oling shu kattalikni!
Mingboshi bu so‘zlarni jiddiyat bilan aytardi. Mehmon kuldi:
– Zerikdingizmi, xo‘jayin? Darhaqiqat, bu nozik zamonda katta amal ham zeriktiradi.
Hakimjon o‘z xo‘jayinining ta’bi bir oz olinganini payqadi, shekilli, uning yordamiga yetishmoqchi bo‘ldi:
– Chinakam, – dedi u, – shu zamonda amaldor odamga juda qiyin… Siz bilmaysiz. Men, mana, doim xo‘jayinning qo‘ltig‘laridaman. Yaxshi bilaman. Juda qiyin…
– Bilaman, juda yaxshi bilaman, – dedi Hasanov. – Albatta oson emas.
Mingboshi hali ham jim edi. U qo‘lidagi bo‘sh piyolani aylantirib o‘ynardi. Hakimjon davom etdi:
– Zamon nozik bo‘lmasa, mingboshilarning yigitlari ortdirilarmidi?
– Shunday gap bormi? – deb so‘radi Hasanov.
– Gap bor emas. Buyruq bor. Biz odam chaqirdik. Uchta yigitimizga yettita qo‘shiladi…
Mana shu joyda mingboshi ham birdan gapga aralashdi:
– Hammasiga sollot beshotari bermoqchi… Sollotlikka mashq qildirmoqchi… Munga nima deysan?
– Juda soz! – dedi Hasanov. Papirosini uzun so‘rib tortgan holda o‘ylab ketdi.
– Nimasi soz? – dedi mingboshi qo‘pol bir xitob bilan.
– Juda soz, mingboshi afandi. Faqat… men ishonmayman munga…
– Nimasiga ishonmaysan? – dedi mingboshi yana o‘sha qo‘pollik bilan.
– Bizning musulmon-turk yigitlarining qo‘liga rus hukumati beshotar miltiq berib qo‘yarmidi? Hukumatning esi bor.
Mingboshi hayron bo‘lib qoldi. Bu yetti uxlab bir tushiga kirmagan fikr edi. Ko‘zini keng-keng ochib mehmonga qaradi. Bu qarashda ham hayrat bor edi, ham qo‘rquv…
– Nega bermasin? O‘zi buyurib o‘tiripti-ku?
– Bitta-yarimta esi pastrog‘i buyurgandir, taqsir. Esi borlari munga yo‘l qo‘ymaydi!
Mingboshi indamadi. Hakimjon butun borligi bir diqqatga aylanib, ikki ko‘zini mehmonga tikkan edi. Mehmon davom etdi:
– Musulmonning qo‘liga yaroq bermaydi bu hukumat. Biz musulmonlar, turk bolalari, o‘zimiz yaroq olmasak, dushmanlarimiz o‘zi o‘z qo‘li bilan bermaydi.
– Kim dushman? – dedi mingboshi. Bu savolda endi po‘pisa asari boridi. Mehmon sira shoshmasdan, bemalol javob berdi:
– Sizning dushmaningizni aytayotganim yo‘q, dodxo afandi. Turk-islom xalqining dushmanlarini aytaman…
– Germonni aytasanmi?
Hakimjon birdaniga kulib yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi.
– Shunday, taqsir! Germonni aytaman. Turk millatiga yarog‘ berib qo‘ymaydi u! U – turk millatlarining jon va qon dushmani!
– Unday bo‘lsa… butun qishloqni yig‘ib, qo‘liga beshotar berib, Germon bilan urushgani jo‘natmoqchi bo‘lganimga nima deysan?
Mingboshi bu so‘zlarni g‘urur bilan kulib turib so‘zlardi.
– Nima derdim? Unday qilsangiz, sizni «g‘oziy» derdim… Islom millati sizning bu xizmatingizni hech bir unutmas edi…
– Minnating bilan ishim yo‘q. Turkingni ham bilmayman men. Mana bu mirza aytadiki, qishloqda jonidan to‘ygan ko‘p. Shularning hammasini Germon urushiga jo‘natsam – oqpodshoning qo‘li yuqori keladi, bu qishloqlar yalangoyoq, bezorilarning kasofatidan qutuladi!
– Hay, hay! – dedi mehmon. – Muning savobiga kim yetsin! Juda zo‘r xizmat qilasiz, dodxo! Favqulodda buyuk xizmat!..
Shu suhbatdan keyin Hakimjonda mingboshiga nisbatan bir qarash tug‘ildi. U qarashda ixlos va hurmatdan boshqa hamma narsa boridi. Bu qarashni o‘sha kechasi, mingboshi yotgani kirib ketgandan keyin, Hakimjon mehmonning o‘ziga ham bir oz izhor qildi. Mehmon Hakimjonning e’tirofini eshitgandan keyin juda o‘t olib, qizib gapirdi:
– Bizning butun fojiamiz shundaki, – dedi u, – do‘stimiz bilan dushmanimizni ajrata olmaymiz. Eshitdingizmi uning gaplarini? Bizning dindoshimiz, millatdoshimiz bo‘lgan Turkiya bilan bir safda urushayotgan Germaniya bizga, biz Turkiston turklariga dushman emish…
Mehmon bir oz to‘xtaldi. Papirosini qattiq-qattiq tortib, og‘ir-og‘ir bosh tebratdi.
– Bular barchasi ilmsizlik kasofati, Hakimjon! Nodonlik mevasi. Bu yo‘g‘on sallali, bo‘sh kallali hayvonlar, Buxoroyi sharifni spekulyatsiya qilib, islom millatini zaharlovchi mikroblar bizni shu holga keltirdilar… Eh… eh… eh!..
Astoydil kuyib gapirayotgan mehmon Hakimjonning ko‘zi uyquga ketgandan keyingina so‘zdan to‘xtadi.
Ikkalasi so‘riga joy qilib uzalgan vaqtlarida, Hakimjonning yana uyqusi qochgan, birinchi xo‘rozlar unda-munda qichqira boshlagan edilar.
Bular ikkalasi ko‘rpaga uzalgandan keyin ham anchagina gaplashib, mingboshidan, umuman, o‘sha zamonning hamma amaldorlari, hukumat va idora usullaridan shikoyat qilishdilar. Mehmon bir vaqtlar noyib to‘raning Miryoqubga aytgan gaplarini yana ko‘proq tafsilot bilan Hakimjonga aytib berdi. O‘z mingboshisining ishlariga qarab hamma mingboshilar va umuman o‘sha zamon hokimiyati to‘g‘risida ko‘p ham yaxshi fikrda bo‘lmagan Hakimjon shu suhbatdan so‘ng o‘zining xom va chuvalashgan fikrlarini pishitdi, bir oraga yig‘di, boshidagi fikrlar bir tartib doirasiga tushib, yangi-yangi pardalarni uning miyasidan sidira boshlagach, o‘zida allaqanday bir o‘zgarish bo‘layotganini o‘zi ham sezdi: o‘sha kundan boshlab uning hamma narsaga qarashi boshqa bo‘ldi! Mingboshi – burungi mingboshi emas, farsahlarcha yiroqlarda. Yaqinlashib kelganda ham xuddi buni o‘ldirgani kelayotganday… Miryoqub, uning ishbilarmonligi, epchilligi, ziyrakligi… «U agar haq yo‘lni topsa bormi – noyob odam bo‘ladi!» Har bir katta sallali domla – bemorga zahar berayotgan tabib… Har bir boshini quyi solgan eshon – odamlarning kissalariga yashirincha qo‘l uzatgan kisavur… Abdisamat mingboshi – uni o‘ylaganda Hakimjonga jon kiradi! «Uni ko‘rsa tikilib, ko‘zini olmay, uzoq-uzoq qarab tursa, ziyorat qilib qo‘lini o‘psa, nima buyursa shuni qilsa!..»
Hasanovning fikrlari, ayniqsa, yangi olinaturgan yigitlar to‘g‘risidagi fikri mingboshiga ham ta’sirsiz qolmagan edi. Mingboshi Hasanovdan biroz qo‘rqqan va shu uchun unga sovuq qaragan bo‘lsa-da, uning o‘sha yigitlar to‘g‘risidagi fikriga qarshi kelmasdi. U ham ichkariga kirib joyiga cho‘zilgach, u to‘g‘rida anchagina o‘ylab yotdi.
«Bu bachchag‘arning gapi qursin! Nimaga bo‘lsaykin, uning gaplarini eshitganda odam cho‘chib tushasan: xuddi… oqpodshoni so‘kib yuboradiganday! Xuddi… uning so‘kkanini birov eshitib qolib, Yodgor echki yo Umarali puchuqqa yetkazadiganday! Ular bo‘lsa oqizmay-tomizmay hokim to‘raga chaqadiganday! Boz ustiga, ular «oqpodshoni so‘kib turgan vaqtida Akbarali mingboshi «ha, ha» deb turgan edi!» deyishdan ham toymadiganday! So‘ngra hokim to‘ra chaqirib olib g‘azabiga oladiganday! Mingboshilikni tortib olib, el ko‘zida tamom sharmanda qiladiganday! Abdisamat bilan Yodgor echki, Umarali puchuqlar yana qo‘shkarnayi bilan jar soladiganday!..»
– «Lekin, bachchag‘ar kofir, bir narsani bilmasdan aytmaydi. Nimaga desangiz, u «zakon» kitobini ko‘p o‘qigan, hamma vaqt o‘risning ichida qaynaydi, o‘ris tilini suv qilib ichib yuborgan… Kattalarimiz o‘rus-da, axir! O‘ris bo‘lganidan keyin musulmonga yon bosmaydi. Bu rost! Shu yerda Hasan abzi bilib aytadi! Musulmonning qo‘liga yaxshi beshotarni berib qo‘yarmidi? Yo‘q! Agar men o‘rus bo‘lsam (astog‘furullo!), musulmonning qo‘liga aslo yarog‘ bermasidim! Aslo! Abzi rost aytadi. Abzi, abzi, abzi!..»
Mana shunday uylar bilan mingboshi zo‘rg‘a uxlab ketdi.
Erta bilan uyqudan uyg‘ongach, yana o‘sha – yigit masalasini o‘yladi. Yigitlarning uchta yo o‘nta bo‘lishi mingboshi uchun baribir edi. «Ko‘p bo‘lsa, g‘alvasi ham ko‘proq bo‘ladi» deb o‘ylardi u. Faqat… faqat…
– O‘nta yaxshi yigitga yaxshi ot, yaxshi sarpo, yaxshi yarog‘-aslaha berib, o‘z mahkumimni bir aylansam, iloji bo‘lsa, Abdisamat turadigan qishloqdan bir ot choptirib o‘tib qo‘ysam… bas! Shundan keyin kattalar uch yigitni bittaga qoldirsalar ham mayli edi!..
Bu o‘yning natijasi shu bo‘ldiki, ertasi kuniyoq qishloqdan odam ola boshlab, 2-3 kunda yettita navqiron yigitni – chertib-chertib! – mirshablikka qabul qildi. Undan-bundan so‘rab, so‘ratib, iloji bo‘lmaganda… tortib olib bo‘lsa-da, hammasini yaxshi otga mindirdi, allaqaylardan ov miltiqlari topib, o‘novini yaroqlantirdi, ust-boshlarini tekisladi, o‘zi ham eng yaxshi zar choponini kiyib, tilla kamarini bog‘lab, uzun qilichini osib, saman yo‘rg‘ani minib yo‘lga chiqdi.