Kecha va kunduz/12

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Kecha va kunduz  (1936) 
by Abdulhamid Choʻlpon

Miryoqub ertalab uyqudan ko‘zini ochgan vaqtida, allaqaysi stansiyadan jo‘nagan poyezd u izdan bu izga do‘qillab o‘tmoqda edi. Vaqt hali erta bo‘lganligidan, birinchi klass vagonning yumshoq yo‘lagi tomonidan hech qanday oyoq tovushi eshitilmadi. Demak, hali hamma yo‘lchilar uyquda. Ehtiyot bilan bosib o‘tgan bir oyoq sharpasi bir nafasgina eshitilib, so‘ngra uzun yo‘lakning chuqurliklariga botib yo‘q bo‘ldi…

Poyezd stansiya chegarasidan o‘tib, ekin dalalari orasiga kirgan edi. Bir terilgan paxtalar yana chaman-chaman ochilib yotardilar. Allaqayda bir sigirning mung‘ayib mo‘ragani eshitildi. Eshak mingan bir yo‘lchi stansiyaga tomon chopib o‘tdi. Kichkina eshakning kichki­na oyoqlari shabnam tushib namlangan tuproq ustida bolalarning olma parra kegaychalari singari ko‘zga ilashar-ilashmas qimirlardilar. Undan keyin orqalarida chang bulutlarini qoldirib otliqlar o‘tdilar. So‘ngra aravalar, piyodalar, yana eshak, yana otlar bir-birini ta’qib etdi.

Erta bilanning sovuq shabadasi sur tuproq changlarini asta-sekin vagon derazasi orqali ichkariga tomon sura boshladi.

Miryoqub bir nafasga ko‘zini yumdi. Poyezd keskin burilish bilan chapga qayrildi, chang bulutlariga ko‘milgan qishloq ko‘chasi o‘ng tomonda qolib ketdi. Olisdagi tog‘larning nil rangli suratlari gavdalandi. Ba­land-past daraxtlarning uchlarida hamda keng tolaning bir qismida ertalabki quyoshning zarchavaga o‘xshab yoyilgan shu’lasi ko‘rindi. Qalin daraxt oralaridagi noma’lum qishloqlardan ko‘tarilgan tutun ustunlari u joylarda odamlar yashaganini ko‘rsatardi. Poyezd chapga burilgandan keyin, sovuq shamol tolalarning xush yoqadigan salqinini olib kirib yuzlarga urdi…

Shu topda ko‘zlar ixtiyorsiz pastga qaraydi.

O‘z yozmishini begona bir osiyolikning qo‘liga topshirib qo‘ygan va mashru’ nomi tashlanib, qalbaki nom berilganiga xursand bo‘lgan moviy ko‘zli go‘zal yumshoq o‘rinda silkina-silkina uxlamoqda edi. Shu kecha ayniqsa baxtli bo‘lganmi bu juvon yoki shirin tushlarning sehrli quchog‘ida suzadimi – nima bo‘lsa bo‘lsin – shu topda muloyim kulimsirab juda chiroylik uxlaydi. Bu uxlashning chiroyliligini Miryoqub tushunolmaydi, albatta!

Bu xotin butun kecha bo‘yi juda tinch va xotirjam uxlaganga o‘xshaydi. Bir oyog‘i tizdan quyisi bukilib, so‘richadan pastga osilibdi, bir oyog‘i unisini quvlab borib, so‘richaning qirg‘og‘ida uxlab qolibdi. Uzun ko‘ylagi butun badanini kam-ko‘stsiz yopib turadi. Faqat, bir yengi tirsakkacha shimarilib qolgan… Oppoq qo‘llari va bilaklari o‘z yonida – o‘z onasining to‘qlisiday – bir chiroylik uxlaydi. Miryoqub jonidan ko‘zini ololmaydi. Yuqoridan turib shu bir siqim vujudni tomosha qiladi. «Meniki, shu go‘zal maxluq meniki, bu­tun vujudi meniki» deydi va quvonadi. Faqat, qulog‘i ostida kapa tikib yotgan tergovchi darrov o‘z borligini bildiradi:

– «Miryoqub! Qaysi ko‘zing bilan shu chiroylik manzaraga qaraysan? Haqqing bormi unga bu xilda quvonib qarashga? Sen bilan ko‘rishganidan beri bu juvon boshqa har narsani unutdi. Berlindagi sevimli akasi ham esiga kelmaydi. Bilasanmi, tushida ham seni ko‘rayotir u! Sen nonko‘rni! Sen bevafo do‘stini! Sen usta savdogarsan, bilamiz, hurmatlaymiz! Sen pulni o‘ynatasan, pul bilan o‘ynashasan! U sening qo‘lingdan keladi, ortig‘i bilan keladi! Pul bilan o‘ynashsang, pulni o‘ynatsang yaxshi bo‘laridi. Sen chakki munaqa go‘zal maxluqlarning ko‘ngli bilan o‘ynasha boshlading! Go‘zal xotinlarning ko‘ngli jonon piyolaga o‘xshaydi, sendek qo‘pol kishilar uning jaranglaganini eshitmasdan tu­rib sindiradilar… Singandan so‘ng ulardan ayanch narsa qolmaydi dunyoda!»

– «Meni behuda ayblaysiz. Men uni iflos joylardan o‘g‘irlab olib chiqdim. Endi hech bir harom qo‘l, nomahram qo‘l tegolmaydi unga! U hozir nomusli bir erkakning nomusli xotiniday toza…»

– «Sen o‘zing-chi? Sen o‘zing? Endigina qilingan yangi gunohlaring bilan?»

– «Yangi gunoh qilganim yo‘q! Hali ham eski gunohlarim ketimdan quvalab yuribdi. O‘shalardan qutulay deb qochdim. Qochib ketayotirman. Bas endi, muncha ta’na».

– «Har nima desang, de, ikki kun avval noyib to‘raning xotini, bir kun avval mingboshi dodxoning xotini sening qo‘yningda edi. Endi bugun-erta bu oqko‘ngil maxluqqa ham chang solasanmi? Qanday botina olasan?»

– «Men munga tegmoqchi emasman, tegmayman ham. Siz bilmaysiz, shu xotin bilan ko‘rishganimdan beri o‘z-o‘zimni taniyolmay qoldim!»

Miryoqubning bu so‘zlari to‘g‘ri edi. U, chinakam, hamma vaqt bu xotinning yonida o‘tirib, u bilan bir xonada yotib borishga majbur bo‘lsa ham, unga qo‘l uzatish degan vasvasali fikr bilan doim kurashib kelardi. Belgisiz bir joyda, belgisiz bir zamonda, belgisiz shartlar ichida ular ikkalasi o‘z-o‘zlaridan qo‘shilib qolishlari kerak edi. Xotin ham shu xilda o‘ylab, shu xilda tushungani uchun o‘zini ona qo‘ynida ketayotgan kabi sezardi. Shu uchun bo‘lsa kerak, Miryoqubning mumkin qadar o‘zini chetga tortishga urinishlarini anglayolmasdi.

Hayfki, ular ikkalasi – bir-birining tilini yaxshi anglayolmaganlari uchun – yo‘l quyi o‘ylab va o‘ylanib borishga majbur bo‘lsalar-da, har kungi o‘ylari va ingtibolarini bir daftarchaga yozib borishni eslariga keltirmadilar. Ular ikkovi bittadan «kundalik daftarcha» yuritgan bo‘lsalar, mana bunga o‘xshagan yaxshigina sarguzashtnoma hosil bo‘laridi.

J a k o b.

(Xotin tomonidan Miryoqubga berilgan nom).

«Bilmadim, bu poyezd meni qayerga olib boradi? Qrimga deb yo‘lga chiqdim. Belatlar Moskavgacha. U yerda nima bo‘ladi? Ungacha nima bo‘ladi? Bilmayman. Nima uchun bu safarga chiqqanimni ham bilmayman… Qishloqqa jo‘naganimda to‘rt-besh kun turarman deb o‘ylagan edim. Bir kecha yotdim, xolos. Sahar turib, haligi bo‘ynimga osilgan ilonni chiqarib tashlagach, ichkariga kirdim. Xotinim ichkarini supurayotgan edi. Ko‘ziga qaradim, tuni bo‘yi uxlamagani ko‘rinardi. Men ham tuni bo‘yi uxlayolmay chiqdim… Ilon kirgan edi qo‘ynimga! Ilonni o‘pgan harom lablarim bilan uxlab yotgan bolalarimni o‘pay deb quyiga egildim, ko‘nglim chidamadi. Ko‘rpaning qirg‘og‘ini o‘pdim. Xotinim ko‘rib turgan edi. «Bu odam bizdan kechib ketayotganga o‘xshaydi. Hatto o‘z bolalarini ham o‘pkisi kelmaydi» deb o‘ylagandir, to‘lib-toshib yig‘lagandir. Bechora xo­tin, bilmaydiki, bolalarimni o‘pmasligim ularni sevganligimdan edi».

M a r y a m.

(Miryoqub tomonidan xotinga berilgan nom, xotinning asl nomi Mariya emasmi).

«Yo rabbiy! Yo rabbiy! Nima bu? Tushimmi, o‘ngimmi? Qaydaman? Nima holdaman? Kecham nimaydi? Bugunim nima? Ertamda nima bor?

Jakob nomerning eshigini ochib chiqib ketdi. Men darhol ichdan qulflab oldim. Uning o‘z so‘ziga qarab loaqal besh kun o‘zimni qamoqqa hukm qilgan edim. Besh kunda besh marta kechasi, hamma uxlaganida tashqariga chiqib kelishni chamalardim. Boshqa vaqtlarda doim uyda, doim shu kichkina, shirin va ishonchli uyda! Besh kun ichida nimalar bo‘lmas edi deysiz? Ko‘nglimda tashvishlarim yo‘q emasidi: balki, kelmay qoladi? Balki, mendan aynidi? Balki, bir oydan, bir yildan so‘ng kelar? Balki, tez orada kelar, lekin o‘ylari va niyatlari o‘zgarib, oddiy bir «xaridor» kabi kelar, bir soatga kelar, yarim soatga kelar… Shunday bo‘lsa, men nima qilaman? Yana o‘sha iflos muhitga qaytamanmi? Yo‘q. Yo‘q! O‘lim undan yengil… ancha yengil.

Nima uchun men unga ishondim? Nima uchun? Nima uchun yot bir odamning quruq so‘zi bilan butun niyatlarim, qasdlarim va xulyalarimdan kechdim? Qanday esipast xotin ekanman men! Yana qaytib botqoqqa sakramoq uchun balandroqqa chiqibman… Balandroq yerga chiqib turib – xuddi dengizga o‘zini tashlaydigan hopituvchilar kabi o‘zimni yana o‘sha xandaqqa tashlamoqchi bo‘libman! Bilmabman, o‘ylamabmanki, xandaqning ichi­da turgan vaqtingda odam uning havosiga ko‘nasan. Faqat, bir marta u yerdan chiqilgach, ochiq va sof havoga chiqilgach, tog‘ havosi kabi toza havoli tepalarga chiqilgach… qaytib xandaqqa tushib bo‘ladimi? Telbaman men! Telba! U puli ko‘p bir savdogar edi, shuni bilardim. Nima uchun men unga «ming so‘mga chek yozib ber, shunda ishonaman!» demadim? Yozib berardi. Undan ke­yin istar kelsin, istar kelmasin edi. Men qo‘limda pulim bilan yo‘lda bo‘lardim… maqsad yo‘lida bo‘lardim. Yozib bermasa, sevmaganligini bilardim, unga ishonmas edim… aldanishdan qutulardim. Men telba!..

Ikki kecha-ikki kunduzning qanday o‘tganini bilmadim. Chunki haligi xilda fikrlar, vasvasalar menga kun bermaylar edi. O‘ylardim, o‘ylardim, na yig‘lashimni bilardim, na kulishimni! Yo‘lakda, eshigim yonida ehtiyot bilan bosilgan qadamlar eshitila boshladi. O‘z-o‘zini qamoqqa olgan yosh va go‘zal xotinga qiziquvchilar topildi, shekilli. Xizmatchi ovqat keltirgan vaqtida: «Nimaga chiqib yurmaysiz?» – dedi. «Meni so‘ragan kishi yo‘qmi?» – dedim. «Yo‘q, – dedi. – Kim kelmoqchi edi?» «Erim» – dedim, jim bo‘ldi. Shundan so‘ng oyoq sharpalari ham eshitilmas bo‘ldi.

Tushimmidi, o‘ngimmidi? Ohistalik bilan eshikning chertilganini eshitdim. Uning men bilan xayrlashib chiqqaniga faqat ikki kecha, ikki kunduzgina o‘tgan edi. «Besh kundan so‘ng kelaman» deb edi o‘zi. Bu chertish xizmatchining chertishiga o‘xshardi. Xizmatchi bo‘lsa kerak deb, so‘ramasdan ochdim. U kirib keldi! Oh, shu aziat! Biz ko‘rishmadik, nima uchundir, u qo‘l uzatmadi, men ham unutdim. So‘z ham aytmadi. Soqov kabi kirib ke­lib, qo‘lidagi biletlarni ko‘rsatdi. Xizmatchini chaqirib hisoblarni uzdik. Darhol vokzalga chiqdik.

Ikkimiz bir uyda yotibmiz. Ko‘ngillarimiz – bir. Badanlarimiz – boshqa. Poyezd tez yurib ketayotir. Ko‘zlarim yumildi… Tushimmi, o‘ngimmi?..»

J a k o b.

«Toshkentdan kechasi o‘tganga o‘xshaymiz. Odamni zeriktiradigan quruq cho‘lga kirib boramiz. Vagonimizda yangi nusxa Toshkent to‘ppisi kiygan, sochini bir enlikkina o‘stirgan, forma kiyimli bir odam paydo bo‘ldi. Kaltagina, chiroylikkina mo‘ylovi bor… Oq yuzli. O‘zi ham chiroylik. Juda olifta qadam qo‘yadi. Toshkent odamiga o‘xshaydi. Maskovchi savdogarmikin? Yo zakunchimi? Yo mahkamalarda ishlaydigan odammi? Har qalay, o‘ris tiliga omil bo‘lsa kerak, qo‘lida o‘ris gazetlari ko‘raman. Bizning xonamiz oldidan bir necha mar­ta u yoq-bu yoqqa o‘tdi. Sinchiklab qaraydi. Bilmadim, mengami, Maryamgami? Qo‘rqamanki, ko‘zlari Maryamda! Toshkent savdogarlari olifta bo‘ladi. Ovro‘pa xotinlarini yaxshi ko‘radilar. Yo‘ldan urishga ham epchil, deydilar… Menga katta tashvish ortdi. Eshikni berkitib qo‘ydim… Xona ichi dam. Maryam o‘ng‘aysizlana boshladi. Eshikni qaytadan ochib qo‘yishga majbur bo‘ldim».

M a r y a m.

«Jakob meni sevadiganga o‘xshaydi. Sevmagan odam munday qilmaydi. Oh, agar rost bo‘lsa!

Chiroyli bir sart yigiti bizning xonamizga ko‘p qaraydi. Unga qaraydimi, menga? Bilmayman. Menga qarasa kerak. Chunki erkak erkakka nega qarasin? Xotya, sartlarda erkak erkakni sevadigan odat bor emish… qiziq!

Jakobchik, mening sevimli Jakobchigim ochiqdan ochiq bezovta bo‘la boshladi. Eshikni bir qur yopdi. Ke­yin men bir-ikki marta og‘ir «uh» tortib edim, ochib qo‘ydi. Oh, biz xotinlar! Shu sart yigiti tezroq gap tashlasaydi. Jakobni yaxshilab sinardim. Tezroq sinasam, ko‘nglim o‘rniga tushsa.

Shu uchun yo‘lakka chiqdim. Ochiq derazaning orqasida ketsiz cho‘l, yalang‘och sahro uzala tushib yotadi… Qanday to‘ydiruvchi yaknavlik! Yolg‘iz bo‘lsam, ilinchagim bo‘lmasa, zerikib o‘lardim. Tomosha boshlandi: orqamdan darrov Jakob chiqdi. Yonimga o‘tib to‘xtadi.

– Havo yaxshi-a? – dedi.

– Chakki emas, – dedim, kuldim. Bu olov bilan o‘ynashayotgan bolaning beparvo kulishi edi…

Sart yigit ham deraza oldida edi. Jakob uning tomoniga o‘tib to‘xtadi. Poyezd stansiyada bir oz to‘xtab jo‘nagandan keyin, sart yigit yonimizdan o‘tdi, bizga qo‘shni bo‘lgan deraza oldida – mening qatorimda to‘xtadi. Shundan keyin sekingina Jakob ham o‘sha tomonga o‘tdi.

Sart yigit nega gap tashlamaydi? Janjal bo‘larmidi? Bo‘lsin! Janjal qo‘zg‘aladi, yotadi, faqat, uyg‘onib «hoy» degan ko‘ngil javob eshitadi: «Labbay!» Menga shu kerak. Sart yigit, u ham – aziat! Xotin ko‘nglini bilmaydi. Achchig‘im keldi, uyga kirib eshikni yopib qo‘ydim.

Shoshma, shoshma! Nima gap? Ular ikkovi so‘zlasha boshladilar. Faqat janjalga o‘xshagan yeri yo‘q…

Yana achchig‘im keldi. Nu, ix!..»

J a k o b.

«Xayriyat, Maryamga emas, menga qaragan ekan. Men bilan tanishmoqchi bo‘lganini so‘zladi. Tanishib oldik. Toshkentlik savdogar. Finlandiyaga borayotir emish. U qaysi mamlakat?»

M a r y a m.

«Jakob sart yigit bilan qalinlashdi. Endi u biz­ning xonada ko‘p o‘tiradi. Men bir chekkada. Yonimda Jakob… Jakobchik. Uning yonida – yigit. Ruschani ju­da yaxshi bilar ekan bu yigit. Jakobni xijolat qildi. «Xotiningiz bilan tanishtirmaysizmi?» dedi, shekilli, Jakob menga qaradi. «Bu kishini taniysanmi?» de­di. Men qaydan taniyman? Qiziq! Qo‘limni uzatdim. «Sharafuddin Xodjayev» dedi. Qanday qiyin ot! Ja­kob, Jakobchik… Bu boshqa. O‘zi chiroylik narsa lekin».

J a k o b.

«Savollarimning javobini endi topadiganga o‘xshayman. Bu yigit jadidlarning kattalaridan biri ekan. Endi «imperiya»ni so‘rab olay deyman. Shunday gaplarni gapiradiki, ko‘zim piyoladay bo‘ldi. Men uyquda ekanman… g‘aflat bosgan ekan bizni. Millat de­gan narsamiz bor ekan, biz – omilar uni «fuqaro» deb yurganmiz. Bu yigit «millat» degan vaqtida allaqanday shirin eshitiladi.

Lekin «bu kishi kimingiz?» deb so‘ragani yomon bo‘ldi. Nima deb javob berishga hayron bo‘lardim. Hali javob topolganim yo‘q edi. O‘zi yordam qildi: «Ahliyangizmi?» «Ha, ahliyam». Qutuldim! Undan keyin bizning xonaga kirib o‘tirib, «Ahliyangiz bilan tanishtirib qo‘ymaysizmi?» dedi. Men Maryamdan «tanishmisan?» deb so‘ragunimcha bo‘lmay, Maryam qo‘l uzatib o‘tiribdi. Kofirning qizi! O‘rganib qolgansan-a!

Xayr, mayli, men bu yigitga ishonaman. Uning boshida xotin savdosi borligini payqaganim yo‘q. U o‘z «millati» bilan ovora.

Haddidan oshib ketsa, biz oddiy xalq, musht ham ko‘tara beramiz!»

M a r y a m.

«Sart yigiti balo bo‘ldi. Jakob ertadan kechgacha o‘sha bilan gaplashadi. Men hech narsa anglamayman. O‘z tillarida gazetlar o‘qishadi. Yigit o‘rischa gazetlarni o‘qib tushuntiradi. Bir tomondan olganda, bu yaxshi: Jakobning fikri ochiladi. Odam bo‘ladi. Madaniylashadi.

Faqat, men uni shu yovvoyi holida ham sevaman, shekilli. Zerika boshladim. Nima qilsam? Kitob topib o‘qiy.

Jakobning yuzida va ko‘zida o‘ychanlik aralash bir tabassum paydo bo‘ldi. Diqqat qildim: ko‘nglida ajib bir olov yona boshlaganga o‘xshaydi. Oh, yo rabbiy! Meni sevgan ko‘nglidagi muhabbat olovi emasmi? Faqat… unday bo‘lsa, u ajib va shirin kulish bilan kulgan ko‘zlari nima uchun menga emas, boshqa yoqlarga, olislarga qaraydi? Boshqa sevgining olovi emasmi? Oh, yo rab­biy! Yo rabbiy!..»

J a k o b.

«Bu yigit boshqacha chiqdi. Men izlagan pir shu bo‘lsa-ya? Nima uchun men shu vaqtgacha jadidlarni so‘kib kelganman? Agar jadid shu bo‘lsa, nimaga men jadid emasman, nimaga mingboshi jadid emas, hamma jadid emas?.. Faqat, noyib to‘ra boylardan yerlarni, zavodchilardan zavodlarni tortib oladiganlardan gapirdi, ular ham jadidlarga o‘xshagan yangi bir toifa emish… Yo‘q, men mundan ehtiyot bilan bir so‘rab ko‘raman. O‘zi aytib berar.

Noyib to‘ra bilan o‘rtamizdagi aloqani, noyib to‘raning musulmon tiliga va xatiga omil ekanini, uning «Imperiya» to‘g‘risidagi gaplarini gapirib berdim. U ham gapirib ketdi… gapirdi… gapirdi… og‘zidan ajoyib ta’sirlik so‘zlar to‘kiladi. U so‘zlarning har bir donasi ko‘zimdan bir qavat pardani sidiradi.

Ochildim… Umrimda birinchi marta yangi tanishgan bir kishiga ko‘ngil sirimni aytib berdim. Maryam voqeasini mendan batafsil eshitgandan keyin kaltagina bir so‘z qildi:

– Siz endi bu xotinni qo‘ldan chiqarmang! Bu – bizning boshimizda danak chaqayotgan bir dunyoning qizi. Biz bularni ko‘ngildan yomon ko‘ramiz. Bular – bizning dushmanlar! Faqat, bular hammasi, butun holda – dush­man! Yakka-yakka bo‘lganda, oralaridan do‘st topa olamiz. Yaxshi do‘stlar topiladi. Juda yaxshi do‘stlar… U do‘stlar bilan og‘iz-burun o‘pishar ekan, ularning changalidan qandoq qilib qutulishni bir nafas ham unutmaymiz!

Siz uni iflos chuqurdan tortib chiqaribsiz. U muni taqdir etadi, o‘zining yosh va toza ko‘nglini sizga tutadi. Sizga qarashlaridan anglaymanki, uning ko‘ngli ko‘pdan sizniki bo‘lgan! Siz – baxtlisiz. U ham sizni endi siz uchun yangi bo‘lgan bir dunyoga olib kiradi. Siz unda haqiqiy onalarni ko‘rajaksiz. Millat bolalarining baxti haqiqiy, madaniy onalar qo‘lida bo‘lmasa, bizning oqibatimiz yomon! Siz undan ko‘p narsa ola bilasiz. Singillaringiz, qizlaringizni shularga o‘xshab tarbiya qilsangiz, shundagina vazifangizni bajargan bo‘lasiz! Eskilarning tili bilan: «qo‘shoq qaringiz!» deyman… Qo‘shoq qaringiz – millatning, millat onalarining saodati uchun!..

Bizning tilimizni biladigan amaldor oshnangiz to‘g‘risiga kelsak… Bizning mamlakatimizga rus hukumati bir «mustamlaka» deb qaraydi, ya’ni mamlakatlarning o‘gayi singari… Shu uchun bu yerga yaxshi amaldorni yubormaydi. Bitta-yarimtasi adashib kelib qolmasa… Ulardan bizga do‘st yo‘q… Bizning do‘stimiz – o‘zimiz! Bizning do‘stimiz – millat! Ular – millat dushmanlari… Biz ularga – dushman! Shuni unutmangiz!

Mamlakatning tarixi, adabiyotiga oid qimmatbaho asarlarni tekinga berish hamda bir rus amaldoriga berish, bilmadim, nimaga teng? Mencha, bu – millatga xiyonat! Unday asarlarni siz to‘plangiz, milliy kutubxona tashkil qilaylik. To‘g‘ri yo‘l – shu!

Bizdan necha baravar kichkina millatlar mustaqil bir hukumat qurib, o‘z davlatlari ila Ovropaning, shu madaniy Ovropaning markazida, ya’ni kindigi singari joyda yashaydi. Toshkent tramvayini o‘shanaqalar aylantiradi… Bizning baxtsizligimiz – nodonligimizda, xolos. Millat uyg‘onsin, ko‘zini ochsin, o‘qisin, bilim olsin, madaniy millatlar qatoriga kirsin, so‘ngra u ham o‘z davlati, o‘z baxti, o‘z saodatini quradi.

– Millatni uyg‘otish – uyg‘onganlarning vazifasi. Mana, siz, ancha eslik, hushyor, ziyrak odam ko‘rinasiz. Ish bilasiz ekan. Davlatingiz bor ekan. Faqat birgina aybingiz shuki, zamon ahvolidan xabardor emassiz. Gazet o‘qimaysiz. Shu zamonda mundan yomon gunoh bormi? Qanday yaxshi gazetalar bor. Orenburgda, Qozonda, Ufada, Bokuda, Astarxanda, ayniqsa, Moskavda, urush bitgandan keyin chetdan oldirib o‘qing! Boqchasaroyga besh so‘m pul yuborsangiz, bir yilgacha har kuni «Tarjimon» keladi. Bilasizmi, «Tarjimon» nima deydi?

Shu yerda men uning so‘zini bo‘lib, dedim, chunki juda payti kelgan edi:

– Boylarning yer-suvi, zavodchilarning zavodlari olinib, yalang oyoqlarga berilsin demaydimi? Shuni aytib bersangiz.

– Siz sotsialistlarni aytasiz, – dedi, – bizning oramizda sotsialistlar yo‘q. Biz sotsialistlardan yiroqmiz. «Tarjimon» nima deydi? «Tarjimon» – jadid gazetlarining otasi, Ismoil boboyning gazeti. Eng eski gazet… «Tilda, fikrda, ishda birlik!» – deydi, ya’ni biz musulmonlar, turk xalqlari, bir til bilan gapiraylik, bir fikrda bo‘laylik, bir ish qilaylik, deydi. Mundan yaxshi nima bor? Boylarning yerlari, zavodchilarning zavodi, fabrikachilarning fabrikalari bilan bizning ishimiz yo‘q. U ularning o‘z ishlari. Biz o‘qiydigan gazetlarning hech biri unday demaydi. Ular qayta: «Boy bo‘l! Zavod sol! Fab­rika och! Besh minglab, o‘n minglab rabochi ishlat! Milliy sanoatni rivojlantir!» – deydi. «Vaqt» gazetasining mutasaddisi kim? – Rameyev. Bilasizmi u kim? U – millionchi. Tilla konlari bor. Jadidlardan qo‘rqmang. Millatni biling, taning, unga xizmat qiling. Shu bilan siz ham jadidsiz. Nomingiz milliy tarix betlariga oltin bilan yoziladi. Kim pul topma deydi sizga? Mana, men: Finlandiyada magazinim bor, Peterburgda magazinim bor; har yil yarmarkaga borib ish qilaman. Fransiyada Lion, Germaniyada Hamburg shaharlariga boraman. Teri, mo‘yna, mahalliy sanoat mollarini o‘tkazaman. Dunyoning pulini topaman. Faqat, mening o‘g‘lim uloqchi ot minib poygalarda yurmaydi, mendan pul olib qimor o‘ynamaydi, mening topganimni besoqolga, fohishaga bermaydi. O‘qiydi, bilim oladi, odam bo‘ladi, madaniyat kasb etadi. Bir ukam – Finlandiyada, Helsingfors gimnaziyasining 5-nchi sinfida. Bir ukam – Ufada, mashhur Oliya madrasasida. Akamning bir o‘g‘li – Toshkent Real maktabida. O‘z o‘g‘lim hali kichik bola. Finlandiyada, maxsus muallim solib berganman, o‘qiydi…

Endi bu jadidning gapdan to‘xtashini istamay qoldim…»

M a r y a m:

«Jakob meni unutdi. U haligi sartning afsuni os­tiga tushdi. Nima qilaman men? Xayr, mayli, chidayman. Madaniy Jakob, albatta, til bilmas, yovvoyi aziat Jakobdan yaxshiroq. U meni xandaqdan tortib chiqardi, endi mening sababim bilan o‘zi ham madaniy odam bo‘lib ketsa – qanday yaxshi!

Faqat, zerikdim. Kitob oldim. Jurnal oldim. O‘qidim… O‘qiyman… bo‘lmaydi. Yo‘l uzoq. Yaknav manzaralar… Zerikishdan bo‘g‘ilaman… Jakobning bo‘yiniga osilib bo‘g‘sam deyman!

Nihoyat, bir rus xotin bilan tanishdim. Eri Tosh­kent shahrida advokat ekan. Onalarini ko‘rgali Moskavga ketayotir. Endi menga ham so‘zlashadigan odam topilib qoldi. Birinchi, ikkinchi, uchinchi va h.k. gaplarimiz… sevgi to‘g‘risida bo‘ldi!»

J a k o b.

«Qiziq: gap degan narsa shuncha ta’sirlik bo‘ladimi? Kechagina men «jadid» degan so‘zni eshitsam, belim qayishardi. Yurtimizning katta, obro‘yli, eslik odamlari hammasi jadidlarni yoqtirmasidi. «Jadid kofirning ashaddiysi» derdi Shahobiddin domla. Gazet o‘qiyturgan bitta mullabachchani madrasadan rasvo qilib haydagan edi. Shahardagi katta boylarimiz bo‘lsa ular to‘g‘risida «tirranchalar», «haromilar» demasa gapirolmasidi.

Mana, men endi jadidni ko‘rib o‘tiribman. Erta-kech gapiga quloq solaman, qulog‘imni uning og‘zidan uzib ololmayman… Bir yomon joyini ko‘rganim yo‘q. Gaplari hammasi ma’qul. Birovning mol-mulkiga chang solaturganga o‘xshamaydi… O‘zi ham badavlat odam. Halol kasb qilib pul topishni, dunyo orttirishni bilar ekan… Bu yomonmi?

Agar jadid shunday bo‘lsa – men ham jadidman… Fursatni to‘g‘ri keltirib turib:

– Imperiya nima degani? – deb so‘radim.

– Nega so‘rab yotibsiz? – dedi.

– O‘zingiz bilgan amaldor oshnam bir kun «Impe­riya botib boradi» dedi, shunda juda xafa bo‘lib ga­pirdi.

– Uning Imperiya degani o‘ris podshosining qo‘l ostidagi yurtlar. Unda har qaysi millatdan bor, shu qatorda biz sho‘rliklar ham bormiz. Ular, urush muvaffaqiyatsiz bitsa (shu so‘zini tushunolmadim), o‘sha yurtlarning parcha-parcha bo‘lib bo‘linib ketishidan qo‘rqadilar. Rusiyani, shu quloch yetmas keng o‘lkani, qilich kuchi bilan, qozoq o‘risning nayzasi bilan qo‘rqitib, butun holida qiyomatgacha ushlab qolmoq istaydilar. Sog‘im sigirni kim istamaydi? Oppoq, shirin suti bor…

– Nimaning suti bor? – deb so‘radim men.

Kuldi.

– Siz-biz sog‘im sigirmiz, bizning shirin sutimiz bor, ruslar va boshqa ajnabiylar «bizni» emib yotadilar. Bir biz emas. Qarangiz: Hindiston, Sharqiy Turkiston, Tunis, Jazoir, Mag‘ribiston, ya’ni Marokash… Misr ham Angliya qo‘liga kirib bitdi. Endi asta-asta Turkiyani bo‘layotirlar. Butun islom olami, musulmon o‘lkalari birma-bir ajnabiylar qo‘liga o‘tayotir. Qarangiz: Eronni, bir tomondan bizning ivanlar, bir to­mondan – «Makkor Albiyon» uz nufuzlari ostiga oldilar.

U gapiradi, gapiradi. Men hayron bo‘laman. Muncha nomlarni qaydan biladi? Hammasi qandoq qilib esida turadi? Hammasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganmi? Yo meni laqillatib, o‘z ichidan chiqarib aytadimi? Hali Finlandiyada bir shaharning nomini aytdi, til o‘lgurni bir munday epga keltirib aytib bo‘lmaydi… Har qalay, bu xotin menga hech narsa bermaganda ham roziman. Ko‘zimni to‘sib yotgan pardalarni olib tashladi-ku.

Faqat… Maryam allaqaysi bir uyda bir xotin bi­lan tanishib olib, bizga o‘xshagan suhbat boshladi. Bir xabar olib qo‘yay, suhbatlariga birorta begona erkak oralamadimikin?

– Men bir xotinimdan xabar olib kelay! – dedim. Yonidan jildim.

Borsam, Maryam kitob o‘qib yotibdi, narigi diqqat bilan quloq soladi. Bir erkak bor, yuqori so‘rida uxlab yotadi. Xayr, mayli, zerikmasin bechora Maryam.

Yana jadidning yoniga qaytdim. U birdaniga so‘rab qoldi:

– Sizning musulmon xotiningiz ham bormi?!

– Bor… yo‘q, yanglishdim: bor edi…

– Har holda, musulmon xotin bilan turib ko‘rgansiz-ku?!

– Ha… albatta.

– Endi, mana, tarbiyaning nimaligini o‘z tajribangiz bilan bilasiz. Tarbiyasiz, ongsiz va nodon mu­sulmon xotin bilan tarbiyalik madaniy ovro‘palini solishtirib ko‘rasiz. Farq yer bilan osmon qadar! Darhol bilinadi.

– Hali ham o‘g‘limni o‘ris maktabiga beraman deb qo‘ydim.

– Bu fikringiz xato. Ibtidoiy tarbiyani rus maktablaridan boshlab bo‘lmaydi, uni milliy maktablarda berish kerak. Ilgari milliy hissini o‘stirib, o‘z millatini tanitgandan keyin rus maktabiga berish kerakki, hunarga, ixtisosga tegishli ilmlarni o‘qisin (bu odamning gaplarida shunaqa men anglamaydigan so‘zlar ko‘p: u o‘zi o‘ylamasdan gapirib keta beradi. Tez-tez to‘xtatib so‘rashga men uyalaman. Ba’zi so‘zlarni anglamasam-da, hamma gaplarini anglayman. Gazet o‘qiy bersam tushunib ketarman). Undan keyin Germaniya, Fransiya, Angliya mamlakatlariga, hatto dunyoning narigi chekasidagi Amriqoga yuborib o‘qitish kerak…

O‘ruslarda ilm ko‘p. O‘ruslar – mutaraqqiy millat. Lekin ular o‘zlari ham asl ilmni o‘sha yoqdan oladilar.

– Shundaymi?

– Shunday. Mana bu urush tugasin, Finlandiyaga bir keling. Undan nari birgalashib Germaniyaga o‘tamiz, Fransiyani ko‘ramiz, Angliyani tomosha qilib kelamiz. Shundan keyin jadidlarning nima demoqchi bo‘lganini bilasiz…

– Men hali ham sizning gaplaringizga qoyil kelib o‘tiribman…

– Qoyil kelgan bo‘lsangiz, millatga xizmat qilingiz, g‘aflatda qolgan xalqni uyg‘otingiz, yangi maktablar ochingiz! Bolalaringizni yangicha o‘qitingiz.

– Albatta, albatta. Bundan keyin shunday qilaman endi. Ko‘zim ochildi… men ham taraqqiy qilib qoldim… Millatni odam qilishga urinaman endi…

– Habbarakalla! Siz Abdisamat mingboshi deganni taniysizmi?

– O‘zimizning Abdisamat kalmi? Taniyman. Qishlog‘i bizga yaqin.

– Ana, haqiqiy millat xodimi o‘sha! Hamma ming­boshi va amaldorlarimiz o‘sha odamga o‘xshasa, millat tez taraqqiy qilardi.

– Qizlarini yangicha o‘qitadi deb eshitaman.

– Qizlarini yangicha o‘qitish uchun Ufadan maxsus muallima oldirgan. Hozir o‘sha muallimaga o‘z uyida yangicha qizlar maktabi ochib bermoqchi bo‘libdi. Yaqinda yuqoriga ariza berib, «usuli jadid» maktabi ochishga ruxsat oldi. Toshkentdan biz muallim jo‘natdik. U odam – millatning otasi! Hammamizning otamiz! Ko‘rsangiz, salom ayting. Hamma jadidning orzusi o‘sha odamni bir ko‘rish!

Maryam chaqirdi. Bilmadim, nima gap. Bu to‘yilmas suhbatni bo‘lib chopdim».

M a r y a m.

«Qarta o‘ynab-o‘ynab zerikdim. Jakob mendan tamom kechib yubordi… Jinimdan yomon ko‘raman u madaniy sartni! Yer yutsin uni!

Qartada fol ochsam, bir-bir ketin «baxtsizlik» (neschastye) chiqadi. Qo‘rqib qoldim. Demak, mening Jakobimni tortib olajaklar! Madaniyatdan yomon nar­sa bormi ekan dunyoda? Hatto madaniylashgan sart ham ertadan kechgacha valdirashdan bo‘shamas ekan…

Chidayolmadim. Chaqirdim. Kelsa, chinakam gaplashib, masalani hal qilaman. Ana, kelayotir… keldi. Jakob!!»

J a k o b.

«Uyga kelib kirishim bilan, «Jakob!» deb bo‘ynimga osildi. Eshik ochiq, hammaning ko‘zi bizda! Ana, ho‘ngrab yig‘lay boshladi!

Boshimga balo bo‘ladiganga o‘xshaydi. Mening fikrim hozir boshqa yoqlarda, boshqa ko‘chalarda. Maryam muni bilmaydi… Har qalay, silab-siypab yupatdim. «Bir ozdan so‘ng qaytib kelib, tuni bo‘yi sen bilan gap­lashib o‘tiraman» dedim. Kulimsiradi…

Yo‘q, shu kulimsirashidan kechib ketolmayman!»

M a r y a m.

«Hech narsa deyolmadim, tilim tutildi… Bo‘yniga osilib yig‘ladim. Erkalatib, yupatib, va’da berib ketdi».

J a k o b.

«Moskavda bir-ikki kun to‘xtaymiz. Shu vaqtda Ma­ryam masalasini bir yog‘liq qilish kerak. Shunga jazm qildim. Ungacha Maryamni yupatib borish kerak.

Maryam masalasi – kichkina masala. U oson hal bo‘ladi. Аммо miyamda paydo bo‘lgan fikrlar meni qayerga olib boradi? Shunga hayronman».

M a r y a m.

«Jakobchikning menga muomilasi o‘zgardi. Qanday baxtliman! Faqat… «U mening kimim, nimam? Uni men sevamanmi?» degan savollar miyamni tintalaydi. Keyingi savolning javobini o‘zim berishim kerak. Endi bu to‘g‘rida qat’iy bir fikr aytadigan vaqt keldi. Soddalik bas endi! Bir narsa deyishim kerak. «Sevaman­mi, yo‘qmi?» O‘zimga beradigan javobim Moskvagacha berilmagi lozim!»

J a k o b.

«Orenburgdan jo‘nab edik, shirin so‘zli «jadid» shaharni ko‘rsatdi. Qaradim. Shahar orqada qolgan edi…

– Bu yerda bir мadrasa bor. Nomini “Husayniya” deydilar. Uch qavat, yevropacha imorat. Unda jadid ilmlari o‘qiladi. Bilasizmi uni kim soldirgan? Jadidlarning eng katta otaxonlaridan Ahmadboy Husainov… Juda boy odam edi. Usuli jadid maktablariga ko‘p pul sarf qildi. Millatga qilgan xizmati sanoqsiz… Bizda ham shunday boylar bo‘lsa? Anjonda Mirkomilboy bor. Eshitgandirsiz? Millat yo‘liga bir chaqa bermaydi. Johil!..»

– U nima, bir omi eshak-da… – dedim men. – Taraqqiy qilgan emas… Gazet o‘qimaydi…

Temir ko‘prikdan o‘tib, daraxtzor ichiga kirdik. O‘rmon daraxtlari sarg‘aya boshlagan edi.

– Menga qarang, – dedim men, – jadidlar ham «boylarning yer-suvi olinsin» der emish-ku?! Birov men­ga shunday dedi, juda ishontirib aytdi!

– Yo‘q, yo‘q! Aslo! Ilgari xam aytib edim-ku: ular – sotsialistlar. Jadidlar sotsialist emas. Aslo! Aslo! Endigina Ahmadboy Husainov to‘g‘risida gapirdim. Shunday odam jadidlarning otasi sanaladi…

– Unday bo‘lsa, juda yaxshi, – deb qo‘ydim men.

– Ori rost, – dedi jadid. – Ilgari jadidlar orasida ham, haligi aytganingizdek, sotsialist bo‘lib yurganlar bor edi. Chunonchi, tatarlardan Ayoz Is’hoqiy. U bir necha yil burun boylarga qarab ayuhannos tortardi. Hozir Moskavda boylardan yordam olib gazet chiqaradi. Xolisanlillo millatga xizmat qiladi… Moskavga borsangiz o‘sha gazetni topib o‘qing… «So‘z» gazeti… juda yaxshi gazet!

Ko‘nglim birmuncha tinchlandi. Jadidlarga endi ishonib qoldim. Ulardan yolg‘onchi chiqmaydi. Yaxshi odamlar!

Maryamga va’dam bor edi, vagonda chirog‘lar yoqilgach, xayrlashib uyimga ketdim».

M a r y a m.

«Bu kecha Jakob men bilan bo‘ldi. Chala-chulpa u gapirdi – men angladim, chin ko‘ngildan men gapirdim – u angladi. Anglashdik. Qanday baxtliman men! Hech shubha yo‘qki, Jakobning o‘xshovsiz ko‘zlari bor… qop-qora, o‘ynoq, jonli! Yo‘q! Men u ko‘zlardan kechib ketolmayman!..

Nima bu? Iqrorimmi? Sevganimni iqror qildimmi shu bilan? Sevamanmi men uni?

Sevamanmi?

Yo‘qmi?

Sevaman!

Lekin… u sevmasa?

Mendan oladiganini olib qo‘limga chek uzatsa?

Muni o‘ylashdan ham qo‘rqaman!

Lekin…

Sevishga haqqim bor!

Sevaman!

Narisini bilmayman!..»

Jakob.

«Jadid yana Maryam masalasiga to‘xtaldi. Ko‘p ga­pirdi.

– Yurtingizda qolgan bolalaringizning tarbiyasini shu xotiningizga topshiring! Odam bo‘ladi ular.

– Milliy maktabda o‘qimaganlar-ku?! – dedim.

– Unday bo‘lsa, davlatingiz bor, xususiy bir muallim yo muallima oling. Tez bo‘ladi. Siz agar Qrimga borsangiz, Boqchasaroy degan yerga tushing. «Tarjimon» gazetasini izlab toping. O‘sha yerdagi ustodlar bilan gaplashing. Balki, muallim, muallima xususida sizga yordam beradilar, yo‘l ko‘rsatadilar.

Qo‘limga gazetning nomini yozib berdi. Musulmoncha xati xunuk ekan… Maryam masalasini Moskavda hal qilishga to‘g‘ri keladi. Yangi ko‘rishgan kunim chizilgan rejalar buzildi… Endi uni Moskavda tashlab, o‘zim yana o‘z yurtimga qaytib ketsammi? Jadidning so‘zlari meni qo‘zg‘atib qo‘ydi, uning so‘zlarini men ham boshqalarga xuddi o‘shaning o‘ziday chiroylik va ta’sirlik qilib gapirsam deyman. Odamlarning ko‘zini ochsam deyman.

Yo‘q… bo‘lmaydi. Maryamni tashlab ketish qo‘limdan kelmaydi. Shoshma, jadid domla ham Maryam to‘g‘risida ko‘p narsalar dedi-ku! «Millat onalari yetkazish uchun g‘ayrimillatning onalaridan o‘rnak olaylik» dedi. Hali Maryamning o‘rnak bo‘lishi bor… Yo‘q, uni tashlab bo‘lmas.

Qani, Moskavga boraylik-chi. «Ertaning g‘amini eshak yeydi». Ana, Moskav atrofidagi yozloqlar ham bir-bir ketin o‘ta boshladilar».

M a r y a m.

«Moskvaga yaqinlashib kelamiz. Ana, dachalar… ba­land imoratlar… katta shahar…

Faqat, ko‘nglimni bir qistov, bir xafalik changallaydi. Allanarsaning belgisiz tashvishi, andishasi bor…

Nima u?

Ayriliq!

Yo‘q, men ayrilib ketolmayman!»

J a k o b.

«Ozoda musofirxonalardan biriga tushdik. Ikkimiz ikki xonadamiz. Maryamning ko‘zlarida haqorat qilingan bir qarash pilpillaydi. Bechora…

Jadid ketdi. U bilan vagonning o‘zida xayrlashdim. Shundan keyin ko‘rmadim. Endi, uning shirin ovozi qulog‘imdan yiroqlashgach, ta’sirli so‘zlarining shoshilish oqimi uzilgach… u so‘zlarni es tarozisiga solib ko‘rayotirman.

Rostmi u gaplar? Yolg‘on emasmi? Bir musulmon odamni din yo‘lidan, ota-bobolar, burungilar yo‘lidan chiqarish uchun g‘ayridinlar tomonidan qurilgan tuzoq emasmi? Bu yigit namoz-niyozni bilmaydi. Qiyofatida musulmonlik asari yo‘q… Domlalarimizning aytganlari rostmi ekan? Nega men u yigit bilan bahs qilishmadim?

Yo‘q, u bilan bahslashib bo‘lmaydi. Uning gaplariga gap topib javob berish qiyin. Uning gaplariga hech kim javob aytolmaydi.

Qani, ko‘raylik, nima bo‘lar ekan. Qrimga bormay ilojim yo‘q. Men Maryam uchun bo‘lsa ham boraman. U yerda jadidlarning kattalari bor emish. Ularni ko‘raman, gaplashaman. Agar jadidlarning asosi puch bo‘lsa, Xalifayi Rum jadidlarga tarafdor bo‘larmidi? Hamma tartib, nizom o‘sha tomonda deydi-ku. Yangicha o‘qish Rumdan kelgan… kalta kiyim Rumdan chiqqan… rumcha yoqalar o‘sha tomondan kelib rasm bo‘lgan…

G‘alati ahvolga tushib qoldim men. Miyam g‘ovlab ketmasa deb qo‘rqaman. Ilgari tinchgina pul topishimni bilardim. Ota-bobomiz yurgan yo‘ldan bora berardik. Endi allakim chiqib, «ota-bobolarning yo‘li egri edi, to‘g‘ri yo‘l bu yoqda!» deydi. Odam ishonadigan qilib aytadi.

Shu ikki yo‘ldan birini tanlab olishim kerak. Bir­daniga ikki yo‘ldan yurib bo‘lmaydi.

Yana jadidlar bilan ko‘p so‘zlashmoq kerak. Gazet o‘qish kerak. Har kun-har kun yangi-yangi gazetlarni o‘qish kerak. «Moskavda yaxshi gazet bor» degan edi, shuni axtarib topay. Yangicha kitoblar topib olib, ularni ham tatalab ko‘ray.

Mayli, ishqilib, ko‘zim ochilsin. Bilinmagan narsalarni bilay. Ko‘p narsa o‘rganay. «Bilgan bilmagandan yaxshi» deydi jadid. Mana bu gap – haq, lekin!»

Maryam.

«Moskvagacha Jakob men bilan bo‘ldi. Muomalasi butunlay o‘zgardi. Qarta, o‘lgur, aldadimikin? O‘zim yanglish ochdimmi? Yo teskarisiga aytadigan qartamikan?

Faqat, nima uchun nomerda ikkovimiz ikki xonaga tushdik? Demak, Jakob men bilan ayrilishmoq istaydi. Agar ko‘nglida muhabbat bo‘lsaydi – shaharda uch kecha birga bo‘ldik, yo‘lda olti kechani birga o‘tkazdik – menga yaqinlashardi.

Men qarshimanmi yaqinlashsa? Yo pul berish kerak deb qo‘rqarmikin? Men hozir pul degan narsani o‘ylamayman. Istasa, o‘z pullarimni ham beraman. Faqat, haydamasa bo‘ldi!

Men shoshib qoldim. Nima qilishimni bilmayman. Bu Jakob juda berk odam, hech narsasiga tushunib bo‘lmaydi. Yaponlarni shunday bo‘ladi, derdilar. Bu ham Osiyo bolasi emasmi? Hammasi bir balo!..

Xo‘p… ikkimiz bir xonaga ham tushdik, u kelib meni o‘pdi ham deylik… quchoqladi ham deylik… Albatta, u holda men o‘zimni tutolmayman… u ham tutolmaydi…

Faqat, natija? Natija nima bo‘ladi? Odatda, erkaklar shundan so‘ng sovunadilar. Bu ham sovunsa… Qo‘limga chek uzatsa… Xayr-ma’zur degani bo‘ladi! Yo‘q, yo‘q! Cheki qursin! Puli qursin! Istamayman!..

Chora nima, chora? Bilmayman…

Menda nima ixtiyor? Meni sotib olgan u, pul unda… Ixtiyor unda… O‘shaning og‘ziga qarayman-da. Ket dermikin o‘sha og‘iz? A?!»

Jakob.

«Qrim sanatoriyalaridan ikkitasining adresini oldim: «Ikki kishilik joy bormi?» deb telegramm bermoqchiman. Telegrammni yozdiray deb edim, bo‘lmadi… Chunki ikki joymi, bir joymi?

Ilgari Maryam masalasini hal qilish kerak. Men uchun-ku, u masala hal bo‘lgan, faqat u nima deydi? «Pulimni ber, ketaman» deydimi? Yo men bilan umr qilishga unaydimi? Hozir borib to‘ppa-to‘g‘ri so‘rasammi? So‘ray. Yo‘q! So‘z bilan so‘rash bo‘lmaydi… Qani mening chek daftarim? Ha, mana. O‘ruscha yozishni bilmayman-ku. Bo‘lmasa, sifrini yozib tagiga qo‘l qo‘yay… bo‘ldi!»

M a r y a m.

«Jakobni kuni bo‘yi ko‘rmadim. Ovqatdan keyin o‘z uyiga chiqib ketdi. Anchagacha kutib o‘tirdim, kirmadi. Nima bo‘ladi bu ishlarning oxiri? Men haydaladigan bo‘ldimmi? O‘zini bu qadar chetga olishidan, og‘ir o‘ychanligidan qo‘rqaman.

Soat necha? Ho‘-ho‘… 11 ga yaqinlashibdi. Kech kirganda yomon uxlabman. Jakob yotib qolgandir endi? Erta bilangacha yana judolik!

Endi o‘rnimdan tursam… bir vannaxonaga chiqib… yaxshilab yuvinsam. Undan keyin bir narsa yeb… pastga tushsam… Zerikdim. Baxtim yo‘q mening!

Xazon vaqti… tabiat asta-asta o‘lib boradi… Shundayda mening o‘luk ko‘nglim tirildi. Yana o‘lish uchunmi?..

Bir yaxshi sovuq suvki! Rohatlar qildim.

Bu nima? Yo tavba! Men chiqib ketgandan keyin Ja­kob kirganga o‘xshaydi…

Chek! Tamom! Sho‘rim quridi…»

J a k o b.

«Bir quchoq gazet olib kelib o‘qidim. Tili g‘alizroq… tez charchayman. Shu kecha Maryam bilan birga yotib, erta bilan qo‘liga chekni beray deb edim, keyin mulohaza qildim: mundan «Ishing bitdi. Xayr endi!» de­gan narsani anglamasin, dedim.

Chekni avval berdim. Anglarmikan? Bir ozdan so‘ng uyimni qulflab yoniga boraman».

Maryam.

«…Qancha yig‘lasam, shuncha darmonim quriydi. Qrim sayohati peshonamga yozilmagan ekan. Bir kecha-ikki kecha, ket deguncha, birga bo‘laman. Mendan oladiganini oladi… So‘ngra pulni olib chiqib ketaman. Yana burungi xulya: Petrograd. Germaniya… akam. Faqat u xulyadan shu qadar qo‘rqamanki!

Nima qilay, sart yigiti yo‘ldan urdi. «Sart xotiningni tashlama!» dedi, shekilli, tag‘in ziyoli. Iblis!

Men qarorimni berdim, qat’iy qaror: men uni sevamn. U meni quvayotir. Mayli, bir-ikki kun tamoman meniki bo‘ladi. Sevgan odamim bilan ikki qiyomat kechani o‘tkazganman deb, shunga quvonib yurarman! Bo‘ldi!

– Tuxum qovurmasimi? Mayli, bering. Bir shisha portveyn ham qo‘shib keltiring! – dedim xizmatchiga.

Oh, may! Ko‘nglimda bir nash’a paydo bo‘ldi. Negadir sevinaman. Eshikni chertdilar. Kim u? Jakob!..»

Jakob.

«Kirganimda kechki ovqatni yeb bitirgan ekan. May ham ichibdi. O‘zi xursand! Tushunganga o‘xshaydi. Shunda ham shoshilmoqchi emasman. Ilgari bir oldidan o‘tib, ba’zi vazifalarni bo‘yniga qo‘yish kerak deb bilaman. Turib kelib bo‘ynimga osildi. Mastlik bilan juda qattiq, jinnilarcha osildi. Men ham muqobala qildim… Faqat birozdan so‘ng qo‘lini bo‘ynimdan olib qo‘yib:

– O‘tir, – dedim.

– «Meni quvma, Jakob! – dedi. – Men senga bir-ikki kechalik mehmonman! Shu ikki kechaning ixtiyori menda! Men – jinlanganman, men – o‘tman, olovman! Qarshi kelma menga!»

Kuldim.

– Men senga xotin bo‘l deb taklif qilmoqchiman. Sen nega mehmonman deysan? Yo men bilan birga yashashni istamaysanmi?

Rangi o‘chdi. Ko‘zlari yoshlandi. Qaltiroq bosdi. Nafasi ichiga tushdi. Yoniga o‘tib erkalatdim. So‘ngra o‘ziga keldi.

– O‘ngimmi, tushimmi? – dedi. – Rost aytasanmi? Yo hazilmi? Munaqa hazillar odamning o‘lishiga sabab bo‘ladi, Jakob!

– Bilasanmi, Maryam, mening ikki qizim, bir o‘g‘lim bor.

– Bo‘lsin.

– Katta qizim 12 da, qolganlari undan kichik…

– Juda yaxshi.

– Bolalarning saodati uchun xotinga javob berishga to‘g‘ri keladi. Boshqa chora yo‘q. Qizlarni-ku bermas, o‘g‘limni olaman-u, tarbiyasini senga topshiraman. Nima deysan?

«Rost aytasanmi» deganni qilib ko‘zimga qaradi. Men «rost» degan ma’noda bosh tebratdim.

– Men senikiman. Nima desang shu!

Ikki kishilik joy so‘rab, sanatoriyaga shoshilish telegram jo‘natdik. Deraza yonidagi keng va yumshoq kursiga o‘zimni tashladim.

– Endi meniki bo‘ldingmi, Maryam? – dedim.

Totli-totli kulimsirab kelib qarshimda to‘xtadi:

– Ko‘rishgan kunimizdan beri! – dedi.

O‘zi juda sokin va yuvosh edi. Telbalarcha quturishlari ko‘rinmasidi. Ko‘p intizordan so‘ng sevganiga qovushadigan haroratli juvonga o‘xshamasidi. Nechundir ko‘pdan beri er bilan yashab kelgan bir oila xotinining sokinligi boridi. Iliq sokinlik…

– Tugmani bos, – dedim.

Xizmatchi keldi, soat 11 bo‘lib qolganiga qaramasdan, vannani qizitishga buyurdim. Nomer xalqi pulni yaxshi ko‘radi. Bitta uch so‘mlikni olib, bir nafasda hozir qildi. Maryamning pardozi uzoq ketishini bilganim uchun bemalol yuvinib chiqdim. Men chiqquncha Mar­yam kiyinib bo‘lgan edi.

– Soat necha? – deb so‘radim

– 12 dan bir oz o‘tibdi.  :

– Qani, yur bo‘lmasa!

Ko‘zlari olaydi!

– Qayerga? Yarim kechada-ya?

– Yuraber, sen menikisan.

Yana totli-totli kuldi. Moskavda no‘g‘oylarning machiti borligini toshkentlik yigitdan eshitgan edim. U yigit shuni ayta turib ham jadidligini qildi: «Ko‘rdingizmi, – dedi, – dinli bo‘lish libosga qaramaydi. Bizning johil ulamo kimning salla-choponi bo‘lsa mu­sulmon deydi. Holbuki, musulmonlik kiyimda emas, qalbda, dilda. Rus tilida bo‘lsa ham besh vaqt namozlarini tark qilmayturgan musulmonlar bor».

Yarim kechalarda biz – ikki telba ta’qibdan qochgan o‘g‘riday Moskav ko‘chalarida ot qo‘yib ketdik.

Imomni uyg‘otib chiqdilar.

– Nikoh, hazrat, – dedim, no‘g‘oylar domlalarni «hazrat» der ekanlar.

Bir menga, bir unga qaradi.

– Siz-ku musulmonsiz, bilaman. Bu xonim musulmonmi, yo‘qmi? – deb so‘radi.

– Hali hozircha yo‘q.

– Qanday bo‘lar ekan?

Uyquli ko‘zlari bilan menga qaradi. Bitta o‘n so‘mlikni uzatdim:

– Musulmonchilik – asta-sekinlik, hazrat. Asta-asta yo‘lga solib olamiz.

Pulni olib, doktorlar singari qaramasdan kissasiga soldi:

– Voqean, – dedi hazrat, – shariatda ham javob borku-ya…

Ko‘p o‘tmasdan so‘fini chaqirib chiqdi. Uni shohid qilib turib nikohimizni o‘qidi. So‘figa ham bir nar­sa berdik. Shu bilan mening nomim o‘zicha qolib, yangi xotinimning nomi «Bibi Maryam Oysha qizi» bo‘ldi…

Oysha qizi bilan er-xotin bo‘lib, uyga qaytgan vaqtimizda soat ikkiga yaqinlashib kelardi».

M a r y a m.

«Yo rabbiy! Nikoh o‘qitib keldik, nikoh! Men agar boshim aylanib yiqilsam, hech bir taajjub qiladigan joyi yo‘q. Mundan bir necha soat burun ko‘z oldimda o‘limdan boshqa hech narsa ko‘rinmasdi. Ko‘zimdagi tu­man boshqa narsani ko‘rsatmas edi. Holbuki, hali yosh edim va yashamoq istardim!»

Endi – nikoh! Nikohli er! Manfur botqoqdan abadiy qutulish!

Faqat… qanday nikoh? Boshqa va begona bir dinning haddan tashqari sodda va o‘z ummatlari singari vahshiy nikohi…

Na jilo, na porloqlik! Na savlat, na hasham! Hind faqiri qadar sodda va yalang‘och… O‘chgan yonar tog‘lar kabi nursiz va ziyosiz. Eskirgan kema kabi ravnaqsiz va ayanch…

Yo‘q! Yo‘q! Yo‘q! Bu, balki, hamma uchun – shunday. Ammo men uchun… men uchun undan issiq, undan yorug‘, undan porloq va muhtasham nikoh yo‘q! Endi hamma iztiroblar – orqada, hamma qora kunlar – o‘tdi. Endi u – meniki, o‘zimniki!»

J a k o b.

«Mana, Maryam endi meniki bo‘ldi. O‘zimniki, o‘zimdan boshqaga tirnog‘i ham tegmaydi. Ana u aytgandek, dushmanning bu fitnachi qizini qo‘ynimga olarkan, uning hali hech bir qondirilmagan, chanqoq va qizg‘in lablariga lablarimni qo‘yarkan, millatni, uning johil onalarini, bechora qizim, singlim va opalarimni o‘ylashim kerak…

Odamning nafasi shunaqa o‘tkirmi? Bir xushmo‘ylov toshkentlik to‘rt kunda meni boshqa ko‘chalarga burib yubordi! Men hali puxta jadid bo‘lganim yo‘q… Jadid­lar to‘g‘risida gumonlarim yo‘q emas. Lekin ko‘nglim o‘sha tomonga mayl qilib qoldi. Men ham endi «mil­lat odam bo‘lsin!» deyman. «Ota-bobolar yo‘li haq» deyishga endi tilim bormaydi. Jadidlarni ham «bu­lar – haq!» deb ochiq aytolmayman… Ammo jadidlar­ning deganlarini boshqalarning deganlaridan ko‘ra osonroq va tezroq anglayman… Yo ular o‘zlari shunaqa chechan odamlarmikan? Bizning Shahobiddin domla to‘rt og‘iz gapirguncha odamni sil qilib yuboradi. U gapirganda o‘z gapiga o‘zi ham ishonolmaganday gapiradi… Hech bir ta’siri yo‘q!

Yo‘q, bizning musulmonlar ham endi tartib, nizomga tushmasalar bo‘lmaydi!

Maryamning ko‘zlarida g‘alati bir olov yonadi. Shu topda shu ko‘zga jon bersam arziydi. Bir hafta-o‘n kun burun nomerda ko‘p qatori tasarruf qilgan bo‘lsam, bugun qanday asar qolardi? Hech qanday! Akbarali nechtasini tasarruf qildi? Behisob! O‘zim ham behisob tasarruf qilganman. Bugun bir asari bormi? Yo‘q! Qo‘l yuvib to‘kilgan suvday izsiz-asarsiz o‘tdi-ketdi hammasi… Bu-chi? Bu qanoat orqasida qo‘lga kelgan davlat! Bu, xushmo‘ylov yigit aytganday, millat bolalariga haqiqiy onalar qozonish yo‘lini ko‘rsatadi. Bu millatga xizmatning boshi, boshlanishi!…»

M a r y a m.

«Jakob fonarni o‘chirgan edi, men yana yoqdim. Bu daf’a u hayron bo‘ldi: uning ko‘z oldida boyagi chekni mayda-mayda qilib yirtdim. U peshonamdan yumshoqqina bir o‘pib qo‘ydi. Shundan keyin fonar endi bu kecha yonmaydigan bo‘lib o‘chdi. Tashqarida telba shamol quturardi… Mayli, qutursin, menga nima!..»