Kecha va kunduz/11

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Kecha va kunduz  (1936) 
by Abdulhamid Choʻlpon

Kun botishga borayotgan vaqtda «otaxon» bilan «bolaxon» katta darvozadan kirib bordilar. Ayvonda ag‘anab yotgan Hakimjon mingboshini qo‘yib Miryoqubga arz qildi:

– Yurtda hali hozir tinchlik. Unaqa zo‘r degunday ish yo‘q. Mayda-chuyda arizalar ko‘p, albatta. Ularning ko‘pini o‘zim to‘g‘rilab yubordim. Besh-to‘rtta kattaroq arizalar bor, ularni o‘zimcha hal qilishga botinolmadim.

Ichkarida ahvol tuzukka o‘xshaydi. Yangi kelinning otasi ikki kecha yotib, bugun sahar jo‘nab ketdi. Qizi, aftidan, ancha yumshargan, shekilli: katta kundoshlari tomonidan ham harakat katta… Har kun qorilar kelishib, «chillayosin» o‘qilib turadi… Xo‘jayin ketganlaridan beri kelinchak o‘zi ham tinchib qolganga o‘xshaydi. Tutqaloq tutmas emish. Bilmadim, xo‘jayin keldilar, yana boshlanmasa… Kunduz kunlari kulib, dutorni sayratib, ashulla ni baland qo‘yarmishlar.

Aytgancha, xo‘jayinning uchinchi xotinlari – Sultonxon ham otasinikidan kelib qolibdi. «Hamma baloni o‘sha qildi» derdilar, o‘zi ham juda bo‘g‘ilib, nima qilishini bilmay, o‘tiradigan joy topolmay yurar ekanmish. Endi birdaniga juda boshqacha bo‘lib kelibdi. «Hamma hayron» deydi. Katta kundoshlari uning bu xilda o‘zgarishiga sabab topolmasdan hayron bo‘lishar emish. Darvozadan – xuddi yaqin o‘rtog‘ini ko‘rgali kelgan qizday – kulib va quvnab kirib, to‘ppa-to‘g‘ri kichik kelinning yoniga kirgan emish. Kechagina qarg‘ab, so‘kib, «o‘ldirsam!» deb yurgan kundoshini o‘pib, quchoqlab, silab-siypab bir nafasda ikkalasi «qalin do‘st» bo‘lgan emishlar. Endi kichik kelin ham tez-tez «Sultonxon ayam qanilar?» deb so‘rab turarmish. Bu kichik kelinning kelishi o‘sha Sultonxonning boshida bo‘layotgan nayranglar emasmi? Nega bu xotin munday qiladi? Hayronman, Miryoqub aka!

– Hayron bo‘lmay qo‘yaqol! – dedi Miryoqub. – Xotin kishining ko‘nglini xudodan boshqa hech kim bilmaydi. Birdaniga munday o‘zgargan bo‘lsa, tagida bir gap bor. Ishqilib, mundan qo‘rqqulik!..

– Shunga hayronman-da! – dedi yana Hakimjon.

– Men boshqa narsaga hayronman, – dedi Miryoqub. – Men Hakimjonning mingboshi dodxoga beshinchi xotin bo‘lib tegmaganiga hayronman.

– Tilingiz qursin, Miryoqub aka! Shu ham gapmi endi?

– Qayerdan bilding bo‘lmasa buncha ikir-chikirni? Bu hammasi xotin kishi biladigan gaplar.

– E, Miryoqub aka! Siz xo‘jayin bilan birga, yurasiz shaharma-shahar, qishloqma-qishloq – kayf qilib! Men bo‘lsam, qoqqan qoziqday shu joydan bir qarich jilolmayman. Ish bo‘lsa ham shu yerdaman, ish bo‘lmasa ham. Bo‘sh vaqtim ko‘p… zerikaman. O‘tgan-ketgan xotin-xalajni, qiz bolalarni to‘xtatib gapga solaman. «Birga ming qo‘shib» uzatishadi. Ayniqsa, mening bir do‘stim bor: Umrinisabibi degan. Bahrining onasi bor-ku? Ko‘p gapni o‘shandan eshitdim.

– Qo‘y endi, kechqurunning maslahatini qilaylik. Bugun kechqurun kuyovni bir ish qilib suyganiga qovushtirmasak bo‘lmaydi. Juda alangasi osmonga chiqib ketdi! O‘zi ham xunuk ish bo‘ldi. El og‘ziga tushsa yomon bo‘ladi.

– Albatta. Hali ham uncha-muncha gap-so‘z yo‘q emas. Yangi kelinni ancha bo‘shashib qolgan deyishadi. Xadicha xolam bilan gaplashib ko‘ring.

Miryoqub darvoza oldiga borib Xadichaxonni chaqirdi. Xadichaxonning aytgan gaplari Hakimjon bergan ma’lumotning ayni o‘zi edi. Miryoqub kulib qo‘ydi… Miryoqubning fikricha, endi nozli kelinga mingbo­shining shaharda izhor qilgan fikrini, ya’ni uning faqat dutor va ashulla ga oshiq bo‘lganini, itlik tug‘yonlari to‘g‘risiga kelganda, ularni astoydil no‘qtalashga bel bog‘laganini eshitdirilsa, balki, qiz ham «yo‘q» demasdi; birinchi uchrashuv tutqaloqsiz o‘tib olsa, undan ke­yin oson bo‘lardi. Bu mulohazani Xadichaxonga eshitdirdi. Muni eshitgach, Xadichaxon uzil-kesil o‘z fikri­ni bildira qo‘ydi:

– Unday bo‘lsa, ish jo‘n, – dedi. – Hozir kirib gaplashaman. Kechgacha xayriyatlik xabarini eshitdirarman. Siz ayvonga, kuyovning yonlariga boring: jindek ovqat boridi, hozir chiqaraman.

O‘rnidan turgach, bir ko‘zining bir chekkasi bilan Miryoqubga qaradi:

– Sizga javr bo‘ldi, Miryoqub! – dedi. – Mingboshi dodxo xuddi bir go‘dak bola, siz – ona… Siz bo‘lmasangiz, ochidan o‘ladi u kishi…

Ovqatdan so‘ng bir-ikki choynak choy ichildi. Hakimjon bir-ikkita ariza ko‘tarib kelib, mingboshidan fikr so‘radi.

– Sira esing kirmadi-da, Hakimjon! – dedi ming­boshi. – Shu topda ariza quloqqa kiradimi? Qulog‘im – ichkarida! Ertagacha turatur, bir-ikki kun kechiksa, hech balo bo‘lmas! Juda shoshilsang, ana, ana u betavfiqdan so‘rayqol!

Xadichaxonning chaqirishi bilan eshik oldiga borib bir nafasda yana qaytgan Miryoqub mingboshining yelkasiga qoqdi. Mingboshining ikki ko‘zi undan uzilmasdi.

– Suyunchi bering, xo‘jayin! Bugun, mana, ashulla eshitasiz.

– Shukur-ey! Shukur-ey! – dedi kuyov. – Og‘zingga qant-u novvot!

– Bilib qo‘ying, xo‘jayin, – dedi Miryoqub jiddiy bir chehra bilan: – Menga bergan va’dangiz bor-a! Dutor, ashulla! Itlikni tashqarida qoldirib kirasiz…

So‘ngra ovozini pasaytirdi va muloyim qilib dedi:

– Rost aytaman, xo‘jayin. Dastlabdanoq cho‘chitib qo‘ymang… Yosh narsa.

Miryoqub uyiga ketdi. Mingboshi kech kirguncha o‘tadigan «bir necha yillik» vaqtni qisqartmoq uchun qorong‘i mehmonxonaga kirib ko‘zini yumdi.

Miryoqub to‘ppa-to‘g‘ri o‘z uyiga borib, zarur bir ish bilan ikki oylik safarga chiqayotganini aytganidan keyin, xotinining qo‘liga yetarlik pul berdi. Ba’zi bir gaplarni tayinladi. Guzarga chiqib, o‘ziga qarashli baqqolga uyidan xabar olib turish vazifasini yukladi. U yoq-bu yoqqa borib o‘zining xususiy ishlarini to‘g‘riladi. Xufton paytlarida mingboshiniknga kelib, ahvoldan xabar oldi. Kuyovning ichkarida ekanini, birinchi ko‘rishuv tutqaloqsiz o‘tganini, lekin hali hozircha dutor va ashulla ovozi eshitilmaganini aytdilar. Bu to‘g‘rida ham ko‘ngli joyiga tushdi. Hakimjonga mingboshi dodxoning mansabiga oid ba’zi ishlarni tayinlagach, ertaga erta bilan yana shaharga tushib chiqmoqchi bo‘lganini aytib, u yerdan chiqdi.

Ichkarida xotini yig‘lab o‘tirardi. Bolalari uxlagan edilar. Tovoqdagi oshning ko‘pi yeyilmay qolganligi ko‘rilardi. Dasturxon ustida gurunch donalari ko‘p edi. Demak, oshni bolalar o‘zlarigina yeganlar… onalari yemagan…

– Nimaga yig‘laysan? – dedi Miryoqub.

– Shahardan bugun keldingiz. Endi ikki oyga ketaman deysiz… Yosh-yosh bolalaringiz bo‘lmasa ham mayliydi…

– Bolalarimga yetarli pul qoldirdim. Baqqolga tayinlab qo‘ydim, nima desang berib turadi. Ikki oy uzoqmi? Lahzada o‘tadi ketadi. Ish bo‘lmasa, yurmas edim, ish bor, nochor-noiloj yuraman. «Ish qilma, pul topma!» de, ishni sen qil, pulni sen top, men uyda o‘tiray, jon deyman…

Xotini jim bo‘ldi. Faqat, yig‘idan tiyilmagan edi.

– Gugurt ber. Mehmonxonaning chirog‘ini yoqay.

– Men sizga ana u so‘riga joy qilib qo‘ydim. Ketadigan kuningiz bolalaringiz bilan birga yoting endi.

– Sen o‘zing bilasanki, men ichkarida yotolmayman. Ichkarida yotsam, kechasi bilan ko‘zimga uyqu kelmaydi. Gugurtni ber, chiqib tashqarida ayvonchada yotay. Tinch uxlasam, sahar turib jo‘nab ketaman.

Xotin gugurtni uzatdi.

– Tur, o‘rta eshikni zanjirlab ol.

Xotin indamasdan o‘rnidan turdi va uzun yengi bilan ko‘z yoshlarini arta-arta erining orqasidan darvozagacha keldi.

– Qachon uyg‘otay? Yo‘lga nimalarni tugib qo‘yay? – deb so‘radi xotin xo‘rlikdan ovozi tutilgani holda.

– Hech narsa kerak emas. O‘zim uyg‘onaman.

O‘rta eshik juda ohistalik bilan yopildi. So‘ngra yana o‘shanday ohistalik bilan zanjir solindi. Undan keyin ayvonchaga yetib qolgan Miryoqubning quloqlariga yana o‘sha tomondan ho‘ngrab yig‘lagan bir ovoz eshitildi…

Mehmonxona eshigini ochib gugurtni chaqqan vaqtida, mehmonxonaning o‘rtasida ikki qulochini keng yozib… Poshshaxon turardi!

Bu daf’a Miryoqub, bir tomondan, nomerda qolgan oltin sochli dilbarni o‘ylab, yana bir tomondan, mudhish sudning so‘roqlarini eslab, Poshshaxonga sovuq muomala qildi. Uni hali vaqt o‘tmasdan uyiga qaytib ketishga qistadi. Nasihat qilgan bo‘ldi…

Faqat u nasihatlardan hech narsa chiqmadi. Hayotida shu nomashru’ erdan boshqa hech bir yupanchi bo‘lmagan yosh xotin uning bo‘yniga mahkam osildi, shu qadar hirs bilan osildiki, Miryoqub uning irodasiga bo‘yin egishga majbur bo‘ldi.

– «Bu foniy dunyoda mashru’ yo‘l bilan bitadigan biror narsa bormi o‘zi?» – dedi Miryoqub o‘z-o‘ziga.