Kecha va kunduz/10
Mingboshi ishning bu ravishga kirishini hech bir kutmagan edi. Boshqa hamma kishilarday u ham Zebining tutqaloqlarini «qizning nozi» deb bilar va tezda o‘tib ketishiga ishonardi. Shu uchun kunduzlarini juda besaranjomlik bilan o‘tkazib, kech kirganda entika-entika ichkaridan sevinchlik xabar kutardi. Besh kungacha har oqshom bir xilda sovuq xabar chiqib turdi: «kelinchakning tutqalog‘i tutib qoldi…» Bu besh kun ichida mingboshi, o‘z iqroricha, besh yillik zahmat tortgan edi… Mahkama ishlarini Hakimjonga tashlab qo‘ydi, zotan, to‘yga ikki kun qolganda yonidagi muhr ham Hakimjon kissasiga tushgandi. Miryoqub, bir joyda bir nafas o‘tirolmaydigan narsa, olti-yetti kundan beri mingboshining yonidan jilmaydi. Jahli chiqib to‘nini teskari kiymoqchi bo‘lgan mingboshini gap bilan sovutadi va yo‘lga soladi.
– O‘zingiz aytasizki, – dedi Miryoqub, – sizga «gah» deganda qo‘lga qo‘nadigan tayyorgina qush bo‘lsa… Munaqa qo‘lga qo‘nmaydigan yovvoyi qushlarni ovlashga hunaringiz yo‘q ekan. Shunday bo‘lgandan keyin tishni tishga qo‘yib chidash kerak, xo‘jayin!
– Chidab-chidab shu yerga keldim.
– Obbo-o! Uch kun o‘tmay turib-a?! Shuncha bardoshsizlikmi? Yovvoyi qushni asta-sekin aldab-aldab o‘rgatadilar. Qo‘rqitsangiz, «pirr!» eta uchib ketadi.
– Uchib keta qolsin! Shu topda «bor, ket!» degim bor.
– Esingiz joyidami, xo‘jayin? Menga qarang… bu nima gap? «Ket» desangiz, jon deydi. Shamolday uchadi. Unga sizning «ket!» deganingiz yovvoyi qushga qafas darichasini ochganday gap. Kim armonda qoladi? Umi?
Mingboshi o‘ylab qoldi. So‘ngra yuvoshlanib dedi:
– Rost aytasan. Qariganda esning ham mazasi ketganga o‘xshaydi…
Miryoqub bilan Xadichaxon shu besh kun orasida bir-birlaridan qochmaydigan darajaga keldilar. Xadichaxon uni kunda uch marta chaqirsa, bu uni besh marta chaqirardi. Pichir-pichir gap, pichir-pichir gap… maslahat!
Tutqaloq besh kun batartib davom etganidan keyin, Miryoqub mingboshining juda yomon bezovta bo‘la boshlaganini payqadi. O‘zining ikki g‘ildirakli sariq fayto‘nini oldirdi.
– Qani, yuring, xo‘jayin! – dedi.
Mingboshining e’tirozi va bahonalariga qaramasdan, yetaklab olib borib fayto‘nga o‘tqizdi va, orqalarida yarog‘li ot qorovul, ertalab yo‘lga tushdilar.
Shaharda mingboshini eng yaxshi va obod samovarga tushirdi.
– Boplab nonushta qiling, xo‘jayin, choy iching. Tomosha qilib turing. Men tezda kelaman! – dedi.
Yana fayto‘nga o‘tirib ketdi.
Mingboshi qaymoqlar va shirmon nonlar bilan nonushta qilarkan, shaharga nima uchun kelganini bilolmasdan boshi aylanardi. O‘yladi, o‘yladi, oxirda «Bir qaltis ish chiqib qoganga o‘xshaydi. Bo‘lmasa, buncha shoshilish kelmas edik. Bu Miryoqub bir ishni o‘ylamasdan qilmaydi» degan qarorga keldi.
So‘ngra yana o‘ylashda davom etdi.
«Shu qironlarning bir-biri bilan urushgani yomon bo‘ldi… «Ko‘p odam qirildi» deydi noyib to‘ra. Mening mirzam Sokolov ham daraksiz ketdi. Uch oydan beri daragi yo‘q. Yurt ham samovarday ichidangina asta-asta qaynab yotibdi. Bir toshadi bu! Yomon toshadi lekin. Odamlarning yuziga qarasam, o‘ris-musulmon hammasining ko‘zi bejo… «yutaman!» deydi. Qimmatchilik borgan sari avj olyapti. Shunday oqposhshoning xazinasi qoqlanib qoldimikin? Oqposhsho mening gapimga kirsa, yurt bersa berardiki, tezroq yarash qilib odamlarni tinchitardi. Allaqaylardagi yurtlarni deb o‘z boshini qazoga tutadimi kishi…»
Bu o‘ylar mingboshining miyasiga birinchi marta kelayotgan o‘ylar edi. U bunaqa narsalarni o‘ylab o‘rgangan odam emas. Faqat yurt orasida har xil gaplar yuradi. «Hamma amaldorlarni, shu qatorda mingboshilarni ham urushga jo‘natarmish» deydilar. «Hamma yurtni poyezdga solib Girmonga qarshi haydarmish» degan gaplar eshitiladi. Bu gaplar mingboshiga ta’sirsiz qolmaydi. Mingboshi ham «zamona oxir» bo‘lishiga ishonadi emasmi? «Zamona, chinakam oxirga yetgan bo‘lsa kerak» deb o‘ylaydi; «yo‘l ochiq bo‘lsa, hajga ketardim» deb qo‘yadi. Yana orqasidan «yo‘l ochiq vaqtida qayda edim? Tavfiqni ham juda kechikib berayotir xudovandi karim…» deydi o‘z-o‘ziga.
O‘ylanib o‘tirib ustunga suyanganicha uxlab qoldi. Ko‘zini ochgan vaqtida, Miryoqub tepasiga kelib, «qani, yuring, xo‘jayin!» deb turardi.
Bu safar Miryoqubning o‘z fayto‘ni emas, kirakash izvosh bilan yangi shahar qismida – bir qavatli eskiroq binoning shiyponli zinasi oldida to‘xtadilar. Mingboshi xursand bo‘lib kuldi, bu joy unga tanish edi.
– Qani, yuring, xo‘jayin!
– Qishloqda aytsang bo‘lmasmidi? Xuddi zinasining tagiga olib kelguncha hech narsa demaysan.
– Men sizni yomon yo‘lga boshlaymanmi, xo‘jayin? – dedi Miryoqub va kuldi.
Mingboshi ham ma’lum kulishi bilan kulib, eski gapini takror qildi:
– Obbo, betavfiq-e!
Shaharning buzuqlik ila nom chiqargan mashhur nomerlaridan biri edi. Bu nomerga keladigan kishilar faqat aysh-u ishrat uchungina to‘xtalardilar. Shu uchun u bir xonali ayrim uylardan iborat bo‘lib, yarim qorong‘i uychalarda bir kart, ikki-uch eski kursi, bir ovqat stoli va bir javonchadan boshqa hech narsa bo‘lmasdi. Odamning hayvonlik hirslari avj olgan vaqtda har narsadan go‘zal ko‘rinadigan bu xonalarga u hirslardan ozoda bo‘lib kirgan odamni daf’atan belgisiz bir qo‘rquv hissi bosardi. U xil hirslardan ozod bo‘lish bilan ko‘pda maqtanolmaydigan bizning mingboshiday odam ham burun bir necha marta kelgan vaqtida, kutilgan xotinlar kirguncha deraza oldiga borib iflos va quruq sahnning xunuk manzarasiga tikilar va shu yerdan tezroq chiqib ketgisi kelardi.
Bu daf’a mingboshi xona ichiga kirganidan keyin o‘z ko‘zlariga ishonolmadi. Xonalar yaxshilab tozalangan, devollarga har xil gullarning va yalang‘och xotinlarning suratlari osilgan, devolda likkagini o‘ynatib katta bir soat chiqillamoqda, kunduz bo‘lishiga qaramasdan xulyo rangli qalpoq ostida yorug‘ fonarlar yonib turadi. Qatorasiga ikki xona, ikkovini bir-biriga ulaydigan eshiklar katta ochiq… Birinchi uy ikkinchidan kengroq, unda katta bir stol, oppoq dasturxon yopilgan, usti to‘la har xil ovqat, shirinlik va ichkiliklar… Ovqatlar o‘rtasida yasama gullar… Yerda chiroylik bir gilam. Kursilar – yangi va toza. Bir chekada oynali, kattakon kiyim javoni, uning ketida oppoq choyshabli va qo‘sh parquv bolishli kart… Kart oldida – yerda poyandoz gilamcha. Narigi uyda oppoq choyshabli bitta kart, qo‘sh parquv bolish, bitta javoncha – boshqa narsa yo‘q. Faqat, bunda ham kart oldida poyandoz gilamcha… Har uyning fonari boshqa rang bersa ham, ranglar hammasi odamning hirsini qitiqlaydigan allaqanday sirli va g‘alati… Devoldagi yalang‘och xotinning oppoq va tekis tanlari tepchinib turganday, xuddi joni borday jozib… Kulimsiragan ko‘zlari, yuqoriga tomon bir oz kerila tushgan qilday ingichka qoshlari… havas va o‘ynashning choparlari! Ko‘kraklari olmaday kichkina va tarang…
Mingboshi kirgan hamon xursandligini ochiq bildirib kuldi va Miryoqubning yelkasiga qoqib turib dedi:
– O‘lma, betavfiq! Boplabsan!
– Kamarni yeching, xo‘jayin, – dedi Miryoqub, – ikkala uy sizniki. Hech narsani o‘ylamang. Yeng, iching, kayf qiling. Sassiq so‘fining nozli qizi axir bir kun shaytonlashlardan charchaydi. Qachon bo‘lsa ham u sizniki! Uni o‘ylamang sira, undan qolishmaydiganlar bor bu yerda.
Shu yerda mingboshi, shodligidan bo‘lsamikin, ochilmoqchi va ko‘nglidagi bir sirni Miryoqubga ochmoqchi bo‘ldi:
– Bilasanmi, Miryoqub? Men u qizga qiz deb, xotin deb talabgor bo‘lsam ekan…
Miryoqub ko‘zlarini keng ochdi va mingboshining yoniga kelib o‘tirdi.
– Nima deysiz, xo‘jayin? Nima, nima? «Eski og‘izdan yangi so‘z?»
– O‘zim ham hayronman. Ashullasini eshitsam bo‘ldi, deyman o‘z ko‘nglimda. Ashullasiga, ovoziga ishqim bor, unaqa itlik yo‘q…
– Obbo! Itlik yo‘q! Sizda-ya? E to‘vba…
– Non ursin agar…
Miryoqub irg‘ib o‘rnidan turdi:
– Bo‘pti bo‘lmasa! – dedi u.– Itlikni shu yerda qoldirib, uning yoniga odam bo‘lib qaytasiz. Unda qiz sizniki! Bo‘ldi, xo‘jayin! Mana bu yer har qancha itlik qilsangiz ko‘taradi…
Shu topda o‘zining negadir «odamlasha boshlagani» to‘g‘risida o‘ylab ketib Miryoqubning so‘ng so‘zlarini eshitmagan bo‘lsa, mingboshini ayblash kerak emas. Bu qabih odam so‘ng vaqtlarda o‘zining o‘zi ekaniga ham uncha ishonib yetolmaydi.
– Men bir aylanib kelaman, xo‘jayin.
– Qayerga bormoqchisan?
– So‘ramang, xo‘jayin. Siz ayshingizga qarang. Hamma itlikni shu yerga ko‘mish kerak-a! Bilasizmi? Kerak bo‘lsa, o‘zingiz bilasiz, mana tugma, shuni bosiladi. U yoqdan odam kirganda, tortinmay buyura bering, hamma narsa bor…
Chiqa boshladi. So‘ngra eshik oldidan yana orqasiga qaytdi.
– Xo‘jayin, – dedi unga tomon egilib. – Hammasiga bir stakandan quyib berasiz. Undan keyin bittasini tanlab yoningizga olasiz. Boshqalari chiqib ketadi… Tartib shu!
– Bittasiga ko‘zim to‘ymasa-chi?
– U yog‘ini o‘zingiz bilasiz. Itlik ham toza joyida ekan, xo‘jayin!
U yerdan chiqib, Miryoqub nomer egasining o‘z uyiga kirdi. Xo‘jayin o‘n bitta xotinni uning oldidan yasov tortdirib to‘rt martadan o‘tkazdi. Qiziq: Miryoqub birinchi safarda ularning yuzlariga qaradi. Ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi safarda faqat yurishlariga nazar soldi. So‘ngra yettinchisini ko‘rsatib turib dedi:
– Mening nomerimga yubor. Men kelguncha jilmasdan o‘tirsin. Birovga ko‘rsatma! Ha! Vanna bor-a? Vannaga tushirtir. Qolganlari narigi nomerga kirib, bizning xo‘jayinga ko‘rinib chiqsinlar.
Miryoqubning haligi ikki xonali uydan boshqa, o‘ziga xos alohida bir xonasi bor edi. Uning ichki ziynati oldida narigi ikki xonali uy ip esholmasa, bunga taajjub qilib bo‘lmaydi. Chunki Miryoqub – Miryoqub, mingboshi esa – bir Akbarali, xolos… Akbarali degan bir odamning yonida hukumat muhridan, zotida past bir itlikdan boshqa narsasi yo‘q. Miryoqubning kattakon miyasi, o‘tkir aqli bor! Mingboshi o‘ylaydiki, Miryoqub uning quyrug‘i… Miryoqub ishonadiki, mingboshi – tuya, burniga ip o‘tkazilgan, ipning uchi – sarbonda, ya’ni tuyachida, sarbonning nomini Miryoqub qo‘yganlar… Ana, Akbarali degan odam mingboshi bo‘la turib arzimas xotinlar orasida itlik rolini o‘ynab yotadi. Shu topda yurt kuysa ishi yo‘q, parvoyi falagiga! Miryoqub degan kishi – mingboshi ham emas, savdogar ham emas, dehqon ham emas, shunday bekorchi bir odam – o‘n bittaning eng a’losini tanlab qo‘yib, o‘zi mingboshilikning ishlari, ya’ni yurt qayg‘usi bilan – piyoda halloslab! – noyib to‘ranikiga ketib boradi. Miryoqubga ma’qul bo‘lmagan o‘nta xotin kirib mingboshining tegrasini o‘raydi… Mingboshi odam shaklidagi it bo‘lgani uchun birdan hammasiga chang soladi, hammasini birdan changallari orasiga olmoqchi bo‘ladi, quturib terisiga sig‘magan sherday hammasini baravar parchalamoq istaydi… Nihoyat, mastlik bilan va ham – o‘taketgan hayvonlardagina bo‘ladigan olchoq, ochko‘z, mechkay va yamlovchi his bilan! – ko‘zi ko‘r bo‘lib, hushyor vaqtda qarasang ko‘ngil aynaydigan bittasini ilintiradi-da, o‘zi iflos, changalidagi ovi iflos, ikki iflos bir-biriga suykanib, tagsiz botqoq ichiga botib ketishadi! Mastlikda xotin tanlab bo‘ladimi? Mastning ko‘ziga mushuk – fil, fil – mushuk bo‘lib ko‘rinadi… Kampirni pari qiz qilib ko‘rsatadigan tilsimli oyna ichkilikdan boshqa narsa emas! Miryoqub – it emas, odam! U yosh bir xotin bazzoz do‘konidan o‘ziga toza ko‘ylaklik tanlaganday qilib tanladi. Yettinchisi chakki emas… yuzining tozaligi birinchi qarashdayoq barq urib turadi. Miryoqubning o‘sha tanlash chog‘ida elektrikni o‘chirtirib qo‘yishi va namoyishni deraza yoniga keltirishi hikmatdan xoli emas. Buni – belida kumush kamari borlargina tushunolmasa mumkin!
Nomer egasi Miryoqubni yaxshi taniydi, uning juda mushkilpisand gumashta, injiq xaridor, zavqi qayralgan shinavanda ekanini yaxshi biladi. Shu uchun yettinchisining tanlanganini ko‘rib oshnasi Miryoqubning yelkasiga qoqdi va «O‘lma, Miryoqub! Sart bolasi fransuz…» deb qo‘ydi. Chunki o‘n bir xotin orasida yettinchisi bo‘lib qo‘lga kirgan Mariya Ostrova hali yosh… Yaqindagina yaxshi va najib bir oilaning erka qizi bo‘lgan… Xo‘jayinning aytishicha, bir xiyonat uni bu ko‘ylarga keltirgan… Xo‘jayin ham uni ko‘z qorasiday saqlaydi… Miryoqubga ko‘rsatdi, boshqa ancha-muncha odamga ko‘rsatmaydi… Xotin o‘zi ham odam tanlaydi… Yo‘q, odam emas, pul tanlaydi! Unga bir yarim ming so‘m pul kerak, shuni topadi, so‘ngra yiroq bir mamlakatga ketadi. U yerda turmushini boshqa asoslarda quradi. Gunohlariga achchiq-achchiq yig‘laydi. Hozir mo‘ljallangan summaning yarmidan ko‘pi bor. Uch kishi bilan «ko‘rishib» sakkiz yuz so‘m to‘pladi. Biror hafta-o‘n kundan so‘ng mo‘ljallangan summa qo‘lga kirajak va yosh xotin yangi turmushga qarab yo‘l solajak!
– Ana, oshnang vannaga ketayotir! – dedi xo‘jayin ayvondan o‘tayotgan yosh xotinni ko‘rsatib.
– Bitta yaxshi oqsochni tayin qil, yuvintirsin.
– Xotirjam bo‘l, Miryoqub, uning o‘z xizmatchisi bor.
– Men sendan xafaman…
– Yo‘g‘-e!
– Xafaman…
– Rost aytasanmi, Miryoqub?
– Rost…
– Sababi?
– O‘zing bilasanki, bunaqa xotinga pul ayamayman.
– Bilaman.
– Bilsang, nega boshqa xotinlarga qo‘shib ko‘rsatding? Hatto ularning o‘rtasiga qo‘yibsan…
Xo‘jayin xoxolab kuldi:
– Zavqingni sinamoqchi edim, jinni! – dedi. – O‘zim bilardimki, o‘shani tanlaysan!
Miryoqubning menlik hissi qongan edi. Kuldi.
– Sakkiz yuz so‘m ishladi degin?
– Sakkiz yuz so‘m!
– Sen qancha ishlading?
– Men bir oz ortiqroq…
Miryoqubning miyasiga bir fikr kelgan edi. Bir nafas to‘xtab o‘yladi va darhol qarorini berdi.
– Chakki emas… U bir yarim ming so‘m ishlaganda, sen ikki mingga yetkizmakchisan. Insof ham kerak!
– Insof keraku-ya. Lekin, munaqa fursatlar kam uchraydi. Bizning kasbimiz – shu, fursatni qo‘ldan chiqarish o‘z kasbiga xiyonat qilish demak…
– Mendan qancha olasan?
– Sendan yuz ellik so‘m, xolos!
– Unga qanchasini berasan? Ellik so‘minimi?
– Yo‘q! Unga o‘zing bilib berasan.
Miryoqub o‘rnidan turdi. Do‘stining yelkasiga qoqdi.
– Shaytonsan, do‘stim, shayton! Yetti do‘zaxga kunda bo‘ladigansan!.. – dedi va tez-tez qadam qo‘yib ko‘chaga chiqdi…
Noyib to‘ra Miryoqubdan uzr so‘radi.
– Meni hokim to‘ra chaqirayotir. Hozir bormasam bo‘lmaydi. Kechroq uyga kelsang yaxshi bo‘lardi.
– Xo‘p bo‘ladi. Ortiqcha ishim ham yo‘q. Qog‘oz-mog‘oz bo‘lsa ola ketay deb edim. Undan keyin, sizga bir narsa topib keldim.
Yonidan gazetga o‘ralgan bir narsa oldi.
– Juda yaxshi, juda soz! – dedi to‘ra. – Uyda berarsan. Akbarali qayerda?
Miryoqub haligi narsani yana qaytib qo‘yniga solarkan javob qildi:
– Shu yerda.
– Shaharda?
– Ha, shaharda.
Telefon jiringladi. Noyib telefon qulog‘ini oldi:
– Men, menman, Aleksandr Vasilyevich. Hozir boraman… hozir…
Telefon qulog‘ini yana joyiga qo‘ydi.
– Shaharda degin? Nima qilib yuribdi?
– Gap ko‘p, to‘ra.
– Yaxshi, uni ham uyda aytib berarsan. Xayr, hozircha.
Eshikni ochib sarkotibni chaqirdi:
– Ignatyuk! Akbaraliga tegishli qog‘ozlar bo‘lsa berib yubor!
Noyib shoshilib chiqib fayto‘nga o‘tirdi. Miryoqub qog‘ozlarni olgandan so‘ng bitta-bitta bosib hammomga ketdi.
Yuvinib, soqol-mo‘ylovlarini «fason» qilib oldirib, nomerga qaytgan vaqtida, mingboshi ichkari uyda o‘zi yolg‘iz uxlab yotardi. Stol usti, yerlar egasi ko‘chgan uydan nishon berardi. Uyning havosi ham buzila tushgan…
U yerdan chiqib nomer xo‘jayiniga uchradi.
– Mingboshiga ovqat berildimi?
– Haligacha berilgani yo‘q.
– Xayr, mayli. O‘zi uyg‘onib so‘rasa berarsiz. Ammo uyni yig‘ishtirmasang bo‘lmaydi. Odam buyur!
U o‘z xonasining eshigini sekingina ochib kirgan vaqtida yosh juvon kiyimlarini yechgan, kartda uxlab yotardi. Boshi yostiqdan tushgan, sochlari tarqalgan…
Miryoqub yana sekingina qaytib chiqib xo‘jayining yoniga kirdi.
– Borib uyg‘ot, do‘stim. Turib, yuvinib, kiyimlarini kiysin. Men u bilan to‘ppa-to‘g‘ri kartda uchrashmoqchi emasman…
– Senga nima bo‘ldi, Miryoqub? – dedi xo‘jayin, kuldi.
– Menga hech narsa bo‘lgani yo‘q. Mening odatim shu… men oshnachilikni kartdan boshlamayman…
Xo‘jayin kula-kula chiqdi. Xotinning bezanishi bir soatga yaqin cho‘zildi. Bu orada Miryoqub bardosh qilib o‘tirsa ham, xo‘jayin tajanglanib besh-o‘n marta borib keldi.
Nihoyat, Miryoqub o‘z xonasining eshigini ikkinchi marta ochib kirdi. Yosh juvon harir va chiroylik kiyimlari bilan yuvinib-taranib uyning o‘rtasida turardi. Elektrikning bilinar-bilinmas qaltirovchi o‘tkir yorug‘ida uning oq yuzlari, ayniqsa, porloq ko‘rinardi. Miryoqub kirgan hamon salom qildi va xuddi eski bir oshnasi bilan ko‘rishayotganday kulib turib ko‘rishdi. Xotinning qo‘l berishida shu xil xotinlarda bo‘ladigan bir loqaydlik boridi. Sovuq qo‘l sovuqlik bilan uzaladi: «Ha, eski tanimning yangi xaridori» deganday… Miryoqubning odatda hamma qo‘lni mahkam siqib ko‘rishadigan qo‘llari bu kichkinagina, oppoq va yumshoq qo‘llarni ham kuch boricha siqdilar. Faqat, bu qisishlar ham olovsiz va haroratsiz edilar: «Ha, chuqur cho‘ntagimning ochko‘z mehmoni!» deganday… Butun bu ko‘rishuvlar, qo‘l siqishuvlar va ko‘z tutuvlarda, shuningdek, bu ko‘rishuvni o‘rab turgan sharoitda ma’ni degan narsa topilmasdi. Bu ikkala «savdogar»dan bir ma’ni izlash, ayniqsa shu topda, behuda urinish bo‘ladi. Faqat ikkalasining ikki juft ko‘zi bundan mustasno… Xotinning qovoqlariga og‘ir bir alam va iztirobning ko‘lagasi tushgani holda, yoshlik va juvonlikning kuchi bilan berishmay, bo‘sh kelmay turgan yoz osmoni kabi tiniq va toza moviy ko‘zlarida kuchli bir savol alomati boridi: «boshqalarga o‘xshamagan xaridor, kimsan va nima qilmoqchisan?» deganday… Miryoqubning har qanday xotinni loqaydlik holatidan chiqara oladigan qop-qora va dumaloq ko‘zlariga esa bir andisha va o‘ylanish hokim edi: «tili ko‘nglidan judo bo‘lgan maxluq, nega sen bu yerdasan?» deganday… Miryoqub fonarni o‘chirib uning qarshisiga kelganda va ikkalasi bir-biriga havoning tabiiy yorug‘ida indamasdangina bir-ikki minut tikilishganda, ikkala tomon ham bir-birining ko‘zida haligi ma’nini ravshan ko‘rdi va o‘qidi. Miryoqub hali boya nomer egasining uyida bergan qarorini quvvatlash uchun xotinning moviy ko‘zlaridan quvvatli dalillar topgan edi. Xotin esa hozirga qadar qilgan ishlari va muomalalari bilan o‘zga «xaridorlar»ga ko‘p-da o‘xshamagan bu Osiyo odamining, o‘z aqidasicha, ayyor ko‘zlarida oddiy «xaridorlik» doirasidan chetgaroq chiqadigan alomatlarni mushohada etardi: «Bu odam ham, – deb o‘yladi xotin, – boshqalar kabi cho‘ntagining kuchi bilan meni olayotir… Bu ham boshqalar kabi yosh gulbundan bir gulni sotib olib, darhol uzajak, uzgan hamon yana o‘sha gulbunning oyoqlari ostiga – chang va tuproqqa! – tashlayajak, so‘ngra sovuq qo‘lini uzatib loqayd xayrlashajak, balki xayrlashib ham o‘tirmasdan, burilib ketajak. Bir umr uchrashmaslik uchun ketajak!.. Chunonchi… Lodzili voyajor kabi…» Shundan so‘ng, bir onda o‘tgan haftadagi uchrashuvni ko‘z oldidan kechirib oldi.
Shu nomerning shu xo‘jayini kechasi soat ikkilarda buning eshigini chertib ochtirdi. Bu yechinib yotgan edi. «Turing, Mariya Stepanovna, – dedi, – uchinchi nomerga kiring. Tez! Aytgan summangizni tez to‘latadigan bir olijanob kishi bor. Sizni kutib yotibdi!» «Xo‘p, hozir kiyinib-taranib boraman». «Yo‘q, – dedi xo‘jayin, – yo‘q! Ayvonda hech kim yo‘q. Choyshabni yopinib o‘ta bering. Kiyimsiz ham go‘zalsiz!» Kuldi va hayron bo‘lib turgan xotinning yelkasiga kartdagi choyshabni tashladi-da, quchoqlab ayvonga olib chiqdi. Yangi «kasb»ning munaqa dag‘al talablariga o‘rganmagan yosh juvon o‘shanda butun tanining dir-dir qaltirab borganini sezdi. Uning yosh va tarovatli tanidan, hali sofligini saqlagan, yeyilmagan ruhidan norozilik faryodlari yuksalardi. «Ushidingizmi?» – dedi xo‘jayin mahkamroq quchoqlab! «Yo‘q, – dedi yosh juvon lablari titragan holda. – Ko‘nglim ayniydi! Bu qadar olchoqlik!..» Xo‘jayin darrov to‘xtadi, ayvon ustunidagi xira chiroqning shu’lasida yosh juvonning ko‘ziga tikildi. «Olchoqlik? – deb takror qildi xo‘jayin. – Mehnatsiz, oson pul topmoqchi bo‘lganlar menlik hislarini o‘z oyoqlari bilan tepkilashga majburlar… Dunyoning ustuni – pul, pul topish – qiyin! Oson pul topish olchoqlik bo‘lsa, mardikorlik qilishga nafsingiz ko‘nadimi? Ana, ko‘chada Tursunboy degan sart qorovul bor, hali ham ko‘cha supurib yuradi. Olti so‘m oylik oladi… O‘shaning ishini qilishga o‘zingizni ko‘ndira olasizmi? Xursand! Vaqti chog‘! Qachon ko‘rsangiz ashulla aytadi. Mening oqsoch xotinlarim bilan o‘ynashadi. Topganini o‘shalarga sarf qiladi. O‘zi doim och…» Yosh juvon boshini quyi egib, yuzini chapga burgan va borgan sari qaltirashi kuchaygan lablarini o‘tkir va oppoq tishlari o‘rtasida qisardi… «Behuda gaplarni tashlang! Yarim soatdan so‘ng qo‘lingizda bankning ko‘p summali cheki bo‘ladi. O‘shani so‘rib-so‘rib o‘pingiz (orqa tomonini o‘ping, yo‘qsa, nomeri o‘chib ketmog‘i mumkin)! Ona – bolasini, oshiq – ma’shuqini, bulbul – gulni, badaviy – tevasini, sarlashkar – qilichini o‘pganday o‘pingiz! Negakim, hamma gap – o‘sha chekda, chek – bankda, banka – pulning markazi, pul, agar haqiqatga tobingiz bo‘lsa – «olloh! Qoziy alhojat!..»
Eshikni ochib, bu yosh xotinni – hatto bir daraja qo‘pollik bilan! – uchinchi nomerga kiritib yuborib, xo‘jayin eshikni astagina yopdi-da, «shunaqa xotinlarni qashqarlik mardikorlar bilan birga g‘o‘za chopig‘iga yuborsang, ayni saraton issig‘ida!» deb g‘udurandi…
Bu xotin shu topda faqat bir narsaga muhtoj edi – isinish! Yozning dim va iliq kechasida paydo bo‘lgan bu g‘ayritabiiy titramani to‘xtatish! Bu – bir. Ikkinchidan, – uhdaga tushgan «vazifani» naridan beri bajarish… Bu yerda «vazifa»ning go‘zalligi, muloyimligi va yoqimliligini surishtirib turadilarmi? Bu yerning qonuni qattiq, unga e’tiroz qiladigan, gap qaytaradigan kishilarni u o‘z doirasiga olmaydi. «Kirdingmi, bo‘yunsun!» deydi va o‘zicha u ham – haqli!
Ko‘ngilni g‘ash bosadigan kichkina va yalang‘och xonaning fonari o‘chirilgan, hech narsa ko‘rinmaydi. «Qanday yaxshi! Kechaning bitta fazilati, qorong‘ilikning bir yaxshiligi – shu!» Ayvondagi xira fonardan bir siqimgina xira shu’la tushib, eski va bo‘yog‘i o‘chgan kartni, kart yonidagi kursini, kursi ustidagi bosma ayilli shimni, kursi oyog‘idagi bir juft rangi belgisiz yarim botinkani zo‘rg‘a-zo‘rg‘a yoritardi. Eshik ochilishi bilan kartda yalang‘och yotgan erkak boshini ko‘tardi, bir qimirladi: yonidan joy bo‘shatgan bo‘lsa kerak… Yosh xotin kartni ko‘rgan hamon hech o‘ylab turmasdan choyshabni yerga irg‘itib yot erkakning begona qo‘yniga kirdi.
– Buncha sovuqsiz! – dedi erkak xirqiroq ovoz bilan. – Xuddi muz!
Xotin indamadi. U hali ham lablarini tishlardi…
Tong otib, uy ichi yorishganda, xotin o‘rnidan turdi va darrov choyshabni yopinib orqasiga qayrildi-da, usti ochilib yotgan erkakka ko‘z tashladi: tarvuz singari yum-yumaloq, semiz qorni solinib tushgan, ikki beti sergo‘sht-bo‘rtma, kichkina va ma’nosiz ko‘zlarga ega bir maxluq! Pishillab nafas oladi, xurrak tortib uxlaydi! Ana, u ham uyg‘ondi, joyidan turmasdan boshini bir oz ko‘tardi. Kuldi. Buncha xunuk kuladi! Ikkita tilla tishi o‘chayotgan cho‘qqa o‘xshaydi. Juda siyrak bo‘lgan sochlari chala o‘rilgan ekinzor kabi…
«Nechik men butun bir kechani shu bilan o‘tkaza oldim?..» deydi xotin o‘z-o‘ziga, yana lablarini tishlaydi.
– Beriroq kel-chi! – dedi erkak.
Xotin qon chiqar darajada shiddat bilan lablarini tishlagani holda, o‘ylab o‘tirmasdan, qo‘mondaga itoat qilgan soldatday kartga yaqin bordi.
– Egil bir oz!
Xotin egildi.
– Chakki emas! – dedi erkak, xursand bo‘lib kuldi. So‘ngra qo‘li bilan deraza tokchasiga ishorat qilib:
– Ana chek! – dedi. Yana boshini yostiqqa qo‘ydi.
Xotin tezgina chekni olib, xayrlashmasdanoq uydan chiqdi.
O‘z uyiga kelganidan so‘ng darhol oynaga qaradi, o‘z aftidan qo‘rqib ketdimi, bilmadim – o‘zini kartga tashlab, ho‘ngur-ho‘ngur yig‘lashga tushdi… Uch yuz so‘mlik chek qo‘lidan tushib allaqaylarda to‘ntarilib yotardi…
Shu uchun Miryoqubga boshqa «xaridorlar» kabi qarayolmasligini bu yosh xotin o‘zi ham bildi. «Bu, hech bo‘lmasa, olgan molini qadrlay oladigan savdogar muomilasini qildi-ku, – deb o‘yladi u. – Xotin kishiga nozik tarbiyali bir fransuz kabi yaqinlasha bildi-ku! Koshki hamma xaridor shunday bo‘lsa!» Bu xotin o‘zicha haqli, albatta. Qullarini urmasdan, yaxshi gapirib ishlatadigan, urganlar kunda o‘n besh soat ishlatsa, yaxshi gapirib kunda yigirma soat ishlatadigan xo‘jalar ham bo‘ladi-ku…
– O‘tir! – dedi Miryoqub sensirab. Fonarni yana yoqdi. Stolning past tomoniga o‘zi o‘tirib, to‘ri tomonidan unga joy ko‘rsatdi. O‘tirdilar. Xotin o‘z «vazifa»sini yaxshi bilganligidan shu topda gap emas, «ish» kutardi va bu tahqirlanishning sababini anglayolmasdi… «Har qanday original tip bo‘lsa ham, maqsadi belgili. Bu joyda o‘zga maqsad bo‘lishi mumkin emas!» deb o‘ylardi u. Miryoqub bo‘lsa nima deyishga hayron bo‘lib boshi qotib o‘tirardi. Bu odam xalq orasida zakunchi hisoblangani bilan rus tilini maqsad anglatarlik bilmaydi. Qarshisida – Osiyo bilan yaqinda tanishgan bir nozik rus xotin, Osiyo bilan yaxshi tanishganda ham sart tilini o‘rganishga tanazzul qiladimi? Zohirda bu narsaga dalolat qiladigan hech bir asar yo‘q! «Bu xotin men bilan fransuzcha gaplashsa gaplashadiki, sartcha bir so‘z ham bilmaydi» dedi o‘z-o‘ziga Miryoqub… Holbuki, aytadigan ancha so‘zlar, so‘raydigan ancha gaplari bor. Bu xotinga boshqa shu xil xotinlarga qaragan singari qarayolmasligiga uning o‘zi ham endi ishonib qolgan. Boshida boshqacha planlar aylanadi…
Nihoyat, shirin maydan bir qadahchaga to‘ldirib uning oldiga qo‘ydi. O‘ziga yarim qadah aroq quydi.
– Ich! – dedi Miryoqub yana sensirashida davom etib.
Birinchi marta sensiraganida negadir qunt qilmagan xotin bu safar hayrat aralash ranjib qo‘ydi. «Bu osiyoli ham «sen» bilan boshladi», dedi o‘z-o‘ziga. Cho‘qishtirib ichdilar. Miryoqub endi bir ish qilib maqsadini anglatishga bel bog‘ladi. Ruschaga sira o‘xshamagan bir til bilan, ko‘proq qo‘llariga va yuz-ko‘zlariga zo‘r berib, maqsadini anglatishga kirishdi. Xotin qotib-qotib kular, yuzlari cho‘g‘day yonib qizarar, Miryoqubning qistovi bilan shirin maydan bir oz-bir oz ho‘plab qo‘yib, so‘z tinglardi. So‘zlar boshda Miryoqubning g‘alati savollaridan iborat bo‘ldi:
– Qachon jo‘naysan? – dedi u. Bu birinchi aytilgan so‘z edi.
Xotin anglamadi. Boshini chayqadi. So‘ngra Miryoqub qo‘l ishoratlari bilan birga haligi so‘zni yana takror qildi.
– Qay yerga? – dedi xotin.
– Men bilmayman. O‘zing bilasan.
Bu narsa xotinni butunlay gangiratib qo‘ydi. «Nima demoqchi bu sevimli aziat?» Miryoqub maqsadini anglatolmasdan savolni boshqacha qilib berdi:
– Bir yarim mingga yetdimi? Yo hali ham sakkiz yuzmi?
Xotin tushundi, u shoshib qoldi. «Nimalar deydi bu g‘alati aziat? Menga bir yarim ming so‘m pul kerakligini, hozir faqat sakkiz yuz so‘m yig‘ilganini qaydan biladi? Muammo, muammo!..»
Bora-bora kerakli so‘zlar osonroq topiladigan, boshqacharoq so‘zlar bilan aytilgan mavhumlar ham ikki tomonga anglashiladigan, qo‘l va yuz-ko‘z harakatlari ko‘zga tanish ko‘rinadigan bo‘lib qoldi. Xotinning yoqimli, jaranglab chiqadigan quvnoq ovozi Miryoqubning tanlariga igna botganday botar, lekin nihoyat darajada kayfini keltirardi.
Miryoqub nomer xo‘jayinining uyida bergan qarorini mustahkamladi, ya’ni bu juvonni o‘zi bilan birga bir-ikki oy o‘ynatib kelish uchun Qrimga olib ketadigan bo‘ldi. Qrimdan so‘ng qo‘liga ikki ming so‘m pul beradi va mumkin bo‘lsa, Petrogradgacha olib borib qo‘yadi. Undan nari bu xotin haligi pulning kuchi bilan Germaniyaga (dushman mamlakatiga!) qochadi va unda badavlat akasiga qovushadi. Bu sirlarni u Miryoqubga «ko‘nglining yaqinligidan» aytdi va «sirlarning ochilishi uning halokatiga sabab bo‘lishini» ham qayd qilib o‘tdi. Miryoqub deraza tokchasidan eski bir kulgi jurnalni olib, undan tuya suratini topdi va «Tuya ko‘rdingmi? Yo‘q!» degan chuchmal maqolni anglatmoqchi bo‘ldi, shekilli:
– Ko‘rdingmi? Yo‘q! – dedi xotinga. Bu so‘z ruscha «Videl? Net!» shaklida chiqqanligidan xotin:
– Ko‘rganman (videla)! – deb javob berdi. Xotin uning jon kuydirib gapirgan gapini anglamagan edi, Miryoqub qizidi, barmog‘i bilan tuya suratini bir necha marta turtib, yana o‘sha savolni takrorladi. Xotin bu daf’a:
– Ha, ha, ko‘rib turibman (viju), ko‘rib turibman! – deb javob berdi.
Miryoqub tajang bo‘lib o‘rnidan turdi, tezgina xotinning yoniga o‘tib, tuya suratini yana qattiqroq turtib ko‘rsatdi, barmog‘ini og‘ziga qo‘ydi, biroz shu ko‘yicha jim qolgach, yana o‘sha savolni takrorladi.
Xotin Miryoqubning shu qadar zo‘r berishlari ila maqolning mazmunini anglayolmasa-da, uning nima demoqchi bo‘lganini anglagan edi: «Ayyor, lekin, bu aziat! – deb o‘yladi u. – Demak, sirni hech kimga aytmaydi. Tuya kabi doim jim qoladi». Shu uchun o‘tirgan joyida boshini ko‘tarib Miryoqubga qaradi, ko‘zlari o‘ynagan va muloyim kulgan holda:
– Tushundim, tushundim. Rahmat sizga! – dedi.
Shu bilan Miryoqub ham tinchlanib yana o‘z joyiga o‘tirdi.
Bu xotin o‘zi yosh bo‘lsa ham, esi joyida edi. Ko‘p erkaklarning shirin tillari… birinchi yotoqqacha kaldiraganini, yotoqdan turar-turmas yuzlari burishib, haligi tilning aksiga aylana boshlashini yaxshi bilardi. Gimnaziyaning so‘ng sinfini bitirolmay qolgan bu qiz gimnaziyada fransuz tilini tuzuk-quruq o‘rganib, handasani durustgina o‘zlashtirib chiqmagan bo‘lsa-da, ishq romanlarini ko‘p o‘qigan edi. Arsibashevning taraqlagan davrlarida o‘rtoqlari bilan birga butun kecha uxlamay, o‘sha «sevimli» yozuvchini o‘qir va kechalari poytaxtning keng parklarida har bir uchragan erkakni bir «oshiq» xayol qilib, har bir ona suti og‘zidan ketmagan tentak gimnazistni bir «ozitqi» deb bilardi… «Bu yana-tag‘in, yovvoyi bir aziat… Buning gapi, va’dasi bormi? Ertaga unutadi! Ertagayoq o‘zining qirqta (!) xotindan iborat ichkarisiga (o‘zicha aytsak «garemiga») kiradi-ketadi! Topib bo‘ladimi uni – nomi yo‘q va nomeri yo‘q, bir-biriga o‘xshagan ilang-pilang ko‘chalarda?» deb o‘ylardi xotin. Bir ozdan so‘ng bu fikrga o‘zi qarshi bo‘lardi: «Buning maqsadi kart bo‘lsa, ana – kart, men – amriga hozir, nima uchun so‘z qiladi-yu, «ish» qilmaydi? Yo‘q, bu boshqa erkaklarga o‘xshamaydi!» Shunday bo‘lsa ham, qo‘lda bir dastak bo‘lishi kerak. Xotin o‘yladi va dedi:
– Sizning bu yaxshi gaplaringiz meni qondirdi. Faqat bu gaplarning ertaga erta bilanoq kul bo‘lib uchmasligi uchun birorta dastak bormi?
– Dastakmi? Bilmadim… Siz ko‘rsating, men yo «xo‘p», yo «yo‘q» deyman?
– Gaplaringiz rost bo‘lsa, meni ishontirguncha… menga tegmaysiz!
– Boshqalarning ham tegmasligi sharti bilan!
Xotin «Ming bir kecha»dagi zolim hukmdorlarga o‘xshagan bu «mutaassib musulmon»ning shu qo‘ygan shartidan shu topda juda rozi edi. Faqat, bu joyda, bu binoda u shartni bajarish mumkin emas.
Shu uchun u ertasi kuni – Miryoqub hisobiga – shaharning eng a’lo nomeriga ko‘chadigan bo‘ldi. Miryoqub qattiq va’da oldi, o‘zi ham qattiq va’da berdi. Bir haftaga qolmay jo‘nab ketishga jazm qildilar.
Kech kirgan edi. Ko‘cha fonarlari yoqila boshlagan, uylariga qaytayotgan izvoshchilar charchagan otlarini erinibgina qamchilardilar, otlar ham quruq aravani shoshmasdan asta-sekin g‘ildiratardilar… Miryoqub bitta-bitta qadam bosib noyib to‘raning uyiga tomon yurdi. Uning miyasida allaqanday besaranjom fikrlar aylanardi.
– «Miryoqub burungi Miryoqub emas, nega bu qadar sekin yuradi? Uning shu choqqacha sanab qadam bosganini ko‘rgan odam bormi dunyoda? Nima bo‘ldi unga? O‘zi ham hayron! Akbarali mingboshida bo‘lgan itlik bunda yo‘qmidi? Bu quturmaganmi? Bu suvdan ham muloyim, sutdan ham oq, chumolidan ham beozor, musichadan ham so‘fimi?»
– «Yo‘q! Bu ham Akbaraliga o‘xshagan minglarcha itlarning biri. Faqat, bu bilan Akbarali mingboshi o‘rtasidagi farq shuki, bu o‘zini undan yuqori oladi. Shu yuqorilik hissi, shu g‘urur uning o‘zidan itlikni to‘sib turadi, o‘ziga ko‘rsatmaydi, uning o‘zini aldaydi…»
– «Yo‘q! Bu bilan Akbarali o‘rtasida tog‘ qadar farq bor! Ana, Petrograddan kelgan moviy ko‘zli dilbar bunga guvoh! Miryoqub Akbaraliga qaraganda farishta! Buni Petrograd go‘zali ham tili bilan tasdiq qiladi. Miryoqubda itlik yo‘q!.. Bo‘lsa ham, shu topda hech narsa qolmadi… Hammasini ana u moviy ko‘zli go‘zalning bilinmas kuchi yulib tashladi, tag-tomiri bilan yulib tashladi!..»
– «Yulib tashladimi? Tag-tomiri bilan yula oldimi? Yo‘q! Bekor gap! Necha yillardan beri ildiz yoygan, shox tarqatgan, qulochlab o‘sgan narsani bir qarashda yuladigan kuch yo‘q va topilmaydi! Uning ildizlari Miryoqubning badanida hali juda kuchli! Ana o‘sha kuch emasmiki, uni ketayotgan yo‘lida birdaniga to‘xtatdi. To‘xtagan joyida bir uyning zinasiga o‘tirishga majbur qildi. «Itlik» bosh ko‘tarib kelardi…»
– «Nima behudagarchilik bu? Mashhur bir no‘merda ma’lum «kasb» bilan shug‘ullanadigan bir xotinga yo‘liqdi. Ori rost: bu o‘sha joydagi o‘zi singari xotinlarga o‘xshamasdi. Boshqacha ko‘rinardi. Yosh, tarovatli va toza edi. Nima bo‘pti? Har qancha tannoz bo‘lsa ham – yana o‘sha joyning o‘shanaqa xotini. Muning uyiga nega kirdi? Nega kirgani ma’lum. Bu kelganda yechingan ko‘yi muning kartida yotishi – nega kirganini ko‘rsatib turadi. Ochiq ko‘z bilan o‘ylaganda munga nima qilish kerak? Belgili: borib eshikni ochib kirib, fonarni o‘chirib, indamasdan kartga tortish… U o‘zi ham erta bilandan beri shuni kutib o‘tirmaydimi? Shu uchun yuvinib-taranmadimi? U – Layli, bu Majnunmidiki, «oh, oh» deb tog‘-toshlarda, vahshiy hayvonlar bilan ulfat bo‘lib yura bersa? Tog‘-tosh qani? Bu – shahar… Madaniylashgan, «yevropalashgan» shahar. Har burchakdan har minutda bir tannoz buriladi va suzgun ko‘zlari bilan yegunday bo‘lib odamga qaraydi! Shu zamonda Majnun bo‘laman deganlarni o‘lganlaridan keyin tug‘ ko‘tarib mozor qilmaydilar, «jinni edi, o‘lib qolibdi», deydilar va bir kulib qo‘yib, o‘taveradilar, o‘ligi ham ko‘chalarda qolib ketadi. O‘ligini itlar yesa, egasi xursand bo‘ladi. Bekor chirib, sasib yotgandan ko‘ra…»
Itlikning shu xilda osiy o‘ylari bilan Miryoqub qanday qilib o‘rnidan turganini va nomer zinasidan shoshilib yuqoriga chiqayotganini o‘zi ham bilmay qoldi. Yuzlari, ko‘zlari kulardi va bu kulish qondirilmagan nafsning birdaniga xuruj qiladigan sho‘xliklaridan o‘zga emasdi. O‘z xonasiga yaqin yetgach, derazadan yupqa to‘r parda orqali ayvonga tushib turgan muloyim shu’lani ko‘rganidan keyin, negadir, yuragi o‘ynab, qadam bosishini birdaniga susaytirdi. Itlik fikrlari yana orqaga tisarila boshlagan kabi bo‘ldi. Eshik oldiga yetgach, qabzaga qo‘l uzatolmasdan to‘xtaldi… Ichkaridan yosh xotinning shirali bir ovoz bilan ohistagina aytayotgan ashullasi eshitilardi. Bu xotinning gapirganida jaranglab chiqadigan shirin ovozi endi, ashulla aytarkan, cholg‘u toriday darrov ko‘ngilga ta’sir qildi!
– «Bu qanday ovoz? «Itlik» asari bormi shu ovozda? Shu ovoz bilan karavotga chaqirib bo‘ladimi? O‘xshamaydi-ku sira! Yo‘q! Boyagi bir tush edi… bir bosirqash kelib kechdi… U og‘ir bosirqashdan uyg‘onmoq uchun shu qushchaning sayrashiga ehtiyoj bor ekan! Ana, sayrayotir! O‘zi bilgan, o‘zi tanigan, o‘ziga yoqqan ovozi! O‘ziga yoqqani uchun va’da berib, va’da olgan!..
– «Hay, ket! Ket, mal’un shayton! Men Akbarali emasman! Mening kumush kamarim, podshohlik muhrim yo‘q! Men – Miryoqubman, Miryoqub!..»
– «Hay, Miryoqub! Pismiq Miryoqub! Ayyor Miryoqub! Tulki Miryoqub! Shayton Miryoqub! Nafsining bandasi, buzuq, sharmanda Miryoqub! Umringda bir marta salgina, pichagina, qittaygina itlikni tashlash, odam bo‘lish fursati topilibdi-yu, shunda ham mag‘rur bo‘yningni jindakkina egging kelmaydimi? Shunda ham-a! Sen it bo‘lsang, shoshma, itlik qilishga hali ulgurasan! Itlik topiladigan narsa. Pul bo‘lsa – bo‘ldi! Pul har qayda har qancha har qanday itlikni amringga omada qilib bera oladi. Puling bo‘lsa, butun umringni itliklarning bir-biriga ulanib ketgan zanjiriga aylantirish hech gap emas!..»
– «Yettinchi seniki, axir! Seniki! Sendan boshqaga yo‘q endi u muloyim maxluq! Seniki u xotin! Hech bo‘lmasa, shu bittani fohisha kabi tasarruf qilma! Hech bo‘lmasa, uning ko‘nglini o‘ldirma! Umidini sindirma! U senga odam deb qaraydi, «xaridor» degan fikrini tashladi, tashlata olding. Ovozini eshitasanmi? Bu ovoz cho‘ntagida puli bor xaridorni kutgan buzuq xotinning o‘z yozmishini qarg‘ab aytadigan alamlik ashulla sidagi ovoz emas! Bu ovoz buzuqligidan zavq oladigan xotinning aynima qo‘shig‘i emas! Bu oqshom chog‘i kuyovini kutib yotgan yosh kelinchakning ma’sum ashulla si! Sevganiga qovushgan yosh maxluqning sevinch qo‘shig‘i! Jufti uyasiga qaytgan ona qushning shukrona kuyi! Miryoqub! Miryoqub! Miryoqub!..»
Miryoqub ikkita edi: biri qochdi, biri quvaladi, shu qochish va quvalash sur’ati bilan noyib to‘raning uyiga yetib borib, jing‘iroqning tugmasini bosgan vaqtida… cho‘zib-cho‘zib, hansirab-hansirab nafas olardi…
Uy bekasi xonim yo‘q edilar. Katta zalda noyibning o‘zi ovqat stoli ketida choy ichib va gazet ko‘rib o‘tirardi.
– Ha, keldingmi, Miryoqub? Marhamat!
– Keldim, to‘ra. Qalaysiz? Omonmisiz? Bola-chaqa?
– Shukur. Yomon emas. Qani, o‘tir! Mana choy, marhamat qilib o‘zing quyib ich. Nondan ol. Mana sariyog‘, nonga qo‘shib ye. Konfet, shirin kulcha… bulardan ol. O‘z uying, taklifni kutma.
– Qulluq, to‘ra, – dedi Miryoqub o‘tirarkan. – O‘zim quyib ichaman. Yangi gaplar, yangi xabarlardan gapirib bering bizga. Kattakon gazetlarni o‘qiysiz…
To‘ra ko‘zidan tilla oynagini olib, stol ustiga qo‘ydi va o‘z tizzasi bilan stol o‘rtasida yoyilib yotgan gazetaga qarab dedi:
– Katta gazetlarda katta xabarlar bor, bir-biridan yomon…
Miryoqub kursini yaqinroq jildirdi, chiroyli bir chinoyoqq samovardan quyuqqina choy quygach, chinoyoq likopchasiga ikkita konfet olib qo‘ydi. So‘ngra qo‘ynidan gazetga o‘ralgan narsani olib ocha boshladi.
– Nima u? – dedi to‘ra. – Boya mahkamada aytgan narsangmi?
– Ha, to‘rt xat forscha bayt ekan. Shahobiddin domlaga ko‘rsatib edim. Umarxon zamonida qozi bo‘lib o‘tgan Ado degan bir shoirning bayti, o‘z qo‘li bilan yozilgan deydi.
– Unday bo‘lsa ko‘p ham eski narsa emas, – dedi to‘ra qo‘lyozmani olib turib. – Lekin chinakam mavlono Adoning xati bo‘lsa, tabarruk narsa. Rahmat senga, Miryoqub.
To‘ra yana ko‘zoynagini kiydi.
– «Limuharririhu…» Chiroylik xat… Mavlono Ado shuncha xushxat ekanmi? Sharqda, islom sharqida suratkashlik din tomonidan man qilingani uchun rivoj topmasdan, din tomonidan tarvij etilgan bu xattotlik san’ati yaxshi taraqqiy qilgan edi. Xo‘p, qani… o‘qib ko‘raylik…
«Gulrangli ko‘z yoshlari va sarg‘aygan yuzlar ajib go‘zal bo‘ladilar, xuddi zar yurgizilgan yoqut kabi go‘zal bo‘ladilar. Sen agar bodom singari boshdan oyoq ko‘zdan iborat bo‘lsang, hech narsa ko‘rolmaysan, ammo sevgi surmasi ila ochilgan ko‘z ravshan bo‘ladi».
To‘ra yerli xalqning til va adabiyotini juda yaxshi biladigan ma’murlardan edi. Ayniqsa, fors tili va adabiyotini yaxshi bilar, Turkiston tarixiga oid qo‘lyozma asarlarni har yo‘l bilan qo‘lga tushirishga tirishardi. Uning bu havasini bilgandan keyin, Miryoqub har qayerdan qo‘lyozma asarlar topib keltiradigan bo‘ldi. O‘zining yaqin oshnasi bo‘lgan Shahobiddin mudarris orqali uch-to‘rtta qimmatbaho narsalar topib berdi. Noyib to‘ra Miryoqubning bu xizmatlarini sira unutolmaydi. Buni Miryoqub o‘zi ham yaxshi biladi. Ikkovi ham biri-birining katta-kichik iltimoslari bo‘lsa, qo‘ldan kelgan qadar bajaradilar. Shu uchun sovg‘a-salom, tansiq qo‘lyozma asarlar va ba’zan oz-ko‘p pul xususida to‘ra Miryoqubga minnatdor bo‘lib turadi; amaldorning qo‘lidan keladigan ba’zi bir xil himoyat ishlari to‘g‘risida Miryoqub to‘raga minnatdor bo‘lib turadi. Ishqilib, qars ikki qo‘ldan chiqadi va hamma ish go‘zallik bilan bitib boradi! «Dunyoda hamma odam bolalari bizning ikkimizdek bo‘lsalar, dunyo jannat bo‘lardi» deb o‘ylaydi to‘ra. Miryoqub ham shunday o‘ylasa kerak: ikkovi bir jon, bir tan emasmi axir!
– Mavlono Adoning bu baytiga hech qayda duch kelmagan ekanmiz. Bu jihatdan ham bu yozmaning qimmati bor.
– Baytning ma’nosi nima, to‘ra?
To‘ra tushuntirib berdi.
– Go‘zal she’r… Umuman, Umarxon eslik podsho bo‘lgan edi. Mullo odam, o‘zi ham shoir. Vazirlari ham shoir edilar. Undan keyingilarning mazasi bo‘lmadi… Shahobiddin mudarris muning mavlono Adodan bo‘lganini qaydan bilgan bo‘lsa?
– Tagida qozining muhri bor deydi. O‘sha qozi mavlono Ado ekan…
– E, darvoqe, bunda muhr ham bor… shoshma… ha, mana, mana: «Qozi Abdillatif»… «Sayyidalmuslimin Amir Umar»… Chinakam, bu xat Umarxon davrining asari ekani ma’lum bo‘ldi. Ammo muni yozgan Ado bo‘lmasa kerak. Mavlono Adoning nomi Sultonxon bo‘lsa kerak… Men o‘qib edim. Abdillatif emas. Shahobiddin xato qilibdi. Sizning domlalaringiz munaqa narsalarni yaxshi bilishmaydi…
– Men bilmadim, to‘ra. Shahobiddin maxsum shunday dedilar. Men yana surishtirib yuribman, topsam olib kelib beraman.
– Hali ham ko‘p qimmatbaho narsalarni berding, Miryoqub. Sening madaniyatga xizmating katta. O‘tgan yil bir tarix kitobi bergan eding, u to‘g‘rida Petrograddagi kattakon majmualarga maqolalar yozdim. Sening nomingni ham ko‘rsatdim. Hozir u kitob to‘g‘risida Angliston, Farangiston va Lamsa (Nemis) mamlakatlarida kattakon majmualarga ko‘p narsalar yozildi. Rahmat senga, Miryoqub! Katta xizmat qilding.
Ikkovi ham jim bo‘lishdi. Bir ozdan so‘ng Miryoqub gap ochdi:
– Gazet xabarlaridan gapirib bering, to‘ra.
To‘raning bu choqqacha kulib turgan basharasiga birdaniga g‘am cho‘kdi. Qovoqlari solindi, lablari – bezgakday – yengilgina qaltirab uchdilar. Qo‘lyozmani stolga qo‘ydi.
– Shunaqa, do‘stim, ishlar yomon. Bizning adadi hammanikidan ko‘p bo‘lgan mudhish o‘rdumiz bir-bir ustin yengilayotir… Eng usta va eslik qo‘mondonlarimizning butun tadbirlari natijasiz qolayotir… Mustahkam qal’alar bir-bir ketin dushman qo‘liga o‘tmoqda, qancha viloyatlar, o‘lkalar, shaharlarni dushman egalladi…
– Oqpodsho qayerdalar? Bir chora ko‘rmaydilarmi? Hammamiz sevgan oqpodsho…
– Bu savolni, Miryoqub, biz hammamiz bir-birimizdan so‘raymiz. Hech qaysimiz javob topolmaymiz. O‘z-o‘zimizdan so‘raymiz. Tajanglanib, xafa bo‘lib, qizib so‘raymiz. Shoshilmay, taammul bilan, o‘ylanib turib so‘raymiz. Na o‘zimizdan javob bor, na boshqadan! Bu – mal’un savol, Miryoqub!
– Unaqa demang, to‘ra… Biz, sartiya xalqi, xudodan keyin oqpodshoga ishonamiz.
– Ishonganlaring yaxshi. Biz ham hammamiz sizlar singari ishonamiz. Faqat… og‘zingga ehtiyot bo‘l… faqat… ishonish boshqa, ish, amal, voqea – yana boshqa. Biri-biriga zid! Bilasanmi, Miryoqub, rus xalqining o‘qiganlari orasida ma’yuslik bor, og‘ir bir ma’yuslik bor. Ular butun bu baxtsizliklarni oqpodshoning o‘zidan ko‘radilar…
– Oqpodshodan? Hech bir podsho o‘z yurtini yovga bergisi keladimi?
– Senlarning xonlaring bilan bizlarning podshohlarimiz yurtlariga ko‘p ham achinmaydilar, shekilli… Senlarning Xudoyorxoningga «o‘ruslar Oqmachitni olib qo‘ydi» deganlar. Xudoyorxon «u yurtim necha kunlik yo‘lda?» deb so‘ragan, «bir oylik yo‘lda» deganlar. «Unday bo‘lsa, menga unaqa olis joydagi yurtning keragi yo‘q. Ola bersin» degan… Bizniki ham, vallohi a’lam, undan qolishmas.
Miryoqub nima deyishini bilmay qoldi. Bunaqa siyosatlarga sira aralashmagan va bu to‘g‘rida shu choqqacha hech bir bosh qotirmagan kishi bunday katta siyosiy masalalar oldida birdaniga shoshmasdan iloji ham yo‘q edi. Quruq bo‘lmasin deb gapga aralashib qo‘ydi:
– Ilgari bir oylik yo‘l bo‘lsa, endi poyezd bilan uch kunlik yo‘l bo‘lib qoldi…
– Havo kemasi bilan ertaga uch soatlik yo‘l bo‘ladi. Umuman, ertaga masofaning ahamiyati qolmaydi, Miryoqub. Bizning kattalarimiz asrning sur’atini anglamoq istamaydilar. «Shoshilmasang yetasan» degan maqol boshimizga bir balo bo‘ldi. Germaniya nega kuchlik?
– Siz bilasiz, to‘ra.
– Men, albatta, bilaman, sen ham bilib qo‘y. Germaniya sur’at bilan yutadi. Sur’at mashina bilan hosil bo‘ladi. Germaniya – bizdan necha barobar kichik, odami bizning uchdan birimizcha ham kelmaydi! Ammo bir qarich yeri temir yo‘lsiz, tosh yo‘lsiz emas. Bugun, aytaylik, Samarqandda bo‘lgan askarini ertaga Oqmachitga olib borib to‘ka oladi. Biznikilar bir izlik temir yo‘l bilan sudralib borguncha ish tamom bo‘ladi… Nimaga germanlar Farangistonda qarishlab oldinga jiladilar? Chunki Farangiston ham, Germaniya singari, sur’at degan narsani biladi. Texnikaga boy. Bizning shaldirama aravamiz, sizning anovi devsifat aravalaringiz butun-butun xalqlarni uxlatadigan narsa…
– Chora nima, to‘ra?
– Chorani o‘ylashga ham qo‘rqaman, Miryoqub, shoshma, bittadan ichib olaylik.
To‘ra o‘rnidan turib javonga tomon bora boshladi. Shundagi oyoq bosishidan Miryoqub uning bir oz shirakayf ekanini angladi. Demak, bu qadar zo‘r masalalarni hech o‘ylab o‘tirmasdan, og‘iz yeli bilan chiqarishi ichkilik ta’siri bilan edi.
– Kel, ichaylik, Miryoqub. Biz, ruslar, aroq ichishni hammadan yaxshi bilamiz… Senlar ham iste’dodli xalq ekansan, bizdan o‘tkaza boshlading…
Cho‘qishtirdilar. To‘ra allanarsaning sog‘ligiga ko‘tardi. Faqat Miryoqub «…sog‘ligiga» deganinigina anglab qoldi. So‘zning bosh qismi, g‘olibo, ichda aytilgan edi.
– Sen chora nima deb so‘raysan, – deya boyagi so‘zini davom ettirdi to‘ra, – chorasini topishdan biz, biz amaldorlar, ojizmiz. Durust, ichimizdagi dushmanga, qora xalqqa qarshi chiqish bo‘lsa – tadbiri oson. Qozoq o‘risimiz, mirshabimiz, jandarmamiz, askarimiz bor… fyusht!.. Xorijdan kelayotgan yovga biz ojizmiz, nima qilishimizni bilmaymiz. Biz bilan birga – bizning tomondan – jang maydoniga tushgan qironlar ham bizga ishonmay boshladilar. Bu – yomon, bu juda yomon hol, Miryoqub. Kel, yana bitta ichaylik…
– Chorani aytmadingiz, to‘ra. «Chorasiz dard yo‘q» deydi bizning hakimlar… «O‘lim bilan ishqdan boshqa hamma dardning chorasi bor» deydilar.
– Safsata hammasi, safsata… Chorani bizning ichki dushmanlarimiz, ya’ni inqilobiyun degan toifa ko‘rsatadi. Lekin o‘zicha ko‘rsatadi…
– Qani, nima deydi u toifa?
– Podshoni ham hayda, amaldorni ham hayda. Mirshablarni yo‘qot, jandarmlarni o‘ldir, urushni to‘xtat; boylardan – yer-suvni, fabrikachilardan – fabrikalarni, zavodchilardan – zavodlarni tortib olib xalqqa ber, deydi. Ularning xalq degani – qora xalq, yalangoyoqlar… Yurtni o‘shalar so‘rasin, deydi.
Miryoqub xoxolab kuldi.
– Noma’qul otning tezagini yepti o‘shalar! Savodi yo‘q, omi bir yalangoyoq kelsin-u yurtni so‘rasin emish… Boydan yerni tortib olib kambag‘al ekar emish… Kambag‘al shuncha so‘kib urishsangiz ham yeringizga bunday bir hafsala qilib ishlamaydi-yu… xo‘jayin bo‘lmasa, ishlar emishmi? O‘sha urushni to‘xtatsin degani durust… Urush chiqqandan beri yurt qimmatchilik bo‘lib ketdi. O‘ziga yarasha davlati, savdo-sotig‘i bor odamlarni jin ham urgani yo‘qku-ya… qayta, mollarning narxi oshib, biri besh bo‘ldi. Ammo shu qimmatchilik bo‘lgandan beri odamlarning ko‘ziga qarasangiz, qo‘rqib ketasiz, to‘ra.
– Habbarakalla! Bizning hamma xavfimiz – o‘sha «ko‘zlar»dan… ko‘zlar ko‘p xunuk qaraylar. U ko‘zlarning soni-sanog‘i yo‘q. Germonni yengsak, ko‘zlar yuvoshlanadi. Xudo saqlasin, agar shu xilda keta bersak, u ko‘zlar bizni yeb tashlashi mumkin…
To‘ra jim bo‘ldi. Miryoqub ham jim qolib unga tikilgan edi. To‘ra olis xayollarga ketib turib, boshini chaypadi. So‘ngra boshini og‘ir-og‘ir tebratib turib dedi:
– Xulosayi kalom, bu ulug‘ kema… bu buyuk «imperiya» dahshatli to‘lqinlar ichida zulmatga, belgisizlikka, yo‘qlikka qarab ketayotir. Uni to‘xtata oladigan va qutqarib qoladigan hech bir kuch ko‘rinmaydi… balki, unday kuch aslida yo‘qdir o‘zi…
– Bir so‘z aytdingiz, to‘ra… «Imper»mi, nimaydi?
– Ha, imperiya, imperiya.
– U nimasi, to‘ra?
To‘ra bir oz o‘ylab turgach, podshoning devoldagi suratini, so‘ngra o‘zini, yelkasidagi pogonini ko‘rsatdi.
– Mana shu imperiya…
Miryoqub hech narsa anglamadi. So‘ngra to‘ra og‘ir bir nafas olgandan keyin:
– Menga qara, Miryoqub, – dedi, – qo‘y endi bu gaplarni!
– Ha, qo‘ying, to‘ra, odamni xafa qiladigan gaplarni gapirmaylik. «Ertaning g‘amini eshak yeydi». Ertaga xudo poshsho egam…
– Hali Akbarali shu yerda deding. Uylanganiga bir hafta bo‘lmay turib shaharga nega tushdi? Bironta ish bilanmi?
Shundan keyin Miryoqub o‘zining g‘amxo‘r otaxoniga butun voqeani gapirib berdi:
– Eh-he, hali shunaqa degin!
– Ha, shunaqa, to‘ra. ,
– Akbarali ahmoq! Eshshak!
– Rost aytasiz, to‘ra, bir oz esi pastroq…
– Sizning shariatingiz to‘rt xotin olishga yo‘l qo‘yadi. Bu qonun, aslida, chakki qonun emas… Har bir erkak buni biladi… Faqat, u mundan yuz yil, ellik yil burun durust edi, zamon ko‘tarardi. Endi zamonlar boshqa, Miryoqub. Hozir to‘rt xotin olib, to‘rt tashvishni yelkaga ortishning nima hojati bor? Odam degan, albatta, bittaga qanoat qilolmaydi… bu ma’lum. Lekin buning uchun uylanib o‘tirish kerakmi? Bekorchi xarxashani ko‘paytirib nima qiladi kishi?
To‘ra ovozini pasaytira tushdi:
– Hoy-havas uchun mutloq uylanib o‘tirish shart emas. Sen o‘zimiznikisan, senga ishonib aytganda, mening bir oshnam bor: urushga ketgan ofitserning xotini. Yosh, chiroyli narsa. Yaqinda, ziyofatda bir savdogar boyning xotini bilan tanishdim… bu oqshom o‘shanikiga bormoqchiman… ochiq, dilkash narsa. Mana xolos! Ahmoq, Akbarali ahmoq!..
– Rost aytasiz, to‘ra, rost. Mana, men ham bittaga «qanoat» qilib o‘tayotirman-ku… hoy-havaslarim qolib ketayotgani yo‘q…
– Habbarakalla, – dedi to‘ra. – Xotining bitta, ayshing joyida…
Keyin barmog‘i bilan «hap seni» qilib turib:
– Sen, Miryoqub, yomonsan lekin… – dedi.
Miryoqub avval bir oz qizarindi, so‘ngra kulimsirab to‘raga qaragach, javob berdi:
– Xudovandikarimning rahmat daryosi keng deydilar, to‘ra. Shunga ishonib uncha-muncha erkalik qilamiz-da. Uncha-muncha…
– Tog‘day-tog‘day gunohlar ham uncha-muncha bo‘lar ekan-da.
Miryoqub xoxolab kuldi:
– Tog‘day-tog‘dayini endi sizdan o‘rganamiz, to‘ra, xudo xohlasa… Siz, axir, mulla odamsiz…
To‘ra ham qahqaha solib kuldi. So‘ngra devoldagi soatga qaradi: 8 dan 15 minut o‘tgan edi. O‘rnidan turdi.
– Sen o‘tirib tur, men kiyinib olay. Birgalashib chiqamiz.
To‘ra kiyinib chiqqandan keyin, Miryoqub ham o‘rnidan turdi.
– Qani, yur bu yoqqa. Boqcha tomondan chiqaylik. Xonim kelmagan, kampir uxlab qolibdi. Eshikni berkitib oladigan kishi yo‘q.
Ayvonga chiqdilar. Sahnga tushgach to‘ra to‘xtadi.
– Miryoqub, yangi gapdan xabaring bormi?
– Yo‘q, to‘ra.
– Tog‘ tomonda olomon qo‘zg‘olon ko‘tarib, bir-ikkita amaldornikiga o‘t qo‘yibdi. Ertaga tushdan keyin yonimga askar olib chiqib ketayotirman. Bugun ham o‘n yetti kishini ushlab keltirdilar. Olomon quturgan, deydi.
– Qachon kelasiz?
– Ikki-uch kun qolsam kerak. Sen Akbaraliga ayt, tezroq joyiga borsin.
– Xo‘p, jonim bilan. Biz ham ertaga chiqib borarmiz.
– Hozir har bir mingboshiga yana yettitadan yigit berish masalasini ko‘tardik, ehtimol, yaqinda ruxsat bo‘lib qolsa.
– Yaxshi bo‘lardi.
Bularning ovozini eshitib, oshxona tomondan to‘raning oshpazi Zunnun keldi. Miryoqub bilan ko‘rishdi.
– Miryoqub aka, chiqib ketayotirsizmi? Biznikiga bir kirib chiqing. Bitta choy damlab beray. Sizga bir gapim boridi…
Miryoqub to‘raga qaradi.
– Juda yaxshi! Bir oz choy ichib, gaplashib borarsan. Zunnunboy zerikkandir.
To‘ra kumush boshli hassasini yerga ura-ura panjara eshikdan chiqib ketdi. Bular oshxona tomonga burildilar.
Zunnun akaning uyi oshxona bilan don omborining o‘rtasida edi. Bu bir qavatli, tor derazali, xom g‘ishtdan yopilgan bostirmalar esa sahnning to‘risida, noyib to‘raning o‘z uylari o‘rnashgan pishiq g‘ishtli yaxshi binoning qarshisida bo‘linardi. Bu bostirmalarning keti boqcha va gulzor. Oshxonaning derazasi sahnga – oldinga qaragani holda, Zunnun aka turadigan uyning faqat boqcha tomondan bir kichkina deraza va eshigi boridi. U uyga oshxona orqali o‘tsa ham bo‘lardi. Oshxonadan ham sahn, ham boqcha tomonga eshik ochilardi.
Zunnun akaning uyiga kirmasdan gulzorda bir skamyaga o‘tirdilar. Miryoqub tezroq borib o‘zining yangi yulduzini yana bir ko‘rmoqchi va o‘z boshiga yolg‘iz qoldirilgan mingboshidan ham xabar olmoqchi edi. Mingboshi – boladay narsa… uni ko‘p ham yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi. Shu uchun Miryoqub choy qo‘ymoq uchun turayotgan oshpazni to‘xtatdi:
– Zunnun, men shoshilib turibman. Gapingni ayt. Tezroq bormasam bo‘lmaydi.
Miryoqubning ovozida allaqanday besaranjomlik ham yo‘q emasidi. Buni Zunnun payqadi.
– Nima bo‘ldi sizga, Miryoqub aka! Ovozingizda bir bezovtalik bor…
– Hech narsa bo‘lgani yo‘q, shoshilib turibman.
– Unday demang. Baribir, men bilaman. Bizning to‘ra ham juda xafa. Xonim bo‘lsalar tezda-tezda «Rusiyaga ko‘chib ketsakmikan?» deb qo‘yadi. «Sen ham ketasanmi?» deb so‘raydi. Ular dunyoning hamma hol-u ahvolini bilib turadigan odamlar, bir narsani sezishgandir-da. Men bu yerda har xil o‘ruslar bilan gaplashaman. Hammasi har narsa deydi. O‘ylab ko‘rsangiz, hammasining gapi bir: «bir balo bo‘ladiganga o‘xshaydi».
Miryoqub boshini ko‘tardi.
– O‘ruslar shunaqa deydimi? Qani, gapir, yana nima deyishadi?
– Aytdim-ku, hamma har xil gapiradi. Lekin gapning tagi bir joydan borib chiqadi: «bir balo bo‘ladiganga o‘xshaydi». Nima balo ekan, bizning aqlimiz yetmaydi. Har qalay, bir balosi bor.
Miryoqub ahvoldan bu daraja xabardor bo‘lgan odamdan sir yashirishni lozim ko‘rmadi:
– Rost aytasan, – dedi. – To‘ra menga ko‘p gaplarni aytdi. Biri-biridan vahimalik… Uning gaplarini eshitib, men o‘z-o‘zimga «zamona oxir bo‘pti. Qiyomat yaqin, shekilli» dedim…
– Shu uchun men sizni chaqirib edim.
Zunnun Miryoqubning yonginasiga o‘tirdi.
– Men qirqqa borib qoldim. Haligacha bitta boshim ikkita bo‘lgani yo‘q. Keng ko‘rpada yolg‘iz o‘zim qaltirab yotaman… Mening ham orzu-havasim bor. Uylansam, bala-chaqa ko‘rsam deyman.
– Juda yaxshi. O‘zingga loyiq bir qiz topiladi, albatta.
– Qiz tayyor… qishloqda mening bir xolam bor, o‘sha darak solib topgan ekan. Endi qistab yotibdi.
– Uylanaber, nimasi bor? Taraddingni qilaber, to‘yni birgalashib o‘tkazamiz.
– Men xo‘jayinning oldidan bir o‘tib qo‘ysammikan deb edim.
– To‘g‘ri, sening otaxoning bo‘lib qoldi. So‘raganing yaxshi.
– Shuni aytaman.
Zunnun kuldi. Miryoqubga tomon yana ham yaqinroq surildi.
– Shu to‘g‘rida xo‘jayin bilan gaplashib bersangiz deb edim.
– O‘zing-chi?
– O‘zim… betlayolmayman.
– Nega? Ayta ber.
– Siz aytsangiz deyman.
– Yaxshi, men aytay.
Miryoqub birdan suhbatdoshiga tomon burildi:
– Xonim bilan qalaysan?
– Juda qalin…
– Bo‘lmasa, unga ayt, eriga o‘zi aytadi.
Zunnun kulib yuborib o‘rnidan turdi, ikki qo‘lini chakkasiga qo‘yib, suhbatdoshidan besh-olti qadam yiroqlashdi. Unga orqasini o‘gurgani holda quyigaroq egilgan boshini qattiq-qattiq chayqab, so‘ngra birdaniga yugurib Miryoqubning yoniga keldi. Hamon qizarib kulishini davom etdirgani holda, Miryoqubga egilib, dedi.
– Siz bilmaysiz, xo‘jayin!
– Albatta, bilmayman. Sening ko‘nglingni men qaydan bilay? Gapir!
Miryoqubning bu so‘zlarida biroz qattiqlik asari boridi. U, g‘olibo, o‘ziga teng bo‘lmagan bir kishi bilan ortiqcha bachkanalanishni istamas edi. Holanki, Zunnunning qiliqlari bachkanalikka qarab ketdi. Zunnun suhbatdoshining ovozidagi o‘zgarishni payqadi va darhol uning yoniga o‘tirdi.
– Hamma balo xonimda-da! – dedi u.
Miryoqubning ko‘zlari olaydi. Yana suhbatdoshiga tomon burildi.
– Nimalar deb yotirsan?
– Xonim bo‘lmasalar erta qachon uylanib olardim, aka!
– Obbo xudo urdi! – dedi Miryoqub, irg‘ib o‘rnidan turdi. Boshini chayqadi. Ikkala qo‘lini Zunnunning yelkasiga qo‘ydi.
– Nima balo, senga ko‘ngli tushib qolganmi?
Zunnun zo‘r berib kulardi.
– Hoy tentak, gapir deyman! Nima balo bor o‘rtangizda?
Zunnun hali ham kulardi.
Shu onda birdaniga hovli tomondan xotin kishining chorlash ovozi eshitildi: «Zunnun! Zunnun!…» Bu xonimning ovozi edi.
Zunnun irg‘ib o‘rnidan turdi.
– Turing, darrov mening uyimga kiring! Chirog‘ni yoqmasdan deraza oldidan tomosha qiling…
Nafas o‘tmay Miryoqub deraza oldida o‘tirib tashqarini kuzata boshladi Zunnun gulzor o‘rtasidagi elektrik fonarni o‘chirdi, o‘zi yugurib oshxonaga kirdi. Oshxonadagi yorug‘ fonarning shu’lasi eshik tirqishidan uy ichiga shu’la tashlab turardi. Tashqarida – gulzor tomonda esa ola qorong‘ilik hukm surardi. Miryoqubning o‘tkir quloqlari oshxona tomonni tinglarkan, ikki kishining pichirlashib gaplashganini aniq eshitdi, yuragi objuvoz linkopiday ura boshladi:
– Shoshma, Zunnun, shoshma deyman! Bu yerda yaxshi emas…
– Bu yerda yaxshi emas deysiz… Uyimga kirgali unamaysiz…
Xonim sekin javob qildi:
– Mendan uni kutma! U to‘g‘rida gapirma ham! – So‘ngra ovozini bir oz pastlatib dedi: – O‘zing bir yaxshi mening uyimga kela bilasan… Shoshma, Zunnun! Sursan! Shoshma deyman senga! Xo‘jayining qani?
– Bir joyga ketdi! Kech kelaman, dedi. Zarur ishi bor ekan…
– Bas deyman! Karmisan? Vaqti bor har narsaning. Xafa bo‘laman bekor! Yana yarim kecha-saharlarda keladi desang-chi! Oh, bu erlar!..
– Ha, kechroq kelaman, dedi.
– Buncha sur bo‘lding? Mastmisan, nima balo? Yur, boqchaga o‘taylik. Darranda…
Birdan oshxonadagi fonar o‘chdi.
– O‘chirma! Zunnun, yoqib qo‘y, jonim…Yoq deyman!
Avval «cho‘p» etgan kuchli bir o‘pish eshitildi. So‘ngra fonar yondi. Undan keyin oy qorong‘isida qo‘ltiqlashgan ikki kishi deraza oldidan bir-ikki marta u yoq-bu yoqqa o‘tdilar. So‘zlari eshitilmasdi. Zunnun o‘z hunarini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi, shekilli, xuddi deraza qarshisiga kelganlarida xonimni mahkam quchoqladi-da, derazaning pastgina supachasiga o‘tqizdi. Miryoqub ichkarida yuragini hovuchladi: to‘raning xotini lablarini oshpaz Zunnunning lablariga qo‘yib uning quchog‘ida hansirardi…
Biror minutdan so‘ng xonim irg‘ib o‘rnidan turdi, shu onda oshxonaning eshigi ochildi. So‘ngra oshxonaning hovli tomonidagi eshigi oldidan xonimning so‘zlagani eshitildi:
– O‘zim aytaman… mana shu vaqtlarda… O‘zing bilasan-ku…
Oshxonaning u eshigi ham yopildi. Birozdan so‘ng Zunnun kirib o‘z uyining fonarini yoqdi. Miryoqubning rangi o‘chgan edi…
– Toza bo‘lgan ekan bo‘lgulik! – dedi u. – Hali gap shu degin?
– Bir-ikki yildan beri ahvol shu… Qani, yuring, gulzorga chiqaylik.
Gulzorga chiqib yana skamyaga o‘tirgach, Zunnun davom etdi:
– Mana shu ahvol. Gapini eshitdingiz-a? Bugun xo‘jayinning chiqib ketganini bilmay qoldi, o‘zi uyda yo‘q edi. O‘zi uyda bo‘lsa, bunday hollarda xo‘jayindan so‘raydi: «qachon kelasan?» deydi. «Yana yarim kecha-saharlarda kelarmikansan? Kutib o‘tiraylikmi? Samovarga bir qop ko‘mir tashlaylikmi?» deb o‘shqirib ham oladi. Xo‘jayin «bugun ish juda muhim. Garnizon boshlig‘i ishtirok etadi. Shu uchun kech kelsam kerak. Soat 2 dan avval kela olmasman… Sizlar bemalol yota beringlar» deydi. Xotinidan uzr so‘raydi bechora! U ketgan hamon xonim meni chaqirtiradi. Onasi oldida buyruq qiladi: «xo‘jayining kelguncha zalda o‘tir. Kelganda chiqib eshikni och. Sekin yur! Bizning uyqumizga xalaqit berma!» deydi. «Xo‘p» deb zalda qolaman. Zalning bir yonidagi eshik xonimning uylariga ochiladi, bir yonidagisi yo‘lakka, yo‘lakdan – ko‘cha eshigiga. Onasi bo‘lsa bola bilan birga, ho‘… narigi chekadagi uyda yotadi. U mana bu vaqtlarda dang qotib uxlab qoladi. Bola ham yuvosh, mo‘mingina… Men zalda qolaman. Zal bilan yotoq uyi o‘rtasidagi eshikning bir qanoti ochiq… Xullas, xo‘jayin jing‘iroq chalganda, sekingina o‘rta eshikni yopib yo‘lakka chiqaman-u uyqusirab, esnab, paypaslanib eshikni ochaman. Xo‘jayin, aksari, mast keladi, hech narsani bilmaydi. Hushyor kelganida «bor, endi, joyingga chiqib yot! Sekin yur, xonimni uyg‘otasan. Shu choqqacha taxtalik polda yurishni bilmaysan. Ho‘kiz!» deydi…
Miryoqub hayratlar ichida qolgan edi. Shuncha gapni eshitishga vaqti bo‘lmasa ham, shoshilganini unutib, diqqat bilan quloq soldi va birushta boshini chayqab o‘tirdi. Biroz o‘ylanib turganidan so‘ng boshini uzun-uzun chaypab:
– Imperiyasi tag‘in ham botmasinmi? – dedi u. – Necha ming, necha lak fuqaroning joni shularning qo‘lida. Bularning joni esa mana munaqa manjalaqilar qo‘lida ekan!..
– Nima deysiz endi, Miryoqub aka?
– Qaysi to‘g‘rida? Sening uylanishing to‘g‘risidami?
– Ha.
Xayoli boshqa tomonda bo‘lgan Miryoqub:
– Yaxshi, uylan! – dedi. – Qayliq olish yaxshi narsa.
– Uni bilaman. Xo‘jayinga aytish maslahatini so‘rab yotirman.
– Ha, u to‘g‘rini aytasanmi? Yaxshi. O‘zim gaplashib beraman. Lekin hali emas, bir-ikki oydan keyin…
– Ungacha qish kelib qoladi-da?
– Xotin degan qishda kerak-da. Yozda xotinsiz ham issiq o‘zi…
– Bor bo‘ling, topdingiz! Men sizga ishonib turaman, bo‘lmasa.
– Ertagayoq so‘rab berardim. Tushdan keyin xo‘jayining tog‘ tomonga chiqib ketar ekan. Ikki-uch kunsiz kelolmayman, deydi. Undan keyin biror hafta o‘tkazib o‘zim ham Qrimga jo‘nayman. To‘yni bizsiz o‘tkazma, Zunnun!
– Ha, albatta, albatta! Mingboshi tog‘am bilan siz ikkovingiz bo‘lmasangiz to‘y tatiydimi?
– Bo‘pti.
Zunnun yana kuldi.
– Ertaga xo‘jayin uyda bo‘lmas ekanmi?
– Shunday dedi.
– Menga qarang, Miryoqub aka.
Miryoqub burildi. Zunnun egilib turib so‘radi:
– Bizning xonim qalaylar? Tobingiz bormi shu kishiga?
Miryoqub birdaniga javob bermadi. O‘ylanib qoldi.
– Aytabering, aka. Men o‘z kishingizman…
– O‘zi qalay deb so‘rasang, chakki emas: semizgina, lo‘ppigina, badani oppoq, tarovatini saqlagan, ancha yosh ko‘rinadi… O‘zi ham 27 – 28 dan nari emasdir?
– 27 da bo‘lsa kerak.
– Ha, men adashmayman. Endi «tobingiz bormi?» deb so‘raysan. Nima deyishga hayronman… Biz, erkak xalqini o‘zing bilasan. Itmiz! Shayton hamma vaqt yelkamizda… Tizginni doim chapga burib turadi… Lekin, Zunnunboy, ikkovingiz ham yetib ortasiz bechoraga…
– Nega ikki kishi bo‘lsin? Bir kishi, xolos…
– Nima demoqchisan?
– Eri – nomiga er. U boshqa xotinlar bilan yuradi. Uning o‘ynashlari ko‘p.
– Sen qaydan bilasan?
– Men hammasini bilaman. Ba’zi birlarini o‘z xotini ham biladi. Uning menga buncha osilishi ham besabab emas. Ikki kishi demang, bir kishi. Menman, xolos! Ehtimol, tashqarida bo‘lsa… Yo‘q, agar bo‘lsa, sezardim, albatta. Siz menga qarang, ertaga xo‘jayin uyda bo‘lmasa, kechlatib keling. Allaqaysi bir mingboshi to‘raga bir to‘qqiz ilvarsin yuborgan ekan, uchtasini alohida tuzlab qo‘ydim. Yaxshi palov qilaman. Xonim ham bo‘ladi. Tobingiz bo‘lsa, u yog‘i oson…
Miryoqub indamasdan o‘rnidan turdi. Yonidan pul olib Zunnunga uzatdi.
– Yaxshi. Shomdan keyin kelaman. Mana bu pulga ichkilik ol… Ko‘ramiz.
Zunnun pulni olmoq istamasa-da, Miryoqub qo‘ymaganidan keyin noiloj olib, stol ustiga tashladi va o‘sha maqtanchoq kulishi bilan kulib turib:
– Ertaga kutaman, – dedi.
– Xo‘p, – dedi Miryoqub. Yana boyagiday bosh chaypab uydan chiqdi.
Nomerga qaytib borarkan, hamon boshini chaypab o‘z-o‘ziga so‘zlanardi:
– «Imperiyasi chiribdi… Yiqilsa ham hech kim tang‘irqamaydi. Mening miyamda shu bugun g‘alati fikrlar qo‘zg‘aldi. Nimaligini o‘zim ham bilmayman… Ilgari hech bunaqa gaplar yo‘q edi. Allakimdan allanimalarni so‘ragim, bilgim, o‘rgangim keladi. Bir pirni topib – tariqat so‘rasammi? Bir zakunchini topib – zakun so‘rasammi? Yo bir muallimni topib – masala so‘rasammi? Hayronman…»
– «Imperiyani kemaga o‘xshaydi deydi… Yo‘q, kema deydi, kema… Nimaligini bilsam edi! Imperiya nima desam, oqpodshoni, o‘zini, pogonini ko‘rsatdi. Oqpodshoning nimaligini o‘zi aytib berdi, o‘zining kimligini o‘zim bilaman, bugun yana ham ochiqroq bildim, ertaga juda ravshan bilsam kerak… Endi, yelkasidagi pogoni qoldi. U bir latta, zardan tikilgan bo‘lsa hamki, bir latta… Mashinachi tikadi. «Eshagiga yarasha tushovi» degan gap bor. Egasiga yarasha – pogoni… Demak, imperiya botishga tomon boradi».
– «Biz nima bo‘lamiz? Fuqaro nima bo‘ladi? Bizning topgan-tutganlarimiz, ortdirgan davlatimiz nima bo‘ladi? Azbaroyi xudo, kimdan so‘rasam? Shoshma, yangi oshnamdan, meni zanjirsiz bog‘lab qo‘ygan ayyordan so‘rayman! U, har holda, o‘rus-ku… o‘qigan-ku… biladi. Yo‘q, shoshma, u o‘zi nima bo‘ladi? O‘zi? Shunday katta imperiya botadi-yu, u sog‘ qoladimi? Nima, azbaroyi xudo, bu imperiya? Kimdan so‘rayman endi? Kimdan?!»
Soat o‘n birlarda nomerga kelib mnngboshining yoniga kirdi. U ikki xotinni ikki yoniga olib, ikkalasining bo‘yniga baravar qo‘l tashlab, mudramoqda edi… Kirgan hamon baland ovoz bilan qichqirdi:
– Turing, dodxo! Xirmonga o‘t ketdi!!!
Mingboshi seskanib uyg‘ondi, irg‘ib o‘rnidan turdi.
– Qayerda qolding, noinsof? Meni yolg‘iz tashlab?
– Kim noinsof? Ikki tannozning o‘rtasida o‘tiribsiz-ku, yana yolg‘izman deysiz…
– Zerikdim bularingdan… ko‘nglimga urdi. Yur, ketaylik!
– Qulluq bo‘lsin itlikning yo‘qolishi! Xudoga shukur, ming qatla shukur, odam bo‘libsiz.
– O‘tir! – deb baqirdi mingboshi.
Ikkala xotin cho‘chib tushdi. Miryoqub yoyilib-yoyilib kuldi.
– Qayerda qolding?
– Imperiyaga o‘t ketgan ekan. O‘chirishgali borib edim…
– Nimaga?
– Imperiyaga… Imperiya…
Xotinlarning biri muning yoniga o‘tdi.
– Siz «imperiya» dedingizmi? – deya gap boshladi xotin. – Bizning shahrimizda «Imperial» degan bir nomer bor edi. Tog‘ning shundoqqina tepasida, pastda – daryo. Nomerning oldi – bog‘, bog‘ning oldi – pastlik, jar…
– Imperiya o‘zi ham jar bo‘yiga kelib qolgan emish, – dedi Miryoqub. Xotin uning yoniga suqulib kirib:
– Nima dedingiz? Anglamadim, – dedi va qo‘lini Miryoqubning yelkasiga tashladi. Miryoqub uning qo‘lini muloyimlik bilan o‘z yelkasidan olib qo‘yib, o‘rnidan turdi-da, mingboshiga yuzlandi:
– Men ketdim! Eski shaharda ishim bor.
– Shoshma! – deb baqirdi mingboshi. – Men ham birga ketaman!
– Siz buguncha shu yerda yotaturing. Qorningiz to‘qdir, albatta?
– Qornim to‘q, ammo zerikdim. Qachon ketamiz?
– Indinga erta bilan, sahar, xudo xohlasa. Zerikkan bo‘lsangiz, ertaga boshqa nomerga ko‘chiraman. U yer yaxshi.
– Indinga ketadigan bo‘lsak, menga bir dutor chalib ashulla aytadiganini topib ber. Bu til bilmaslaring bilan zerikib ketdim…
– Xo‘p, xo‘jayin. Ertaga kunduzi hammasi bo‘ladi. Indingacha imperiyani botiramiz…
– U nima deganing?
– «Itlikni o‘ldiramiz!» deganim… Yaxshi tush ko‘rib yoting, xo‘jayin! Xayr endi, xonimlar!
Tez-tez hatlab tashqariga chiqdi. Ayvonga o‘tishi bilan o‘z uyidagi qizil fonarning shu’lasi ko‘rindi. «Demak, mening uyimda».
Eshikni sekingina ochdi. Yosh xotin stul ketida kitob o‘qib o‘tirardi… Miryoqubni ko‘rgach, o‘rnidan turib joy bo‘shatdi va to‘riga taklif qildi. Miryoqub soddagina ko‘rishib, to‘riga uni o‘tqazdi va o‘zi pastga o‘tirdi. Avval yosh xotinning ko‘zlariga qaradi: horg‘inligi, uyqusiraganligi ochiq ko‘rinib turardi. Kartga qaradi: odam yotgani bilinmaydi. Shundan so‘ng ko‘nglida bir sevinch qo‘zg‘aldi, butun badanini bir zavq o‘rab oldi… Yana yosh xotinga tikildi: u bir bet qolgan kitobni oxiriga yetkazmoq uchun urinardi. Bu daf’a Miryoqub xuddi o‘zining necha yillik sinoqta xotinini ko‘rganday bo‘ldi. Bu xotin go‘yo necha yildan beri har kun shu ravishda muni kutib umr o‘tkazgan… Imperiya esidan chiqdi. Xotin kitobni bitirguncha, bu jimgina o‘tirdi. Kitobni o‘qib bitirgach, xotin yengilgina, ehtiyot bilangina esnab oldi-da, so‘ngra bu ishidan o‘zi uyaldi, shekilli, yuzini qo‘li bilan to‘sib kuldi. Yumshoqqina kuldi… Betlariga qizil qon oqinlari yugurgan edi. Miryoqub ham kuldi va sekingina o‘rnidan turdi.
– Xo‘p, yotib uxla bo‘lmasa, men eski shaharga tushib ketayotirman.
– Yaxshi, bora bering. Bugun xo‘jayin eshikni chertib kelgan edi, «tobim yo‘q» deb kiritmadim.
– Nima deydi?
– «Bir sart boyvachcha keldi. Besh yuzdan kam olmaysiz. Maqsadingizga yetdingiz… O‘zi ham yosh, chiroylik, original…» deydi. «Yaxshi, indinga kelsin. Tobim qochib turibdi, vannada sovuq oldiribman…» dedim. «Attang, attang…» deb qaytib ketdi.
O‘zi xohlamasdan, bo‘lib-bo‘lib, oddiy ovoz bilan bu voqeani so‘zlab bergan xotin endi bu safar xuddi yolvorishga yaqin bir ovoz bilan dedi:
– Ertaga shu yerdan ketarmikanmiz?
– Albatta, erta bilan kelib o‘zim to‘g‘rilayman.
– Narsalarni qanday qilamiz?
– Narsalaring ko‘pmi?
Xotin kuldi.
– Bir chamadon, xalos.
– Oson ekan. Ertalab shu uyga chiqarib qo‘yalasanmi?
– Ertalab bo‘lmas, kechasi bir ish qilib eplarman.
– Unday bo‘lsa, xotirjam. Sen kiyimingni kiyib chiqaverasan, tamom!
Miryoqub chiqib ketishga mo‘ljallay boshladi.
– Yo‘q, shoshmang! – dedi xotin. – Men bu pasportim bilan u yerda turolmasman…
– Obbo! – dedi Miryoqub. – Hali bu masala ham bor ekan.
– Nima qilamiz? – deb so‘radi xotin.
Miryoqub o‘ylanib turib dedi:
– Bir yo‘lini toparmiz… shoshma.
Bir ozdan so‘ng yuzlari kulib, keskinlik bilan dedi:
– Xotirjam bo‘l, pasport topaman. Ertaga erta bilan qo‘lingda bo‘ladi.
– Tashakkur etaman.
Miryoqub tashakkurga javob qaytarishni bilmasdi… Lekin u shu topda, negadir, o‘zi ham xursand bo‘lib, allanechuk charaqlab ochilib ketdi. «Miryoqub epaqa har ishni eplaydi» degan xayolga bordimi, yo boshqa bir yoqimli xayolga bordimi, har qalay, ta’bining choqligidan bo‘lsa kerak, yosh xotinning yoniga borib peshonasidan bir o‘pib olmoqchi bo‘ldi. Faqat, yana darrov o‘zini to‘xtatdi: «Yo‘q, qizigan olovmiz ikkovimiz ham… Qancha yiroq bo‘lsam, shuncha yaxshi…» – dedi o‘z-o‘ziga.
– Xo‘p, yot, orom ol, bo‘lmasa. Eshikni ichidan berkitib yot!
Miryoqub irg‘ib o‘rnidan turdi.
– Tabiiy, – dedi xotin, u ham sekingina o‘rnidan turib eshik tomonga yurdi.
Miryoqub ayvonga chiqqach, ichkaridan kalitning sharaqlagani eshitildi. «Men uchun ochiladigan eshik boshqalar uchun yopildi!» – dedi u o‘z-o‘ziga. Xursand, ko‘ngli ochilgan, allanechik yengillagan, ko‘zlari, yuzlari, butun borligi bilan kulgani holda ildam-ildam bosib ko‘chaga chiqdi.
Muyulishda uxlab yotgan izvoshchini uyg‘otib, ikki otni choptirganicha, yarim kechada noyib to‘ra mahkamasining kotibi Ignatyukni qidirib ketdi.
Kecha kechasi ko‘cha eshigi zinasida arvaq Ignatyukning quruq changaliga qistirilgan o‘n so‘mlik qog‘oz o‘z vazifasini bajargan edi: ertalab soat 10 da mahkamaga kelib kirgan Miryoqubning qo‘liga Ignatyuk bir yangi pasport uzatdi. 24 yashar Yevdokiya Zaxarovna Kabilina nomiga yozilgan bu muddatsiz pasport yosh xotinning kechagi tashvishini tamoman bartaraf qila olardi. U yozlik kiyimini kiyib chiqib, to‘ppa-to‘g‘ri birinchi klass nomerga bordi va o‘zi uchun ajratilgan kichkinagina chigiling va soz uyiga o‘rnashdi. Bir soat o‘tar-o‘tmas narigi nomerning yo‘g‘on gavdali, devsifat, uzun soqol xizmatchisi bir qop ichiga solib xotinning chamadonini keltirib berdi. Uning narigi nomerdagi xonasida endi hech narsadan xabari yo‘q xizmatchi xotindan boshqa narsa qolmagan edi…
Miryoqub mingboshini ham boshqa bir nomerga ko‘chirgandan keyin, o‘z nomerining hisoblarini tamomlab, nomer egasi do‘stiga qo‘l uzatdi:
– Xayr endi, men qishloqqa jo‘nayman.
– Xayr, Miryoqub, kelib tur, do‘stim. Xotin qalay?
– So‘rama. Bir-ikki kundan keyin yana kelaman…
– Arziydi… arziydi, cho‘rt vazmi! – dedi xo‘jayin. O‘zidan xursand bo‘lib kuldi. So‘ngra so‘radi: – Qancha berding?
– Ishing nima?
– Aytaber… himmatingni bilayin deyman. Kechadan beri o‘zi ham senikidan chiqmaydi.
– Menikidan chiqmagani rost, faqat notob o‘zi…
– Sen uni sovuqqa oldirib qo‘ygansan. Kecha bir boyvachcha kelgan edi. «Notobman» deb chiqmadi. Sen menga katta zarar keltirding. Vagonchi boyning o‘g‘li edi… Vahob… Bilasanmi? Ana, pul degan narsa o‘shanda! Bir quchoq!
– Bu xotin shu yerda bo‘lsa, vagonchi boyvachchalar ko‘p keladi hali… Shoshma!
– Albatta, albatta! Har holda qancha berding? Ayt!
– Ko‘p emas, faqat… ming so‘m!
– Ming so‘m?! Rostmi?
– Nega yolg‘on bo‘lsin? Ming so‘mlik chek berdim. Bankaga ketdi.
– Cho‘rt vazmi! Bir yarim mingdan oshib ketibdi… «ketaman» deb qolmasin.
– Pul shirin. Qancha ko‘paysa, yana shuncha ko‘paytirgisi keladi.
– Rost aytasan. Bir ish qilib yana bir-ikki hafta olib qolaman. Qo‘yamanmi men?
– Sen qo‘ymaysan, bilaman. Xayr endi!
– Yaxshi bor!
Miryoqub o‘z do‘stining ahmoqligidan kulib ko‘chaga chiqdi.
– Ertaga erta bilan qishloqqa jo‘nayman, – dedi u ko‘ngli ilingan xotinga. – Ko‘p bo‘lsa besh kun turib qaytaman. O‘sha kuni jo‘nab ketishimiz kerak.
– Men sizga ko‘p tashakkur qilaman, aziz do‘stim. Siz, chinakam, aziz do‘stim bo‘ldingiz. Keling, men sizni bir singil sifatida o‘pib qo‘yay…
Miryoqub bu so‘zlarning ma’nosiga tushunguncha, yosh xotin kelib peshonasidan o‘pdi. Bu o‘pish har qanday yaramas hisdan uzoq va ehtiyotli bo‘lsa-da, xotin kishining bu qadar yaqinlashib kelishi Miryoqubni dir-dir titrashga majbur qildi. Unga nisbatan xotin juda tinch va loqayd edi. O‘pib bo‘lgandan so‘ng Miryoqubning yonidan uncha uzoqlashmasdan uning qop-qora va besaranjom ko‘zlariga tikilib turgan xotin, g‘olibo, uning shu topda kechirayotgan talvasalaridan xabardor emasidi. Miryoqub bir-ikki qadam orqaga chekindi.
– Eski pasport qani?
– Nomerda qoldi.
– U kerak emasmi?
– Yo‘q, yo‘q, yo‘q! Yaxshi bo‘ldi, juda yaxshi bo‘ldi. Men butun qora kechmishimdan qutuldim. Rahmat sizga, men bundan so‘ng Mariya Stepanovna Ostrova emasman – Yevdokiya Zaxarovna Kabilinaman. Xunuk nom, xunuk familiya… o‘zim yoqtirmayman. Lekin menga bundan nari shu nomdan qadrli narsa bo‘lmayajak! Yo‘q, kechiringiz, bu nomni menga bergan kishi, albatta, undan qadrliroq! Rahmat sizga, aziz do‘stim.
Yana kelib, Miryoqubning bir qo‘lini ikkala qo‘li orasiga oldi va silkitib-silkitib siqdi. «Qanday qizg‘in va yoqimli qo‘llar!..»
– Rahmat, aziz do‘stim!
«Arzimaydi» deb qo‘yishni bilmaydigan bu go‘l «aziat» butun vujudi bilan yana qaltiray boshlagan edi. Tag‘in ikki qadam orqaga chekildi. Eshik oldiga yetib qoldilar. Buni payqagan xotin orqasiga qaytdi va uni o‘tirishga taklif qildi.
– Yo‘q, men ketaman. Eshikni ichidan berkitib o‘tir, tashqariga chiqa ko‘rma… – dedi Miryoqub. Orqasi bilan eshikni ochib yo‘lakka chiqdi. Eshik yana ichidan berkitildi… «Boshqalar uchun yopildi, men uchungina ochiladi bu eshik!» – deb o‘yladi Miryoqub yana. O‘zida yo‘q, yugurganicha zinadan tusha boshladi.
Ichkarida o‘z ixtiyori bilan qamalgan yosh juvonning ko‘zlari shu topda sevinch yoshlari ila ho‘llangan edi…
– Keling, Miryoqub aka. Kechikib qoldingiz?
– Ha, ertaga ertalab qishloqqa jo‘naymiz. Ishlarni bitirishim kerak edi.
Oshxonadan uyga o‘tdilar. Zunnunning uyi juda chiroyli qilinib yig‘ishtirilgan edi. Yerda katta yangi gilam, devollarda suratlar, o‘rtada katta stol, oppoq dasturxon, stol to‘la noz-ne’mat, ichkilik… Derazada chiroylik to‘rpardalar. Stol tegrasi to‘la kursi.
– Uyingni tanib bo‘lmaydi, Zunnun.
Zunnun o‘sha burungi kulishi bilan kuldi.
– Hammasi xonimning ishlari…
– Bo‘lmasa, sen uylanib nima qilasan?
– Bola-chaqa, ro‘zg‘or ko‘rgim keladi.
– Bolasi yo‘qlar bolaga qiziqadi. Lekin bolaning «balo» bo‘lgani ham bor…
– Yo‘q, Miryoqub aka. Men bolani yaxshi ko‘raman!
– Xo‘p. Men kurortdan kelay, darrov to‘yingni qilamiz.
– Tezroq keling, ishqilib…
– Qani, hech kim yo‘q-ku?
– Kelishadi. Xonim keladilar…
– Boshqa?
– Boshqa yo‘q. Xo‘jayin jo‘nab ketdi. Uni ham chaqirib edim, uzr aytdi. «Bizning kichkinagina bir hayitchamiz bor, xo‘jayin, Miryoqub akamlar keladilar» – dedim; «Mening o‘rnimga xonim borib bir piyola choyingni ichib, Miryoqub bilan gaplashib keladi» – dedi. Xonimga mening o‘z oldimda tayinladi. Xonim, men sizga aytsam, erining oldida noz qilgan bo‘ldi. Peshonasini uqalab, bo‘shashgan bo‘lib, «boshim og‘rib turibdi…» deydi. «Boshing og‘risa, piramidon ichib, jindak uxla, kechgacha yozilib ketasan. Zunnunni o‘ksitma!» – dedi xo‘jayin. Bo‘lmasa, undan ilgari xonim bilan gaplashib, gapni bir joyga qo‘yganmiz…
– Shoshma, – dedi Miryoqub, – u seni yaxshi ko‘radi… seniki bo‘lib qolgan. Men nima qilaman bu yerda?
– Qiziq ekansiz, Miryoqub aka. Meni sevsa, erim deb sevarmidi? Yo men o‘sha bilan umr o‘tkazarmidim? Shunchalik gap-da… ermak… Ana, kelayotir. Jindak kayf qilgandan keyin yoniga o‘tib, dadil-dadil tegisha bering. Bu kecha men bu yerda yo‘qman! Tuzukmi? – dedi Zunnun.
Chopib chiqib ketdi. Xonim, uning bolasini ko‘targani holda onasi kirib keldilar. Deraza eshiklarining ohistagina taraqlab yopilgani eshitildi.
Hammalari Zunnunni qutladilar va stol tegarasiga o‘tirib, uning sog‘ligiga qadah ko‘tardilar. Xo‘jayinning yo‘qligiga achindilar. «Unday olijanob va ko‘ngilchan kishining bu zamonda kamyob ekanini» so‘zlab o‘tdilar. Xonim ikki gapning birida o‘z oilasi a’zolarining odam bolalariga mehribon va ulfat bo‘lganini qayd etib o‘tardi.
Xonim hirsli va maylli ko‘zlarini suza-suza Zunnunga qarab olib:
– Biz hammamiz Zunnunni yaxshi ko‘ramiz, – dedi. – Bu bizning oilada eng qadrli kishi. Bizning hovlimizga kelgan vaqtida 12 – 13 yashar bola ekan. Endi, mana, kap-katta kishi bo‘ldi. Yaqinda uylab qo‘ymoqchimiz… Shunday-a, Zunnun, azizim?
Zunnun uyalib qizardi.
– Valya, uyaltirma Zunnunni, – dedi onasi.
Zunnun tez-tez ichkilik quyib, ularni ichishga qistardi.
Xonim stol ustidagi bir chiroylik shishani Miryoqubga ko‘rsatib:
– Eng sevgan likyorim, – dedi. – Mast bo‘lguncha icha beraman… Juda nafis narsa.
– Ataylab siz uchun oldim! – dedi Zunnun.
– Zunnun mening zavqimni yaxshi biladi…
Xonim katta bir sir aytganday qilib tog‘ voqeasini aytdi:
– Bilasizmi, biz bunda ichishib o‘tiribmiz. Xursandmiz. Yaxshi do‘stlar to‘planishganmiz. Fedya sho‘rlik nima holdaykin? Bilasizmi, yuz ellikta soldat bilan, to‘p-to‘pxonalar bilan ketdi. Tog‘ odamlari juda mergan keladi. Mening Fedyam, siz bilmaysiz, juda yovyurak narsa. Soldatlardan oldinda o‘zi chopib ketadi… qilichini sug‘urib! Birorta sartiya qirg‘iz mergani otib qo‘ymasin deb qo‘rqaman. Xotya sartlar uni yaxshi ko‘rishadi… O‘zingiz bilasiz, tilni juda yaxshi biladi. Sart kitoblarini o‘qiydi. Sartcha yozadi. Sartlar uni «Parpi to‘ra» deyishadi… Bilasizmi, u o‘zi ham sartlarni juda yaxshi ko‘radi. Yuvosh, qo‘yday xalq, deydi. Qancha jabr ko‘rsa, qiynalsa ham «xudo!» deb tura beradi, deydi. Sartlarning shu dindorligini, ayniqsa, yaxshi ko‘radi.
Zunnun xo‘jayinning sog‘ligiga ko‘tardi. Qadahlarning jaranglashidan mukammal bir simfoniya hosil bo‘ldi.
– Ilohim, eson-omon qaytib kelsin… Ilohim. Yuragim uzilib ketayotir… Bilasizmi, sartlar ham endi aynib qolishdi. Ko‘p ichkilik ichishadi. Mastlik qilishadi. Yangi shahar buzuqxonalarida bir-biriga pichoq solganlari ko‘p bo‘lar ekan. Mast bo‘lib qolsa, sart juda yomon yovvoyi bo‘larmish… Qani, ko‘taring, Miryoqub, sartlarning sog‘ligiga…
Ichdilar. Xonim biroz aljiy boshladi.
Biror soat o‘tgach, xonimning onasi o‘rnidan turdi.
– Bola uxlab qoldi, endi men ketay. Yaxshi qolinglar! – dedi.
Xonim ham turdi:
– Endi men ham boray. Kunduzi ko‘p yurib charchabman… Kechir, Zunnun!
Zunnun «yo‘q, yo‘q» degan ma’noda qo‘lini chaypadi:
– Sizga javob yo‘q, xonim! Siz – xo‘jayin tomonidan vakilsiz. O‘tirasiz bir oz. Hali ko‘p gaplashamiz. Ertaga kunduzi uxlarsiz.
– Ha, shunday bo‘lsin! – dedi Miryoqub.
Kampir qiziga yuzlandi:
– Sen o‘tir, Valya, gaplashib borarsan. Vaqt hali erta, uyga borganing bilan uyqung kelmaydi. O‘zing yolg‘iz zerikasan.
– Xayr, mayli, – dedi xonim, – bo‘lmasa, besh minutga ruxsat beringlar. Uylarni berkitib, eshiklarni qarab kelay.
Chiqdilar.
– Muncha sergap ekan bu xotin? – dedi Miryoqub. – Gramafon-a!
– Endi bildingizmi? Juda ochiqko‘ngil narsa. Ichib qizigandan keyin o‘zi ham ochilib ketdi…
Miryoqubga yaqin keldi:
– Uyni berkitib kelaman dedimi – bo‘ldi. Endi hamma gap o‘zingizda!
Miryoqub ham aroq quvvati bilan qizisha boshlagan edi…
Xonim kelib kirib, uyning kalitini deraza tokchasiga qo‘yganda, ikkala erkak uni chapak bilan olqishladilar.
Yana ichish boshlandi. Mastlik avj olardi. Xonim bir to‘xtamay gapirardi. Miryoqub o‘ziga tanish «imperiya»ni yana necha marta eshitdi. Faqat, endi undan osonroq gapni ham anglaydigan holda emasdi. Ko‘zlari cho‘qqa aylangandi. Xonimning ko‘zlari esa suzilib yumila boshlagan edilar. Faqat, ayyor Zunnun boshqalarni ko‘proq ichirib, o‘zi kamroq ichar, hushyorligini qo‘ldan bermasidi.
– Turing o‘rningizdan, Miryoqub aka! – dedi u. – Xonimning yonlariga o‘ting. Zerikmasinlar…
Miryoqub biroz dovdiranib xonimning yoniga o‘tdi.
– Mumkinmi, xonim?
Xonim ko‘zi bilan yonidan joy ko‘rsatdi:
– Pojasta…
Miryoqub o‘tirar-o‘tirmas qo‘lini xonimning yelkasiga tashladi. Xonim og‘irlashgan boshini burib, mast ko‘zlari bilan eshik tomonga qaradi. Zunnun uyda emasdi. Shundan so‘ng yana Miryoqub tomoniga burilib, qo‘lini uning yelkasiga tashladi. Yana ichdilar… Xonim hamon so‘zlardi. Faqat, so‘zlari tomchilab tomizilayotgan dori singari bitta-bitta to‘kilib borardi. Xonim tamom mast bo‘lgan ko‘zlari bilan goh-goh eshik tomonga qarar, Zunnunning kirishini kutardi. Zunnun kirmadi. Yana ichdilar… Yana ichdilar…
Miryoqub sharpa sezib ko‘zini ochgan vaqtda, xonim oyna qarshisida sochlarini tuzatmoqda edi. Miryoqub o‘rnidan turmoqchi bo‘lib yostiqdan boshini ko‘tardi. Xonim darrov orqasiga burilib, uni ko‘rgach… qizarib kuldi.
– Shoshmay tur, Miryoqub, azizim, – dedi. – Men chiqib ketay, so‘ngra turarsan. Qarama menga…
So‘ngra sekin kelib kartga o‘tirdi:
– Endi men uyga boray. Ko‘p ichib qo‘yibmiz, boshim og‘rib yotir… – dedi, labini Miryoqubga uzatdi.
– Ko‘rishib turaylik, – dedi Miryoqub.
Xonim ochilib kuldi:
– Jonim bilan… – dedi eshikdan chiqa turib.
Miryoqub kiyinib tashqariga chiqqan vaqtida tong yorishib kelardi. Oshxonadan Zunnunning besaranjom xurragi, yiroqlardan xo‘rozlarning cho‘zib-cho‘zib chaqirishlari, hovli tomondan ochilayotgan eshikning sharpasi eshitilardi…
Hamma uyquda…
Miryoqub ko‘chaga chiqdi. Doim bir-ikkita izvosh to‘xtaydigan joyga – uyezd mahkamasining narigi muyulishiga bordi. O‘ndan ortiq izvoshchilarning qator-qator chizilib turganlarini ko‘rdi. To‘g‘ri borib bittasiga chiqdi. Izvoshchi unga tomon burilib:
– Tushing, aka, biz bandmiz, – dedi.
Naridan rus mirshab qichqirdi:
– Kim u? Tush aravadan!
Miryoqub izvoshdan tushdi. Hayron bo‘lib u yoq-bu yoqqa qaradi. Mirshab yetib kelib, izvosh fonarining mazasiz yorug‘ida uning yuziga qaradi. Tanigan bo‘lsa kerak, sizlab gapirdi:
– Bu yerda turmang, aka. Bu izvoshlar band. Yarador soldatlarni lazaretga olib borishadi.
Miryoqub boshini chaypay-chaypay, eski shaharga – hammomga tomon piyoda yo‘l soldi. Boshi og‘irlashgan, garang, qovoqlari toshday qotib ketgan, tizzalari o‘z-o‘zidan bukilib borardi. Uning miyasida yana ikkita Miryoqub paydo bo‘ldi: biri – tergovchi, yana biri – javobgar.
Eski shahar bilan yangi shaharning orasi yiroq edi. Uyushgan, majolsiz va bo‘shang oyoqlarini sudrab, eng yaqin hammomga yetib borgunicha tong otib, ko‘cha-ko‘yda odamlar o‘rmalasha boshladilar. Lekin qancha ezilgan bo‘lsa ham Miryoqub yo‘lning uzoqligini sezmadi. Chunki miyasi ajib bir quvvat bilan harakatga kelgan va zolim tergovchi borgan sari zabtini oshirib tergardi:
– «Xo‘sh, Miryoqub, kayfing qalay?»
– «Joyida… Kayfim joyida…»
– «Yolg‘on gapirma, Miryoqub. Sen tergovchi qoshidasan. Biz ko‘nglingda yozilganlarni baralla o‘qib turibmiz. Veksildan yo yer vasiqasidan sen qanday kopiya olsang, biz ham sening ko‘nglingdan o‘shanaqa kopiya olganmiz. Shu uchun rostini ayta bersang – o‘z hayriyating. Baribir bizni yolg‘on gapga ishontirolmaysan. Xo‘sh, gapir: kayfing qalay?».
– «Kayfim uncha joyida emas…»
– «Habbarakalla, gapir, gapir!»
– «Ta’bim kir, ko‘nglim aynigan, allanarsadan jirkangan kabiman…»
– «Allanarsadanmi? Yo allakimdanmi?»
– «Bilolmadim».
– «Yaxshiroq o‘yla. Allakimdan bo‘lmasin?»
– «Allakimdan desam ham bo‘ladi. Lekin kimligini bilolmayman».
– «Bilolmasang, biz yordamlashamiz. Menga qara, kimdan jirkanasan? Miryoqubdan emasmi? Nega indamaysan? Nega daming chiqmay ketdi? Biz to‘g‘ri aytgan ekanmiz, bo‘lmasa? Shundaymi?»
– «To‘g‘ri aytdingiz, Miryoqubdan jirkanaman…»
– «Haqqing bor, haqqing bor! Miryoqub qancha balandparvoz bo‘lgani bilan, o‘z bo‘yidan ortiq ko‘tarilolmaydi. Chunki u – bir it! Olchoq, past va ayanch bir it! U o‘z-o‘zini goh arslon rangiga, goh qoplon rangiga, goh sher va goh er bo‘yoqlariga bo‘yab ko‘rsatadi. Faqat, ohakka ag‘anab kaptarlar orasiga kirgach, yana o‘z ovozi bilan «g‘o-og‘, g‘o-og‘!» deb yuborgan go‘ngqarg‘a singari uning asil itligi barala ko‘rinib turadi. Doim ko‘rinib turadi. Miryoqub Akbarali mingboshini haqir ko‘radi, xo‘rlaydi, uning itlanishidan kuladi. Uyalmaydi Miryoqub, xijolatidan yetti qat yer ostiga kirib ketmaydi. O… uni yer ham o‘zining mahram qo‘yniga olishdan tortinadi, chekinadi!..»
– «Men o‘zimni tergovchi oldida deb bilib, faqat savollarga javob berishga tayyorlangan edim. Endi ko‘ramanki, o‘sha tergovchining o‘zi qoralovchi sifatida chiqa boshladi. Men nima qildim endi? Qaysi biriga nima dedim?»
– «Sen jim tur, Miryoqub! Biz kerak bo‘lganda so‘roq so‘raymiz, kerak bo‘lganda qoralash nutqi bilan o‘rtaga chiqamiz. Sen chidab tur, Miryoqub! Senga Miryoqubni himoya qilishga yo‘l qo‘yiladi. Sen hali so‘z olasan, gapirasan. Shoshilma! Shoshma! Vaqtini, soatini kut! Har narsaning vaqti bor!
– «Men munday tergovchi va munday qoralovchiga javob bermaslikka o‘zimni haqli sanayman!»
– «Nima deding, qahramon Miryoqub? Hali tergovchi bilan qoralovchiga e’tirozing, noroziliging ham bormi? Sabab?»
– «Ko‘p odamlar ot bilan xachirni ajrata olmaydilar. Bunga hech narsa deb bo‘lmaydi. Bu – mumkin, chunki ular bir-birlariga o‘xshab keladilar».
– «Xo‘sh, xo‘sh? Qani, gapir-chi!»
– «Ammo ot bilan eshakni ajratolmaydigan odamlar adolat mansabiga o‘tirib birovni tergamasin va qoralamasinlar. Bunga ularning haqlari yo‘q!»
– «Xo‘sh, Miryoqub, gapir! Bu xilda gapirishing bizga yoqadi… Xo‘sh, nima demoq istaysan?»
– «Akbarali mingboshi bilan tenglashtiriluvimga, hatto u bilan – qay darajada bo‘lsa ham – muqoyasa qilinuvimga qattiq norozilik bildiraman! Haqorat bu, so‘roq emas!..»
– «Ko‘nglingni to‘q tut, azizim: Miryoqub bilan Akbarali mingboshi o‘rtasida yer bilan osmon qadar farq borligiga biz qattiq ishonamiz! Akbarali – boshqa odam, Miryoqub – butunlay boshqacha odam…»
– «Bu izohdan so‘ng men qoniqdim. So‘rog‘ingizda davom etingiz!»
– «Sen qoniqqan bo‘lsang, u – o‘z ishing. Qoniquvingda bo‘l! Ammo biz hali qoniqqanimiz yo‘q».
– «Ya’ni?»
– «Biz Akbarali mingboshini Miryoqubdan ko‘ra odamroq deb bilamiz…»
– «Nima, nima?!» – Miryoqubning nafasi bo‘g‘ziga kelib tiqildi.
– «Afsuslar bo‘lsinki, bu – shunday!»
– «Nega shunday bo‘ladi? Nega?» – Miryoqub sherday o‘kirardi.
– «Miryoqub! Sen shu kechani qayda va kimning qo‘ynida o‘tkazding?»
Miryoqub tutilib qoldi. Qizardi, bo‘zardi… Qochmoq istardi. O‘zidan o‘zi qochib ketmoqchi bo‘lardi… Yo‘q, kishi o‘zidan yiroqlasholmaydi!
– «Gapir, Miryoqub! Ko‘nglingdan olingan kopiya ko‘z oldimizda… Gapirganing, iqror qilganing yaxshi!»
– «… Men bu kechani noyib to‘raning hovlisida o‘tkazdim… Uning oshpazi Zunnun aka ziyofatga chaqirib edi».
– «Shu xolosmi? Yo yana bormi?»
– «Shu xolos… Ertalab mahkama oldiga chiqsam, tog‘ tomondan yarador soldatlar kelganini aytdilar…»
– «Rahmat, Miryoqub! Bu xabarni biz hali eshitishga ulgurganimiz yo‘q edi… Rahmat senga. Faqat, sen bizga aytib ber: kechani kimning qo‘ynida o‘tkazding?»
– «Men anglayolmadim… Tong yorishganda uyqudan ko‘zimni ochsam… o‘zim kartdaydim, yaqinimda noyib to‘raning xotini turgan edi. Kechasi ko‘p ichgan edik, nima bo‘lganini bilmayman…»
– «Sen demoqchi bo‘lasanki, u ishlar hammasi ixtiyorsiz bo‘ldi, sen o‘zing istaganing yo‘q. Shundaymi?»
– «Shunday!»
– «Seni qilich yalang‘ochlagan mirshablar o‘rab kelib o‘sha xotinning qo‘yniga tashlab yubordilarmi? Bechora Miryoqub! Senga jabr bo‘libdi. Zindonga tashlabdilar seni! Shundaymi?!»
– «Yo‘q! O‘zim – o‘z oyog‘im bilan keldim… O‘zim istab otildim u xotinning quchog‘iga!»
– «Ichkilik olish uchun pul ham berding?!»
– «Berdim!»
– «Xotin kiyinib chiqib ketarkan, «ko‘rishib turaylik» degan kim edi? Bilmaysanmi?»
– «Men edim».
– «Xotin «jonim bilan» deganda, sevingan kim edi?»
– «Men edim».
– «Miryoqub! Adolat tilida shu fe’lni «bosqinchilik» deb ta’rif qiladilar: «o‘zga kishining xotiniga bosqinchilik qilish!» Akbarali mingboshi butun umrida shunday bir ish qilganmi? Bilmaysanmi?»
– «Qilmagan bo‘lsa kerak. Bilmayman…»
– «Barakalla! Akbarali mingboshi senga kim bo‘ladi?!»
– «Otaxon. Valine’mat…»
– «O‘shaning orqasida katta davlatga erishdingmi? Ko‘nglingdan olingan kopiya qo‘limizda, gapir!»
– «Erishdim».
– «Xo‘p. Poshshaxon degan nomni eshitganmisan?»
– «Bilmayman. Yo‘q!»
– «Yaxshilab o‘yla. Juda yaxshi bilasan!»
– «Ha, bilaman!»
– «Kim u?»
– «Akbarali mingboshining, agar yanglishmasam, ikkinchi xotini».
– «To‘g‘ri aytasan. Endi sendan eshitmoqchimiz: u ham birovning xotini edi, uning eri, o‘z iqroringcha, hatto otaxoning, valine’mating edi. Uni nega yo‘ldan urding?»
– «Siz menga tuhmat qilasiz! Men uni yo‘ldan urganim yo‘q!»
– «Qizimay gapir. Biz senga quloq beramiz. Nechuk sen uni yo‘ldan urmading? Sen bilan o‘ynashib yurganidan tonasanmi?»
– «Tonmayman. Haqiqatda meni yo‘ldan urgan u o‘zi bo‘ldi…»
– «Nechik?»
– «Ruxsat etsangiz, men birinchi voqeani aytib bersam…»
– «Bizga haqiqatni bilish kerak. Bo‘lgan gapni aytib ber!»
Miryoqub bir-ikki yo‘taldi, u yoq-bu yoqa qarab oldi, so‘ngra so‘zga boshladi:
«…Mingboshining boshqa hamma xotinlari kabi u ham mening oilam bilan borish-kelish qilib yurardi. O‘zimizning sartiya rasmi bo‘yicha, har bir zarurat ko‘rilganda, dasturxon qilib kelib bir-birlarini yo‘qlab turardilar.
Bundan, chamalab aytganda, to‘rt-besh oy burun, erta bahor fasli edi, shekilli, xotinim menga «mingboshi dodxoning ikkinchi xotinlari Poshshaxon muncha yaxshi juvon ekan! Bizga shunday mehribonki, sira qo‘yaqoling. Tez-tez dasturxon qilib keladi. O‘tirib, gaplashib, ba’zi kunlari yotib ketadi» dedi. Men «mingboshi dodxo bu bechoraga javr qildi. Yosh narsa, eri hech xabar olmasa… zerikib siqilganidan keladi-da» dedim. Xotinim bu fikrimni to‘g‘ri topdi.
Bir kun kech payt – shomga yaqin, boshida dasturxon, darvozadan kirib keldi. Men tashqarida – mehmonxona ichida bo‘lganimdan tezgina derazaga yaqin kelib qaradim. Paranjisidan va yurishidan bildimki, o‘sha edi. Men kavshimni kiyib tashqariga chiqqunimcha, u ichkariga o‘tib ketdi. Orqasidan dumma-dum kirdim. Ichkarida hech kim yo‘q edi. U yoq-bu yoqni qaradi.
– Voy, hech kim yo‘q-ku! Bular qayerga ketishib qoldilar ekan? – dedi.
– Bolalarini olib onasinikiga ketdi, – dedim men.
– Voy, o‘laqolay, sizmisiz? Men bilmabman, bir borib, gaplashib yotib kelay debman. Esizgina…
Tashqariga tomon chiqa boshladi. Men ham orqamga burilib, undan burunroq tashqariga chiqdim va ayvoncha oldida to‘xtadim. U ham tashqariga chiqib devolga yaqin bir joyda to‘xtadi.
– Esizgina… Gaplashib yotib ketay deb kelib edim, – dedi yana. – Zerikdim… Aytgancha, qachon kelishadi? Endiyoq kelishib qolmasmikan?
– Kelsa, ertaga kechqurun keladi. Undan burun kelmaydi.
– Qachon ketib edi?
– Kecha kechqurun…
– To‘vba! Bilmabman… attang… Yana qaytib o‘sha uyga boraman ekan-da. O‘laqolsin…
U yoq-bu yoqqa qaradi.
– Voy, o‘laqolay, qorong‘i tushib qoldi. Endi qandoq qilib uyga ketaman ekan? Yolg‘iz o‘zim qo‘rqib o‘laman…
– Men birga olib borib qo‘ysam bo‘lmaydimi?
– Voy! Ko‘cha-ko‘yda ko‘rganlar nima deydi?
Shundan keyin bu xotinning to‘g‘ri niyat bilan mening uyimga kelganiga gumonsirab qoldim. Shu gumon menga dadillik berdi. Endi gap boshlayman deb edim, u o‘zi so‘rab qoldi:
– O‘zingiz yolg‘iz qoldingizmi?
– Qandoq qilaylik?..
– Bechora… yolg‘izlik qursin! O‘zingiz bilasiz, boshimdan o‘tgani uchun aytaman.
– Dasturxoningizda nima bor?
– Jindak manti qilib kelib edim.
Bu xotinning bir g‘arazi borligiga borgan sari ishonchim ortdi. Men ham o‘zlaringga o‘xshagan odamman… itligim qo‘zg‘aldi.
– Mantiga juda ustasizlar… bilaman. Attang, biz yeyolmas ekanmiz-da, – dedim men.
– Nimaga yeyolmaysiz? Mang, mehmonxonangizga olib kirib yeng. Osh bo‘lsin! Sizga deb pishirganman…
Dasturxonni olay deb unga tomon bora boshladim. Birdan:
– Voy, o‘laqolay! – dedi. – Darvozangiz kap-katta ochiq! Ko‘chadan o‘tganlar gaplashganimizni shundoqqina ko‘rishib turibdi. Berkitib qo‘ysangiz bo‘lmaydimi?
Holbuki, uni darvozaning bir qanoti to‘sib turardi, ko‘chadan o‘tganlar faqat menigina ko‘ra olardilar. Bundan tashqari, o‘sha paytda ko‘chadan ham hech kim o‘tgani yo‘q. Men ko‘rib turibman.
Shu gap, shu muomila, shu himolardan keyin maqomiga yarasha javob qilmasam… yo farishta bo‘lardim, yo – jinni! Darvozaning narigi qanotini ham yopib ichidan zanjirlab qo‘ydim. Shaytonning ham qo‘lidan kelmaydigan bir kulish bilan kuldi:
– Voy, o‘laqolay, qamalib qoldim-ku… – dedi.
Boshidan dasturxonni oldim.
– Qani, yuring, – dedim, – charchagandirsiz… jindak dam oling. Ovqatni birgalashib yeylik. Undan keyin biror maslahati topilib qolar…
Bir-ikki qadam bosib to‘xtadi.
– Hay, shoshmang. O‘zingiz yolg‘izmisiz?
– Ha, yolg‘izman.
– Rostdan-a?
– Non ursin!
– Qarg‘anmang… yomon bo‘ladi. Yolg‘iz bo‘lsangiz, sizga bir-ikki gapim ham bor edi… Otaxoningizdan dod demoqchi edim…
Dadil bosib orqamdan kirdi. Mehmonxonada chirog‘ yoqilmagan, qorong‘i edi. Eshikdan kirgach to‘xtadi.
Dasturxonni tokchaga qo‘yib:
– Qani, o‘tiring! – dedim.
– Voy, o‘laqolay! Eshigingiz, derazangiz katta ochiq… o‘tirib bo‘ladimi bu yerda?
Darrov borib derazani berkitdim. Mehmonxona eshigini ham ichidan zanjirladim.
Chirog‘ni yoqib edim, yana qichqirdi:
– Xotiningiz xotin emas ekan! – dedi. – Deraza degan pardasiz bo‘ladimi? Shunday ko‘rinib turibdi…
Derazaga parda to‘sdim.
– Mana, endi o‘tiring!
– Mana, endi… Endi… endi…
Shu so‘zni cho‘zib-cho‘zib uch marta qaytardi, so‘ngra birdaniga:
– Siz o‘z akamsiz-ku! – dedi. – Sizdan qochib o‘tiramanmi?
Toza paranjisini iflos obrezga irg‘itdi.
Ertasi kuni tushga yaqin dasturxonni ko‘tarib mening mehmonxonamdan chiqib ketdi»…
– «Poshshaxonning men bilan birinchi uchrashuvi shu xilda bo‘ldi. Men bo‘lgan gapni gapirdim».
– «Bu hikoyada yolg‘oni yo‘q. Biz unga ishonamiz. Biz…»
Bu «biz» so‘zi tergovning boshidan beri juda ko‘p takrorlandi. Bu hol natijasida Miryoqub o‘zini chinakam sud so‘rog‘i oldida to‘xtaganday seza boshladi. Uning xumor bilan kuyib yongan miyasi shoshilish poyezdning o‘txonasiday tez va soat mexanizmasiday muntazam ishlardi. Sud oldida to‘xtaganiga o‘zi ishongan va sudning har holda o‘ziga xayrixoh kishilardan, ya’ni badavlat odamlardan iborat bo‘lganini bilgan Miryoqub endi dadillandi: har bir savolga ochiq va o‘zicha to‘g‘ri javoblar bera boshladi. Badavlatlar sudi unga yomon ko‘z bilan qaramasligi ma’lum, negakim, badavlat odamlar qancha ko‘p davlatga ega bo‘lsalar ham, yana pul-davlat degan narsaga loqayd qarayolmaydilar… Pul degan narsa Miryoqubda oz emas. Hali bu tergovchilarda har bir bandada bo‘ladigan «muhabbat» (mullajiring muhabbati) yo‘q deb kim ayta oladi?
– «Biz Poshshaxon voqeasida, shu birinchi ko‘rishuvning hozirlanishi va yuzaga chiqishi ustida seni ayblamaymiz. Xuddi shu bir parcha voqeada sening aybing yo‘q! Ammo-lekin biz Poshshaxonni ham ayblamoqchi emasmiz. U shunday qilishga majbur edi. Boshqa ilojini topolmadi u yosh juvon… Senga kelmasa, boshqa birovga borar edi. Holbuki, senga kelish osonroq… Bu yerda ayb boshlicha mingboshiga tushadi. Shu bilan birga, Poshshaxon ishida biz seni butunlay ayblamasdan o‘tolmaymiz…»
– «Nima, nima?»
– «Tinch bo‘l, Miryoqub! Avvalo, sen mingboshiga, uning mashru’ xotiniga xiyonat qilgan bo‘lmasang, har holda, o‘z xotiningga xiyonat qilgansan…»
– «Bu foniy dunyoda o‘z xotiniga xiyonat qilmagan erkak bormi o‘zi? Bizning sartiya o‘rtasida o‘z xotini, hatto ikki-uch xotini ustiga «bola» asraganlar kammi? Xotinimga xiyonatim – birinchi emas, minginchi!.. Ko‘nglimning kopiyasini yaxshiroq o‘qingiz!»
– «Yaxshi, u jihatga ham ko‘z yumaylik. U to‘g‘rida hech birimizning peshonamiz oq emas… Faqat, Poshshaxonni o‘sha nomashru’ munosabat yo‘lidan to‘xtatib qolish, unga mingboshidan chiqib ketib boshqa – o‘zi teng bir erga tegib rohat yashov imkonini berish sening qo‘lingdan kelardi… Sen shuni qilmading! Sen…»
– «Shoshmang, taqsir, shoshmang! Nechik mening qo‘limdan kelardi?»
– «Bizning savollarimizga kalta-kalta va to‘g‘ri javob bersang, masala o‘z-o‘zidan ochiladi. Butun dunyoda mingboshiga gapi o‘tadigan bir kishi bo‘lsa, u ham sensan deb o‘ylaymiz biz. To‘g‘rimi?»
– «To‘g‘ri!»
– «Poshshaxon bir odam orqali mingboshiga yolvordi: «Menga javob bering, boshqa er qilay. Hali yoshman, ko‘nglimda orzu-havaslarim bor. Qolgan umrim xazon bo‘lmasin!» – dedi. O‘sha odam shu gapni mingboshiga eshitdirganda, sen ham bor eding. Yolg‘onmi?»
– «Rost!»
– «O‘shanda mingboshi nima dedi?»
– «Esimda yo‘q!»
– «Ko‘nglingda yozilgan gaplarni eshit bo‘lmasa: mingboshi juda keskin javob berdi: «Menga xotin bo‘lgan kishi boshqa birovga ham xotin bo‘lsa, men el-xalq orasida qanday boshimni ko‘tarib yuraman? Mening qo‘limga tushibdi, taqdirga tan berib o‘tirsin. Mendan javob yo‘q! Mendan bejavob ketib ko‘rsin, qani?» Javobini tugatar-tugatmas kelgan odamni haydab chiqardi. Yolg‘onmi?»
– «Rost!»
– «Sen o‘shanda biror og‘iz bir narsa dedingmi? Desang, mingboshi ko‘narmidi?»
– «Demadim, ehtimol, ko‘nardi…»
– «Nega demading?»
– «Ochiq ayta beraymi?»
– «Albatta!»
– «Poshshaxon bilan tanishganimdan keyin men uni mingboshidan chiqmaslkkka ko‘ndirgan edim…»
– «Albatta, loaqal haftada bir marta ko‘rishib turar edingiz. U sendan xursand edi. Faqat, sen nima uchun uni mingboshidan chiqmaslikka ko‘ndirding? Maqsading nima edi?»
– «Otaxonimning ko‘p uzoq yashayolmasligini yaxshi bilardim. Yuragida kasali bor… So‘ng vaqtlarda qiynalibroq nafas oladi…»
– «Bilamiz, bilamiz. So‘zingni kalta qil!»
– «Qazo yetib o‘laqolsa, Poshshaxonga uylanmoqchi edim… chunki mingboshidan tegadigan meros chakana bo‘lmasidi…»
– «Yaxshi, juda yaxshi… Katta merosga ega bo‘lishni hammamiz ham istaymiz… Bu mashru’ niyat. Faqat, mingboshining u katta davlatiga, har holda, besh merosxo‘r bor. Birgina Poshshaxonga tekkani seni qanoat qildirardimi? Sen, axir, o‘zing ham badavlat odamsan!»
– «Mening hech bir kasbim bo‘lmasa, savdo-sotiq qilmasam, qizil qog‘oz olgan bo‘lmasam… ozgina yer-suv bilan nechik badavlat bo‘layin?»
– «Bizni aldayolmaysan, Miryoqub! Biz seni nihoyat darajada hurmat qilamiz. Bugun huzurimizga olib kelib so‘roq qilganimiz uchun sendan kechirim so‘rashgacha boramiz. Sen – bizning olamimizda ulkan kishilardansan. O‘ruslar senga o‘xshaganlarni kitoblarda maqtaydilar. Sening hamma hunaring – yeng ichida ish ko‘rib, shuncha pul topishingda. Sen zavod parraklarini aylantirayotgan kishisan. Faqat, bir joyga bir chaqa soliq to‘lamaysan. Shunday bo‘lgandan keyin, senday ulug‘ bir odam bir ishni chuqur o‘ylamasdan qilmaydi. Haligi masalada bizga haqiqiy planingni aytib ber!»
– «…Nima desam? Hayronman… Boringki, mingboshi o‘lishiga yaqin uning Poshshaxondan boshqa merosxo‘ri qolmasligi kerak edi. Yo bo‘lmasa vasiyatnoma bo‘yicha hamma meros o‘shaning nomiga yozilardi…»
– «Biz ishonamizki, bu narsa sening qo‘lingdan kelardi! Yaxshi, Poshshaxon masalasida biz seni ayblashdan voz kechdik. Bizning olamda munday dadil niyatlarni qoralash emas, oqlash kerak!»
– «Rahmat! Endi menga ruxsatmi?»
– «Yo‘q. Jindak shoshma! Biz seni noyib to‘raning xotini to‘g‘risida chinakamiga ayblamoqchimiz! Biz…»
– «Yo‘q, taqsir! Poshshaxon masalasida meni oqlagan mahkama bu masalada qoralayolmaydi. Mantiq degan narsa bor…»
– «Xo‘sh, gapir!»
– «Poshshaxon masalasida xiyonatim katta edi: ham mingboshiga, ham uning to‘rt merosxo‘riga… Unutmangizki, shu to‘rt kishi ichida Fazilatoy singari balog‘atga yetmagan qiz bola, umr bo‘yi mingboshiga xizmat qilib o‘tgan Xadichaxon bor… Bu katta xiyonat edi! Bu ishda meni oqladingizmi?»
– «Oqladik!»
– «Unday bo‘lsa, ikkinchi ish to‘g‘risida bir emas, ming marta oqlashingiz kerak! Nega desangiz, imperiya – oq podshodan, noyib to‘radan va uning pogonidan iborat ekan. Shuncha ming fuqaroning va ham biz singari bebuzoat bechoralarning ixtiyori, o‘zingiz bilasizki, noyib to‘rada, ya’ni «pogon» egalarida, ularning butun inon-ixtiyori esa xotinlari qo‘lida bo‘lar ekan. Poshshaxon – katta merosga ega bo‘lish uchun bir qurol edi; meros – davlat demak, davlat – pul demak. Imperiya – «pogon» demak; «pogon» shunday narsaki, doim «pul, pul, pul!» deb turadi. Ko‘plar uning so‘raganini, ya’ni pulni beradilar, qaytib hech narsa olmaydilar. Holbuki, ish bilgan kishi pogon «pul» deganda besh so‘m berib, uni – o‘sha pogon yordami bilan – besh yuz so‘m qilib oladi. Men shunaqa ishlarga o‘zimni epchil deb bilaman… Kecha kechasi noyib to‘ra xotinining mast lablariga qo‘ndirilgan mast o‘pishning yolg‘iz birgina ma’nosi bor edi: pul! Taqsirlar, men noyib to‘raning xotini bilan aysh-u ishrat qilmadim, o‘lay agar! U bizning ish ustidagi birinchi uchrashuvimiz, o‘z tilimizda aytsak, birinchi bay ochishimiz edi!..»
Shu so‘zlardan so‘ng boyagi tergovchi va so‘roqchilar go‘yo o‘z-o‘zlaridan erib yo‘q bo‘ldilar. Sud zali bo‘shab qoldi. Miryoqub ko‘zini ochdi:
Hammom miyon xonasining yon gumbazlaridan biri. Xodmigarning bo‘z lungisi tanga dag‘al-dag‘al urinadi… Boshida mushtday qattiq lungi-yostiqcha… Yonida – bir choynak ko‘kchoy… Miyada – sud majlisi, noyib to‘ra xotini, nomerda kutib yotgan moviy ko‘zli dilbar…
Allaqaydan mungli, hasratli bir ashulla ovozi hammom aksi sadosi bilan jaranglab eshitiladi: «…Musulmonning ishi kofirga tushdi-ey, yo-o-r, yo-o-r-larim…»