Jump to content

Kecha va kunduz/09

From Wikisource
334696Kecha va kunduz1936Abdulhamid Choʻlpon

Zebini tushirib kelish uchun shaharga borgan xotinlar, ularning o‘z tillari bilan aytsak «qudalar», boshlarida Poshshaxonga o‘xshagan eslik va ayyor bir juvon turganiga qaramasdan, negadir, «kichkina mitti»ni nazardan qochirdilar. «Kichkina mitti xon xo‘jani yiqitdi» deydi o‘zbek maqoli. Qudalar qofilasi shaharga jo‘narkan, Umrinisabibini aravadan o‘z qo‘li bilan tushirib yuborgan va unga qarab «agar to‘yda yo to‘ydan keyin men sizni uyda ko‘rgunday bo‘lsam, ming­boshi dodxoga aytib avaqtaga jo‘natdiraman!» degan Poshshaxon Umrinisabibining qizini yo ko‘rmadi, yo ko‘rsa ham nazariga ilmadi. Poshshaxonning qo‘ygan qizlari, ya’ni uning o‘z «odamlari» shaharning o‘zida, yo‘lda va har yerda Zebi bilan birga bo‘linib, farishta qiyofasidagi shayton kabi uning ichiga kirib, pis­toqi ta’zimlar va serxushomad gaplar bilan uning ko‘nglini ovlab – mingboshi dodxoga uni «isittirarkan», o‘zlarining muvaffaqiyatlaridan hech bir shak-shubha qilmasdilar. Tezda-tezda ularni chaqirib ta’limot berib turgan Poshshaxon o‘z odamlarining ma’ruzalarini eshitgandan keyin, boz ustiga, o‘zi ham chimildiq ketiga o‘tib Zebi bilan jonajon o‘rtoqday gaplashgandan so‘ng, «qizning muqovamatini sindirdim, o‘jarligini yengdim!» deb o‘ylardi. O‘ziga ko‘p bino qo‘yganlarning aldanishi yomon bo‘ladi! Ikki qiz va bir juvonning butun mehnatlarini Umrinisabibining «kichkina mitti»si bir necha og‘iz gap bilan yuvib tashlashga juda oson muvaffaq bo‘ldi. Umrinisabibini ishga solib qo‘yib, o‘zi allaqaylarda tajangligidan kokilini yulib yurgan Sultonxon endi shayton kulishi bilan kulib, qo‘li tolguncha chapak chalsa bo‘ladi. Uning ko‘ngli oldin sezish yo‘li bilan bir narsa sezgan bo‘lsa, hali ham jirtak chalib kulayotgandir. Kim biladi!

Shaharda bir necha minut, qishloqda – mingboshinikida undan ham ozroq xoli fursat topib, «kichkina mitti» Zebiga aytiladigan hamma gapni aytib oldi. Mingboshini shunday tasvir qildiki, endi uning o‘rniga – kuyov rolida – bir dev kirib kelsa, Zebi «jon!» derdi. Buning ustiga, «bechora Sultonxonning ma’sum ko‘z yoshlari», «ikkala ittifoqchi» (Xadichaxon va Posh­shaxon)ning ming bir «hilalari» ham (Xotinlar o‘zlari xuddi shu shaklda – «hila-a» deb gapiradilar) yosh va ma’sum bir qizning samimiy tili bilan bir-bir bayon qilindi. Shu uchun to‘yga yaqin va to‘y kunlarida o‘z o‘rtoqlari bilan kulib gaplashgan, Poshshaxonning odamlariga esa qiyomatlik do‘stlarday muomala qilib, ularga «g‘alaba» g‘ururini bergan Zebi qishloqqa jo‘nar kuni birdaniga o‘zgarib, yoniga o‘z onasi­dan boshqa hech kimni kirgizmay, birdaniga burungi quruq «surat» shakliga kirgach, ittifoqchilar shoshib qoldilar. Zebi o‘zi uchun ajratilgan katta uyga kirib, ipak chimildiqning ketiga o‘tgan vaqtida, ikkala ittifoqchi to‘ychi xotinlarni ham unutib, dasturxon va osh-suv masalalarini ham birovlarga topshirib, o‘zlari Poshshaxonning uyiga chekildilar va bu o‘zgarishning sababini tekshirib, chorasini axtarmoqqa boshladilar: ko‘p o‘yladilar, ko‘p rejalarni chizib ko‘rdilar… Faqat, shu kichkina mitti hech birisining esiga kelmadi. Shu uchun o‘zgarishning sababi bilinmadi!

Ular bir chora topishdan ham ojiz edilar, shu qaltis paytda aqllari hech narsani olmasdi. Bir tarafdan – kuyovning kirar vaqti yaqin, ikkinchi tarafdan – hovli yuzi to‘la xotin-xalaj, bola-chaqa, yetti iqlimdan odam bor, shovqin-suron, qiy-chuv, miya aynaydi… miya aynaydi, xolos! Bir kuchli ovoz bo‘lsa-yu hovliga chiqib o‘kirsa va xotin-xalaj bir nafasgina jim bo‘lsa… Bu­lar o‘ylab bir fikr chiqarsalar!

Holbuki, xotin-xalajning qiy-chuvi avj olayotir.

– Shoshmang, nima gap? – dedi birdaniga Poshsha­xon.

Darhaqiqat, tashqarida xotin-xalajning umumiy xori boshlangan edi. Hovlidagi xotinlar hammasi birdan allanima deb, bir so‘zni takrorlab shovqin solardilar. Bular ham bir-bir ketin hovliga chiqishdi.

Kichkinagina bir voqea bo‘lib o‘tgan edi.

Zebi kattakon uyning to‘risida, ochiq deraza yonidagi burchakda, chimildiq ketida onasi bilan birga o‘tirardi. Uncha besaranjom bo‘lgani ham ko‘rilmasdi. Hatto xotinlarning qiziqroq gaplarini eshitsa kulib qo‘yardi… Hovlida, derazaning takkinasida turgan ikkita xotin – kim ekanliklari noma’lum! – tik holda o‘zaro gaplashib turib gapni mingboshi dodxo va Zebi to‘g‘risiga ko‘chirdilar. Zebi ularning suhbatlarini yuragi o‘ynab turib tinglar va onasi suhbatga mone bo‘lmoq istasa, yo‘l qo‘ymasdi. Ikkala xotin ovozlarini picha ko‘tara tushib, xotinlar qiy-chuvi orasida suhbatda bemalol davom etdilar. Zebining qulog‘i ham go‘yo derazaga osilib qoldi.

– Qizingiz yetilib qoldi, mingboshi dodxoga bermaysizmi? – dedi ularning bittasi ovozini ko‘tara tu­shib.

Yana biri ovozini ancha baland chiqarib bunday dedi:

– Buvatavakkal adirida odam soniday yo‘g‘on ilonlar bo‘lar emish. Shularga bersam bo‘lmaydimi!..

Zebi «oh» deb bir qichqirdi-da, onasining quchog‘iga yiqildi. Xotinlar chuvillashib chimildiqqa tomon yugurdilar. «Voy, nima bo‘ldi? Voy, nima bo‘ldi? Voy, o‘laqolay! Voy, sho‘rim!» ovozlari har tarafdan yuksaldi. Chimildiq atrofini qurshab «voy, nima bo‘ldi?» degan xotinlar orasida haligi ikkovi ham bor edi…

Birozdan so‘ng ular ikkovi oradan yo‘q bo‘lishdi. Ularning kelib-kelmaganini hech kim bilmadi. Shun­cha ko‘p xotin-xalaj orasida ikkita xotinga son bormi?

Poshshaxon bilan Xadichaxon voqeani surishtirib ko‘rdilar. Har og‘izdan har xil gap chiqardi. «Allakim kelinga eshitdirib kuyovni yomonladi» deganlar bo‘ldi. «O‘z qulog‘im bilan eshitdim» deganlar bo‘ldi. Faqat uydagi xotinlar «Tashqaridagilar gapirdi!» dedilar, tashqaridagilar ichkaridagilarni aybladilar…

Zebi ko‘zlarini mo‘ltiratib, qo‘li ko‘ksida, bedarmon yotardi. Og‘zini ochib bir so‘z demas, savollarga javob bermas, yoniga kirgan Enaxonni ham tanimasdi. Rangi paxtadek oqargan, qovoqlari birushta uchib turardi.

Poshshaxon Umrinisabibining eshigiga qulf soldirib qo‘yib, ittifoqchisi bilan yana kengashgali kirdi. Bu safar kengash juda kalta bo‘ldi. Chunki vaqt nozik, tezroq chora ko‘rish lozim: kuyov kiradigan vaqt bo‘lgan edi.

– Kuyovingizni buguncha kirgizmay tursak, – dedi Poshshaxon. – Ertaga Zebixonni aldab-suldab yo‘lga solardik… Keyin olib kirib qo‘ysak, undan narisini erkak kishi o‘zi eplab olardi…

– O‘-v-v… – dedi Xadichaxon. – Koshki, ep degan nar­sa bo‘lsa kuyovda…

– Unisi rostku-ya… Har qalay, ertagacha xudo poshsho egam… Bugunning maslahatidan keling.

– Haligi maslahatingiz durust… Buguncha tura tursin, o‘lmas…

– O‘lmaydi, albatta… Peshonasidan ko‘rsin… Ishqilib, Sultonning oshig‘i olchi!

– Nimasini aytasiz. Umrinisa fitna yetkazgandir bu choqqa…

– Qo‘yadi deysizmi? Erta qachon…

– Jirtak chalyapti desangiz-chi, yashshamagur…

Ikkalasi ham bir nafas jim qolishdi.

– Maslahat haligi bo‘ldimi? – dedi yana Poshsha­xon. – Buguncha kirmay turadimi? Yaxshi maslahat.

– Boshqa iloji ham yo‘q. Ammo u o‘jar kuyovni kim ko‘ndiradi bunga?

– G‘alati ekansiz! Kim ko‘ndirardi?! Miryoqub akangiz-da…

– O‘zingizning akangiz…

– Hammamizning akamiz…

– Chaqirib ayting bo‘lmasa.

– Yo‘q, siz kattasiz, siz ayting! Men yaqin yo‘lamayman!

Xadichaxon Miryoqubni chaqirib gaplashgali tashqari eshik oldiga chiqdi. Poshshaxon Zebidan xabar olgali yugurdi.

Sultonxon to‘yga bir necha kun qolganda onasinikiga ketgan edi. Ketarkan kimdan so‘rab – ijozat olib ketishini bilolmadi. So‘raganda kimdan ham so‘raydi? Mingboshining onasi rolida hozir Xadichaxon. Unga kirib yalinadimi? Yo Poshshaxonga ta’zim qilib undan so‘raydimi? Ular nima deydilar? Til uchida «voy, ay­lanay, voy, o‘rgulay» qilsalar ham, ko‘ngillarida «O‘la-h, o‘lganing yaxshi! Alam qildimi? Qochging keldimi? Qoch, orqangga qaramay qoch, kavushingni qo‘ltiqlab qoch!» demaydilarmi? Mingboshidan so‘rash kerak edi, albatta. Uning oldidan o‘tmay bo‘lmaydi. U – er, er – podsho, xotinning inon-ixtiyori o‘shaning qo‘lida. Faqat, shu topda mingboshining ko‘ziga oq-qora ko‘rinmaydi. Mingboshi shu kunlarda o‘z soyasidan ham bexabar… Besh-olti oy burun bor edi uning Sultonxoni. Endi yo‘q! Bir yil burun uncha-muncha «Sultonim» deb turardi mingboshi. Tez-tez buning yonida bo‘lardi. Bu dargohga erta bahorda Zebining qadami tekkandan beri Sultonxon butunlay nest-nobud bo‘ldi. Kechagi botgan quyoshday… Unutildi!

Paranjisini yopindi. Umrinisabibining darchasiga yaqinlashganida birdan to‘xtadi va orqasiga qaytib, Xa­dichaxonning uyiga tomon yo‘naldi.

– Men oyimlarnikiga ketyapman. Uch-to‘rt kun aylanib, ko‘nglimni yozib kelay…

Xadichaxon «ha, mayli» deb qo‘ya qolsa nima bo‘lardi? Juda chidamay ketsa – indamasinidi, bunga qarab miyig‘ida bir kulsinidi – shu ham yetib ortardi. Yo‘q! Poshsho afsunchining bu o‘rgatma iloni bir marta nishini botirib olmasa bo‘ladimi?

– Voy, bu nima qilganingiz, Sultonxon? Shunday yaxshi to‘ylar bo‘lyapti…

Tili zo‘rg‘a-zo‘rg‘a kaldirab:

– To‘ygacha… kelaman… – deya oldi Sultonxon.

Umrinisabibining darchasidan hatlar-hatlamas ho‘ngurak otib yig‘lab yuborgan edi.

U yerda ko‘p o‘tirmadi. Bir oz hasratlarini aytib, ko‘nglini bo‘shatgandan keyin, «kichkina mitti»dan foydalanish to‘g‘risida bir-ikkita maslahat ko‘rsatib, onasinikiga ketdi. Shu bo‘yicha to‘y kuni ham qaytib kelgani yo‘q.

Yangi kelin kelgan kunning ertasiga – xuddi nonushta chog‘ida Umrinisabibi yetib bordi. O‘pkasi og‘ziga tiqilib, o‘lguday halloslab turib kutilmagan yutuqlardan gapirdi. Kichkina mittining katta ishlari, ayniqsa, deraza oldida tomosha bergan ikki xotinning o‘yinlari o‘lgan Sultonxonni tirgizdi. Uning behollik va uyqusizlikdan yumilgan ko‘zlarini qayta boshdan ochirdi. Umrinisabibining burishgan terili barmoqlarida yangi uzuklar yaltiradi! Ikkalasi bir-birini quchoqlab shirin-shirin nash’aga botdilar.

– Yo‘q, xola, hali erta! Erta hali…

– Nima demoqchisiz, aylanay?

– Ma’rakani yig‘ishtirishga hali vaqt erta.

– Nima qilaylik, aylanay? Meni u eshikka qadam bostirishmaydi. Qizim kirib yurib edi, haligi ikka­la xotinning ishidan keyin o‘rtadagi eshikka qulf soldilar.

– Yo‘q, xola! Yo‘l topiladi, topish kerak.

– Xo‘p, aylanay, topamiz.

– Topamiz!.. Topamiz… topamiz… topamiz…

Aqli boshqa joyda bo‘lgani holda Sultonxon hadeb shu bir so‘zni takrorlardi. Birdan so‘rab qoldi:

– Enaxon qayerda? Uni kirgizishadimi?

– U hamma vaqt Zebixonning yonida.

– Bo‘lmasa, o‘sha bilan gaplashing. Bugunoq gaplashing. Hozir borib gaplashing.

– Hozir jo‘nayman bo‘lmasa.

– Menga qarang!

Ikki qo‘li bilan Umrinisabibining ikki yelkasiga yopishdi. Yuzini uning yuziga yaqin olib bordi.

– Menga qarang, xolajon! Enaxon Zebiga do‘st. Chinakam do‘st. Mingboshiga xotin bo‘lishini hech xohlagan emas. Hali ham xohlamaydi. Qo‘rqmasdan ochiq gaplasha bering. Gapdan gap chiqadi. Gapdan maslahat chiqadi!

Umrinisabibi kattakon belbog‘ini un-guruch bilan to‘lg‘azib, darrov yo‘lga chiqdi.

Enaxonlarnikiga borib kirgan vaqtida, Enaxonlarning butun oilasi yoyilgan qopning tegrasida jugari uqalab o‘tirardilar.

– Aylanay, Enaxon. Shoshilib turibman. Sizga ikki og‘iz gapim boridi.

Ikkalasi birga hovliga o‘tdilar. Ariq bo‘yiga o‘tirishgan hamon Umrinisabibi gap boshladi:

– Zebixonning ahvoli qalay, aylanay? Jindak gapirib bering. Hech narsa bilolmay, yuragimiz ezilib ketdi. Ko‘zimning qorachig‘iday yaxshi ko‘rardim.

– Uni yaxshi ko‘rmagan kim bor, xolajon? Hamma yaxshi ko‘radi. Yaxshi ko‘rish boshqa ekan-u, tole boshqa ekan…

– Nimasini aytasiz, aylanay? Yetti uxlab, bir tushiga kirmagan kunlarni ko‘rdi sho‘rlik…

Biroz to‘xtaldi. Ro‘molchasini ariqqa solib ho‘llagach, yuzini bir qur artib oldi.

– Kuyib ketdim, aylanay… Bir joyda o‘tirolmayman… Qizim Bahridan so‘rayman, bir og‘iz gapni eplab gapirolmaydi. Kecha kechasi o‘sha yerdaydi. Shaharga ham birga borib edi. Gap so‘rasam, xuddi tili yo‘q soqovday «i, i…» qiladi, xolos… Yuragim «qars» eta yorilgunday bo‘ldi. Shundan keyin bu yerga chopib keldim, aylanay.

Sodda Enaxon bu yolg‘onlarning hammasiga astoydil ishonardi.

– Zebixon endi picha durust, – dedi u. – Kecha ke­chasi kuyov kirishiga yaqin allakimdan bir yomon gap eshitib…

U shoshilmasdan hamma bo‘lgan gaplarni aytib ber­di. Bu gaplar hammasi Umrinisabibiga ma’lum bo‘lsa-da, eshitmagan odamday birushta «voy, to‘vva! Voy, o‘laqolay! Voy, sho‘rlik! Shunaqami?» deb turdi.

– Endi hamma hayron, xolajon… Bugun kechasi nima bo‘larikin? Kuyov kirmay turib bu shunaqa qiladi. Kuyov kirganda nima bo‘lar ekan?

– Shuni aytaman, aylanay!

– Men hech chiqqim yo‘q o‘sha tomonga. Chiqmasak, oqibatdan emas. Bizni deb kelib tuzoqqa tushdi sho‘rlik. Menga shunday ko‘zlarini mo‘ltiratib qarasa, yuragim «jig‘g‘!» etib ketadi…

– Rost, aylanay, rost… Hamma deganlaringiz rost…

– Bu ishni qilgan kundosh o‘lgurlar endi o‘zlari ham hayron…

– Yashshamagurlar…

– Sultonxon bo‘lsa u yoqda jirtak chalyapti!

– Yashshamagur…

– Azayimxonlarga katta-katta sarf qilyapti, dey­di… Otasi boy emasmi? Onasida ham bisot kattaymish…

– Yashshamagurlar…

– Bir o‘ylaganda, u bechorada ham ayb yo‘q.

– Rost aytasiz, aylanay…

– Ana u kundoshlarda ham ayb yo‘q.

– Alvatta, aylanay…

– Kundoshlik o‘zi bir balo.

– Nimasini aytasiz, aylanay…

Enaxon og‘ir bir uh tortib o‘rnidan turdi.

– Jindak turib yana chiqib bormasam bo‘lmaydi. Yuragim bo‘lsa sira betlamaydi. Bu kecha nima qilamiz endi, bilmadim…

– Nima qilardingiz? – dedi Umrinisabibi. – Dod-voyiga qaramasdan kuyoviga qo‘shasiz-da, aylanay!

– Menga qolsa, bir umr qo‘shmas edim, – dedi Ena­xon. Yana qaytib joyiga o‘tirdi.

Umrinisabibiga bor-yo‘g‘i shu gap kerak edi. Darhol o‘rnidan turib ariqning u yuziga o‘tdi va Enaxonning yonginasiga o‘tirdi. Ustozidan olgan ta’limini eslab, ikki qo‘lini uning yelkasiga qo‘ydi va boshini o‘z boshiga tomon tortib turib, ko‘ziga mahkam tikilgan holda so‘radi:

– Zebixonga chinakam do‘stmisiz? Yo‘q, aylanay! Xudoyimni o‘rtaga qo‘yib ayting: astoydil do‘stmisiz?

– Gumoningiz ham bormi? Jonimni berishgacha borman!

– Bo‘lmasa, mening gapimga kirib, Zebixonning qulog‘iga sekingina shipshitib qo‘ysangiz: har kun – yolg‘ondan bo‘lsa ham – bir soat, yarim soat o‘zidan ketib tursa…

Umrinisabibi birdaniga ovozini pasaytirdi:

– Bilasizmi, aylanay, bu kuyov shunday narsaki, har qanday xotin o‘zi xohlab borib bo‘yniga osilmasa… o‘zicha hech narsa qilolmaydi! O‘zi ham qarib darmoni ketib qolgan… Nimaga hadeb uylana berar ekan, hayronman.

– Pul quturtiradi! – dedi Enaxon.

– Rost aytasiz, aylanay, davlat quturtiradi!

Umrinisabibi yana ovozini pichirlash darajasiga tushirdi:

– Bilasizmi, aylanay, oqposhsho yetti qiron bilan urishayotgan emish… Hamma fuqarosi qirilib tamom bo‘lipti… Yurtida odam qolmapti. Bugun emas, ertaga mingboshilarning hammasini urushga olib ketarimish…

– Og‘zingizga yog‘, xolajon!

– Rost gap bu… Hakimjon aytipti… Mingboshining mirzasi emasmi? Til biladi u… gazit o‘qiydi…

– Sizga kim aytdi?

– Bir joydan eshitib keldim. Hakimjon borib yuradigan joydan. Siz, aylanay, Zebinisaga sal uchini chiqarib qo‘ysangiz bo‘ldi. U yog‘ini o‘zi eplaydi… eslik qiz… Mingboshi urushga ketdimi, hamma qutuladi uning dastidan. Yovlashgan qiron juda kattaymish… Indamasdan kelib o‘ldiradigan o‘qi borimish… Osmondan qanot taqib kelib urisharimish… Mingboshingiz o‘q tegmasdan turib yiqiladigan odam… «Urushga borasan», dedimi, tamom… yuragi yorilib o‘ladi!

– Ilohim, aytganingiz kelsin! – dedi Enaxon.

Shu paytda Xolmatning «ena!» deb chaqirgan ovozi eshitildi.

Ikkala hamdard o‘rinlaridan turib ichkariga tomon yurdilar.

Shunday qilib, o‘sha kechadan boshlab Zebining tutqalog‘i har kun – namozshom paytida muntazam tutadigan bo‘ldi.