Kecha va kunduz/08
Razzoq so‘fining uyidagilar «mingboshi» degan so‘zni unutayozgan edilar. Mingboshi to‘g‘risidagi dovruq bir xil daydi shamollarday to‘satdan kelib qolgan, so‘ngra so‘fining ma’lum so‘zlaridan keyin butunlay jimib ketgan edi. Qurvonbibi yana qo‘ni-qo‘shnidan ish olib, ko‘rpa qavishga o‘tirdi. Zebi bo‘lsa hovuz bo‘yiga to‘shakchani solib, kashtasiga berildi. O‘lmasjon har o‘tganida deyarlik so‘fining baland devoliga osilib xipchin sindiradigan bo‘ldi. Endi kashtachi qiz «voy, o‘laqolay!» deb ichkariga qochmas, faqat, betiga ro‘molini parda qilib, ikki beti cho‘g‘day yongani holda, kulimsiragan ko‘zlari ila haligi pardaning yonidan mo‘ralardi…
Saraton yaqinlashganga o‘xshaydi. Oftob tanurini qizita tushdi. Kechagina ko‘klarda qanot qoqib o‘ynashdan tuganmas lazzat olgan qushlar endi daraxtlarning quyuq ko‘lankali shoxlarida o‘tirib olib, issiqdan jon saqlaylar. Ko‘cha-ko‘ydan birorta otliq yo arava o‘tgunday bo‘lsa, dunyo-dunyo chang ko‘tariladi… Odamlar, jonvorlargina emas, dov-daraxtlar, jonsiz maxluqot ham entikib, bo‘g‘ilib nafas olgan kabi.
So‘fi ham daydishdan tiyildi. Necha kundan beri suhbatga ham bormaydi. Darpardalarga choyshabdan pardalar to‘stirib, uyni qop-qorong‘i qildirib, bitta kiyizchadan boshqa hamma paloslarni oldirib tashlab, qoqlangan yerlarga qalin-qalin suv urdirib… ertadan kechgacha uydan chiqmaydi. Oldida – yaxna choy, yonida – yelpig‘ich, o‘zicha zikr qilgan bo‘ladi. Bir qarasangiz, «Hikmat»dan[efn_notes]Mutasavvuf shoir Xoja Ahmad Yassaviy devoni.[/efn_notes] baytlar o‘qib, ho‘ngur-ho‘ngur yig‘laydi… Dam bo‘lsa, suhbat hofizlari singari asta-asta xirgoyi qiladi.
– Xonaqodan kechib yubordingiz, shekilli! – dedi bir kun Qurvonbibi.
– Valdirama, fitna! – deb qichqirdi so‘fi. So‘ngra yana o‘z ishiga berildi.
– Eshon buvam xafa bo‘lmaydilarmi? Qanday muridsiz! – dedi yana bir kun Qurvonbibi.
– Shu issig‘da suhbatga hafsala bormi? Qiziq ekansan… – dedi so‘fi. Bu daf’a teskari burilib uyquga ketdi…
Allakim ichkari eshik ketidan «So‘fi! Hov so‘fi!» deb chaqirgan vaqtida, so‘fi og‘ir uyquda, Qurvonbibi esa qavib bo‘lgan ko‘rpani egasiga topshirmoq uchun qo‘shnilarinikiga chiqib ketgan edi.
Bu chaqiriqni hovuz bo‘yida o‘tirib eshitgan Zebi ro‘molini pana qilib eshik oldiga keldi.
– Kimsiz? Nima deysiz? – deb so‘radi.
U yoqdan sodda va bir oz dag‘al, lekin quvnoq bir erkak ovozi keldi:
– Ha, Razzoq so‘fining ojizalarimisiz? Qalaysizlar, omon-eson bormisizlar?
– Xudoga shukur, – deb qo‘ydi Zebi.
– Men otangizni aytgali kelib edim…
– Uxlab yotgan bo‘lsa kerak. Uyg‘otib beraymi? Zarurmi?
– Eshonbobom yo‘qlatdilar. Uyg‘otmasangiz bo‘lmaydi. «Tez, oldingga solib kel!» dedilar…
– Xo‘p bo‘lmasa, uyg‘otib berayin.
Zotan, juda sergak uxlaydigan so‘fi birinchi chaqiriqdayoq uyqudan uyg‘ongan edi. Darpardaning bir qanotini ochib tashqariga un soldi:
– Kim u? Nima deydi?
Elchi so‘fining ovozini eshitdi:
– Menman, so‘fi, menman: Xudoynazar!
Elchining kim ekanini bilganidan keyin so‘fi uning nima uchun kelganini so‘rab o‘tirmadi.
– Shoshmang bo‘lmasa, hozir chiqaman, – dedi.
Apil-tapil hovuz bo‘yiga o‘tib tahorat yangilay boshladi.
Qurvonbibi qo‘shnilarnikidan qaytib chiqqan vaqtda, so‘fi allaqachon ketib bo‘lgan, Zebi esa uyni yig‘ishtirarkan «birgina qizil olma uchun devol oshib boqqa tushgan» yigitcha to‘g‘risida ashulla ni dang qo‘ygan edi.
– Hay Zebi, otang qani?
– Eshon buvam oldirib ketdilar.
Ashulla ning bo‘linishini istamagan qiz javobni kalta qilib, yana sernash’a qo‘shig‘ini boshladi. Faqat, kampir shu topda gapga va gaplashuvga juda qiziqardi. Chunki ko‘rpaqaviq uchun bu safar pulni ko‘pgina to‘laganlar, boz ustiga, «muncha chiroyli va tekis qavigani» uchun uni o‘z yuziga maqtaganlar; ikkinchi tomondan, cholning «bir haftadan beri uyda sasib yotgandan so‘ng» yana xonaqo tomonga yo‘l solishi kampirning bo‘g‘ilgan ta’bini ocha tushgan edi.
– Xudo umrlarini bersin eshonbuvamning! Muncha yaxshi qilibdilar! Erkak degan hadeb uyda yota bersa, sasib ketadi…
– Hali ham ko‘rpalaridan allaqanday hidlar buruqsaydi… – dedi Zebi.
– Optovga olib chiqib yoy! Iloji bo‘lsa, hovliga olib o‘tib qoq! – dedi Qurvonbibi besh-oltita siyqa tangani qayta-qayta sanarkan. – Yaxshi bo‘libdi, aylanay, bolam, otangning og‘ir jussasini eshonboboday odam ko‘tarmasa, kim ko‘tara oladi?
Bir oz jim qolgach, eski hasratini boshladi:
– Ilohim, qovoqqinasi o‘chsin uning… Yuragim laxta-laxta qon bo‘ldi. Qovog‘idan doim qor yog‘adi, vajohati doim qish, doim izg‘irin… yo bir maslahatni aytib bo‘ladi, yo – ro‘zg‘or ishini. Koshki, boshqa mo‘min-musulmonday bir kasb qilib, besh-o‘n tanga topib kelsa… Yo‘q, yo‘q! O‘zi to‘y-mo‘yga borib qornini to‘yg‘azib kelsa bo‘ldi, boshqa bilan ishi yo‘q! «Uyda xotinim bor, qizim bor, ular nima yeydi?» deb o‘ylamaydi. Xonaqoning tekin shulonini yeb yomon o‘rgangan-da! Mehnat qilib, peshona terisini oqizishga endi ko‘ngli o‘lguri unamaydi. Akasi sho‘rlik qancha yalindi – «qishloqqa chiq, birga ishlaylik!» deb. Ko‘nmadi sira! Mehnatga tobi bormi, qalay? Och qolsa ham, bo‘yni ishga yor bermasdan, shu bo‘yicha o‘tib keta beradi. Tag‘in har yil bir qur hajga javdiganiga kuyaman! Yonida bir chaqasi yo‘q, nimaga ishonib bo‘lsaykin, har yil bir qur «boshput» oladi. Chinakam jo‘naydigan kishiday, bor puliga un olib, yog‘ olib – kulchalar yoptiradi. Taraddi bitgandan keyin, hajga borish qolib keta beradi-da, yog‘liq patirlarni xonaqodagi tekinxo‘r so‘filar yeydi! Ado bo‘ldim men mundan!.. Kuydim men mundan…
Ko‘rpa-to‘shakni hovliga tashib yotgan Zebi bu hasratlarni tinglarkan, sho‘rlik onaning tog‘day bardoshiga qoyil bo‘lardi. Onasining juda og‘ir yuk ostida entikkanini bilganligidan, esini taniganidan beri unga har to‘g‘rida yordam qilishga tirishib, butun ro‘zg‘or ishini o‘zi eplab kelar, onasiga hech bir og‘irini tushirmas edi. Zotan, bu ro‘zg‘orni Qurvonbibining qavigan ko‘rpa-to‘shak va guppilari ila Zebining chevar qo‘llaridan chiqqan chorsi va do‘ppilari tebratib kelmaydimi?
– Peshonamizga bitgani shu bo‘lsa, qandoq qilaylik, oyi?! – dedi qiz.
Bu vaqtda ular ikkalasi hovlichaga yoyilgan paloslarni qoqmoqqa kirishgan edilar.
– Albatta, bolam, qazoga chora yo‘q. Shunday bo‘lsa ham, ko‘ngil to‘lib ketganda, chidamay gapirasan-da odam…
Ikkovi ham jim qolib, o‘z ishlariga berildilar. Bir ozdan so‘ng kampir kuyikishdan bosilib, oddiy ovoz bilan so‘radi:
– Eshonbobom nimaga chaqirtirdi ekan? Kelgan odam aytmadimi?
– Bilmadim, juda zarur, shekilli, «oldingga solib kel» degan ekanlar. Otam o‘zi ham apil-tapil tahorat yangilab chiqib ketdi.
– Yaxshi bo‘libdi. Biror joyda to‘y-mo‘y bordir. Otang kelmasa ham, ehtimol, bolam, qishloq-pishloqqa chiqishadigandir. Bo‘lmasa, muncha jadallatib chaqirtirmasidi.
– Qishloqqa chiqib ketsa yana yaxshi! – dedi Zebi.
Shu topda uning yuzlariga quvnoq bir kulish yoyilgan edi.
– Saltanatxondi chaqirtiray deb edim. Bir kelib o‘ynab ketsa yaxshi bo‘laridi.
– Mayli, bugun kechgacha otang kelmasa, ertaga chaqirtirarsan.
Qizning yuziga yoyilgan va borgan sari quyilmoqda bo‘lgan quvnoqlik qumga tushgan tomchi kabi birdaniga yo‘q bo‘ldi, uning jiddiylashgan ko‘zlariga endi tashvish ko‘lagalari cho‘kkan edi.
– Na unimiz bor, na guruchimiz. Yana nonqoqiga chaqiramizmi? – dedi qiz. Onaning javobini kutib o‘tirmasdan, o‘rtangan bir ovoz bilan ilova qildi: –Yo‘qchilikdan qutular kun bormikin?..
– Koyima, qizim, – dedi ona, – o‘rtog‘ingni quruq jo‘natmaysan. Osh-suvingga yetkuligini eplaymiz.
Zebi ko‘zlarini keng ochib qaradi:
– Rost aytasizmi?
Qurvonbibi ro‘molining uchidan boyagi tangalarni olib qiziga uzatarkan, ovini yiqitgan mergan singari ko‘ngli sevinch bilan to‘lgani holda:
– Mana, bolam, ko‘rpa qaviqdan pul tegdi! – dedi.
Zebi ikki qo‘lini onasining bo‘yniga tashladi, ona uning sochlarini ikki-uch marta yumshoq-yumshoq silagandan keyin, og‘zini u sochlarning o‘rtasiga qo‘ydi. Shunday qilib, ikki alamzada ko‘ngil juda qisqa bo‘lgan quvonchlarga berildilar…
Faqat, bu to‘rt devol orasiga kiradigan quvonchlar o‘tkinchining nazariday bir nafasga kirib chiqadilar. Ularning kirganini zo‘rg‘a payqaganlar chiqqanini payqayolmay qoladilar.
O‘sha to‘rt devol ichida tug‘ilib o‘sgan, o‘sha to‘rt devolning tund nazarlaridan boshqa hech narsa ko‘rmagan va unga ko‘nikib qolgan bechoralar o‘z hollarining muncha fojialigini payqay olarmidilar? Har qanday quvonchni o‘zlarining o‘sha tor dunyolaridan axtarmoqqa majbur bo‘lgan sho‘rliklar tashqaridan adashib kirib qolgan oriyat quvonchlarga ishonib ko‘ngil qo‘yarmidilar?..
Odatda xufton o‘tar-o‘tmas yotog‘iga kirib, ilk sahar uyqudan uyg‘onadigan Zebi otasining kelish-kelmasini bilib, shundan keyin xotirjam uxlamoq uchun anchagacha onasi bilan gaplashib o‘tirdi. Ular ikkalasi topgan-tutgan gaplarini bir-birlariga aytishib, uch choynak choyni tamomladilar. Butun el bir uyquni urib bo‘lganda ham so‘fidan darak bo‘lmagandan keyin, ona-bola uning eshonbobo bilan birga biror joyga ketganga hukm qildilar. Zebi ertaga o‘rtoqjonini chaqiraturgan bo‘lib shirin xayollar bilan uyquga ketdi.
Bir tomondan, juda kech yotib, ikkinchi tomondan, nihoyat darajada totli tushlar bilan ko‘p rohat uxlaganligidan u ertasi kuni odatdagidan ancha kech uyg‘ondi. Uyqudan ko‘zini ochib, tevarak-atrofga qaragach, tashqari eshikning karrakday ochilib turganiga ko‘zi tushdi. Demak, so‘fi qaytgan edi. O‘zining bu qadar qattiq uxlaganiga hayron bo‘ldi. Otasi, odatda, darvozani juda qattiq taraqlatardi. Ichkaridan «labbay» deb javob berilgandan keyin, to birov chiqib darvozani ochguncha, badjahl so‘fi bardosh qilolmas, qo‘lidagi tayoq bilan zo‘r berib darvozani savardi… Demak, butun shu taraq-turuqni eshitmagan Zebining o‘likday qotib uxlagani ma’lum bo‘lardi. Endi Saltanatxonni chaqirish havasi yellarga uchdi… Endi yana haftalarcha so‘fining boshi uydagi yostiqdan ko‘tarilmaydi. Endiyana – qanchagacha – yosh qizning guldek umri hovuz bo‘yida igna sanchib o‘tadi.
O‘rnidan turib bet-ko‘zini yuvdi, o‘choqqa o‘t yoqib, choydishni qo‘ydi, so‘ngra tashqari eshikni yopib qo‘yib, sekingina uy tomonga bordi. Bir juft darparda yopiq bo‘lganidan, uyning ichi bir oz qorong‘i edi. Astagina quloq berdi: birovning xo‘rsinib yig‘lagani eshitilardi. Yana ham qunt qilib tingladi. Yig‘lagan onasi edi. Ko‘ngli shuv etib ketdi. Bir ozdan so‘ng so‘fining g‘udurangani eshitildi:
– Xotin kishini yig‘lashga halq qilgan xudo… Yig‘layber!
Shundan so‘ng uy ichida og‘ir bir jimlik cho‘kdi. Qurvonbibining yig‘isi xo‘rsinish darajasiga tushib qoldi. Keyincha u ham jimib ketdi.
Uzoq jimlikdan so‘ng so‘fining og‘ir bir tomoq qirgani eshitildi. So‘ngra u odatdagi amirona ovozi bilan:
– Qani, bo‘l, choyingni ber! – dedi.
Kampir ezilib muloyimlashgan ovoz bilan:
– Shu yerga beraymi, yo eshikka chiqasizmi? – deb so‘radi.
So‘fi yana o‘sha dag‘al ovoz bilan:
– Dam uyda nima bor! – deb qichqirdi.
Onasi tashqariga chiqqach, Zebi borib uning bo‘yniga osildi. Qurvonbibining ko‘zlari qizarib, qovoqlari ko‘kargan edi.
– Nimaga yig‘ladingiz, oyi? – deb so‘radi Zebi.
Onasi darhol javob berolmasdan bir oz o‘ylanib turgach:
– Hech… – deb qo‘ydi.
Javobning birdaniga berilmagani, so‘ngra bu «hech» degan ma’nosiz javob Zebining tashvishga tushgan ko‘nglini battar tashvishlantirdi.
– U nima deganingiz? Bekorga yig‘laydimi kishi? – dedi u.
Qurvonbibi yana jim qoldi.
– Oyi, bir yomon gap borga o‘xshaydi. Mendan yashirib yotirsiz! – dedi Zebi.
Uning ko‘nglidagi tashvish endi tiliga, ovoziga o‘tgan edi.
Ona endi bu safar bolasini qondirgunday javob bermoqqa majbur bo‘lganini payqadi. Faqat, nima deyishini bilmasidi.
– So‘rab nima qilasan, bolam? Otangning fe’lini bilasan-ku, bekordan bekorga meni g‘adablab o‘tiribdi…
– Nima deydi, axir?
– Nima deridi? Boshimni olib bir yerga ketaman deydi… to‘ydim senlardan deydi…
Zebi onasining bu gaplariga ishonib, ko‘ngli ancha tinchigan bo‘lsa-da, onaning o‘zi o‘z og‘zidan chiqqan bu yolg‘onlarga sira ishonolmas, «o‘zim ishonmagan narsaga qizim bechorani qanday ishontiraman» deb o‘ylardi…
– Otamning shunaqa xulqi bor, – dedi Zebi. – Ba’zi-ba’zida fe’li aynisa, «ketaman»ga tushadi. Qo‘ying, xafa bo‘lmang. Erta-indin bosilib qoladi. Ilgari qilmagan bo‘lsaykan…
Zebining bu muhokamasi onaning ko‘nglini darrov tinchitdi. Qizining bu so‘zlarida va u so‘zlarni aytgan vaqtidagi ovozida yosh bolalarda bo‘ladigan bir soddalik ko‘rinardi. Qiz bechora hali ko‘p sodda! U onasining og‘zidan nima chiqsa darrov ishonadi! Faqat, ona bechora o‘z qizini qachongacha aldab yura oladi? Qizning bu soddaligi qachongacha davom etadi? Bu aldashlar erta-indin ochiq haqiqatlar qoshida chilparcha bo‘lib sinmaydilarmi? U vaqtda aldamoq uchun so‘z topiladimi? Yosh qizning «qars» eta yorilishi mumkin bo‘lgan ko‘ngil shishasini yamash uchun onaning tadbir sandig‘ida hech narsa topiladimi? Sodda qiz til uchida aytilgan bir-ikki og‘iz gap bilan tinchlanib, so‘riga joy qilgali chiqqan vaqtida, ayvonning bir chekkasida o‘rnidan jilolmay qolgan onaning ko‘nglida shu tashvish va shu andishalar aylanardi. Keyincha, qizning tamom tinchlanganini ko‘rgach, Qurvonbibi ham iztiroblardan yengillanganday bo‘ldi. So‘riga kelib tayyor dasturxonga o‘tirgach, Zebining peshonasidan o‘pib-o‘pib qo‘ydi.
Otasini nonushtaga chaqirmoq uchun kirgan Zebiga Razzoq so‘fi nimagadir:
– Choyingni hovliga chiqib ich! – deb buyurdi.
Bu buyruqqa na ona e’tiroz qildi va na qiz. Ayniqsa, Zebi butun bu narsalarni otasining fe’li ayniganidan ko‘rardi. Onasining ko‘zlarida shuncha iztiroblar qaynab toshgan holda, yosh qizning sodda ko‘ngli ularni ko‘rolmas edi. Onaning ko‘ngli sir berkitish orqasida g‘ashdan yorilay deganda, qizning ko‘ngli dam O‘lmasjonni, dam Saltanatxonni erkalatib o‘ynardi. Hovuz bo‘yida yana o‘sha qo‘shiq, yana o‘sha yoqimli ovoz suvlarning jimjimasi ustida yo‘rg‘alardi. Yana o‘sha kashtalarning yana o‘sha kular yuzli ipaklari ilang-pilang chiziq ustidan borib, kungiralarning shaklini qavartirardi. Yana o‘sha devoldan yana o‘sha aravakash bola mo‘ralab, yosh qizning mungli qo‘shig‘ini bo‘lardi…
Bir kun ertalab ikkita qo‘y bilan bir arava un-guruch kelib kirgandan keyin, Zebi onasining andishali ko‘zlariga qaramasdanoq tunov kungi ko‘z yoshlarning ma’nisiga tushundi. Yosh qizning ko‘ngil shishasiga bir tosh kelib tekkan kabi bo‘ldi…
Nonushtadan biroz keyin qo‘ylar kelgan bo‘lsa, tushga yetmasdan qassob tayyor bo‘ldi va Razzoq so‘fi etagini beliga qistirib, yenglarini shimarib tashqariga jomlarni, savatlarni tashimoqqa boshladi. Qo‘ylarning qop-qora qonlari yerlarni bo‘yamasdan turib, tashqari tomondan xursand ovozlarning:
– To‘y qulluq bo‘lsin, so‘fi!
– Juda soz bo‘libdi!
– Bunday davlatni kam bandasiga beradi xudo! – degan xushomadlari ko‘tarildi.
Endi onaga qo‘shilib qiz yig‘lar, qizga qo‘shilib ona yig‘lardi. Bularning yig‘ilari kuchaygan sari tashqari tomondan kelayotgan xushomadlar ham kuchayar, butun mahalla-ko‘y Razzoq so‘fining baxtini olqishlab chapak chalardi!
O‘rtaroq bir xonadonning orzu-havasli kattakon to‘yidan hashamatliroq bo‘lib o‘tgan fotiha to‘yidan keyin Qurvonbibining ko‘zlarida yig‘laydigan yosh ham qolmagan edi. Zebining ko‘z yoshlari sira tinmadi. Bu orada Saltanatxon ikki marta kelib ketdi. Qumrixon keldi, boshqa o‘rtoqlari kelishdi, har yo‘l bilan Zebining ko‘nglini olishga, uni yupatishga urindilar. Bo‘lmadi? Ko‘z yoshlari ariqning suviday o‘zlari kelib, o‘zlari quyulardilar. Ilgariroq kunda yuz marta qizini yupatgan, uning ko‘z yoshlarini yenglari bilan artgan ona endi u yoshlarga ko‘nikib qolgan, indamasdan o‘z ishiga mashg‘ul bo‘lar, to‘y hozirliklarini ko‘rardi.
Har haftada bir keladigan qo‘y, un-guruchni tashimoqdan Razzoq so‘fining qo‘llari qavardi… Toza guruchlar bilan bo‘rdoqi qo‘ylarning palovlarini yemoqdan quyuq yog‘lar me’dasiga urdi… Yog‘liq qo‘llarini arta bermoqdan uning eski bedana mahsisi oynaday yaltirab ketdi. Butun bularning orqasida ona bilan bolaning qaynoq ko‘z yoshlari quyilardi. Butun bu noz-ne’matlar yosh qizning ko‘ngil shishasini sindirish bahosiga tushgan edi. Faqat, so‘fi ko‘ngildan va uning nozik shishasidan bir narsa anglaydigan odam bo‘lmaganligidan bu kattakon ishning oqibatini xayol qilgan vaqtlarida «kelasi yilga (inshaollo!) hajga ketish nasib bo‘ladi» degan umidlar bilan xursand bo‘lardi…
Birinchi marta qo‘y kelgan kundan beri butunlay esidan og‘ib qolgan Qurvonbibi fotiha to‘yidan keyin bir oz o‘ziga kelgan edi. Bora-bora Zebining ko‘z yoshlari ham quridi. U ham xuddi suratday jonsizgina sudralib yura boshladi. Burungiday onasining hech bir so‘zini qaytarmas, nima desa og‘zidan chiqqan hamon bajarardi. Es-hushi o‘zida bo‘lmagan bu jonsiz suratning yog‘ochday qotib qolgan qo‘llari va barmoqlari ila ro‘zg‘or ishlarini yana burungiday puxta bajarishlari onaning qurigan ko‘zlarini ham yana yosh bilan to‘lg‘azib yuborardi. Zebining og‘zidan na bir og‘iz so‘z chiqar, na bir bayt qo‘shiq, na bir oh-voh. Bu hol onaning iztirobini beshbattar oshirardi. «Bu ketishda qizim sho‘rlik to‘yga yetarmikan, yo‘qmikan?» degan xayollar onaning bag‘rini tilardilar.
Eshon chaqirtirib ketgan kunning ertasida, Razzoq so‘fi uyiga qaytib kelganidan keyin «qizingni mingboshiga berib keldim, taraddingni qil!» degan, shundan so‘ng Qurvonbibi yig‘lashga boshlagan, uni Zebi yupatgan, shu bilan ish fotiha to‘yiga borib yetgan edi. Bu orada anchagina vaqt o‘tsa ham, Qurvonbibi o‘z eridan ilgari rad qilgan mingboshiga keyincha rozilik berishining sabablarini so‘ramadi. Gapning rosti, yuragi betlab so‘rolmadi. Ilgarilari Zebi o‘z otasidan qanday qo‘rqib qochgan bo‘lsa, endi Qurvonbibi ham o‘z eridan shuncha o‘zini chetga tortardi. Zebining haligi ahvoli ko‘ngliga tashvish solganidan keyin chidayolmadi, bir kun Zebining yo‘q vaqtini topib turib eriga so‘z ochdi:
– Boshim gangib, hech narsa deyolmay yotibman…
– Ha, nima demakchisan, fitna? – So‘fi avvalgiday quruq va sovuq gapirardi.
Qurvonbibi ho‘rsinganidan birozgacha nafasi bo‘g‘ziga tiqilib, gapirolmay turdi. Keyin, nafasini bir oz o‘nglab, yana boyagiday ho‘rsinish ovozi bilan bo‘lib-bo‘lib so‘zladi:
– Bu nima qilganingiz? Bu…
– Ha, nima qilibman, bachchag‘ar?
– Ilgari… mingboshi o‘lgurga… bermayman deb kelib edingiz… qo‘rsayib… maqtanib gapirib edingiz… «Benamozga… qiz yo‘q!» degan edingiz… Qani u qo‘rsayishlar? Nima bo‘ldi? Tuppa-tuzuk so‘fi odam bir benamoz, bir bo‘zaxo‘rga qiz berib o‘tiribsiz?
– Bersam nima bo‘pti, bachchag‘ar? O‘z qizim…
– O‘z qizingiz-ku… Tengini topib bering-da… Eshonbobomning man qilmaganlariga hayronman. Ha… ha…
Shu yerga kelganda Qurvonbibi biroz dadillanib, ovozini ko‘tara tushdi. Go‘yo eshonbobo uning tomonida bo‘lib, Razzoq so‘figa qarshi chiqajak edi:
– Ha… ha… endi bildim! Bu gapdan, vallohi a’lam, eshonbuvamning xabarlari yo‘q! Bo‘lmasa, sizning bu behuda ishingizni qildirtmas edilar.
U yoqda so‘fi achchig‘i kelib baqirish o‘rniga, bir narsadan xursand bo‘lganday, miyig‘ida kulib turardi.
Qurvonbibi davom etdi. Uning ovozi yana ham ko‘tarila tushgan edi.
– Shoshmang! Eshonbuvamga borib dod deyman! Ori rost, bir bo‘lgan ishni endi buzdirish mumkin emasku-ya, ishqilib sizdan dod deb bir ko‘nglimni bo‘shatmasam bo‘lmaydi…
– E ablah, fitna! – dedi so‘fi kulib turib. – Esing yo‘qligi shu-da! Shu-da esi pastliging! Shu-da xotinliging!
Qurvonbibining achchig‘i keldi:
– «Echkiga o‘lim, qassobga yog‘!» Men o‘lolmay garangman, siz hadeb kulasiz. Ha, eshonbuvamga aytolmaymanmi?
– Ha, ayt! Ayt borib! – dedi so‘fi yana kulib turib. – Ablahligingni pirimizga ham ko‘rsat, fitna!
– Obbo, aqllig-ey! Shoshmang, hali! Eshonbuvam g‘adablagandan keyin esingiz kiradi. Hali yog‘liq palovlar bilan mastsiz!
So‘fi kulishdan to‘xtab jiddiylashdi.
– Bas deyman, ahmoq, bo‘ldi! – deb qichqirdi u. – Hech narsadan xabaring yo‘q, valaqlay berasanmi? Mingboshiga bergin deb, qistab yurib meni ko‘ndirgan eshonbuvamning o‘zlari bo‘lsa, nima deysan?
Qurvonbibi ixtiyorsiz:
– Voy, o‘laqolay! – deb baqirdi. – Eshonbuvam o‘zlari boshmi hali? Voy, sho‘rim qursiney!
Bechora kampir boshlariga mushtlardi.
– Mushtla boshingni, fitna! – dedi so‘fi yana o‘sha jiddiyat bilan. – Ko‘proq mushtla, yor o‘sha esi past boshni!..
Ikkalasi ham jim bo‘lishdi. So‘fi hamon o‘sha jiddiyat bilan bir nuqtaga tikilgan, Qurvonbibi endi bir oz o‘zini to‘xtata boshlagan edi. U oddiy va tinch ovoz bilan so‘radi:
– Eshonbuvam qistagan bo‘lsalar, qattiq tursangiz bo‘lmasmidi?
Faqat, kampirning bu so‘zlarida endi taqdirga tan berish unlari bor edi. Bu unni so‘fi ham payqadi. U bugun nechundir bir oz yumshara tushgan, xotini oldida o‘zini oqlamoqqa tirishganday ko‘rinardi.
– Hovliqmay gapirsang, fitna… Dunyoni buzasan… – dedi u. – Men ko‘p olishdim. «Benamozga qiz bermayman!» dedim. «Sen-bizning ming yil ibodatimiz-u ularning bir kunlik xizmatlari – bab-barobar! Mingboshi qancha mo‘min-musulmonning hojatini chiqaradi, qancha alamzadaning dodiga yetadi, qancha o‘g‘ri, kisavur, qaroqchining jazosini beradi! Qancha nohaq bo‘lgan ishlarni haqqa qaror topqizadi. Ibodat ham – ibodat, mo‘min-musulmonga xizmat ham – ibodat! Balki bu keyingisi – avlo!» dedilar. Nima deyin? Nima deb bo‘ladi? Men omi bo‘lsam, savodim bo‘lmasa, oq-qorani tanimasam, u kishi mulla bo‘lsa, zabardast bo‘lsa, xudoning buyrug‘ini tushunsa, shariatni, tariqatni suvday bilsa… nima deyman?
So‘fining o‘z xotiniga astoydil kuyib-yonib o‘z qilmishlaridan buncha duruv-daroz hisob berib o‘tirishi – mana shu edi. Buni Qurvonbibi tegishincha taqdir qila bildi. Eriga issiq nazar bilan qarab, uning ahvoliga endi bir daraja achina boshladi. Shu uchun ancha og‘irlik va bosinqilik bilan:
– Men-ku hech narsa demas edim, – dedi u, – mana bu qizingiz xuddi bir suratga aylanib qoldi… Qo‘rqib yotibman…
– O‘rtoqlarini chaqirtir, fitna… O‘yin-kulgi qilishsin… U tarafdan men ham to‘yni tezlatay… Tezroq berib qutulaylik.
– Saltanatxon o‘rtog‘ini o‘zi ham chaqirmoqchi bo‘lib turib edi, – dedi kampir. – Siz uyda bo‘lganingiz uchun…
– Men xonaqoga ketaman. Chaqirtira bersin. Un-guruch bo‘lsa serob… Pul ham bor, orzu-havas qilaman desa, mana pul. Bozordan oldirsin. Ko‘ngli xohlaganini qilsin!
Shu so‘zlarni ayta turib, yonidan bitta o‘n so‘mlik yangi qog‘oz oldi, uni barmoqlari orasida uvib, shir-shiragan ovoz chiqardi, undan keyin yuzlarida shu choqqacha hech bir ko‘rilmagan bolalarcha quvonish bilan kampirga uzatdi.
Kampir umrida ko‘rmagan o‘ntalikning naqshlariga qararkan, shu naqsh singari jonsiz bo‘lib qolgan sho‘rlik qizini ko‘z oldiga keltirdi-da, ko‘zlariga ixtiyorsiz yosh olib yubordi…