Kecha va kunduz/07
Ikkala yosh ko‘ngil qorong‘i muhitning og‘ir kishanlarida bog‘langan holda noumid muhabbat bilan bir-birlarining hasratida entikar ekan…
Akbarali mingboshi kuchli panjalari orasiga olib yangi bir gazetni g‘ijimlamoqda va qimorbozlarga xos og‘zi maymoqlik ila gazet yozganlarni so‘kmoqda edi.
Jadidlar tomonidan haftada ikki marta zo‘rg‘a chiqariladigan bir gazetda mana shu besh-olti og‘iz so‘z boridi:
«… bo‘lusining hokimi mutloqi o‘lan Akbarali mingboshi butun bo‘lusning yagona usuli jadida maktabini bog‘latib, muallimini haq bermasdan haydatdirdi… Uch oygina davom eta olmish bu maktab millat bolalarina oz-da bo‘lsa oq-qorani tanitdirmoqqa muvaffaq bo‘lmish edi. Mingboshining o‘zi esa har sana bir evlanmoqdan, xotin yangilamoqdan bo‘shalmaydur… Uch xotini ustiga yana to‘rtinchisini, hatto besh-olti-yettinchisini… ham oluvga qarshi emas.
Muallim M. M…»
Qarshisida choy quyib o‘tirgan Hakimjon shu gazetni topib ko‘rsatganiga allaqachon dunyo-dunyo pushaymon bo‘lgan edi. U bir necha yil shu odamga mirzalik qilib, uning jahli kelgan va tutoqqan vaqtlarini ko‘p ko‘rgan bo‘lsa-da, bugun shu kichkina maktubchaning bu darajada yomon ta’sir qilganiga hayron bo‘lardi. Mingboshi mirzaning qo‘lidan dastlabki bir piyola choyni olib, hatto bir ho‘plamasdan yoniga qo‘ydi va shu bo‘yicha uni tamom esidan chiqarib yubordi. Hakimjon sovuq choyni uning oldidan olmoqqa botinolmas edi… Choynakdagi choy ham allaqachonlar sovub bo‘ldi. Hakimjonning ikki ko‘zi mingboshida, uning qizarib-bo‘zargan yuzlarida, jahl bilan, tajanglik bilan qisilgan panjalarida, g‘ijimlanib bir musht holiga kelgan gazetda… Xo‘jayinning mudhish avzoyini ko‘rib sal narida daraxtga suyanib turgan Mirzabobo ham hayron. Darvozabonlik qiluvchi mirshabga: «Arzga kelganlarning hech birini qo‘ymaysan. Xo‘jayinning fe’li aynib turibdi…» – deb Mirzabobo tomonidan ta’limot berilgan, endi darvoza orqali Miryoqubdan boshqa hech kimning oyoq bosib o‘ta olishi mumkin emas. Haykalday qotib tura berishdan Mirzaboboning, doim bir vaziyatda qimirlamay o‘tira berishdan Hakimjonning bellari qayishib ketdi… Mingboshi dam gazetni ochib, u yoq-bu yog‘ini aylantirib qarar, dam bo‘lsa panjalari orasiga olib uni g‘ijimlar, tez-tez darvoza tomonga qarab:
– Miryoqubdan darak yo‘qmi? – deya so‘rab qo‘yardi.
Mingboshi bu savolni qaytargan hamon Mirzabobo yugurib ko‘chaga chiqar, bir ozdan so‘ng qaytib kirgach, «yo‘q» degali botinolmasdan go‘layib jim qolardi.
Nihoyat, mingboshi qo‘lidagi gazetni bir tomonga irg‘itib o‘rindan turdi.
– Miryoqub qani deyman senga, Miryoqub?!.. – deya baqirdi.
Bu yovvoyi darrandaning o‘kirishi edi! Mirzaboboday odam tutila-tutila:
– Darrov… otni egarlab… uyiga borib kelaymi? Yo shaharga chopaymi? – dedi.
– Endi esingga keldimi, itvachcha!.. – deb baqirdi mingboshi. So‘ngra asabiy odimlar bilan ichkariga tomon yurdi.
Ichkaridan ham uning baqirgan ovozi eshitilardi. Faqat, uchala xotin uning nima uchun kayfi ketganidan bexabar edilar. O‘zaro bir-birlariga nazar tashlashgach, ko‘z ishorati ila katta xotinga vakolat berdilar. Xadichaxon bir-ikki qadam oldinga bosib kelib:
– Nima bo‘ldi sizga? – deya so‘radi. Shu topda o‘zi yengilgina qaltiramoqda edi.
Mingboshi nihoyat darajada odobsiz bir so‘z bilan baqirib javob qildi. Ikkala yosh xotin sekin-sekin orqalariga tisarilib, o‘z uylariga kirib ketdilar. Xadichaxon turgan joyida qotib qoldi…
– Yelkamda o‘n putdan o‘ttiz put yukim bor… – dedi mingboshi. Bu ham baqirishga yaqin bir ovoz bilan aytilgan edi.
Uchala xotin ham bu yukning nimaligini anglab yetolmadilar. Xadichaxonning fikricha, mingboshiga «irim» qilgan edilar. Endi uni «qaytartirmoq»dan o‘zga iloj yo‘q edi. Bu fikr boshqa kundoshlarning miyalaridan ham o‘tmadi emas… Faqat, Xadichaxonning bu fikri qat’iy bo‘lsa kerakkim, yashirishga luzum ko‘rmadi:
– G‘animlar qasd qilganga o‘xshaydi. Qaytarma qildirib bersammi? – dedi.
– Ayollarning bilgani irim, bilgani qaytarma, bilgani azayimxon… Qovog‘i uchsa ham azayimxonga chopadi… – dedi mingboshi. Va shu so‘zlarni aytarkan, uning bulutli yuzlarida jindakkina ochilish alomatlari ko‘rindi. Shu ochilishdan dadillanib bo‘lsa kerak, Xadichaxon yana e’tiroz qildi:
– O‘zingiz, o‘z og‘zingiz bilan «yuk bosdi» demadingizmi?
Mingboshi kulib yubordi:
– «Yuk bosdi» degan bo‘lsam, «qanday yuk?» deb so‘ragin-da, bachchag‘ar! – dedi u.
Bu vaqtda uydagilar ham asta-sekin tashqariga chiqib, yaqin o‘rtaga kelgan edilar. Mingboshi davom qildi:
– Uchalang kam yukmisan menga?
– Nima og‘irimiz tushdi sizga? – dedi Xadichaxon.
– Gazetni o‘qi, bilasan… Senlarning tufaylingdan yomon nomim yetti iqlimga ketdi… Hammang bir qora mo‘yimga arzirmiding, qalay?.. Agar olmoqchi bo‘lsa, hammangni ikki qo‘llab tutardim o‘sha gazetchi dayusga!.. Menga bitta xotin bas edi… zurriyotlik bo‘lsa… shuncha davlatni kimga ishonib qoldiraman? Uchta bezurriyotgami?..
– Nimaga hammani barobar ayblaysiz? Fazilatni og‘izga olmaysizmi?
– Fazilating menga asqotarmidi? Bir-ikki yildan keyin birovlarning qo‘liga suv quyadigan bo‘ladi. Qiz farzand bo‘larmidi? Qaysi biring ota-onangga asqotding!..
Bu «ma’qul» gaplarga e’tiroz qiladigan joyi bo‘lmasa ham, Xadichaxon yana bir nima demoqchi edi, tashqaridan darvozaning xarxasha bilan ochilgani eshitilib, so‘ngra «ha» deguncha ichkari eshik ketidan Mirzaboboning yo‘g‘on ovozi chiqib qoldi.
– Xo‘jayin, Miryoqub akam keldilar!
Mingboshi darvoza ochilgan hamon tashqariga yugurgan edi.
U chiqib ketgach, uchala kundosh bir yerga to‘planib, kuyovlarining avzoyini muhokama qildilar. Ancha nari-beri gaplardan keyin ertaga erta bilan Xadichaxonni cho‘loq azayimxonnikiga yuborishga qaror berildi…
Mingboshini tashqarida Miryoqub ham o‘sha sovuq xabar bilan qarshi oldi:
– Xo‘jayin, sizni gazetga uribdilar! Mana, ko‘ring!
«Salom» yo‘q, «alik» yo‘q, ikki g‘ildirakli aravasidan tushar-tushmas qo‘lidagi gazetni mingboshiga uzatib, kular yuz bilan shu so‘zlarni aytgan Miryoqub mingboshining ko‘ziga shu topda itdan ham xunuk ko‘rinib ketgan edi.
– Tur-e, afting qursin sening!.. Gazeting boshshingni yesin!..
Gazetni olib uning yuziga irg‘itdi.
Miryoqub esa qahqaha solib kuldi, yerga tushgan gazetni engashib yerdan oldi-da, qoqib ko‘ziga surtgach, to‘rt buklab cho‘ntagiga soldi, so‘ngra tezgina mingboshining qo‘ltig‘iga kirib, apil-tapil uni so‘richaga keltirib o‘tqazdi.
– O‘tiring, xo‘jayin! – dedi o‘zi ham uning qarshisiga o‘tirarkan. – Nima bu tajanglik? Nima bo‘libdi? Dunyo buzilibdimi?
O‘zi uchun Miryoqubdan boshqa chin ko‘ngildan kuyadigan odam yo‘qligini mingboshi yaxshi bilardi. Shu uchun uning bu kungi harakatini sira anglayolmay qoldi. Aravasidan tushmay turib «xo‘jayin, sizni gazetga uribdilar!» dedi, so‘ngra o‘sha gazetni (o‘sha gazetning o‘zini!) uzatdi… Bu nima gap? Tushimi, o‘ngimi? Yo ishongan tog‘i ham ag‘darilmoqchimi? Yo Miryoqub ham boshqa yoqadan bosh ko‘tarmoqchimi? Miryoqubsiz uning kuni kun bo‘ladimi? Bu davlatlar, obro‘lar, kattaliklar… – hammasi qamishning to‘zg‘og‘iday bir nafasda to‘zib ketadimi? Miryoqub burungi Miryoqub bo‘lsa, to mingboshi o‘zi gap ochmaguncha, bu qora xabar to‘g‘risida gap ochishga ham botinolmasligi lozim kelardi… Albatta, ko‘ngillarida hech gapni saqlayolmayturgan og‘zi bo‘sh odamlar bo‘ladi. Lekin unaqa odamlarning nomlari «Miryoqub», ayniqsa, «Miryoqub epaqa» bo‘lmaydi. Miryoqubning tishlari, har holda, lablaridan kuchliroq-ku! Lablarini tishlari orasiga olsa, tili o‘lgur bir oz ko‘milib turardi-ku… Faqat, Miryoqub hech bir ishni bilmasdan qilmaydi!
Haligidek bema’ni vahimalardan so‘ng, nihoyat, mana shu keyingi natijaga kelganidan keyingina mingboshi esini boshiga to‘pladi va Miryoqubning yuziga gazetni irg‘itgani uchun o‘z-o‘zidan koyidi. Uning tirriq ta’bi ham tezgina o‘rniga tushdi, yuzi kuldi…
– Hazilingni qo‘y endi, – dedi u oddiy va hatto bir daraja muloyim ovoz bilan. – Munga bir maslahat top. Yetti iqlimga yomon nomim ketdi…
Miryoqub juda tinchlik bilan, kulib turib, bemalol gapirardi:
– Habballi, mana munday deng! Jahl bilan, g‘azab bilan, tutaqish bilan bu to‘g‘rida hech narsa qilib bo‘lmaydi. Bu mahkumingizdagi qora fuqaro bilan bo‘ladigan ish emaski, chaqirtirib kelib Mirzaboboga buyursangiz-u yerto‘laga olib tushib, qichigan yerini qashlasa! Yozgan odam o‘sha berkitilgan maktabning domlasi… jadid! U allaqachonlar o‘z yurtiga yetib oldi, gazet bo‘lsa gazetchisi bilan birga Toshkentda… Siz-bizning emas, bizdan kattaroqlarning ham bo‘yi yetmaydi. Gazet yozadiganlar, odatda, zakunchi bo‘ladi… Ular bilan yarim poshshoga o‘xshagan ulug‘ odamlar olishmasa, ancha-muncha amaldor bakor kelmaydi. Jadidlar hammasi mahmadona keladi…
– Jadiding nimasi? Nima degan gap o‘zi?
– Maktabini yoptirgan vaqtingizda aytib bergan edim-ku.
– Esda qolgan deysanmi?
– Jadid degani «yangi» degani bo‘lsa kerak. Yurt orasida yangilikni rasm qilarmishlar… Yangi o‘qish, yangi maktab, yangi urf-odat, yangi kiyim – har narsa yangi…
– Eskicha bo‘lsa, kimga zarari tegar ekan?
– Unisini bilmadim… Ishqilib, jadidlarning qasdi shu emish…
– Yangi mingboshi, yangi qozi ham desang-chi!
– Albatta, o‘ziga mos keladigan mingboshi bo‘lsin, deydi jadid…
– Darvoqe, Shamsiddin mingboshi bilan To‘raqul bo‘lus to‘g‘risida hech narsa yozishmaydi-ku jadidlaring… Nimaga mening to‘g‘rimda yozishadi?
– Abdisamat mingboshini osmonga ko‘tarib yozganlaridan xabaringiz yo‘qmidi?
– Ha, aytgancha! Bulturmidi?
– Ha, bulturidi. Qanday maqtab yozishdi.
– Jadidlaringga tushunolmay qoldim-ku! Men – butun umrimda!– to‘rtta xotin olibman. Uning ham bittasi o‘z ajali bilan o‘lgandan keyin… Abdisamat bir o‘ntacha xotin oldi… Hali ham to‘rttasi qo‘lida – naqd… Nega uni yozmaydi jadiding?
– Mening jadidim emas, xo‘jayin! Shunday bo‘lsa ham, mening bilishimcha, jadidlar yangilikka mayl qiladigan odamni yaxshi ko‘radilar.
– Ha, aytgancha, Abdisamat o‘z qishlog‘iga yangi tartib maktab ochgan emasmi? Durust…
– Abdisamat mingboshi havlisida muallim saqlab o‘g‘illarini o‘qitadi. Jadid maktabiga pul bilan qarashadi. Odamlarning bolalarini yubortiradi. O‘zi jadid gazeti o‘qiydi…
– Shu uchun jadidlarning ko‘zi uning o‘nta xotinini ham ko‘rmaydi degin.
– Shunday. Jadidlar yangi maktabga qarashmagan boylarni «nodon, johil, u-bu» deb so‘kishadi. Ularning maktabiga ozgina yordam qilgan boyni «hamiyatlik boylarimizdan falon, falon…» deb osmonlarga ko‘tarib yozishadi… Siz ham jadid maktabini yoptirmasdan, og‘iz uchida «ha-pa» deb qo‘ysangiz, sizni ham maqtab yozishardi.
Mingboshi shu yerda Miryoqubga tomon egildi va pastroq ovoz bilan dedi:
– Noyib to‘ra qo‘ymadi-da, qandoq qilay.
– Noyib to‘ra ham ayyor odam. O‘zi buyruq berib yoptirsa bo‘laridi, unday qilmadi. O‘zi bir chekkada turib, siz orqali qildirdi… Tayoq endi kelib, sizning boshingizda sindi!
– Yo‘q, shoshma, men noyib to‘raning yonlariga boraman, «Ilojini qiling, o‘zingiz aytgansiz», deyman. Qani, yo‘q desin-chi!
– Yo‘q deyishdan qo‘rqarmidi? Yo‘q deydi, tonib tura beradi…
– Nega, axir? Nega?
– Bugun tonadigan bo‘lmasa, o‘sha vaqtda o‘zi o‘z buyrug‘i bilan yoptirmasmidi?
– Tonganiga qo‘yamanmi?
– Nima qilardingiz? Urarmidingiz?
– Urib bo‘ladimi?
– Nima qilardingiz?
Mingboshi jim bo‘ldi. Bir qo‘lini chakkasiga olib borib boshini qashlardi…
Ikkalasi ham biroz jim qolgach, yana mingboshi gap boshladi:
– Bir maslahatini topmasak bo‘lmaydi. Men bu ishni shunday qoldirib ketolmayman… Shamsiddin, To‘raqul, Abdisamatlar qo‘shkarnay bilan jar solishadi… bilasanmi?
– Bu gapingiz rost, xo‘jayin. Ularnikida kechadan beri to‘y!
– O‘sha maktabdor domlani toptirib kelib Mirzaboboga topshirsam-u, yerto‘lada bir burov solsa, deb edim. Shunda, ehtimol, ko‘nglim bir oz o‘rniga tusharmidi…
– Boya aytdim-ku, endi uning arvohini ham topolmaysiz.
– Nima qilamiz bo‘lmasa?
Miryoqub javob bermadi. U aytmoqchi bo‘lgan so‘zini fikr tarozisiga solib o‘lchamoqda edi. Nihoyat, mingboshi tomonidan haligi savol yana qaytarilgandan keyin:
– Nima qilardingiz, tishni tishga qo‘yasiz, xo‘jayin! – dedi.
Mingboshi irg‘ib o‘rnidan turdi.
– Tishimni tishimga qo‘yadigan hezlardan bo‘lsam, ma, ol, bu shop-shaloplarni! – dedi u baland ovoz bilan. – Menga boshput olib ber, Makkatulloga jo‘nayin!
– O‘tiring, xo‘jayin! – dedi Miryoqub, uning ovozi ham bir oz ko‘tarila tushgan edi. – O‘shqirish bilan, zarda bilan bitadigan ish emas bu. O‘ylaylik, bir chora topaylik!
So‘ngra o‘rnidan turib ayvonga bordi, u yerda choynak bilan piyola turgan edi: sovuq choyni piyolaga to‘ldirib quygach, bir shimirishda tamom qildi. So‘ngra orqasiga qaytarkan, odatdagidan qattiqroq va tezroq so‘zlandi:
– Gazetni shaharda ko‘rdim. Shundan beri tadbir axtaraman. Hech bir tadbir topolmaganim uchun nochor-noiloj kulgiga zo‘r bergan edim. Katta ariqdan hatlayolmagan vaqtingizda kulgingiz keladi… bilasizmi?
– Bilaman.
– Yiqilgan polvon ham achchig‘ini kulib yengadi, – dedi yana Miryoqub.
Mingboshi bir oz jim qolgach:
– Ishqilib, bir chora topmasang bo‘lmaydi, – dedi.
Faqat, bu keyingi jumla quturgan darrandaning emas, suvga pishilgan mushukning og‘zidan chiqmoqda edi…
O‘yga botgan Miryoqub boshini ko‘tardi:
– O‘zimizning gazetga kelishtirib bitta javob yozamiz. Jadid gazetida sizni so‘kkan bo‘lsalar, o‘z gazetimizda biz maqtaymiz, muallimni yomonlaymiz. Shu bilan tarozining biz tomon pallasi bosib tushadi. Abdisamatlarning karnayi bolalar chaladigan qamish nayga aylanib qoladi. Shu bas!
– Ha, mayli!
– Durustmi? – deb yana qaytarib so‘radi Miryoqub.
– Durust! – dedi mingboshi. – O‘zing yozasanmi?
– Bilib gapirasizmi, xo‘jayin? Men gazetning o‘zini tuzuk-quruq o‘qiyolmayman-ku, unga xat yozish qayoqda. Muni o‘z ahli, o‘z ustasi yozadi. Shaharga tushganimda to‘g‘rilab chiqaman.
– Bo‘pti, – dedi mingboshi. – Ishqilib, o‘zing epla.
So‘ngra o‘rnidan turib Miryoqubga yaqin keldi va uning qulog‘iga egilib:
– Pul kerak bo‘lsa, ayama lekin! – dedi. – Pul degan narsa topilib ketadi, obro‘ topilmaydi, obro‘!
Oradan ikki hafta o‘tgandan keyin Miryoqub «sart» tilida chiqadigan hukumat gazetasining bir nusxasini keltirib, indamasdan mingboshining quchog‘iga tashladi. U nusxada quyidagi maktub bosilib chiqqan edi:
«Hurmatli gazet muallifi to‘raga salomdin so‘ng andog‘ arz qilinurkim, jadid nom toifaning shaharlarda chiqarilaturg‘on gazetida Akbarali mingboshi xususida noloyiq iboratlar bilan ta’rif qilingan bir noma chop qilindi. Shu xususda haqiqat yuzasidan izoh qilib ayturmizkim, Akbarali mingboshi qariyb o‘n to‘rt yildan buyon oq podshohimizning azamat davlatlariga sadoqat bilan xizmat qilib, shuncha zamon mobaynida hech qanday sarzanishga mustahiq bo‘lmadilar. Shahar va uyezd hokimi to‘ralar va fuqaro va boyonlar va ahli ilm toliblar va mudarrislar va xonaqohnishin shayxlar va eshonlar va hokazo hech kimsa mazkur mingboshidan chiyziy norozi bo‘lganlari yo‘qdur. Va balki hamisha aning haqqida xayri duodadirlar. Ul beodob maktabdor bo‘lsa hamma fuqaroning nazarida past va haqir ko‘rilgan erdi. O‘zi namoz o‘qimasdan va maktabda go‘dak bolalarga yer mudavvardur, ya’ni misli tarvuz yumaloqdur deb, shariatga xilof ilmlarni ta’lim bergani vajhidan fuqaro bezovta bo‘lib, har xil qiliqlar paydo bo‘lib, yurtning osoyishiga xalal kelganidan mazkur maktabdorning maktabini janobi Akbarali mingboshi berkitib erdilar. Bu vajhidan tamom fuqaro va alalxusus boyonlar, tolibi ilm mullabachchalar, mudarrislar, imomlar, shayxlar va zokirlar, so‘filar bag‘oyat mamnun bo‘lib, ul shahanshohi jahon oq podshohimizning va ham ul ulug‘ martabalik yarim podshoh janoblarining haqlariga duo aylab, shunday odil va insoflik fuqaroparvar amaldorlarni qo‘yganlari uchun ularga minnatdorlik izhor qiladurlar, vallohi a’lam bissavob, tammat-tammat tamom yozg‘uchi kamina xolis fuqarodin mulla Rivojiddin a’lami mulki abadiy».
Buni o‘qitdirib eshitgandan keyin mingboshi juda xursand bo‘ldi. Endi to‘y bu tomonda boshlandi. Endi buning karnayi dunyoni buzajak, narigilarniki bo‘g‘ulajak edi. Endi yetti kishvar, yetti iqlimda Akbarali mingboshining qanday yaxshi amaldor bo‘lganini bilajaklardi. Oqpodshoh bo‘lsin-u, yetmish ikki toifaning tilini biladigan tilmochlari bo‘lmasin! U tilmochlar tomonidan tarjima qilinib berilgandan keyin, bu maktubni oqpodshoh, albatta, o‘qitib eshitajak… balki o‘zi o‘qiyajak… balki o‘zi gazetning tiliga tushunsa… qo‘l ostida shuncha toifa yashaydigan bir podshoh o‘z fuqarolarining tilini bilsa ajabmi? Mulla Rivojiddin o‘zi ajib bir xushtahrir odam! Yozishini ko‘ring: suvday ravon! Hamma uqadi, hamma anglaydi! Oqpodshoh nega anglamasin? Shundan keyin Peterburgdan Toshkentga – yarim podshohga telegram kelsa: «Mening shunday yaxshi amaldorim bor ekan, qadriga yetib, hol-ahvolidan xabardor bo‘lib turibsanmi?» Ana, shundan keyin Toshkentdan chopib keladigan katta to‘ralarni ayting! U vaqtda shahardagi hokim va pristup to‘ralar Akbarali mingboshiga «chas» («chest» demoqchi) beradigan bo‘ladi! Unda narigilar mingboshi emas, kech kuzdagi chibindan ham battar bo‘lib qolishadi!..
Bu safar gazetni bag‘riga bosib shu xil shirin xayollarga botgan mingboshi irg‘ib turib qarshisida o‘tirgan Miryoqubni quchoqlash va butun davlatini unga tutib yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. Bunday odamga qancha qilsa va qancha bersa oz.
Shunday bir xursandlik ichida suzgan mingboshiga Miryoqubning yana boshqa arzlari bor edikim, ular ham – ahamiyat jihatidan – gazetdagi maktubdan sira qolishmasidi.
– Xo‘jayin, ko‘nglingiz o‘rniga tushdi, shekilli? – dedi u bir turli g‘urur bilan, lekin bu so‘zlar ortiqcha «moylanish» va xushomaddan yiroq edi.
Mingboshi boyagi kayfni to‘la aks ettirib javob qildi:
– Nimasini aytasan!
– Bo‘lmasa, naryog‘ini eshiting.
– Naryog‘ini?
Mingboshining ko‘ngliga darhol iztirob tushib ulgurgan edi. Shunday yaxshi bir xabardan keyinga qoldirilgan arz, albatta, xayriyatdan gapirmaydi. Agar yaxshi gap bo‘lsa, Miryoqub uni gazetdagi maktubdan burun aytmasmidi? «Xo‘jayinning besaranjom ko‘nglini tinchitay, undan keyin yotig‘i bilan bu xabarni eshitdiraman» degan bo‘lsa-chi?! Yo‘q, amali ham qursin, obro‘si ham! Mingboshilikning shop-shalopi og‘ir bo‘lmasa ham, o‘ziga yarasha og‘ir tashvishlari bor… Katta odam bo‘lish ham qiyin!..
Mingboshining haligi so‘ng savolida butun shu iztiroblarning mazmuni bor edi. «Epaqa» laqabini tashiydigan tulki u savolning ostida yotgan behuda tashvishlarni darhol payqadi. Shu uchun darrov:
– Bugun sizning to‘yingiz! – deb qo‘ydi.
Va so‘zida davom etdi.
Masala Qumariq paynovidan suv ichadiganlarning hokimga bergan arizalari xususida edi. Ariza berganlarning boshida kimlar turganini o‘tgan safar noyibning mingboshiga aytgan so‘zlaridan anglab olgan Miryoqub Qumariqning etaklarigacha borib kelib, hamma gapni bilganini va tegishli tadbirlarni o‘tkazib kelganini gapirdi. Ariza egalarining adabini berish vazifasi uning o‘z bo‘yniga yuklatilganligidan, haligi «o‘tkazilgan tadbirlar» bilan u o‘sha vazifasini ham bajarib kelgan edi.
– Yaxshi. Ariza berganlar Yodgor echki bilan Umarali puchuq ekan. Aniq bilibsan. Xo‘sh, endi, qani, gapir-chi, ular xususiga nima tadbir qilding?
Miryoqub kuldi:
– Nima tadbir qilding deysizmi?
– Ha, nima tadbir qilding deyman.
Mingboshi butun diqqatini shu nuqtaga to‘plab Miryoqubga tomon bir oz egila tushgan edi. Miryoqub kulishida davom etib:
– Bolalarga tayinlab keldim: pastdagi yerlarga ham uncha-muncha suv berib turinglar, dedim.
Mingboshi yana ovozini ko‘tara tushdi:
– Shu adab berganing bo‘ldimi?
– Adab berganim bo‘lmasa qilarmidim, qalay? – deb Miryoqub yana kuldi.
– Nechik, ya’ni?
– Insof ham kerak axir, xo‘jayin! Sizning yerlaringizni sug‘orib bo‘lgandan keyin suvni yana Qumariqqa ochib qo‘ysa bo‘ladi. Ancha suv ortadi. Hech kim dod demaydi. Ayb chorakor bolalarda. Sizning obro‘yingizga tayanib beparvolik qilganlar.
– Nimaga?
– Nimaga bo‘laridi. Ular yerlarni sug‘orib bo‘lgandan keyin Qumariqqa yana qaytib suv ochmas ekanlar. Shuncha suv yondagi eski ariqlarga, pastliklarga tushib, ekinsiz yerlarni ko‘llatib yotar ekan. Pastdagilar o‘zlaricha kelib suvni ochgani qo‘rqishar ekan. Mirob bo‘lsa og‘iz ocholmaydi.
– Ortiqcha suv bo‘lsa, mayli, bersin, – dedi mingboshi. – Hech narsa demayman. Lekin haligi ikkovining adabini berish kerak edi. Nimaga mening ustimdan ariza tashlaydi?
– Adabini berish kerak bo‘lsa, tutib olib uramizmi? Yo ko‘pchilik oldida xo‘rlab so‘kamizmi? Yo bo‘lmasa…
Mingboshi Miryoqubning og‘zidan so‘zini uzib oldi:
– Har nima qilamiz! – deb baqirdi. So‘ngra ovozini pasaytira tushib ilova qildi: – Men ikkalasini chaqirtirib olib Mirzaboboga berishdan ham toymayman!
– Bir marta hokimga ariza bergan odamlarni urib bo‘lmaydi. Keyin ular hokimga yana qayta arz qilsalar yo bo‘lmasa hokimning ustidan arz qilsalar – yomon bo‘ladi. Advokatlarning arizasini bilasiz-ku!
Mingboshi indayolmay qoldi. Nafasi ichida edi. Faqat, o‘z fuqarolaridan ikkita boyga kuchi yetmaganiga hech chidayolmasdi. Yo‘g‘on oyoqlaridagi zo‘r-zo‘r kavishlari bilan bezovta bo‘lib yer depsinardi.
Miryoqub bu holni ko‘rganidan keyin uni tinchitmoqchi bo‘ldi, mingboshiga juda tanish bo‘lgan kulimsirash bilan uning yoniga o‘tdi va dushman eshitsa ishonadigan bir ovoz bilan:
– Ularning adabini dehqonlarning o‘zlari berishadi! – dedi. So‘ngra mingboshining hayron bo‘lib o‘ziga tikilganini ko‘rgach, Qumariqda qurib kelgan dasisalarini so‘zlab berdi.
Uning so‘zidan anglashilardikim, Qumariqqa borgan vaqtida u yeriga suv yetmay alamzada bo‘lib yurgan oz yerli kambag‘allardan bilagi yo‘g‘on uch yigitni chaqirib, ularning yerlariga suv tegmaslikda mingboshining hech bir aybi yo‘qligini, hamma ayb Yodgor echki bilan Umarali puchuqda ekanini so‘zlagan. Yigitlar buning sababini so‘ragan vaqtida, Miryoqub ularni Sadaqayrag‘och degan joyga olib borib ekinlarni ko‘rsatgan. Chinakam, o‘sha joyda mingboshining bir shapaloqqina yeri bo‘lib, soya joyda qolib ketganligidan g‘o‘zalari uncha o‘smagan, ko‘p chigitlari chiqmay qolgan ekan. U yerning yon-veridagi ko‘p yerlar Umaraliboy bilan Yodgorxo‘jaga qarar ekan. Ularning yerlari mingboshining paynovidan suvni juda bemalol ichganlari uchun ekinning ko‘rinishi juda yaxshi bo‘lgan. Ana o‘sha ekinlarni yigitlarga ko‘rsatib turib, «mana, ko‘ring endi, kimning yeri ko‘p ichar ekan suvni!» degan. Shundayoq yigitlar mushtlarini tugumlab boylarning yerlari tomonga o‘qtalganlar, «hap siznimi!..» deganlar. Shundan keyin Miryoqub yigitlarni o‘tirishga da’vat qilib, ularga bir yashirin gap aytmoqchi bo‘lganini so‘zlagan. Ular yuraklariga talvasa tushib va lablari qaltirab uning og‘ziga tikilgach, sirni hech kimga aytmasliklari to‘g‘risida ulardan qattiq va’da olgan, undan keyin Umaraliboy bilan Yodgorxo‘ja tomonidan hokimga berilgan arizadan gap ochgan. Miryoqubning gapidan yigitlar anglaganlarkim, Umaraliboy bilan Yodgorxo‘ja yaqinda hokim to‘raga ariza berganlar va u arizada o‘z yerlarining necha yildan beri suvsiz qolayotganini, Qumariqdagi suvning faqat mingboshiga qarashli yerlar bilan boshqa ba’zi birovlarning yerlarini sug‘organini, bularning yerlariga hech bir suv oshmaganini yozganlar… Bu gapni eshitgandan so‘ng yigitlarning biri irg‘ib o‘rnidan turgan va mushtini tugumlagani holda «o‘zim tutib olib uraman zang‘arlarni!..» deya o‘shqirgan… So‘ngra Miryoqub turib bunday degan: «Mingboshi dodxo bo‘shagan suvning siz tomonga oqishiga qarshi emas. Lekin o‘sha ikkoviga o‘chakishib, pastga suv bergisi kelmaydi, «o‘shalarning yeri ichadigan bo‘lsa, hammaniki qurib ketgani yaxshi» deydi. Bari bir pastga suv berganimiz bilan sizga suv tegmaydi, hamma suvni ular ikkisi to‘sib oladi!» Bu so‘z yigitlarning yaralariga tuz-qalampir bo‘lib tushgan, ular uchalasi bir og‘izdan «mingboshi dodxo suvni pastga o‘tkaza bersin, ular bilan o‘zimiz gaplashamiz!» deganlar. Miryoqub ularning o‘z oldilarida mingboshining chorikorlarini chaqirib, bo‘shalgan suvni pastga o‘tkazmoqqa buyruq bergan.
Mingboshi Miryoqubning bu arzini ertak tinglagan yosh boladay buyuk bir zavq va nash’a bilan tinglamoqda va erta-indin ikkala boyning boshiga tushadigan hangomalarni ko‘z oldiga keltirmoqda edi. Uning fikricha, o‘sgan bolaga eski kiyimi tor kelganday, Miryoqubga ham endi «epaqa» laqabi kamlik qilardi. Unga boshqa bir munosib laqab topish lozim kelardikim, unday laqabni endi bu qishloq odamlari topolmasdilar, buning uchun amir Navoiy yoki Mavlono Jomiy yo bo‘lmasa Shomashrabning tirilib kelishi darkor edi.
Mingboshi Qumariqda chovrilgan u g‘alati nayranglar va u nayranglarning ustasi to‘g‘risida shunday shirin o‘ylarga ketgan, Miryoqub esa mingboshining xursandlik va kayf bilan mast bo‘lgan yuzlariga tikilgan bir paytda ichkaridan bir tovoq to‘la manti chiqib, dasturxonning o‘rtasidan joy oldi. Miryoqub bu dargohda tez-tez ko‘rinib turadigan bu serqatiq, semiz va yog‘liq mantilarga qadrdon do‘stini ko‘rganday shirin bir kayf bilan tikildi, so‘ngra ko‘zlarini tovoqdan ko‘tarib, mingboshining yuzlariga qaragach, shu topda tovoqdagi manti bilan tovoqqa tomon egilgan yuz o‘rtasida hech qanday farq ko‘rmadi: ikkalasi ham shu qadar yog‘liq edi!
Mingboshining qo‘l yuvishni unutib, «oling-oling»ga qaramasdan, besh panjasini barobar botirib tovoqqa hujum boshlaganini ko‘rganidan keyin, Miryoqub irg‘ib o‘rnidan turdi-da, qo‘l chayqamoq uchun ariq tomonga yugurdi. Lekin mingboshi dodxoning ajdar kepatali ishtahasini bir oz to‘xtatmoq lozim edi, shu uchun Miryoqub uning aqlini o‘g‘irlamoq maqsadida qichiq masaladan gap ochdi:
– To‘yni nima qildik, xo‘jayin? – dedi u qo‘lini chayqab turib.
Mingboshi boshini tovoqdan ko‘tarmay, og‘zida bir manti, qo‘lida ikkinchi manti bilan shoshilib javob qildi:
– O‘zing bilasan! Men qaydan bilay!
Miryoqub mingboshining bu javobidan shu topda uning mantidan boshqa hech bir masala bilan mashg‘ul bo‘lolmasligini angladi. Chinakam, u qo‘lini chayqab dasturxon boshiga kelganida, tovoq yarimlay degan edi. Shu uchun ular ikkalasi ham bir ozgina jim qolishni ep ko‘rdilar. Ayniqsa, mingboshi og‘ziga paxta tiqqan kabi jiddiy sukutga tolmishdi…
Tovoqning u yer-bu yerida uch-to‘rtta qatiqsiz manti qolgach, mingboshi dodxo tovoqdan boshini ko‘tardi. Faqat ikki ko‘zi va ham qo‘lining mo‘ljali tovoqda edi.
– Ha, xo‘jayin, – dedi Miryoqub, – bo‘ldingizmi?
– Bo‘ldim hisob! Qani, ol sen ham! – dedi mingboshi va o‘z oldidagi yolg‘iz mantiga qo‘l uzatdi… Ungacha Miryoqub ham o‘z tomonidagi mantilarni bir joyga to‘plab olgan edi!
Tovoq bo‘shalib o‘rtadan ko‘tarildi, uning o‘rniga katta choynakda choy keldi. Shundan keyingina mingboshining gap-so‘zga ko‘chmak istagani ma’lum bo‘ldi.
– Qani, qizdan gapir endi, betavfiq! – dedi u. – Otasi nima depti?
– Siz ilgari qizning o‘zidan gapirib bering. Qalay, ovozi ma’qul bo‘ldimi?
– So‘rab nima qilasan? Senga butun avliyo-anbiyolarni shafe keltirib aytamanki, o‘sha qiz menga nasib bo‘lsa, undan keyin xotin olishni bas qilaman!
– Hech kimni shafe keltirmay tura turing hali. Keyingi ikkitasini olgan vaqtingizda ham, har safar, «bas endi! Shu – oxirgisi!» derdingiz. Bo‘lmaydigan va’dalarni til uchiga keltirmang, ichkarida tura tursin… Vaqti kelganda, va’da bermasdan ham bittaga tayanib qolsangiz bo‘laveradi…
– Ishonmaganingni qara, benamoz! Men astoydil gapirayotirman. Xudo bitta, so‘z bitta!
– Ho‘x-ho‘!.. Hali shu darajaga borib qoldingizmi? Bo‘lgan ekan!
– Nimasini aytasan. U kelsa, uchovidan ham kechmakchiman. Uchoviga qayrilib qaramay deyman… bor-yo‘g‘imni o‘shanga beray deyman…
– Sizga nima bo‘ldi, xo‘jayin? Aqlingiz joyidami? Yo yo‘qmi?
Mingboshining ko‘zlarida allaqanday bir iztirob bor edi. Uning og‘zidan chiqqan so‘zlar tildagina aytiladigan so‘zlarga o‘xshamasidi. Miryoqub butun umrida ko‘rilmagan bu hol qarshisida shoshib qoldi. Yana bir necha marta boshini elab «ho‘x-ho‘, ho‘x-ho‘» deya takror qildi.
Oraga jimlik cho‘kdi. Faqat, Miryoqubning chuqur o‘yga ketib, torta-torta choy ichgani eshitilardi. Mingboshi qo‘lidagi choyni hech bir luzumsiz aylantirib sovutmoq bilan ovora edi.
– Ho‘x-ho‘! – dedi yana Miryoqub. – Otasi qurg‘ur yaqin kelmaydi-ku.
– A? – dedi mingboshi. Choyni yerga qo‘yib butun vujudi bilan Miryoqubga tikildi.
– So‘fisi qurg‘ur yomon taqvodor ekan, xo‘jayin.
– Nima depti?
– Ayta beraymi?
Mingboshi qichqirdi:
– Aytmay nima qilasan! Yashirarmiding?
– Umrida peshonasi sajda ko‘rmagan odamga qiz beramanmi? – depti…
Mingboshi negadir qahqaha solib kuldi:
– Toza avliyo ekan-ku, – dedi. – Benamozga qiz bermas ekanmi? O, avliyosi tushkur-e!
– Undan keyin, betavfiq, buzuq yuradigan depti…
Mingboshi yana qahqaha soldi:
– Sen bilan yurib shunday bo‘ldim, betavfiq! Epla endi o‘zing. Men bir ish qilib olaman qizni! Menga bermay kimga beradi?
Shu choqqacha zo‘r berib allanarsalarni o‘ylamoqda bo‘lgan Miryoqub yon cho‘ntagidan soatini olib qaradi:
– Ho‘x-ho‘, – dedi, – o‘n ikkiga yaqinlashib qolibdi. Men ketdim, xo‘jayin.
O‘rnidan turdi.
– Shoshma, – dedi mingboshi, u ham o‘rnidan turgan edi. – Maslahat nima bo‘ldi? Otasi bermaydi deb keta beramanmi?
Miryoqub kavushini kiyib, sallasini boshiga qo‘ndirgach, mingboshiga yaqinlashdi.
– Xotirjam bo‘ling, xo‘jayin! – dedi. Ovozida jiddiylik, keskinlik va o‘ziga ishonch to‘lib yotardi. – Otasini unatamiz, qiz sizniki bo‘ladi. Men o‘zim bajaraman bu ishni.
Mingboshi uning orqasiga bir-ikki marta urib qo‘yib:
– Senga ishonaman, senga, yo‘lvarsim, yo‘lvarsim! – dedi.
Mingboshi kechaning chuqur jimligida kattakon kavushini taraqlatib, esnay-esnay ichkariga kirib borarkan, Miryoqub Mirzaboboni yoniga olib darvoza darchasidan ko‘chaga chiqqan va qishloq itlarining to‘palon vov-vovlari o‘rtasida keta turib johil so‘fining qaysarligini sindirish uchun turli-tuman tadbirlar axtarardi…