Zamona xotini/To’rtinchi parda

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Zamona xotini  (1928) 
by Abdulhamid Choʻlpon

TO’RTINCHI PARDA

(Ikki ko’rmnishda)

ARALASHUVCHILAR:

  1. AZIMJON qimorboz.
  2. TUXTASIN bo’rdoq. Uning o’g’li.
  3. ZOKIRJON.
  4. RUSTAM aka.
  5. I va II – xotinlar, shaharlik buzuqlar.
  6. Xizmatkor bola.
  7. Sodda dehqon. O’rta yashar, arzga kelgan.
  8. Yosh yigit. Deqqon bola, ish bilan kelgan.
  9. MIRZA. G’ani Sobir o’g’li.
  10. RAHIMA xola.
  11. MATXOLIK boy, novcha, aqmoq, buzuq odam.
  12. RUSTAM aka.
  13. Militsioner yigit.
  14. ADHAMJON.


TO’RTINCHI PARDA

BIRINCHI KO’RINISH

“Alamzadalar”…

Azimjon akaning tashqarisi. Sahn. Katta supa. Yonida mo’miqqa o’tqizilgan chiroq, supa ustiga ko’rpa-to’shak solingan, bolishlar ko’yilg’on. Dasturxonda turli yemaklar… Kechasi xuptondan kechrak. Supada Azimjon bilan o’g’li To’xtasin o’tiradilar. Yosh bir yigit choy quyib o’tiradi.

Majlis: 1

Azimjon, To’xtasin, bola

TO’XTASIN. Ayb o’zingizda, ota, ayb o’zingizda.

AZIMJON. Bekor aytibsan, xom kalla. Bekor…

TO’XTASIN. Hammani “xom kalla” deysiz, aslida o’zingiz xom kallasiz.

AZIMJON. Bay, bay, bay… Kishi o’z otasig’a ham shunaqa gap qiladimi, xom kalla?

TO’XTASIN, Rustam akaning qizi endi qo’ldan chiqdi. Munga kim sabab bo’ldi?..

AZIMJON. Zamon sabab bo’ldi, xom kalla, zamon! Zamonaning oxiri sabab bo’ldi…

TO’XTASIN. Bekor aytibsiz, o’zingiz sabab bo’ldingiz! O’zingiz!..

AZIMJON (achchig’lanib) Hay, xom kalla! Nimaga men sabab bo’laman?..

TO’XTASIN. Siz uxladingiz! Harakat qilmadingiz! Rustam akani ko’rsatishlariga ishondingiz!.. Siz!..

AZIMJON. Astag’firulloh!.. Bu nima do’q, oh xom kalla?! Kimga do’q?! (Tiz cho’nib qarshisig’z o’tiradi).

TO’XTASIN. Senga!.. Senga do’q!! Senga!.. (Bu ham tiz cho’kib qarshisig’a o’tiradi).

AZIMJON. Hay bola, menga o’shqurmag’il. Mening odatim yomon! Bir urib og’darib qo’yaman men!… Ha!

TO’XTASIN. Kim ag’daradi? Senmi? Menmi? Otam bo’lsang ham sendan qo’rqa- turg’on odam yo’q!..

AZIMJON. Astag’firullox!… Hay, hay deyman! (Yoqasidan silkiydi) O’sha buzuqni sen haromiga olib beraman, deb qo’limdan kelganini qildim-ku! Yana nima deysan?

TO’XTASIN. Uni menga olib beraman, deb sira harakat qilg’oningiz yo’q! Yurtning amaldori Rustamboyg’a quda bo’laman, deb harakat qildingiz! Bilaman! Mana, ol endi, katta amaldor bilan quda bo’ldingiz! Erta-indin “islahat” degani kelar emish, qutqarib olsin o’sha Rustam boying!.. Yerlaringni batraklarg’a bo’lib-bo’lib bersa ko’rarsan Rustam akangni! Ko’rarsan Zokirjoningni! Mushtingga ishongansan, sen ahmoq!..

AZIMJON. Hay, menga qara! “Islohat” kelib yer bo’lsa, mening yerimni bo’ladimi? Sening yering yo’qmi? Mening yerlarim seniki emasmi?.. Xom kalla!

TO’XTASIN. Menga yer kerak emas, olaber yeringni!

AZIMJON. Ha, senga yer kerak emas! Senga ming kishidan qolg’on sassiq bir buzuq xotin kerak! Muvollimning qo’ynida yotaberib sasib jiyib ketgan SHarofatni olib bersam bo’larmidi? Ey barakalla, xom kalla!… Bor, senday o’g’lim yo’q! Endi yerlarimni bodroq oladimi. talqon yeladili-olabersin! G’amim qolmadi! Sen xom kallaga yer kerak bo’lmasa, menga ham kerak emas! Men qimordan cho’tal olsam ham kunimni ko’rib ketaman!

TO’XTASIN. Men ham bir ish qilib kun ko’rib ketarman!

AZIMJON. Sen hech qaerdan kun ko’rolmaysan! Sen ochqa o’lasan, xom kalla!

TO’XTASIN. Nimaga? Nimaga ekan?

AZIMJON. Sen hech bir ishga yaramaysan! Mana shu supaga chiqishqa hansirab qolasan-u, ish qilish osonmi? (SHarpa) Tur o’rningdan, Rustam akamlar kelishdi.

TO’XTASIN. Ey, o’sha Rustam aka deganingni ham vujudiga urib qo’yay!.. (Turib hansirab chiqadi).

AZIMJON. O’zingni urib qo’yishmasin, xom kalla. Ehtiyot bo’l! (Bolag’a) Tur, joylarni tuzat (O’zi tushib ketadi, bola tuzata boshlaydi).

BOLA. SHu ham ota-bola bo’ldimi endi? Tavba… Ikovining og’zidan ham it kirib, mushuk chiqadi-ya! U semizi arazlab ketdi, endi… Tavba! Ho’kuzday gavdasi bilan xuddi yosh bolag’a o’xshaydi…

(Azimjon bilan Zokirjon gallashib kiradilar).


Majlis: 2

Azimjon, Zokirjon, bola

ZOKIRJON. Qo’ying, Rustam akangizni so’ramang, U yo bitta-yarimtani o’ldiradi, yo jinni bo’lib qoladi. Alamiga chiday olmasdan, kim ko’rinsa, so’kadi. Ilgari kuni bir-ikkita qishloq bolalarini so’kkan ekan, ular toza tutib olib urishibdi…

AZIMJON. Tek yursa bo’lmasmikan? Ko’cha-ko’yda “ayuxannos” tortib, so’kib yurishda nima foyda bor? Qo’lingdan kelsa, xilvatda tuzla! Xilvatta, ey xom kalla!..

ZOKIRJON. Endi xilvatning ham foydasi yo’q. Tuzlasa bittani tuzlar, ikkinchisini tuzlar… Qolg’onlari ishini qilib ketaveradi. Qaytag’a odam o’zingni nobud qilasan.

AZIMJON. SHoshma, Zokirjon! Aroq ichasanmi, bo’zami yo toza qimiz bor, undan ichasanmi?

ZOKIRJON. Aroq, bo’za degan narsalar odamni kayf qildiradi. Kayf bo’lg’onda bitta-yarimta nozanin bo’lmasa bo’lmaydi… Qimiz beravering… (Bola turib chiqadi).

AZIMJON. (o’ylab). Nozaninning ham maslahati topilib qoladi, xom kalla.

ZOKIRJON (sirli). Bormi?

AZIMJON. Birovnikida bittasi bor, yotibdi. Sen bir enlik xat yozsang, bolani yuborib ko’raman.

ZOKIRJON. Kimga?

AZIMJON. Yoz, ol qalamingni, Qurbonali hojiga yozasan, xom kalla. Unikida ikkita shaharlik tannoz uch kundan beri yotibdir…

ZOKIRJON (xursand), Qanday qilib? (Qalam, kog’oz oladi).

AZIMJON. SHaharda ularni qisg’ong’a o’xshaydi… Bu yerga chiqibdirlar… Qurbonali hojining ana bu Abdulhay degan xom kalla o’g’li, shaharlik, bir bazzoz bilan birga soyavon aravada olib chiqibdir…

ZOKIRJON. SHaharlik bazzoz bo’lsa, Abdulhay o’zi bo’lsa… Qanday qilib yozamiz?

AZIMJ0N. SHaharlik bazzoz kecha qaytib ketdi, xom kalla. Abdulhay o’zi chorbozarda, hojining o’zi qari odam, xursan qilolmay yotibdir… Yozayotibsanmi? SHoshma! O’z otingdan yozma, muvollimning otidan yoz (Yaxshi bo’ladi, xom kala! Muvollim hozir amaldor, “jon” deb yuboradi.

ZOKIRJON. Bu yaxshi fikrku-ya, lekin muallimning xatig’a o’xshata olarmikanman? SHoshmang! (yonidan bir xat oladi) SHoshmang, shoshmang! Qani ko’raylik (Yoza boshlaydi). “Hurmatli Qurbonali boyg’a. Salom… Ijraqum rayosat a’zosi muallim Abdilahad jondan yetib ma’lum bo’lsinkim, havlingizdagi shaharlik mehmonlarni mana shu xatni olib borg’an boladan jo’natib yuborg’aysiz. Aks holda javobgar bo’lasiz, deb Abdilahad qo’lim qo’ydim”. Bo’ldi, mang! Originalniy bo’ldi! Muallimning xatig’a ancha o’xshadi. U chol muni bilmaydi.

AZIMJON. Ketidan g’alati tomoshalar ham chiqadi, xom kalla! Bu xatni hojidan qaytarib olib, gazetga yuborasan! Oladimi?

ZOKIRJON. Oladimi-ya? Oldirish kerak. SHunaqa ishlardan 4-5 ta bo’lsa, yana bir komissiya yana, bir saylov-da…

AZIMJON. (bolaga). .Ha, anavi katta havli bilan o’tib Qurbonali hojig’a mana bu xatni ber. Mehmonlarini senga qo’shadi, yetalab kelasan, xom kalla! Tuzukmi? Havlidan olib o’t! “Kimlar chaqirdi?” deb so’rasa, “yurtning ulug’lari” degin… Ishondingmi, xom kalla?


Majlis: 3

Azimjon, Zokirjon

AZIMJON. Ish sara bo’ldi, xom kalla. Aroqni olib chiqa beraymi?

ZOKIRJON. Bo’ladi. SHoshmang, bitta-yarimta qimiz ichib turay… Xo’jayin kelsin. Haligilar ham kelishsin,

AZIMJON. U Rustam xom kallang keladimi? Yo’qmi?

ZOKIRJON. Albatta keladi. U guzarda qolib edi.

AZIMJON. SHu Rustaming, xom kalla, o’zini bekordan-bekorga urintiradi. Amaldan tushgan bo’lsa, hali-hozir yerlarini ekdirib yeb yotibdimi? Xudoga shukr 1-2 yuz tanob yeri bor. Qo’sh ho’kizlari bor. CHorakorlari bor (Qimiz beradi).

ZOKIRJON. Unaqa behuda so’kishlaring o’rnig’a shu kundan harakat qilib, o’sha chorakorlarning ko’nglini olmoq lozim edi. Yer o’shalarga qolsa ham xo’jayin to’q yurardi. (Qimiz ichadi).

AZIMJON. Ha, albatta (SHarpa). Birov keldi (qarab) Rustamning o’zi… (Turib chiqadi. Bir ozdan so’ng Rustam bilan kiradi). Ha, Zokirjon ham shu yerda, seni kutib o’tiribdir, xom kalla!


Majlis: 4

Azimjon, Rustam, Zokirjon

ZOKIRJON (o’rnidan turib). Ha, xo’jayin. Keldingizmi? (Rustam jim) Qani, bu yoqqa o’tiring! (Rustam jim, bir chekkaga o’tiradi) Xo’jayin, bu yoqqa o’tiring!

RUSTAM. O’tiraber.

AZIMJON. Ko’p g’am torta berma, Rustam. O’t bu yoqqa, to’rga (Rustam jim) Bu nima qilganing, xom kalla!

ZOKIRJON. (Azimjonni imlab chaqiradi). Tez aroqni olib chiqing, ana ular kelguncha xo’jayinni tayyor qilmasaq bo’lmaydi. SHunday o’tirib olsa, bazm buziladi (Azimjon tezda ketadi) Xo’jayin! Yuqoriroq o’tiring. O’zingizni “ha” deb urintiraberishingizdan nima foyda chiqadi? Dunyoning ishi shu-da.

RUSTAM. Ey, dunyongizning yetib borg’on joyig’a!.. Dunyo emish! Olaber dunyo kerak bo’lsa! (Azimjon indamasdan kirib, aroqni Zokirjonga beradi).

ZOKIRJON. Xo’jayin, mana muni iching. Ko’nglingiz ochiladi.

RUSTAM. (biroz olmay turadi-da, so’ngra birdan oladi) Mayli, ber, hozir mundan boshqa do’stim qolmadi… (Ichadi) Yana ber! Beraver endi (Bir-bir ketin 3-4 piyolani ichadi) Uf! … Yeydig’on narsang bormi, hoy xunpar! (Azimjonga)

AZIMJON. Nima xohlaysan, Rustam?

RUSTAM. (Dasturxon yonig’a cho’ziladi). Olib kelaber topg’aningni, Zokir! Ko’zidan! Nima xohlag’animni bilasanmi?

ZOKIRJON. Bilaman, ho’jayin!

RUSTAM. Aroq topgan xunpar narigisini ham topadi-da (Birdan qattig’) Yo’qmi?

ZOKIRJON. Unisini uy egasi biladi-da, xo’jayin!

RUSTAM. O’chir chirog’ni! Eyg xunparlar, deyman!

AZIMJON. CHirog’ yoqilg’on emas, Rustam!

RUSTAM. Nimaga bo’lmasa, o’zing ichmaysan?

AZIMJON. Men ham ichayotibman, xom kalla!

RUSTAM. Zokir! Agar shu kechag’a ov topg’on kishi narigisini ham topmasa, o’zining ichkarisidan bittasini sudrab chiqamiz!

AZIMJON. (bir olayib oladi) Ha, bo’libdir! Rahimani olib kelamiz!

RUSTAM. (musht bilan Zokirjonni uradi kattig’). Gapirma uni!.. O’ldirib tashlayman!… Uv!.. Ber oqidan! Oqidan ber!..

AZIMJON. (mast bo’la boshlaydi). Endi so’z… endi… so’z…

ZOKIRJON. (mast). Endi so’z… Ijroqum hisobini… hisobini tinglamoq uchun… dokladchik… starshiy aksakal… podumaeshь!… Rustamboy Dostonboy o’g’lig’a… Doston tovarish, vinovat, vinovat t.e. Baev gapiroladi…, nu govori Rostanbaev… Hisob… Hisob…

RUSTAM. Hisobingning otasining arvoyiga…

(Ko’shiq)

Quchog’ingga kirmay dod deysan,

Do’lanam, shoxim hoy-hoy!..

Hoy, hoy, hoy…

Quchog’ingda… SHarofat… dod, voy!..


RUSTAM. (patnisga mushti bilan urib baqiradi, Qani SHarofat!.. SHarofat!.. Pichog’imni ber!.. Ber pichog’imni;.. (Yonidan pichog’ini oladi) SHarofat!.. SHarofat!..

ZOKIRJOK. O… SHarofat! Muvollimning quchog’ida… SHarofat, milыy moy SHarofat!..

RUSTAM. (pichoq bilan boshig’a uradi). Mana SHarofat! Mana!.. Ol!.. (Bola bilan ikki paranjili xotin kirib keladi)




Majlis: 5

Burungilari, ikki xotin, bola


BOLA. (kirib). Mana, mehmonlar kelishdi! (Jim)

I –XOTIN. (kirib). Voy o’la qolay!

II-XOTIN. (kirib). Voy, bu nimasi! Men bu yerda turolmaymai, ketaman!

I-XOTIN. SHoshma! Nimadan qo’rqding? Mas odamlar! Nimasidan qo’rqasan?.

II-XOTIN. Pichog’ini qara! Bolishni teshib ketibdir.

I-XOTIN. Bo’lsa bo’lar. Unaqa ishlarni kam ko’rganmizmi! Bolishg’a botg’on pichoq odamga botmaydi. SHoshma, u pichoqni olib berkitib qo’yamiz! Hali, bola, bor pichog’ni olib berkitib qo’y! (Bola borib oladi).

AZIMJON. Kimsan?

BOLA. Men mehmonlarni olib keldim (pastga tushib pichog’ni yerga tashlaydi).

AZIMJON. Mehmonlar? (Qaraydi) Kelinglar! (Rustamlarga) Tur, hoy, Rustam! Turing, Zokirjon! Tur, hoy xom kallalar! Mehmon keldi!

RUSTAM. (boshini ko’tarib). Mehmon! Qani?

ZOKIRJON. (o’rnidan turib indamasdan mehmonlarg’a qarab boradi). Assalom aleykum! (Egilib salom qiladi. Xotinlar kuladilar. To ularning yonig’a borguncha o’ndan ko’p-ta’zim bilan salom qiladi). Keling, oyimlar! Hush kelibsiz! Ko’zingizdan akangiz, hammangizning!.. Qani yuring! (Etalab olib chiqib, 1-xotinni Rustam akaning yonig’a o’tqazadi). O’tiring, ko’zidan! Bu kishi bizning xo’jayinimiz… Katta amaldor… (Ikkinchisini o’z oldig’a o’tirg’izadi). Siz, ko’zlaridan… men bilan o’tirasiz. Kayf qilamiz! Bazm qilamiz! Ishrat!.. Azimjon! Sen xizmat qil! Olib chiq kabobingni! Bo’l! (Azimjon hayron, qotib turadi, bola chiqadi) Bor, dedim!.. (Sekin tusha boshlaydi) Tez bo’l!..

AZIMJON. Bola, ho bola! Qaerdasan? Bola, bola!..

RUSTAM. Hoy, kim bor?.. Ko’nglim o’rtanadi!..

Quchog’ingga kirmay turib dod deysan (ey yor-yorlarim)

Quchog’imni ochib qo’ydim, kelsang-chi (ey yor-yorlarim)

I-XOTIN. Voy, bu nimasi, darrovla-ya? Qo’ying!.. Qo’yib yuboring!

RUSTAM. Kimsan? (Qarab) Kim? Kim bu? Rahima?… yo’q… Boshqa! (Mahkam quchoqlaydi).

I-XOTIN. SHoshmang! SHoshmang deyman! Tanishaylik… Biroz gaplashaylik… Nima bu birdaniga osilish?

RUSTAM. (o’pib yuborib dastarxondan bir narsa oladi-da yendi… Yana bir narsa olib xoting’a beradi) Mang… Men Rustam Dostonboev… Men selьispolkom. Bildingizmi? Mana, tanishdik… Siz kimsiz?

I-XOTIN. Men mehmonman.

RUSTAM, Qaerlik mehmon?

I-XOTIN. SHaharlik.

RUSTAM. SHaharlik? O!.. Aylanib ketay shaharlik bo’lsangiz! SHaharlikka qurbon bo’lsin qishloqi-ey… (Yor-yorlarim)

(Elkasiga qo’lini tashlaydi) Ayting! Ayting! (Bu orada Zokirjon ikkinchi xotinga 1-2 piyola ichirgan bo’ladi).

II -xotin (qo’lidag’i piyolani 1-ichiga uzatib). Ma, manavuni ich!

I-XOTIN. Sen o’zing ichdingmi?

II-XOTIN. Men uchtani ichdim…

I-XOTIN (olib ichadi). Quy bo’lmasa, menga ham! (Yana ikkitani ichadi) Quy, sendan qolsam jalab bo’lay… (Yana birini ichadi.)

II-XOTIN (bir piyola mayni o’rnidan turib kelib, Rustam akaga tutadi). Qani, taqsir, ichsinlar!

RUSTAM (unga qarab). Qaydan! Kimsiz o’zingiz?

II-XOTIN. Mehmon!

RUSTAM. Mehmon! Buningiz ham mehmon! Siz ham mehmon! SHoshmang! (Dam unga, dam bunga qaraydi-da, mayni tez olib ichadi. So’ngra piyolani yerga tashlab, ikkinchiga osiladi. Uni yorga yotqizadi. Zokirjon irg’ib o’rnidan turadi-da, Rustam akaga osiladi, kuchi yetmaydi, birinchi xotin bilan birga tortib turg’izadi. So’ngra ikkinchini o’zi bilan bir cheknaga ketadi. Rustam o’rnidan turib, tez boradi-da, Zokirjoini bir tepib, supadan ag’daradi, so’ngra o’zi ikkinchi xoting’a yopishadi. Zokirjon ungacha turib kelib, Rustam akaga yopishadi. Rustam uni mahkam kuchoqlab yerga yotqizadi, so’ngra tizzalarini uning ko’ksiga qo’yib turib, Zokirjonni bug’adi. Zokirjon “hiq-hiq” qilib tipirchilanib, titrab-qimirlab tek bo’ladi. Xotinlar bir chekada qo’rqib turadilar. Rustam ak o’rnidan turadi-da, sekin xotinlarg’a qarab yura boshlaydi. Xotinlar zinadan yugirib tushib qochadilar. Rustam aka quvalamoq uchun zinadan yugurib tushmakchi-da, “gurs” etib pastga yiqiladi. Sahna shu bo’yicha biroz bo’sh qoladi. Birozdan so’ng ichkaridan “dod” ovozlari chiqadi. So’kishlar, baqirg’on tovushlar eshitiladi. So’ngra oyoq sharpasi kelib, sahnaga yugurganicha Azimjon aka kelib chikadi, uning yaktaklari yirtilg’on, baьzi joylari qon, Orkasidan ko’lida pichoq, xalloslab To’xtasin chikadi-da, zinaning yonida Azimjon akaga pichoq soladi. U ham gursippab yiqiladi. Bir chekkadan haligi II-xotinning boshi ko’rinadi. To’xtasin ularga qarab qo’rqinch kepatada tikilib koladi).



(Parda tushadi).


TO’RTINCHI PARDA

IKKINCHI KO’RINISH

SO’NGGI UCHRASHISH

Jamoa ijroqo’mining binosi. Eski mehmonxona mahkamaga aylantirilgan. Duvolda rahbarlarning suratlari. Turli plakatlar, ba’zilari ko’chib ketib osilib qolg’on… Duvolg’a suyalgan bir bayroq ham turibdi. Bir burchakda bir bog’ “isiriq” ham bor… Bir ustol raisga, bir ustol mirzaga. Ikkalasi ham g’oyat sodda ustollar. Ustollar orasida bittadan “tabarat”, bir yoqda kelganlar uchun ikkita uzun “yog’och esha”.

Rais ustoli ustiga-duvolg’a xunuk va qo’pol xat bilan “jamoat ijroqum raisining joylaridur”, mirza ustoli ustiga esa “jamoat ijroqum sarkotib joylaridur” deb lavhalar osilg’on… Bir necha har xil shiorlar ham bor. Uyda ikki erkak o’turadi: biri o’rta yoshlar bir dehqon, maxsichan, yana biri yosh bir yigit, arzga kelganlar.


Majlis: 1.

Arzga kelgan ikki dehqon.

DEHQON. Bolam, bu mahkamaniig mirzasi qaerg’a ketdi?

YIGIT. SHu yerda, bir ish bilan guzar tomong’a ketdi. “Siz o’tirib turing. Hozir kelaman”, deb chiqib ketdi. Kelib qoladi.

DEHQON. Sen qachon kelib eding, bolam?

YIGIT. Men ham sizdan ozg’ina burun kelganman.

DEHQON. Hali, 2-3 kun yotarmiz, bolam?

IIGIT. Nimaga?

DEHQON. Utgan yil bu mahkamaga bir ishim tushib edi. Uch kun kutib yotg’onman…

YIGIT. R os, o’tgan yil shunday edi, endi tuzalib qolg’on bo’lar. Yangilar uncha kuttir- maydilar.

DEHQON. Unday bo’lsa, durust. Biz kambag’al odam. Ekin-tikinimiz bor. Tez-tez xabar olib turmasak bo’lmaydi. (Mirza kiradi. Yigit o’tira beradi Dehqon o’rnidan turib salom beradi).

Majlis: 2

Mirza, yigit

MIRZA (kulib). O’tiring, tog’a. Bu zamonda undaqa o’rnidan turish yo’q. Hamma baravar (Dehkon u yoq-bu yoqqa yilanlab qarab, bu nima degani? “Rostmi” deganday qilib yigitga qarab, so’ngra yigitni o’tirg’anini ko’rgach, sekin o’tiradi). Xo’sh, qaysi biringiz avval kelgansiz?


YIGIT. Men.

MIRZA. Ha, ros. Sen avval kelib eding. Yaqin kel bo’lmasa (Yigitga biroz karab turg’och) To’xta, o’rtoq. Sen-ku yoshsan. Avval mana bu tog’amni jo’natib yubormasam bo’lmaydi.

YIGIT. (bo’shang). Bo’ladi.

MIRZA. Ha, shunday bo’lsin, o’rtoq. Qani, tog’a, berirak keling.

YIGIT. Men chiqib, tashqarida suv-puv ichib tursam bo’ladimi?

MIRZA. Albatta bo’ladi. Men o’zim chaqiraman (Sekin chiqadi).


Majlis: 3.

Mirza, dehqon.

MIRZA. Qani, tog’a, bu yoqqa keling!

DEHQON. (sekin o’rnidan turadi). Xo’p, taqsir.

MIRZA. Taqsir demay gapirabering. Taqsir zamoni o’tib ketdi.

DEHQON. Nima deyin bo’lmasa, bolam!

MIRZA. Mirza deyavering, mirza.

DEHQON. Xo’p, eshoni mirza, xo’p.

MIRZA. Eshoni nimaga kerak, eshon? To’g’ri “mirza” deya bersangiz bo’lmaydimi!

DEHQON. Xo’p, mulla, xo’p… Endi biz o’rg’onib qolg’onmiz-da.

MIRZA Xo’sh, nimaga keldingiz

DEHQON. Jindak arzim bor edi.

MIRZA. Xo’sh, qani, nima to’g’risida?

DEHQON. Zaifam bilan jindak janjalimiz bor edi. Hayr siz bor ekansiz, bu eshoni aminning o’zlarimikan, deb qo’rqib kelib edim…

MIRZA. Nimaga u kishidan qo’rqasiz?

DEHQON. Eshoni amindan…

MIRZA. To’g’ri “Rais” deb gapirsangiz-chi! Aminlar zamoni o’tib ketdi…

DEHQON. Xo’p, xo’p eshoni raisdan qo’rkqanimizning sababi shuki, endi u kishi ham qanday bo’lg’onda ham ayol emaslarmi, ayollarning tarafini tutib ketarlarmikan deyman-da.., O’zimiz kambag’al bebuzat odammiz. U kishini xursan ham qilolmaymiz. (Sekin). Ozg’ina bir narsa topib kelib edim, u kishining o’zlariga bersemmi, yo sizga bersam siz berib qo’yasizmi? (U yoq-bu yoqka qarab yana ham sekin). Yo… o’zingiz olib to’g’rilab bera qolasizmi?

MIRZA. (qah-qahlab kuladi, dehqon qo’rqib ketadi). Voy bechora sodda odamlar-ey… Pora qonlaringizgacha singishib ketgan-da… Xayr, mayli, nima qilayliq, asta-sekin kurashib borib yo’qatamiz-da, ayb sizda emas!

DEHQON. (avval hayron, qo’rqib turg’on edi, so’ng so’zda sevinadi), Ha, taqsir, bizda ayb yo’q. Ayb xotinlarda!

MIRZA. Yo’q, tog’a, men uni aytganim yo’q. Arzingiz xotin janjali bo’lsa, uni raisning o’ziga aytasiz. Birozdan keyin u ham kelib qoladi. O’tirib turing…

DEHQON. O’zingiz to’g’rilab bersangiz yaxshi bo’lar edi, mening ko’nglim asti ishonmaydi…

MIRZA. Nimaga ishonmaydi? Bizning rayisimiz shunday xotinki, erkak-xotin, yosh-qarini sira ajratmaydi, hammasini bir ko’radi.

DEHQON. Endi, ishqilib, u ham ayol-da… (Sekin borib burung’a joyig’a o’tiradi. Mirza borib tashqaridan yigitni chaqiradi). Qani, kel, o’rtoq!


Majlis: 4.

Yigit, dehqon, Mirza


YIGIT. (to’p-to’g’ri ustol yonig’a borib to’qtaydi, o’zini dadil tutadi). Menga “nikoh pata” kerak.

MIRZA. O’zinggami?

YIGIT. Ha, o’zimga.

MIRZA (uni xo’p qarab). Ha durust, o’ylasak bo’ladi. Qiz qaerda? Nega u kelmadi?

YIGIT. Necha marta keladi? U bu kun erta bilan kelib olib ketgan…

MIRZA. Bu kun erta bilan? Mening esimda yo’q. SHoshma, oti nimaydi?

YIGIT. Otini kim biladi, deysiz!

MIRZA. Nimaga bilmaysan?

YIGIT. Onam biladi uni… Odat shu-da!

MIRZA. Bu gaping ham ros. Bizning xalq tug’ilg’on yilini ham bilmaydi. SHoshma, daftarni qaray.

YIGIT (shoshib qoladi, so’ngra o’zini o’ylab). Menga qarang! Siz bu kun mahkamada yo’q bo’lib ham turdingizmi?

MIRZA. U nima deganingiz?

YIGIT. Ishni tashlab, boshqa biror joyg’a, jildingizmi deyman?

MIRZA. Ha, erta bilan yo’q edim. Raisning o’zi bor edi.

YIGIT. Ha, balli. Qiz o’shanda kelgan. Ruxsatni ham raisingizdan olib ketgan.

MIRZA (biroz o’ylab). Xayr, kelganda o’zi aytar. Otingiz nima?

YIGIT. Otim Matkarim hoji Madrayim o’g’li.

MIRZA. Hojimisan? SHunday yosh turib-a?

YIGIT (biroz qovshab oladi). Yo’q… Yoshlig’imda amakim bilan borg’onman…

MIRZA. yoshing?

YIGIT. 22.

MIRZA. (yozib turib). Qo’l qo’yishni bilasanmi! YIGIT, Yo’q.

MIRZA. Barmoq bosasan. Bir so’m ber.

YIGIT. Mana! (Beradi) Qaerg’a barmoq bosaman?

MIRZA. Mana bu yerga. (Bosadi), Mana, pattang. (Yigit chiqa boshlaydi). Xotiningga jabr qila ko’rma! SHo’ro hukumati unga yo’l qo’ymaydi!

YIGIT. (Juda sevingan, chiqa boshlandi). Albatta-albatta. (Qarshidan, Rahima xola kirib qoladi-da, yigitni to’xtatadi).


Majlis: 5.

Ular, Rahima xola


RAHIMA. (kirib keldi). to’xta. nima u ko’lingdag’i? (yigitning rangi o’chib ketadi chetadi).

YIGIT. (zo’rg’a). Nikoh pattasi…

RAHIMA. Qani, ko’ray-chi? (Zo’rg’a beradi). Nima? Matkarim hoji Madrayim o’g’li? 22 yashar? O’?

YIGIT. Men…

RAHIMA. Sen? Ha, o’g’ri, muttaham! O’tur! (Yigit qaltiroq boskon, o’tiradi. Mirzaga). Siz, yaxshi yigit, surishtirmay-netmay beraverasizmi?

MIRZA. Qizg’a o’zingiz beribsiz-ku?

RAHIMA. Qaysi qizg’a?

MIRZA. Muning olaturg’on qizig’a.

RAHIMA. Kim ekan muning olaturg’on qizi!

MIRZA. O’zingiz bilasiz.

RAHIMA. Men qaydan bilay? Yozib olg’on siz emasmisiz? Bu kun men hech kanday qizg’a “Nikoh patta” berganim yo’q. Bu – bir, undan keyin men sizning daftar ^ishingizga aralashmoqchi emasman, bu–ikki, uchinchi–bu muttaham, o’g’ri Matkarim hoji emas, bu–uch!

MIRZA. Nima deysiz? Bu kim bo’ldi, bo’lmasa?

RAHIMA. Bu–bir muttaham, o’g’ri! Sizni aldabdir. Ko’zingizni kattarak oching. So’rangchi qani mundan: olaturg’on qizining ismini aytarmikan?

MIRZA. So’radim, “Bilmayman, onam biladi”, dedi.

RAHIMA. Yolg’on! Agar aytsa, “siz” “Nikoh patta” bermas edingiz.

MIRZA (hayron). Nega? Nima gap o’zi bu?

RAHIMA. Qiz–o’zimizning Qumri. Yaqinda bizning Bo’tako’z bilan to’ylari bo’laturg’on…

MIRZA (bo’ladi). Ha, ha, bilaman! Bilaman!

RAHIMA. Qizning o’gay onasi uni o’zining amakisiga–Matkarim hoji degan xasis, baxil, 80 yashar cholg’a bermakchi edi. SHu niyatlariga yetmak uchun mana bu o’g’rini ishga solibdirlar. SHoshmang, men bu bolaning adabginasini beraman! Siz xotin-qizlarni tanimaysiz. Qizlarning ota-onalari boshqa qizni ham o’z qizlari qilib keltiraberadilar. SHu uchun mundan keyin hech kimga mening ruxsatimdan tashqari “Nikoh patta” bermang! (Hamma hayron).

YIGIT (yig’lamsirab). Rahima xola, menda ayb yo’q. Otam boshliq mahallaning hamma kattalari menga osilishib, unamag’animg’a ham qo’ymay yubordilar. Ellikboshi o’zi “Rahima xolaning yo’g’ida kirib mirzasidan qildirib ol”, dedi.

RAHIMA. Bilamiz. Bilamiz. (Mirzaga). Siz ellikboshining, o’sha mahalla kattalarining, bu muttahamning nomlarini yozib oling. O’zim to’g’rilayman. Tur, borib hammasini aytib ber! (Yigit darrov mirza yonig’a boradi, ular gallasha boshlaydi. Dehkong’a). Qani, tog’a, sizning nima ishingiz bor?

DEHQON. (qul qovushtirib, egilibran qarshisig’a keladi). Mening arzim, taksir…

RAHIMA. O’turib bemalol gapirabering. Undan keyin “taqsir”ni ham qo’shmang.

DEHQON. (zo’rga o’tiradi, kursiga o’rnasha olmaydi, Rahima xola gapirgan vaqtlari- da o’rnidan biroz-biroz turib oladi. U kulib qo’yadi). Taqsir…

RAHIMA. Yana “taqsir”mi?

DEHQON. Yo’q, taqsir… (Kuladi).

RAHIMA. Xayr, gapirabering.

DEHQON (yig’lag’onday bo’lib). Zaifam meni tashlab chiqib ketmakchi bo’ldi.

RAHIMA. Nimaga? (Bu vaqtda yigit ishni bitnazib chiqib ketadi. Mirza bularning gapini tinglay boshlaydi).


Majlis: 6

Dehqon, Mirza, Raqima


DEHKON. Bilmasam… Xotin kishining ko’nglini xudodan boshqa kim biladi, taqsir?

RAHIMA. SHunaqami? (Pauza). Ehtimol, urib-so’kkan bo’lsangiz, usti-boshig’a, ovqatig’a qaramagan bo’lsangiz, qizi bo’lsa, xohlamag’on odamg’a bermakchi bo’lsangiz…

DEHQON (Mirzaga) Eshoni mirza, aytmadimmi axir: ayol kishi ayolning tarafini ola beradi. Mana, gaplarini qarang! Ayolimni menga da’vo qildirmoqchi bo’ladi… O’zingiz to’g’rilab yuborganingizda yaxshi bo’lar edi…

MIRZA. Rayisning aytgan ishlarini siz kilg’onmisiz? Yo’qmi?

DEHQON. O’lay agar qilg’on bo’lsam…

MIRZA. Unday bo’lsa, rayisdan koyimasdan bo’lg’on gapni aytib bering.

DEHQON. Qanday aytaman? Men aytolmayman… (Boshini yerga egadi).

MIRZA. Bu kishi aytadiki, men deydi, xotinimg’a dedi, rayisning aytganlaridan hech bittasini qilg’onim yo’q, dedi. Qasam ichadi, qarg’anadi.

RAHIMA. SHunaqami, tog’a?

DEHQON. (zo’rg’a). SHunday, taqsir…

RAHIMA. Unday bo’lsa, xotiningiz nimaga chiqaman, deydi? O’zingiz nima deb o’ylaysiz?

MIRZA. Gumonim bor-u, taqsir… Qiniy-da… Kambag’alchilik… Islohatdan endi picha yer tegarmikan, deb turibman. Hali, juda kambag’alman, taqsir… Yaxshi yeb, yaxshiichib, boy bo’lg’on… o’shanda tegmakchi emish dedimi…

RAHIMA. Muni qaerdan bildingiz?

DEHKON. Endi. taqsir, qiyin-da… Xotin o’lgurning jindak husni bor… Boyroq odamlar ko’p xaridor bo’lib, yo’ldan ko’p urishadi. Xotin kishi-da, taqsir… Erning qadrig’a yetmasdan davlatga uchadi-ketadi.

RAHIMA. Bo’ldi, bo’ldi. Ellikboshingiz kim?

DEHQON. Mirzaga qaraydi. Aytaberaymi?

MIRZA. Qo’rqmang, aytabering.

DEHQON. Ana u Madrayim oqsoqolning o’g’li Qo’chqor… “Qo’chqor go’shna”, deyishadi…

RAHIMA. Ha… Go’shnami? Bilaman, bilaman.

MIRZA. Men ham bilaman, uzuqora odam.

RAHIMA (keskin). Bo’ldi! Borabering, yanagi shu bu kunga keling. Oqibatini aytaman. Xotiningizni chaqirtirib, o’zim gaplashaman. Albatta, to’g’rilaymiz, xotirjam bo’ling (Mirzaga). Siz bu kishining otini, joylarini yozib qoling. (O’zicha). Bizning xotinlar zamonni- tushunmaydilar, ularga tushuntirish lozim. (Qog’ozlarni axtarish bilan ovora. Mirza dehkondan ba’zi narsalarni so’rab yozib oladi). Mana bu tunov kungi ariza… Yana qaytib kelibdir, egasiga bildirish kerak. (Yozadi)… Bildirish… (Dehqon chika boshlaydi). Ketdingizmi, tog’a? Borabering, xotirjam. Agar xotiningiz sizni kambag’al deb chiqmoqchi bo’lsa, xato qiladi. Zamon–kambag’alniki! (Dehkon chiqadi).


Majlis: 7

Mirza, Rahima, so’ngra Matholikboy


RAHIMA. Bu odamning ishini o’zim to’g’rilayman. CHinakam kambag’al. Erni tashlab boyg’a tegmakchi bo’lg’on ahmoq xotinlar ham bor… Ular bilan, mana biz, xotinlar o’zimiz gaplashamiz!

MIRZA. Juda sodda odam ekan, bechora… Qarang, hech kimga ishonmaydi.

RAHIMA. SHuning uchun aytaman-da, muning gapida yolg’oni yo’q. (Eshikdan mo’ralab, lekin salomni “kir” bilan berib, Matholiqboy kiradi. Vaqgi chog’ ko’rinadi).

RAHIMA. Keling, boy!

MATHOLIQ. Keldik. Qalaysiz, eshoni amin? (Eshakka o’tiradi). Yurtni so’rab yotibsiz? Bolshovoyning haqig’a duoni quyuq qilib yotqondirsiz?

RAHIMA. Ha, ishimizni qilib yotibmiz. Bolshovoyni duo qilish, albatta, bizning ishimiz, sizning ishingiz emas. Siz qarg’aysiz, biz olqaymiz. Birorta arzlaringiz, gap-mapingiz bormi? yo… burung’i odatingizni qilib laqillashgani kirdingizmi?

MATHOLIQ. (o’rnidan turib boradi-da, Rahimaning ro’parasiga, yaqinig’a o’tiradi). Rahima, senga jindak gapim bor. (Sekin gapiradi. Mirza yozish bilan mashg’ul). O’zing ancha qarib qolsang ham ravnaqing joyida… (Rahima hayron, tinglaydi). Ancha yosh juvonlarni yarim yo’lda qo’yasan… Qalaysan? Zerikmay, xafa bo’lmay yuribsanmi? Biz taraflarga munday birpasli asir qilib, yo… shomlashib borib ham qelmaysan… (Rahima endi angladi, biroz kula boshlaydi). Xursandlik qilishardiq… Sen, mana bunday mansablarga yetding… Muning qadrini bilgil-da… Uncha-muncha ayshu ishratni ham aralashtirib turg’il-da… Ering yo’q… Yolg’izsan… Odamning rahmi keladi, axir… Bu Rustam noinsof seni ko’p qiynadi… Sen agar meniki bo’lsang bormi, he-he boshimg’a ko’tarar edim, boshimg’a… >

RAHIMA. (kuladi) Ish ko’p, Matholik aka… Vaqt yo’q… Bo’lmasa, ko’ngul o’lgur intiladi-ya…

MATHOLIQ (sevinib ketadi). Ha, albatta. Ko’ngil shunaqa uynaqi narsa bo’ladi… Uni “ha” deb siqib ushlashning ham ma’nisi yo’q… Munday bir…

RAHIMA (Mirzaga birdan) Siz eshikka chiqib jindak aylanib turing. Men o’zim chaqirib olaman! (Mirza kizik-qiziq qarab, sekingina “xo’p” deb chiqadi).

Majlis: 8

Matholiq, Rahima

MATHOLIQ. (juda hovliqqan). Umur degan narsa besh kunlik… O’tadi-ketadi. Ish deb o’zingni siqib o’ldirasanmi? (Yana yaqinlashadi).

RAHIMA. SHunda-yu… men ancha qarib qoldim… Erga tekkan qizim bor… Menga kim qarar edi, deysiz?

MATHOLIQ. Rahimaning bir qo’lidan ushlaydi, uning yana bir qo’lidan qamchi o’ynaydi. (Ie.. qiziq ekansiz, shamollashib menikiga kel, o’zim shunday xursand qilayki, sen hayron qol! Sen yoshsan, sen shunday bazm berasanki, o’sha ko’rnamak Rustam bilmaydi xolos). Tong otib, kun chiqquncha seni xursand qilib, yashartirib yuboraman…

RAHIMA. SHunday deng! Xo’p bo’libdir! Hali bu ataylab shuning uchun kelib edingizmi?

MATHOLIQ. Albatta… Bo’lmasam-chi?

RAHIMA. Ataylab-a?

MATHOLIQ. Ha, ataylab!

RAHIMA. Mana, bo’lmasa sizga! (Qamchi bilan savalay boshlaydi). Mana, mana!..

MATHOLIQ (bir necha kamchi yegach, irg’ib turadi-da, orkag’a chekiladi), Hay, hay! Rahima… Rahima! bu nima qilg’aning? Rahima!..

RAHIMA (so’ngra jiddiyrak olib, qamchini irg’itadi). Fosiq! SHu yoshg’a kirib ham to’g’ri odamlarni yo’ldan urg’oni uyalmaysiz! Tag’in har kun besh vaqt nomozdan qolmaysiz! Nomoz o’qimag’onlarni ayhannos tortib so’kasiz, yomonlaysiz! (Yaqin keladi, u qochadi). Atay shu niyat bilan kirib edingizmi? Agar ataylab shu ishga kelgan bo’lsangiz, deylik, men er qilg’im kelsa, o’zim bilib qilaman, bildingizmi? O’ynashmoqchi bo’lsam ham o’zim odamni topib o’ynashaman! Sizdaylarga hojat yo’q! Boring, yo’qoling! SHo’ro mahkamasi sizlarning vujudingizni ko’rmasin!..

MATHOLIQ. Boshqa ishim ham bor edi… U gaplarni men shunday seni xursand qilay deb aytgan edim,.. Kechir, Rahima, kechir…

RAHIMA (borib joyig’a o’tiradi). Ishingiz nimaydi? Ayting!

MATHOLIQ. Sag’irlarning 5-10 tanob yeri bor edi. SHuni komissiya chiqib xatlab yotibdir… U nima qilg’oni? SHuni so’rag’ali kelgan edim. Odamlar har gap qilishib yotibdilar… “Boylarning yerlarini olamiz”, deydilar… Biz-ku boy emasmiz-a… Sag’irlarning yerlariga osilarmikan, deb qo’rqaman…

RAHIMA. “Boylarning yerlarini olamiz!” deb kim aytibdir?

MATHOLIQ. Bodroq bolalar… Qo’shchi-mo’shchilar… Korondalar… CHorakorlar…

RAHIMA. Ularning gaplari ros! Mamlakatning egalari o’shalar, nima xohlasalar bo’ladi.

MATHOLIQ. Ularga qolsa, bizni ham tiriklay go’rga tiqishadi-ku!

RAHIMA. Yer kerak bo’lsa–er olishadi. Kambag’allarga yer kerak, otu mol, qo’sh-xo’kiz kerak, jon kerak emas, qo’rqmang! Undan keyin hamma ish tartib bilan, qonun bilan bo’ladi. Betartiblikka aslo yo’l qo’yilmaydi.

MATHOLIQ. Ha, shunday deng.

RAHIMA. SHunday. Boravering. Yurt ichiga ig’vo solako’rmang, bo’lmasa adabingizni berib qo’yamiz!

MATHOLIQ. Ie, yo’q-ey… (CHika boshlaydi). A, aytgancha, ering qaerda? Rustam aka?

RAHIMA. Uni sizlar bilasizlar?

MATHOLIQ. Biz qaerdan bilaylik? Nimaga undaqa deysan?

RAHIMA. Zokirjonni o’ldirgandan beri yo’q, hech qaerdan topib bo’lmaydi. Bilamiz, u har kim–har kimnikida qochib yuribdir…

MATHOLIQ. Qo’y-ey, beti kursin! Qonxo’r!..

RAHIMA. Bekor aytibsiz! Bilamiz xo’p! Yaxshi bilamiz! Sizday oshnolarinikida berkinib, qochib yuribdir. Xotirjam bo’ling, topmay qo’ymaymiz. SHo’ro mahkamasidan qochib kutilmaydi! Berkitib yurganlarni ham qora kursiga o’turg’izamiz! Bilib qo’yinglar! Boring!

MATHOLIQ. Qo’ying-ey, beti kursin! Xudo saqlasin, biz unaqa qora odamlarg’a yaqin ham kelmaymiz!

RAHIMA. Borabering! Biz o’zimiz yaxshi bilamiz! Sizlarning tilingiz qashqarlik oshpazning xamiriga o’xshaydi, – burala beradi har tomong’a! Ammo, ko’nglingiz tosh, metin… Boring! (Matholik indamasdan baqrayib qarab-qarab chiqadi. Eshikdan mirza kiradi).


Majlis: 9

Rahima, Mirza


MIRZA. Nima bo’ldi? Boyning lunji soliq…

RAHIMA. Nima bo’lar edi: qamchi yedi! Bilasizmi, hozir, shu vaqtda menga bachchabozlik qilg’ali kelibdir, Boshqa ishi yo’q. Keyin qamchidan bir nechtasini yegandan keyin Rustam to’g’risida so’raydi. Bular bahona. Bilaman. Xayr, qo’ying endi uni. Ishga kelaylik. O’turing, yozib oling! (Mirza o’tirib yozadi). Bugun Abdulahadjon keladi. Balki yo’ldadir. Men uni shu yerda kutib olaman. Siz hozir guzarga chiqing-da, birovg’a tayinlang: Abdulahadjon kelsa, to’g’ri shu yerga yuborsin. U kelgandan darrov majlis qilib, islohat to’g’risida uning markazdan olib kelgan gaplarini eshitaylik. So’ngra shunga qarab ish qilamiz. (O’ylaydi). Yo’q, qo’ying. Bu kun dam olsin, charchab keladi. Ertaga erta bilan qilamiz

MIRZA. (yozadi). Xo’p. Hammasi bo’ladi. (Biroz jim). Rahima xola, shoshmang. To’y qachon?

RAHIMA. Qaysi to’y?

MIRZA. Nechta to’y bor edi? Usha-bittada! Qizingiz bilan Abdilahadjonniki?

RAHIMA. Yanglishasiz–to’y bitta emas, ikkita. Ammo birinchi to’y SHarofat bilan Abdilahadjonniki shu hafta ichida bo’ladi. To’y deb endi dabdabadoronmidi? Bir shirin gurung… shu!

MIRZA. Yaxshi. Yana bir to’y deganingiz qaysi?

RAHIMA (kuladi), Aytaberaymi?

MIRZA. Mumkin bo’lsa, aytabering.

RAHIMA. Mumkin-ku, endi… Xayr, ajablanmang, lekin… u to’y o’zimizniki.

MIRZA. Sizniki?

RAHIMA. Ha, meniki!

MIRZA. Ajab! Kim bilan? Mumkinmi?

RAHIMA. Ajablanmang demadimmi?

MIRZA. Qanday qilay? Kutilmagan narsa…

RAHIMA. SHunday lekin ayb emas-ku?

ALBATTA. Xayr, kim bilan?

RAHIMA. Mun ga x,am ajablanmang: Jo’ra bilan!

MIRZA. Jo’ra bilan? SHu o’zimizning SHo’ro a’zosi, sizning noibingiz, Rustam akaning burung’i qorovuli—Jo’rami?

RAHIMA. Ha, o’rtoq Jo’ra!..

MIRZA. (qarsak chaladi). Yashang! Yashang!.. Hayr, men guzarga ketdim.

RAHIMA. Men Ahadjonni shu yerda kutaman. Bildingizmi?

MIRZA. Aytaman! (CHiqa boshlaydi).

RAHIMA. Militsiya bolag’a ayting, shu yerdan jilmasin. Kerak bo’lib qoladi. (Mirza chiqadi).

Majlis:

10 Rahima yolg’iz


RAHIMA. Rustam… Har nima bo’lg’onda ham er edi… Ko’ngilning bir chekkasi achishadi… Qanday qilay? O’ziga o’zi qildi… Yo’q, endi uni esdan chiqarish kerak! Esdan, emas, ko’ngildan! Esda tursin, chunki uni topib mahkamaning qo’lig’a topshirish kerak! Qilmishig’a yarasha jazo tortsin. Men vazifamga xiyonat qilmayman, albatta! Lekin ko’ngildan chiqarish lozim. Hozir ko’ngilga Jo’rani joylash kerakdir. Jo’ra… Qirq yoshlik xizmatkor… Qani, uning ko’ngli qanday ekan? Hamma erkak birmi, yo’qdir… (Eshikdan sekingina bosib, Rustam kiradi).


Majlis: 11

Rahima, Rustam


RAHIMA. (shu yerda tom ma’nosi bilan xotinlig’ini bildiradi). Voy sho’rim! (Urundan turib ketadi) Sizmisiz?

RUSTAM (avzoyi buzuv). Ha, men.

RAHIMA (qovshaydi, talvasada). Nimaga keldingiz? O’z oyog’ingiz bilan nimaga keldingiz?

RUSTAM. Qochishdan zerikdim. “Bor bo’lay yo yo’q bo’lay”, deb keldim…

RAHIMA (o’zini kuch bilan to’xtatib). CHakki qilibsiz.

RUSTAM. Nimaga?

RAHIMA. Sizni tutib mahkamaga topshirishga majburman!

RUSTAM. SHundaymi? Hali-ya? Xo’p… Men boshqa umid bilan kelib edim… Sen odam emassan!

RAHIMA. Qanday umid u?

RUSTAM. Ikkovimiz yarashamiz… Meni boqasan… Yer-suvlarimni mana bu kelayotqon balodan saqlab qolasan… Qizing bilan ishim yo’q… Kundoshingni qo’yib yuboraman… Mana shu edi umidlarim.

RAHIMA. Kundoshim–bolalik, uni haydatkali qo’ymayman. Mayli, kun ko’rsin. Lekin Zokirjonni nima qilg’oningizni bilasizmi?

RUSTAM. Bilaman. Juda yaxshi bilaman.

RUSTAM. Uni nima qilardi u?

RAHIMA. Yopib ketarding…

RUSTAM. To’xtasin bo’rdoqqa ag’darar eding…

RAHIMA. Mumkinmi: Siz qilg’on ishni boshqag’a ag’darish?

RUSTAM. Mumkin!

RAHIMA. Qanday?

RUSTAM. Hukumat qo’lingda-

RAHIMA. Ha… SHundaymi? Undaybo’lsa, bilingki. hukumat chirog’: sizning qo’lingizda o’g’irlikka ishlasa, mening qo’limda to’g’rilikka ishlaydi!

RUSTAM. Gap shumi?

RAHIMA. SHu!

RUSTAM. Mayli bo’lmasa, meni ushlab, kerakli joyg’a topshir!

RAHIMA. Topshiraman! Vazifam shu!

RUSTAM. Gunohim bittagina. Ko’prak gunoh bilan topshirgin bo’lmasa.

RAHIMA. Nima demoqchisiz? Gunohingiz bitta emas, 5-6 ta! Bu, balki yettinchisidir.

RUSTAM. Unday bo’lsa sakkizinchisidan keyin topshir!

RAHIMA. Bas! Unisiga yo’l qo’ymaymiz!

RUSTAM. Kim? (Pichog’ini tayyorlay boshlaydi).

RAHIMA. Biz!

RUSTAM. Sen-a?

RAHIMA. Ha, men!

RUSTAM. Ol, bo’lmasa! (Pichok bilan Rahimaga qarab tashlanadi).

RAHIMA. (ko’lida tayyor turg’on to’pponchani birdan tutadi). Qayt! Otaman! Qayt!.. (Eshikdan to’pponcha ko’tarib, militsiya kiradi, u ham Rustamga o’xtaladi. Rustam ikki to’pponchaning karshisida kolib kaltiraydi, pichog’i qo’lidan tushadi).


Majlis: 12

Rahima, Rustam, militsiya

RAHIMA. Bog’la, muning qo’llarini! (Rustam indamay, yerga qarab turib beradi. Militsiya bog’laydi). Sening qo’ling nomard! SHu bilan uch marta menga intilding, eplay olmading! Mas, o’zini bitgmagan Zokirjonni bo’lsa, bo’g’izlashg’a yarading!

RUSTAM. Ta’na qilma! Jo’nataber jo’natadirg’on joyingg’a! Ko’p gap eshakka yuk!

RAHIMA. Jo’nataman! Jo’natmay ilojim yo’q! Qancha qiynalsam ham jo’nataman!

RUSTAM. Jo’nat tezroq!

RAHIMA. Jo’nataman! Lekin, xotirjam bo’l! Kundoshimni, ayniqsa uning go’daklarini och qo’ymayman!

RUSTAM. Gapirma! Menga desa, endi bo’rilar yeb ketsin! Ota bo’lmag’andan keyin…

RAHIMA (militsiyaga). Hozir qama! Ertalab shaharga jo’nat! Olib bor! (Militsiya bilan Rustam chika boshlaydi. SHu chokda eshik ochilib Adhamjon kiradi).

Majlis: 13

Rahima, Rustam, militsiya, Adhamjon

ADHAMJON (tez kirib). Buvi… (Ko’zi otasig’a tushib). Ie! Ota!.. (Yugurib borib quchoqlaydi). Ota! Hozir uyimizga muallim pochcham kelibdilar! SHarofat opam osh pishirib yotibdilar! Buvimni aytgali kelib edim!.. Siz ham borasiz!.. Siz ham borasiz!.. (Rustam qarab turib, yig’lab yuboradi, Rahima ham chiday olmay yig’laydi, militsiya ham yig’lab yuboradi). Ota!.. Ota!.. Nimaga indamaysiz? Kap-katta kishi nimaga yig’laysiz? Ota!..

RAHIMA. (butun kuchini to’plab, o’zinchng stuliga o’tirib qoladi. Militsiya olib chiqa boshlaydi).

ADHAMJON. Ota! Qaerg’a? Yurmaysizmi? (Ergashib, etagiga osilib keta boshlaydi, Rahima o’runidan turib chaqiradi).

RAHIMA. Adhamjon! Adhamjon! Adhamjon deyman! (Adhamjon tinglamaydi, “ota”, “ota”lab chiqib ketadi. Tashqaridan uning yig’lag’on tovushi keladi. Rahima ham ho’ngrab yig’lab yuboradi-da, ustolga yiqiladi).

(Parda tushadi)

Bitdi. Samarqand, 1928, 13 iyun.