Yorqin oy/Oltinchi parda
OLTINCHI PARDA
Bu parda sakkiz majlisdan iboratdir
ARALASHADIRLAR
(kirish tartibi bilan)
Xizmatkor-xon saroyidagi xizmatkorlardan, xunuk, jallod nusxa, 40 larda.
Xonzoda-chiroyli, oppoq, yosh yigit… 25 larda.
Po’lat-boyagiday, faqar shohona libos, toj kiygan.
CHol-5 pardadagi kabi. Kiyimi bir oz tuzalgan.
Yorqin-burungiday, yasangan.
Xon saroyi
Xonning taxt uyi. Bir tomonda taxt, taxtga qarshi tomonda pastda bir eshik. Taxtning to’ri tomon yonida yana bir eshik. Uyning to’rt tomon devori o’rnida odam bo’yidan pastroq sharq usulida chiroylik panjara, orqasidan serdaraxt va keng bir bog’cha ko’rinadir. Tashqarida tiniq oydin, uyda oyo yorug’i. Parda ochilganda uyda hech kim yo’q, taxt bo’sh. Bir ozdan so’ng panjaraning orqasida ikki kishi ko’rinib qoladir.
BIRINCHI MAJLIS
Xizmatkor, Xonzoda
Xizmatkor (Xonzodani yetaklab kirib). Siz Xonzoda bo’lsangiz ham, bu o’rdada o’ssangiz ham, uning siru asrorlarini biz xizmatkorlarcha bilmaysiz. Beri keling, men sizga bir sirni ko’rsatay. (Taxt yonidagi devorning teshigiga bir cho’pni tiqib tortadir.) Mana, ko’rdingizmi? (Tortkach devordan bir eshik ochiladir-da, bir kishi siqqunday joy ko’rinadir.) Mana, bir kishi bemalol sig’adir. Bu otangizning sir bilaturgan joyi edi.
Xonzoda. Sir bilaturgan?
Xizmatkor. Ha, sir bilaturgan. Vaziru vuzarolar, sarkardalar, yurtning oqsoqollari, ulug’ botirlar ba’zida bir-birlari bilan shu joyda uchrashib gaplashar edilar. O’shanaqa vaqtlarda otangiz shu joyga birorta ko’ngli ishongan odamni kirgizib qo’yib, haligilarning hamma gapirgan gaplarini bilib olar edi. Bir-ikki martaba o’zi ham kirib turgan ekan…
Xonzoda. Bu joy ko’p odamlarning boshini yegan desang-chi!
Xizmatkor. To’g’ri, biz qatori odamlar bo’lsa ham deng! Bu joyda tilidan ilinib ketganlar hammasi ulug’ odamlar… Sotqin Inoqni bilasizmi? (Xonzoda jim.) «Sotqin Inoq» deb eshitgan emasmisiz?
Xonzoda. Eshitgan edim, shekilli… Esimda qolmabdir.
Xizmatkor. O’sha odam katta otangizning eng hushyor, ziyrak vaziri edi. Xitoydan, hindidan, avg’ondan… qaerdan bir elchi kelsa o’sha sotqin Inoq gaplashib-ish bitkazar edi. Katta otangizning eng ishongan odami edi. O’zining aqliga, hushiga mag’rur bo’lib ketib, sarkardalarning bittasini xuddi shu joyda bir narsa deb qo’ygan. Javonning ichidagi odam, oqizmay-tomizmay katta otangizga yetkazgan… O’sha kechasiyoq o’sha odam saranjom bo’ldi! Xotinlari, bola-chaqa, qavm-qarindoshlari katta otangizning oldiga… Xuddi shu joyga yig’lab keldilar. Katta oatngiz, rahmatli ko’p mudabbir odam edi, haligilarning hammasiga katta in’om-ehsonlar berib «sizdan ko’ra menga yaqin odam edi, topmay qo’ymayman!» deb aldab jo’natdi…
Xonzoda. O’zi yo’q qilib-a?
Xizmatkor. Bo’lmasa bo’larmidi? Podshohlik qilish oson deysizmi? Innaykin: Xitoydan kelgan katta bir hakim ham shu yerda gapirgan gapi bilan saranjom bo’ldi… U ham juda o’tkir odam edi… Luqmoni hakimning shogirdi ekan… Bir avg’on sarkarda bor edi, uni ham mana shu javon yegan. Dovulxon amakingizni, allanima degan tog’angizni, Og’ocha degan ammangizni… Mashshoqlardan Otaqushoqni… Hah-ha… juda ko’p kattalarning boshini yegan bu jovon. Muning ichiga kirib olgan odam pashsha uchsa biladir, pashsha!
Xonzoda. SHuncha odam o’ldirishga botirlik qilgan, shuncha siru asrordan xabardor odam axiyri kelib nima bo’ldi? Bir yalangoyoqning sharpasini eshitar-eshitmas qochib ketdi!
Xizmatkor. Unaqa yalangoyoqlardan yuz minggi kelsa ham qochmas edi-ya, eng ishongan kishisi O’lmas botir ishni buzib qo’ydi-da…
Xonzoda (jerkib). Gapirma, o’shani! Uning otini ham og’zingga olma!
Xizmatkor. Gapning sirasini aytdim-da. (Jim.) Menga qarang, yaxshi yigit, Po’latning bu kecha shu yerga chiqishi aniq. Men odam qo’yib bildim. Bu kun qayin otasi ham…
Xonzoda. O’lmasni aytasanmi?
Xizmatkor. Ha, o’sha O’lmas botir-da, qayin otasi! (SHahzoda ijirg’inadir.) U ham bu kecha shu yerga qizini ko’rgali, gaplashgali kelar emish. Po’lat o’g’rining yolg’iz o’ltirayturgan vaqtlari ham ko’p bo’ladir. U, kechalari ko’p vaqt o’zi yoliz o’ltirib chiqadir. Bir balolarni o’yladir, shekilli… Mayli, bu kun… (Haligi joyni ko’rsatib.) SHu yerga kirib bir poylang. Agar to’g’ri kelib qolsa-ish bitadir, bo’lmasa erta bor, indin bor.
Xonzoda. Erta yo indinga qolaturgan bo’lsa- bo’lmaydir. Endi mening borligimni bilib qolsalar ham ehtimol.
Xizmatkor. Bular qiyomatda ham bila olmaydirlar, xotirjam bo’ling. Na qorovul, na voqeanavis, na tilchi-hech narsalari yo’q! Sizni ikki haftadan beri saqlab kelaman, yana ko’p saqlashga yarayman. Siz ishingizni tugatib olsangiz edi, men ham tezroq qochar edim.
Xonzoda. Tillani-ku ko’rding?
Xizmatkor. Ha, ko’rdim.
Xonzoda. SHu-ishni bartaraf qilib olsam menga hech narsa kerak emas. Meni tutib olib o’ldirsalar ham mayli. Tillani senga beraman. Ishqilib shu o’rtada yurib tur, basharti lozim bo’lib qolsa, tillaning qaydaligini senga aytib qolayin.
Xizmatkor. Albatta, men shu o’rtada bo’laman, lozim bo’lganda o’zim ham ko’maklashib yuboraman.
Xonzoda. Yaxshi (Jim.) Aytgancha, xanjar qani?
Xizmatkor (tik qo’njidan bir chiroylik xanjar olib). Mana, juda o’tkir xanjar. «He!» deb bir tortsangiz… tamom! Bilasizmi, bu xanjar kimniki? Tanimadingiz-a?
Xonzoda. Taniganday bo’layotibman.
Xizmatkor. Bu haligi «oq saroy»li xotinning xanjari. Amakingiz bir katta hovuzning bo’yida o’sha xotinni so’yib qo’ymadimi? Mana shu xanjar bilan so’ygan…
Xonzoda. E… o’sha xanjar shumi?
Xizmatkor. Xuddi o’zginasi. (Jim.) Endi siz jovonning ichiga kira bersangiz bo’ladir. (Eslab.) Aytkancha-ya, beri keling! Jovonnnig mana bu yerda ikkita yorug’i bor, o’shandan uyning hammayog’ini ko’rib tursangiz bo’ladir. Yolg’iz qolganida shaylaysiz! Qani, kiring, men berkitib qo’yay.
Xonzoda. Yo’q, men hozir kirmayman. Ular uzoqdan kelsalar, men u yerda qiynalib qolaman. Kelar vaqtlarida darhol kirib olarman, sen boraber! (Eslab.) E shoshma! Ichiga kirgandan keyin berkita olamanmi? (Qaraydir.)
Xizmatkor. Zanjiri bo’lsa kerak. (Qaraydir.) Yo’q, mana kichkinagina xalqachasi bor ekan, xayr bo’ldi. Men shu o’rtada turaman, kela boshlasalar sharpa qilaman, siz darhol jovonga joylanasiz.
Xonzoda. Kelsa qaysi tomondan keladir?
Xizmatkor. Mana shu panjara tomondan.
Xonzoda. Bu eshikdan-chi?
Xizmatkor. Bu yoqdan vazirlar, mahramlar, sarkardalar, innaykin fuqaro kiradir. (Yaqin kelib.) Mard bo’ling, yigit!
Xonzoda (qat’iy). O’rgatma!..
Xizmatkor (mag’rur). Bu ish-hazil emas, siz yoshsiz, o’rgatmasak bo’lmaydir. (CHiqadir.)
IKKINCHI MAJLIS
Xonzoda yolg’iz
Xonzoda (taxtga yaqinlashadir). E egasiz qolgan bechora taxt! Sening bu kunga tushib qolishingni men bilar edim… (Jim, taxtning zinasiga o’ltiradir.) Bu saroylar hammasi bo’sh qoldi. Bu yerda tangridan ham qo’rqmay davlat surgan otam Po’lat o’g’rining shaharga yaqinlashganini eshitib, bir kechaning ichida bor-yo’g’ini yig’ishtirib qochdi. Saroydagilarning hammasi, bitta qolmay qochdi. Faqat, qaerga qochadirlar? O’limdan qochib bo’lar emishmi? O’limdan qo’rqib qo’rqoqlik ko’chasiga kirish, ularning ahmoqligini ko’rsatmaydirmi? SHu tabiatlari bilan yana el ustidan hukm qilib kelganlar. Sadqayi ketsun sizga! Saroyda qolib, kelgan yalangoyoqlar bilan urushib o’lmaysizmi? Mardlik bilan o’lishda, hech bo’lmaganda, bir sharaf bor! (Jim.) Men qoldim. Men qosmadim, hali ham qochmayman. Saroy, shu yalangoyoqlarning qo’liga o’tgandan beri, mana shu (ishora qiladi) halol xizmatkornikida berkinib yurib jon saqladim. SHunday qilib yurib bir kun maqsadimga yetaman; o’zimning past, xor, iflos raqibimni toju taxtdangina emas, dunyoda nafas olib yurishdan ham mahrum qilaman, (g’ijinib) yanchaman, ezaman, yastayman!… Undan keyin g’azabim qonadir, undan keyin o’lsam ham, qolsam ham mayli, bari bir… bilaman, sezaman: mening so’ng kunlarim yaqinlashib qoldi. Erta-indin men tugayman lekin, raqibni bo’g’masdan, yanchmasdan, ezmasdan o’lib ketsam, dunyo-dunyo armon ko’nglimda ketadir! (Jim.) Agar men bu yalangoyoqlar bilan chiqishsam, otamning o’rniga shularning o’zlari meni xon qilib saylashar edi. O’zim otamdan norozi edim, shunday qilsam bo’lar edi. Qilmadim, shu ishni qilmadim. Agar men shu ishni qilganimda, haqiqatda, hamma ixtiyor Po’lat o’g’rida bo’lar edi. Men shunga unab o’ltiramanmi? Innaykeyin O’lmasning qizi kimniki bo’lar edi? U ham, albatta, o’g’ri Po’latniki bo’lar edi! (Yurakdan.) Oh!.. (Jim.) Esi yo’q qiz. Kelib-kelib kimni sevding? Bir yalangoyoqni! Men, sening oyoqlaringga yiqilib yotmoq uchun butun saltanat, saroy, kayfu safoni qurbon qilay, deb turganimda, sen kimga ergashding, ey esi past qiz? (Jim.) Mayli, mana bukun sening ham yig’lar kuningdir. Seni ham yig’latmoq uchun haftadan beri fursat poylab yuraman. Bir necha fursatlar qo’ldan chiqdi. Lekin, bu safar fursatni qo’ldan bermayman. (SHu choqda xizmatkorning yo’talgan tovushi keladir.) Kelayotir, shekilli. (Panjara orqali ehtiyot bilan qaraydir.) Ha, yalangoyoqlarning xoni kelayotibdir. Na boshida toj, na ustida shohona libos! Yana o’sha yalangoyoq Bog’ibiyobon, faqat belida qilichi bor. Qandini yesin, Qilichga u usta! Yonida xizmatkorlari ham yo’q… Soddalikni qarang. Yalangoyoqda… (Jim.) Bukun Yorqinxonning to’yi! (Kuladir.) Juda yaxshi! (Jovonning ichiga berkinadir. Jim. Bir ozdan so’ng oyoq tovushlari, gaplar eshitilib, panjara yonidan Po’lat bilan CHol o’tadirlar. Ozgina vaqt o’tkach ular aylanib kiradilar.)
UCHINCHI MAJLIS
Po’lat, CHol
Po’lat (chuqur o’yda. Yarador qo’li hali bog’liq. To’g’ri borib sekingina taxtga chiqib o’ltiradir.) Ota, taxt degan narsa mana shunday kechalarda, hech kim ko’rmaganda o’ltirib o’ylash uchun yaxshi ekan. (CHolga joy ko’rsatadir.) O’lturing ota, bir oz gaplashaylik. (CHol o’ltiradir.) Kunduz kunlari odam ko’p kelganda, har xil be’mani tazimlar bo’lganda taxtdan juda to’yib ketaman… Tashlasamu qochsam deyman! Mening bo’ynimga juda og’ir yukni yukladinglar, men o’zim shunday bo’lar deb aslo o’ylamagan edim. Elning xohishi bilan bu ish bir bo’ldi, ketdi. Endi, o’sha elga qo’ldan kelgancha bir narsa berish kerak. Har viloyatning begi, buringiday, o’z boshicha xon bo’lib olib, yurtni xohlaganicha so’rib yotsa… Mancha qon to’kishning nima keragi bor edi? Necha kundan beri shuni o’ylayman. Nima qilsak ekan?
CHol. Yomon beklarning o’rniga yaxshi odamlardan bek qo’yish kerak, bolam.
Po’lat. Bu osonlik bilan bo’laturgan ish emas. Hammasini bitta-bitta ola boshlasak, ular mamlakatda yana katta ig’vo qo’zg’atib yuboradirlar. SHu joyini xo’p yaxshi o’ylash kerak. Men, hali qaysi viloyatning begi nimalar qilgan, hech bilmayman. SHu kunlardar juda ko’p ariza kela boshladi-ya? Hali u arizalarning ko’piga javob bera olmadik. Vaqt bo’lmadi. Innaykin, o’sha arizalarga qarab bir narsa qilish ham qiyin. Nimaga desangiz, arizani yozgan odam kim, nima g’araz bilan yozgan, nima uchun va kimdan dod deydir; buning haqiqatini biz bilmaymiz. Ehtimol, o’zi bek bo’lmoqchi bo’lganlar yozarlar; ehtimol, bek bilan bo’y o’lchashmakchi bo’lgan boy yozar; ehtimol, bekni o’z yo’liga sola olmagan oqsoqol yozar… Biz qaydan bilaylik! Lekin, arizani yozgan odam boymi, kambag’almi-shuni yaxshi bilish kerak. Agar kambag’al bo’lsa, arizasi ko’pincha to’g’ri bo’ladi. Nimaga desangiz kambag’al bek bilan bo’y o’lchashmaydir: bekni o’z yo’liga solish yetti uxlab bir marta tushiga ham kirmaydir. Kambag’al, o’lganning kunidan yozadir, hech bir iloji qolmagandan keyin ariza beradir. (Jim.) Har qalay ikkalamiz bir mamlakatni aylanib, joy-joyida ish qilmasak bo’lmaydir. Bir bekning ustidan ko’p ariza tushsa uni qamab turib yurtdan gap so’raymiz. SHunda yurt hamma dardini aytadir… Lekin, ota, mamlakatning ishlarini qilmoqchi bo’lgan odam O’lmas botirning nozli qizi bilan turmasin ekan. Kecha kechasi «mana bularni menga o’qib bergil!» deb besh-olti ariza bersam, arizani ko’tarib urib… (sekin) sevgidan, o’ynashishdan tushib keladir… (kuladir.) Unga qolsa, mamlakat ishini birovga topshirsam-da, u bilan o’ynashib yotsam…
CHol. E… bolam, xotin kishi shundan boshqa hech narsa tilamaydir… Lekin, Yorqin poshsha, sening yo’lingga necha o’limlardan xatlab o’tgan qiz. Senda uning haqqi ko’p. Mamlakat ishini ham qil, uning ham ko’ngliga qara!
Po’lat. E… ota, «mamlakat ishlaridan bo’shagan vaqtlarda gaplashaylik» desam, «mamlakatning ishlari qursin, odoq bo’larmidi? Falonchiga buyur!» deydir. Yo’q, yo’q, ota, men uning ko’ngliga qarab yurolmayman! (Jim.) Xayr boring, arizalarning hammasini lib keling. Bir ko’raylik-chi, qaysi bekning ustidan shikoyat ko’p ekan? (CHol tura boshlaydir.) Ota, lekin, mening bu yerda ekanimni qizingiz bilmasin… Basharti so’rab qolsa «sarkardalar bilan bir zarur ish to’g’risida gaplashib o’ltiribdir» deng. Kela ko’rmasin! (CHol chiqaturib yana orqasiga qaytadir.) Ha, nima bo’ldi?
CHol. O’g’lim, sening o’zingni yolg’iz qoldirib keta beramanmi?
Po’lat. Har kun yolg’iz qoldirib ketasiz, hech narsa bo’lmaydir-ku. Borabering. Men hech kimga jabru zulm qilganim yo’q! (CHol bo’shashib chiqadir.)
TO’RTINCHI MAJLIS
Po’lat yolg’iz
Po’lat (o’zicha). Bechora chol. Menga ota bo’lib qoldi. (O’rnidan turadir). Oppoq, sutday oydin bo’ldi; bog’, tog’lardagi to’qaylarga o’xshab ketdi. (Sekin tushib panjaraga suyanib o’yga botadir. Bir ozdan so’ng sekin-sekin so’zlay boshladir.) Yorqin, Yorqin… Mening uchun dunyoda hech kim qilmagan ishlarni qildi bechora… Meni deb ro’zg’ordan kechdi, meni deb o’limdan-o’limga xatladi… Meni deb xonzodalardan kechdi, xonzodalardan!.. (Bir oz jim.) Uning ko’ngliga ham bir oz qarash kerak. Mamlakatning ishlariga zarur bermayturgan darajada… Kechalar uzun, kunlar-undan ham uzun, hammasiga ham vaqt topiladir. (Jim.) Meni deb Xonzodadan kechgan odam, mening ko’nglimga ham qarasin! Mening ko’nglim – ko’pning ko’ngli; unga tegib bo’lmaydir. Faqat, ko’pning ko’ngli bilan birga uning g’amini ham mening ko’nglimga solgan-o’zi bo’ldi… O’zi ham shuni o’ylamog’i kerak. Meni, bir bechorani deb Xonzodadan kechgan qiz, munchalikka esin yugirtmasa, bo’lmaydir. (Jim.) Xonzodani desa edi, meni demas edi, nima bo’lar edi? Bukun Xonzoda bilan birga tuproqlarga bulangan bo’lar edi… Durust, Xonzoda Yorqinga kecha-kunduz butun vaqtini berar edi, lekin, bir necha oy, yo bir necha kun… undan keyin yana boshqa bir Yorqinga burilar edi. Axir unda havasdan boshqa nima bor? U qondan yaratilgan! U-ko’z yoshlari bilan o’sgan! Unga zavq kerak, bir kunlik, ikki kunlik, bir necha kunlik zavq kerak! Oh, shu zavq bandalari! Yurtning hamma ko’z yoshi o’shalarning oyoq ostlariga qo’yiladir. Bittasi… bittasi… (g’ijinib) hech bo’lmaganda bittasi qo’limga tushmadi! Yanchar edim bir! Menda ham ularga qarshi tog’-tog’, dunyo-dunyo g’azab bor edi!.. (SHu choqda Xonzoda birdan otilib chiqadir.)
BESHINCHI MAJLIS
Po’lat. Xonzoda
Xonzoda (otilib chiqib). Sendagi g’azab g’azabmi? /azab bizda!.. (Xanjar bilan Po’latga otiladilar. Po’lat «a!» deydir, faqat qilichini olishga ulgira olmay qoladir. Lekin Xonzodaning xanjar ushlagan qo’lini bilagidan sog’ qo’li bilan ushlab qoladir, orada yerga bulashib olishish boshlanadir. Po’lat xanjarni yarador qo’li bilan endi olaman deganda narigi yoqdan bo’kirib xizmatkor kirib qoladir).
OLTINCHI MAJLIS
Po’lat, Xonzoda, xizmatkor
Po’lat, ularning ikkovi bilan ham olisha boshlaydir. Oxirda Xonzodaning qo’li Po’latning qo’lidan chiqib ketadir, faqat Po’latga xanjar urishga yana o’ngli kelmaydir. Xonzodaning urgan xanjari bir necha marta Po’latning yonlaridan, biqinlaridan o’tib ketadir. Xizmatkor zo’r berib Po’latni tortgach, Xonzoda qo’lini bir oz yana bo’shatadir. SHu choqda panjaradan sekingina poylab kelayotgan Yorqinning boshi ko’rinadir. U, ichkaridagi ahvolni ko’rgach, «Oh, Po’lat» deb baqirib yuboradi-da, so’ngra panjaraning orqasidan yo’qoladir. Bu orada xizmatkor o’rnidan irg’ib turib, taxt yonidagi eshikdan qochib chiqmoqchi bo’ladir: u, eshikka yetganda qarshisidan Yorqin kirib qoladir. Po’lat bu orada Xonzodaning qo’lidan xanjarni tortib oladir. Xizmatkor Yorqinni ko’rgach, qo’rqib orqasiga tisariladir. Qo’rqish holatida sekin-sekin devorning burchagiga qisiladir.
ETTINCHI MAJLIS
Po’lat, Xonzoda xizmatkor
Yorqin
Yorqin (yugurib kirib keladir-da, xizmatkorga bir marta g’azabli qaragandan keyin Po’lat bilan Xonzodaning ustiga borib, endi Xonzodani urmoqchi bo’lib turgan Po’latning qo’lidan xanjarni tortib olib tashlaydir. Bu orada xizmatkor chiqib qochadir).
SAKKIZINCHI MAJLIS
Po’lat, Xonzoda, Yorqin
(Avval sekingina Po’lat o’rnidan turadir, so’ngra Xonzoda, ikkalasining ham qonagan, tilingan joylari bor, Yorqin rangi o’chgan, hayron, jim.
Po’lat (hansirab turib, yechilib ketgan qo’lini bir qo’li va og’zi bilan sekin bog’laydir, Xonzodaga). Mardlik maydonidan qochib ketib xilvatda yiqitmoqchi bo’lgan edingmi? Mardlar maydonida chiday bergan odam xilvatda ham bo’sh kelmaydir.
Xonzoda (zo’rg’a). Mardlar maydonida saltanat, davlat, toju taxt talashadilar… (Bir oz jim.) Bu-ishq, sevgi maydoni, bu xilvatda, yolg’iz-yarim joylarda-burchak-panalarda bo’ladir…
Po’lat (yovvoyi kulib). Sizda sevgi bormi? Sizda-ya? (Yana masxara qilib kuladir.)
Xonzoda. Sevgi sen uchun masxara… biz uchun har narsadan qimmat…
Po’lat (yana battar kulib). Siz uchun sevgi har narsadan qimmat? Unday bo’lsa shu choqqacha qayda edingiz? Sevganingiz bir umr meniki bo’lgandan keyin keldingizmi?
Xonzoda. Mening sevganim-bir umr seniki bo’lgani yo’q! Sen uni qilich bilan, zo’r bilan tortib olding. Vaholanki, sevgida zor bor, zo’r yo’q.
Po’lat. Zo’r yo’q, zo’r yo’q? (Borib xanjarni oladir va Xonzodaga qarab irg’itib.) Mana bu nima? Bu ham zo’rmi?! (Qattiq kulib.) Mana bu qonli xanjar ham zo’rmi?
Xonzoda. Har nima bo’lganda ham saltanat toju taxt emas…
Po’lat. Toju taxt bilan saltanat sevgining sovg’asi bo’lgani uchun shirin… (ikkalasi ham jim qoladirlar.)
Yorqin (Po’latga). Bu nima gap, Po’lat? Men sira anglayolmay qoldim…
Po’lat (Xonzodani ko’rsatib). O’zlaridan so’rang…
Yorqin. Xanjar kimniki? Bu nima hangoma? Aytib ber, Po’lat!
Po’lat (kuladir). Egalaridan so’rang…
Yorqin. «Katta sarkardalar bilan mamlakatning zarur ishi to’g’risida kengashib o’ltiradir» deydilar, panjaraning orqasidan turib bo’lsa ham gapirganingni eshitayin, deb kelsam… bu ahvol. Qani sarkardalaring? Qani kengash? Nimaga meni har kim aldashga boshladi? O’zimizning jonajon otamiz bo’lgan chol shunday deb o’ltirsa… Bo’lmagan kengashni bo’ldi qilib seni mendan qochirsa… Nima qildim men? (Bir oz qizishmoqqa boshlaydir.) Po’lat, rosti ham senga saltanat, toju taxt kerak bo’lsa…
Po’lat (baqiradilar). Toju taxt xonzodalarga kerak? Sizga ham lozim bo’lsa, olabering, Oyimposhsha!
Yorqin. Men baqirganimdan keyin sen nimaga baqirasan? Baqirishning nima keragi bor? Sekin gapirsang ham bo’ladir-ku! Bu nima qo’pollik?
Po’lat (yana qizib). Men qo’pol bo’lsam, meni haydangda, qarshingizda chiroylik, yumshoq xonzodangiz turadir, o’shanga…
Yorqin (baqirib). Jim, nonko’r! (O’zicha.) Xonzoda… Xonzoda shumi hali? Bu chiroylik yigit Xonzodami? (Erksiz-erksiz tikilib qaraydir.)
Po’lat (endi sekin bo’lib-bo’lib). Toju taxt… Saltanat… sizning yuklab qo’ygan yukingiz… Uni men har qancha og’ir bo’lsa ham ko’tarib olib borishim kerak… Toju taxtning orqasida yurt bor, el bor, xalq bor… Uni o’ylash kerak. Uning g’amini yeyish kerak… Siz menga toju taxtni burungi xonlarday emib, so’rib yotish uchun olib bergan bo’lsangiz, o’zingizga qaytarib beraman. Menga unday toju taxtning keragi yo’q! Siz olib bergan toju taxt yurtning dardiga davo bo’lmasa, yo’q… Oyimposhsha, unday toju taxtdan men kechayin, unday toju taxt egasidan siz keching!
Yorqin (xo’rsinib). Hali ham yurtni degan bo’lib meni butkul tashlading… «Sarkardalar bilan bo’laturgan zarur maslahatlar» deb mendan butun kechib yubording… Ikkovimizning halol yo’ldosh bo’lib qo’shilganimizga mana uch hafta, yaqin bir oy bo’ldi. Kechalari seni kuta-kuta tong ottiraman… «Yurtning xoni emas, xizmatkori bo’lgan Po’lat arizalarni ko’rib, sarkardalar bilan gaplashib, oqsoqollar kelsa ularga nasihat qilib… innaykin mening yonimga kiraddir, meniki bo’ladir» deb butun kecha-tong otkuncha ko’zimni yummayman… Sen bo’lsang, tongga yaqin charchab kelib uxlab ketasan… Men bo’lsam sening charchab uxlaganingni tomosha qilib yana tongni kunduz qilaman… Ertaroq kirgan kunlaringda bir quchoq ariza bilan kirasan. «O’qib ber» deysan, o’qib beraverib yana tonglar ottiraman… Bir kun chidamasdan arizalaringni irg’itib yubordim… O’shanda mendan kechib yuborgunday bo’lding! Bildim, bildim, hamma narsani bilib turdim!
Po’lat. «Yaxshi ko’raman, sevaman» deysiz, shuni chidash bilan ko’rsating-da. SHuncha vaqt chidab kelgansiz, yana bir oz chidang-da.
Yorqin (bir oz o’ylanib turgach, Xonzodani ko’rsatib). Mana bu chiroylik yigitga o’zimni ko’rsatmak uchun o’zimning oldida aytaman: har qancha chiroylik bo’lsa ham men bu Xonzodalarni sevmayman! Seni, seni yalangoyoq, sen besarupo bog’bonni hammadan ortiq sevaman! SHuncha vaqt chidadim, endi yana chidayman! (Bir oz jim.) Lekin, Po’lat, chidashning ham haddi bo’lishi kerak… Men yoshman… Mening havaslarim hech qaerga sig’maydir… Innaykin, u havaslarni shu choqqacha juda zo’r qiyinchiliklar bilan bo’g’ib keldim. U havaslarga yetkuncha o’limlardan-o’limga hatlab… Endi u havaslarni yana ham bo’g’ib yotish qo’limdan kelmaydir! Sen-erkak, siz erkaklarning bag’ringiz toshdan bo’ladir, siz chiday berasiz… Lekin, biz xotinlar chiday olmaymiz. Yo’q, yo’q… men o’zim chiday olmayman! Mundan keyin har kuni sensiz tong ottirish mumkin emas! Bildingmi, mumkin emas! Mumkin emas!..
Po’lat (og’ir dam oladir). Agar bir oz so’ngroq kelsangiz, bir kechaga emas, bir umrga mendan ayrilardingiz…
Yorqin (cho’chib birdan). Nima? Nima uchun?
Po’lat (Borib xanjarni oladir). Man bu olijanob oshiqingiz siz uchun meni o’ldirmoqchi bo’lib kelgan ekan.
Yorqin (baqirib). Seni? Seni o’ldirmak uchun! (/azab bilan bo’g’zidan yovvoyi tovush chiqaradir). Ha… (Yugurib borib Po’latning qo’lidan xanjarni oladir, qaltirab, titrab turib sekin Xonzodaga qarab yuradir.)
Po’lat (qarshisiga borib to’xtatadir). Qo’ying, Oyimposhsha! Bu kishiga o’zining xanjari ham xayf. Bu kishini shu bo’yicha ko’chaga haydash kerak… Xalqni, yurtni, elni bir ko’rsin… Bir-birlarini tanisinlar… Xanjarni menga bering. (Qo’lidan sekin oladir.) «Xonzoda Po’latni o’ldirmakchi bo’lgan xanjar shu» deb qonlari bilan birga maydonga chiqarib osib qo’yamiz. Xonzodaning xanjari bir necha kun yurtga tomosha bersin! (Yorqinga yaqinlashib.) Meni yurt uchun yana bir martaba o’limdan qutqardingiz, keling, o’sha yurtning ishini ham birgalashib qilaylik! Yurtning ishini birgalashib qilgandan keyin… (Quchog’ini ochadir.)
Yorqin (erksiz baqiradir). Po’lat!.. (Borib quchog’iga kiradir, Xonzoda jim.)
Parda tushadir