O‘zbek shoiri Cho‘lpon she’rlari

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
O‘zbek shoiri Cho‘lpon she’rlari  (1921) 
Z. Bashir

(“Uyg‘onish” majmuasining bosilishi munosabati bilan)

Turkiston jumhuriyatining Davlat nashriyoti tomonidan o‘zbek shoiri Cho‘lpon o‘rtoqning “Uyg‘onish” nomida she’rlar majmuasi bosilib chiqdi. Cho‘lpon o‘rtoq kyeyingi davrdagi o‘zbek shoirlarining eng oldingisi va chin ma’nosi bilan shoir deb atashg‘a loyiq bo‘lg‘anlaridan, uning she’rlari chin adabiyot va she’r ko‘zi bilan qarab tekshirish va tanqid qilishg‘a yaraydir.

Cho‘lpon o‘rtoqning “chin shoir” deb atashg‘a mumkin bo‘lg‘an birinchi she’ri 1920 yilda chiqqan 2-son “Tong” jurnalidag‘i “Behbudiy”ga yozg‘an she’ri bo‘ladi. Uning shul kundan boshlab yozib kelgan she’rlari tekis va nafis bo‘lib tizilib keladir. Cho‘lpon o‘rtoq chin yurak va his shoir (lirik) bo‘lg‘ani holda, uning she’rlari boshqa yurak shoirlarinikiga o‘xshash faqat kuchlik hislardan, qizg‘in dardlardangina iborat emas. Uning she’rlari hislik, yo qizg‘in va nafis bo‘lg‘anidek, ochiq va ma’lum bo‘lg‘an bir maqsadg‘a qarab yoziladir, to‘la va tekis natija beradir. Shunga namuna uchun “Uyg‘onish” majmuasidan qaysi birini olsak ham yaraydir. “Yupanish istagi”dagi parchadan:

Charchag‘an yo‘lovchi yo‘ldan adashsa,
Tekis yo‘l qolsa-da, tog‘lardan oshsa,
Yo‘lni ko‘rsatuvchi yulduz-da qochsa,
Shunda yupang‘aymi yalang‘och cho‘llar?

 * * *

Erkin talalarning erkin sultoni,
Sonsiz podalarning yolg‘iz cho‘poni,
Nay chalib tog‘lardan istasa yorni,
Balki yupatqusi “yor” degan kuylar?

deb, ko‘nglini nima bilan yupatmoq mumkin bo‘lg‘anlig‘i to‘g‘risida savol bergandan keyin:

O‘ylangan o‘ylar-la ko‘ngil yupanmas,
Ko‘ngilning istagi o‘y bilan qonmas,
Aytsalar bu tunda yoruq sham yonmas,
Chaqmasa gugurtni asl o‘g‘lonlar!

deb javob beradir. Kuchlik his bilan yozilg‘an shul she’rning natijasidan istagancha maqsad va ma’noni olmoq mumkindir. Cho‘lpon o‘rtoq xayolg‘a juda boy bo‘lg‘aoni holda ul o‘zini kishilik olamidan chiqarg‘uchi xayollardan ham uzoqdadir. Uning butun xayoli tabiatda va kishilik dunyosida bor va bo‘lishi mumkin bo‘lg‘an doiralardagina uchadir.

Cho‘lpon o‘rtoqning eng taqdirga loyiq bo‘lg‘an bir yeri, uning she’ri tasvirga boy bo‘lib, ma’nosidan so‘zi oz bo‘lishi va shularni sof o‘z tilida yozishidir. Uning shul qirq sahifalik “Uyg‘onish” majmuasida chet so‘zlar juda oz bo‘lib, ular-da xalqlashgan va o‘zbeklashgan so‘zlardir.

Uzoq… og‘ir yo‘lga chiqqan yo‘lchiman,
Bu yo‘llarda qilog‘uzim yulduzdir,
Men yurtimning pok istakli kuchiman,
U yulduzning tugalishi kunduzdir,
Tomirlarim olov kabi qaynag‘an,
Qonlarini kechmishlardan olmishdir,
Bilagimda irg‘ib, chopib o‘ynag‘an,
Unitma, kim oyoqlaring tolmishdir!

Mana shu parchalar sof o‘zbek tilida yozilg‘ani kabi, ularda ortiq so‘z va ma’nosiz tizmalarning borlig‘ini kim da’vo qila olur.

Bu kungi yoshlarimizni tarbiya qilishda, ularni umidlik, tirikchilikka to‘g‘ri va ochiq qararlik qilib tarbiyalashning lozim bo‘lg‘anlig‘i hammaga ma’lumdir. Yoshlarimizning yurak va hislarini tarbiyalashda she’r va adabiyotning ta’siri ham juda ko‘b bo‘lg‘anligidan shoirning umid va imoni to‘g‘risida ham yozish lozimdir. Cho‘lpon o‘rtoqda zor va fig‘on juda oz. Ul zor va fig‘onlarni yozg‘anda ham ularni umidlik iboralar bilan tushuntirib ketadir. Uning “Umid va imon” degan bo‘limidagi:

“Men” yangilar o‘lkasidan sinmag‘an,
Bir qanotni taqib olib qo‘zg‘aldim,
Shul yo‘limda yaproqlari so‘lmag‘an,
Yosh “yog‘och”ning soyasida to‘xtaldim!
To‘fonim elni bosar,
Turmush tog‘larni oshar,
Va o‘lmas, mangu yashar!

degan parchalari shoirda to‘la umid va ochiq turmushg‘a imon yorlig‘ini ko‘rsatadir. Yosh yog‘ochning soyasita to‘xtab, o‘lmasligiga ishonch bog‘lagan shoirlarimiz bizni ham yashatqusidir.

Cho‘lpon o‘rtoq “el” va “xalq” so‘zlarini qancha ko‘b yozsa va so‘zlasa ham, ul xalq shoiri emas, xalqqa yaqin bo‘lg‘an ziyolilar shoirilir. Uning uslub va ruhida xalqchillik juda oz. Shuning bilan barobar ul ko‘b vaqtda tilar-tilamas idealistliqqa kechib boradir. Cho‘lpon o‘rtoqning yana bir kamchiligi bo‘lsa tabiatni tasvir qilg‘an chog‘larda o‘runsiz va munosabatsiz falsafalarga kirib ketishi, “el” va “xalq” so‘zlari bilan she’rning nafisligini yo‘qotishidir.

“Uyg‘onish” majmuasidagi “Kuz” she’rida tabiatni mazlum sharqqa o‘xshatishi juda o‘rinsiz bir ishdir. Tabiat asl: sharq uning juz’i bo‘lg‘ani holda, aslni juz’iga o‘xshatish g‘oyat darajada ma’nosizlikdir. Cho‘lpon o‘rtoqning shu kamchiliklarini tuzatishini istaymiz.

Z.Bashir

“Turkiston” gazetasi 1923-yil 4-may.


Public domain
This work is in the public domain in the United States but it may not be in other jurisdictions. See Copyright.

PD-US //wikisource.org/wiki/O%E2%80%98zbek_shoiri_Cho%E2%80%98lpon_she%E2%80%99rlari