O'tkan kunlar/46

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
O'tkan kunlar  (1926)  by Abdulla Qodiriy
46. O'zbek oyim - og'ma Zaynabning dardi

Yusufbek hoji chala-dumbul tabiatlik xotinining fe’li xo‘yini yaxshi bilgani uchun o‘tkan voqi’larni, ya’ni Otabek sirlarini unga ochmasliqqa qaror bergan bo‘lsa ham, ammo marg‘ilonliq kelin va qudalarning kelishla-ridan xabar berishni lozim deb topdi. Chunki xotinining marg‘ilonliq kelinga bo‘lg‘an adovatini Otabekdan ham yaxshiroq bilar va uning «O‘g‘lingiz Marg‘ilondan uylanmadi, bir balodan uylandi!» deb qiladirg‘an shikoyatla-rini hamma vaqt eshitar, doimo issig‘-sovuqchi domla, xo‘jalarnikida bosh og‘ritib yurishini ham bilar edi. Shuning uchun o‘z tarafidan O‘zbek oyim tushkurni yaxshilab ebka olmoq, yuz qizaradirg‘an ishlarga qarshi choralarni ko‘rmak fikriga tushdi.
Cholu kampirning har bir o‘lturishlarida so‘z O‘zbek oyim tomonidan boshlandimi, albatta noqobil o‘g‘ul bilan marg‘ilonliq «andi» kelin ustida bo‘lar va uning uchun eng ahamiyatlik masala faqatgina shugina bo‘lib ko‘rinar edi.
Boshqa kezlarda kampirning bu to‘g‘ridag‘i dod-hasratini kulgulik bilan va kam havsalalilik bilan eshitsa ham, ammo bu gal O‘zbek oyimning o‘sha eski ashulasini ortiqcha bir to‘zimsizlik orasida kutar edi. Kampirning dardi g‘o‘zada, sichqonning ko‘zi donlik ko‘zada, deganlaridek, bizning O‘zbek oyimizning ham dardi bo‘zada edi. So‘z urindi, so‘zdan — so‘z chiqdi, nihoyat hojining kutkanidek o‘g‘ul hasrati ham boshlandi:
— Ahmoqingiz bir oz esini yig‘qan ko‘rinadir, — dedi O‘zbek oyim, — haytovur uch oydan beri Marg‘i-lonni esidan chiqarib qo‘ydi.
Hoji kuldi:
— Issiq-sovug‘ing kor qilg‘andir...
— Bilmadim... Har nechuk suv quyg‘andek bo‘ldi, qoldi. Ilohim em tushkan bo‘lsin...
— Ilohi em tushsin, — deb kuldi hoji.
O‘zbek oyim erining istehzosiga tushunib qoldi va labi-labiga tegmay bobillay ketdi:
— Nega kulasiz? — deb depsindi, — bu kungacha kulib-ku, o‘g‘lingizdan ajrala
yozdingiz. Endi nega siz ham... xudoyo tavba qildim...
— Zo‘ri behuda miyon shikanad.
— Ilohi tojikingiz qursin! — dedi O‘zbek oyim, — men to‘g‘risini aytsam, bu gaplarning hammasiga siz sabab bo‘lmoqdasiz, er. Yakkash kulish, yakkash kulgi! Undan ko‘ra o‘g‘ul-qiz o‘sdirishg‘a uquvim yo‘q, deb ayting!
Hoji tag‘in kuldi:
— Ha, uquvim yo‘q, oyimcha!
— Kuling-e, kuling! Xudo o‘lim bersin kulguga! — dedi O‘zbek oyim va achchig‘i bilan yuzini chetka o‘girdi.
— Menga qara, xotin, — dedi hoji jiddiy tusda. O‘zbek oyim qaradi. — O‘rinsiz chiransang, beling sinadir, deydi tojiklar. Shunga o‘xshash o‘zing joysiz chiranganingdek, meni ham o‘z yoningg‘a tortmoqchi bo‘-lasan.
— Bo‘lmasa manim barcha harakatlarim o‘rinsiz ekan-da?
— O‘rinsiz.
— Nega o‘rinsiz bo‘lar ekan?
 — Sening muddaong, — dedi hoji, — marg‘ilonliq kelinni o‘g‘lingdan ajratib yuborish va bu kelining bilan qoldirish — shundog‘mi?
— Albatta shundog‘!
— Mana bu harakatingni o‘rinsiz chiranish, deydilar. Nega desang, bilfarz o‘g‘lingni oldingg‘a olsangda, undan so‘rasang «qaysi xotining bilan bo‘lishni xohlaysan? Xohlamag‘aningni qo‘y», deb. Ana shu vaqtda o‘g‘ling nima der edi? Nima deyishini o‘zing ham yaxshi bilsang kerak, xotin!
— Bilaman, — dedi O‘zbek oyim, — marg‘ilonliq-ning domlasi kuchlik. O‘g‘lim bechoraning boshini aylantirib, ko‘nglini xippa o‘ziga bog‘lag‘an.
Yusufbek hoji o‘zini kulgidan yana to‘xtata olmadi:
— Yaxshi, — dedi, — sen ham-ku uch yildan beri Toshkanddagi hamma domlaxo‘jalarning eshigiga birma-bir kirib-chiqding. Bas, sen ham nega o‘g‘lingning ko‘nglini Zaynabka xippa qilib bog‘lay olmading?
O‘zbek oyim erining bu savolidan hayron bo‘lib turmadi:
— Marg‘ilonlikning domlasi sihirchi hindi edi. Men bo‘lsam, bu yerdan hindi domla topa olmadim.
Hoji endi kulmadi. Chunki xotinining holiga achina boshlag‘an edi.
— Bundog‘ aqlsiz ishlarni qo‘yayliq, xotin, — deb muloyimona so‘zlab ketdi, — bir oz aqlg‘a yon berib ish qilg‘an kishi hech bir vaqt dard qilmaydir. Modomiki, ikkimizning yolg‘iz ishonchimiz shu o‘g‘limiz ekan va uning sog‘liq, shodlig‘i bizning tirikligimizning tiragi ekan, bas, bizga lozimi uning xursandlig‘i nima bilan bo‘lsa, shuni axtarishdir. Men yaxshi bilamanki, sen bu ishlarni faqat o‘g‘lingni ayag‘aningdan qilasan va senda shundan boshqa hech bir maqsad yo‘q, bu tarafdan qarag‘anda seni ham ayblab o‘lturish oson emas... Shuni yaxshi bilg‘ilkim, o‘g‘lingning oy sayin Marg‘ilong‘a qatnab turishi seni xafa qilsa, meni ham sendan battar achchig‘imni qistatar, hatto ba’zi kezlarda so‘kib yubo-rish darajalarigacha borib qaytar edim. Ammo sening jahlingni chiqarib kulishim bo‘lsa, faqat «o‘lganimdan kulaman, yuzimni yerga suraman» qabilidan bo‘lib, bunga sen tushunmas eding. Nihoyat sen aytkandek jonim hiqildog‘img‘a yetdi-da, o‘g‘lingni bu gal Marg‘i-long‘a borma, deb yo‘ldan qaytarib qolg‘uchi ham men— o‘zim bo‘ldim... O‘zbek oyim boshini tervatib so‘zni eshitib kelar edi. Bu keyingi so‘zni eshitkandan keyin boshini ko‘ksigacha yetkuzib, «barakalla, rahmat» degandek qilib qo‘ydi.
Hoji davom etdi:
— Manim bu to‘xtatib yubormay qo‘yg‘animdan xabarsizlig‘ing uchun bo‘lsa kerak, ko‘ngling dom-laxo‘janing duosiga ketib qoldi va men sening so‘zingdan kuldim. Chunki haqiqatda buning sababchisi o‘zim edim...
O‘zbek oyim eridan o‘pkaladi:
— Nega axir meni xabardor qilmaysiz?
— Bu to‘g‘rida menda ham ayb bor, — dedi hoji, — sen bilan o‘zimning muddaolarimiz bir, deb o‘ylag‘anim uchun Otabekni koyib to‘xtatqanimdan so‘ng seng‘a kengash olmasdanoq qudalaringga bir xat yozg‘an va kelin bolani Toshkandga olib kelishlarini so‘rag‘an edim. Haytovur so‘zimni yerda qoldirmag‘an o‘xshaylar, bu kun qudadan bitta javob xati oldim. Aqlli kishilarning sadag‘asi ketsang ham arziydir: «Shu choqqacha sizlarga ayttirmasdanoq ziyoratlaringizga borishimiz kerak edi. Xatingizni o‘qub nihoyatda xijolat chekdik, ayniqsa kelin bolangiz bek oyimg‘a qaysi yuz bilan qarayman, deb yuzini yuldi. Bu adabsizligini borg‘andan so‘ng albatta yuziga solmaslar, deb ishonamiz», deydir...
O‘zbek oyim eriga anqayg‘ancha qarab turar edi. Haqiqatan ham hojining ustalig‘i O‘zbek oyimdek dumbul tabi’atlik xotinlarni gangitarlik edi.
Ul xotinining javobini kutib o‘tirmasdanoq, tom ustiga tom yopa bordi:
— Qaysi uyni bo‘shatdirsaq ekan? — deb so‘radi va javob kutmasdan, — qudalaringni nima bilan kutishni bo‘lsa o‘zing bilasan: tuya so‘yib chorlag‘aningda ham kelmaydirgan kishilar, — dedi.
O‘zbek oyimning miyasi aynadimi yoki o‘zi aytgan sihirchi hindining duosi asar qildimi, har nuchuk uch yillik adovatlar va kina-kuduratlar barchasi ham allaqa-yoqg‘a qarab uchib ketdilar va ularning o‘rnini «ikki kelinlik bo‘lish» masalasi kelib oldi. Uzoq-yaqin xotinlarning «Hoy, O‘zbek oyimning marg‘ilonliq kelini ham kelibdur, xuddi to‘tining bolasi emish. Yuringlar, bir ko‘raylik», degan so‘zlari eshitilgandek bo‘ldi. Shu chog‘qacha Zaynabka yalinib, yalpog‘lanib kun ko‘rib kelgan bo‘lsa, mundan so‘ng bir qo‘sha kelinni o‘zining oyog‘lari ostida yalinib yurgan holda ko‘rdi.
— Har nima bo‘lganda ham tegi nozik,— dedi oyim,— izzati uchun shu uyimizni bo‘shatib beramizmi?
— O‘zing bilasan.
— Biz to‘rdagi uyga ko‘chib o‘tsak ham bo‘ladir. Axir tegi nozik.
Uch yillik kina va adovat o‘rnida nihoyatda oliy marhamat va mehribonchilik kelib o‘lturgan edi. Uch yillik emas, uch daqiqalik o‘zgarishdan O‘zbek oyimning yuzi qizarmas va qizarishni ham bilmas, hatto o‘g‘ul-qiz o‘sdirishni bilmaguchi Yusufbek hojidan allaqancha yuqorilarda yurar edi. Yusufbek hoji esa xotinidagi bu kulgulik o‘zgarish uchun ajablanmadi va kulmadi, chunki bu kulki tabi’atka molik bo‘lgan xotin bilan endi o‘ttuz besh yillab birga yashar edi.
O‘zbek oyimni shu holga keltirgandan keyin undan so‘rab qo‘ydi:
— Zaynabka ham bu xabarni yotig‘i bilan aytib qo‘yamizmi?
— Siz bilan men bir ishni muvofiq ko‘rganimizdan keyin Zaynabka chikora, — dedi
O‘zbek oyim. Mundan uch daqiqa ilgari saodati uchun tirishilgan orzuliq Zaynabning oqibati ham shu bo‘lib qolg‘an edi.
— Gap unda emas, — dedi hoji, — umr, murosa degan gaplar bor, ayniqsa kundashlik ishi qiyin, kosa kosaga tekkanda g‘idi-g‘idi gaplar ko‘paysa, bizga emas, o‘g‘lingga ham tatimay qoladir.
— Chaqir deysizmi?
— Chaqir.
O‘zbek oyim Zaynab bilan Otabekning kutilmagan ravishda ochilib so‘zlashib o‘lturganlari ustidan chiqdi.
— O‘g‘ul-qizning kengashimi?
Otabek kulimsirab Zaynabka qaradi, Zaynab esa tuzatinib o‘rnidan turdi va qayin onasiga joy ko‘rsatib:
— Shunaqag‘a o‘xshaydir, oyi. O‘g‘ul-qizning kengashi xudda shu kunga yig‘ilib qolg‘an ekan, — dedi va kulimsirab eriga qaradi.
O‘zbek oyim o‘lturmadi va uni-buni surishtirib, o‘ylab turmadi:
— Ikkalasiga bir pardan ko‘ylaklik ol! Birini past, birini baland qilma, bu xotining bo‘lg‘anda ul ham ko‘z ochib ko‘rganing... Zaynab, sen men bilan jurchi, hoji otang chaqiryaptilar, — dedi.
Tomdan tarasha tushkandek qilib so‘zlangan yuqo-ridag‘i gaplarga boshda ularning ikkavi ham tushunmadi. Ammo bir ozdan so‘ng Otabek aytilgan telva-teskari so‘zlarning ma’nosini onglab oldi, onasining nima bo‘lsa ham Marg‘ilon tarafka og‘ishqanini va o‘zining kuchlik bir dushmandan qutilayozganini bilib Zaynabni nima uchun chaqirilg‘anini ham payqadi. Zaynab esa bir nar-sa tushunmagan holda qayin onasi bilan chiqdi.
Qayin ona, kelin qarshisig‘a kelib o‘lturishkandan keyin, hoji Zaynabka qarab oldi.
— Bolam, Zaynab, — dedi, — biz Marg‘ilondagi opang ko‘chini olib kelmakchi bo‘ldiq...
Sen shunga nima deysan?
Zaynab yalt etib qayin onasig‘a qaradi, chunki O‘zbek oyimning boyagi gapi endi unga onglashilg‘an edi. Do‘stni dushman yonida ko‘rib bilinar-bilinmas qilib entikdi.
— Men nima der edim...
— Gap nima deyish va nima demasingda emas, oyim!— dedi hoji, — gap shundaki, ul kelgan chog‘da egachi-singildek bo‘lib keta olasanmi, deb so‘ramoqchiman.
— Bo‘lib ketarmiz...
— Egachi-singil bo‘lib ketarsiz-a? — deb takror so‘radi qayin ota.
— Bilmadim...
— Nega tag‘in bilmay qolding?
Zaynab bir muncha vaqt o‘ylanib qoldi.
— Qars ikki qo‘ldan chiqadir, — dedi Zaynab, — men yaxshi bo‘lg‘anim bilan opam yomon bo‘lsa, hozirgi bergan va’damdan nima foyda bo‘lsin.
— Juda to‘g‘ri gapirding, bolam, sendan olg‘an va’dani undan ham olamiz.
Zaynab sukut qildi.
— Zaynab siz o‘ylag‘an kelinlardan emas, — dedi O‘zbek oyim, — xudog‘a shukur, aql-hushi boshida.
— Boshqa gaplarni ko‘nglingga kelturma, qizim. Marg‘ilonliq kelin bilan sening bizga hech bir farqlaring yo‘q, ikkavlaring ham bolamizning qo‘shog‘i — bolamizsiz!
Zaynab boshini irg‘atib qo‘ydi. Yusufbek hojining duosidan so‘ng, Zaynab Otabekning oldig‘a kirdi.
Otabek Zaynabning yuzidagi ma’yuslikni birinchi ko‘rishdayoq sezdi. Bir oz jimgina qarshima-qarshi o‘lturishdilar, ikkisiga ham so‘z aytish o‘ng‘aysiz va al-lanarsa mone’dek edi.
— Nega chaqirg‘an ekanlar? — deb nihoyat Otabek so‘rab yubordi.
— Bilib turib so‘raysizmi? — dedi Zaynab kuchlanib kulgan holda.
— Nimani bilib turib?
— Marg‘ilondan keladirgan kishingizni.
Otabek qiyin holatda qoldi va og‘zig‘a shu gap keldi:
— Munda manim ixtiyorim yo‘q... hamma ishni otam qilayotibdir.
— Otangiz qilsalar ham sizning ko‘nglingizdagicha.
— Nima ko‘nglimdagicha?
— Suyganingiz bilan birato‘lasiga qo‘shilib olish, albatta, sizning ko‘nglingizdagicha...
— Men uni suyamanmi?..
— Albatta suyasiz...
Otabek o‘zini tinch ushlagan holda:
— Yanglishasiz! — dedi.
— Hech yanglishmayman,— dedi Zaynab,— siz uyla-nishdayoq uni suyub olg‘ansiz, meni bo‘lsa... men: ota-onangizning orzularicha, — dedi va ko‘ziga jiq yosh oldi. Otabek og‘ir holga tushdi, bu to‘g‘ri so‘z uni tamom esankiratdi va bu haqiqatka qarshi borish, ya’ni yolg‘onlash yana og‘ir edi. Shunday bo‘lsa ham yolg‘onlamay chorasi bo‘lmadi:
— Boshda... suyub uylanganim siz aytkancha to‘g‘ri, ammo hozir undog‘ emas, — dedi.
— Ishonmayman.
— Nega ishonmaysiz, ishoning...
Zaynab bir oz unga qarab turg‘andan keyin:
— Ishonmag‘animnnig sababi bor, — dedi.
 Otabek tinchsizlandi:
— Sababini... so‘zlang...
— Menga uylanganingizga qancha bo‘ldi?
— Ikki...
— Shu ikki yildan menga bo‘lg‘an aloqangiz bir zar-ra ham o‘zgargan emas, — dedi Zaynab, — meni xotin o‘rnida ko‘rmaysiz!
— Bekor gap...
— Bekor gap emas, jonim, — dedi Zaynab qizishqan holda. — Marg‘ilondan qaytkandan keyingi kunlaringizni mehmonxonada kechirib kelishingizdan albatta tona olmassiz. Shu ham umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘yg‘an edi, deb manim to‘g‘rimda o‘ylab qaramas-lig‘ingizning sababi ham o‘zingizga...
Zaynab so‘zini bitira olmadi, chetka qarab ko‘z yoshisini to‘kdi. Otabek go‘yo tog‘ ostida qolg‘an edi.
— Siz tamom boshqacha tushunibsiz...
— Bo‘lmasa, bu gaplarning sababi nima?
— Sababi juda ochiq, — dedi Otabek. Lekin nimani sabab qilib ko‘rsatishni o‘zi ham bilmas edi.
— Aytingiz axir?
— O‘zingiz ham bilarsiz, deb o‘ylayman.
— Men hech narsa bilmayman.
— Bilasiz!
— Xudo haqqi bilmayman.
— Bilmasangiz... — dedi bek, — bilmaganingiz yaxshi. Sizga o‘z og‘zim bilan iqror qilishg‘a uyalaman...
— Mendan-a, xotiningizdan uyalasizmi?
— Uyalmayinmi?
— Uyalmang.
— Uyalmasam... mizojim zaif...
Zaynab ishonar-ishonmas unga qaradi.
— To‘g‘ri so‘zlamadingiz...
— Ishonmasangiz o‘zingiz biling, lekin haqiqat gap shu, sizdan uzoqda yurishimning sababi ham shunda.
— Ishong‘animda ham bu hol tashqarida yotib yu-rishingiz uchun katta sabab bo‘la olmaydir. Chunki men faqat shuning uchun sizdan o‘pkalamayman, — dedi va ko‘zini to‘ldirib Otabekka qaradi. — Menga sizning mizojingiz kerak emas... O‘zingiz!.. — dedi va yig‘lab yolborg‘an holda Otabekning quchog‘ig‘a o‘zini tashladi. Otabek Zaynabning shu qadar yurak dardi borlig‘ini bi-rinchi martaba bilar edi. Bechora Zaynab jonsiz haykalni o‘pib quchoqlar va yolborar edi.