O'tkan kunlar/22

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
O'tkan kunlar  (1926)  by Abdulla Qodiriy
22. Bir g'aribi beshora

Bu tarixdagi xon o‘rdasi Qo‘qonning bu kunda Xoda bozor atalg‘an o‘rnida edi. Ro‘monning o‘n uchunchi faslida Marg‘ilon o‘rdasining ta’rifi yozilg‘anliqdan va bu o‘rdaning ham tashqarig‘i aylanasi o‘sha o‘rda qabilidan bir tusda, bir uslub va bir vus’atda bo‘lg‘anliqdan bu o‘rinda yana qog‘oz qoralash ortiqchadir. O‘rda darbozasi, navbatchi qorovul, darboza sahnining kengligi — barchasi ham o‘shal o‘rda singari, ammo buning tashqarig‘i ko‘rinishidag‘i ortiqlig‘i to‘rt burchida qada-lib turg‘an navbatchilari edi. O‘rda darbozasidan ichkariga kirilgach, bundagi tuzilish Marg‘ilondag‘idan tamoman deyarlik boshqacha bo‘lib chiqar, shunga binoan bu yer bilan tanishmoq ehtiyoji tushar edi.
O‘rdaning ichkarigi o‘ng, chap biqinlari sipoh turish uchun soling‘an binolar va sahnida biz Toshkandda ko‘rib tanishqan ravishcha kiyimlik sipohlar (yigitlar) turkim-turkim bo‘lib, ponsad boshilar qaramog‘ida qilich urish mashqini ta’lim olmoqda edilar. O‘rdaning belidan, ya’ni shimoldan sharqqa qarab bir xatti mustaqim bilan devor va bul devorning ikki tarafini barobar— ling tashlanib, o‘rdaning ichkari qismig‘a xon saroyiga kiriladirgan darboza qurilg‘an edi. Bu darboza eskirgansumon ko‘rinsa ham asli yaratilishdag‘i nafislik, me’moriy san’atkorlik o‘chayozg‘an bo‘lsa ham, biroq undagi ivirjivir sirlar, o‘yma naqshlar hali ham kishini hayron qoldirarlik edilar. Ayniqsa darbozaning ikki biqinidag‘i «o‘girmagul» tarzi bilan ishlangan guldastalar, darboza ravoqidag‘i ganchdan qabartirilib yasalg‘an bo‘rtma naqshlar, gullar hali o‘zlarining nafosatlarini unchalik yo‘qotmag‘an edilar. Quyosh g‘arbga qarab og‘qan, uldastalar ustiga qo‘ndirilg‘an oltin hilol alomatlari quyosh nuri bilan ko‘zni elitarlik darajada yashnar edilar. Darbozaning ikki yonidag‘i maxsus ishlangan qorovulxona — sufachalarda ikki nafar navbatchi turar edi. Navbatchidan o‘tib, darbozaga kirilsa gunbaz ravi-shida yo‘lak, o‘ngg‘a yurilsa devonxonag‘a, so‘lg‘a ketilsa xon mahkamasiga chiqiladir-da, mahkama bo‘sag‘asida yana haligidek ikki nafar navbatchiga uchrashiladir.
Marg‘ilon o‘rdasida ko‘rganimizdek bir dahliz, ammo bu o‘zining naqshlari, gullari, anvo’i sirlari, oliyliq va ko‘rkamligi bilan Marg‘ilonnikini ko‘lagada qoldirarliq edi ersa-da, eskirganligi uning ortiqlig‘ig‘a xalal bermakda edilar. Dahlizdan ichkariga qaralsa bir munaqqash va muzayyan zol, ikki tomonida xonning shog‘ovul boshilari, yasovul boshilari, dasturxonchi va oftobachilari, tunqator va parvonachilari otaliq va mehtarboshilari va tag‘i alla qancha vazir-vuzarolari qator tizilishib o‘lturmakda edilar. Zolning uchunchi darichasidan narig‘i tomon bir yupqa munaqqash devor bilan ajratilgan bo‘lib, ichkariga kiriladirgan eshiksiz bir yo‘l, bu yo‘l bilan haligi devor ikkiga ajralib, har bir bo‘lim devorning o‘rtasida kishi boshi sig‘arliq bir tuynuk, bu tuynuklar yonida qo‘lig‘a oybolta ushlagan ikki nafar jallod qotib turar edilar. Shu jallodlar orasidan o‘tib uchunchi bo‘limga kirilsa, qarshida yarim gazlar yuksaklikda to‘rt oyog‘liq oq marmardan yasalg‘an taxt ustida oltin kamarga taqilg‘an oltin sopliq qilichini tizasi ustiga ko‘ndalang qo‘yib, qizil duxobadan tikilgan po‘stun kamzul ustidan adras to‘n kiygan, boshig‘a simobi shohi salla o‘rag‘an o‘n sakkiz yoshlar chamaliq, cho‘ziqqina yuzlik, bug‘doy ranglik xon o‘lturar edi. Bu Xudoyor edi. Xonning so‘l tomonidag‘i oltin hallik kursi kishidan bo‘sh, o‘ngdagi — ichki saroyga kiradirgan eshikcha yonidag‘i kursi ustida O‘ratepa chakmani ustidan qayish kamar bog‘lab, soddag‘ina qilich taqing‘an, boshig‘a oq barra popoq kiyib, basharasidagi burni yuzi bilan bir qatorda deyarlik tekis yaratilg‘an, o‘rtacha soqol, qisiq ko‘z, bug‘doy rang, o‘rta yoshliq bir qirg‘iz— Musulmonqul o‘lturar va hozirg‘ina hudaychi tarafidan o‘ziga topshirilg‘an ariza va maktublardan ochib o‘qur edi. O‘qub turg‘an arizasi ahamiyatsiz bo‘lsa kerak qog‘ozni ikkiga yirtdi-da, oyog‘ining ostig‘a tashladi va ikkinchi maktubni ochdi. Bunisi O‘sh hokimi tarafidan yozilgan edi:
«Davlatimiz stuni, padari arus shahanshohi Musulmonqul bahodir huzurlariga nomai humoyun ba-robari O‘sh madorisotida tahsilda bo‘ling‘an faqir qirg‘iz tullobig‘a marhamat buyurg‘anlari hadoyo tullobning darajai ilmiyalarini imtiyozan taqsim qilindilar. Ashaddu faqir va ehtiyojda avqoti talx mururiga majbur va masbur o‘lg‘an qirg‘iz mullalari padari arus shahanshohining altofi0 shohonalaridan riqqatka kelib obidiyda qildilar va Haq taolo dargohi vasi’asidan aduvi badkirdorlariga zafaryob bo‘lmoqlarini va Zolona yashab Amir Temur Ko‘ragondek jahongir bo‘lmoqlarig‘a duo va niyoz etdilar. Ba’da xotiri otir oliylarig‘a maxfiy qolmag‘aykim, shahar va atrof ellarimiz davlati azimai qaviyalari soyai himoyatida nobob bid’ahdlar xavotir va xavfidan tinchdir. Noma oxirida yosh shohimiz janobi xoqoni xavoqin, sultoni salotin hazratlariga padari arus shahanshohining panohi himoyatlarida ko‘b yillar davru davron, ofiyat va salomatlik tilab navkarlari...»
Musulmonqul Xudoyorga O‘sh ahvolini so‘zlab, uchunchi maktubni ochdi, bu maktub xususiy bir kishidan bo‘lsa kerak, muhr va o‘zga takalluflardan xoli edi:
«Mazlumlar dodig‘a, maqhurlar faryodig‘a o‘zining adolatlik qilichi bilan yetishquchi Musulmonqul qipchoq xizmatlariga... ko‘zlarim zulm yoshi bilan jiq, ko‘nglim davlat xoinlari qo‘rqunchidan titragan bir holda qalam tebrataman. Davlatning sodiq bir fuqarosi, ixloslik bir yigi-ti davlat ustiga o‘zining mudhish zarbasini tashlab turg‘an bir bad’ahd o‘g‘lini o‘shandog‘ki otasining vakolati birlan ikkinchi bir tinch, ulug‘larg‘a mute’, farmonbardor bir shahar ahlini oyog‘landirmoq bo‘lg‘an edi. Uni isbotlari, shohidlari birlan dor ostig‘a tortquchi sodiq bir qulni ko‘klarga ko‘tarish o‘rniga qamamoq va oyog‘ig‘a zulm zanjirini urmoq bo‘ladirlar... Musul-monqul janobidek bir bahodirdan andisha qilmay uning dushmanlarini sarfaroz aylab do‘stlarini g‘amgin qiladirlar. Maktubning tumanlik ma’nosiga tushuna olmag‘an Musulmonqul bu o‘rinda to‘xtadida, maktubning oxirig‘a ko‘z tashlab oldi:
«Bungacha manim hayajon va qayg‘u orasida yozg‘an yo‘llarima balki tushunmagandirsiz, buning uchun g‘azablanmay bu gunohimni sizga sodiq bir qullig‘im yo‘lig‘a kechirursiz. Bu kundagi Toshkand isyonining boshliqlaridan bo‘lg‘an Yusufbek hoji Azizbek nonko‘rning mashvarati birlan marg‘ilonliqlarni ham janobingizga qarshi oyoqlandirmoq maqsadida o‘z o‘g‘lini munda yuborg‘an ekan. Faqir sodiq qulingiz bu e’vagar yigitning tevaragiga o‘z tarafdorlarini yig‘ib qurg‘an bir majlislariga rost kelib va uning Marg‘ilonga nima uchun kelganligini payqab, nihoyatsiz xavfka tushdim. Uning so‘zlari qipchoqlarni yo‘qotib, hukumatni shaharliklar qo‘lig‘a olish edi. Qipchoqlar xayrixohi kamina qulingiz bu sirni ichimga yutolmay, bir necha vositalar birlan Marg‘ilon hokimi O‘tabboyga bildirdim. O‘tabboy qushbegi Yusufbek hoji-ning o‘g‘li bo‘lg‘an mazkur Otabek bilan uning tarafdori va qayin otasi Mirzakarim otliq kishini qo‘lg‘a olib zindon qildi. Qushbegining chaqirishi bilan huzuriga hozir bo‘lib, Otabek og‘zidan nimaiki eshitkan bo‘lsam bir-bir so‘zlab berdim. Xolis shahodatim so‘ngida Otabek bilan qayin otasi Mirzakarimni qushbegi osib o‘ldirishka buyurdi. Ammo O‘tabboyning kisai xiyonatiga Mirzakarimning havlisidan kelib tushkan bir xalta oltinlar barobariga dor ostig‘a yetkan e’vogarlarni o‘limdan ozod qildi, davlatning sodiq qullaridan bo‘lg‘an kaminai xolisni muttahamlar yeriga zindon qilmoq va osib o‘ldirmoq bo‘ldi. Chunki kamina qulingizning sizga shikoyat qilishimdan benihoyat qo‘rqar erdi. Ammo davlatlari yori berib, sadoqatlik xizmatkorlaringizdan bo‘lg‘an Marg‘ilon qo‘rboshisining yordami birlan O‘ttaboyning changalidan arang qutilishg‘a muvaffaq bo‘ldim...»
Maktubning shu yeriga yetkanda Musulmonqul xatdan bosh ko‘tardi. Hozir uning kipriksiz qisiq ko‘zlariga o‘tlar yonmoqda edi. Qichqirdi:
— Chilim!
«Shundog‘ qilib sizning o‘z kishingiz bo‘lg‘an O‘tab-boy tuz haqingizni unutdi. Bir hamyon oltin deb dushman-laringiz tarafiga o‘tdi. Sizning xayrixoh qullaringizdan bo‘lg‘an biri o‘z shahrini tashlab Qo‘qon qochmoqqa va ulug‘ dargohingizga sig‘inmoqqa majbur bo‘ldi. Men, xolis qulingiz o‘zimning sadoqatim evaziga bunday mukofot olg‘anim uchun qayg‘irmayman va lekin O‘tabboy va Otabek kabi xoinlarni kundan-kunga kuch olib davlati shahriyorig‘a dahshatlik bir falokat tug‘dirishlaridan qayg‘iraman. Bu maktub sodiq bir qulning xolis sadoqatidan bir namunadir. Men shuning ila shoyad o‘z bo‘ynimdag‘i vazifani ado etkan bo‘lurman. Shoyad davlat dushmanlarini o‘z oyog‘laridan yitib ketishlariga sabab bo‘lg‘an bo‘lurman.
O‘zimning bu xizmatim evaziga bir mukofot olish muddaosida bo‘lmag‘animdan va nimaiki janoblari yo‘lida mashaqqat chekkan bo‘lsam o‘zimning bir vijdoniy vazifam deb bilib, bu maktubda o‘z otimni yozishg‘a ham tilamadim. Yosh xonimizga tinch va shavkatlik davr, davlat xoinlariga o‘lim tilab bir g‘aribi bechora».
Musulmonqul nihoyatda tutoqqan edi. Hozirgi borliq alamini tamakudan oladirg‘andek hudaychi keltirgan chilimga yopishdi-da, shig‘-g‘ etdirib, sarxonani sindirish darajasiga yetkuzib tortdi. Og‘zidan pag‘a-pag‘a tutun chiqarar ekar, xatning mazmunini Xudoyorg‘a so‘zladi. Toshkand ustiga yuborg‘an sipohlari bilan Normuhammad qushbegini nihoyat Toshkandni ololmay qaytish xabarini eshitib, so‘ng darajada ma’yusiyat ichida o‘lturgan Musulmonqul uchun bu maktub yara ustiga tuz sepish qabilidan tag‘in ham alamlik bo‘lib tushkan edi.
— Xudaychi!
— Labbay taqsir!
— Mirzani chaqir! — dedi Musulmonqul, so‘ngra qo‘lidagi maktubni taxig‘a solar ekan, Xudoyorg‘a dedi:— Eshitdingizmi, o‘g‘lim! Azizbek bilan Yusufbek bizga nimalar qilmoqchi bo‘ladirlar? O‘zimizning sodiq kishimiz, deb o‘g‘lag‘an O‘tabboy ham dushmanlarimiz bilan birgalashib boshlag‘an... Xayr qo‘llaridan kelganni qilib ko‘rsinlarchi, biz ham mundan keyin o‘shandoq ko‘rnamaklar bilan qiladirg‘an muomalamizni bilarmiz.
O‘z saltanatiga raxna solishdan iborat bo‘lg‘an bu xabarlardan Xudoyorxonning mutaassir bo‘lg‘anlig‘i belgusiz, ul bu gapni eshitmasdan ilgari qanday bo‘lsa, hozirda ham shu holda o‘zgarishsiz edi. Musulmon-qulning yonib turg‘an, o‘tdek tutoqib so‘zlag‘an gapini sukut bilan kechirmaslik uchungina bo‘lsa kerak quruq va shirasiz qilib:
— Hammadan ham O‘ttaboyni aytingiz, ablah bir odam ekan, — dedi, — meni siylamag‘anda ham sizni rioya qilsa kerak edi.
— Yaxshiliq qilg‘an kishingdan hech bir yaxshiliq qaytmas ekan, — dedi Musulmonqul.
— Jumladan, bittasi ko‘z o‘ngimizda — Azizbek. Men uni yoshlig‘idan boshlab o‘z qo‘limda o‘stirdim, Toshkand hokimligidan Salimsoqbekni olib uning o‘rniga hokim tayinladiq. Biroq shunchalik yaxshiliqlarimizg‘a qarshi natijada bizga yog‘iy bo‘ldi, bo‘lsin; ul Toshkandning o‘zigagina qanoatlanmay Marg‘ilon bilan ham ish qilmoqchi bo‘lsa, bunisini ham biz ko‘raylik.
Mirzaboshi kirib xong‘a qulliq qildi va Musul-monqulg‘a qarab qo‘l bog‘ladi.
Musulmonqul yana xumori bo‘lg‘an edi — «Chilim!» deb tashqarig‘a qichqirdi, so‘ngra mirzoboshig‘a dedi:
— Hozir Marg‘ilon hokimi O‘tabboy qushbegiga bir xat yozib, chopar bilan yubor. Xatni olg‘an zamon Yusufbek hojining o‘g‘li Otabek deganni olib huzurimizga kelsin! Mirzobashi qulliq qilib orqasi bilan yurib chiqdi.