O'tkan kunlar/21
Yusufbek hoji ustida boyag‘i kimxob to‘ni bilan Shayxantahurning Zanjirlig‘iga yetib, guzarda yig‘ilib o‘lturgan va o‘ziga salom berish uchun o‘rinlaridan turgan xalqqa xitob qildi:
— Uying kuysin, musulmonlar! Yaxshi deb yo‘lida jon berganing Azizbek, bu kun senlarga yaxshilig‘ingni o‘ttuz ikki tanga soliq bilan qaytarmoqchi bo‘ldi. Hozir senlarga ikki yo‘l: o‘g‘ul, qizingni sotib bo‘lsa ham o‘ttuz ikki tangani Azizbek xazinasiga to‘lash yoki es borida etakni yopib Azizbekni oradan ko‘tarish... Uying kuydi, musulmonlar!
— O‘ttuz ikki tanga!
Xalq Yusufbek hojidan bir zarra yomonliq yoki bo‘lmag‘ir bir kengash eshitmagan va shuning uchun ul qayoqqa yursa, shu yoqqa borishqa hozir turar edi. Ayniqsa o‘ttuz ikki tanga dovrug‘i guzar ahlining yuraklarini uyushdirib, buni eshitish bilanoq isyonga qo‘l qo‘ydilar.
Boshlab Zanjirliq xalqi ko‘chalarga chip tashlash, Azizbekka qarshi urush hozirligi ko‘rish xayoliga tushdi. Yusufbek hoji to Eski Jo‘vaga yetkuncha o‘zining yuqoridag‘i so‘zini ko‘y, guzar xalqig‘a takrorlab kelmakda edi. Eski Jo‘vada azim bir jamoat yig‘ib, Azizbek bilan bo‘lgan mojarosini so‘zladi va ustidagi kimxobni ko‘rsatib istehzo tariqasida:
— Soliqni bermangiz demayman, chunki sizning itoatingiz menga bundog‘ to‘nlar berar! — dedi.
Xalq nihoyatda qizishdi. Go‘yo birisi quvrag‘an to‘qayg‘a o‘t turtdi. Ho‘lu quruq deganlaridek katta-kichik barobar yonmoqqa oldi.
— Yaxshilig‘imizni unutdi, do‘ng‘iz! O‘ttuz ikki tan-gani yaxshilab beraylik biz unga! Ozi bir oy o‘tmas-danmi, andishasiz?! — degan so‘zlar eshitila boshladi. Darrov uch kishini Sebzor, Ko‘kcha va Beshyog‘och dahalariga xabar uchun jo‘natildi. Yo qirilib bitish va yo Azizbekni oradan ko‘tarishka fotiha o‘qildi.
Orada bir soat ham o‘tmadi, butun do‘konlar yopilib, Toshkand ko‘chalari chiplar bilan to‘ldi. Barcha yarog‘langan, urushka hozir edi. Shaharning olalanish xabari o‘rdaga ham eshitildi. Ishni kichkina deb o‘ylag‘an Azizbek shahardan ahvol olish uchun Rayimbek dotqoni elli chog‘liq yigit bilan buyurdi. Ahvol olg‘uchilar Zanjirliqqa yetish bilan naq ishning qay darajaga yetkanini payqadilar: ko‘chalar chip bilan to‘lg‘an, chip orqalari shashvar, miltiq, xanjar, nayza ushlagan olomon bilan liq edi. Rayimbek dotqoning «Chiplarni yig‘ishtiringiz, o‘zlaringiz tarqalishingiz!» deb aytkan yaxshi so‘ziga quloq solg‘uchi bo‘lmadi. Dotqo dag‘allik qilgan edi, olomondan bittasi miltiq otib, ikki sipohni yiqib ham qo‘ydi.
Kechki soat to‘rtlar, asrdan bir oz ertaroq hukumat askari bilan xalq orasida urush boshlandi. Yarim soatlik otish, chopishdan so‘ng sipohlar Zanjirliq olomonlarini qochirib, Baland masjid chipiga yetdilar. Jon achchig‘ig‘a uchragan Azizbek o‘rdaga bir muncha sipoh qoldirib, butun kuchini yig‘ishtirg‘an holda Rayimbek dotqo ko‘magiga yetishdi. Buning ila sipohlar tag‘in ham kuchayib, olomonni Xadraga qarab surishka muvaffaq bo‘ldilar. Xadra chipida qonliq urushlar boshlandi. O‘ttuz ikki tanga soliq xavfida olomon ham Beshyog‘och, Sebzor, Ko‘kcha dahalaridan o‘ziga har zamon yarog‘liq yordamlar olib turmoqda edi.
Bu kun kechasi Toshkand qon ichida, mahallalarda bo‘lg‘an hukumat kishilari xalq tomonidan o‘ldi-riladirlar, uylariga o‘t qo‘yilib mollari talong‘a tushadir. Shaharning yuraklik yigitlari Xadra chipiga qarab chopadirlar, yuraksiz va keksalar guzar va mahallalarga to‘nkalardan gulxan solib, «o‘ttuz ikki tanga» qayg‘usida olomong‘a muzaffariyat tilaydirlar.
Yarim kechalar vaqti olomon Xadradan Eski Mis-karlikka qarab surilishka majbur bo‘ldi. Kutilmagan bu surilishlar Yusufbek hojini katta tashvishka solib qo‘ydi. Mundan so‘ng xalqning o‘ziga ishonib turolmay Toshkandni ololmay qaytqan Normuhammad qushbegiga yordamga yetib kelish uchun chopar yugurtirdi.
Eski miskarlikda ikki taraf ham tong otdirdilar. Ertalab yana qonli urushlar boshlandi. Ammo xalq endi o‘zini ancha tutib qolgan va har daqiqa to‘rt tarafdan yangi kuchlar olib turar edi. Shuning uchun sipohlar bir adim ilgari bosolmay qoldilar. Ammo xalq sipohlarni bossa bosqundek tovranar edi. Bu holdan nihoyatda bo‘g‘ilg‘an Rayimbek dotqo qilich yalanglab, sipohlar oldida olomong‘a qarab yugurdi. Biroq uning bu g‘ayrati o‘zi uchun halokat bilan natijalanib, Usta Mo‘minjon ismlik bir miltiq ustasining otqan o‘qi bilan ko‘kragidan yaralanib yiqildi.
Rayimbek dotqo Azizbek hokimiyatining tiragi edi. Uning qatlidan so‘ng sipohlardan ruh tushti. Hatto Azizbekning buyrug‘ig‘a ham quloq solmay to‘sto‘ska qochib boshladilar. Nihoyat Azizbek ham yonidag‘i qirq, ellik sodiq kishilari bilan qochib, o‘rdaga qamalishg‘a majbur bo‘ldi. Yusufbek hoji boshliq yer va ko‘kka sig‘mag‘an muzaffar xalq o‘rda tevaragini qurshab tushdi. Azizbek tezda berilmagani uchun minglab xalq o‘rda atrofidan siljimay, hatto oshsuvlarini ham shunda yeb xotirjam’ yotib oldilar.
Azizbek uchun kutilmagan falokatlar yuz bergan edi. Qochib qutilish mumkin bo‘lg‘ani holda tuzoqqa tush—kandek o‘rdaga ham qamalib bergan edi. Nima qilsin, qanoti yo‘qki uchib qutilsa... Qamalishining ikkinchi kuni o‘rda tomiga chiqti, eng keyingi, ham eng pastarin chorani ko‘rmakchi edi bu xoqon. Boshlab fuqarog‘a salom berdi, so‘ngra siniq va ojiz qolgan bir tovush bilan xalqqa uzr aytdi:
— Endi o‘zimning qilmishlarimdan pushaymon bo‘ldim... Men sizlarning qilg‘an yaxshiliqlaringizni unutqan ekanman... Sizlar o‘zlaringizning bu ishlaringiz bilan manim ketkan aqlimni yana miyamga o‘rnatdingiz... Rahmat fuqaro... Gunohimni kechiringiz, qilmishlarimdan pushaymon bo‘ldim, fuqaro!
Ammo xalq bunday yolborishlarg‘a, tavba-tazarru’-larga quloq solmadi, chunki ish o‘tkan, g‘isht qolipdan ko‘chkan edi:
— Endi esing kirdimi, o‘g‘ri? Burundan o‘ylab ish qilsang boshingda bu balolar yo‘q edi! Sen bizlarga nima ishlarni qilmading? Kun sayin necha gunohsizlarni osdirg‘an, kesdirgan, bolalarimizni yatim, onalarimizni qon yig‘latqan sen emasmisan? Xanjaringni xayf ko‘rib mahallarga chayon solig‘i solg‘an, og‘alarimizni chayon zahri bilan o‘ldirgan kim edi? Ket to‘ng‘iz, ket, tavba qilish zamoni o‘tdi, taqdiringga sen ham tan ber! — der edi xalq.
Xalq shuningdek gaplar bilan yuz yoqdan unga hujum qilib, hatto adabsiz so‘zlar bilan ham so‘kar edi. Azizbek hamon «Tavba qildim, fuqaro!» jumlasi bilan uzrini aytib turar edi:
— Siz yaxshilarim, bu qisqa o‘ylashingiz bilan o‘z oyog‘ingizg‘a o‘zingiz bolta urib, yana qipchoqlar qo‘liga qaram bo‘lasiz! Manim tavbamni loaqal o‘zlaringiz uchun qabul qilingiz!
Azizbekning bu so‘zlaridan keyin olomon tag‘i qizishib, quyidagi so‘zlari bilan ko‘kni ko‘tardi:
— Ikki qayta aldanish yo‘q! Sendek itdan bizga qipchoq yaxshi!
Xalqning bu javobi ishning ne darajaga yetkanini onglatarliq edi. Shu gapdan keyin Azizbek tamom umidsizlanib, dunyolarcha ma’yusiyat ichida tomdan tushib ketdi. Yusufbek hojining Normuhammad qushbegiga yuborg‘an chopari Kirovchi yaqinida unga yetkan va qushbegini tamomi sipohlari bilan Toshkandga qaytarg‘an edi. Alamzada qushbegi bu so‘yinch xabardan uchib-qo‘nib Azizbekning o‘rdaga qamalishining uchunchi kuni karnay-surnay bilan yetib keldi. Olomon yonig‘a qipchoq sipohlari kelib qo‘shilg‘andan keyin o‘rdaga bosib kirdilarda, Azizbekni ushlab ham oldilar. Yetmish kun bir muddat ovora qilib, minglab kishi qonini to‘kishka sabab bo‘lg‘an Azizbekni Qo‘qong‘a olib borib topshirish Normuhammad qushbegi uchun qiymatli edi.
Ul o‘rdada o‘lturar ekan, bunday ulug‘ dushmanni qo‘lg‘a tushirishning bosh omili bo‘lg‘an Yusufbek hojiga o‘z minnatdorchilig‘ini aytib tugata olmas, uning bu xizmatini xon bilan Musulmonqulg‘a so‘zlab, unga katta bir martaba olib berishka va’dalar berar edi. Albatta Yusufbek hojiga bu va’dalarning hech ahamiyati yo‘q, faqat ul o‘g‘lining sog‘lig‘ini bilsa va Marg‘ilon zindonidan uning qutqarilishig‘a va’da olsa, uning uchun dunyolarcha martaba va hurmat edi. Qushbegining va’dasiga iltifotsiz quloq berib turdi-da:
— Iltifotingiz uchun rahmat, qushbegi, — dedi. — Men endi dunyodan o‘tayotgan bir kishi; endigi man-sab-larg‘a uncha qiziqa olmayman. Agar manim qilg‘an xizmatim shunday iltifotlarga loyiq ko‘riladigan bo‘lsa, jon janobidan so‘raydirg‘an bir necha tilaklarim bor.
— So‘rangiz hoji, xon bermaganda ham olib berishka men kafil.
— Manim birinchi xolis tilagim, albatta mazlum xalq tilidan bo‘ladir: mundan so‘ng Toshkand hokimlig‘iga har qanday bo‘lmag‘ir odam qo‘yilmasin.
— Jon janobining hamma maqsadi ham shunda. Chunki, biz Azizbek kabilardan xalqnig‘ina emas, balki, o‘zimizni ham qiynatdirmoqdamiz.
Toshkand bekligi to‘g‘risida ko‘b muzokara va mu-solahadan keyin Yusufbek hoji o‘z yarasi ustida to‘xtaldi. Ul birinchi martaba o‘laroq o‘zining ichki kasalini hoziq deb Normuhammad qushbegiga ochdi. So‘zlar ekan, yuragi mash’um bir ehtimolning dahshatidan titrar, tili ham osonliq bilan harakatlanmas edi. Zero o‘zining bu o‘tinchini qush uchkan so‘ng otilmoqchi bo‘lg‘an sopqon qabilidan hisoblar va foydasiz bir iltimos deb cho‘chir edi.
— Agar manim bu xizmatim jon janobining marhamatiga loyiq ko‘rilur ekan, — dedi hoji, — menga eng manzur bo‘lg‘an mukofot — o‘g‘limning ozod qili-nishidir. Dunyo mojarosidan qo‘l yuvmoqchi bo‘lg‘an bir otag‘a keksaygan kunlarida farzand dog‘ini ko‘rmas-likning o‘zi ham ulug‘ mukofotdir, — dedi va ko‘ziga yosh oldi. Bundan qushbegi ham nasibasiz qolmay mu-taassir Yusufbek hojiga tasallo berdi:
— Qo‘rqmangiz hoji, — dedi, — Marg‘ilon hokimi o‘rinsiz qon to‘kuvchi kishi emasdir. Qo‘qonga borg‘ach, birinchi ishim o‘g‘lingizni qutqarish bo‘lsin, joysiz qayg‘ulanmangiz, hoji.
— Qulluq, qushbegi, agar bu xizmatni o‘z zimman-gizga olur ekansiz, ustimga katta minnat qo‘yg‘an bo‘lasiz... Biroq men qo‘rqamankim, siz Qo‘qong‘a borib yetkuncha ish vaqtidan o‘tsin...
Qushbegi ham bu to‘g‘rida o‘ylab qoldi va hojining ehtimolidan cho‘chib, shu soatda bir maktub bilan Qo‘qong‘a chopar yubormoqchi bo‘ldilar, bu ishning muvofiq kishisi albatta Hasanali bo‘lg‘anliqdan chopar bo‘lib belgulandi. O‘n besh kunlardan beriga shunday xizmatni kutib yotqan Hasanali otning boshini Qo‘qon tomong‘a qarab qo‘ydida, daqiqa ichida ko‘zlarga ko‘rinmas bo‘lib ketdi.
Bir kun keyin Normuhammad qushbegi ham bir muncha sipohni Toshkandda qoldirib, Qo‘qong‘a jo‘nash harakatiga tushdi. Toshkand olomonining ta-lablari bilan Azizbekning ikki oyog‘idan arqon bilan bog‘lab otning chovig‘a sudratma qildilar.
Sipohlar Qo‘qong‘a qarab harakat qilar ekan, Qo‘qon darbozasiga to‘lg‘an xalq Azizbekning ot oyoqlari ostida sudralib ketishiga huzurlanib tomosha qilar edi.