O'tkan kunlar/15

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
O'tkan kunlar  (1926)  by Abdulla Qodiriy
15. Toshkand qamalda

Bu kun Toshkand qamalining elli birinchi kuni. Sovuq bir oz yumshab tushkan, quyosh ochiq havoda harakat etmakda edi. Yerlar erib, hamma yoq shilt-pilt loy, qo‘rg‘on kungiralaridagi qirovlar bo‘g‘qa aylanib ko‘kka ko‘tarilmakda edilar.
Bu kun tongdan boshlab, Toshkandning Samarqand darbozasi tomonidan bo‘lg‘an qo‘qonlilarning hujum-lari o‘zlari uchun so‘ng darajada halokat bilan tugalgan. Qo‘qon sipohlari endigi hujumgacha shikastrextlarini tuzatish, yaralarini bog‘lash, damlarini olish uchun qo‘rg‘on yonidan qayoqqadir, qo‘shlariga ketkanlar. Qaramoqqag‘ina emas, so‘zlashka ham dahshat: Kamolon darbozasi bilan Samarqandg‘acha bo‘lg‘an qo‘rg‘on ostlari (bu ikki darboza oralari besh yuz adim keladir) boshsiz va ishtondan boshqasi tunalgan inson gavdalari bilan to‘libdir. Bu ochiq mozoristonni qo‘rg‘on kungiralari ustida mudofaadan so‘ng charchab, quyoshda jilinib o‘lturgan sallalik, qalpoqlik va popoqlik Toshkand mudofi’lari ming turlik shodliqlar ichida tomosha qiladirlar. Bu ikki darboza orasida ikki xil holat hukm suradir — qo‘rg‘on ostlarida jahannam dahshati bilan yalang‘och, boshi tanidan olinib qora qonig‘a belangan odam gavdalari yotib, qo‘rg‘on ustida ikkinchi kishilar dunyo shodlig‘i ichida suzadirlar.
Qo‘rg‘on ustidagi qahramonlardan bittasi kula-kula bir sarkardani otib o‘ldirganligini so‘zlab: «Padar la’natini o‘zim xo‘bam otdim-da, otning ustidan uch gaz ko‘tarilib yiqildi!» deydir. Tag‘in bittasi o‘liklar ichidan kimnidir ko‘rsatib: «Ana, ana, hov ana! O‘sha qipchoqqa o‘q tegib o‘lib o‘lalmay, yurib yuralmay ingrab yotqan ekan. Qilichim bilan boshini shartta kesib, belidagi oltin kamari va ustidagi kimxob po‘stunini olib chiqdim!» deydir. Har kim bu kungi urushdagi o‘zining erliklari bilan, qo‘lg‘a tushirgan oltin kamari, yoqut ko‘zlik uzugi, sovsar po‘stuni, kumush qinli qilichi va boshqa o‘ljalari bilan maxtanadir.
Shu vaqtda qo‘rg‘on ustidan qo‘shiq tovshi eshiti-ladir:
Zamoning zamon bo‘lsin — yor,
Aziz beging omon bo‘lsin — yor.
Dardiga davo topmay — do‘st,
Normating yonib o‘lsin — yor!
Biz endi shu o‘liklar yoni bilan qo‘rg‘on bo‘ylab bir oz ilgariga yursak olti gaz yuksaklikda, besh gaz kenglikda, ikki yoni sakkiz gazlik qo‘rg‘on devori bilan o‘ralg‘an, kunbotarg‘a qaratib qurilg‘an Samarqand darbozasi yonida to‘xtarmiz. Tevaragimizdan dushmanning hujum qilish qo‘rqunchi bo‘lg‘anliqdan biz ortiqcha chidamsizlik bilan darbozani qoqa boshlarmiz:
— Ochingiz bek aka, tezroq ochingiz!
Darboza beklari bizga iltifot qilmay o‘ltura beradirlar. Bizning o‘n besh daqiqaliq jon achchig‘ida qaxshag‘animizdan keyin darbozabonlardan bittasi zerikib sekingina qo‘rg‘on devoriga chiqadir-da, mo‘ralab bizga qaraydir. Ul bizni aniq toshkandlik bo‘lg‘animizga ishonsa darbozaga solingan nortuyaning boshidek qulfni ming mashaqqat bilan ochib, zanji-rini tushuradir. Biz o‘zimizni ichkariga olg‘ach, darbozabon o‘zining hazmi ko‘targan qadar bizga po‘ng‘illaydilar-da, darbozani berklash harakatiga tushadir. Endi biz darbozaning hay’atiga qaraymiz: oshlangan qo‘y po‘stagidan po‘stun kiyib, beliga butun bir bo‘zdan belbog‘ bog‘lag‘an va belbog‘ig‘a yarim gaz chamaliq kalid osqan, turkman popoqlik bir kishi. Shundan keyin biz darbozaning o‘ng tomoniga qarab yuruymiz. Darbozadan o‘n besh adimlar narida, shiyponga o‘xshash to‘rt tarafi ochiq bir binoda darboza beklari gulxan solib, chilim chakib o‘lturadirlar. Biz qo‘rg‘onning osti bilan ilgarilashda davom etamiz. Endi biz boyagi mudofi’larni ichkaridan ko‘ramiz: mudofi’lar qo‘rg‘onning eng yuqorig‘i pog‘onasida o‘zlari-ning turlik tus va bichiqdagi kiyimlari bilan qaysilari shashvar tutib, qaysilari miltiq ushlab, qo‘rg‘on kungirasiga suyanib, boshlarini quyoshg‘a berib o‘lturadirlar. Qo‘rg‘onning Kamolon darbozasigacha bo‘lg‘an qo‘ruq o‘rinlari shu-ningdek mudofi’lar bilan to‘lg‘an bo‘lib, o‘ziga bir turlik ko‘rinish tashkil etadir.
Kamolon va Samarqand darbozalarining o‘rta bir yeri bo‘lg‘an qo‘rg‘on ostida kimxob to‘n kiyib, simobi salla o‘rag‘an, beliga kumush bog‘lab, qilich taqing‘an bir bek oldidagi bir uyum narsaga ishorat qilib yonidagi bir yigit-ka nimanidir uqdirmoqda edi. Biz yana elli-oltmish adim yurib haligi so‘zlashib turg‘an beklar yaqinig‘a borsaq, qo‘rg‘on tashqarisida ko‘rgan dahshatlarimizni o‘zining ko‘lagasida qoldiraturgan yana bir «dahshatlar tepasi»ga ko‘zimiz tushadir-da, qo‘rquvimizdan soatlab hushimizni yo‘qotib qo‘yishga majbur bo‘lamiz.
Uch-to‘rt yuz inson boshidan turg‘uzilg‘an bir tepa.
Qarichg‘a keladirgan uzun soqollar, boshdag‘i xun olud siyrak sochlar, bo‘zarg‘an yuzlar, qong‘a belanib, yarim ochiq holda qorachiq o‘rnini qo‘rqunch bir oqliq bosqan ko‘zlar dunyoga va shu hayotka la’nat uqug‘andek qaraydirlar. Ayniqsa bir bosh, ehtimolki, hali yigirma yilni ham o‘tmagandir, murti ham chiqmag‘an. Xun olud quyuq qoshlari ostidagi yarim ochiq ko‘zlari kimnidir izlagandek qaraydir... Yarim ochiq irinlari ichidagi oq tishlari bilan tilini g‘archcha tishlagan-da, go‘yo shu turmushda, shu besar xalq ichida tug‘ilg‘ani uchun «attang» o‘quydir.
Bu boshlar uyumi ustida turg‘an qo‘rg‘on begisi yonidag‘i yigitka boshlar orasidan birini ko‘rsatib, o‘z tanishlaridan bir bekning boshi bo‘lganlig‘ini so‘zlaydir. Shu paytda Kamolon darbozasi tomonidan yarog‘lang‘an uchta otliqning ot choptirib kelganlari ko‘rilib, qo‘rg‘on ustida o‘lturgan mudo’filar ichida olag‘ovur qo‘pti:
— Hudaychi, Sulaymon hudaychi! — deyishdilar.
Hudaychi qo‘rg‘on begi qotig‘a yetib, bek hazratlari-ning hozir yetib kelishlariga bashorat berdi, yana oti-ning boshini burib yigitlari bilan orqag‘a qaytdi. Hudaychiboshining xabaridan bu kungi ulug‘ muzaffariyatni qutlag‘ali Azizbekning kelishi ma’lum bo‘lar edi.
Hudaychi jo‘nag‘ach, qo‘rg‘on begining paytavasiga qurt tushib, tipirchilab qoldi va u yoqdan-bu yoqqa yugira boshladi:
— Hoy qo‘rg‘on ustidagi azamatlar! Hozir bo‘lingiz, yasov tortingiz, bek keladirlar! Hoy Husaynbek, darbo-zabonlarga yugir, hozir tursinlar! G‘anibek yuzboshi, siz yigitlaringizni tartiblangiz! Yasovulboshi, hozir bo‘lingiz!
Qo‘rg‘onning qo‘ruq o‘rnidagi qahramonlar harakatka keldilar, yuqori qo‘ruqdan bir pog‘ona quyig‘a tushib saf-yasov tortdilar. Shovqin-suron orasida qo‘rg‘on begi ot ustida qo‘rg‘onning u boshidan-bu boshig‘a chopib:
— Hozir bo‘l, yigitlar! Tartibingni tuzat, salomga tayyorlan! — deb qichqirib yurar edi. Qahramonlar qo‘llaridag‘i miltiq, shashvar, oybolta, qilich va nayzalari bilan tizilishib oldilar. Safning o‘rta yeridan yashil bayroq ko‘tarildi. Shuning bilan Aziz parvonachining is-tiqbolig‘a lozim va vojib bo‘lg‘an barcha tartib va tantanaga hozirlanilg‘an bo‘lindi.