Jump to content

Kecha va kunduz/05

From Wikisource
334692Kecha va kunduz1936Abdulhamid Choʻlpon

Akbarali mingboshining belida kumush kamari, yonida kumush sopli qilichi, ustida zarbof choponi bo‘lmasa, hech kim uni amaldor demaydi. Oddiy kiyimda ko‘rganlar yo oddiy bir qishloq boyi, yo Yettisuv bilan aloqasi bor qo‘ychi, yo bo‘lmasa yaylov tomon bi­lan ish ko‘radigan tuyachi deb o‘ylaydilar. Chakka suyaklari turtib chiqqan, peshona – bo‘yiga tor, eniga keng va ham uzun-uzun uch chuqur ajinga ega… Burun o‘rtacha, lekin qanshari past… Ko‘z qisilibroq kelgan, parda tomirlaridan ikki-uchtasi va ham ikkala ko‘zining bir yonida jindak joyi hamma vaqt qizil, bir ko‘zida picha shapag‘liq asari ham bor… Iyak – keng, jag‘ – sergo‘sht. Juda siyrak bo‘lgan soqol iyakning o‘rtasigagina to‘planib, echkiniki singari pastga tomon sangillab tushgan. Uziqararoq xotin uchrab bir chang solsa, hech narsa qolmaydi! Mo‘ylov ham soqol singa­ri siyrak. Usta To‘xtashning «asrdiyda» dukati ik­ki kunda bir qirib turganligidan lab ustida kalta va tekis bo‘lsa ham, umuman, o‘zi yarmidan ko‘pi yiqitilgan daraxtzor singari xunuk ko‘rinadi, ikki uchida oltitadan o‘n ikkita uzun qil sichqonning dumiday ingichka bo‘lib pastga cho‘zilgan… Dukat bilan ikkala tomonga ikki marta qo‘l tegizilsa, u sichqon dumlaridan asar qolmaydi, shu bilan mo‘ylov masxaraboz kepatasidan chiqib, odam nusxasiga kiradi. San’atiga berilgan usta To‘xtash taassub degan narsani yig‘ishtirib qo‘yib, «san’at – san’at uchun» degan nazardan qarab… Akbarali mingboshiga mo‘ylov to‘g‘risida haligi taklifni qilgan bo‘lsa-da, shunday katta bir amaldor ham xalqning ta’nasidan qo‘rqib, usta To‘xtashning taklifini rad qildi. Shu bilan u masxara mo‘ylovlar ayanch bir kepatada sangillagancha qolib ketdilar… Mingboshini bu baland darajalarga ko‘tarib, uning vositasi bilan o‘z dimog‘larini ham chog‘ qilib turadigan shahardagi to‘ralar uning ikki chakkasida sangillab turgan u ingichka «kokil»larni «ikki osilganlar» deb piching qilardilar… Bu soddadil «sart» amaldori muningdek pichinglarga tushunmasa ham, pi­ching qiluvchi to‘ralarning o‘zlari mashhur rus adibining4 «Yetti osilganlari»dan ham so‘zda, ham ishda juda yaxshi xabardor edilar…

Akbarali mingboshi o‘zi yolg‘iz qolib, «vijdoni» bilan qarshima-qarshi kelgan vaqtlarida, Miryoqubning ulug‘ xizmatlarini insof bilan esga olar, unga har to‘g‘rida minnatdor bo‘lganini o‘z «vijdoni» ol­dida iqror qilardi. Chinakam, burungi mingboshiga yaxshi bir uloqchi otni bekorga olib bergani uchun ellikboshilikka istehqoq qozonganidan keyin, rosa olti yillik umri o‘z qishlog‘i bilan mingboshining mahkamasi o‘rtasida daftar ko‘tarib ot chopish, qishloqdan odam haydab chiqib katta yo‘lga suv septirish bilan o‘tdi. Bu olti yilning mobaynida bir uloqchi otning emas, necha uloqchi otlarning hissasi chiqarilgan, burungi besh-to‘rt tanob yerga yana bir necha besh-to‘rt tanob yer qo‘shilgan bo‘lsa-da, ellikboshilik, harqalay, mehnat, urinish va yugurib-yo‘rtishni talab qiladigan amallardan edi… Shu uchun mingboshi bir yil kuz faslida Ostonaqul boyning katta bir qovun sayil qildirganini sira esidan chiqarolmaydi: Miryoqub bilan o‘sha sayilda uchrashib tanishgani uchun sayilni esdan chiqarishga «vijdoni» yo‘l qo‘ymaydi…

Bu orada ko‘p narsalar mingboshining xotiridan faromush bo‘lganlar… U faqat qovun sayildan ikki kun keyin Miryoqubning uyiga ikki arava qovun-tarvuz bilan ikki zambar uzum, ikki chorakkina qayroqi bug‘doy yuborganini eslaydi. Agar xotirasi yanglishtirmasa, shundan keyin biror oy o‘tar-o‘tmas bir kun erta bilan kumush kamar bog‘lab uydan chiqqanini, undan bir kun burun kechasi darvoza oldida shop-shalopli bir mirshabning poyloqchi bo‘lib chiqqanini biladi. Mingboshi bo‘lganidan keyin oz fursatda Miryoqub turgan qishloqdan hozirgi hovlini sotib olib, u yerga ko‘chib bordi. Boshqa gaplar allaqachon esidan chiqib ketgan…

Yurtning keksa odamlari o‘zaro so‘zlasharkan, bu mamlakatda hech bir xon va xonvachchaning muncha uzoq yurt so‘ramaganini so‘zlaydilar. Mallaxonlar, Xudoyorlar, Nasriddinbeklar yurt ustidan bahor bulutlari kabi kelib kechgan edilar. Akbarali mingboshi, mana, o‘n uch yildan beri shu masnadida o‘tiradi, dav­lati, obro‘si, nufuzi tobora oshsa oshadiki, kamimaydi.

– Xudo bergan-da, xudo! – deyishadi keksalar. – Xudo ol qulim desa, hech gap emas.

Shundayda ba’zi bir yosh-yalanglar:

– Xudo hadeb shunaqa insofsizlarga berar ekan-da! Biz bechoralarga ham bir narsa uzatsa-chi! – deb qolishadi.

Buni eshitgan keksalar tayoq ko‘tarib yosh-yalang ustiga yugurishadi, bechora yoshlar tayoqdan o‘zlarini olib qocharkan, bir-birlariga qarab piching otishadi:

– Nimaga qochasan? Xudo senga ham berayotir, olmaysanmi?..

Yurtning keksalari butun bu davlat, hukumat va ulug‘likning bir og‘iz gapini silliq va yoqimli qilib gapirolmaydigan sodda va to‘ng odamga birdaniga «nasib va ro‘ziy» bo‘lib qolishida Miryoqub akaning katta hunari bor ekanini yaxshi bilishadi. Shu uchun Miryoqub aka ko‘cha-ko‘yda ko‘ringanda, unga beriladigan salom va qilinadigan ta’zimlar mingboshinikidan kam bo‘lmaydi. Faqat, shu qadarisi borki, ming­boshi u yoq-bu yoqqa juda kam yuradi, yursa ham mirshablarini orqasiga ergashtirib, kechasi yuradi, kunduzlari bo‘lsa, faqat shahardagi ulug‘lar chaqirtirganda, zarbof choponlarini kiyib va tatti samanni yo‘rg‘alatib o‘tadi. Unga salom berish va ta’zim qilishdan bellarga og‘irlik kelmaydi, chunki oyda bir, o‘n kunda bir egilib qo‘yish hech gap emas. Ammo Miryoqub akaning yurishi ko‘p! U, aksari, piyoda yuradi, yurganda ham negadir shoshilib yuradi. «Assalomu alaykum» deb dona-dona qilib salom bersangiz, shoshilganidan bo‘lsa kerak, «vass…» debgina qo‘yadi. Shu bilan birga, siz tomonga bo‘ynini qiyshaytib juda kichiklik bilan alik oladi, doim kulimsirab turgan ko‘zlarini siz tomonga qiyagina bir tashlab olib, yo‘rg‘alaganicha o‘tib ketadi… Jinqarchaday, hamma vaqt va har qayda ko‘rinib qoladirgan bu «asl mingboshi»ga salom bermoqdan bellaringiz toladi…

Do‘konidan har narsa topiladigan bir baqqolga «farang baqqol» deb nom qo‘ygan keksalar har ishda qo‘li bo‘lgan bu odamga «Miryoqub epaqa» laqabini berib xato qilmaganlar. O‘zlari ham bu laqabning to‘g‘riligini osongina isbot qiladilar:

– U aralashmagan ish epaqaga kelmaydi…

Mingboshining yer-suvi shu qadar ko‘pki, hisobini o‘zi ham bilmaydi. Lekin xudo bu sevgili quliga davlatni ikki qo‘llab uzatsa-da, farzand to‘g‘risida biroz o‘ksitib qo‘ygan. Darhaqiqat, katta xotinidan bo‘lgan qizi Fazilatdan boshqa uning farzandi yo‘q. Muncha katta davlat kimga qoladi? Yetti yot begonalarga, zurriyoti yo‘q ayollargami?.. Mingboshi mana shu alamga iloj axtarib bo‘lsa kerak, bir-ikki yil ichida ikkita yosh xotin oldi. Boladan darak yo‘q… Shu uchun, ba’zida, o‘zi yolg‘iz qolib mehmonxonaga berkinganida va hatto o‘z soyasining ham eshitmoq ehtimoli qolmaganda:

– Bu qiz o‘lgur ham boshqadan bo‘lmasin… – deb qo‘yadi…

Miryoqub uning yoshi anchaga borib qolganda bunday xotinparast bo‘lib ketishiga shu farzand xususidagi noumidlik sabab bo‘lmadimikan? deb ba’zi-ba’zida o‘ylab qo‘yadi. Bir kun noyib to‘ranikida (uyezd hokimining o‘rinbosarinikida) ichkilik qilib o‘tirishgan edilar, ichkilik quyilmasdan oldinroq noyibning onasi o‘z nevarasini olib kirib qoldi. U – tilla sochli, tarvuzday dumaloq, o‘zi lo‘ppigina va oppoq momiqday bir bola edi. Mingboshi bolani darhol qo‘liga oldi va o‘z aqidasicha «kofir»ning va «o‘rus»ning bolasi ekaniga qaramay, mahkam bag‘riga bosib o‘pdi… Bola mingboshining basharasidan qo‘rqqan bo‘lsa kerak, jon achchig‘ida yig‘lay boshlagan edi…

Bolani olib chiqib ketdilar. Shundan so‘ng mingboshi bir-bir ustun quyib icha berdi, icha berdi, icha berdi… Miryoqubning imolari, ishoratlari, uy egalariga eshittirmay qilgan tanbehlari, hatto do‘qlari… hech bir ta’sir qilmadi. Mingboshi tamom mast bo‘lgach, «bolani olib kelinglar» deb so‘radi. Bolaning onasi bu badmast odamga o‘z to‘qlisini bermoq istamas edi. Nihoyat, mingboshi yalinib-yolvorib so‘ramoqqa majbur bo‘ldi. Hatto ko‘zlariga yosh oldi… So‘ngra noyibning amri bilan bolani uyg‘otib keltirdilar. Faqat, bu vaqtda mingboshi o‘zidan ketib divanga ag‘anagan edi…

Farzanddan va esdan mahrum, lekin yer-suv, pul va boshqa boylikka ko‘milgan bu odamning butun borligi Miryoqubning qo‘lida edi. Yerdan chiqqan hosilning qanchasi o‘z qo‘liga kirib, qanchasi Miryoqub omboriga to‘kilganini mingboshi o‘zi hech qachon bilgan emas. Kerak bo‘lganda mingboshi Miryoqubdan pul so‘rab olar, un, guruch, go‘sht, yog‘ va ro‘zg‘orning boshqa keraklarini bo‘lsa ichkarining talabiga qarab yana Miryoqub tayyorlab berar, shu uchun jonining rohatidan boshqani bilmagan mingboshi undan narisini surishtirmas edi.

Miryoqubning topishi yolg‘iz shu mingboshi orqali bo‘lsa, unga «epaqa» nomini qo‘yish to‘g‘ri bo‘larmidi? Miryoqubning qilmagan ishi yo‘qligidan shu nomni bergan edilar. Qishloqda ikkita baqqollik, bitta qassoblik do‘koni, guzarda ikkita samovar bor. Bil­gan odamlar bu besh muassasadan to‘rti Miryoqubning kuchi bilan aylanganini so‘zlaydilar. Shaharda, kat­ta yo‘lning bo‘yiga – qo‘rg‘on tashqarisiga – bir yangi paxta zavodi tushdi: zavodning kattakon bir paxta saroyi ham borki, paxta terim vaqtida uch tarozi bi­lan paxta oladi. Ana o‘sha zavodga ham Miryoqubni sherik deydilar. Voqean, uning ikki g‘ildirakli sariq faytonchasi va sariq yo‘rg‘asi, aksar, zavod oldida bog‘langan bo‘ladi. Shahardagi katta bankalardan birida «uchyot qo‘mitasi»ning a’zosi: haftada bir majlis o‘tkazadi… Shu bilan birga, uning biror joyga biror chaqa soliq to‘laganini, biror kasbga biror marta «qizil qog‘oz» (patent) olganini hech kim bilmaydi.

Mingboshining boshiga ne qora kunlar kelmadi! Yaxshi advokatlar tomonidan bitilgan g‘alati arizalar qanday tergovchilarni keltirmadi! Qanday zo‘r to‘ralar chaqirib so‘ramadilar! Hokim necha martalar g‘azab bilan chaqirtirmadi! Unday vaqtlarda mingboshi, Miryoqubning ta’limi bilan, hamma savollarga «bilmayman» deb javob berar yoki biror ayb-isnod qilinsa, tonib tura berardi. Rasmiy so‘roqlar bu xilda borganda, orqadan Miryoqub g‘ayri rasmiy yo‘llar bilan so‘roq berar, bir-ikki kun shaharda qolib, qishloqqa qaytganida, mingboshining ustidan har qanday og‘ir tog‘ ham ag‘anagan bo‘lardi. Mingboshi qaysi bir to‘ranikiga borsa, Miryoqub albatta birgalashib boradi, «bu nimaga kerak?» deb so‘ragan odam yo‘q. Axir, Miryoqub amaldor bo‘lmasa, loaqal mingboshiga mirza yo tilmoch bo‘lmasa, o‘zi o‘rus tilini tuzuk-quruq bilmasa… nega munaqa mingboshining ketidan elchib yura­di? Nega?

Miryoqubning ko‘p umri mingboshinikida o‘tadi, o‘zining hovlisi ham shu qishloqning o‘zida-ku, lekin chekkaroq joyda. Kechalari uning hovlisida bir-ikki mirshabning poyloqchilik qilib chiqqanini gapiradilar, faqat muni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan kishi yo‘q, bo‘lsa ham ochib gapirmaydi, yo… gapirolmaydi!

Bir kuni Miryoqub noyib to‘raning uyida edi. Bu safar olib borgan hadyasi to‘raga nihoyat darajada yoqib ketgan bo‘lsa kerak, to‘ra uni uzoq olib o‘tirib, ko‘p narsalarni gapirib berdi. To‘raning tili charchab, Miryoqubning og‘zida birinchi esnash asarlari ko‘ringan ediki, tashqaridan bir odam kirib keldi. Ikki tomon yoqasiga tilladan bolg‘a surati o‘rnatilgan – novcha bo‘ylik, mosh-birinch soqollik, xushmo‘ylov va bir ko‘zi jindak g‘ilaydan kelgan bu kular yuzli odam ma’ruf injenerlardan edi. Noyib to‘ra bilan betakalluf ko‘rishdi, Miryoqub bilan ko‘rishib o‘tirmasdan to‘ppa-to‘g‘ri stolning to‘risiga o‘tdi va yumshoq kursini bir qo‘li bilan qattiqqina qimirlatib ko‘rgandan keyin, avval bilagidagi tilla soatga qaradi, so‘ngra «da-a» deb cho‘zib qo‘yib, kursiga o‘zini tashladi.

Shundan keyin noyib to‘ra Miryoqub tomonga ishorat qilib va yangi mehmon tomon burilib:

– Bizning Miryoqub bilan tanishmisiz, azizim? Noyob odamlardan! – degach, u odam o‘tirgan o‘rnida sekingina bosh silkib qo‘ydi. Miryoqub g‘ururining kaltaklanishidan kelgan bir zaharxanda bilan kuldi, injener esa burungi kular yuzini ham no‘qtalab ol­di. Muni noyib to‘ra yaxshi payqadi, shekilli, Miryoqubga xuddi mehribon otaning sevimli bolasiga qarayturgan qarashi bilan iliq va muloyim kulib bir qaradi. Miryoqub ham erka o‘g‘ildek muqobala qildi. Shu bilan bu suhbatning Miryoqub aralashgan ko‘rinishlariga parda tortildi-da, ikkala bilimdon so‘zga tushdi. Injener bulbul singari sayray ketdi, sayray ketdi!

Miryoqub advokat xalqining mahmadonaligini bilardi, bu odamning advokat emas, injener bo‘lganini ham ajrata olardi. Shu uchun boshda ularning tobora qizishayotgan suhbatlariga u ham qiziqib qaradi. Keyincha to‘ra ham, – mehmondan yuqdimi nima? – tillarini burro qilib so‘zlashga, mehmonning ko‘p da’volarini aksi da’volar bilan sindirmoqqa tushib ketgach, bizning Miryoqub sekingina qo‘l uzatib, stolning bir chetida turgan katta bir kitobni oldi. Kitob surat bilan liq to‘la edi, hech sharpa qilmasdan uni bitta-bitta varaqlay boshladi.

To‘ra Miryoqubni unutdi, go‘yo u bu yerda yo‘q kabi… Injenerning og‘zidan ba’zi-ba’zida sartlarga og‘ir kelaturgan so‘zlar chiqib ketganidagina, to‘ra boyagi qarash bilan Miryoqubga qarab qo‘yar, lekin unday fursatlarda uning ikki ko‘zi kitobda bo‘lsa ham, ikki qulog‘i avrashga tushgan ilonday dingkayganini to‘ra bilmas edi.

Uzoq cho‘zilgan bu suhbatda Miryoqubning qulog‘i bir marta juda g‘alati dingkaydi, hatto uning qop-qora chiroyli ko‘zlarida allaqanday sehrli olovlar yondi. Uning boshi ham kitobdan ko‘tarilib, yuzlaridan yengil bir qizillik yoyilib o‘tdi. O‘sha joyda sartlarni kamsitadigan gap o‘tmaganligidan bo‘lsa kerak, to‘ra ham uzr so‘ragan qarash bilan Miryoqubga qaramadi. Ikka­la suhbatdosh o‘sha joyda Miryoqubning quloqlarini dingkaytirgan so‘zlarni unga va u mansub bo‘lgan xalqqa aloqasiz bir narsa deb qaradilar, shekilli, xuddi Miryoqub shu yerda bo‘lmaganday, o‘z oralaridagina o‘tkazib yubordilar…

Injener turib chiqib ketgandan keyingina, Miryoqub o‘rnidan turdi va ketishga ijozat so‘radi. To‘ra u bi­lan xayrlasharkan, injenerning boyagi kamsitishlari uchun yana-tag‘in uzr so‘ragan bo‘ldi. Miryoqub faqat kulibgina qo‘ydi, boshqa hech narsa demadi. To‘ra bu kulishni Miryoqubning xursand va rozi ekaniga yo‘ydi va ko‘ngli o‘rniga tushdi.

Faqat, Miryoqubning ko‘ngli bir necha kungacha o‘rniga tushgani yo‘q. Bir injenerning (u, axir, noyib to‘ra singari katta amaldor emas!), nihoyati bir injenerning bir-ikki marta sartlarni kamsitishi Miryoqubni shuncha bezovta qildimi? Yo‘q, unaqa kamsitishlar har qadamda bor! Hammasiga bezovta bo‘la bersa, Miryoqub bechora to‘rt kunda sil bo‘lib qolmaydimi? Yo‘q, yo‘q! Kamsitishlar o‘sha onning o‘zidayoq unutilgan, o‘tgan yilgi qordek erib yo‘q bo‘lgan, bahordagi yog‘mur kabi asari ham qolmagan…

Injener o‘sha suhbatda yangi – hali sir bo‘lgan! – bir xabarni aytib edi: shu shahardan boshlab falon-falon joylarga poyezd yo‘li tushar ekan. Bir shirkat planlarini Peterburgdagi katta mahkamalarga topshirgan, ular tasdiq qilishga va’da berganlar. Allaqaysi bir banka pul bermoqchi bo‘lgan, tekshirish uchun yaqin orada injenerlar chiqar ekan. Imorat-bino ishlariga o‘sha injenerni chaqirganlar.

Miryoqub poyezdning qayerlardan o‘tishini bilib olgan edi. O‘sha suhbatda uning qulog‘i bir dingkaydi, juda ajoyib dingkaydi, lekin! Ana o‘shanda poyezdning o‘tish joylarini miyasiga joylashtirgan edi.

Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas bezovtalik harakatga va ishga aylandi. Bir oyga yetar-yetmas, o‘sha kelajak poyezd yo‘li bo‘ylaridan Miryoqub juda ko‘p – bir necha yuz desatin – yer sotib oldi. Yerlarning hammasi deyarlik suvsiz, noobod, tashlandiq yerlar edi. Shuncha ko‘p yerga qancha oz pul ketdi. Ko‘plar bu shoshilish savdoni bilmadilar, bilganlar Miryoqubni «jinni bo‘libdi» dedilar…

Shirkat poyezd yo‘li solishga ijozat olib, tayyorliklarga kirishgandan keyingina Miryoqub qilgan ishini noyib to‘raga aytdi.

– Sen xuddi bir amerikalikka o‘xshaysan, Miryoqub! – dedi to‘ra. – Lekin, ko‘nglingga og‘ir olma, chakki shu sartiya ichida tug‘ilib qolgansan!

Miryoqub ko‘ngliga og‘ir olish tugul, bu gapga sevindi balki, yuzlariga yana o‘sha yengil qizillik yugurdi.

Yangi yo‘lning allaqaysi bir joyida ko‘z ilg‘amas bir cho‘l bor edi. Cho‘l… qup-quruq cho‘l… Suv – pastda… chuqurda. Atrofdagi dehqonlardan ba’zilari shu yerni ekin yeriga aylantirish uchun turli davrlarda yakka-yakka urinib ko‘rgan, lekin hamma qilgan mehnatlari bekor ketib, u yerdan hafsalalari pir bo‘lgandi. Hali ham u cho‘lda unumsiz qolgan odam mehnatining asarlari, to‘g‘risi, xarobalari ko‘rinadi: ariqlar… ekin pollari… marzalar… bir necha tup qurigan tut daraxtchalari…

Miryoqub oz pul, ko‘p ustalik sarf qilib, o‘sha cho‘lni o‘z nomiga o‘tkazdi. Faqat, bu vaqtlarda poyezd yo‘lining rejalari tortila boshlaganligidan, odamlar Miryoqubni «jinni» demadilar, balki «bu – bir narsani bilib qiladi» dedilar.

Poyezd yo‘li solinib bitmasdan turib, u cho‘lga necha tegirmonlik katta suv chiqdi. Avvalo, o‘z cho‘ntagining, qolaversa, otaxoni mingboshining yordami bilan cho‘lning o‘rtasidan katta bir ariqni o‘tkazib qo‘ydi. Shundan keyin yersiz dehqonlarga chek bo‘lib bera boshladi. Ko‘p o‘tmay u yerda bir qishloq paydo bo‘ldi va suv chiqargan odamning shahardagi otaxoni nomiga atalib «Parpi cheki» bo‘ldi (noyib to‘raning nomi Fyodor, sartlar «Parpi to‘ra» deydilar). Keyincha cho‘lning bir chetiga poyezd stansiyasi tushdi, yoni-beriga choyxonalar, do‘konlar, saroylar solina boshladi. Poyezd yo‘li ochilgandan keyin o‘sha joydan paxta zavodi uchun yer tanladilar. Bulg‘oriyalilardan iborat uch kishilik bir shirkat yana o‘sha joydan ancha yer sotib olib, kattakon bir mevali bog‘ va zo‘r bir sabzavot polizi vujudga keltirdilar.

Har qalay, poyezd o‘tgandan keyin bir necha yil ora­sida Miryoqubning qo‘lida juda oz yer qoldi, hammasi har kimga o‘tib ketdi. Miryoqub yerni uncha sevmaydi, yer qo‘ldan chiqsa, xafa bo‘lmaydi. Shuncha yer qo‘ldan chiqqan bo‘lsa, uning baravariga qancha davlat qo‘lga kirgandir, muni xudo biladi-yu xudoning sevimli bandasi qorako‘z Miryoqub biladi!..

Mingboshi o‘zining rus mirzasi Sokolov, inoq mirshabi Mirzabobolar bilan birga saman yo‘rg‘a ustida o‘z darvozasiga kelib to‘xtaganda, qorong‘i tushgan, ko‘chada o‘ynovchi bolalarning onalari eshik tagiga chiqib, «bemahalda bas endi!» deya tergay boshlagan edilar. Mingboshining oti to‘xtar-to‘xtamas, tashqaridagi mirshablar yugurishib borib darvozani ochdilar, katta darvozaning bir qanotidan chiqqan ingichka qiytillash ovozi muazzinlarning xunuk va qo‘pol tovushlariga qorishdi… Bu ovozlar orasida bolalariga qovushgan sigirlarning og‘ir mo‘lashlari bilan onalarini sog‘ingan buzoqlarning erka ma’lashlari mungli va yoqimli eshitilardi. Mingboshi otdan tushar-tushmas so‘radi:

– Miryoqub keldimi?

Mingboshining musulmon mirzasi Hakimjon qo‘l qovushtirib turib javob berdi:

– Ha, shu yerda. Mehmonxonada uxlab yotibdi.

Mingboshi o‘zidan xursand, kuldi:

– Noinsofning kech kirganda uxlashini qarang! Bor, uyg‘otib chiq!

Ikki mirshab mingboshini yechintirmoqqa boshladi. Mingboshi hali ham boyagi kulishida davom etardi:

– Obbo betavfiq-ey. Namozshomda uxlaganini!

Mehmonxonadan ko‘zlarini uqalay-uqalay Miryoqub chiqib keldi. U hali ayvondan tushmay turib:

– Hormang, xo‘jayin! – deb qichqirdi. Mingboshi yana o‘sha kulish bilan o‘tirgan joyida unga tomon evrildi:

– Ha, xudo bexabar! Nima bu bemahal uyqu? Namozshom paytida-ya?

– Ha, xo‘jayin, shunaqa… Sizni kutib o‘tirib ux­lab qolibman.

– Qachon kelib eding?

– Kech peshinda. Shundan beri yo‘lingizga ko‘z tutib o‘tiribman.

– Qani o‘tirganing? Uyquni uribsan-ku! Qani, ni­ma gaplar bor? Yangi gaplardan gapir.

– Yangi gapni sizdan eshitamiz. Shaharda edingiz. Kimlarni ko‘rdingiz?

– Kimni ko‘rardim? Noyib to‘rani ko‘rdim.

– Nima gap ekan?

– Nima gap bo‘lardi. Beriroq kel!

Mingboshining bu amri bilan unga tomon borayotgan Miryoqub mirshablarga ishorat qildi, ular uzoqlashdilar. Shundan so‘ng mingboshi ovozini pasaytiribroq so‘zlay boshladi:

– Qumariqning paynovidagi dehqonlar mening ustimdan ariza berganga o‘xshaydi. Aptidan, «Hamma suvni mingboshining yerlari ichadi-yu bizga tegmay qoladi. Shunaqa qilib necha yildan beri ekinlarimiz qurib ketayotibdi» deb arz qilishganga o‘xshaydi. No­yib to‘raning so‘zidan shu ma’lum bo‘ladi.

Shu yerga kelganda mingboshining qovog‘i solina boshlagan edi, qisiq ko‘zlarining tez-tez yumilib qaltiranganday bo‘lganini Miryoqub ham payqadi.

– Xo‘jayin, – dedi u, – xotirjam bo‘lib, bitta-bitta gapirib bering. Hech bokisi yo‘q.

Mingboshi uning bu so‘zlariga qunt qilmasdan zabtlik bir ovoz bilan so‘radi:

– Kimning ishi bu? Qani, ayt-chi!

Miryoqub mingboshining hech bir so‘zini birdaniga qaytargan odam emasdi. Shu uchun bu safar ham eski odaticha aylanma yo‘l bilan javob berishga bosh­ladi:

– Kimning ishi bo‘lsa ham bilmay qo‘ymaymiz. Ilgari noyib to‘raning mamilasini, sizga nimalar deganini gapirib bering.

– Qaysi xotin taloqning ishi dedim men senga.

Mingboshi ovozini bir oz ko‘tara tushgan edi.

– Noyib to‘raning gapidan bilinadi o‘zi, – dedi Miryoqub. – Siz bo‘lgan gaplarni aytib bering!

Mingboshi yana hovuridan tushmagan edi. Shunday bo‘lsa ham, o‘sha jahl ovozi bilan Miryoqubning savollariga javob berdi:

– Noyib to‘ra aytadi: men seni yaxshi bilaman, deydi. Sen fuqaroni yaxshi ko‘radigan odamsan, deydi. Basharti, arizada bitilgan gaplar rost bo‘lganda ham, seni ayblashga ko‘nglim bormaydi, deydi… Yerlaringga qaraydigan mutasaddilar shunday qilsa qilishgandir. O‘shalarni chaqirib tayinlab qo‘y, sening yeringga ikki-uch marta suv berganda, bir-ikki marta ularnikiga ham berib qo‘ysin. Odamlarning ekinini quritib yuborish yaxshi emas, deydi. Bildingmi endi ariza berganning kimligini? Qani, ayt-chi?

– Bu gaplardan hali bilib bo‘lmaydi. Boshqa gaplarini ayting!

– Boshqa gapi yo‘q. Bo‘lsa ham, esimda turadi deysanmi?

– O‘ylang. Men uning hamma gapini bilishim kerak…

– Bilsang bilaqo‘y: o‘sha taraflarda Yodgorxo‘ja, Umaraliboy degan obro‘ylik odamlar bor, deydi, ular­ning ham ko‘pgina yer-suvlari bor, yaxshi emas, deydi. Qora fuqaro bo‘lsa – ish boshqaydi, men deydi, fuqaroning gapiga quloq solmayman… Oma-lekin yurtning eslik, obro‘ylik odamlarini xafa qilmanglar, deydi…

– Ana, xolos, ko‘rinib turibdi: ariza berganlarning boshida Yodgor echki bilan Umarali puchuq turar ekan! Noyib to‘ra op-ochiq aytib beribdi.

– Esingga qoyilman, betavfiq! Shuncha esing bor-u, namoz o‘qimaysan!

– Sizga ergashib shunday bo‘ldim-da!

Mingboshi endi juda yoyilib kuldi:

– Obbo, benamoz-ey! Gapdan toza bergan senga xu­do! Shaylaysan, shaylaysan!

Yana ovozini pasaytira tushdi:

– Yodgor echki bilan Umarali puchuqning bir adabini bermasam, ko‘nglim tinchimaydi. Bir ilojini qil! Senga aytaman!

– Xo‘p, xo‘jayin! Shoshmang, men yana bir so‘rashtiray.

– So‘rashtirishning nima keragi bor? O‘shalardan boshqa kim qilardi?

– Ehtiyot shart, xo‘jayin! Adab berish qochmaydi… Masalaning tagiga yetaylik, balki boshqa gaplar ham chiqib qolar…

Mingboshi bu so‘zdan shubhaga tushdi:

– Nima deding! Boshqa gap ham chiqib qoladi, dedingmi? Bu nima deganing?

– Ehtiyot shart, deyman men! Ehtiyot! Yaxshiroq so‘rashtirsak, yaxshiroq bilamiz-da, axir! Sizning ishingiz bo‘lmasin, men o‘zim ikki kunda tagiga yetib, sizga arz qilaman.

– Ha, mayli, so‘rashtir! Sudrama lekin! Ha!..

Mingboshi shu joyda o‘zining Miryoqubga e’timodini ko‘rsatmak uchun uning yelkasiga urib-urib qo‘ydi.

– Bo‘ldi, xo‘jayin, xotirjam, – dedi Miryoqub.

Ikkalasi ham jim bo‘ldilar. Bir ozdan so‘ng ming­boshi mirshablarga qarab baqirdi:

– Kim bor, hoy!

Hakimjon yugurib keldi.

– Bor, ovqatdan xabar ol! Qorin ochdi!

Hakimjon yugurib ichkari tomonga ketgach, mingbo­shi Miryoqubga yuzlandi:

– Qani, gapir endi, sen nima xabar topib qo‘yding?

Miryoqub darhol javob berdi:

– To‘y.

Mingboshi bu birgina, lekin kutilmagan so‘zga bir oz hayron bo‘ldi.

– To‘y?

– Ha, to‘y!

– Nima to‘y? Kim to‘y qilibdi?

– Men to‘y qilmoqchiman…

– Sen? Kimga?

– Sizga!

– A, benamoz-e! Menga?

– Ha, sizga.

Mingboshi birdan gapning sur’atini tortdi:

– Qo‘y endi, bitta-bitta gapirib ber: nima gap o‘zi?

Miryoqub yaqin o‘tirib so‘zlay boshladi:

– Shaharda bir xudo bandasining ikkala dunyoga arziydigan bir qizi bor ekan!

Mingboshi erkin-erkin kuldi:

– «Tavba» de, betavfiq! «Astag‘furullo» de!

Miryoqub astag‘furullo o‘rniga uyat bir so‘z aytdi. Mingboshi beshbattar yoyilib kuldi.

– O, battol-ey! O, battol-ey! Xudo urdi seni! Xudo urdi endi!.. – dedi u.

Miryoqub asta-asta davom etdi:

– O‘zi o‘n besh-o‘n oltida ekan… Juda yetilgan vaqti…

– Unaqa yetilganlar qishloqda ham ko‘p.

– Uning boshqa bir xosiyati bor ekan…

– Xo‘sh?

– Juda yaxshi, bulbul singari ashulla qilar ekan. Ovozi Dovud payg‘ambarniki singari deydilar…

Mingboshi yana kuldi.

– «Sallalo» de, betavfiq! «Sallalo» de!

– Qazosini aytaman bir yo‘la! – dedi Miryoqub, so‘ngra davom etdi:

– Shuni sizga olib beray deyman.

– Odamlar ayta beradi. O‘zing eshitdingmi ovozini?

– Yo‘q! Mening xotinim, qizim eshitib, har kun maqtashadi. Hammaning og‘zida shu…

– Odamlarga ishonma, dedim-ku. Bu odamlar tegirmonchi Shamsiddinni ham yaxshi qo‘shiqchi deb yer-ko‘kka sig‘dirmay maqtaydilar. Ovozini eshitgandirsan? Eshak hangrasa undan avlo…

– Xo‘jayin! O‘zingiz bir eshitsangiz edi…

– Bo‘lmaydigan gapni gapirma!

– Nimaga bo‘lmasin? Qiz o‘zi hozir shu yerda, qishlog‘imizda. Katta xotiningizga ayting, mehmon qilib chaqirsin. Eshitasiz…

– Qishloqda? Kimnikida?

– Xolmatnikida.

– Shu Xolmatnikida? Shu o‘zimizning Xolmatnikida-ya? U bechora ochidan o‘lolmay yuribdi, mehmon chaqirib nima qilar ekan? Pitini berib boqadimi!

– Shu uchun siz chaqirtirsangiz, Xolmat ham xursand bo‘ladi, mehmonlari ham.

– Unday bo‘lsa, men katta xotinimga aytayin, chaqirtirsin. Eshitaylik…

Miryoqubning qulog‘iga egildi:

– Kattaning rashki kelmas-a? – dedi.

– Eng kichigidan boshqa hech qaysisining rashki kelmaydi. Har qalay, katta xotiningiz esliroq.

– Yo‘g‘asa, – dedi mingboshi o‘rnidan turib, – men bir ichkariga kirib chiqay. Ovqatdan ham shu choqqacha darak bo‘lmadi. Sen o‘tiratur, ketib qolma!

Ichkariga tomon asta bosib yura boshladi. Hali ham boyagi odaticha xursand bo‘lib kular va birushta:

– Obbo betavfiq-ey!.. – deb so‘zlanardi.

Mingboshi ichkariga kirib katta xotinini chaqirganda, mehmonlar Poshshaxonning uyida sertakalluf bir dasturxon ustida edilar. Dasturxon solib xizmat qilishmoq uchun chiqqan Umrinisabibini bir narsadan gumonlanib Poshshaxon quvib chiqargan: u Zebining boshiga kelajak falokatni unga yoki uning yaqin o‘rtoqlariga qanday qilib aytishini bilmasdan o‘z uyida parvona singari aylanardi. Poshshaxon bilan Xadichaxonning boshlari osmonda: Sultonxonning katta, daranglagan uylari bo‘m-bo‘sh, o‘zi bu hangomalardan xabarsiz; dutorchi qizlar halitdan, dasturxon yig‘ilmay turib dutor sozlamoqda edilar…

Mingboshining chaqirig‘iga birdan ikkala xotin «labbay!» deb yugurdi. Faqat mingboshi katta xotiniga imo qilib:

– Bittang kel! – dedi.

Poshshaxon orqaga qaytdi, lekin bu suhbatdan ko‘ngil uzolmasdan yaqin bir joyga berkinib turdi…

Mingboshi, odatda, xotinlarga kalta gapirar, ular bilan ezilib o‘tirishni o‘z erkaklik sha’niga sig‘dirolmas edi…

– Xolmatnikiga kelgan shaharlik mehmonlarni chaqirtirib yaxshi bir ziyofat qilinglar, – dedi u. – Shahardan kelib Xolmatning quruq nonini yeb ketsa yaxshi emas!

So‘ngra Xadichaxonning javob berishini kutib o‘tirmasdanoq:

– Ovqating nima bo‘ldi? – deb so‘radi. – Jadallat! Qorin och!

Xadichaxon muloyim kulimsiradi:

– Mehmonlar biznikida, shu uchun ovqatimiz bugun kechroq bo‘ladi. Men sizlarga non-choy chiqaraman.

Mingboshi mehmonlarning o‘z uyida ekanini eshitib hayron bo‘ldi:

– Mehmonlar shu yerda? Qachon kelishdi?

– Namozshomga yaqin.

– Yaxshi, yaxshi.

Bir ozdan so‘ng yana takror qildi:

– Yaxshi… Yaxshi…

So‘ngra birdan:

– Ashulla chisi bormi, yo‘qmi? – deb so‘radi.

– Bor, – dedi Xadichaxon.

– Ashulla qilganda meni chaqirtir! Durustmi? – shu so‘zni aytgach, xotinining javob berishini kutmasdanoq burilib tashqariga tomon yurdi.

Butun umrlarida deyarlik bunday sertakalluf ziyofatni ko‘rmagan yosh qizlar takallufga yarasha betakalluflik bilan, o‘lgudek quturib o‘yin-kulgi qildilar. Horib-charchab, zo‘rg‘a-zo‘rg‘a oyoq tashlab qo‘shxonalariga qaytgan vaqtlarida, yarim kechadan ancha o‘tib qolgan edi. Uyda qolgan ikki kampirga sahar turib aravani qo‘shtirishga buyurdilar-da, o‘zlari ko‘zlarini yumar-yummas og‘ir uyquga ketdilar. Bular yoshlikning beparvo quchog‘ida ma’sum go‘daklarday hech narsadan xabarsiz to‘lib-toshib uxlarkan, so‘ri tomonda ikki kampirning tashvishli bir un bilan allanega besaranjom bo‘lib pichirlashgani eshitilardi.

Ularning biri o‘zimiz bilgan Umrinisabibi bo‘lib, sevimli Zebining yosh umriga qasdlangan yomonlar to‘g‘risida gapirardi.

Tong yorishmasdan yo‘lga tushib, qishloqdan chiqar-chiqmas ashulla ni baland qo‘ygan Zebi necha yillik g‘am-g‘ashlardan to‘rt-besh kun ichida ortig‘i bilan yozilib ketarkan, o‘z orqasida o‘ynalayotgan o‘yinlardan xabarsiz edi. Kechasi Umrinisabibidan Zebi to‘g‘risidagi tashvishli xabarni eshitganidan keyin Enaxonning onasi mehmonlar javdishgan vaqtda Saltanatni bir chekkaga chaqirib, haligi xususda ogohlantirgan bo‘lsa-da, Saltanat bu qadar yoyilib va quvnab borayotgan o‘rtog‘ini xafa qilmaslik uchun unga hech narsa demaslikni ep ko‘rdi. Saltanat u to‘g‘rida bu yosh qizga gap ochib, uning yorug‘ ta’bini xira qilmasdan, o‘z onasi orqali Zebining onasiga eshitdirib qo‘ymoqchi bo‘lardi. Mingboshinikida juda sertakalluf ziyofat yegan bu yosh qiz ziyofat bergan juvonlardan juda minnatdor bo‘lmoq bilan birga shunday qari va nihoyat darajada xunuk odamga – yana kundosh ustiga! – tushib qolganlari uchun ularga chin ko‘ngildan achinardi. Saltanat bilan birga Zebining o‘zi va boshqa hamma qizlar mingboshi­ning davlati va obro‘si to‘g‘risida qancha maqtov eshitgan bo‘lsalar, uning badbasharalikda ham tengsiz bo‘lgani to‘g‘risida o‘shancha vahimali so‘zlarni tinglagan edilar. Qizlardan hech biri mingboshi xotinlarining davlatiga qiziqmagan, ularning tolelariga ko‘z olaytirmagan, u davlatlar to‘g‘risida o‘zaro gap ochilganda, ochiq jirkanish bilan «davlati boshidan qolsin!» deya qichqirgan edi. Saltanat qizlarning ashulla lariga qo‘shilmasdan, o‘z oldiga og‘ir-og‘ir o‘ylab borarkan, o‘zini xayolida – bir nafas uchun! – mingboshi xotinlaridan birining o‘rniga qo‘yib qaradi… Ustida go‘yo xonatlas ko‘ylak, Xitoy tovardan kaltacha, toza beqasam kamzul, qimmatbaho shohi ro‘mol, amirkon kavish-mahsi… Keng hovlida, daranglagan ayvonlar va so‘lum uylarda, odamni chiroyli qilib ko‘rsatadigan qalin toshoynaklarning qarshisida… Til­la bilavziklar, yoqut ko‘zli uzuklar, xina bilan cho‘g‘day lovullab turgan barmoqlar, surmali ko‘zlar… Xontaxta ustida anvoyi noz-ne’mat, turli-tuman meva-cheva… Tur­gan sari yumsharib, pisha boradigan va pishgan vaqtida og‘izga solsa eriydigan noklar… Quvaning yirik donali va nordon anorlari… Haligi nokning eng to‘lganini olish uchun dasturxonga qo‘l uzatar ekan, qo‘lini boshqa bir qo‘l kelib ushlaydi… Uning ham qizlik havaslari uyg‘onadi, yuraklari muloyim va yoqimli bir talvasa bilan duk-duk ura boshlaydi: ikki yuzi dasturxon ustidagi anor singari qip-qizil bo‘ladi. Endi u o‘zining «mingboshi xotini» bo‘lganini unutgan, yoshlikka xos keng xayol quchog‘ida boshqa olamlarga o‘tgan edi. Uning qarshisida o‘tkir va serhavas ko‘zlarini o‘ynatib yosh bir yigit turgan kabi bo‘lardi… Bu qo‘l, albatta, o‘sha yigitning och va qaynoq qo‘llaridan o‘zga emasdi… Nihoyat, yosh qiz yosh yigitga tomon astagina qayriladi va qayrilgan hamon o‘zidan ketib qichqiradi:

– Mingboshi!!!

Muning holidan bexabar ashulla qilishib borayotgan qizlar bu qichqiriqni eshitgach cho‘chib tushdilar.

– Voy, nima bo‘ldi sizga, Saltanatxon? – dedi Zebi.

Qizlar Saltanatni o‘rtaga oldilar. U esa ikki qo‘li ko‘ksida, rangi o‘chgan, o‘zini Zebining quchog‘iga tashladi. So‘ngra asta-asta ko‘zini ochgach, hammaga bir-birqarab oldi, uning bu qarashlarida og‘ir bir horg‘inlik boridi… Keyin ko‘zlari Zebiga tikildi, endi u ko‘zlarda aybini yashirgan bir gunohkorning qarashlari telmirardi.

– Nima bo‘ldi sizga, Saltanatxon! – dedi yana Zebi.

Saltanatxon javob o‘rniga qo‘llarini keng ochib, Ze­biga tashlandi va:

– Zebixon! Jonim Zebixon!! – deya uni mahkam quchog‘iga oldi…

Qizlar hayron, hammasining ko‘zi ularda.

Saltanatning «mingboshi…» deya qichqirishi bilan barobar aravani to‘xtatgan O‘lmasjon ot ustida orqasiga qayrilib – qanday hodisa bo‘lganini anglayolmasdan – tang‘irqash nazarlari bilan qizlarga tikilgan edi. Ikki qizning bir-biri bilan quchoqlashib «ayla­nay, o‘rgilay» qilishlari hali-beri tugalmaydigan bo‘lgandan keyin, yelkasini qoqib yana oldinga evrildi va astagina «cho‘» deb otini qamchiladi. So‘ngra, u kichkina bir anhorning kechigidan kecharkan, otini sug‘orishga to‘xtagan vaqtida, Zebi bilan birga Saltanat ham sharaq-sharaq gapga tushgan edi.

Shaharga kirgandan keyin qizlar o‘z uylariga yaqin joylarda bitta-bitta tusha boshladilar, shu bilan sa­far oxirida O‘lmasjonning Zebidan boshqa yo‘lchisi qolmadi. Ko‘ngillaridagi ajib hislarni bir-biriga bildirmoq uchun hali fursat topolmasdan entikkan bu ikki yosh endi, o‘n-o‘n besh minut xoli fursat topganlarida, ortiqcha talvasaga tushgan yuraklari dastidan nima deyishlarini bilolmay entikardilar… Unisi ham, munisi ham bir og‘iz gap aytolmadi. Ikki yosh ko‘ngilning shu topda kichkinagina bir tilagi bo‘lsa, u ham – bir-ikki mahalla o‘tgach yetiladigan hovlining yana bir necha mahalla nariga cho‘zilishi, yo bo‘lmasa, keksalar aytgandek, «yer tanobi»ning pichagina cho‘zilmay turishi edi. Holbuki, shaharga, o‘ziga oshna joylarga, o‘z otxonasi bor yerlarga kelganini payqagan va qorni ochqay tushgan ot oshiq-ma’shuqning ko‘ngil tilaklaridan bexabar qadamini ildamlatar, «yerning tanobi» o‘zidan o‘zi tortilib borardi…

Arava Zebilar machiti oldiga yetganda, Razzoq so‘fi bir necha kishi bilan birga boshqa bir aravada qarshi tomonga o‘tib ketdi

– Otam biror joyga ketayotganga o‘xshaydi, – dedi Zebi quvonganini yashirolmay.

– Yiroqroq safarga o‘xshaydi. Oq yo‘l bersin! – dedi O‘lmasjon va yumshoqqina kuldi.

Shu topda Zebining ko‘nglidan og‘ir bir tog‘ ko‘chgan edi!