Kecha va kunduz/04

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Kecha va kunduz  (1936) 
by Abdulhamid Choʻlpon

Kundoshining qizi bilan apoq-chapoq bo‘lib uyiga qaytgan Sultonxon, mingboshining shaharga ketgan bo‘yicha qaytmaganini bilganidan keyin, o‘z uyiga kirdi va joy solib, yechinib o‘tirmasdan shundoqqina to‘shakchaning ustida birgina yostiqqa bosh qo‘yib uyquga ketdi.

Ertalab uyqudan ko‘zini ochganida bosh tomonida yonqo‘shni xotinlardan Umrinisabibi o‘tirardi. Tez-tez chiqib mingboshi oilasining ro‘zg‘or ishlariga qarashib, ko‘rpa va to‘nlari bo‘lsa qavib, paxtalarini savab beradigan o‘rta yoshlardagi bu xotin shu yo‘l bilan kichik qiziga sep orttirardi. Katta qizini bundan ikki yil burun chiqargan, endi bu qizi odam ko‘ziga ko‘rinib kelardi.

Sultonxon ko‘zini ochar-ochmas:

– Yaxshi chiqibsiz, Umrinisa xola, – dedi, – o‘zim ham chaqirtirmoqchi edim. Ertaga Enaxonlarnikidagi shaharlik mehmonlar chiqishadi. Osh-suvga qarashib bermasangiz bo‘lmaydi. Bugun bir-ikki tandir patir yopib olsak, deyman…

– Men ham shu to‘g‘rida siz bilan gaplashgali chiqib edim, – dedi Umrinisabibi.

– Juda yaxshi bo‘libdi. Nonushtani qilib, xamirga urina beraylik bo‘lmasa. Bir-ikki joyga borib dutor-mutor so‘rab keladigan ishlaringiz ham bor hali.

Umrinisabibi o‘tirgan ko‘yi surinib Sultonxonga yaqin keldi:

– Men sizga boshqacha maslahat bilan chiqib edim… – dedi.

Bu so‘zlar yarim pichirash ovozi bilan va ham ko‘zlar ikki tomonga jalanglab turib aytilganidan kelinchakning ko‘ngli duv etib oldi. U ham Umrinisabibi tomonga o‘girildi:

– Nimaga pichirab gapirayotirsiz? Nima demakchisiz? Yaqinroq kelsangiz-chi! Imillamay qoling, ilohim! – dedi.

Umrinisabibi endi kelinchakning xuddi qulog‘iga egildi:

– Shaharlik mehmonlarni ertaga chaqiribsiz, eshitdim. Kecha kechqurun mening Bahrim o‘sha yerdaydi…

Shu so‘zni aytgach, u bir nafas jim qoldi. Kelin­chakning kichkina, qop-qora va o‘ynoqi ko‘zlari keng ochilib, qo‘shni xotinning og‘ziga tikilgan edi. Umri­nisabibi yana bir qur ko‘zlarini jalanglatib olgach:

– Kishi degan o‘z tomiriga bolta chopadimi? – de­di. – Kechasi bilan uxlayolmasdan shuni o‘ylab chiqdim…

Sultonxonning rangi o‘cha boshlagan edi, ikki betidagi shapaloqday qiziliga so‘lg‘unlik yugurdi. Og‘zi yarim ochilgan, ko‘kragi bir yotib-bir turmoqda, darmoni tanidan uzoqlashib borardi.

– Gapiring tezroq… nima demakchisiz? – dedi u hansirash bilan.

Umrinisabibi bo‘ynini imkon boricha cho‘zib turib ochiq eshikdan tashqariga qaradi. So‘ngra yana kelinchakning qulog‘iga egilib dedi:

– Kelin bo‘lib kelganingizga endi besh oy bo‘ldi. Halitdan boshingizga yangi kundosh orttirmoqchimisiz? Eringizning qayliqbozligini bilardingiz-ku!

Sultonxon:

– Voy, o‘laqolay!.. Jinni bo‘libman men! – deb qichqirdi va yuzini yostiqqa qo‘yib, chap qo‘li bilan boshiga mushtladi…

– Yoshlik qilibsiz, aylanay. Bilmabsiz. U ashullachi qizning dovrug‘i dunyoni bosdi… Hammaning og‘zida o‘sha. Eringizday uchiga chiqqan xotinboz u bulbulnikiday ovozni o‘z qulog‘i bilan eshitsin-u darrov sovchi qo‘ymasin – bo‘ladimi, qalay?

Kelinchak birdaniga yotgan yeridan turib, Umrinisabibining yelkasiga osildi:

– Nimasini aytasiz, xolajon? Men esimni yebman, esimni!.. Endi nima qildik, endi? Aytsangiz-chi, nima qildim endi men?

Umrinisabibi uning boshini muloyim-muloyim siladi:

– Endi hovliqmang, – dedi u, – bo‘lar ish bo‘ldi. Bir ish qilib zarar yetadigan tomirini kesaylik!

– Endi iloji bormi, qalay?

– Shoshmang, o‘ylaylik. Bir maslahat topilib qolar.

Ikkalasi jim qolib o‘yga botdilar. Umrinisabibi oq doka ro‘molining uchini tugumlab o‘ylanar, kelinchak esa qo‘lidagi tilla uzugini barmog‘idan olib o‘sha bilan o‘ynarkan, xayol surardi. Birdaniga tilla uzukni o‘z ko‘zi oldiga olib bordi, u yoq-bu yog‘ini aylantirib xo‘p qaragandan keyin, sekingina qo‘l uzatib uni Umrinisabibining sinchalog‘iga kiygizib qo‘ydi. Bu vaqtda zo‘r berib o‘y o‘ylamoqda va tadbir axtarmoqda bo‘lgan Umrinisabibi tilla uzukning o‘zga qo‘ldan o‘z qo‘liga o‘tganini ikki ko‘zi bilan ko‘rib tursa-da, bu katta topishning qiymatini payqayolgani yo‘q edi. Keyin uzukka qarab turib uning qanday qiymatli narsa ekanini, qizi Bahri uchun zo‘r bir davlat qozonilganini eslagach, sevinchdan yuzlari alvon tovlab ketdi va tezgina uzukni barmog‘idan chiqarib, ro‘molining uchiga mahkam tugib qo‘ydi.

– Qani, gapiring, xola!

– Nima deyishimga hayronman… Mehmonlarni chaqirib qo‘yibsiz. Endi bir iloj qilib qaytarish ke­rak. Kundoshlaringizga bildirmasdan ish tutish kerak. Xayriyatki, kundoshingizning qizi chaqirmabdi. U chaqirganda yomon bo‘lardi.

– Men o‘lgur, o‘sha kuni Zebixonning ovoziga mast bo‘lib, hech narsani o‘ylayolmabman-da! Kundoshimning qiziga «siz chaqirsangizmikan, men chaqirsammikan?» deb maslahat solibman-a! Muni qarang! Xayriyat, u qiz eslilik qilib, «Men buvimdan beruxsat mehmon chaqirmayman. Siz kattasiz, o‘zingiz chaqiring» dedi…

– Aslini o‘ylaganda, u ham esipastlik qilibdi. Lekin uning bu esipastligi sizning foydangiz.

Umrinisabibi bir ozgina jim qolgach, yana kelinchakning qulog‘iga egildi:

– Endi siz bir ish qilib tobingiz qochgan bo‘lasiz-u, men borib Enaxonga aytaman. «Boshini ko‘tarib qolsa, men o‘zim xabar qilaman» deyman. Shu bilan qolib ketadi… Mehmonlar bugun-erta qaytib ketishar emish. Zebixon juda so‘fi odamning qizi ekan. Otasi bir-ikki kunga bazo‘r ijozat bergan emish…

Kelinchak hali ham o‘ziga kelmagan edi, yana Umrinisabibining bo‘yniga osildi:

– Qanday bo‘lar ekan? Juda xunuk bo‘ladi-da. Bu­tun qishloqqa gap tarqaladi… Bu kundoshlarim, deng, tarqatmay qo‘yishadimi? Boshqa bir ilojini topsak yaxshi bo‘lardi.

Kelinchak Umrinisabibining ko‘zlariga bir oz tikilib turgach:

– Shu topda onam notob bo‘lib chaqirtirsa xafa bo‘lmas edim! – dedi.

– Bo‘lmasa, onangizni kasal qilaylik. U sizni jadallatib chaqirtirsin. Siz uzr aytib, jo‘nay bering… Shu shaharlik qizlar ketguncha, onangiznikida turganingiz ham yaxshi.

– Muni qanday qilamiz?

– Bu oson. Men hozir paranjimni yopinib sizlarnikiga jo‘nayman. Hamma gapni onangizga uqtirib, tezda qaytaman. Orqamdan duma-dum odam keladi, siz keta berasiz. Kech payt men o‘zim kirib, Enaxonga aytib qo‘yaman.

Kelinchak bu maslahatga tamom qoyil bo‘lgan edi. Umrinisabibining ko‘zlaridan o‘pdi:

– Bu yaxshiligingizni bir umr unutmayman, xola, – dedi. – Qizingizni, xudo xohlasa, o‘zim to‘y qilib, o‘zim uzataman! Siz darrov jo‘nang! Ana, mistovoqda non, likopchada mayiz bor; nondan, mayizdan olib yo‘lga tushing! Tez bo‘ling, jon xola!

Umrinisabibi irg‘ib o‘rnidan turdi, non bilan mayizning hammasini ro‘molchasiga tugib, uydan chiqdi. Uning uydan chiqib o‘z hovlisiga tomon ketayotganini kelinchak eshik oldida kuzatib turdi.

Tashqarida kundoshlardan biri Umrinisabibidan nima qilib yurganini so‘ragan bo‘lsa kerak, u kichkina darichani ochib, bir oyog‘ini o‘z hovlisiga qo‘yarkan, baland ovoz bilan:

– Sultonxon ertaga mehmon chaqirtirmoqchi ekan, shunga qarashib beray deb chiqib edim! – dedi.

Bu baland va keskin ovoz Sultonxonning qulog‘iga juda xush yoqar edi…

Ashullachi qizning o‘zlarinikiga mehmon bo‘lib kelajagini eshitgandan beri mingboshining o‘rtanchi xo­tini Poshshaxon juda xursand edi. Faqat, erining shaharga ketib bedarak yo‘qolganiga achinardi. Shaharda bo‘lmasdan shu yerda bo‘lsa, bir ish qilib shaharlik qizning ovozini unga eshittirish va shu yo‘l bilan kundoshning ustiga kundosh keltirish qiyin emasligini yaxshi bilardi. Erining xotinbozligi esa bir unga emas, butun dunyoga ma’lum edi. Zebini bir ish qilib mingboshiga olib berish ustida o‘zining burungi dushmani, ya’ni katta kundoshi Xadichaxon bilan ittifoq bog‘lashdan ham tortinmasidi. Shu uchun bo‘lsa kerak, bugungi nonushtani uning uyida qildi: eng mahram sirlarini aytgan bo‘lib, uni o‘ziga moyil qildirishga urindi.

– Eringizdan shu choqqacha darak yo‘q-a? – dedi u kulib turib.

Xadichaxon ham o‘sha xilda kulish bilan javob berdi:

– Ha, eringiz shaharda qolib ketdi. Bilmadim, yana bitta-yarimtaga nazari tushdimikin?

– Nazarlari qursin u kishining? Hadeb tusha berar ekan-da…

– Siz-biz tushmasin deganimiz bilan, tushmay qolarmidi? Xudo o‘zi tushadigan qilib yaratgan ekan-da.

– Xudovandikarim bu erkaklarni muncha yaxshi ko‘rar ekan, a…

– O‘zimizdan qiyos-da… Oramizda erkakni yaxshi ko‘rmaydigan kim bor?.. Nondan oling! Qiyomga qarab o‘tirsangiz-chi…

– Non bilan qiyom har kun bor… Boshqa dardlardan gapirishaylik.

– Non bilan qiyom har kimnikida yo‘q. Bu ham bornikida bor. Shukur qilsak bo‘ladi…

– Ming qatla shukurku-ya… O‘z boshingizdan o‘tgan, bilasiz, ko‘ngulni tintalagan bir narsa bor…

– Mening ko‘nglim tintalanib-tintalanib ado bo‘lgan, aylanay… Ko‘nglimdagi olovning quruq kuli qolgan, xolos. Endi, xudoning taqdiri bilan, mening kunlarim sizning boshingizga tushibdi. Insof qilganda, aylanay, bu kunni xudo hech bir bandasining boshiga keltirmasin. Nondan olib o‘tiring…

Poshshaxon o‘z kundoshining bu gaplaridagi achchiq kesatmalarni, to‘ppa-to‘g‘ri o‘z bag‘riga borib sanchiladigan nayzalarni bilib va sezib o‘tirardi. Chinakam, bir zamon o‘zi shu bechora xotinning ustiga kundosh bo‘lib kelib, uning yuragini timtalagan, uni rashk va ko‘rolmaslik olovlarida yondirgan edi. U vaqtda o‘zi – kuldi, ochildi, quvondi, gerdayib, osmondan qarab qadam bosdi… Xadichaxon esa – ezildi, kuydi, o‘rtandi, xo‘rlanib-xo‘rlanib achchiq-achchiq yig‘ladi. Faqat, hali bo‘yida bo‘lmay turib o‘zining peshonasiga ham kundosh bitdi… Butun g‘ururi sindi, gerdayishi poymol bo‘ldi, sevinchi so‘ndi, yuzi so‘ldi, lablari xazon rangiga bo‘yandi, umidlari uzildi, oyoqlari zo‘rg‘a-zo‘rg‘a sudralib jiladigan holga keldi. Sultonxon kelgandan beri uning lablari ikki tishi orasidan chiqmas, ko‘zlari sal narsaga yosh olib yuborar, ko‘kragida devlar irg‘itgan og‘ir toshlardan biri ko‘ndalang kelib yotardi… Durust, qorni to‘q, ust-boshi joyida, qavat-qavat sarpo, og‘ir mehnat yo‘q… Lekin yonginasida boshqa bir yulduz charaqlab, ko‘zlarini qamashtirib turgandan keyin bu davlatlardan nima foyda?..

Xadichaxonning bu haqli kesatishlaridan keyin cho‘kkan og‘ir bir jimlik ichida faqat og‘izlargina quruq nonni chaynashdan chalaplar ekan, Poshshaxon shu narsalarni o‘ylardi. Bugun, o‘zining eski dushmani oldida, dushmanning haq ekanini iqror qilish, albatta, yengil emasidi. Faqat, narigi – kichik kundosh mingboshi­ning kumush kamarida eng a’lo naqsh bo‘lib yonib turganda, bu zararsiz kundoshning haqligini iqror qilib va uning siniq ko‘nglini ovlab, shu bilan uni qo‘lga olmoq, hozir ikkala xotin uchun baravar kundosh bo‘lgan kichik xotinga qarshi o‘t ochmoq lozim edi. Bo‘shalgan piyolani chertib uzatarkan:

– Aytganlaringiz rost, – dedi Poshshaxon.– Aytgan gaplaringiz achchiq bo‘lsa hamki, rost. Bu to‘g‘rida men sizga hech narsa deyolmayman, ayniqsa, men kelganda bolalik edingiz siz… Bilaman.

Kundoshining qo‘lidan sovibroq qolgan bir piyola choyni oldi-da, bir-bir ketin ikki-uch ho‘plab, bo‘shalgan piyolani yana qaytardi. So‘ngra davom etdi:

– U yog‘ini o‘ylaganda, na sizda ayb bor, na menda. Qaysi birimiz bu odamga o‘zimiz xohlab tegibmiz? Hammamizni ota-onamiz bizdan so‘ramay-netmay uzatgan. Bizning ko‘z yoshlarimizga kim qaragan dey­siz?..

Shu yerda Xadichaxon e’tiroz qildi:

– Yo‘q, unday demang. Men o‘zim xohlab tekkanman. U vaqtda kuyovingiz yosh edi, muncha katta amaldor ema­sidi, nihoyati ellikboshi edi. Birinchi xotinidan bola bo‘lmagan ekan, ikki-uch yil umr qilishganlaridan ke­yin xotini o‘lib ketgan. Meni olgan vaqtida «sen ko‘z ochib ko‘rganimsan» derdi… Mening hech bir noliydigan yerim yo‘q edi. Toleyimdan xafa emas edim. Bu orada mana bu Fazilat tug‘ildi. Bola degan ota-onani bir-biriga bog‘laydi… Fazilat tug‘ilgandan keyin men juda xursand edim. Xuddi o‘sha paytlarda onam o‘ldi. Otam hajga ketib, u yerda qoldi. Shuncha musibatlarni qiynalmasdan o‘tkazdim. Nimaga desangiz, uyimdan ko‘nglim to‘q edi…

Shu yerga kelganda Xadichaxon ko‘ziga yosh oldi, shapaloq gulli obiravon ko‘ylagining uzun yengi bilan ko‘zlarini artdi. So‘ngra yoshli ko‘zlari bilan tashqaridagi so‘rida ochiq-sochiq yotgan va boshiga oftob tushib qolgan Fazilatga qaradi. Choynakdagi so‘nggi ikki ho‘plam choyni quyib, bir hamlada ichib bitirib, choynak-piyolani narigi yoniga olib qo‘yganidan keyin so‘zida davom qildi:

– Buningiz amaldor bo‘lgandan keyin aynidi. Mingboshilik yomon hovliqtirdi. O‘z qishlog‘ini tashlab bu yerga ko‘chdi. Bu katta hovlini sotib oldi. Mana bu kat­ta imoratlarni soldirdi. Bog‘-rog‘ qildi, yer-suv ko‘paytirdi. Ko‘ngli boshqa savdolarga, o‘zga ko‘ylarga tushdi… Bola ham ko‘ziga ko‘rinmadi, xotin ham. Yoniga «habbarakallachilar» kirishdi. Xotin topadigan, maslahat beradiganlar ko‘payishdi. Bir haftaning ichida to‘y qilib, mening ustimga sizni keltirib qo‘ydi.

Shu yerga kelganda Poshshaxon chidayolmadi:

– Men xohlab kelgan bo‘lsam ekan… Oyog‘imdan bog‘lab, bir cho‘riday olib keldilar… Tug‘ilganimga, yoshligimda kasal bo‘lib o‘lib ketmaganimga o‘kina-o‘kina kelganman.

– Bilaman, aylanay, bilaman… U yog‘ini so‘rasangiz, bu ayol toifasining ko‘pi ota-onaning zo‘ri bilan erga tegadi. Shunday bo‘lsa ham, siz menga kundosh bo‘lib kelgansiz-da…

– Kelmay o‘la qolay men! Sizga kundosh bo‘lib necha yil, necha oyim rohatda o‘tdi? Siz-ku besh-olti yil rohat ko‘ribsiz, armoningiz yo‘q… Men sho‘rlik bir yil ham yayraganim yo‘q. Bir kechaning ichida to‘y ovozi chiqdi-yu, ertasi kuni namozshomda Sultonxon kirib keldi… O‘lganim yaxshi emasmi bu kunimdan? Otam o‘lgur muning yer-suviga, davlatiga qiziqdi, «yax» deb tu­rib oldi. Bu davlatlardan unga nima foyda?..

– Davlati qursin, davlati!.. Enaxonning kelinbibisiga rashkim keladi… Davlat asari yo‘q. Ro‘zg‘orlari zo‘rg‘a o‘tadi. Qo‘zichoqday ikki bolasi bor. Eri hamisha yonida… Kundosh alami yo‘q…

– Nimasini aytasiz…

Ikkovi ham jim bo‘ldilar. Bir ozdan so‘ng gapni yana Poshshaxon boshladi:

– Men chidolmayman aslo, men chidolmayman! Men aslo chidolmayman bu alamga!

So‘ngra jalanglab tevaragi-atrofga qarab olgach, dasturxon ustidan kundoshiga egilib, dedi:

– Yana bittani olib berib, mana bu yashshamagurni qonqora qaqshatsam… Kibr-u havolarini sindirsam… Shashtini qaytarsam… Hovliqishini bossam… Undan keyin sizning dasturxoningizni solib, qo‘lingizga suv berib, qizingizning choklarini tikishib, xizmatingizni qilib yotardim! Xoh ishoning, xoh ishonmang!..

– Shu topda siz alamzadasiz, yolg‘on aytmaysiz…

Kundoshlik olovlari zotan so‘nib bitgan bu bolali xotinga kechagi dushmanning bu kungi xushomadlari shirin eshitildi. Sultonxonning ustiga yana biri kelsa, demak, to‘rtinchisi bo‘ladi va kundoshlik alami yana ham yiroqlashadi. Shuni o‘ylab, Xadichaxon kechagi kundoshining bugun yordam so‘rab uzatgan qo‘lini qabul qilishga yo‘q demas edi. Faqat, Poshshaxonning yana ham ochiqroq va aniqroq gapirishini, to‘g‘ridan to‘g‘ri birlik taklifida bo‘lishini kutardi. Kundoshi kutdirmadi:

– Qars ikki qo‘ldan chiqar ekan! Ikkalamiz bir bo‘lsak, Sultonni tuzlaymiz. Undan keyin kundoshlik alami sizdan ikki pog‘ona, mendan bir pog‘ona yiroqlashadi. Ikkovimiz ham xotirjam bo‘lib opa-singil tutishamiz. Shu davlatni qancha kerak o‘z qo‘limizga olib, o‘rtada baham ko‘rishamiz. Yoshligimiz shamolga ketib bo‘ldi… Endi davlatdan bir narsa olib qolaylik. Qariganimizda asqotadi…

Xadichaxonning kutgan so‘zlari shu edi. Zotan, bu so‘zlar uning o‘z ko‘nglidagi so‘zlarning xuddi o‘zi emasmidi? O‘zi yolg‘iz qolgan vaqtlarida doim shu to‘g‘rida o‘ylab, shu xil tilaklarda bo‘linmasmidi? Demak, bugun ikkala kundoshning yuragi bir zarb bilan uribdi! Ik­kala kundosh bugun bir-birlarini anglab, bir-birlariga qo‘l uzatibdilar! Mundan yaxshi nima bor? Bir kishi qilolmagan ishni ikki kishi qila oladi. Ikki kishi qilolmaganini uch kishi qiladi. Gap o‘sha uch kishining bir-biriga qo‘l uzatib, maslahatni bir qilishida!

– Soz bir qizni to‘g‘ri qilsangiz, hali ham yo‘q demaydi u fosiq! O‘ylashaylik bo‘lmasa… – dedi Xadi­chaxon.

Kundoshi birdaniga o‘rnidan turib, uning yoniga o‘tdi va xuddi jonajon o‘rtoqlarday qo‘lini yelkasiga tashlab, betlaridan o‘pib-o‘pib oldi. Bu o‘pish riyokor va aldamchi o‘pishlardan emasidi. Balki, aksincha, chi­nakam va astoydil edi. Shu topda Poshshaxonning butun vujudini kundoshlik olovi o‘rab olgan, ko‘zlari olovning alangalari ila chaqnab yonmoqda, ikki yuzi uning harorati bilan qip-qizil cho‘qqa aylanganidi…

Shu osilish va shu o‘pishlar bilan o‘zining astoydilligini bildirgandan keyin, Poshshaxon irg‘ib o‘rnidan turdi, yugurib borib eshik va derazalarni qarab keldi-da, dedi:

– O‘ylab o‘tirish nega kerak? Dunyoning eng soz qizi o‘z oyog‘i bilan qishlog‘imizga kelib o‘tiribdi… U qizning ta’rifini eringizga eshitdirsak, bir iloj qilib qizning o‘zini ham mehmon qilib chaqirsak… tamom!

– Siz kimni aytayotirsiz?

– Enaxonning shaharlik mehmonlaridan Zebixon degan ashullachisini…

Xadichaxon tan berganday qilib kundoshiga qaradi-da, dedi:

– Topibsiz-a!.. Esingizga qoyilman! U qizning ta’rifini men ham eshitdim. Balo emish…

– Shunday bo‘lgandan keyin bizning ishimiz yana ham yengillashadi. U qizni eringizga maqtab eshitdiradiganlar bizdan boshqa ham ko‘p topiladi. Men bi­lan Sultonni maqtab yedirganlar shunday qizni aytmaydi deysizmi?

Tashqaridan yo‘talgan ovoz eshitildi. So‘rida yotgan Fazilat o‘rnidan turib kelayotir edi. Ikkalasi ham bu suhbatni shu joyda uzib, mayda-chuyda ro‘zg‘or gaplariga ko‘chdilar.

Birozdan so‘ng bet-qo‘lini yuvib Fazilat kirdi. U ostonaga qadam qo‘yar-qo‘ymas, onasi:

– Bet-ko‘zingni yuvdingmi? – deb so‘radi.

– Ha! – dedi qiz.

– Bo‘lmasa, o‘choqda kichik choynakda choy bor, ola kir. Nonushtangni qilasan.

Qiz choyni keltirib qo‘yib, dasturxonga o‘tirar-o‘tirmas gap boshladi:

– Kechasi charchab kelib uxlab qolibman. Bo‘lmasa, sizlarni uyg‘otib ko‘rganlarimni gapirib berar edim.

– Nimalarni ko‘rding? – deb so‘radi onasi.

– Qani, gapirib bering-chi, – dedi Poshshaxon.

– Nimasini aytasiz! Zebixon degan bir ashullachi kelibdi, ovozini eshitsangiz mast bo‘lasiz!

Bular ikkalasi bir-birlariga qarashib, miyig‘larida kulib qo‘ydilar.

– Yana kimlarni ko‘rding?

– Zebixon bilan kelgan boshqa qizlar ham biri-biridan yaxshi, biri-biridan soz, biri-biridan ochiq, biri-biridan quvnoq…

Onasi «pix-x» eta kulib yubordi va eshitilar-eshitilmas qilib:

– Pog‘onani yana ham nariga cho‘zsak bo‘lar ekan! – dedi.

– Nima deb yotirsan, oyi? – deb so‘radi qiz.

– Hech, – dedi onasi. – O‘zimcha bir narsa dedim. Sen eshitmay qo‘ya qol…

Bu hazilni o‘rtanchi xotin anglagan va quvonib kulish bilan muqobala qilgan edi.

– Mehmondorchilik qanaqa bo‘ldi? – deb so‘radi onasi.

– Ha, dasturxondan keling, – dedi Poshshaxon.

– Kambag‘alning dasturxoni nima bo‘laridi? Non, patir, mayiz, o‘rikqoqi… savzi qiyom… Oxirida zig‘ir yog‘i palov… bitta-yarimta go‘sht uchrasa bor, bo‘lmasa yo‘q…

– Voy, o‘laqolsin! – dedi Poshshaxon.

– Ha-ya! – dedi qizning onasi.

– Dasturxonga kim qarabdi deysiz? – dedi Fazi­lat. – Hammaning aqli-hushi o‘yinda, ashulla da, qizlarda, haligi Zebixonda bo‘ldi. To yig‘in tugalguncha, hech kim jilmadi. Hech kimning jilgisi kelmadi. Yarim kechadan keyin qaytib keldik. Biz kelganda, hammangiz dong qotib uxlagan edingiz…

– Dasturxoni muncha yomon ekan, sen chaqirmabsan-da mehmonlarni. Biz bu yerda qiyomat qilib kuzataridik…

– Men sendan so‘roqsiz chaqirishga botinolmadim. Ikkovimiz maslahat qilishdik, ertagi kunga Sulton­xon ayam chaqirib keldi.

Ikkala kundoshning ko‘zlari birdaniga o‘g‘il ko‘rganini xabar olgan otaning ko‘zlariday ravshan bir olov bilan charaqladi. Ko‘z himosi bilan bir-birlariga sevinchli xabar uzatishib oldilar. Ikkalasi bir-birini ko‘z uchida qutladi.

– Sultonxon ayang? – deb so‘radi onasi.

– Ha, Sultonxon ayam.

– Muncha eslik ekan Sultonxon ayang!

– Shunga ham es kerakmi? – dedi qiz.

Xadichaxon ko‘zlarini ayyorlik bilan o‘ynatib turib kundoshiga qaradi:

– Gapni eshitayotirsizmi? – dedi. – Ertaga biznikiga shaharlik mehmonlar kelishar ekan! Sultonxon oyim chaqiribdilar. Sultonxon oyim…

Poshshaxon azaldan ayyor bo‘lgan ko‘zlariga besh barobar ravnaq berib turib muqobala qildi:

– Mingboshi dodxoning suygulik xotinlari bo‘lganidan keyin nima qilsa ta’bi-da! – dedi u. – Kim nima deya olardi? Haddi bormi, qalay?..

– Muncha eslik ekan bu Sultonxon ayang! – deb takror kildi Xadichaxon. – Muncha eslik ekan!..

Ikki kundosh o‘sha ayyor ko‘zlar bilan bir-birlari­ga qarashib, ma’nolik-ma’nolik kulishdilar.

Qiz bechora bu kulishlarning nimaligini anglayolmasdan hayron bo‘lib dam onasiga, dam kichik buvisiga qarardi…

Ma’lum bazm kechasining ertasi kuni Enaxon bilan mehmonlari qorong‘i tushganda mehmondorchilikdan qaytib keldilar. Mehmon qilib chaqirgan xonadon qishloqning narigi chekasida yashaganidan bular ancha charchagan edilar. Zebi hammadan orqada qolib, qo‘lidagi nasibani aravakashga berib kirgach, Enaxonning onasi o‘z qizini xoli topib, Zebi to‘g‘risidagi fikrini izhor qildi:

– Bu Zebinisa o‘rtog‘ing topilmaydigan qiz ekan, bolam. Bir rahmdil, bir oqko‘ngil, bir ilinchakki, bu zamonning yosh-yalangi orasida kam topiladi. Shuncha joydan olib kelib, shuncha kundan beri poylab yotgan bechora aravakash bolani boshqa qizlarning bittasi ham esga olmadi, yo‘qlamadi, doim yo‘qlab, xabar olib turgan Zebixon bo‘ldi. O‘zining qo‘shnisi bo‘lib turib Saltanatxon ham sira yo‘qlamadi…

Bu so‘nggi jumlani kampir past bir ovoz bilan yarim pichirab aytgan edi. Enaxon:

– Rost, oyi! – dedi. – Zebixon o‘rtog‘im u to‘g‘rida topilmaydigan, lekin…

Bu so‘zlarni aytib turib Enaxon o‘zini tutolmadi va kulib yubordi. Kampir hayron bo‘lib:

– Nimaga kulasan? Yo bilmay gapirdimmi? – dedi.

– Yo‘q, – dedi Enaxon yana kulib turib, – juda bi­lib gapirdingiz. Men boshqa narsani o‘ylab kulayotirman…

Qorong‘ida paranji yopinib o‘tirmasdan, ro‘molini pana qilib asta-sekin kirib kelayotgan Umrinisabibini eng ilgari Enaxon ko‘rdi, yuzlarida hanuz o‘sha kulishning alangasi ila tovush bergani holda uni qarshi olgali yugurdi. Zotan, Umrinisabibiga Enaxondan boshqa hech kimning darkori ham yo‘q edi. Qizning qo‘ltig‘iga kirib:

– Yuring bu yoqqa, aylanay, sizga ikki og‘iz gapim bor, – dedi.

Enaxon uni ayvonga taklif qilib, bir piyola-yarim piyola choy ichishga va mehmondorchilikdan kelgan qatlamadan nasiba olishga chaqirsa ham, sira ko‘nmadi. Ikkalasi birga ho‘… nariga, qo‘shni devoliga yaqinlashganlaridan keyin, Umrinisabibi qizni to‘xtatib, dedi:

– Aylanay qizim, bu gapni sizga qandoq qilib eshittirishga hayronman. Oraga tushmay o‘layin men…

Bu muqaddimadan keyin Enaxonning ko‘ngli sovuq bir narsa sezganday bezovta bo‘la boshlagan edi.

– Nima gap o‘zi? – deb so‘radi u tovushida ochiq bilinib turgan bir talvasa bilan.

– Meni Sultonxon yubordi…

Shuni aytgandan keyin Umrinisabibi so‘zdan to‘xtab, qizning yuziga qaradi. Qizning yuzi qorong‘ida uncha ochiq ko‘rinmasa ham, u haligi so‘zning qizga qanday ta’sir qilganini anglamoqchi va shunga qarab so‘z yuritmoqchi bo‘lardi. Qiz yana ham orta tushgan talvasa bilan boyagi savolni takror qildi:

– Nima gap o‘zi?

– Sultonxonning onasi birdaniga yotib qolibdi… Hali hozir otliq odam kelib, uni olib ketdi. Men er­ta bilandan beri o‘shalarnikida osh-suvlariga qarashib yurib edim, birdan munaqa hol bo‘lib qolgandan keyin meni chaqirib olib, «endi men ketayotirman, noilojman, tezlik bilan borib Enaxonga mening uzrimni aytib qo‘ying» dedi… Paranjimni ham yopinmasdan, yugurib sizning yoningizga chiqdim.

– Endi ertaga mehmonlarni chaqirish yo‘qmi?

– Sultonxon o‘zi bo‘lmagandan keyin kim chaqiradi? U hovlida undan boshqa odamshavanda kim bor? O‘zingiz bilasiz-ku, aylanay…

Bu sovuq xabar Enaxonga yomon ta’sir qildi. U ni­ma deyishini bilmasdan o‘ylanib qoldi. Bergan xabarining yomon ta’sirini ko‘rgan Umrinisabibi u ta’sirni kamaytirmoq uchun so‘z to‘qib ko‘rdi:

– O‘rtoqlaringiz, omon-esonlik bo‘lsa, yana kelishar-ku. O‘shanda Sultonxon ertaning hissasini chiqarmay qo‘ymaydi… Yaxshi bola u… Yotig‘i bilan Saltanatxonga aytib qo‘ysangiz, eslik qiz, o‘zi tushunadi…

– Gapni cho‘zish nima kerak, xola? – dedi Enaxon. – Bo‘lar ish bo‘libdi, mening sho‘r peshonam ekan, mayli!

– Unaqa demang, aylanay! Hali yoshsizlar, dolay suhbatlarni, dolay bazmlarni, dolay to‘y-tomoshalarni ko‘rasizlar. Sultonxonning achinganini aytmaysizmi?

– Endi achingandan nima foyda?! Bo‘lar ish bo‘libdi… Mayli endi.

– Bo‘lmasa, yaxshi qoling, men boray. Supralar, xamirlar shundoq ochiq-chochiq qoldi. Borib yig‘ishtirib qo‘yay. Kundoshlari, o‘zingiz bilasiz, qayrilib qarashmaydi…

– O‘tirib ketardingiz…

Enaxonning bu so‘zlari labining uchidan chiqqan, muni Umrinisabibi ham payqagan edi.

– Yaxshi qoling, bo‘lmasa! – dedi Umrinisabibi. So‘ngra ayvon tomonga borib o‘tirmasdan devol bo‘ylab tezgina ko‘zdan yo‘qoldi.

Enaxonning kechadan beri tortgan rejalari va qurgan xayollari buzilgan edi. Endi sevgili o‘rtoqlarini ko‘ngildagidek xursand qilib jo‘nata olmasidi. Hech kimga hech narsa demasdan, kelinbibisini chaqirdi va bo‘lgan voqeani unga anglatdi. U ham Enaxonning xafaligiga qo‘shildi, lekin boshqa biror iloj ko‘rsatishdan ojizlik qildi.

Ikkalasi juda uzoq gaplashdilar, har xil yo‘llarni axtarib, har turli maslahatni qilib ko‘rdilar: hech biri epaqaga kelmadi. Oxirda ertaga erta bilan haligi xabarni sekingina Saltanatga bildiradigan, agar mehmonlar o‘zlari ketmakchi bo‘lsalar, «yo‘q» de­masdan ularga ijozat beradigan bo‘lib, shu maslahatda to‘xtaldilar.

Faqat, ertalabgacha mehmonlarga hech narsa demadilar. Ular borgan joylaridan charchab kelishib, o‘tirgan o‘rinlarida shundoqqina uzanib qolgan edilar.

Erta bilan nonushta chog‘ida Enaxonning onasi qi­ziga qarab:

– Qizim, bugun mehmonlaringni Sultonxonlarnikiga olib chiqasan-a? – deb qolmasinmi! Bu savol qizni ham, kelinni ham shoshirib qo‘ydi, chunki kechagi xabar hali hech kimga eshittirilmagan edi. Uni nonushtadan keyin Saltanatxonning o‘zigagina izhor qilmoqchi emasmidilar? Endi bu sodda kampir u «dard»ni ko‘pchilik oldida ochib qo‘ydi. Qiz talvasasini berkitishga tirishgan holda kelinbibisiga qaradi. Kelinbibisi bu qarashning ma’nosini darhol angladi va kampirga javob qaytardi:

– Sultonxonlarniki sal chuchmal bo‘lib turibdi… Endi, mehmonlarimiz qayerni xohlasalar, o‘sha yerga olib boramiz-da… Bo‘lmasa, shu yerning o‘zida yana yozilishib o‘tiramiz.

Kampir o‘rinsiz savoldan yana to‘xtamadi:

– Sultonxonlarniki nega chuchmal bo‘ladi?

Enaxon bilan kelin endi haqiqatni ochmoqqa majbur edilar. Enaxonga qarab olgach, kelin davom etdi:

– Sultonxonning onasi birdan notob bo‘lib qolibdi, qizini kecha oldirib ketgan ekan. O‘zi u yoqda, qanday bo‘lar ekan deb turibmiz…

Saltanat endi og‘iz ochdi:

– Biz aravani qo‘shtirib jo‘nasak ham bo‘lar edi.

Shaharlik qizlardan ikkitasi bu fikrga qo‘shilishdi. Faqat Zebi Saltanatning yelkasiga turtib, qulog‘iga sekingina shivirladi:

– Muncha shoshilasiz? Nimangiz qolibdi shaharda? Necha yilda bir kelib ham tuzukroq yozilmaylikmi?

Shu vaqtda salom berib mingboshining qizi Fazilatxon kelib kirdi. Yoshlar uni o‘rinlaridan turib qarshi oldilar-da, dasturxonga taklif qildilar. Qiz ko‘nmadi, ayvonning yonginasiga kelib to‘xtadi-da, tik turgani holda dedi:

– Men mehmonlarni aytgali chiqdim. Sultonxon ayam onalari kasal bo‘lib, ketib qoldilar. Oyim bilan Poshshaxon ayam mehmonlarni o‘zlari chaqiradigan bo‘lishdi. Bugun kechqurun albatta chiqasizlar!

So‘ngra xayrlashib chiqa boshladi.

Uni to ko‘cha eshigigacha uzata chiqqan Enaxonning besaranjom ko‘ngli yana o‘rniga tushgan, tashvishlik yuzlariga sevinch qizilliklari yugurgan edi.