Zulm ila qahru g‘azab izhor qilmoq shunchalar...
Appearance
Zulm ila qahru g‘azab izhor qilmoq shunchalar,
Oshiqi bechoraga ozor qilmoq shunchalar.
Gul debon sevgon kishining ko‘kragiga nish urib,
Xasta-yu ma’yus etib, afgor qilmoq shunchalar.
To‘tiyi shirinsuxan ag‘yorlarning bazmida,
Bizga kelganda gapirmay, zor qilmoq shunchalar.
Sizga kim aydi: muhabbat ahlini qil ihtisob,
Qo‘rqutib o‘y aybiga iqror qilmoq shunchalar.
Garchi kelsa, eski to‘n, bizdek duogo‘yi faqir,
Kambag‘alning xirqasidan or qilmoq shunchalar.
Har balo-yu, jabr kelsa, yonmagay hargiz, Muqim,
Oshiq ahlini urubon xor qilmoq shunchalar.
| This work was published before January 1, 1930, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago. |