Zarafshon
(Safar esdaligi)
Ko‘z oldimda oqib yotgan Zarafshon
Yosh boladek erkalaydir, o‘ynaydir;
Hovliqma ham bo‘lsa o‘zi ko‘p chaqqon,
Uncha-muncha to‘siqlarni qo‘ymaydir.
Katta-kichik toshlar bo‘lsa yo‘lida,
Hech qo‘ramay sudrab ketar ilgari;
Kim biladir, jon topshirmish qo‘lida
Hazil-hazil bilan qancha yosh-qari?..
Uning o‘zi, shu o‘ynoqi qilig‘i,
Shu hovliqma odati-la ko‘p qo‘rqinch;
Suvlarining nozli qizdek sillig‘i
Ko‘p tanlarni ag‘dararlik katta kuch!
Undan qo‘rqinch uning o‘tkarganlari,
Saltanatlar, qonlar, ulug‘ tarixi,
Siynasida bo‘g‘ib o‘ldirganlari,
Ko‘p jonlarning ingrayishi va ohi!
Tarixining qanotlari so‘ng yillar
Allaqanday qora rang-la bo‘yalmish.
Yonlarida yashaguvchi ko‘p ellar
Qora yozmish qozig‘iga suyalmish…
Sho‘x-sho‘x oqib yuragida yashrincha
Tarixlarni, asrlarni qarg‘amish.
Bilmadimki, o‘z umrida ul qancha
Yaxshi erlar yod etmish-da, alqamish?
Ey Zarafshon, o‘ynab-kulib oqaver,
Mazlumlarning yuragini yoqaver!..
Samarqand. 1920, avgust
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|