Zaliliy g’azaliga muxammas

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Zaliliy g’azaliga muxammas
by Umarxon

G’amingdin,ey pari ruxsora,joni notavonim bor,
Qilurg’a rang hijroning qilichin qatra qonim bor,
Firoqing bog’ida bulbul kibi ming dostonim bor,
Yuzungni ko’rmagach,ey guluzorim,yuz fig’onim bor,
Jahon bog’ida istarman seni to tanda jonim bor.

Tutoshdi ishq o’ti ko’nglum aro tadbir etolmayman,
Guli serobi ruxsoring anga tasvir etolmayman,
Muhabbat sharhini jon o’rtanur tahrir etolmayman,
Junun maktubini mazmunini taqrir etolmayman,
Eshitgon xalq yig’lar sho’layi tig’ zabonim bor.

Qadam urgan muhabbat ko’yiga afsona bo’lmasmu?
Parilar birla suhbat aylagon devona bo’lmasmu?
G’ami yor istagon ag’yordin begona bo’lmasmu?
Junun shahri sarosar,oqibat vayrona bo’lmasmu?
Ko’zum yoshi chu daryo har taraf obi ravonim bor.

Pariro’lar yuzini moh derman,ayb qilmanglar,
Sihi qadlar g’amidin oh derman, ayb qilmanglar,
Harimi dilni baytulloh derman, ayb qilmanglar,
Ko’ngulni poyi taxti shoh derman, ayb qilmanglar,
Vujudim shahrida lashkarkashi sohibqironim bor.

Amiro,menga o’xshab g’amda mu’tod o’lmag’il hargiz,
Asiri jilvayi ul sarvi ozod o’lmag’il hargiz,
Meni mahzun topib,ey ishq,jallod o’lmag’il hargiz,
Yiqildi deb Zaliliyni aduv shod o’lmag’il hargiz,
Madadkorim meni sulton Situqi Bug’roxonim bor.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse