Yuz ming balo ko’rsam

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Yuz ming balo ko’rsam
by Boborahim Mashrab

Suzuk ko’zlu, sarig’ sadbarg yuzungni, dilrabo, ko’rsam,
Yuzungdin yuz o’gurmasman, agar yuz ming balo ko’rsam.

Mani oshiq, sani ma’shuq ki derlar ushbu olamda,
Nasib o’lmish manga davlat, firoqing o’tida kuysam.

Chunonam ko’ngli qattiqsan, biram holimni so’rmassan,
Jamolingga to’yolmasman boshingdin yuz ming o’rgulsam.

Nechuk bedodlig’ ish bo’ldiki, man sandin judo bo’ldum?
Jafolarniki man tortib, na mushkuldur qarab qolsam.

Sadafsiz dur, tikansiz gul, mashaqqatsiz hunar yo’qdur,
Toparmanmu visolingni jahonni istabon yursam?

Labing — la’lu xating — Xizru yuzung — monandi Yusufdur,
Zulayhodek kuyub-yonib bu ishq ichra ado bo’lsam.

O’shal Majnuni shaydodek biyobonlar aro man ham,
Ko’yungda dam-badam yonib, qani Laylo deb oh ursam.

Kel, ey Mashrab, ko’zung yo’llarda qoldi termulub, naylay,
Qani ul xoki poying, ko’zlarimga to’tiyo qilsam.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse