Jump to content

Yurt qayg‘usi (Turkistonning fig‘oni)

From Wikisource
Yurt qayg‘usi (Turkistonning fig‘oni) (1917)
by Hoji Muin
334483Yurt qayg‘usi (Turkistonning fig‘oni)1917Hoji Muin

Man burung‘i zamonda ilm va madaniyat o‘chog‘i bo‘lg‘onim uchun dunyoning ma’mur va mas’ud o‘lkasidan sanalar edim. Shuning uchun ediki, hozirda qo‘ynimdagi (xarobazorlardan iborat bo‘lg‘on) Samarqand — «Samarqand firdavsmonand» atalur edi. Chin o‘g‘lonlarimdan bo‘lg‘on u botur, u jahongir Temur davrida ko‘rgon umroniyat va baxtiyorlig‘im kiyomatg‘acha esimdan chiqmas.

Oh! Na bo‘ldikim, so‘ngg‘i bolalarim ilm va maorifdan uzoqlashdilar. Ota-bobolarining yo‘llaridan chiqdilar. Nega otalarindan meros qolg‘on maorifni tashlab jaholatni ixtiyor etdilar? Birlikni qo‘yib, nifoq va nizog‘a nedan kirishdilar? Ilgari yot va dushmanlar qonini to‘kmak bilan iftixor qila ekanlar, so‘ngra jaholat va nafsoni-yat sababli o‘z dindosh va qondoshlarining qonlarini to‘kdilar. Boshqa iborat bilan aytganda, o‘z tomurlariga o‘zlari bolta urdilar. Mana bu ozg‘unliq va axloqsizliqlari sababli bir-birlaridan ayrilishib bo‘lak-bo‘lak bo‘ldilar-da, yotlar tarafindan qulaygina yutildilar, o‘z istiqbollariga xotima chekdilar. Bu orada manim ustimdagi madaniyat osorindan bo‘lg‘on tog‘ kabi madrasalar va rasadxonalar ham xarobazorg‘a aylanib qoldi.

Oh! Har na bo‘ldi, endi o‘tdi… Modomiki, manim qo‘limdan chidam, to‘zim va yaxshi duodan boshqa ish kelmas edi, u noxulq bolalarim haqinda Tangridan tavfiq va insof tilab tura edim. Yo‘q, baxtsizlig‘imdan bular tezliqda insof va intibohg‘a kelmadilar. Tevaragimdag‘i yot ellarg‘a qarasam, alarning har birlari kundan-kun madaniylashmoqtsa, olday bormoqda va tinchgina yashamoqdalar.

Alarning bu hollarini ko‘rub, yana qot-qot dardim zo‘rayadir, hasratim ko‘payadir, burung‘i shon va shavkatim, imorat va madaniyim esimga kela boshlaydir. Ho‘ngir-ho‘ngir yig‘layman, nola va faryod qilaman… Ammo manim bu holimni ko‘ruvchi ko‘z qayda? Qayg‘uli tovushimni eshitguvchi quloq qani?..

Oh! Qanday baxtiqaro ekanman, nechuk tolesiz ekanmanki, bu kunda manim qo‘shnilarim intiboh azonin eshitib uyg‘ong‘on va o‘z saodatlari sari yugurmoqda bo‘lgon holda, manim baxtsiz avlodim bir-birlari bilan nifoq va adovat kuchi bilan talashib, yoqalashib, oxiri horib, kuchsizlanib jaholat to‘shaginda hanuz uxlamoqda va jonsiz gavdalar kabi hanuz yotmoqdalar…

Ay turkistonli turk o‘g‘lonlarim! Endi turingiz! Jaholat uyqusindan uyg‘oningizki, kichik qiyomat qo‘pdi!.. Agar bu chog‘da ham uyg‘onmay o‘zingizni asorat kishaningizdan, yoqangizni jaholat changalindan, yurtingizni dushmanlar tirnog‘indan ajratib qutulmasangiz, so‘nfa buyuk qiyomatda sizlarga tamug‘ yerindan boshqa yurt berilmas, zaqqum oshindan bo‘lak yemak yedirilmaski, rasvoi olam bo‘lursiz.

Ay turk bolalarim, uyg‘oningiz! Uyg‘oningiz! Mana, boqingiz, kichik qiyomat bo‘lib qoldi. Har kimsaning nomai a’moli o‘z qo‘lig‘a berildi. «A’moli» tarozusi ham qurildi. Mana qarangiz! «A’moli solih»i ortuq kelgan millatlar shodliq bilan uchmoq, saodat sari chopmoqda. Ammo yomon ilmi ortqon qavmlar «sirot» ko‘prikindan o‘tolmay, tamug‘ sari tushmakda va yiqilmoqdadirlar…

Ay suyukli o‘g‘lonlarim, uyg‘oningiz! Uygoningiz! Tong otdi, endi uxlamoq harom!.. Qiyomat qo‘pdi, endi tek turmak mahol! Ana tinglangiz! Hozirgi madaniyatning suri Isrofili, oxir zamonning muazzini na der? Derki, «Hayya ’alal falah!».

«Hurriyat» gazetasi, 1917 yil, 10 noyabr


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"