Yozishg‘uchilarimizg‘a
«Mushtum» o‘zining yozishg‘uchilarining samimiyatini, dardini yaxshi biladir. Chunki dard bo‘lmasa, samimiyat bo‘lmasa, biz podachini qo‘lida kaltagi bilan ko‘rmas edik.
Biz bu o‘rinda shu samimiy yo‘ldoshlarimizg‘a, qo‘ldoshlarimizg‘a bir-ikki og‘iz gap sotmoqchi bo‘lamiz: siz bir muhitda yashaysiz; ya’ni qishloqda, shaharda yoki ko‘yda. Shu o‘zingiz yashag‘an muhitda shubhasiz dag‘allik bor, qo‘pollik bor, qing‘irlik bor va qiyshiqlik bor.
Shu anosiri arba’adan qaysi bo‘lsa bo‘lsin mutaoqib sizning ijtimoiy ruhingizga o‘zining chuchmal ta’sirini bermay va nafratingizni uyg‘otmay qo‘ymaydir. Albatta, shu vaqt «Mushtum»ni jo‘plab qo‘lingizg‘a qalam olasiz. Ammo shu qalam olishdan ilgari bir muncha andisha lozimdir, shoshmasliq kerakdir.
«Shoshkan qiz erga yolchimas», maqolini balki eshitkaningiz bordir. O‘n karra o‘lchab, bir martaba kesmak yaxshi: 1) Siz olg‘an mavzu’ning ijtimoiy va siyosiy manfaati; 2) Qosh qo‘yib, evaziga ko‘z chiqarmaysizmi; 3) Masala zamirida shaxsiy manfaatingiz, ya’ni oldi-berdi janjalingiz yo‘qmi va boshqalardan ta’minotingiz bo‘lishi kerak. Bu jihatdan qanoatingiz tom bo‘lsa, endi navbat qalamnikidir.
Yaxshi bilish kerakkim, qalam o‘qlog‘i va matbuot ketmon bozori emas. Yo‘sunsiz ravishda xotirg‘a kelgan har bir so‘zdan jumlalar to‘qimoq fazilat sanalmaydir. So‘z qolib, fikr uning ichiga qo‘yilg‘an g‘isht bo‘lsin, ko‘bchilik xumdonidan pishib chiqg‘ach, yangi hayot ayvoniga asos bo‘lib yotsin!
Kulgi jurnalida ishtirok qilish bir oz nazokat talab qiladir. Chunki sizni nafratlandirgan, istehzolandirgan masala yoki shaxsni o‘z hayotidan, o‘z xususiyatidan olib, kulgi holig‘a qo‘yishingiz kerak. Ya’ni siz bu kulgulikni yasag‘an bo‘lib ko‘rinmang, balki o‘zi yasalg‘an bo‘lsin. O‘z holini o‘zi arz qilsin. Toki o‘qug‘uchingizgina emas, hatto kulgiga qolg‘an raqibingizni o‘zi ham chorasiz siz bilan birgalashib kulishmakka majbur bo‘lsin.
Adabiyotda bir necha xil kulgi yo‘llari bo‘lsa ham (masalan: piching, kesatish, kinoya, tag‘oful va boshqalar…), lekin eng mo‘tabari xarakter kulgisidirkim, yuqorida aytib o‘tdik, ammo bunda quyidag‘i shartlarning topilishi kerak:
1) Qahramonning xarakteri (ya’ni sizning olg‘an masalangiz va yokim kishingizning o‘zidagina topilg‘an tabi’at), masalan: so‘z, ish, fe’l va…
2) Shu xarakteristika ichidan siz bermakchi bo‘lg‘an ma’no yoki ibratning o‘z-o‘zidan tomib turishi;
3) Shu ikki turlik narsa ichidan istehzo yokim xo-xo-xo moddasining tabiiy suratda kelib chiqishi.
Bu o‘rinda masala yaxshi onglashilsin uchun bir misol beraylik: Toshpo‘lad aka mahalla kamissiyasidan o‘z ta’biricha bir qiyig‘ qog‘oz oladir-da, so‘yinib ketadir. «Ha, dedim, poshsholikka endi yigit kerak bo‘ptimi, dedim» deydir. Tahlil qilsaq bunda ko‘ramiz:
a) Toshpo‘lad tajangning o‘z iborati so‘z xarakteri (ko‘rinishdan);
b) Toshpo‘ladning och qolib, poshsholikdan ish kutishi (ma’nodan);
v) Holbuki, bu qiyig‘ qog‘oz bilan uni ishka chaqirilmaydir, balki undan besh so‘m nalo‘k olinmoqchi (kulki).
So‘z so‘ylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak, yozguchining o‘zigina tushunib boshqalarning tushunmasligi katta ayb. Asli yozg‘uchiliq, aytmakchi bo‘lgan fikrni hammaga barobar onglata bilishda, orag‘a onglashilmovchiliq solmaslikdadir. Mundan boshqa, fikrning ifodasi xizmatiga yaramag‘an so‘z va jumlalarga yozuvda aslo o‘run berilmasligi lozim. Shundagina idoraning tuzatib bosishig‘a yo‘l qo‘ymagan va mustaqil uslub va ifodaga ega bo‘lib, o‘zingizning qalamdagi istiqbolingizni ta’min qilg‘an bo‘lursiz. Kishiga ishonish va behuda kuchanish ma’qul gap emas, biravga orqa qilib o‘zingizda bo‘lg‘an talantning ruhiga fotiha o‘quy ko‘rmangiz! Bir soatda emas, o‘n soatda yozish, bir qayta emas, o‘n qayta tuzatish kishining yordamig‘a termulishka qarag‘anda ham foydalik, ham umidlikdir.
Mundan so‘ng «Mushtum»ni kichkina qilib chiqariladir. Ammo siz sig‘may qolishidan qo‘rqmay, yozg‘anlaringizni bizga yo‘llay beringiz. Yozishg‘uchi so‘filarimizda hunar bo‘lsa, xonaqoh hech bir vaqt torlik qilmas. «Mushtum» eskicha o‘g‘riliq, jaholat, zalolat va g‘ayrilar bilan kurashini davom etdiradir. Biroq mundan so‘ng ul tilga, san’atka, adabka rioyasini tom qilib, qo‘lidan kelgancha yosh talantlarni shu doirada o‘sdirishka tirishadir.
O‘rtoqlarig‘a hurmat bilan «Mushtum» idorasi.
1925 yil, 4 oktabr, 17-son, 14-15-betlar.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|