Yordin hijron chekar...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Yordin hijron chekar...
by Alisher Navoiy

Yordin hijron chekar ushshoqi zor, ey do‘stlar,
Necha tortay hajr, chun yo‘q menda yor, ey do‘stlar.

Yor ishqin asragil pinhon, debon sa'y etmangiz,
Vah, ne nav etgum yo‘q ishni oshkor, ey do‘stlar.

Ishq bila gar birov lofi vafo-yu ahd urar,
Ishvagarlar ahlig‘a yo‘q e'tibor, ey do‘stlar.

Aylamang bekasligimni ta'na, bir kun bor edi,
Menda ham bir nozanin chobuksuvor, ey do‘stlar.

Yorsiz vayronda qon yig'larmen oxir, siz qiling,
Yor birla gashti bog'-u lolazor, ey do‘stlar.

Yorsiz ifrot ila gar yig'lasam, ayb etmangiz,
Kim, erur bu ish manga beixtiyor, ey do‘stlar.

Do‘stluq aylab tutung gah-gah labolab jomkim,
Qasdi jon qilmish manga dardi xumor, ey do‘stlar.

May ichingkim, dahr eli ichra ko‘p istab topmaduq,
Ahd-u paymonida bo‘lg'on ustuvor, ey do‘stlar.

Yoringiz vaslin g'animat anglabon shukr aylangiz,
Kim Navoiy o‘ldi bekaslikda zor, ey do‘stlar


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.