Yordin ayru ko‘ngul...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Yordin ayru ko‘ngul...
by Alisher Navoiy

Yordin ayru ko‘ngul mulkedurur sultoni yo‘q,
Mulkkim sultoni yo‘q, jismedururkim, joni yo‘q.

Jismdin jonsiz ne hosil, ey musulmonlarkim, ul
Bir qaro tufroqdekdurkim, gul-u rayhoni yo‘q.

Bir qaro tufroqkim, yo‘qtur gul-u rayhoni anga,
Ul qarong‘u kechadekdurkim mohi toboni yo‘q.

Ul qarong‘u kechakim, yo‘qtur mohi toboni anga,
Zulmatedurkim, aning sarchashmayi hayvoni yo‘q.

Zulmatekim, chashmayi hayvoni oning bo‘lmag‘ay
Do‘zaxedurkim, yonida ravzayi rizvoni yo‘q.

Do‘zaxekim, ravzayi rizvondin o‘lg‘ay noumid,
Bir xumoredurki, anda mastliq imkoni yo‘q.

Ey Navoiy, bor anga mundoq uqubatlarki, bor,
Hajrdin dardi va lekin vasldin darmon yo‘q.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse