Yorab, nechuk balodur boshimg‘a shomi hijron...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Yorab, nechuk balodur boshimg‘a shomi hijron...
by Muhammadniyoz Nishotiy

Yorab, nechuk balodur boshimg‘a shomi hijron,
Ne dardig‘a nihoyat, ne mehnatig‘a poyon.

Ne sabru, ne qarorim, ne hushu ixtiyorim,
Ne yoru, ne diyorim, ne jon manga, ne jonon.

Har kunda boshqa g‘avg‘o, har tunda o‘zga savdo,
Ne manzilu, ne ma’vo, yo‘qtur makonim imkon.

Mehnatg‘a davri purfan ko‘nglimni qildi ma’man,
Boshimni etti maskan, g‘am lashkarig‘a davron.

Ko‘zimda ashki hasrat, ko‘nglimda xori g‘urbat,
Boshimg‘a tushdi kulfat, andoq yog‘orki boron.

To soldi ul sumanbar jonu dilimg‘a axgar,
Ohimni qildi sar-sar ashkimni etti to‘fon.

Pinhon nazardin ul moh, ne munisu ne hamroh,
Dil so‘zim otashin oh, hamsuhbatimdur afg‘on.

Ortib balou shiddat, yuz muncha bo‘lsa mehnat,
Ne g‘am yetursa nakhat ul zulfi anbarafshon.

Tortib fig‘oni g‘ulg‘ul, hajringda misli bulbul,
Sensiz ko‘zimga, ey gul, mujgoni nishu paykon.

La’ling shahidi, ey dil, bo‘lmas kafang‘a moyil,
Bas jism uzra hoil rangin kafan qizil qon.

Ochg‘onda doli zulfing, yetkach shamoli zulfing,
Qildi xayoli zulfing toroji dinu imon.

Zulm etti charxi zolim, qildi fuzun malolim,
Ko‘p mushkil o‘ldi holim, yorab, san ayla oson.

Lutf aylabon bir oni, boqg‘il buyon nihoni,
Bo‘lsun Nishotiy joni boshinga sadqa, ey jon.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse