Yor bir yo’l ko’zlarim yoshini silmaydur hanuz...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Yor bir yo’l ko’zlarim yoshini silmaydur hanuz...
by Avaz Oʻtar

Yor bir yo’l ko’zlarim yoshini silmaydur hanuz,
Rashk ila shum muddaiy bag’rini tilmaydur hanuz,
Shahdi la’lidin o’luk jismim tirilmaydur hanuz,
G’unchalar ochildi, vah, ko’nglim ochilmaydur hanuz,
Bulbul oso xotirim gul mayli qilmaydur hanuz.

Qaddi yodidin chekarman nolai jonkohkim,
Tortib anvoi sitam hajr ichra solu mohkim,
Yo’q menga bir g’amgusoru munisu hamrohkim,
Za’f aro ushshoqg’a ibrat bo’lubman, ohkim,
Ko’zga ahvoli nizoriy yor ilmaydur hanuz,

Olsa jonim ne ajab oning firoqining g’ami,
Kim erur ul mah hamisha muddaiylar hamdami,
Bovar etgil bu so’zimni gar esang xush odami,
Pesha aylab charx zoli tinmayin tun-kun dami,
Dilbarimcha javr oyining bilmaydur hanuz.

Bo’lg’ali to orazing maftunu zoru muztari,
Bo’lmadi bir dam balovu dard boshimdin bari,
Qon qilib yosh o’rniga ikki ko’zimdin, ey pari,
Yerni ashkim g’arq etib zo’r etdi ohim sarsari,
Nedin erkandur falak toqi yiqilmaydur hanuz.

Garchi bordur olam ichra qoshlari shamshir ko’p,
Lek alar qilmas ul oydek ko’ngluma ta’sir ko’p,
Intizoridin bo’lubman hajr aro dilgir ko’p.
Va’dai vasl aylab erdi — ayladi ta’xir ko’p,
YO ibo qildi va yo yodiga kelmaydur hanuz.

Izlab oni, fikr raxshin har sori sursam netong,
Ohu, faryodim yeti gardundin oshursam netong,
Xanjari hasratni har dam ko’ksima ursam netong,
Yuz nadomat birla emdi o’zni o’ltursam netong,
Sajda qilmoqqa boshim bir bor egilmaydur hanuz.

Vasl aro yuzlanmasun sol ila mah sargashtalik,
Ne ajab yuzlansa furqat ichra gah sargashtalik,
Kim Avaz ishq ichra tortar faqru shah sargashtalik,
Ixtiyor etsa agar Munis yana sargashtalik,
Pand qilmakim jununidin oyilmaydur hanuz.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse