Yo’l estaligi

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Yo’l estaligi  (1921) 
by Abdulhamid Choʻlpon

1921, 27-may.

Koʻngilsiz chiqish

Toʻgʻridan-da, uydan chiqishim koʻb koʻngilsiz boʻldi.

Oʻzim bu kezuvimning qanday totli umidlar orqasida boʻlgʻanligʻini bilganim holda, negadir, chiqishim koʻb sovuq va tushunki boʻldi.

Uzatgʻuchi yoʻq…

Oʻzim yolgʻiz…

Eng yaqin doʻstlarim deb ishanib yurgan kishilarim “xayr”dan boshqani bilmadilar; uzatub qoʻyushning kerak ekanligi toʻgʻrisida oʻylariga tariqcha bir narsa keltirmaganlarga oʻxshadi.

Koʻngilsiz, tushunki ruh bilan chiqib ketdim.

Yolgʻizliq, oʻrgangan yerdan ayrilish ogʻirligʻi bir ozgʻacha meni ezib bordi, bir ozgʻacha qiynaldim. Bir ozdan soʻng eski tanishim xayol koʻmagimga yetdi: oʻzim uning bilan keng koʻkning yumshoq koʻrpalari ustida agʻanagʻan choqda, gavdam charchash, toliqishni sezmasdan ilgari otilar edi.

Xayol, goʻzal xayol, qara, men sening toʻgʻringda ilgari nima deb edim:

«Xayol… xayol… yolgʻiz xayol goʻzaldir,

Haqiqatning koʻzlaridan qoʻrqamen;

Xayoldagʻi yulduzlarkim, amaldir,

Olovimni alar uchun yoqamen.

Goʻzal xayol, kel, boshimda gul oʻynat,

Menim isrik tilagimni erkalat!..»

Menim bu oʻylarim xayol toʻgʻrisida koʻb toʻgʻri edi. Ul menim eng umidsiz, eng qiynalgʻan, eng ezilgan choqlarimda kelib boshimdan silar, siypar, yupatar, erkalatar edi.

Ul borida menim yolgʻizligʻim bilinmas, koʻzimning yoqut yoshlarini sassiq yaproqlar silamas, yetilgan qizlarning ipak yogʻliqlari (roʻmollari) kabi yumshoq boʻlgʻan xayolning qoʻllari silarlar edi.

Uydan koʻngilsiz chiqgʻan edim.

Koʻnglimni yolgʻizliq, yotliq tuygʻusi aylantirib olgʻan edi.

Xayol keldi va meni bu qiyinliqdan ham qutqazdi!

Ketish

Biz ketib borar edik.

Quloqlarimgʻa otsiz arobaning takir-tukuri eshtilar edi.

Tevaragni yoruq qilib turgʻan yer yulduzlari – chirogʻlar parilarning koʻzlariday yirokdan yiltillab koʻrunar edilar.

Biz qorongʻiliqgʻa kirib borar edik. Yoruqdan qorongʻiliqgʻa chiqish bizdek tentaklarning ishi boʻlmasa, boshqa kimning ishi?

Ikki yogʻimizda zoʻr bogʻlar qatorlashib chizilib ketkanlar edi. Ularning xipchabellik, toʻgʻri boʻyliq, koʻb butoqliq tanlari qorongʻida bir toʻplam xayol – vahm kabi koʻrunarlar edi. Olachuq va kapalalarda yonib turgʻan yogʻdusiz, xira chirogʻlarning olovlari menim umidsiz choqdagʻi koʻzlarimga oʻxshab miltirar edilar.

Miltiragan, xira chirogʻ, sen yoʻqsul,

Yel qattigʻroq kelib ursa oʻcharsan;

Yor aldagʻan sevguchining ruhiday

Bir “lip” etib yoʻqliqlargʻa koʻcharsan!

Qorongʻidan qoʻrqub gʻujum boʻlib bekinib yotqan daraxtlar bizning arobamizning yeli bilan qoʻrqa-qoʻrqa qimirlab qoʻyub, tagʻin tek boʻlub qolalar edi.

Chogʻ-chogʻ u yer-bu yerdan eshtilgan qush tovushlari varamning yoʻtalgani kabi tuyular edi.

Qorongʻiliq, manim umid bilan porlab borgʻan koʻnglimni oʻzining qoʻrqunch quchogʻlari orasigʻa olib oʻchirmakchi boʻladur, koʻnglim esa xayolning koʻkidan tushkusi kelmay qorongʻiliqgʻa sanoqsiz qargʻishlar yuborar edi.

Qizil guldan yasalgʻan chambarak malika-qizning boshigʻa toj boʻlgʻaniday, koʻnglimning achchigʻ, yomon qargʻishlari qorongʻiliqning boshigʻa dahshat toji boʻlub oʻltirar; qorongʻiliqning vahmlarini tagʻin-da kuchaytub, uning azamatini tagʻin-da ortdirar edi.

Ortiq menim tanim butunlay qorongʻiliqning quchogʻigʻa kirgan, koʻnglim ham xayol koʻkidan tushub shunda yoʻqolur kabi edi. Butun kuchimni bir nuqtagʻa yigʻib kurashub turar edim. Borgʻan sari oʻylav qurollarimning kuchsizlangani sezila, tanlarimda ham bir xil qaltiroq sezar edim, butun borligʻim bir bezgak holi kechirar edi.

“Moʻminlar” yotar choqlarida, oʻzlarini uyqugʻa berar choqlarida “Olloh” ismini aytib yotalar, oʻzlarini uyquning kuchlik qoʻllari orasigʻa koʻmar edilar.

Men-da butun istagim, butun amallarim bilan “sevganimning ismini” aytdim va qorongʻiliqning chuqur quchogʻigʻa otildim…

Tengizlar…

Togʻ boshida, koʻkmak supada qizil loladan koʻrpa yopinib yotqan saboning turganiga, sochlarini yozib uchkaniga, dalalarda yovvoyi gul, bogʻlar va chamanlarda ekma gullarning islarini esnab, ashula qilib, qoʻshuq aytib oʻtkaniga allaqancha chogʻ boʻlgʻan edi.

Men qorongʻiliqning kuchogʻidagʻi esriklik, hushsizligimdan endi oʻzimga kelgan, koʻzlarimni ochgʻan edim.

Qizdirgʻuvchi quyosh yoʻq, qora-zahar bulutlar ham yoʻq. Koʻk allaqanday chuchmal bir tusda turar edi.

Otsiz arobamiz yoʻq qanotlari bilan sekingina uchub borar edi.

Xayol aralash tomoshagʻa tolgʻan koʻzlarim oldida ujmox manzarasi ochildi:

Tengiz!

Qipqizil lola – qizgʻaldoq tengizi!

Keng tolada, koʻk maysalar ichida

Lola gulning keng tengizi koʻrundi.

Qizil tusi xayolimday yigʻilib

Tanlarimga ipak yangligʻ burundi.

Koʻzlarimga qizil tusdan ingichka,

Yumshoq parda sekingina tortildi.

Oʻshal choqda keng koʻrguchi koʻzlarim

Koʻrmak boʻlgʻan istagimga tor keldi…

Qizil lolalardan birikkan tengiz keng edi.

Butun borligʻimni oʻziga oʻrab, chulgʻab tortar edi.

Qizil tengiz – sevgi.

Uning menim sevgi yoʻlimda uchrashi sevgimning umidli, sof, oppoq ekanligini koʻrsatar edi.

Oh, agar bir bulbul boʻlsa edi-da, gul tengizining qizil toʻlqunlarigʻa qoʻnub, ishqning ogʻir bir nagʻmasini sayrasa edi.

Uning orqasidan koʻk gullarning tengizlari, sariq, zangar gullarning tengizlari, yana tagʻin qizil lola tengizlari qator-qator chizilib ketkanlar edi.

Tengizlar, goʻzal gul tengizlari!

Togʻlar va ularning goʻzallik va xunukliklari…

Vafo koʻrmagan oshiqning koʻngliday buzgʻunliqgʻa uchragʻan Jizzax shahridan chiqgʻanimizdan keyin toʻq koʻk tusdagi tasbeh donalariday chizilib ketkan qator-qator togʻlar koʻrunmakka boshladi.

Menim sevgim kabi, yiroqdan chiroyliq boʻlib koʻrungan va bu kichkinagina deb oʻylangʻan togʻlar, yaqin yetkach, dev gavdasiday kengaygan, vahmimday oʻskan edi. Koʻkumtil qora badanlariga chiqib qolgʻan maysalar tengizga tushkan oy yogʻdulariday koʻrunar edi. Togʻlar sarv (Kiparis)day bir toʻqtamay yuksalmak, koʻtarilmak istaganlar-da, koʻzni oʻynatur qadar koʻtarilganlar edi. Biroq sarvning boʻyini Sharq shoirlari yorning boʻyiga oʻxshatar edilar, togʻlarning boʻyini na Sharq, na Gʻarb shoiri unday ingichka tushunchalik narsaga oʻxshata olmaydir. Bir Sharq shoiri: “Togʻlar, goʻzal yurtimni saqlagʻuchi devorlar kabi” degan edi, men esam:

Yuksak togʻlar menim baʼzan aldangʻan

Xayolimday yuksaklarga oʻsmishlar;

Xayolimni “haqiqatlar” toʻsmishdi,

Biroq, togʻning yuksalishin qanday kuchlar toʻsmishlar? –

dedim…

Bu bir savol, buning javobini koʻnglim bera olgʻani yoʻq.

Buyuk tabiat, tovushingni chiqar, bir naʼra tortkim, soʻrogʻimgʻa javob boʻlsun!

Togʻlarning eng boshigʻa olbosti oʻlturushidek bir oʻlturush bilan qupquruq – qora toshlar oʻlturgʻanlar. Ularni koʻrganda goʻyo, bu qora narsa koʻkdagi eng uziqara* olbostilarining biri boʻlgʻandir, maloikalar*, farishtalarni oʻzining xunukliklari bilan toʻydirgʻach, ular koʻtarganlar-da togʻ ustiga tashlagʻanlardir; bu esa togʻ ustiga yuqori koʻkdan tarvayib tushub, oʻlturub qolgʻandir; yoni-beridagi, tegrasidagi, pastlardagi mayda qora toshlar uning soʻyuq gavdasidan sinib tushkan siniqlardir, demak mumkin.

Olbostilarning pastida va balatida* qora lochin, yuzi qora sor, yirtgʻuchi choʻzaxot yuradir. Kuchlik qanotlari bilan havoni yorib, oʻtkur koʻzlari bilan qurbon istab boradir. Tavfiq Fikratning:

«Din shahid istar, osmon qurbon,

Har zamon, har tarafda qon, qon, qon!»

degani boshqa narsaga boʻlsa-da, men shunga ham oʻxshatmoqchi boʻldim.

Togʻlar meni qoʻrqutalar, yuragimni toʻlqunlantiralar, titratalar edi.

Sorlar, choʻzaxotlar va lochinlardan pastdarak gurullab uchgʻan bir goʻzal qushqina menim qoʻrqgʻan koʻnglimni ozroq yupatar edi…

Kapalaklar

Sevgiga yoʻluqgʻan kishining bir koʻngil ochaturgʻan aglanjasi*– kapalak!

Bu qanday goʻzal, qanday chiroyliq maxluq!

Togʻning yonidan oʻtub borgʻanimizda koʻkatlar orasidan vizillab uchub chikdi. Xuddi menim oshiqligʻimni bilganday menim terazamga qarab ucha boshladi. Biz-da sekin boramiz, ul-da sekin uchub keladir.

Ortiq biz ikki dardli birlashkan edik; ul menim terazamning yonidagʻi ip ustiga qoʻngʻan edi. Ul soʻylaganday boʻldi, tillanganday, sayragʻanday boʻldi. Chindan-da, ul menga gullar bilan oʻpishkanligi toʻgʻrisidagʻi oʻynoqi ertagini aytib borar edi:

Turdim uyqudan,

Yengil silkindim,

Togʻ ustlaridan

Tolagʻa indim.

Uchdim bir alay:

«Qurboning boʻlay,

Kel bir oʻpayin,

Totli irningdan

Soʻrub oʻtayin!»

Dedim lolaga,

Uyaldi lola,

Qizardi lola,

Ham zoʻrgʻa-zoʻrgʻa:

“Xoʻb” dedi menga.

Oʻpdim lolani, quchdim lolani,

Soʻrdim lolani, ochdim lolani..

Boshqa gullar-da qizil yuzlarini menga tutdilar,

Oʻpub boʻlgʻachdin uyalib koʻzni menga tikdilar…

Men oshiqman, men,

Men sodiqman, men,

Sevgidan boshqa

Istama mendin!..

Lola oshiqi kapalak oʻzining kichkinagina ertakisini bitirgan, jim boʻlgʻan edi.

Men-da, oʻzimning qizil lolamni tushungan, uning yumshoq yuzlariga issigʻ irinlarimni yugurtkan, topolmagʻanligʻimdan kapalakdan uyalub, boshimni ekkan edim…

Zarafshon..

«Koʻz oldimda oqib yotgʻan Zarafshon,

Yosh boladay erkalaydir, oʻynaydir,

Hovliqma ham boʻlsa oʻzi koʻb chaqqon

Uncha-muncha toʻsuqlarni qoʻymaydir.


Uning oʻzi shu oʻynoqi qiligʻi,

Shu hovliqma odatila koʻp qoʻrqinch,

Suvlarining nozli qizday silligʻi

Koʻp tanlarni agʻdararliq ulugʻ kuch!»

Zarafshonning sevgiga tegishli yogʻi bordir. Mana qandaydir u:

Yuqori tomondagʻi ulugʻ va haybatlik togʻlar oshiqdir. Quyosh uning sevgan goʻzalidir. Qachonkim quyosh kulub qarasa, oshiq togʻ chiday olmaydir: eriydir, koʻz yoshlarini oqiza boshlaydir; shul koʻz yoshlari pastda birgalashib, Zarafshon degan darya boʻlurlar. “Zar” togʻ oshiqning koʻz yoshlaridir, darya oʻshal “zar” koʻz yoshlarni «sochgʻuchi»dir.

Koʻz yoshlari oʻzlari ham oshiqdirlar. Ularning suyganlari zoʻr tengizdir. Ulardan baxtli boʻlgʻanlari tengizning quchogʻigʻa tushalar, baxtsizlari dalalarda yerga singib yoʻq boʻlub ketarlar.

Zarafshon ishqdir…

Togʻlar, yuksak togʻlar oshiqdirlar…

Quyosh, zoʻr tengizlar – maʼshuqalardir…

Maʼshuqa kular, maʼshuqa magʻrur.

Oshiq yigʻlar, oshiq ezilar, oshiq oqar, oshiq chopar, oshiq yugurar.

Darya oshiq, togʻlar oshiq, quyosh ishq,

Qorlar oshiq, suvlar oshiq, tengiz ishq.

Maʼshuqalar kula-kula qocharlar,

Oshiqlari yigʻlay-yigʻlay choparlar,

Oʻzlarini halokatka otarlar,

Baʼzilari tilaklarga yetarlar,

Koʻplari-da yerga singib ketarlar…

Men-da qochqan maʼshuqamni quvub boramen: yetayinmi, quchogʻigʻa kirayinmi, yo yerga, yoʻqliqgʻa singib bitayinmi?

Quyoshmi, umidimmi, sevgimmi?

Koʻkdagi bulut, oq bulut parchalari ustida qizil lolalar ochilgʻan edi.

Qizil lolalarning qizil tuslari kun botish yoqda koʻk yuziga sochilgʻanlar edi.

Quyosh botar edi.

Uning soʻng tigʻlari yuksakliklarda lola boʻlub ochilgʻanlar edi.

Quyoshmi, botadir?

Menim umidimmi ketadir?

Sevgimmi bitadir?

……………………………..

Menim umidim ham shu quyosh kabimi botar?

Menim sevgim ham shu quyosh kabimi bitar?

Qoʻrqamen…

Yoʻq, bu quyosh bu kun botar, yana ertaga erta bilan bosh koʻtarib chiqar.

Biroq dunyo shu dunyo, tabiat shu tabiat, borliq shu borliqdir.

Menim umidim ham shu chogʻda quyosh bilan birgami botar?

Yoʻq, ul baʼzan botar, uning ham shunday kechi bor. Yana tongi kelgach, bosh koʻtarib chiqar.

Biroq sevgi oʻshal sevgi, ishq shul ishq, muhabbat shul muhabbatdir: ul mangiga botmas!

Uning dunyo kabi kecha-kunduzi, yorugʻliq-qorongʻiligʻigʻina bordir.

Biroq oʻzi mangidir, abadiydir, bitmasdir, tuganmasdir.

Manim sevgim – abad bilan tutashqan,

Azal bilan quchoqlashqan, oʻrashqan,

Uning bordir: kunduzlari, tunlari,

Yorugʻligʻi, qoronggʻisi; bulari –

Barchasida oʻta turgʻan narsadir,

Biroq, oʻzi mangi boʻlgʻon nersadir!

Menim sevgim ham qalbimda qizgʻaldoq – lola boʻlub ochilmish, tanimga qizgʻilt tuslarini tarqata boshlamish edi. Quyoshning qizilligʻi bilan muning qizilligʻi kapalak bilan lolaning birlashkanidek birlashib ketkan edi.

Tinliq… koʻkdagi qizilliq bilan menim koʻnglimdagi qizilliq bitkuncha tinliq…

Soʻngra achchigʻ bir “oh” bilan kechaning sirlik quchogʻigʻa koʻmulish…

Chin birlik

– Men yiroq yoʻldan keldim, sizning uchun keldim.

– Koʻb yaxshi, nima istaysiz?

– Ayta olmayman!

– Nima uchun?

– Menim tilim aytishdan ojizdir, menim qalamim aytkandir.

– Onglamadim.

– Ezasiz.

– Hech…

– Qiynaysiz!

– Aslo!

– Shafqat!

– Nima demakchisiz?

– Oʻqung!

– Nimani?

– Menim dostonlarimni, “Oltun daftar”ni.

– Beringiz!

Oʻynoqi koʻzlar ortiq bir narsani kutalar edi.

Qaltiragʻan barmoqlar, qoʻllar “Oltun daftar”ni topshirdi.

– Butun tilagim, istagim shunda yozilmishdir.

– …

Oʻtkur, olos koʻzlar yoʻllar ustida edi:

«Qoronggʻi kechada koʻkka koʻz tikib,

Eng yorugʻ yulduzdan seni soʻrayman;

Ul yulduz uyalib, boshini bukub

Aytadi: «Men uni tushda koʻraman:

Tushimda koʻraman: shunchalar goʻzal,

Bizdan-da goʻzaldir, oydan-da goʻzal!»

(“Oltun daftar”dan)

– Sheʼrlar kuchsizdirlar, tilakni onglata olmaylar.

– Onglatadirlar.

– Onglagʻaningizni koʻrmayman!

Ul hamma holni onglagʻanini koʻrsatmak uchun quchogʻimgʻa otilgʻan edi. Irinlarim issigʻ va totli irinlariga tegib, biri-birimizning sevgimiz ichida koʻmulgan, botqan chogʻimizda: “Chin birlik shudir”, – deb oʻyladim…

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse