Yaxshi xalqlarni birodar tut

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Yaxshi xalqlarni birodar tut
by Boborahim Mashrab

Tarozuyi amalni qo’lga ol, so’ngra barobar tut,
Xatarlik yo’ldasan, to justijo’ qil, yaxshi rahbar tut.

Imoning sham’ini ravshangaridur hamdami qobil,
Qo’lingdin kelsa, doim yaxshi xalqlarni birodar tut.

Maqomi qurbat o’tig’a agar kirsang – huzur topsang,
O’zung zahroba yutgil, xalqni komig’a shakkar tut.

Bag’ir qoni, ko’zung yoshi, qadi ham birla oh tortgil,
Shafoat vaqti bo’ldi, anda domoni payambar tut.

Boshing gardunga yetsa, bo’lmagil zinhor xursande,
O’zungni har xasu xoshokdin, ey banda, kamtar tut.

Balo ko’rgan kishilar majlisini orzu qilg’il
Ki, har shum lodani ko’rsang, o’zungni munda behtar tut.

Taraddud aylagil, zangi diling shoyadki sof o’lg’ay,
Hidoyat ko’chasining rindi bo’l, domain mahshar tut.

Ulug’man deb, takabbur pesha qilma mushtiparlarga,
Sarafrozi topay desang, davomat qiydani tat tut.

Havas bozorini dur aylagil zinhor boshingdin,
Qo’lungni ikki dunyodin uzub, dilni qalandar tut.

Bahoyimdek yemak-ichmakni sargardoni ko’p bo’lma,
Kafan bichgil o’zungga, dilda o’lmog’ni muqarrar tut.

Adam sahrosidin dunyoga kelding banda bo’lsam deb,
Kamar bog’lab belingga, zikri tasbehi eranlar tut.

Bu zindonxonadin o’ttung, ko’rundi jannatul a’lo,
Baland et himmatingni munda kelding, misli Haydar tut.

O’zini bilmagan bedardlarga ochmagil daftar,
Xalildek o’tni gulzor aylagil, xo’yi samandar tut.

Bu yerda yori bersa lutfi haqdin garchi iqboling,
Adolat mulkining sarrishtasini misli Umar tut.

Bu foniy dunyodin, Mashrab, yetishsang boqi uqbog’a,
Sirotal mustaqimdin o’tting, so’ngra rohi digar tut.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse