Jump to content

Yaqin Sharq konferensiyasi arafasida

From Wikisource
Yaqin Sharq konferensiyasi arafasida (1922)
by Abdulhamid Choʻlpon
335296Yaqin Sharq konferensiyasi arafasida1922Abdulhamid Choʻlpon

Isvichraning Luzon shahrida ochilmoqchi bo‘lg‘an Yaqin Sharq kanferensiyasi ochilg‘an bo‘lsa kerak. Uning ochilishi uchun belgilangan eng keyingi muddat 20 nchi noyabr edi. Inqilobchi Turkiya vakillarining Luzon shahariga borib-yetkanlariga bir necha kun bo‘ldi. Faqat, vakillar boshlig‘i Ismat Poshoning Puanqara bilan ko‘rushmak uchun Parijg‘a borg‘anlig‘i to‘g‘risida xabar bor edi. Fransuz vakillari ham 19 nchi noyabrda Luzong‘a qarab yo‘lg‘a chiqqanlar ekan. “Exo de-Pari” nomliq fransuz gazetasining xabariga qarag‘anda, Luzon shahariga Serbiya va Bulg‘oriya vakillari bilan 3 kishidan iborat Misr vakillari ham kelganlar. Bu Misr vakillari, bilmadikkim, qaysi Misrning vakillari bo‘lsalar? Angltara hukumatining “g‘ulombachchasi” bo‘lg‘an Sulton Fuod hukumatining vakilimi ekan, yoki Misrda Angltaraning “madaniy chehra”sini ko‘rmakdan bezor bo‘lg‘an asil Misr xalqining vakillarimi ekan? Londondan berilgan bir teleg‘rom Misr millatchilari tomonidan Luzon kanferensiyasiga maxsus vakillar yuborilishini bildiradir. Ul vakillarga topshirilaturg‘an vazifa – Misrning to‘la istiqlolini va Misrning ichki ishlariga yotlarning aralashmaslig‘ini talab qilmoqdir. Ikkinchi tomondan Angltara hukumati ham Misrdagi o‘z “mahramlari”dan bir nechasini kanferensiyaga aralashdirib, ularning xiyonatlik tovushlari bilan o‘z manfaatini qattig‘roq ilgari surmakka tirishadir. Teleg‘rom xabarida hali bu keyingi to‘g‘rida hech bir ma’lumot yo‘q.

Endi kanferensiyaning asosiy maqsadlariga kelaylik: kanferensiyaning maqsadi Sharq mas’alasi degan chigalni yechmakdir.

Sharq mas’alasi degan zamonda ilgari keng doiralik, juda katta bir mas’alani anglar edik. U vaqtda shu Sharq mas’alasining ichiga butun Arabiston, Misr, Al-Jazira viloyatlari va Arzi Maqdis o‘lkasi ham kirar, arab, turk, kurd, yahud kabi bir muncha millatlarning yozmishi ham orag‘a otilur edi. Endi hozir u o‘lka va millatlarning yozmish Gʻarb jahongirlarining xirs va tama’larini qondirg‘uliq bir suratda vaqtincha bo‘lsa ham hal etilgandir. O‘lkalar va u millatlar Ovrupo “yengganlari”ning “taxti himoya”siga oling‘anlar, boshlarig‘a qo‘yilg‘an “amir” va “qirollar”ning davlatlariga duo qilib “tinchgina” yashamoqdalar.

Hozir Sharq mas’alasi burung‘iday ulug‘ bir mas’ala emas, kichkina, lokin og‘ir bir Yaqin Sharq yoki to‘g‘risi “Turkiya” mas’alasida, shuning uchun Sharqdagi ezilgan xalqlardan, faqat, Turkiyagina bu kanferensiyaga aralashib, boshqa ezilgan Sharq o‘lkalari chekada tomoshachi bo‘lub turadirlar.

Turkiya mas’alasi ham hal etilgan kabi edi. Ul chigalni ham inqilobchi Turkiyaning botur o‘rdusi o‘z nayzalari bilan hal etgandek bo‘lg‘an edi. Turkiya mas’alasini Angltara rejasiga muvofiq hal qilmoq istagan yunon kuchugi ikkinchi martaba g‘ingshimayturg‘an bo‘lub chekilgan edi. Shuning bilan Yaqin Sharq mas’alasi ham ortiq “qiyl va qollar”g‘a luzum qolmasdan hal etilmagi kerak edi. Turkiyaning Istanbuli, Trokiyasi berilub, ajnabiylar uchun qo‘yulg‘an ortiqcha imtiyozlar yo‘q qilinib, to‘la istiqloli tasdiq qilinib, bo‘g‘ozlari erkin qo‘yulub ishning bitmagi kerak edi. Lokin Ovrupo jahongirlari, ayniqsa Sharqning eski dushmani bo‘lg‘an Angltara buni istamaydir, Turkiyaga, turk xalqiga burung‘idek hayvonlar muomalasini qilmoqchi bo‘ladir. Faqat, o‘zining egri maqsadlariga yetmak uchun Turkiyaga bir oz “yon berib” kelgan Fransiya ham Angltara xorijiya noziri Lord Kerzonning ustalig‘i orqasida to‘nini teskari kiyaturg‘an bo‘lub turadir. Qon bilan, zo‘rliq bilan, hiyla, makr, fasod va nomashru’ yo‘l bilan ish boshig‘a o‘lturg‘an fashistlar Italiyasi Turkiya mas’alasida qattig‘ do‘qlar qilib, dag‘al yuz ko‘rsatmakda, qo‘pol so‘zlar irg‘itmoqdadir. Shu sabablik Medoniya kanferensiyasi bilan Luzon kanferensiyasi orasidag‘i farq kundan-kun kengaymakdadir.

Luzon kanferensiyasi ochilmoq arafasida; biz bu yo‘llarni yozib turg‘an choqda balki ochilib, ishga ham boshlag‘andir. Kanferensiyaning boshliqlari 3 davlat vakillaridan iborat bo‘ladir, degan bir teleg‘rom bor edi. Albatta u uch davlatni nom-banom ko‘rsatib o‘turmoqqa hojat yo‘q. Unlar – hammamizga ham ma’lumdir. U uchning orasida yenggan Turkiya yo‘q. Uni o‘ylagan kishi ham yo‘qqa o‘xshaydir. Demak, Turkiyaning yengganini yengganga hisob qilmoq unga bir foida chiqarmasliq uchun tirishalar. Luzon arafasida Angltara, Fransiya va Italiya kattalari orasida ko‘rulgan “samimiyat”, “muxolisliq” (Solidarnost) shuni ko‘rsatadir.

Ikkinchi tomondan yengganlar ham bo‘sh kelmaylar; Ovrupo kattalarining u qo‘polliqlarig‘a qarshi ajib bir sovuqqonliq saqlaylar; komil tinchlik va o‘zga ishonishliq bilan: “biz bu yerga kattalarning buyruqlarini qabul qilg‘ali kelmadik, biz odam qatori, insof doirasida so‘ylashmakka keldik. Bo‘lmasa biz indamay qaytib ketaberamiz” deydirlar.

Yenggan Turkiyaning butun shu sirlarni yaxshi tushungan vakillari kanferensiyaga ko‘b katta umid bog‘lag‘anlari yo‘q.

Turkiya vakillarining boshlig‘i Ismat Posho bir oz vaqt bundan ilgari: “Yana qilichg‘a yopishaturg‘ang‘a o‘xshaymiz” degan edi. Uning Luzonda gazeta muharrirlariga bir necha daf’a aytgan so‘zlari ham: “Bizning haqqimizni bermasalar, bizning haqlig‘imizni tanimasalar kanferensiyalarini boshlarig‘a ursunlar” degan so‘ziga keladir.

Turkiya inqilobchi hukumati o‘zining qiliqlari bilan ham o‘zining mahkam azmini ko‘rsatmakdadir: Istanbulda mulkiy idorani o‘z qo‘lig‘a olg‘an Rif’at Posho qochib ketgan sultonning saroyiga qulup solib qo‘ydi. Onato‘li Millat Majlisi sultonni tushkan e’lon qildi. Anqara hukumati sultonni va uning butun hukumatini hukmga bermakchidir.

Luzon ochilish arafasida.

Har ikki tomon ham bir-birlariga so‘ng daraja xo‘mrayib, zaharlik qarashlar bilan qaraylar.

Har ikki tomon ham so‘ng daraja matonat bilan Luzon imtihonig‘a kirishmakdalar.

Bu yoqda biz Rusiyaning mehnatkash kambag‘al xalqi, o‘zimizning 5 yillik puxta hukumatimiz, butun dunyo ontar-to‘ntarini boshqaraturg‘an ulug‘ jam’iyatimiz (baynalmilalning Maskavdagi 4 nchi yig‘ini) bilan birga ezmak istagan bilan ezilmak istaganlar orasidag‘i kurashni, avvalgilarga achchig‘ nafrat va keyingilarga qizg‘in muhabbat saqlag‘animiz holda ta’qib etmakdamiz.

Abdulhamid Sulaymon

“Turkiston” gazetasi,

1922-yil, 26-noyabr.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"