Jump to content

Yana qo‘zg‘aldilar

From Wikisource
Yana qo‘zg‘aldilar (1922)
by Abdulhamid Choʻlpon
335293Yana qo‘zg‘aldilar1922Abdulhamid Choʻlpon

Yana qo‘zaldilar!

Elimizni, yurtimizni og‘ir va qiyin kunlarga qoldirg‘an, boshimizg‘a falokat ustiga falokat keltirgan borlig‘imizni “odam” va “fano”ga to‘g‘ri sudragan qup-quruq miyalik “ulamo”lar, to‘g‘risi ulamolar tag‘in qo‘zg‘aldilar.

Ularni 4-5 yillik berkinish va qochishda ko‘chaga, maydong‘a tortib chiqarg‘an narsa yangi siyosat (NEP) bo‘lsa-da, qo‘zg‘atib, shovilanib, hovliqtirib yuborg‘an narsa Farg‘onadagi ochliqdir.

Farg‘onag‘a ochliq kelmay o‘lsun!

Farg‘ona ochliqqa yo‘luqmay qolsun!

Farg‘onani qizg‘onib, Farg‘ona ochlig‘ig‘a yordam kabi ulug‘ vazifani tushuntiraman deb andijonlik Zahiriddin A’lam bir gap aytib yubordi. Ko‘p zamondan beri aytila olmay kelgan ravshan va ochiq bir haqiqatni aytib qo‘ydi.

Qo‘zg‘aldi to‘lqun!

Toshdi daryo!

Andijon qozizodasi russko-tuzemni havosida ruhi, miyasi chirigan “to‘ra” maxzum ko‘tarildi, oshdi, toshdi.

Toshkent ulamolari ichiga kirib mahkamai shar’iya yonida aylanib Zohir mahzumni yomon ko‘rsata olmag‘ach Turkistonda haq va haqiqatni boturliq bilan aytkuncha shu birgina kishini “kofir” qila olmag‘ach o‘zi kabi bir-ikki bo‘sh miyalarni topib muxtasar tarjimonini orqasig‘a ergashtirib hukumatga xiyonat (donus) qilmoq uchun ham tirishdi.

Bilmadik, bu yo‘lda biror narsa qila oldimi, yo‘qmi.

Lokin shu ish bir daf’a dam bo‘lub ketgan edi. Hammamiz tinchgina o‘z ishimizga mashg‘ul edik.

Faqat, faqat bu tinchliq shuning uchun ekankim, qozizoda Toshkentdan Farg‘onag‘a ketgan ekan. Farg‘onaning Andijon shahriga borib yeng shimarlab ishga kirishgan ekan.

Qozizoda Andijon ulamolariga: “Zahiriddin A’lamni “Qizil bayroq”da yozg‘an maqolasi uchun Toshkent ulamolari “kofirlikka” hukm qildilar. Siz ham shunga rivoyat qilib bering, Turkistondan haydaturmiz” degan. Bu ig‘vo va bu yolg‘ong‘a aldang‘an kishi Andijonda bormi, yo‘qmi bilmadik.

Biz o‘zimiz yo‘q bo‘lsa kerak deb o‘ylaymiz. Negakim, Andijon mahkamai shar’iyasining boshig‘a chiqib olib darra saltanatini ko‘rg‘an kishilar endi o‘z xatolarini tushungan, har xil egri yo‘llarg‘a saqlanibroq kiraturg‘an bo‘lub qolg‘andirlar.

Agar hanuzgacha tushunmagan bo‘lsalar yaxshi tushunsunlarkim, din va shariat nomidan xalqni eski dunyog‘a, boylar, qorni to‘qlarg‘a bo‘yin egdirish olamiga olib bormoqchi bo‘lg‘anlarg‘a sira yo‘l berilmas.

Hukumatimizning yangi siyosati hech vaqtda haqiqatni aytguchilarga kishan, siyosat qilg‘uchilarg‘a yaltiroq to‘n kiygizish uchun emasdur.

Hukumat boshidag‘i yo‘lboshchilarimizdan hech bir vaqtda bir to‘da qup-quruq miyalarning buzuq fikrlarini butun Turkiston ulamosining haq va haqiqatga qarab yurguchi kishilarning fikri deb anglamas.

Siyosatni qurol qilib burung‘i to‘ralikga erishmakchi bo‘lg‘anlar qat’iyan xato qilalar!

Eli-yurti necha yillardan beri islomda bo‘lmag‘an xurofotlar bilan zaharlanib kelgan ishchi-dehqon miyasini yana badtar zaharlamakchi bo‘lg‘anlar, ularga dinning asosi haq yerlarini tushundirishga qarshi bo‘lg‘anlar maydonda ortiq erkin ot o‘ynata olmaslar.

Qo‘zg‘alonlar qo‘zg‘ala bersinlar.

O‘zlarining manfur siyosatlarida davom eta bersinlar.

Faqat, natija hech vaqtda ular aytgancha chiqmas. Chunki sho‘rolar idorasi Turkistonda bordir va bor bo‘lg‘usidir!

Abdulhamid Sulaymon

“Qizil bayroq” gazetasi 1922-yil 22-avgust.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"