Yana g’urbatzada, kettim

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Yana g’urbatzada, kettim
by Boborahim Mashrab

Dunyo sorig’a bir kelibon, g’amzada kettim,
Bir lahza dam olmay turubon, lahzada kettim.

Bir mushfiqi hamroz jahon ichra topolmay,
Hasrat o’tidin kuydimu motamzada kettim.

Surtmay bu qaro yuzni borib ravzalarig’a,
Armonda yurub lek buzug’ kulbada kettim.

Har jon kelaru ketgusidur, bilsam oni ham,
Ketmascha yurubon yana g’urbatzada, kettim.

Horis bo’lubon dunyoda yurdi necha gumroh,
Uryon kelibon munda, yana arbada kettim.

G’ofil kishilar kechayu kunduz tilagay mol,
Dunyo ila dinni sotibon g’amzada kettim.

To yorni xayol ayladi Mashrab, ko’zni ochti,
Yuz dardu alam birlaki, mehnatzada kettim.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse