Yana «Mushtumzo’r» to’g’risida

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Yana «Mushtumzo’r» to’g’risida  (1929) 
Orif

Ko‘blashib tekshirganda

O‘zbek davlat truppasining ardoqli buyimlaridan sanalib, Cho‘lpon qalami bilan yozilg‘an “Mushtumzo‘r” asarini Toshkant proletar yozuvchilar uyushmasi o‘z tekshirishidan o‘tkazdi. Tekshirishdan ilgari yosh tomoshabinlarning bu to‘g‘ridag‘i umumiy fikrlarini bilish lozim edi. binobarin tashkilotning harakati bilan ishchi, qo‘shchi, o‘quvchi yoshlar o‘rtasida bu asar sahnaga qo‘yildi. So‘ngra tashkilotda bu to‘g‘rida doqlad qo‘yildi.

Bizning yozadurg‘an shu maqolamiz ham o‘sha majlisda bo‘lg‘an muzokaralarga asoslanadir.

“Mushtumzo‘r” truppa asarlarining ro‘kachi.

“Mushtumzo‘r” Cho‘lponning tubandagi tantanali tavbasidan keyin yozilg‘an. “O‘tgan ishga salavot” yuzasidan ishchi-dehqon ko‘pchiligi oldig‘a qilg‘an hadiyasi.

“Mushtumzo‘r” asarini tekshirib ko‘rganda nimalarni ko‘ramiz? Darhaqiqat ul egallagan qipqizil mavzui bilan arzig‘unday, hadiyami, yoki bir nav’i tili yog‘lamaliq, tullaklikmi, u proletar sahnasiga loyiq, ishchi-dehqon tomoshabinining tilagiga tugal javob bera oladimi? Asardagi ayrim chehralar – tiplarning xizmatlari qanday? Bizning foydamizg‘ami yoki ziyonimizg‘ami?

Ko‘b taassuflarga qarshi asarning choponi juda qizil bo‘lg‘ani bilan mag‘iz jihaticha sholg‘om. Chalpakka og‘u o‘ralibdir.

Asar butun mazmun, mavjudiyati bilan bizning na siyosatimiz, na qurulishimiz, na texnika, na tarbiya, na ijtimoiy kayfiyatimiz uchun xizmat qiladi. Asar ishchi-dehqon tomoshabiniga hazm bo‘lmaydi. Unda sinfiy kurash ochiq emas. Cho‘lpon “Mushtumzo‘r” tipini aniqlay olmag‘an. Cho‘lpon “Mushtumzo‘r” deganda qishloqning to‘rtta sayoq chapaniga o‘z zug‘umini o‘tkazib yurgan bir peshdahan kishini ko‘z oldig‘a keltiradi, vaholanki “Mushtumzo‘r” o‘rta va kambag‘al dehqon og‘aynigarchiligini buzishi, qarz xo‘jaliq shirkatlari, qishloq kaperatiflarining tepasiga ayri minib olib, ularni sovurishi, o‘z qavm-qarindoshlarig‘a yem qilishi, qishloqni mashinalashtirish, yangi usul dehqonchiliqqa ko‘chish kabi vaqtlarda uning mumkin qadar tish-tirnoq bilan qarshi turishi, maktab, maorif mas’alalarida va boshqalarda g‘ov bo‘lishi lozim edi.

Asarda bu hollarning bittasi ham ko‘rilmaydi.

Asar qishloqda sinfiy kurash jarayonini inkor qiladi. “Hujum” mas’alasida qishloqda hech qanday ish bo‘lg‘ani yo‘q deydi. Kambag‘al, batraq, dehqonlarning xotini bir chekkada qolib, qishloqda atigi mushtumzo‘rning xotini ochiladi. Xotin qishloqda epchil ijtimoiy xodima bo‘ladi-da boshqalar to‘g‘risida ko‘z yumiladi.

Cho‘lpon o‘z ideyasini nafis adabiyot orqali hazm qildirishg‘a urinib ko‘rinishdan tashqari sahnadan turib sho‘ro qonunini so‘kadi. Bir sho‘ro ziyolisi og‘zidan sho‘ro qonunini cho‘ltoq supurgi, eski chelak, tagi teshik lampa moy idishdan iborat qilib ko‘rsatadi. Kattakan bir qishloqni, to‘rtta chapandan iborat deydi. Sho‘ro qishlog‘ida sinfiy va ijtimoiy tashkilotlarning borlig‘idan ko‘z yumadi. Qishloqda firqa – komsomo‘l qo‘li balandligini jo‘rttaga eslamaydi. Sho‘ro saylovi kabi muhim sinfiy ma’rakani qo‘g‘irchoqlar majlisi kabi bema’ni qilib ko‘rsatadi.

Sho‘ro idorasida eski chorning salqiti bo‘lg‘an urish va qamchilash kabi hollar bor degan mazmunda kinoya qiladi.

Qishloq xotin-qizlarining aksarisini sayoq-buzuq xotinlar deb anglatmoq bo‘ladi. Bizning muxbirlarimizni “oyimtilla”lar deb, jirttak chaladi. Asarning boshqa paytlaridagi so‘kishlari, haqoratlari, otolmag‘an sopqon qabilidan husnga-husn bo‘lib qo‘shilg‘an.

Asardagi ayrim chehralar masalan, muallim, o‘zi sho‘ro qishlog‘ini oqartirg‘uvchi bir kishi bo‘lsa ham butun qiliqlari lanj, mayda burjua botqog‘ig‘a botib qolg‘an, meshchanlik marazi bilan dardchil bir mashrab oshiq. Asar egasi bu tipni shaksiz bizning qonunlarimizni o‘z kishilarimiz og‘zidan so‘kdirmak uchun yaratqan.

Mushtumzo‘rning xotini – qayerdan bo‘ldi-yu, qarqunoqdan bulbul chiqib qishloqning madaniy faolasi, paranji tashlag‘anlarning jon kuyari bo‘ldi- qoldi.

Asar san’atcha ishlanish yog‘idan qancha yuksak bo‘lg‘ani bilan, talabgor sinfning manfaatiga xizmat qilmas ekan, behuda. “Mushtumzo‘r” asari bizning so‘rog‘imizg‘a javob bermaydi. Binobarin uning san’atcha yuksakligi tubanligi e’tiborsiz. Ammo shunday qarag‘anda “Mushtumzo‘r” asari san’atcha ishlanish yog‘idan ham yaxshi emas.

Cho‘lpon o‘z ideyasi bilan jamiyatdan ajralib qoldi. Proletar mafkurasi uchun kurashda yov tarafning pahlavoni bo‘lib maydonda bel ushlashdi. Oxiri yiqildi. Jamiyatning shu gurillab turg‘an ishchi-dehqonlarning o‘rtoq zavqlari uni qiziqtirmadi. U yakkalikcha xayollandi, ko‘z oldig‘a yalang‘och qahramonlar keltirib zavqlandi. Cho‘lponning so‘ngg‘i hikoyalari (“Novvoy qiz” kabi) bu da’voga isbot bo‘lg‘ani kabi, “Mushtumzo‘r” asari ham boshdan oyoq haqorat, tarbiyasizlik, fohishabozliq mojarolari bilan jarohatlangan bir butun pornografiya asari.

“Mushtumzo‘r” asari mundarijasi, fikri, umumiy qurilishi jihaticha O‘zbek davlat truppasining sha’niga munosib bo‘lmag‘an bir asardir. Buni sahnadan chiqarish kerak. Mabodo shunga juda ehtiyoj bor ekan, boshqa kishi boshdan-oyoq ishlab chiqsin.

Toshkant proletar yozuvchilar tashkiloti asarni tekshirganda Cho‘lponning o‘zi ham bo‘ldi. Yosh tomoshabinlarning asar to‘g‘risidag‘i fikrlariga tan berdi.

“Asarning kamchiliklarini bilgan edim. O‘zimga bersangiz tuzatamen. Talabingizga javob beradurg‘an qilaman” dedi. Biz unamadik. Sotti Husaynifga o‘xshash yuragimiz chapak chalib “aybiga iqror bo‘ldi, Cho‘lponda so‘llanish bor” deb bemahal ayyuhannos solmadiq.

Yoshlar Cho‘lponning o‘z mafkurasida mahkam ekanin o‘z betiga ayttilar.

Asar sog‘lom tanqidga uchrag‘andag‘ina sog‘lomlashadi. Munaqqid xolis turmas ekan, yoki rahmdillik qilib “mandan nima-ya?” nazari bilan ish ko‘rar ekan, ish chatoqlashadi.

Yo‘lovchilarning asarlarini tekshirganda, mafkura maydonida belangi bo‘lg‘anlarning mulklarini titkanda, yuzaki qarash, yuzaki tekshirish, yon bosib ketish, fikrlarni ochiq-oydin bayon qilmasliq asarni yanglishtiradi.

“Mushtumzo‘r” asari haqida o‘rtoq Husaynifning maqolasi bizga katta umidlar bag‘ishlag‘an edi. Lekin ish bizning o‘ylag‘andan tamom boshqa, tanqid bo‘shatilib, yumshatib yozilg‘an.

Husaynif truppa artistlaridan ko‘pini tanqid qildi. Hammasi ham yumshoq. U “Mushtumzo‘r” ustida aytadi: “pyesada tub ideyani qo‘ya olmaydi, yoki qo‘ysa ham uni tumanliq qiladi” deydi. Haqiqatda bo‘lsa, asarda Cho‘lpon o‘z ideyasini juda yaxshi qo‘ya olg‘an. Bizni juda boblab so‘kadi. Aksincha, asar haqida yozg‘an Husaynifning o‘zi tub ideyasini qo‘yolmaydi. Yana “har holda Cho‘lponda bu asari bilan chapka burilish bor, san’atcha dramaturg‘lig‘ida yaxshilanish bor” deydi.

Bekorchi gap. Cho‘lponda so‘llanish o‘rniga muvofiqlashish bordirki, bu Cho‘lponning sobiq mavqeidan ko‘ra xavfliroq. Sotti buni bilib qo‘ysin.

Sotti tag‘in “Cho‘lpon chap tomon burilishda ongli ishlasa, shubhasiz yaxshi dramaturg‘ bo‘la oladi” deydi. Umidni qarang. 12 yillab biz bilan ongli kurashib, o‘z tavbasiga tayang‘anda qilg‘an ishi nima bo‘ldi-yu, endi nima bo‘lar edi!

Emish “Cho‘lponning so‘llanishini biz yaxshi qarshi olamiz”. Sen qarshi olg‘aning bilan “Mushtumzo‘r” asarini ko‘rgan ko‘pchilik yaxshi qarshi olmaydi. Bu holatlar Husaynif tarafidan kutilmagan va kechirilmaslikdir.

Yana aytadi: “Asar mavzu va istak e’tibori bilan umuman yaxshi”. Hech narsaga arzimaydi. Yaxshi mavzu bo‘yalib tashlang‘an.

Husaynif asar ustida tag‘in bir talay no‘noq fikrlarni bayon qilg‘andirki, bu o‘quvchilarg‘a ma’lum.

“Proletar yozuvchilar” majlisida so‘zlagan o‘rtoqlarning ko‘plari Sottining xatosini va yon bosishini aytib o‘ttilar. Haqiqatan Husaynif o‘z maqolasida qat’iy fikr bermaydi. Husaynif mafkuraviy kurashda qat’iy bel ushlashmaydi. Husaynif uchun bu achinarlik. Tan bersin, aybiga iqror bo‘lsin. Toki kelgusida yana shunday til chaynab talmovsiramag‘ay.

Orif.

“Qizil O‘zbekiston” gazetasi 1929-yil 1-mart

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse