Jump to content

Xunuk ish

From Wikisource
Xunuk ish
by Anton Chexov, translated by Abdulhamid Choʻlpon
334672Xunuk ishAbdulhamid ChoʻlponAnton Chexov

35 yoshlarda, zaif mijozli va tajang, tib statistikasiga oid bir nechta kichik-kichik asarlari hamda “maishiy masalalar” deganimiz muammolarga qiziqib berilishi bilan o’z o’rtoqlari orasida nom chiqargan zemstvo doktori Grigoriy Ivanovich Ovsennikov, bir kun erta bilan o’z xastaxonasini aylanib yurib kasal ko’rmakda edi. Uning ketiga odat bo’yincha uning o’z feldsheri – semiz yuzli yotiq va uzun sochli hamda qulog’ida sirg’asi bor chol – Mixail Zaxarovich tushgan edi.

Doktor kasallarni ko’rishka endigina boshlagan ediki, ikki chaqaga arzimayturg’an bir narsa unga juda xunuk ko’rindi, ya’ni feldsherning jiletkasi shundoqqina burushib qaytoqi bo’lib yotar, bechora feldsher qancha – o’nglab to’g’rilasa ham na burishig’a va na qaytaqisi yozilmas edi. Uning ko’ylagi ham xuddi jiletkasi singari burushib qayishib yotmoqda; uzun, qora syurtugi, shimi va hatto bo’yinbaqbaqasining u yer-bu yerlarini shundoqqina mayda par bosqan edi. Aftidan, feldsher butun kechani kiyimi bilan uxlab o’tkazgan va jiletkasini tortib bo’yin oqisini o’nglagan vaqtlardagi avzoiga qaraganda, ustidagi butun kiyimi shu tobda o’ziga og’irlik qilardi…

Doktor diqqat bilan bir qaragach, ishning nimadan iborat ekanini angladi. Feldsher tentiraklanmas savollarga to’g’ri javob berar, lekin o’lgudek tund va be’mani yuzlari, so’nuk ko’zlari, tomoqlarida va qo’llarida ko’rilgan qaltiroq, ust-boshidagi parishonlik hammadan muhimi: o’zini tabiiy holda tutish uchun kun sara etishi va o’zining haqiqiy holini yashirishga urinishi uning hozirgina yotoqdan turib chiqqanini, uyquga qonmaganini va kechadan beri o’ziga kelmasdan qattiq mast bo’lib yurganini ko’rsatib turardi. Ul hozir o’lgudek qiynalib, ichkilikning kayfi tarqalgandan so’nggi «lanjligini» kechirmakda va o’z ko’ziga o’zi xunuk ko’rinmakda edi.

O’ziga yarasha sabablar bilan feldsherni yoqtirmayturgan doktor shu yerda unga “ko’rib turibmanki, o’lgudek mastsiz!” demoq uchun o’ziga kuchli bir tilak sezdi. Uning ko’ziga jiletka, uzun syurtuk, sergash quloqdagi sirg’a birdan juda xunuk ko’rinib ketdi. Lekin o’zidagi adovat hissini bosib turib hamma vaqt qilgani kibi yumshoqliq va muloyimliq bilan:

– Gerasimga sut ichirdingizmi? – deb so’radi.

Mixail Zaxarovich ham yumshoqliq bilan:

– Hov, ichirdim… – deb javob berdi.

U – Gerasim degan kasal bilan gaplashib turub doktor harorat darajalari yozilaturg’an qog’ozga nazar soldi va jonidan tuqqanga kelgan adovat hissini bosmoq va bir narsa demakdan saqlanmoq uchun damini ichiga oldi, lekin yana chidolmasdan dag’allik bilan va bo’g’ilib turib so’radi:

– Nega harorat darajasi yozilmabdir?

Mixail Zaxarovich yumshoqlik bilan:

– Yo’q, yozilgan! – dedi, lekin qog’ozni ko’rib harorat darajasining chinakam yozilmaganini bilgach, gangirab qoldi va hayronliq maqomida yelkasini qoqib dedi:

– Bilmadim, bu balki, Nadejda Osipovnaning…

Doktor davom qilib:

– Kecha kechqurungisi ham yozilmabdir! – dedi. – Mastlikdan boshqa ishingiz yo’q sizning! Hozir ham o’lgudek mastsiz! Qani qaerda Nadezda Osipovna?

Bu Nadejda Osipovna degan doya xotin har kun erta bilan yana bog’lash chog’ida hozir bo’lmog’i lozim esa-da, ul bugunlik tunda xastaxonada yo’q edi. Doktor tegrasiga nazar soldi va shunday ko’rindikim, bu xona (palata) supurib-siyrilmagan, hamma narsa sochilib yotadi, kerak ishlarning hech biri qilinmagan va hamma narsa feldsherning xunuk jiletiga o’xshab buklanib ezilgan, mijiqlangan va mayda parlar bilan urtulgan; va shunda uning ustidagi oq yaktagini yechib tashlab, shovqin solib, hamma narsani qoldirib “tuuuf” deb chiqib ketkisi keldi. Lekin zo’rg’a o’zini bosib olib yana xastaxonani aylanishda davom etdi.

Gerasimovdan so’ng butun o’ng qo’lining go’shtlar orasidagi kavakliklari shishgan operatsiya talab kasalllardan birisining navbati keldi. Muning qo’lini yechib bog’lash kerak edi. Doktor uning qarshisida taburetkaga o’tirib og’riq qo’l bilan shug’ullana boshladi.

Kasalning qo’lini asta sekin yechib turub:

“Bu kishi (feldsherni aytadi) kechagi kunni butun nom qo’yish to’yida o’ynab o’tkazganlar” – deb o’yladi. – Shoshmay turing, ko’rsatib qo’yaman men sizga nom to’yini. Unday desam nima qila olar edim men muni? Hech narsa qilolmayman”.

Shishkan va qip-qizarib ketgan qo’ldagi illatni ushlab ko’rib dedi:

– Iskalpel!

O’zining juda hushyorlig’ini va har qanday ishga yarag’anini ko’rsatmak istagan Mixail Zaxarovich, bir nafas ichida iskalpelni olib do’qturga uzatdi.

– Muni emas, yangisidan bering! – dedi doqtur. Feldsher yo’rg’alagancha yara bog’lash asboblari to’la yashik yonig’a borib shoshib-pishib uni timiskilamakka boshladi. Ul kasal qarovchi xotinlardan birisi bilan allanimalar to’g’risida uzoq visrashdi, kursi ustidagi yashikni u yoq-bu yoqqa to’lg’ab sharaqlatdi allanimani bir-ikki martaba yerga tushurdi, do’qtur bo’lsa u yoqdan ko’z tutib o’turar va haligi visrashlar va sharaqlashlar uchun juda yomon g’ashini keltirardi.

– Topay dedingizmi? – dedi ul. – Siz balki barcha narsalarni pastda qoldirib chiqqandursiz…

Feldsher chopib kelib do’qturga ikkita skalpel uzatdi va o’zini ehtiyot qilaolmasdan, nafas olaturub hovurini unga tomon sovurdi.

Doktor jahli chiqqanidan qaltirab turib:

– Bular emas! – dedi. – Men sizga o’zingiz tushunaturg’an qilib aytayotirman: yangilaridan bering! Yo’q, qo’ying, uyingizga borib uxlaganingiz yaxshi, og’zingizdan xum-xum aroq isi kelayotibdi. O’zingizga ega emassiz shu topda.

Achchig’idan qaltirab turib:

– Yana qaysi pichoqni aytasiz? – deya so’radi feldsher ham va hayron bo’lib sekingina yelkasini qoqib qo’ydi.

Hamma kasallar va kasal qarovchi xotinlarning ko’zi o’zida bo’lganlig’idan ul o’z-o’zidan xafa va xijolat edi va o’zining xijolat bo’lganidan ish qilolmayotganini ko’rsatmak uchun salgina kulimsirab yana burung’i gapini takror qildi:

– Yana qaysi pichoqni aytasiz?

Doktur o’z ko’zining yoshlanmoqda va barmoqlarining qaltiramoqda bo’lg’anini his qildi. Ul tishini tishiga qo’yib turib titroq ovoz bilan dedi:

– Boring, uxlab chiqing! Men mast odam bilan gaplashib turishni xohlamayman…

– Siz mendan faqat ish ustidagina o’pkalay olasiz, – deya so’zida davom etdi feldsher, – basharti masalan, men ichkilik ichkan bo’lsam hech kimning hech narsa demakka haqi yo’q. Men xizmatdamanmi, axir? Yana nima kerak sizga! Xizmatdamanmi axir?

Doktor tez o’rnidan turdi va nima qilg’anlig’ini o’zi ham bilmamasdan kuchining boricha uqtalib turib, feldsherning yuziga tarsaki tortib yubordi. Ul nima uchun bu ishni qilayotqanini anglamas, lekin shapaloq zarbasi to’g’ri borib feldsherning yuziga tekkanini hamda tuppa-tuzuk, yaxshi, ahli ayol sohibi, taqvodor va o’z qadrini o’zi bilaturg’an bir odamning sandirag’lanib kelib, bir-ikki chapchig’andan so’ng xuddi to’pqa (kaptavg’a) o’xshab, taburetkaga borib tushganini ko’rgach, butun bir zavq his qildi. Yana bir marta urushni uning ko’ngli juda istagan bo’lsa-da, o’ziga yomon ko’ringan odamning yuzlari bilan bir qatorda kasal qarovchi xotinlarning oppoq oqargan, iztirobqa tushgan yuzlarini ko’rganidan so’ng uning haligi zavq tuyishi qolmadi, so’ngra qo’l siltab yugurganicha chiqib ketdi.

Tashqariga chiqqan ediki, unga Nadijda Osipovna degan qari qiz duch keldi; 27 yoshlarda bo’lg’an, sariq chehrali va parishon sochli bu qiz xastaxonaga kelayotir edi. Ustiga qizil chit ko’ylagining etagi juda tor tikilganidan ul juda mayda va serqadam yurardi. Ul ko’ylagini shildiratib bosqan qadamg’a moslangan yelka qoqishlar bilan hamda o’z-o’zicha sho’x bir qo’shuq aytqanday boshini tebratib kelardi.

Xastaxonadag’ilar bu qizni “suv qizi” deb atab shu bilan uning qoshiga tekkanlarini o’ylab.

“Hey suv qizi” deb o’yladi doktor va bu mayda qadam o’z-o’ziga xushtor satangchaning adabini berajagini o’ylab sevinib ketardi.

Uning yoniga yetgach:

– Qaysi go’rlarda daydib yuribsiz? – deb qichqirdi ul. – Nega xastaxonada yo’qsiz? Harorat darajalari yozilmag’an, hammayoq besaranjom, feldsher mast, siz 12 gacha uxlaysiz!… Boshqa joy qidiring o’zingizga! Mundan so’ng bu yerning xizmatchisi emassiz!

Uyiga qaytib kelgach ustidagi yaktak to’n bilan belga bog’langan sochiqni ustidan tortib olib jahl bilan ikkovini ham bir burchakka irg’itdi so’ngra o’z kabinasiga kirdi.

– Bu qanday odamlar, yo rabbiy, qanday odamlar! – deya g’udurandi ul – bular ishga muvonat qila turg’an muovinlar emas, ish dushmanlari! Toqat yo’q mundan nari bu xizmatqa! Bo’lmaydi! Ketaman!

Yuragi mahkam tepar, butun a’zoyi badani dir-dir qaltirar va yig’lagisi kelardi, endi shu tuyg’ulardan qutulmoq uchun o’zini turli o’ylar bilan yupatmoqqa boshladi, ya’ni o’zining haqligini va feldsherni urmoq bilan yaxshi ish qilganini o’yladi. Ishning eng yomon joyi shundaki, deb o’yladi ul, bu feldsher bu xastaxonag’a to’g’ri yo’l bilan emas, zemstvo idorasi raisinikida xizmat qilaturg’an xolasining himoyati bilan kirgan (bu obro’li xola ba’zida o’zini qaratmoq uchun xastaxonag’a kelib qolsa xastaxonani xuddi o’z uyidagi bilib ish qilg’anini va o’zining benavbat qabul qilinishini talab qilg’anini ko’rmak odamda hayrat qo’zg’atadi). Feldsher intizomga juda kam rioya qiladi, bilimi oz va bilgan qadarisini ham sira anglamaydi. Ul badmast, dag’al, iflos kasallardan pora oladi va zemstvo dorilarini o’g’irlab sotadi. Yana hammaga ma’lumki, bu odam xususiy tabiblik bilan ham shug’ullanadi, xususiy odamlarnikiga qatnab kasallarni yashirin qaraydi, ularga allaqanday dorilarni o’zi tayyorlab beradi. Nima ko’p, aldoqchi tabib ko’p, shularning bittasi bo’lsa ham mayli edi-ku-ya, lekin bu o’z «jahli» ni «ilm» deb bilgan va haqiqiy ilmga ko’nglida dushmanlik asraydigan aldoqchilardan. Kelgan kasallarga doktordan yashirincha «banka» qo’yadi va ulardan qon oladi. Yuvuqsiz qo’l bilan operatsiyalarga kiradi, yaralarni hamma vaqt zond (yara kaltakchasi) bilan ko’radi; uning haqiqiy fanga va nihoyat darajada oliyjanobliqqa istinod etgan doktorlar tabobatidan na qadar chuqur va mardona nafrat etganini anglamoq uchun shuning o’zi ham basdir.

Qo’llaridagi qaltiroq bosilgandan so’ng doktor yozuv ustoli ustiga o’tib o’tirib “Uprava” (shahar idorasi) raisiga xat yozdi: “Hurmatli Lev Trafimovich! Agarda shu xat tekkandan keyin Upravangiz feldsheri Smirnovskiyni xizmatdan bo’shatib mening o’zimga kerakli muovinlarni o’z bilganimcha olmoq huquqini bermasangiz, u holda “mendan so’ng meni ….. falon xastaxonaning doktori deb hisob qilmasligingizni va o’rnimg’a boshqa odam aqtarish harakatida bo’lmog’ingizni so’ramoqqa o’zimni majbur deb bilaman. Lyubov Fyodorovna bilan Iosifjonga hurmatlar. Ehtirom bilan G.Ovchinnikov». Xatni o’qib chiqqanidan so’ng doktor uni juda qisqa va istalgan qadar rasmiy emas deb topdi. Boz ustiga ish xususida, rasmiy ravishda yozilgan xatda Lyubov Fyodorovna bilan Iosifjonga (raisning kichik o’g’lini Iosif deb atardilar) hurmatlar arz qilinishi juda ham kelishmagan narsa edi.

“Iosifning nimaga keragi bor, padariga la’nat!” deb o’yladi doktor va xatni yirtib tashlab boshqasini o’ylay boshladi.

Ochiq terazaning yonig’a o’tirgan va ko’zi ko’chadagi hangomalarda bo’lgan doktor “marhamatlik afandim”… deb xatning sarlavhasini o’yladi; bu vaqtda ko’chadan qoqila-qoqila, lapanglab olib shoshilganlaricha o’rdak va o’rdakchalar o’tib boradilar, ularning bu ketishlari hovuz tomonga bo’lsa kerak; o’rdaklardan bittasi yo’ldan allaqanday bir ichak parchasi topib olib darrov yutib yuborib edi, tomog’iga tiqilib qoldi, shekili “g’a-g’alab” dunyoni buzdi, boshqa bittasi yugurib kelib, ichak parchasini uning tomog’idan tortib olib edi, uning ham tomog’iga tiqildi. Olisda devor taglarida yosh arg’uvon daraxtlaridan maysa yuziga tushgan ola ko’lankada, oqsoch qiz Darya piyova sho’rva uchun nordan ko’kat yig’ib yuradi… har xil ovoz eshitilar… Zot degan kucher qo’lida tugunchasi bilan va xastaxona darvozaboni Manuel iflos partug’i bilan ombor oldida to’qtag’anlar, kulib-kulib allanarsa to’g’risida so’zlashardilar.

«Bular mening feldsherni urganim to’g’risida so’zlaylar»… deb o’yladi doktor. Bugunning o’zidayoq butun uezd xalqi bu hangomani eshitdi… Xo’p: Marhamatli afandim!.. Agarda upravangiz”…

Upravaning hech bir vaqt feldsher deb o’zidan kechmayajagini Avsennikov kabi shunday yaxshi bir doktordan ajralgandan ko’ra butun uezdni feldshersiz qoldirishni ortiq ko’rajagini doktorning o’zi yaxshi bilardi. Mana endi, xatni olar-olmas uch otli izvoshqa o’tirib Lev Trafimovichning o’zi yetib keladi-da, mana munday deb so’z boshladi: “Nima qilganingiz bu, azizim? Nima bo’ldi, azizim sizga, azbaroyi xudo! Nega axir! Nima uchun! Qani o’zi? CHaqiring darov, bachchag’arni! Haydash kerak! To’qtovsiz haydash kerak! Ertaning o’zidayoq, la’natining asari ham qolmasin bu yerda!» Undan keyin doktor bilan birga o’tirib ovqat qiladi. Ovqatdan keyin anavi pushti qoplamali yumshoq kursiga chalqamchasiga cho’zilib yotadi-da, betiga gazit qo’yib, xurrak tortib uyquga ketadi; uyquga to’ygandan keyin chanqog’i qonguncha choy ichadi, so’ngra doktorning yoniga olib o’z uyiga ketadi. Doktor u kecha unikida yotib qoladi, shu bilan feldsher ham xastaxonada qolib, doktor ham ishdan ketmaydigan bo’lib masala tugaydi.

Doktorning ko’ngli masalaning boshqacha hal bo’lishini istardi. Ul feldsher xolasi zo’r kelsin, uprava muning sakkiz yillik yaxshi xizmati borligiga qaramasdan, hech bir e’tirozsiz va hatto jon deb ketish to’g’risidagi arizasini qabul qilsin deb shuni istardi. Ul o’zi o’rganib qolgan xastaxonasidan ajralishlarini «Vrach» (doktor) gazetasiga xat yozishlarini, o’z o’rtoqlarining munga muhabbat va upravaga nafrat bildirib yozuvlar taqdim etishlarini tasavvur qiladi…

Ko’chadan suv qizining kelayotgani ko’rildi. Ul mayda bosib va kuylagini shildiratib terazaga yaqin keldi-da: «Grigoriy Ivanovich, kasallarni o’zingiz borib ko’rasizmi yo o’zimiz ko’rib qo’ya qolamizmi?» – deb so’radi.

Ko’zlari esa bu vaqtda «sen bir qizib olib yana bosilding, endi o’zing xijolat tortayotirsan, men oliyjanob odamman va munday narsalarni pisand qilmayman», deb turardi.

– Yaxshi. Hozir boraman, – dedi doktor.

Yana partug’ini kiyib sochiqni beliga bog’lab xastaxonaga tomon yo’naldi.

“Uni urganimdan keyin qochganim yaxshi bo’lmadi… – deb o’yladi ul yo’l bo’yi. – Men xijolat bo’lganday yo qo’rqqanday ko’rinib qoldim… Yosh bolaning ishini qildim… Xunuk ish bo’ldi!”.

Unga shunday tuyilardikim, endi xastaxonaga kirsa, kasallar unga dadil qarag’ali ham botinolmaydilar va o’zi ham ulardan xijolat tortadi, lekin ul xastaxonaga borib kirganda kasallar bemalol yotaberdilar va unga ko’z uchidagina jinday nazar tashlab qo’ydilar. Sil kasal Gerasimning yuzlarida tamom loqaydlik alomatlari ko’rinar va doktorga “u sening achchig’ingga tegdi, sen unga jindak adab bergin… Shunday qilmasangham azizim, yaramaydi o’zi” deganday bo’lardi.

Doktor kasalning qip-qizarg’an qo’lidagi ikkita yarani ochib yana qaytadan bog’ladi, undan keyin xotinlar bo’limiga o’tib, u yerda bir ayolning ko’zini operatsiya qildi, butun shu ishlarni suv qizi orada hech narsa o’tmagan va hech narsa o’z joyida bo’lganday bo’lib yurib, unga yordam qilishdi. Yotgan kasallar ko’rilib bo’lgandan keyin ikkinchi kasallarni ko’rish boshlandi. Doktorning kichkinagina qabulxonasining terazasi karrakday ochiq edi. Teraza supachasiga o’tirib bir ozgina engashgan kishiga o’zidan bir gazgina joydagi maysalarni ko’rish hech gap emasdi. Kecha kechqurun chaqmog’i bilan birga qattiqqina do’l yog’ib o’tganligidan maysalar biroz shishayib va yiltirab ko’rinardilar. Terazaning yonidan o’tib handaq tomoniga ketadigan kichkina so’qmoq yo’l yuvingan kibi ko’rinar, uning ikki tomoniga sochilg’an va dorixonadan chiqqan siniq idishlari ham yuvinganday ko’rinar va quyosh nurlari ostida o’yinlar qilib ko’z qamashdirarliq darajada porloq shu’lalarini atrofga yoyardilar. Undan sal narida so’qmoq yo’lning u yog’ida bashang va ko’m-ko’k kiyimlar kiygan yosh archalar bir-birlariga kirishibyotalar, ulardan narida qog’oz singari oppoq badanlarini ko’rsatib qayin daraxtlari cho’zilishqanlar, qayinlarning yel bilan yumshoqqina qaltirovchi ko’m-ko’k yaproqlari orqali moviy va tagsiz osmon ko’rinadi. Terazadan qarasaq, so’qmoq yo’lda irg’ishlab yurgan chug’urchuqlar o’zlarining tentak tumshuqlarini teraza tomonga burib cho’chisakmi, yo’qmi, – degan masalani hal etishar va cho’chishga qaror bergach, bir-bir ketin uchishni bilmaganday doktorni ermak qilganday quvnoq shovqinlar bilan qayinlarning uchlariga tomon ko’tarilalar…

Yodoformning og’ir hidi orqali bahor kunlarining sofligi va muattarligi his etilib turadi… Yengil havo!

– Anna Spridonovna! – deb chaqirdi doktor.

Qabulxonaga qizil ko’ylakli yoshgina bir ayol kirib kelib burchaklardagi tasvirlarga qarab bir ibrat qilib oldi.

– Qaering og’riydi? – dedi doktor.

Ayol o’zi kirgan eshik va aptekaga chiqaturgan daricha tomonlarga gumon bilan ko’z qirini tashlab bir qarab olgandan so’ng doktorga yaqin kelib:

– Bolam yo’q! – deb pichradi.

Aptekadan suv qizining baqirgani eshitildi:

– Yozilmagan kim bor? Kelib yozilinglar!

Doktor ayolni ko’raturib o’yladi: “..Uning hayvonligi shundaki, butun umrimda birinchi martaba meni birovga qarshi qo’l ko’tarishka majbur qildi. Men shu choqqa yetib birov bilan urushqan kishi emasdim”.

Anna Spridonovna chiqib ketdi. Undan keyin uyat kasali bor bir chol, so’ngra uchta qo’tir bolani ergashtirib bir ayol kirdi va ish degan qaynadi. Feldsher ko’rinmadi. Darchaning u yog’ida aptekada ko’ylagini shildiratib va idish-oyoqni jaranglatib yurib suv qizi bidrardi; ul operatsiyaga qarashmoq yoki retsept olmoq uchun tez-tezda qabulxonaga ham kirib turar va o’zining hali ham boyagi joy hamma ish joyida bo’lganday olib yurardi.

Doktor doya xotinning ovozini tingsharkan, o’ylardi:

“Feldsherni urganimga bu juda xursand. U axir feldsher bilan it- mushuk bo’lib yashardi, shuning uchun feldsherni bo’shatsalar u to’y qiladi. Kasal qarovchi xotinlar ham quvonsalar kerak… Naqadar yomon!»

Qabulning eng qizg’in chog’ida doktorga shunday tuyuldikim, bu doya xotin ham, kasal qarovchilar ham, hatto manna bu kasallar ham hammasi o’zlarini ataylab loqayd va xursand ko’rsatmakka tirishalar. Ular uning xijolat bo’lib o’ng’aysizliq sezganini anglagan kibilar, lekin odob saqlag’on bo’lib bilmamishka solinalar. Va ul o’zining hech bir xijolat tortmag’onini bildirmak bo’lib achchiq bilan:

– Hoy, kim bor uyoqda? Eshikni yop! SHamol kirayotir! – deb qichqiradi.

Holbuki u o’zi xijolat tortib qiynalmoqda edi. Qirq beshta kasalni qaragandan keyin ul shoshilmasdan xastaxonadan chiqdi. Bu orada uyga kirib yelkasiga och qizil ro’mol tashlashga ulgurgan doya xotin og’zida popiris va parishon sochlari orasida gullar bo’lgani holda shoshilib sahndan o’tib bormoqda edi, shu ketishda yo xususiy kasallarni ko’rgali yo mehmondorchiliqqa borardi. Xastaxona ostonasida kasallar indamasdangina o’zlarini oftobga solib o’tirardilar. Chug’urchuqlar o’sha burung’i shovqunlarini qo’ymasdan kapalak ovlamoqda edilar. Doktor bir tevarak atrofga qaragach, butun shu tekis va tinch jonivorlar orasida yoyaninaning buzulgan pardalari o’xshash, ikki maxluqning qalqonlarning hammanikidan ochiq ajrab turganini va ikki chaqaga arzimaganini o’ylab ketdi; ularning biri o’zi, yana biri feldsher edi. Feldsher hozir ehtimol, bir oz uxlab olay, debyotqandir, lekin aybning o’zidan o’tganini, tahqir etilganini va joydan quruq qolganini o’ylab sira uxlolmay entikaturg’andir. Uning ahvoli juda og’ir. Burun hech kim odam bolasini urmagan doktor esa o’zining o’z ma’sumligini bir umrga yo’qotgan kibi his etardi. Ul endi feldsherni ham ayblamas va o’zini ham oqlamas, yolg’iz hayron bo’lardiki: umrimda hatto itni urmagan, shunday odobli odam qanaqa qilib birovni ura oldim? Uyiga qaytgach, kabinetidagi yumshoq kursiga cho’zilib, yuzini kursining suyanchig’iga burib bu xilda o’ylay boshladi:

“U o’zi yaramas, ishka zarar keltiradigan odam; shu bilan uch yildan beri ishlab toza toqatim toq bo’ldi, shunday bo’lsa ham qilgan ishimni hech bir narsa bilan oqlab bo’lmaydi. Men o’zimning yuqorilig’imdan foydalandim. U o’zi menga tabiiy, ham gunohkor va muning ustiga mastligi ham bor bir odam edi, men bo’lsam ham uning kattasi, ham haqli va ham hushyor bir odam edim… Demak, men undan yuqori edim. Ikkinchidan, men uni shunday odamlar oldida urdimki, ular meni xastaxonaning obro’yi deb bilardilar, demak men ularga juda xunuk namuna bo’ldim”…

Doktorni kunduz ovqatga chaqirdilar… Ul bir necha qoshiq karam sho’rva ichdi-da ustaldan turib ketib yana yumshoq kursiga cho’zildi.

Yana o’ylashda davom qildi:

“Endi nima qilayin? Mumkin qadar tezlik bilan uning ko’nglini olish kerak… Lekin qaysi yo’l bilan? Ul o’zi sodda bir odam bo’lganlig’idan duelni ahmoqliq asari deb biladi yoki anglamaydi. Agar o’sha xonaning o’zida, kasallar va qarovchilar oldida undan kechirim so’rasam, u holda bu narsa yolg’iz meni qondira oladi, uni qondirmaydi, u o’zi past odam, mening kechirim so’rashim qo’rqoqlik, nomardlik asari deb bilib ustimdan kattalarga arz qilishdan ham toymaydi. Muning ustiga men undan kechirim so’rasam xastaxonada katta-kichikni rioya qilish degan narsa qolmaydi. Unga pul taklif qilsam-chi? Yo’q, bu axloqsizlik bo’ladi va pora berganga o’xshaydi. Shu topda agar aytaylik, masalaning hali uchun o’z ustimizda turgan kattalarga, ya’ni upravaga murojaat qilsaq-chi… U holda uprava yo menga “xayfsan” e’lon qiladi, yo meni bekor qiladi… Yo’q, bekor qilmaydi meni. Undan keyin xastaxonaning o’z sirlik ishlariga upravaning aralashib yurishi ham yaxshi emas, shu bilan upravaning munga hech bir haqi ham yo’q”…

Oradan uch soat o’tgandan so’ng doktor hovuz tomonga cho’milgali keta turib o’yladi:

“Men ham shunday hollarda boshqalar nima qilsa, shuni qilib qo’ya qolsam bo’lmaydimi? Ya’ni mayli, ul meni hukmga tortsin. Shubhasiz, ayb menda, men o’zimni oqlab o’tirmayman, Mirovoy sudya meni qamoqqa hukm qiladi. Shu bilan haqorat etilgan tomon qanoat hosil qiladi, meni xastaxonaning obro’yi deb bilganlar esa mening haqsizlig’imni anglaydilar”.

Bu fikr o’ziga ma’qul bo’ldi. Topgan fikridan xursand, masalaning yaxshi hal etilganini va mundan topqirroq bir qaror topish mumkin emasligini o’yladi.

Suvga kirarkan va bir turkum mayda oltin rangli «karas» baliqchalari undan cho’rchib qochganlarini tomosha qilarkan:

“Albatta, juda soz! – deb o’yladi ul. – Mayli, hukmga tortsin… Bu uning o’zi uchun juda o’ng’ay, chunki baribir u bilan mening oramiz juda yomon buzilgan va bu voqeadan so’ng ikkovimizdan birimiz xastaxonadan ketmasak bo’lmaydi”.

Kechqurun doktor askar boshlig’i bilan qarta o’ynab kelmakchi bo’lib ikki g’ildirakli izvoshchani qo’shqali buyurdi. Shapkasi bilan paltosini kiygan va chiqib ketishga tayyor bo’lgani holda o’z kabinetining o’rtasida turib qo’lqoplarini kiymakda ediki, tashqaridag’i eshik g’iytillab ochildi-da, allakim sharpasizgina dahlizga kirdi.

– Kim u? – deb so’radi doktor.

– Men edim… – deya bo’g’iq javob qildi kirgan kishi.

Birdaniga doktorning yuragi o’ynab xijolatdan va allaqanday anglashilmagan qo’rquvdan tanlari durkirab ketdi. Feldsher Mixail Zaxarovich (kirgan o’sha edi) ohistagina yo’talib betlayolmasdan kabinetiga kirib keldi. Bir oz jim turgach, ul gunohkor odam singari bo’g’iq ovoz bilan:

– Kechiringiz meni, Grigoriy Ivanovich! – dedi.

Doktor gangib, nima deyishini bilolmay qoldi. Feldsherning bu yerga bo’yin egib kechirim so’ragali kelgan bo’lsa-da, “xristian muteligi” bilan va shu muteliq orqasida dilozorni xijolat qilmoq uchun kelmasdan “nafsimni bir ishqilib o’ldiramanu kechirim so’rayman, balki meni haydamas va burda nondan mahrum qilmaslar” degan soddacha xayol bilan kelganligini ul bilardi. Odam bolasining haysiyati uchun mundan ham og’ir narsa bormi?

– Kechiringiz… – dedi takror feldsher.

Unga qaramasqa tirishib va hali ham nima deyishini bilmagan doktor:

– Menga qarang… – deb gap boshladi. – Mana qarang… men sizni tahqir qildim, shu uchun… shu uchun jazomni tortishqa, ya’ni sizni qondirishqa tegishman… Duelga siz unamassiz… Unday desam duelga o’zim ham unamayman. Men sizni tahqir qildim, endi siz… mening ustimdan miravoy sudg’a arz qilsangiz bo’ladi, shu bilan men ham jazomni tortqan bo’laman… Ammo ikkovimizning bir yerda turishimiz yaramaydi… Ikkovimizdan yo siz, yo men chiqib ketishimiz kerak bu yerdan! – Shu yerda doktorning joni chiqdi. – Yo rabbiy! Nima deyapman men! – dedi. – Naqadar ahmoqliq! Xullas, siz ariza bering! Ammo mundan so’ng ikkovimiz birga xizmat qilmaymiz! Yo men, yo siz… Ertagayoq eltib bering!

Feldsher ko’zini tepaga qayrib doktorga qaradi va uning bo’zargan, xiralashgan ko’zlarida juda yaqqol nafrat olovlari porladi. Ul doktorni shu choqqacha turmush odami emas, injiq bir bola deb bilardi, endilikda uning shu qaltirashlari, o’zini yo’qotib dovdirashlari uchun chindan ham yomon ko’rib ketdi…

– Beramanam! – dedi ul jahli chiqib va tumtayib.

– Ha, bering-da!

– Nima deb o’tiribsiz siz? Berolmaymanmi? Beraman…

Birovlar bilan mushtlashmakka haqqingiz yo’q. Uyat bo’ladi. Pyanista qishloqilar mushtlashadi, siz o’qigan odamsiz…

Doktorning ko’kragida birdaniga kutilmaganda uning butun adovat hislari jonlandilar va ul o’ziniki bo’lmagan bir ovoz bilan baqirdi:

– Yo’qoling ko’zimdan!

Feldsher tilar-tilamas qo’zg’alib (ul yana bir narsa aytmakchi edi shekilli) dahlizga chiqdi va unda o’ylanib turub qoldi. O’zi bir narsaga to’qtalgandan so’ng ul keskin qadam qo’yib chiqib ketdi…

Ul chiqib ketgandan keyin:

– Qanday ahmoqliq, qanday ahmoqliq bu? – deb g’udurandi doktor. – naqadar ahmoqliq va olchoqliq bu!

Ul shu tobda feldsherga qilgan muomalasining yosh bolaliqdan iborat bo’lg’anini payqagan edi va sud xususidagi hamma fikrlarining oqilona bo’lmag’anini, masalani hal etmasdan tobora chigallashtirganini endi o’zi ham tushundi.

Ikki g’ildirakli arava ketaturib va askar boshlig’i bilan qarta o’ynab turib ham:

– Naqadar ahmoqliq! – deb o’yladi ul. – Yo men shu qadar ilmi kam, tajribasi kam odammanki, shu osongina masalani ham hal etolmayman? Xo’sh, nima qilish kerak endi?

Ertasi kuni erta bilan doktor feldsher xotinining aravaga tushib bir joyga ketayotqanini ko’rdi va: “He-e-e-e, xolasinikiga ketayotir bu. Mayli” deb o’yladi.

Doktor xastaxonani feldshersiz aylanaturg’an bo’ldi. Upravaga ariza yozmoq lozim edi, lekin doktor haligacha ariza uchun bir nusxa o’ylab topolmasdi. Endi ariza – “ayb unda emas, menda bo’lsa ham feldsherni bo’shatmog’ingizni so’rayman” degan mazmunda bo’lmog’i lozim edi. Ammo bu fikrni ahmoqlig’iga ketmayturg’an va yuz qizartmayturg’an qilib jazo bilish o’zini bilgan odam uchun mumkin emas kabi edi.

Ikki-uch kundan keyin doktorga feldsherning Lev Trafimovichga borib arz qilganini eshitdirdilar. Rais uni og’iz ochqali ham qo’ymasdan, oyoq depsanib, “bilaman men seni yo’qol! Eshitmayman gapingni!” deb shovqin solib haydagan. Lev Trafimovichnikidan chiqqqandan keyin feldsher upravaga borib doktorning ustidan bir ariza bergan, ul arizada shapaloq masalasi gapirilmasdan va o’zi ustida hech narsa so’ralmasdan doktor tomonidan feldsherning huzurida uprava va uning raisi to’g’risida noloyiq so’zlar aytilganligi doktorning lozim ko’rilgancha ish qilmagani, kasallarni vaqti vaqtida kelib ko’rmagani va hokazolar yozilgan. Bu xabarni eshitgandan keyin doktor kulibgina qo’yib “voy ahmog’ey” deb o’yladi va feldsherning bu ahmoqliqlaridan xijolat bo’ldi va unga achindi; bir odam o’zini mudofaa qilaman deb qancha ahmoqliq qilsa, ul albatta, shuncha mudofaasiz qolib zaif tushadi.

O’shanda tasvir qilingan sabohdan rosa bir hafta o’tkandan keyin doktor miravoy sudyaning chaqiriq qog’ozini oldi.

Qog’ozga qo’l qo’yib olarkan:

“Bu endi juda uchiga chiqqan ahmoqliq, – deb o’yladi ul. – Mundan ham bir narsani xayolga ham keltirib bo’lmaydi”.

Aynigan, lekin sokin bir sabuhda miravoy sudyanikiga qarab ketarkan unda xijolat asari emas, g’azab va nafrat alomatlari ko’rinadi. Uning ham o’ziga ham feldsherga, ham butun bu ishlarga achchig’i kelardi…

Kamoli achchig’i kelganidan ul o’z-o’ziga:

“Sudga boramanu hammangizning ham padaringizga la’nat. Siz hammangiz eshaksiz va hech narsaga tushunmaysiz!” deyman, – dedi.

Mirovoy sudyaning mahkamasiga yetib kelgach, ul eshik oldida guvohliqqa chaqirilganlardan uchta kasal qarovchi xotin bilan suv qizini ko’rdi. Haligi kasal qarovchilarni hamda kamoli betoqatlig’idan tinchlanolmasdan birushta qilpillab turg’an va bo’lajak hangomaning bosh qahramonini ko’rgandan so’ng sevinchidan ichiga sig’mag’an suv qizini ko’rganidan keyin jahli chiqqan doktorning ular ustiga burgutday jonsolg’usi va birdaniga “Sizga kim ruxsat berdi xastaxonadan siljishga? Hozir jo’nab qoling” deb o’shqurib ularning jonlarini olg’usi keldi; lekin yana o’zini to’qtatib olib va mumkin qadar tinch ko’rinishka tirishib, to’dalashkan qishloqilar orasidan o’tib to’ppa-to’g’ri mahkamaga kirib keldi. Mahkama bosh ev sudyaning zakon zanjiri yumshoq kursida sangillab turadi. Doktor kichik mirzoning xonasiga tomon ketdi. U yerda ul arvoq yuzli, arzon va pes matodan pinjak kiygan va cho’ntaklari osilib turgan bir yosh yigit bilan feldsherga yo’liqdi; ul yigit kichik mirza edi, feldsher esa ustalda o’tirib, bekorchilikdan kesilib ketgan odamlarning ro’yxatini varaqlardi. Doktor kirib kelgach kichik mirza o’rnidan turdi, feldsher bir qavshab olib keyin u ham o’rnidan turdi.

– Aleksandr Arxipovich hali ham kelganlari yo’qmi? – deb xijolat tortib so’radi doktor.

– Yo’q hali. U kishi uydalar… – deb javob berdi kichik mirza.

Mahkama katta bir qo’raning kichikrak bir bo’lak imoratda bo’lib sudyaning o’zi uning ulkan binosida yashardi. Doktor mahkamadan chiqib asta-asta o’sha uyga qarab yurdi. Bu Aleksandr Arxipovichni yemakxonasida samovar boshida uchratdi. Ul ustal yonida ustida na sutuk va na jilet, ko’ylagining yoqa tugmalari qadaqsiz, ikkala qo’l bilan baravar choynakni ushlab, stakanga xuddi qahva singari qop-qora choyni quymoqda edi; mehmonni ko’rar-ko’rmas darhol boshqa bir stakanni o’z oldiga surib unga choy quydi va salom alik qilib o’turmasdanoq so’radi:

– Qantliq ichasizmi, qantsiz?

Bu sudya bir zamonlar ko’p yillar bundan burun otliq qo’shinda xizmat etkan edi; endi saylovli mansablarda uzoq yillar xizmat etkani uchun hozirda haqiqiy stat mushoviri darajasini olg’on, shunday bo’lsa ham hanuzgacha na o’zining askariy formalarini va na askarlik odatlarini tashlamagan edi. Uning uzun, politsiya boshliqlariniki singari haybatli mo’ylovlari; chak oralig’ida rangdor matolar qo’yilg’an shimi bo’lib, o’zining butun yurush turush va gap so’zlarida sipohlar ko’rkamligi namoyondi. Gapirganida boshini bir oz orqaga tashlab, muloyim, lekin yo’g’on ovoz bilan g’urunglab chiqqan so’zlariga faqat generallar ishlatadigan va hech bmr ma’ni bermaydigan “imnaa…aaa..a” degan harflar tizimini qo’shib yelkalarini qoqib va ko’zlarini o’ynatib gapirardi; birov bilan ko’rishganda yoki birovga papiros tutqanda bir oyoq depsab qolar va yurgan vaqtlarida shporlarini shu qadar ehtiyot bilan va muloyim jiringlatardiki, eshitkan odam “bu shporlari oyog’iga juda yomon azob beradi shekilli” deb o’ylardi. Doktorni o’tqizib choyni uzatgach, ul ko’ksi bilan qornini shunday bir siladi, so’ngra og’ir bir nafas olg’ach:

– Xo’-xo’-sh-sh… balki imna-a… aroq ichib zakuska qilarsiz? Imna-a?

– Yo’q, rahmat, qornim to’q.

Ikkalasi ham xastaxonadagi janjal haqida so’z ochilmasa bo’lmasligini bilalar va shu uchun bir turli o’ng’asizliq sezishadi. Doktor jim edi. Sudya bo’lsa dasti shariflarini bag’oyat marg’ubliq bilan junbushga keltirib, ko’kragini chaqib turgan pashsha (sinak)ni tutdi va juda ehtiyot bilan har tarafini ko’rgach qo’yib yubordi, so’ngra og’ir bir “uh” tortib ko’zlarini doktorga qarata ko’targach ma’nodor qilib so’radi:

– Mana qarang, nega uni yubora qolmaymiz?

Doktor uning ovozida bir pardagina ayash ohangi borligini payqadi: birdan o’z-o’ziga achinib ketib, shu so’ng hafta orasida kechirgan iztiroblarining xorg’inlig’i va og’irlig’ini sezdi. Xuddi sabr kosasi to’lib toshqanday o’turgan joyidan turdi va tajanglik bilan qovog’ini solib yelkasini qoqib turib dedi:

– Haydash emish! Qiziq gapirasiz hammangiz ham, azbaroyi xudo… Hayron qolaman sizlarning gaplaringga! Men uni qandaq qilib hayday olaman? Siz bu yerda o’tirib o’ylaysizki, xastaxonaning butun ixtiyori shunda-yu bilganini qiladi” deb! Hayron qolaman sizlarning gaplaringga! Uning xolasi Lev Trafimovichning bola boqari bo’lsa, Lev Trafimovichga o’sha Zaxarg’a o’xshag’an chaqimchilar, laganbardorlar lozim bo’lsa, men u feldsherni hayday olamanmi? Zemstvo bizni, biz doktorlarni, bir chaqachalik qadrlamasa, har bir qadamimizda kegayimizga cho’p tiqsa, mening qo’limdan nima kelardi? Ey, padarlariga la’nat, xohlamayman men bu xizmatni – tamom vassalom! Xohlamayman!

– Yo’-yo’-yo’q… siz azizim, siz bu masalaga ortiqcha zo’r ahamiyat, chunonchi…

– Oqsoqol, butun kuchi bilan bizning dahriy va josus ekanimizni isbot qilishqa urinadi va bizga xuddi o’z mirzasiday haqir muomala qiladi. Mening yo’g’imda xastaxonaga kirib boquvchi xotinlar bilan kasallardan gap so’rab yurishka nima haqi bor uning? Bu axir tahqir emasmi? Ana, u sizning telbangiz Semyon Alekseevich bo’lsa o’zi tolstoychi (“jadid”) bo’lib turib doktorlik faniga ishonmaydi, chunki o’zi buqaday sog’lom va semiz, ko’pchilik oldida va o’zimizga eshittirib bizni «tekinxo’rlar» deb so’kadi va yeganlari harom” deydi. Ey, padariga la’nat! Men ertadan kechgacha tinmasdan ishlayman, dam olishni bilmayman, o’sha axloqchi, iskavchi va hokazo masxarabozlaringizning hammasidan keragim ko’prak meni, bu yerga! Ish deb yurib sog’lig’imdan ajraganman, bular bo’lsa qulluq qilish o’rnig’a bir burda nonimning ham “harom” deyishadi! Ey, rahmat sizlarga! Yana tag’in har kim o’ziga tegish bo’lmagan ishlarga burnini tiqib, ta’lim berib, taftish qilmoqqa o’zini haqli deb biladi! Ana u uprava a’zolaringizdan Kamchatskiy degan mahluq zemstva majlisida biz doktorlarga: “Sizlar yod kalisini ko’p ishlatasiz” deb xayfsan e’lon qilib, boz ustiga “kakain”ni ozroq ishlatishka kengash berib o’turibdir. Men sizdan so’rayman: nimani biladi ul o’zi? Nima daxli bor uning! Nima uchun bizga sudyaliq ilmini o’rgatmaydi?

– U axir azizim… bir ma’tuv, bir dirdov narsa… Uning gaplariga ahamiyat bermang siz…

– Ma’tuv, dirdov deysizuv yana o’zingiz o’sha ablahni a’zoliqda saylab qo’yib har ishka burnini tiqib yurishiga yo’l qo’yasiz! Sizga kulgi! Sizga bular hammasi mayda, behuda gaplar, lekin o’zingiz o’ylang, axir, o’sha xil mayda-chuydalar shu qadar ko’pki, mayda qumdan katta tepalar hosil bo’lg’anday, butun boshliq turmushham o’sha mayda-chuydalardan hosil bo’ladi! Endi bo’lmaydi! Toqatim qolmadi, Aleksandr Arxipovich! Bir soatdan so’ng men sizni ishontirib aytamanki, birovning betiga shapaloq tortishqina emas, odamlarg’a qarab o’q uzadigan bo’laman! Insof qilingki, mening tanamdagi o’q sim emas, asab. Men ham sizga o’xshagan odamman…

Doktorning ko’zlariga yosh to’lib, ovozlari qaltirab qoldi; ul orqasini o’girib teraza orqali tashqariga qaray boshladi. Jimlik cho’kti.

– He-e, albatta, janobi hurmatlik…, – deb xayol ichida g’udurandi sudya. –Digar tomondan agar bir tayyammul muhokama qilsangiz, u holda (shu yerda sudya bitta pashshani qo’lga tushurib, ko’zlarini qattiq chimirgani holda uni har tomondan yaxshilab qarag’andan so’ng o’ldirib, chayqandi idishga tashladi)… u holda men sizga aytsam, uni haydamakdan ham bir xayr chiqmaydi. Uni haydaysiz, uning o’rniga boshqa bitta o’shaning o’ziga o’xshag’ani, balki undan ham battari kelib o’tiradi. Yuzta odamni keltirib qo’ying, o’sha joyga, bitta ham yaxshisini topolmaysiz… Hammasi bir rager (sudya shu yerda o’z biqinini silab asta-sekin papiros yondira boshladi). Bu yomon halqa rozi bo’lmoqdan o’zga chora yo’q. Men sizga shuni demakchimanki, shu zamonda ko’ngil ishonsa bo’laturg’an nomusli va hushyor xizmat odamlarini faqat ziyolilar bilan qishloqilar orasidan, ya’ni shu ikki ifrat-tafrit orasidang’ina topa olasiz. Siz, ya’ni masalan, nomusli bir doktor, go’zal bir muallim, pok bir dehqon yoki temirchiga uchray olasiz, lekin avsat odamlar, ya’ni masalan agar ta’bir joiz esa, xalqdan yiroqlashib ziyoliliqqa yaqinlasholmag’an odamlar, ishonchsiz bir unsurdan iborat. Mana shu sababdan nomusli va hushyor bir feldsher, bir mirzo, bir xizmatchi va hokazoni topmoq nihoyat darajada mushkul. Bag’oyat mushkul! Chunonchi masalan men o’zim hazrati Nuh zamonidan beri adliya ishida xizmat qilaman, shu orada behaddu hisob mirzo yangiladim, shulardan bitta ham nomusli va hushyorig’a yo’liqolmadim. Bu xalq chunonchi masalan asos va mabda xususlarini zikr etmaganimizda ham har qanday ma’naviy intizom axloqi hasana ne’matlaridan mahrum…

«Nega kerak ekan bu gaplar? – deb o’yladi doktor. – Kerakli gaplar qolib ketdi buyoqda».

– Chunonchi masalan o’tkan juma kunning xuddi o’zida ana u Dojinskiy degan mirzam, ishonasizmi, yo’qmi, mana munday hangoma ishlarni qilib qo’yibdir: kechasi allaqanday piyanistalarni mehmonga aytibdir, ularning kimligini o’zidan boshqa hech kim bilmaydi, ana o’shalar bilan tun bo’yi mahkamada piyanistalik bazmini o’tkazibdir. Nima deysiz munga? Men ichkilikka qarshi emasman. Ichsang icha ber, padaringga qusur, lekin nega begona odamlarni mahkamaga kirgizasan? O’zingiz o’ylang, axir qog’ozlarning ichidan hujjat mujjat, veksil meksilni olib ketish hech gap emas! Natija nima bo’ldi deng! O’sha bazmdan keyin hujjat mujjat yo’qolmadimikan deb, ikki kungacha hamma qog’ozlarni birin-birin ko’rib chiqdim… Past odam bo’lgandan keyin nima qilaolardingiz uni? Haydaysizmi? Ko’p yaxshi… Uning o’rniga keladigani undan yomon bo’lmaydi deb kim ayta oladi sizga?

– Qanday qilib haydab bo’ladi uni? – dedi doktor. – Bu odamni haydash og’izda oson xolos… Uning bola-chaqaliq och bir odam ekanini bila turib, qanday qilib uni haydaymanu bir burda nondan mahrum qilaman?

«Ey, padariga la’nat, nima debyotirman men!» – deb o’yladi ul, o’z shuurini qanday bo’lsa ham birgina belgili fikr, belgili xil ustiga mustahkam o’rnashtira olmayotqani uning o’ziga ham qiziq tuyuldi. – Bu shundaki, men darin odam emasman va o’ylashni bilmayman, – deb o’yladi yana.

–Avsat odam, o’zingiz aytganday ishonchsiz, – deya davom etdi ul – deya davom etdi ul. – Biz uni haydaymiz, uramiz, yuziga tarsaki tortamiz, lekin uning holig’a rahm qilmoq kerak, axir. Ul ne qishloqi emas, na xo’jayin emas, na baliq va na go’sht emas; uning mazasi achchiq, holi jonidag’i 25 so’mg’ina oylig’i, och bola-chaqasi va o’zining mutelig’idan istiqboli esa yuz yil xizmat qilsa ham yana o’sha 25 so’m pul bilan birovlarg’a bog’liq vaziyatdan iborat. Uning na ma’lumoti bor, na xususiy mulki; mutlaq qilishqa va ibodatxonag’a yurishka vaqti yo’q, bizning suhbatimizdan mahrum, chunki biz uni o’zimizga yaqin yo’latmaymiz. Shunday qilib hayotning yaxshirishidan umidsiz, qorni to’yar to’ymas, podsholiq uydan qachon haydashar ekan degan vahima bilan yosh bolalarini qay yerga joylashqa hayron o’lguncha shunday yashab o’tadi. Qaani, ayting o’zingiz, shunday odam ichkilik ichmasdan o’g’irliq qilmasdan qanday tura oladi? Asos, mabda degan narsalar nima qilsin bu yerda!

“Biz endi ijtimoiy masalalarning holiga o’tib ketdik shekilli, – deb o’yladi ul. – Naqadar aloqasiz, yo rabbiy! Nima keragi ham bor?”

Jingirak ovozi keldi. Allakim darvozadan ot arava bilan kirib mahkamaga tomon yugurdi, so’ngra yana katta binoning ostonasiga keldi.

Sudiya derazaga qaragach

– Ana o’zi keldi, – dedi. – Adabginangizni yeysiz endi!

Doktor yalindi:

– O’tinib so’rayman, siz menga tezroq ruxsat bersangiz. Agar mumkin bo’lsa, meni ishimni tezroq ko’rib bersangiz. Azbaroyi xudo, sira vaqtim yo’q.

– Xo’p, xo’p… Ammo lekin men o’zim ham bilmayman, jigarim bu ish mening hukmim ostig’a kiradimi yo’qmi. Feldsher bilan sizning orangizdagi aloqa, demak mumkinki, xizmatqa, mahkamaga taalluqli o’la, boz ustiga siz uni mahkamada xizmat vaqtida kaltaklagansiz. Har holda bu masalani uncha yaxshi bilmayman. Men mana hozir Lev Trafimovichdan so’raymiz.

Avval shoshilish tashlangan qadam sharpalari va hansirab dam olish unlari kelib, so’ngroq ostonada raisning o’zi Lef Trafimovich ko’rindi, bu odam uzun, oppoq soqolli, qizil kirpikli, tepa sochi to’kilgan edi.

Zo’rg’a nafas olib turib salom berdi:

– Salom… – dedi ul. – Uuvvf, yaxshilar ey! Qani sudya, odamlaringga ayt, bir stakan kvas berishsin. O’laman men…

Ul o’zini yumshoq kursiga tashladi, faqat yana darrov irg’ib o’rnidan turdi-da, yugurganicha doktorning yoniga borib, achchiq bilan unga ko’z olaytirib qarab, chiyillama bir ovoz bilan gap boshladi:

– Sizdan Grigoriy Ivanovich juda favqulodda minnatdorman. Katta iltifot qildingiz, tashakkur aytaman. Bayyovmi mahshargacha inshaalloh, esimdan chiqarmayman. Qadrdon odamning qilaturg’an ishi emas bu! Nima desangiz deng, ammo lekin sizning bu ishingiz insofdan emas! Nega menga xabar bermadingiz? Men nimaman sizga? Kimman? Yovmanmi, yo butun-butun begona odammanmi? Yovmanmi men sizga? Ayo biror martaba biror narsani sizga ravo ko’rmagan joyim bormi? A?

Ko’zlarini olaytirib va barmoqlarini o’ynatib turib rais kvasni ichdi, so’ngra darhol lablarini artib gapiga davom qildi:

– Juda va judda minnatdorman sizdan. Nega menga xabar qilmadingiz? Agarda ko’nglingizda menga nisbatan bir ixlos degan narsa bo’lsa to’ppa-to’g’ri mening yonimga kelib do’stliq yo’li bilan: azizim, Lev Trafimovich anna kozayu manna koza. Shunaqa birovni «falon…» derdingiz. Men hamma ishingizni darhol to’g’rilab berardim, manna bu janjallarga ham luzum qolmas edi… U ablah bo’lsa, kayfi taraq bangiday, butun uezd mahkamalarini aylanib arzihol qilib boz ustiga xotin-xalaj bilan g’iybatga ovchi berib yurubdur, siz bo’lsangiz, afsuski ham uyat, ta’birimni ma’zur ko’ring, qanday noma’qul savdolarga tushib, o’sha ablahni sudqa ariza berishka majbur qilibsiz! Rasvoliq bu, borib turg’an rasvoliq! Hamma mendan so’raydi, nima gap, nima hodisa, deydi. Men bo’lsam, rais bo’lib turib u yerda nimalar kechkanini bilmayman. Sizga mening darkorim yo’q! Juda va judda minnatdorman Grigoriy Ivanich!

Rais shu qadar quyi egilib ta’zim qildiki, hamma jag’i qip-qizil cho’g’day bo’lib ketdi, so’ngra teraza yonig’a borib qichqirdi:

– Hoy, Zigalov, Mixail Zaxarichni chaqir bu yoqqa! Deginki, to’qtovsiz yetib kelsin! – So’ngra terazadan yiroqlasharkan dedi: – Yaxshi emas bu! Hattoki, mening xotinim ham sizdan ozurda bo’ldi, yo’qsa uning sizga ixlosi katta edi. Siz janoblar o’z aqllaringga juda ortiqcha bino qo’yasizlar. Siz hammangiz aql bilan, sas va mabdalar bilan, yana har xil hikmatlar bilan ish qilmoqchi bo’lasiz. Holbuki, sizdan chiqa turg’an birgina narsa xolos, ya’ni faqat ishni chatoqlashtirasiz.

– Siz aql bilan ish qilmoqqa urunmaysiz, sizdan nima chiqayotir? – deb so’radi doktor.

– Sizdan nima chiqayotir deysizmi? Bizdan chiqqani shuki, agar shu topda men bu yerga kelmasam, siz o’zingizni ham rasvoyi jahon qilardingiz, bizni ham… Baxtingiz bor ekanki, men yetib keldim!

Feldsher kelib ostona oldida to’qtadi. Rais unga qarshi yoni bilan to’qtab, qo’llarini cho’ntagiga soldi-da, bir yo’talib olib dedi:

– Hozir doktordan kechirim so’ra!

Doktor qip-qizarib ketib yonidag’i uyga qarab yugurdi.

– Ko’rdingmi, ko’rdingmi doktor sening kechirimingni ham qabul qilmaq istamaydi! – dedi rais. Ul sening so’zda emas, amalda tavba qilib pushaymon bo’lganini ko’rmoq istaydi. Bugundan boshlab itoatli bo’lishqa va hushyorliq bilan yashashqa so’z berasanmi?

Feldsher tuntayib turib yo’g’on ovoz bilan:

– Beraman… – dedi.

– Bilib ish qil! Xudo saqlasin seni, lekin! Bir nafasda ishdan haydab yuboraman e! Yana biror narsa bo’la qolsa, mendan marhamat kutmagin… Bor uyingga jo’na…

Boshig’a kelajak falokatlarga rozi bo’lib qolg’an feldsher uchun ishning bu yo’lg’a kirishi kutilmagan bir yangilik edi. Kamoli sevinganidan uning rangi ham oqarib ketdi. Ul bir narsa demakchi bo’lib qo’lini olding’a uzatdi, lekin hech narsa aytmasdan dag’al bir kuldi-da, chiqib ketdi.

– Mana xolos! – dedi rais. – Sudning ham keragi yo’q.

Ul yengillaganday bo’lib nafas oldi va hozirg’ina juda katta yana muhim bir ishni bitirgan kishiday samovar bilan istakanlarni bir-bir qarab chiqib qo’lini bir-biriga ishqagach dedi:

– Saloh ahlini – ahli rahmatdan, deganlar… Qani, Sasha qani bir stakan quyib yubor-chi. Aytkancha, undan burun, tanovul qilaturg’an bir narsa buyurgin… Jindak araq ham desang de…

Doktor hali ham qip-qizargan kuyicha barmoqlarini qisirlatib yemak xonasiga kirarkan:

– Taqsirlar bu mumkin emas! – Bu… Masxaraliq bu! Razolat bu! Men ko’nolmayman. Ishni bu holda oson o’ylab hal qilg’andan ko’ra yuz marta sudlashgan yaxshiroq. Yo’q. Men ko’nolmayman munga!

Rais keskin javob berdi.

– Sizga nima kerak o’zi? O’shani haydash kerakmi? Ruxsat eting bo’lmasa, haydayman…

– Yo’q, haydash kerak emas… Nima istaganimni o’zim ham bilmayman. Lekin taqsirlar, hayotqa bu xil qarash… Oh, yo rabbiy! G’azab bu!

Doktor tajanglanganidan nima qilishini bilmasdan o’ralashib qoldi, so’ngra shapkasini qidirmoqqa boshlab uni topolmaganidan keyin ojiz bo’lib o’zini yumshoq kursiga tashladi.

– Razolat bu – deya takror qildi ul.

– Azizim, – deb pichiradi unga sudya – Qisman men ham ochiqman sizni anglashdan, chunonchi masalan… Siz axir bu hodisada gunohkor tomonsiz! O’n to’qqizinchi asrning oxirlarida birovning yuziga shapaloq tortmoq, bu bir qadar, nima desangiz deng, anaqa… U bir olchoq narsa. Le-e-ekin insof qilganingizda o’zingiz ham qaltis ketgansiz…

– Albatta! – deb tasdiq qildi rais.

Aroq bilan zakuska keltirdilar. Ketar jafosi qilib doktor kichkina istakanchadagi araqni bir ko’tarib yutdi-da orqasidan shalg’amcha tatidi. U yerdan chiqib o’z xastaxonasiga qaytarkan, uning fikrlari, kuzgi tonglarning ko’kat va maysalari kibi, tumang’a o’ragan edilar.

– Ayo, – deb o’yladi ul. – Shu bir haftaning orasida tortilgan alamlar, o’ylangan o’ylar va aytilgan so’zlarning hammasi ishning bu xilda xunuk va razil bo’lib bitishi uchunmidi naqadar ahmoqliq! Naqadar ahmoqliq!

O’z shaxsiy masalasiga begona odamlarni aralashtirgani o’sha odamlarga gapirgan gaplari, bema’ni ichib, bema’ni kechinmak odati tufaylidan ichkan arag’i o’zining tushunmovchi, sayoz aqli uchun uyalardi… Xastaxonaga qaytgach darhol uni aylanishka kirishdi. Feldsher mushukday muloyim bosib, savollarga ham muloyim javob aytib u bilan birga yurardi… Feldsher ham, suv qizi ham, qarovchi xotinlar ham hech narsa ro’y bermaganday va har narsa joyida bo’lganday ko’rinishka tirishdilar. Doktorning o’zi ham butun kuchini sarf qilib loqayd ko’rinishga urinadi. Ul buyruqlar berar, achchiqlanar, kasallar bilan hazil qilishar, ammo miyasida hanuz o’sha o’y aylanardi:

– Ahmoqliq, ahmoqliq, ahmoqliq…

  This is a translation and has a separate copyright status from the original text. The license for the translation applies to this edition only.
Original:
This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.
Translation:
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"