Xotin

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Xotin
by Anton Chexov, translated by Abdulhamid Choʻlpon

– Mening ustolimni siz yig’ishtirmang deb necha martaba aytkanman, – dedi Nikolay Yevgrafovich. – Sizning qo’lingiz tekkandan keyin undan hech narsani topib bo’lmaydi. Bu yerdagi telegramma qani? Qaysi go’rga tashladingiz? Topib bering endi, marhamat qilib! Kechagi kunda Qozondan berilgan edi.

Rangi zohir, o’zi juda ingichka, basharasi beparvolig’ini ko’rsatib turg’an oqsoch xotin, stolning ostidagi savatdan bir necha telegrammani topdi-da, g’ing demasdan ularni doktorga uzatdi; biroq bular hammasi shahardagi o’zidagi gumashta kasallardan edi. Undan keyin mehmonxona bilan Olga Dmitrievna o’lturg’an uyni ham qaradilar.

Yarim kechadan o’tib soat bir bo’lgan edi. Nikolay Yevgrafovich o’z xotinining uyga hali beri kelmasligini, hech bo’lmaganda sahar soat beshlarda kelishini bilardi. Xotinig’a ishonmasdi, bugungi singari hali beri kela bermasa uxlayolmas, iztirob tortar; ikkinchi tomondan xotinining o’zidan, uning kartidan, oynasidan, ipak sirtli chiroylik qutichalardan hamda allakim tomonidan har kuni unga atab yuborilaturg’an zah uyning har tomonig’a gulfurushning do’koni singari ortiqcha shirin hid tarqataturg’an manna bu marvarid va sunbul chechaklaridan jirkanib ketardi. Munday kechalarda doqtorning o’zi bachkanalashib, injiqlanib, ta’bi nozik bo’lib qolardi; shu uchun mazmunida bayramni qutlashdan boshqa hech narsa bo’lmasa ham, ukasi tomonidan kecha berilgan boyag’i telegramma shu topda unga juda zo’r ko’rinib qoldi.

Xotini turaturg’an uyda kichkinagina bir yozuv ustoli bo’lardi; o’sha ustalcha ustidagi maktub qog’ozlari turg’an qog’oz qutichaning tagidan ul allaqanday bir telegramma topib olib shunday bir ko’zdan kechirdi. Monte-Karlo shaharidan qayinonasining adresiga yuborilgan bu telegrammada “Olga Dmitrievnaga berilsin”degan so’zlar yozilg’an va “Michil” (Mishel) deb ajnabiy tilda qo’l qo’yilgan edi… Doqtor uning mazmunini anglayolmadi, negakim allaqanday bir ajnabiy tilda aftidan ingliz tilida yozilgan edi.

– Kim bo’ldi bu Mishel? Nega Monte-Karlodan keladi? Nega qayinonamning nomiga bo’ladi?

Etti yil shu xotin bilan umr qilib ul gumonsirash, taxmin qilish va ham gumonsirashiga sabab bo’lg’an dalillarni tekshirishka o’rgangan, shu uchun necha marta uning miyasiga “uyda olgan bu qadar tajribam bilan juda yaxshi josus bo’lardim, lekin” degan xayollar kelgan edi. Kabinetiga qaytib kelib bir oz o’ylang’ach, darhol xatlarg’a keldikim, mundan bir yarim yilcha burun xotini bilan Peterburgga borib unda shaharning mashhur restoranlaridan “Kuba” restoranida o’zining maktab orqadoshlaridan temir yo’l muhandisi bilan birga nonushta qilg’an; o’shanda o’sha orqadoshi munga xotinini 22-23 yoshlarda yosh bir yigit bilan tanishtirgan, u yigitning nomi Mixail, otasining nomi Ivan bo’lib familiyasi kaltagina, lekin qiziqroq, ya’ni Ris edi. Oradan ikki oy o’tgach, doqtor o’z xotinining albom daftarchasida o’sha yosh yigitning suvratini va suvrat ostida frantsuzcha yozilg’an “hozirg’i kunlarning hamda kelajakdagi umidlarning xotirasi uchun” degan yozuvni ko’rdi. Undan keyin o’zi ham ul yigitni 2-3 marta qayinonasinikida uchratdi… Bu uchratishlar ham xuddi xotinining uyda tez-tez yo’qolib ketib erta bilan soat 4 va 5 larda qaytib keladigan vaqtlarg’a to’g’ri kelardi; o’sha vaqtlarda xotini xorijiy pasport olib ber, deb yalinar, bu unga ko’nmas, shu uchun bularning uylarida ertadan kechgacha shunday yoqalashlar bo’lar ediki, oqsoch xotindan ham uyalib olardi kishi.

Mundan olti oylarcha burun o’zining doqtor o’rtoqlari unda sil kasali boshlang’anini bilib unga hamma ishni tashlab Qrimg’a ketmakka kengash berdilar. Muni bilganidan keyin Olga Dmitrievna o’zini bu narsadan juda qo’rqqanday qilib ko’rsatdi; eriga yalaqaylanib kelib Qrimning havosi sovuq va odamni zeriktiraturg’an bir joy ekaniga, Nitsiyga ketsa yaxshiroq bo’lajag’ig’a o’zi ham birga borib yaxshi parvarish qilib, qarab har jihatdan tinchitib qo’yajagiga ishontirmoqqa urundi.

Doqtor xotinining Nitsiyga muncha intilganining sababiga endi tushundi: uning Misheli Monto-Karloda turar ekan.

Inglizcha-ruscha lug’atni qo’lig’a oldi, telegrammadigi har bir so’zni tarjima qilib va ma’nisini aqtarib yurib asta-sekin quyidag’i jumlalarni tuza oldi: “Bebaho sevgilimning salomatligiga qadah ko’taraman, kichkinagina oyoqlaridan minglarcha marta o’paman. Kelishiga juda intizorman”. U xotinining gapiga kirib u bilan birga Nitsiyga ketsa qanday kulgi va ayanch bir rol o’ynagan bo’lishini tasavvur qildi, g’ashi kelganligidan yig’laganday bo’ldi va kamoli hayajonining kuchliligidan uydan uyga yuruna boshladi. Uning g’ururi quyi tabaqalarg’a xos xazarchinligi tug’yon qildi. Mushtini tugumlab va kamoli jirkanishidan qosh-qovog’ini chimirib o’z-o’zidan o’zining bir qishloq popining o’g’li, madrasa tarbiyasi ko’rgan, to’g’ri va qo’polroq odam bo’lsang, kasbing jarroh, doqtorliq bo’lsa nechuk, bu xil qulliqqa tushding, o’zingni bu zaif arzimas, sotqin va pes bir mahluqqa sharmandalik darajasida bog’lab berib qo’yding? – deb o’zidan o’zi so’rardi.

So’ngra telegrammani qo’llari orasida mijig’lab turib o’z-o’zicha so’zlanadi:

– Kichkinagina oyoqlar emish! Kichkinagina oyoqlar!

Uni yaxshi ko’rib, unga uylanmakchi bo’lib so’ngra yetti yil birga umr qilg’an vaqtlaridan shu topda uning xotirasida faqat uzun va muattar sochlar, behisob mayin torlar va kichkinagina, darhaqiqat juda kichkina va chiroylik oyoqlarg’ina qolg’an; burung’i quchoqlashlardan esa uning qo’llari va yuzlarida hali hozir ham ipaklar va to’rlarning mayin tegishliklarigina saqlanib boshqa hech bir narsa qolmag’an kibi edi. SHaytonlashlar, shallaqiliqlar, koyishlar, po’pisa va yolg’onlarni, sharmandalik va xiyonat darajasidagi yolg’onlarni hisobg’a olmag’onda boshqa hech bir narsa qolmag’an edi… Otasining qishloqdag’i uyiga birdaniga tashqaridan bir qush uchib kirib o’zini jon halpida oynag’a urg’anlari va uydagi muyumlarni ontar-to’ntar qilg’anlari esiga tushdi; shuning singari bu xotin ham tamom begona bir muhitdan muning hayot uyiga uchib kirib uni butun ontar-to’ntar qilib tashladi. Umrining eng go’zal yillari do’zaxda o’tganday o’tdi, saodat umidlari parchalanib rasvo bo’ldi. Sog’lig’ining mazasi yo’q, uyi razil shaytonlar ishratxonasidan nishon beradi, har yil ishlab topadig’an o’n ming so’mdan esa pop xotini bo’lg’an onasig’a bir o’nta so’m yubora olmaydi va tag’in har kimlarga o’n besh ming so’mliq veksil berib qo’yg’an, unga shunday tuyulardiki, agar muning uyida bir to’da o’g’rilar turg’an vaqtda ham uning hayoti shu xotin bilan turg’andag’i qadar umidsiz bo’lib tuzalmaslik darajasida buzulmas edi.

Yo’talib nafasi buzulmoqqa boshladi. Yotog’iga kira qolsa bo’lardi; lekin muni qilolmasdan hadeb bir uydan ikkinchi uyga yurib yo bo’lmasa yozuv ustali yonig’a kelib turib tajanglanib karandash qalam bilan qog’oz yuzini qoralov va xuddi mashina singari ixtiyorsiz:

“Qalam uchini imtihon.. Kichkinagina oyoqlar”… deb yozardi.

Soat beshlar bo’lg’anda bo’shashdi va ham aybni o’zida ko’ra boshladi, unga shunday tuyulardiki, agar Olga Dmitrievna o’ziga yaxshi ta’sir ichra qilaturg’an bir odamg’a teksa, kim biladi, balki borib-borib yaxshi va nomusli xotin bo’lib ketadi; holbuki, bu o’zi ruh oshnoliq jihatidan zaif va xotin ko’nglini bilmaydi, muning ustiga odam qiziqaturg’an emasligi va dag’allig’i ham bor…

– Umrim ham ko’p qolg’ani yo’q, – deb o’ylandi ul. – Men bir o’luk narsaman, tiriklarga xalaqit berishim kerak emas. Hozir allaqanday huquqlarim bor deb o’sha huquqlarni talashib o’turushim aslida o’zi masxaraliq va tentaklik bo’ladi. Men u bilan ajrashayin; mayli, sevgan kishisiga teksin… Hamma aybni o’z bo’ynimg’a olib uning javobini berayin…

Nihoyat, Olga Dmitrievna keldi va kelgan bo’yicha ustidagi yengsiz oq po’stini, shapkasi va kalushlari bilan to’ppa-to’g’ri kabinaga kirib yumshoq kursiga o’zini tashladi.

Og’ir nafas olib turib:

–Semiz, ko’ngil ayniydigan bir bola, – dedi xonim va xo’rsinib yig’ladi. – Uyat bu, g’ar bu! – So’ngra yer tepindi. – Chidolmayman, chidolmayman, chidolmayman men!

Nikolay Yevgrafovich unga yaqinlashdi:

– Xo’sh, nima gap o’zi? – deb so’radi.

–Meni hozir Azarbekov degan bir talaba uzatib kelgan edi, qo’l cho’ntagimni tushurib qo’ydi, uning ichida o’n besh so’m pul bor edi. Oyimdan qarz olib edim.

–Xonim xuddi yosh bola singari juda astoydil yig’lag’an, shu uchun faqat ro’molchalarig’ina emas, qo’lqoplari ham ko’z yoshlari bilan ivigan edi.

Doqtor og’ir nafas oldi:

– Nima qilardiq! Yo’qolg’an bo’lsa yo’qolibdi, sadaqayi saringga. Tinchlangin, sen bilan gaplashadigan gap bor.

– Men milyonchi emasman, hadeb pul sochib o’ynag’ani. U o’zi beraman dedi-ku-ya, lekin men ishonmayman uning gapiga, u bir kambag’al narsa…

Er undan tinchlanmagini va gapka quloq bermagini so’rar, u bo’lsa hadeb talabadan va yo’qolg’an o’n besh so’m pulidan gapirardi.

– Ertaga men senga yigirma besh so’m berayin, xudo haqqi bas qil endi! – dedi doqtor jahli chiqib.

Xonim yig’lab turib dedi:

– Usti-boshimni yangilashim kerak! Ustimda po’stinim bilan qanaqa qilib tuzuk-quruq gaplasha olaman! Gapini qarang!

Er uning po’stinini va kaloshini yechib olarkan oq vinoning hidini payqadi, bu vinoni “kish-kish baqa” degan narsa bilan qo’shib ichishni xonim yaxshi ko’rardi (bu kishi juda hilva nozik ko’ringanlari bilan yeb-ichishga juda botir edilar!). So’ngra xonim o’z uyiga o’tib, bir ozdan so’ng boshqa kiyimlarini kiygan va upa-enliklar qo’ygani holda yig’lab qavargan ko’zlari bilan yana qaytib kabinaga chiqdi-da, o’zining uyda kiyadigan yengil va to’rli yaktakchasiga burkanib, xuddi yo’qday bo’lib o’turdi; va eri uning ustidagi yaktakchasining qizil tovushlari orasida uning tarqoq sochlarini va tuflidagi kichkinagina oyoqlarini ajrata olardi xolos.

Yumshoq kursida tebranib o’turub:

– Nima to’g’rida gapirmakchi eding? – deb so’radi xonim.

Doqtor:

–Nima bo’ldi-yu, mana bu narsa qo’limg’a tegib qoldi, – deb haligi telegrammani uzatdi.

Xonim tebranishga zo’r berib:

–Nima bo’pti? – dedi. – Bu yangi yilni qutlab berilgan oddiy bir telegramma, boshqa gap yo’q. Yashuraturg’an yeri bormidi!

– Sen meni ingliz tilini bilmaydi, deb o’ynatmoqchi bo’lasan. Ori, rost. Men ingliz tilini bilmayman, lekin inglizcha lug’atim bor-ku. Bu telegrammani yuborg’an oshnang Ris, ul o’z sevgilisining sog’lig’ig’a qadah ko’tarib minglarcha marta seni o’par emish. – Doktor shoshib-shoshib gapida davom etdi. – Muni qo’yayliq, bu qolsin… Men sendan koyimakchi yo bo’lmasa sen bilan urushmoqchi emasman. Shuncha urushqanlarimiz, shuncha koyishlar ham yetar, bas qilish kerak endi ularni… Men senga faqat shunig’ina demakchimanki, sening endi boshing ochiq, qanday xohlasang shunday tura ber.

Ikkovi ham jim bo’ldilar. So’ngroq xonim astagina yig’lay boshladi.

Nikolay Yevgrafovich so’zida davom qildi:

– Men seni menga yasama muomala qilish va aldashdan qutqarib qolmoqchiman. Sen o’sha yosh yigitni sevgan bo’lsang, sevaver uning yoniga xorijg’a ketmakchi bo’lsang keta ber. Sen yoshsan, sog’lomsan, men bo’lsam bir notavon narsaman, kunlarim ham sanoqli. Xullas… o’zing tushunsang kerak.

Uning yuragi o’ynag’anlig’idan gapini davom etdira olmadi. Olga Dmitrievna yig’lab turib, odamlar o’z-o’zlariga rahmlari kelgan vaqtlarda nechuk gapirsalar o’sha xilda ovoz bilan haligi Ris degan yigitni sevganligini, u bilan birga sayr qilib shahardan tashqarilarg’a chiqqanlarini, uning nomerida bo’lung’anlarini va chinakam ham xorijg’a ketmakga ishtiyoqi katta ekanligini iqror qilib aytib berdi.

So’ngra bir oh tortqach, dedi:

– Mana, sendan hech narsani yashirmayman. Ko’nglimni butun ochib berdim. Endi sendan tag’in yolvorib so’raymanki, yana o’sha olijanoblig’ingni qilib menga pasport olib bergin!

– O’sha gap, sen ozodsan.

Xonim erining chehrasidagi ma’nini o’qumoq uchun o’rnidan jilib, unga yaqinroq o’turdi. Ul eriga ishonmas, shu uchun endi uning yashirin fikrlarini anglamoqchi bo’ladir. Zotan bu xonim hech qachon va hech kimga ishongan emasdi, odamlarning niyatlari naqadar xayrliq bo’lmasin, ul kishi “ularda hamma vaqt mayda yoxud past illatlar va bo’ladi” deb gumon qilardi. SHu uchun u kishi sinovchi nazarlar bilan erining yuziga tikilgan vaqtda eriga xotinining ko’zlarida mushukniki singari bir ko’k alangacha porlaganday tuyuldi.

Xonim asta bir ovoz bilan:

– Ha, xo’sh, pasportni qachon olaman endi? – deb so’radi.

Do’qturda birdaniga “hech olmaysan” deb javob bermak fikri tug’ilg’on edi, lekin o’zini bosib turib:

– Xohlag’on vaqtingda! – dedi.

– Men faqat bir oyg’a boraman.

– Yo’q, sen Risning yonig’a umrlikka borasan. Men senga taloq xati beraman, hamma aybni o’z bo’ynimg’a olaman, toki Risning senga uylanmagi mumkin bo’lsin.

Olga Dmirievna o’zining harakatga tushganini yuzida ko’rsatib turib va juda jonli qilib:

–Yo’q, men hech bir ajralishmoqchi emasman! – dedi. – Sendan taloq xati so’rabyotqonim yo’q! Menga pasport olib bersa bo’ldi.

Doktor tajanglasha boshlag’an edi:

– Nega sen ajralishni istamaysan? – deb so’radi. – Sen g’alati xotin ekansan. Juda ajoyib narsa ekansan! Sen astoydil ko’ngil qo’yibsan unga, u ham seni sevar ekan, shu holda ikkovingiz uylanmakdan boshqa yo’l bormi? Halol nikoh bilan harom o’ynashning ikkovidan birini tanlash niyating bormi hali?

Eridan yiroqlasha turib:

– Tushundim niyatingizga, – dedi xonim va yuzida achchiq hamda o’chakish alomatlari zohir bo’ldi. – Niyatingizga juda yaxshi tushundim. Men ko’nglingizga tegib qolibman, mendan qutulishni xohlaysiz, zo’r bilan bo’ynimga taloq xatini ilmakchi bo’lasiz. Qulluq taqsir, men unaqa siz o’ylag’an tentaklardan emasman. Taloq xatingizni olmayman, uyingizdan chiqmayman, sira chiqmayman, taqir chiqmayman! – Gapirishimga xalaqit bermasinlar deganday qilib tez-tez gapira boshladi xonim. – Birinchidan el ko’ziga xunuk ko’rinishni istamayman, ikkinchidan, men 27 daman, Ris 23 da; bir yilning ichida ko’ngliga tegib qolaman-da, qo’yib yuboradi. Uchinchidan, agar bilaman desangiz bu havasimning uzoq davom etishiga o’zim ham ishona olmayman… Gap shu! Chiqmayman men sizdan.

Nikolay Gravfovich yer tepinib qichqirdi:

–Unday desangiz haydab chiqaraman men seni! Tepib haydayman, sen iflos buzuqni!

Xonim munga qarshi:

– Ko’ramiz! – dedi-da chiqib ketdi.

Allaqachonlar tong otqan bo’lsa ham doqtor hamon u stol ketida o’turub qarandash qalamini qog’oz betida yurguzar va mashina singari ixtiyorsiz:

“Muhtaram afandim… kichikinagina oyoqlar” deb yozardi.

Yo bo’lmasa u yoq-bu yoqqa bosib yurar va mehmonxonada – mundan yetti yil burun, to’y o’tar-o’tmas oldirilgan suvratning qarshisida to’qtab, tomosha qilardi. Butun oila a’zolarig’a oid bo’lg’an bu suratda qayinotasi, qayinonasi, u vaqtda yigirma yoshda bo’lg’an xotin Olga Dmitrievna hamda yosh va baxtli kuyov sifatida uning o’zi bo’linardi. Qayinotasi qirmamo’y, po’rdoq, sariqsuv kasaliga mubtalo va maxfiy mahram darajasiga ega bir odam bo’lib mug’ambir va pulg’a o’lgudak xaris; qayinonasi xez degan hayvonga o’xshash bachkana va darranda tabiatli, qizini o’lgudek sevadigan va har to’g’rida unga yordam beradigan semiz bir xotin edi; agarda qizi birovni o’ldirib qo’ysa shunda ham bu ona unga hech narsa demasdan tag’in uni etagi bilan berkitishka harakat qilardi. Olga Dmitrievnaning yuzalomatlari ham onasiniqi singari bachkanalik va darrandalikni ko’rsatib turardi, lekin munaqa onasiniqig’a qarag’anda achchig’roq va dadilroq; bunisi xez degan hayvong’a o’xshag’an maydalardan emas, yirikroq darrandalardan! Nikolay Yevfgrafovichning o’zi bo’lsa bu suvratda, sodda, oqko’ngil bir kishi bir odamoxun bo’lib ko’rinadi; uning yuzlarida seminariyalarning halim kulimsirashlari jilavgar; va ul o’zi bolalarcha ko’ngli bilan ishonardikim: taqdirning nozi bilan tasodifan tushib qolg’ani bu darrandalar to’dasi unga ham she’riyat, ham baxt hamda “sevmaslik – yoshlikni o’ldirish bo’ladi” degan ashulani aytib talaba bo’lib yurgan vaqtlarida o’ylagan butun xayollarini beradi…

Yana tag’in, hayron bo’lib, o’z-o’zidan: o’zining bir qishloq popining o’g’li, madrasa tarbiyasi ko’rgan, sodda, qo’pol va to’g’ri odam bo’lib turib u arzimas, aldamchi, pes, bachkana, tabiat jihatidan butunlay begona bo’lgan bir mahluqning qo’liga nechuk bu qadar xorliq bilan o’zingni topshirib qo’yding? – deb so’rardi.

Soat 11 bo’lib ul xastaxonasiga jo’namak uchun kiyimini kiyib turg’an vaqtda eshikdan oqsoch xotin kirib keldi.

– Xo’sh? – deb so’radi ul.

–Xonim o’runlaridan turdilar, kecha 25 so’m beraman degan ekansiz, shuni so’rabyotirlar…

  This is a translation and has a separate copyright status from the original text. The license for the translation applies to this edition only.
Original:

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse

Translation:

This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:

  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"

Public domainPublic domainfalsefalse