Jump to content

Xitoy qo‘zg‘aldi

From Wikisource
Xitoy qo‘zg‘aldi (1925)
by Abdulhamid Choʻlpon
335384Xitoy qo‘zg‘aldi1925Abdulhamid Choʻlpon

“Qora Xitoy qo‘zg‘alsa dunyo buzular emish…” degan gap, burun-burundan el og‘zida bor. Birar joyda katta bir to‘palang bo‘lg‘anini aytishgan onalarimiz, hali ham “Qora Xitoy qo‘zg‘ala ko‘rmasun” deb qo‘yadurlar.

El aytgan, xalq aytgan “to‘rt ko‘zlik, 2 boshliq, 8 qo‘lliq” qora Xitoy yo‘q. U gaplar Xitoyni tanimaganlikdan kelgan narsalar.

Lekin to‘rt yuz milyon qadar kelaturg‘an ulug‘ Xitoy xalqi, Xitoy ommasi, Xitoy ko‘pchiligi bor. O‘sha song‘a yeta qolayozg‘an Xitoy ishchisi, Xitoy dehqoni, Xitoy mehnatkashi, Xitoy kosibi bor. Xitoydan boshqalarning oyoqlari tegmagan ko‘b joylarda, o‘sha ko‘pchilik – o‘ziga xos bir maishat bilan umr o‘tkazmakdadur.

Bu kun ana o‘sha ko‘pchilikning ana o‘sha Xitoy ommasining qo‘zg‘alg‘ani to‘g‘risida dunyoning har tomonidan sim qoqib turadurlar. Shu choqqacha o‘z general va to‘ralarining ketlariga ergashib bir-birlarining qonlarini to‘kushgan Xitoy ishchilari, mehnatkashlari, endi – yot qironlarning chidab bo‘lmas zulmlariga qarshi bosh ko‘targanlar. Hozir, Xitoyning har yerida kunbotish jahongirlariga qarshi kuchlik bir harakat boshlandi.

Qo‘zg‘olishning boshlanishi – Shanxay shaharidan bo‘ldi. “Shanxay” – Xitoyning eng obod, eng ishlik, “bozorliq” shahari. U yerda yot qironlardan kelgan boylar katta-katta zovud va fabrikalarni solib, minglarcha un va yuz minglarcha Xitoy ishchilarini ishlatib yotadurlar. Ishlatganda ham qandoq deysiz? Kecha-kunduz dam oldirish yo‘q, qimirlashqa fursat yo‘q, doim ishlatadurlar. Shuncha ishlatib ham bergan haqlari “mushukka – oftobg‘a chiqqani uchun” berilaturg‘an haqdan ham ozroq…

Ana shu uchun eng avval Xitoy ishchilari, Shanxaydag‘i yot qiron zovudlarida ishlaguvchi Xitoy “qora ishchilari” qo‘zg‘oldilar. Zovudlarni o‘z qo‘llarig‘a olmoqchi bo‘lub ko‘rdilar, bo‘lmadi. Yot qiron askarlari bilan Xitoyning hozirg‘i hukumatga qarashliq palisalar, ularning ustiga yurush qiladilar. Qancha Xitoy ishchilarining qonlari zovudlarning temir panjaralik darvozalariga to‘kilib qoldi…

Yot qironlarning odamlari har yerda va har ishda ham “Xitoy – o‘zimizniki” degandak ish tutadurlar. Shu uchun Xitoyning yuqori maktab talabalari, inqilobchi firqalari va boshqa shahar aholilari bir bo‘lub turub ko‘chaga chiqdilar; o‘zlarining yot jahongirlardan xafa bo‘lg‘anliqlarini bildirmak uchun bayroq ko‘tarib kucha aylandilar. Lekin, hech qayda hech kimga tegmadilar; yaroq-aslaha ushlamadilar.

Ana o‘sha tinch namoyishchilarga qaratib bekardan-bekarga o‘q uzuldi. O‘q uzgan angliz palisalari edi. Talaba, ishchi va aholidan bir muncha kishi o‘ldi; bola-chaqalari ko‘chada yetim bo‘lub qoldilar…

Hozirg‘i qo‘zg‘alg‘an to‘palang o‘sha voqea orqasida chiqdi. O‘sha voqeani dalvoy qilib turub, Xitoy xalqi yot jahongirlarga qarshi qo‘zg‘alish boshladi. Xitoyning har sinf, har xayol, har tabaqa aholisi qo‘zg‘alishqa aralashqan. Hatto katta Xitoy savdogarlarining Pekindagi qo‘mitalari, yot qironlar bilan muomalani to‘qtatmoqchi emish. Xitoy hukumati ham, katta qironlarg‘a noma yuborib “ajnabiy polisalarining zulmiga qarshi” noroziliq bildirdi. Unga qarshi katta qironlar ham javobnoma yozib “ayb bizda emas” dedilar. Munga qarshi Xitoy hukumati yana qattig‘roq noroziliq nomasi yubordi. Bu to‘g‘ridag‘i xabarlar gazetamizning xabar qismida bor.

Lekin bu voqeaning bir qiziq jihati bor. Ya’ni: yot qironlar shu voqealarda ham “Maskav”ni “Bolshevik qo‘nsul”larini ayblamakchi bo‘ladurlar. Ayniqsa, Shanxayda huquqchi teskarichi ajnabiy gazetalari bu to‘g‘rida juda yomon hovliqib ketdilar. Albatta, dunyoning narigi chekasida bir qamishzorg‘a o‘t ketsa “bolsheviklar”dan ko‘rush odat bo‘lub qoldi. Bu odatni ko‘zi ochiq odamlar har qayerda ham tushunub qoldilar. Shundoq gaplar bilan na Xitoy xalqini va na bizni qo‘rqita olmaydurlar. Shundoq bo‘lsa ham, Xitoy xalqining xalq qo‘zg‘alishini bosmoq uchun yarog‘liq kuch ya’ni askar yuboraturg‘an vaqtda – haligidak ig‘volarning ancha foidasi tegadur.

Nima bo‘lsa – bo‘lsun askar bilan, kuch bilan 400 milyonliq Xitoy xalqiga qarshi ketib bo‘lmaydur. Ketilganda ham hech bir samara chiqmaydur. 150 milyonli sho‘rolar elini yarog‘li kuch bilan yenga olmag‘an muttahamlar, 400 milyonli Xitoy xalqini yengamiz desalar, o‘zlarining ahmoqliqlarinig‘ina ko‘rsatadurlar.

Xitoy xalqi – milliy qutulush uchun astaydil bel bog‘lasa, o‘zining xoin generallariga uncha ko‘b erk bermasa, hammasi bir yoqadan bosh chiqarsa va hammadan ham muhimi – chin inqilobchi bo‘lg‘an firqalarning yo‘li bilan ketsa… Bu va yo boshqa bir qo‘zg‘olishning natijasida maqsad va niyatlarga albatta, erishgusidur.

A.S.

“Farg‘ona” gazetasi,

1925-yil, 10-iyun, № 292.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"