Jump to content

Xayr qilmoq xotiringg‘a kelsa, ey mardi quyosh...

From Wikisource
Xayr qilmoq xotiringg‘a kelsa, ey mardi quyosh...
by Sadoiy Mirhasan
333383Xayr qilmoq xotiringg‘a kelsa, ey mardi quyosh...Sadoiy Mirhasan

Xayr qilmoq xotiringg‘a kelsa, ey mardi quyosh,
Har kishiga bermagil albatta charlab nonu osh.

Demag‘il, bu yaxshiliq qilsam qilur deb yaxshiliq,
Bo‘lmag‘ay oson tutub har vahshini qilmoq yuvosh.

Ey burodar, bo‘lsa aqling yaxshilar dargohig‘a —
Molingu joningni ber, ostonasidin olma bosh.

To tiriksan qilmagil har kim bila jangu jadal,
Ko‘p savob ermish urush orqasidin qilmoq yarosh.

Kimni ko‘nglung suysa xidmat ayla jonu dil bila,
To yurakdin oqsa qonu ko‘zlaringdin oqsa yosh.

Ey Sadoyi, bu g‘animatni dilu joningda ko‘r,
Necha tiklab boqsa yoringga qachon o‘xshor quyosh.


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.