Voy, yuz ming voykim, sarvi ravonim bordilo...

From Wikisource
Jump to navigation Jump to search
Voy, yuz ming voykim, sarvi ravonim bordilo...
by Husayn Boyqaro

Voy, yuz ming voykim, sarvi ravonim bordilo,
Sabru hushim mulkidin oromi jonim bordilo.

Rishtai jonim bila vasli aning payvand edi,
Jovidon furqat kelib payvandi jonim bordilo.

Kim bila angizi mehr etkaymen emdi, ey ko’ngul,
Chunki Mehrangiz otlig’ mehribonim bordilo.

So’rma jonim holidin, dog’i jahon iqbolidin,
Ey rafiqi mehribon, jonu jahonim bordilo.

Notavon bo’lsam g’arib ermas aning hijronidin,
Ne uchunkim ul g’aribi notavonim bordilo.

Garchi istab topmadim, lekin ko’zumdin borg’ali,
Oni istab yuz sori ashki ravonim bordilo.

Ey Husayniy, hajrida topsam haloki jovidon,
Qilmag’il hayrat, hayoti jovidonim bordilo.

This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.

Public domainPublic domainfalsefalse